Amriqolik qoʻshnilarim

0
203
marta koʻrilgan.

Ishdan qaytsam xotinim gap topib qoʻyibdi: yonimizdagi hovliga yangi qoʻshnilar koʻchib kelayotgan emish. Yana qayerdan, deng. Naq Amriqodan.

– Qoʻysang-chi, qayerdagi gaplarni topasan-a?

– Ishonavering, allaqanday uyushmami, jamiyatning yoʻllanmasi bilan urf-odatlarimizni oʻrgangani kelayotgan emishlar.

– Ana, endi qoʻshnilar bilan ham tarjimon orqali gaplashamizni? Yo imo-ishora bilan tillasharmikinmiz?

– Kim biladi, deysiz, dadasi. Uncha-muncha inglizchaniyam oʻrganib yurardingiz, shekilli-ya?

– E-e, harbiydan qaytgach, bir qiziquvdim. Kommersiyaga ilashgandan keyin hammasi qop ketdi.

– Dom kulturadayam chet tilini oʻrgatadigan kurs ochilgan, deb eshitgandim. Men ham qatnab turganimda boʻlarkan-a?

– Ke, koʻp boshimni qotirma. Bir gap boʻlar. Amriqodan kelgan odamlarni sen bilan valaqlashib oʻtirgani vaqtiyam boʻlmaydi.

– Har qalay, amriqolik qoʻshnilarimiz savdo ishlari bilan Dubayga qatnaydigan tijoratchining xotini ingliz tiliniyam bilmas ekan, deb kulishmasin, deyman-da. Boʻlmasa, sizga tekkanimdan beri televizorning programmasidan boshqa narsa oʻqiganim yoʻgʻ-a.

– Boʻladiganidan gaplashaylik. Uy-puy, hovli-povli, koʻcha-koʻyni supurib-sidirib uborka qip qoʻyinglar.

– Boʻpti, boʻpti. Baribir koʻnglim gʻash-da. Ular-ku, xoʻpu-xoʻp, biz bilan darrov gaplashgani vaqtlari boʻlmas. Lekin ularni koʻchirib kelayotgan oʻzimiznikilar qoʻshnilariniyam bir proverka qip qoʻyaylik, deb qolishsa-chi? “Katta machitning hovuzi”ni inglizchasiga nima deydi, deb qolishsa, qanday javob beraman? Boʻtaqorada sholi koʻp ekiladi, “guruch”ni inglizchasiga nima deyiladi desa-chi? Oʻlay agar, hech narsa bilmayman. Oʻziyam sizga tekkanimdan keyin juda otstaliy boʻp ketdim-da.

– Boʻldi endi. Oʻzi ilgari ham ogʻzing qani, desa qulogʻingni koʻrsatarding.

Xotinlarning mish-mishidir-da, bizning qishloqda amriqolikka nima bor, deb oʻylagandim. Yoʻq, xotinimning gapi chippa-chin boʻlib chiqdi.

Ertasiga tushlikni uyda qilaqolay deb kelsam, darvozamiz oldida yuzlari ham, sochlari ham sap-sariq, boshiga doʻppi qoʻndirgan bolakay oʻgʻlim bilan koptok oʻynayapti. Uzun lozim, atlas koʻylak kiygan, malla sochlari roʻmoli chetidan koʻrinib turgan ayol qoʻshni darvoza oldini supurar, oʻziga quyib qoʻyganday oʻxshash oʻzbekona kiyingan qizchasi yelim chelakda vodoprovoddan suv olib sepayotgan ekan.

Mashinadan tushib ikki qadam yurishim bilan kutilmagan hol yuz berdi. Dunyoning narigi burchagidan kelgan ayolning ona tilimizda nazokat ila salomlashuvidan sezilar-sezilmas entikib ketdim. Uyga kirib suyunchili xabarni aytay desam, xotinim allaqachon yangi qoʻshni bilan tanishib olib, xursand boʻlib oʻtirgan ekan.

Ikki kun oʻtgach, ishxonada telefonga chaqirishdi. Tumanga bogʻlanadigan telefon boshqa xonada boʻlganligi uchun “Tinchlikmikin?” deb oʻylab halloslab chiqsam, goʻshakdan xotinimning ovozi eshitildi:

– Allo, dadasi… Anu yangi qoʻshnilarimiz sizni qayerda, deb soʻrashayapti. Hech tushuntira olmayapman… “Dejurstvo”ni oʻzbekchasiga nima deydi?.. “Navbatchilik” Ha, boʻldi. Xayr.

Oradan hech qancha oʻtmay talaffuzidagi jinday sezilar-sezilmas gʻalizlikni demasa, sof oʻzbek tilida gapiradigan nazokatli, xushsuxan amriqolik ayolni qishlogʻimizda deyarli hamma taniydigan boʻp ketdi. Eri boʻlsa mahallaning toʻyidan ham, maʼrakasidan ham qolmaydi. Bir marosimda oftoba bilan chilopchinni olib, oqsoqollarning qoʻliga suv quyib qolsa boʻladimi…

– Barakalla, oʻgʻlim, – dedi oqsoqollardan biri hayron boʻlibroq qarab. – Tanimayroq turibman, sen qaysi mahalladansan, bolam?

– Chikagodan.

– A-a?.. Bizda unaqa mahalla yoʻq edi-yu?

Ana shunda yangi qoʻshnim kelishining sababi-yu, dastlabki taassurotlarini oʻzbekona lutf bilan bayon qilib oqsoqollarning ham duosini oldi.

Uch-toʻrt kundan keyin xotinim yana bir gap topdi:

– Toʻtixonlar mahallaga osh bermoqchi emish.

– Toʻtixoning kim?

– Anavi yangi qoʻshnilarimiz-da. Oʻzlarigayam, bolalarigayam allaqachon oʻzbekcha ism qoʻyib olishgan. Eri siz bilan maslahatlashmoqchi. Detsaddan kelayotsam, povorotta turgan ekan.

– Kimlarni taklif qilganimiz maʼqul? – dedi qoʻshni kechki payt biznikiga kirib. – Har qalay, siz bu yerning past-balandini bilasiz…

– Biz odatda huv anavi perekrestkadan banyaning oldigacha aytamiz.

Qoʻshnim hech narsa tushunmadi.

– Hammomning deng, – eslatdi xotinim. Darrov gapimni oʻngladim.

– Chorrahadan hammomgacha.

Shundagina gapimni anglagan Mallavoyning yuz-koʻzida tabassum zohir boʻldi.

– Uchastkavoyniyam aytib qoʻying, – dedim.

– Kimvoy, – hayron boʻlib soʻradi u. Yana tilimni tishladim.

– Ha, anovi nozirimizni aytaman-da.

Bunaqa hollar tez-tez takrorlanadigan boʻp qoldi. Oʻz yurtida sof oʻzbek tilini ixlos bilan oʻrgangan qoʻshnilarimiz uchun chetdan kirib qolgan soʻzlar guruchdan chiqqan toshdek gʻashga tegarli taʼsir qilardi. Sal oʻylabroq gaplashmasak, boʻlmaydigan oʻxshaydi. Har gal gapimni anglatishga qiynalganimda hijolatdan ter bosadi. Biz oʻzimiz sezmagan holda bunday qorishiq soʻzlar bilan gaplashishga koʻnikib ketganimizni vaqt oʻtishi bilan tushunib ham qolishdi. Lekin jilmayib turib beozorgina tanbeh berib gapimni tuzatib qoʻyganlarida ichdan zil ketaman. Rus maktabida oʻqigan, koʻp qavatli uyda oʻsgan xotinimni-ku, asti qoʻyaverasiz.

– Qanaqa odamlar oʻzi, a? “Obed” desang tushunmasa. “Domkultura”ni bilmasa. “Optom”i nimasi, deganiga oʻlaymi?.. Naq davleniyam koʻtarilib ketadi-da!

– Qoʻy, qizishma, ayasi. Axir, ayb oʻzimizda-ku. Men ham avvaliga shu kelgindilardan tanbeh eshitamanmi, deb gʻashim keldi. Ammo sal oʻzimni bosib oʻylab koʻrsam, ular ikki yuz protsent… e, yoʻgʻ-e, foiz haq ekan. Tilimizga boʻlgan hurmati bois ularga ixlosim benihoya ortib ketdi.

– Toʻgʻri aytasiz, – deydi xotinim sal hovuridan tushib. – Bahonada uncha-muncha narsani oʻrganib ham olayapman. “Skovorodka”ning oʻzbekchasi “tova” ekanligi tushumga ham kirmagan edi. “Soska”ning soʻrgʻich, “bilet”ning chipta ekanliginiyam endi bildim. Bir jihatdan shu qoʻshnilarimizni kelganiyam yaxshi boʻldimi, deb oʻylab qolyapman, dadasi.

– Nimasini aytasan, ayasi, – deyman men ham kulib. – Amriqolik qoʻshnilarimiz bizdan urf-odatlarimizni, biz ikkalamiz esa, ulardan tilimizni oʻrganyapmiz…

 

Habib SIDDIQ

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.