Anor

0
158
marta koʻrilgan.

Uylar toʻla non, och-nahorim bolam,

Ariqlar toʻla suv, tashnai zorim bolam.

Oʻtmishdan

 

Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaktagining yengi zulfinga ilinib tirsakkacha yirtildi. Uning shashti qaytdi. Joʻxori tuyayotgan xotini uning qoʻlidagi tugunchani koʻrib, kelisopni kelining ustiga qoʻya chopdi. Keli lapanglab agʻanadi, chala tuyilgan joʻxori yerga toʻkildi.

Turobjon tugunchani orqasiga bekitib, tegishdi:

– Akajon, degin!

– Akajon! Jo-on aka!..

– Nima berasan?

– Umrimning yarmini beraman!..

Turobjon tugunchani berdi. Xotini shu yerning oʻzida, eshik oldida oʻtirib tugunchani ochdi-da, birdan boʻshashib ketdi va sekin boshini koʻtarib eriga qaradi. Oʻz qilmishiga gerdayib turgan Turobjon uning koʻzini jiqqa yosh koʻrib:

– Nima ekanini bildingmi? – dedi. – Asalarining uyasi! Turgan-bitgani asal! Mana, mana, siqsang asal oqadi. Bunisi oq mum, harom emas – shimsa ham boʻladi, chaynasa ham boʻladi.

Xotin yengini tishlab bir nuqtaga qaraganicha qoldi.

– Yo, qudratingdan, ishonmaydi-ya! – dedi Turobjon keltirgan matoini titkilab. – Mana, chaynab koʻr! Koʻrgin, boʻlmasa innaykeyin degin…

Turobjon qizardi. U bir zamon betob oʻrtogʻini yoʻqlab eltgan tarvuzini, bemaza chiqqan boʻlsa kerak, sigirning oxurida koʻrib shunday xijolat boʻlgan edi.

Hovli yuzida aylanib yurgan oqsoq mushuk toʻkilgan joʻxorini iskab koʻrdi, maʼqul boʻlmadi shekilli, Turobjonga qarab shikoyatomuz “myau” dedi.

– Tur, joʻxoringga qara! Uni koʻr, mushuk tegdi.

Xotin turayotib baralla yigʻlab yubordi.

– Bu yer yutkur qanday balo ekan!.. Odamlarday gulutaga, tuzga, kesakka boshqorongʻi boʻlsam-chi!

Turobjon doʻppisini boshidan oldi va qoqmoqchi boʻlganida koʻzi yirtiq yengiga tushdi, yuragi achidi: endi uch-toʻrt suv yuvilgan yangigina yaktak edi!

– Axir, boshqorongʻi boʻl, evida boʻl-da! – dedi doʻppisini qoqmasdan boshiga kiyib. – Anor, anor… Bir qadoq anor falon pul boʻlsa! Saharimardondan suv tashib, oʻtin yorib, oʻt yoqib bir oyda oladiganim oʻn sakkiz tanga pul. Akam boʻlmasa, ukam boʻlmasa…

Er-xotin tek qolishdi. Xotin joʻxorini tuyib boʻldi, uni kelidan togorachaga solayotib toʻngʻilladi:

– Havasga anor yeydi deysiz, shekilli…

– Bilaman… Axir, nima qilay? Xoʻjayinimni oʻldirib pulini olaymi, oʻzimni hindiga garov qoʻyaymi? Gʻalatimisan oʻzing?

Xotin ovqatga unnadi, erining “boshqorongʻi boʻl, evida boʻl-da”, degani unga juda alam qildi, xoʻrligi keldi, oʻpkasi toʻldi.

Ovqat pishdi. Qozonning zangi chiqib qoraygan goʻjaga qatiq ham rang kirgizolmadi. Turobjon ikki kosa ichdi, xotini esa hanuz bir kosani yarimlatolmas edi. Uning imillashini koʻrib Turobjonning koʻziga negadir oqsoq mushuk koʻrindi. Mushuk yirtilgan yengini esiga tushirdi, avzoyi buzildi. Uning avzoyidan “Esiz joʻxori, qatiq, oʻtin” degan maʼnoni anglab xotin, koʻngli tortmasligiga qaramasdan, kosani boʻshatdi, ammo darhol tom orqasiga oʻtib koʻzlari qizargan, chakka tomirlari chiqqan holda qaytdi.

– Hali tugʻilmagan bolani yer yutkur deding-a, – dedi Turobjon borgan sayin tutaqib.

Xotin indamay dasturxonni yigʻishtirib oldi, qozonga suv quyayotib, eshitilar-yeshitilmas dedi:

– Oʻsha asalning puliga anor ham berar edi.

– Berar edi! – dedi Turobjon zaharxanda qilib. – Anor olmay asal oldim!

– Albatta berar edi! Albatta anor olmay, asal olgansiz!

Mana shunday vaqtlarda til qotib ogʻizda aylanmay qoladi, mabodo aylansa, mushtning xizmatini qiladi.

– Ajab qildim, – dedi Turobjon titrab, – jigarlaring ezilib ketsin!

Bu soʻz unga qanday taʼsir qilganini faqat boshqorongʻi xotingina biladi. Turobjon bu gapni aytdi-yu, xotinining ahvolini koʻrib achchigʻidan tushdi, agar izzat-nafs qoʻysa hozir borib uning boshini silar va: “Qoʻy, xafa boʻlma, jahl ustida aytdim”, der edi.

– Kishining yuragini qon qilib yuborasan, – dedi anchadan keyin. – Nainki men asal olsam! Asal otliqqa yoʻq, hali biz piyoda-ku! Xoʻjayinga bir oshnasi sovgʻa qilib kelgan ekan, bildirmasdan… oʻzidan soʻrab ozrogʻini oldim… Oʻzi berdi. Tansiq narsa, xursand boʻlarmikansan debman. Yo tansiq emasmi? Umringda necha marta asal yegansan? Oʻzim umrimda bir marta yeganman: Shokirxoʻja qandolatchi asal qiyom qildirayotganda qozoniga ammamning joʻjasi tushib ketgandi, shu joʻjani yalaganman…

Turobjonning bu soʻzlari xotinining qulogʻiga notayin bir gʻuldirash boʻlib kirar edi. Uning Turobjon bilan uy qilganiga uch yil boʻlib kelayotir, nazarida, bu odam shu uch yildan beri gʻuldirab kelgan, hozirgisi shuning davomiday edi. Ittifoqo, bu kun, nima boʻldi-yu, uch soʻzni ravshanroq aytdi: “Jigarlaring ezilib ketsin”, dedi. Olamda uning suyangani eri, birdan bir orzusi – anor edi, birdaniga har ikkisi ham yoʻqqa chiqdi.

Xotin uyga kirib ketdi. Anchadan keyin darchadan xira shuʼla tushdi. Turobjon ham kirdi. Xotin darcha yonida, bir tizzasiga boshini qoʻygan, qoramtir – kul-rang osmonga qarab oʻtirar edi. Turobjon tikka turib qoldi. Tokchadagi beshinchi chiroq pixillab yonar, uning atrofida katta bir parvona aylanar edi. Turobjon ham darcha yoniga oʻtirdi. Shiftning qayeridir “qirs” etdi, qayerdadir kaltakesak chirqilladi, Turobjonning qulogʻi jingʻilladi. U ham osmonga – xira yulduzlarga qaradi. Masjiddagi keksa baqaterak orqasidan koʻtarilgan qizgʻish oʻt koʻkka olovli iz qoldirib juda yuqoriladi va goʻyo osmonga urilganday chilparchin boʻlib, “poʻp” etdi.

– Mushak, – dedi Turobjon, – Mullajon qozining bogʻida. Mullajon qozi beshik toʻyi qilgan.

Xotin indamadi.

– Shahardan toʻralar ham chiqqan, – dedi Turobjon yana.

Xotin yana indamadi. U Mullajon qozining bogʻini koʻrgan emas, ammo taʼrifini eshitgan. Bu bogʻni koʻz oldiga keltirib koʻrdi: bogʻ emas, anorzor… Anor daraxtlarida anor shigʻil, choynakday-choynakday boʻlib boʻlib osilib yotipti.

– Bitta mushak uch miri, – dedi Turobjon, – yuzta mushak otilsa… bittangadan yuz tanga. Bir miridan kam – yetmish besh tanga boʻladi.

Er-xotin uzoq jim qolishdi. Turobjon ogʻzini katta ochib ham esnadi, ham uf tortdi.

– Ma, buni tik, – dedi u yaktagini yechib, – ma!

Xotin yaktakni olib yoniga qoʻydi, aftidan, hozir tikmoqchi emas edi.

– Boʻl, – dedi Turobjon, birpasdan keyin, – ol… Senga aytyapman!..

– Ha, muncha!.. Turtmasdap gapira bering… Tikib qoʻyarman, muncha qistov…

Turobjonning tepa sochi tikka boʻldi.

– Hay, sening dimogʻ-firogʻing kimga! Xoʻsh, nima deysan?

– Men sizga bir narsa deyapmanmi? Tikib qoʻyarman.

– Har narsaga roʻzgʻor achchiq boʻla bersa… qiyinroq boʻlar, – dedi Turobjon yaktagini kiyayotib, – kambagʻalchilik…

– Kambagʻalchilik oʻlsin!

Xotin bu gapni shikoyat tarzida aytdi, ammo Turobjop buni taʼna deb tushundi.

– Nima, men seni olganimda kambagʻalligimni yashirganmidim? Erkaboyga oʻxshab chimildiqqa birovning toʻni, kavush-mahsisini kiyib kirganmidim? Bunday armoning boʻlsa hali ham serpulroq odamga teg.

– Ikkita anor uchun xotiniigizni serpul odamga oshirgani uyaling!

Bu gap Turobjonning hamiyatiga tegdi. “Jigarlaring ezilib ketsin” degani xotiniga qancha alam qilgan boʻlsa, bu gap Turobjonga shuncha alam qildi.

– E, hoy, anor olib bermadimmi? – dedi Turobjon mayin tovush bilan, ammo bu mayin tovushdan qoʻrqqulik edi, – sira anor olib kelmadimmi?

– Yoʻq! – dedi xotini birdan boshini burib.

Turobjonnipg boshi gʻovlab, koʻzi tindi.

– Oʻtgan bozor kuni yegan anoringni oʻynashing olib kelganmidi?!

– Oʻynashim olib kelgan edi!

Turobjon bilolmay qoldi: xotinining yelkasiga tepib, soʻngra oʻrnidan turdimi, yo turib keyin tepdimi; oʻzini obrezning oldida koʻrdi. Xotin, rangi oppoq, koʻzlarini katta-katta ochib unga vahimali nazar bilan qarar va boshini chayqab pichirlar edi:

– Qoʻying… Qoʻying…

Turobjon uydan chiqib ketdi. Birpasdan keyin koʻcha eshigi ochilib-yopildi.

Xotin uzoq yigʻladi, eriga qattiq gapirganiga pushaymon boʻldi, oʻzini qargʻadi, oʻlim tiladi; yigʻidan tolib tashqariga chiqdi. Qorongʻi, uzoq-yaqinda itlar hurar edi.

Koʻcha eshigini ochib u yoq-bu yoqqa qaradi – jimjit. Guzar tomonda faqat bitta chiroq miltillar edi. Samovarlar yotgan. Qaytib uyga kirdi.

Tom orqasida xoʻroz qanot qoqib qichqirdi. Koʻcha eshigi ochildi. Xotin to burilib qaraguncha Turobjon katta bir tugunni orqalab kirib keldi. U tugunni uyning oʻrtasiga tashladi. Bir choyshab anor har tomonga yumalab ketdi, bir nechasi obrezga tushdi. Turobjon xotiniga qaradi. Uning rangini koʻrib xotin qoʻrqib ketdi – bu qadar oqargan! Turobjon oʻtirib peshonasini ushladi. Xotini yugurib oldiga keldi va yelkasiga qoʻlini qoʻydi.

– Qayoqqa bordingiz? – dedi entikib. – Nima qildingiz?

Turobjon javob bermadi. Uning vujudi titrar edi.

 

1936

 

Abdulla Qahhor

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.