Amir Temur

0
1071
marta koʻrilgan.

Marsel BRION

 

[1]Kirish: Asr taqdirini hal qilgan inson[2]

 

XIV asr taqdiri Sharqda hal boʻlardi. Gʻarbda insonlar oxiri koʻrinmas sulolaviy janglarning qonli botqogʻiga botib yurgan bir paytda, sharqliklar eski saltanatlarni qilich va olov bilan buzib, yangilarini tiklamoqda edilar. Ana shu paytda Osiyoning markazidan otilib chiqqan Amir Temur oʻzining tarixiy vazifasini muvafaqqiyatli oʻtadi.

Amir Temur bilan Boyazid oʻrtasidagi kelishmovchiliklar tarixi uzoqdan boshlanadi. Tarixdan yaxshi maʼlumki, XIV asr oxirida Usmonli turk sultonlari Yevropaga koʻz tikdi. 1396 yili hozirgi Bolgariya hududida joylashgan Nikopol shahri yaqinida Yevropa qirollarining birlashgan qoʻshinlari bilan turk lashkarlari oʻrtasida shafqatsiz jang boʻlib oʻtdi. Bu muhorabada turk qoʻshinlari zafar quchdi. Shundan soʻng ular Sharqiy Rim imperiyasining poytaxti Konstantinopol (hozirgi Istambul) shahrini qoʻlga kiritish uchun yurish boshladi. Shahar qamal qilindi.

Konstantinopol qamal qilingach, vizantiya imperatori Manuel Paleolog yordam soʻrab, Yevropa poytaxtlari tomon yoʻl oldi. U dastlab Venetsiyaga, soʻng Parijga keladi. Bu paytda Fransiya qiroli Karl VI uzoq muddat betob boʻlib qoladi. Manuel qirol bilan uchrasha olmaydi. Uzoq kutish naf bermaydi.

Parijda vaqtini bekorga oʻtkazayotganini anglagan Manuel Angliya qiroliga murojaat etishga qaror qiladi. Genri IV uni qabul qilishga rozilik beradi.

Ingliz qiroli vaʼdalarni katta qildi. Askarlar, kemalar va mablagʻ berajagini bildirdi. Biroq, Genri IV oʻz vaʼdalarini bajarishga shoshilmadi. Toʻgʻri, qirollik xazinasidan Manuelga katta miqdorda pul ajratildi. Askarlarga kelganda, Manuelga qirol vaʼda qilgan harbiy yordam qachon yuborilishi hozircha nomaʼlum ekanligini, bu haqida unga kerakli vaqtda xabar berilajagini maʼlum qilishdi.

Manuel tushkunlikka tushgani yoʻq. U qirolning vaʼdasiga ishonar va buning uchun faqat kutish kerak, deb bilardi. Kutish uchun esa Parijdan yaxshi joy yoʻq edi.

Uzoq davom etgan xastalikdan qutulgan Karl VI bu xabarni eshitib xursand boʻldi va Konstantinopolga joʻnatilajak ingliz qoʻshiniga rahbarlik qilishni Marshal Busikoga topshirishga qaror qildi. Shu munosabat bilan Manuel Vizantiyada qolgan doʻsti va sirdoshi Krisolorasga Parijdan quyidagi mazmunda maktub yoʻlladi: “Hamma ishlar joyida. Ushbu noma qoʻlingga tekkach, koʻp oʻtmay biz ham yetib boramiz”.

Biroq vaqt oʻtar, vaʼda qilingan ingliz yordamidan esa darak yoʻq edi. Shu orada Manuel Londondan xat oldi: “Qirol hazrati oliylarining oʻzlari ham koʻp sonli raqiblarga qarshi kurashishga majbur boʻlganliklari sababli sizga vaʼda qilingan harbiy yordamni bera olmasliklari uchun uzr soʻraydilar”.

Umidlar puchga chiqqan edi.

Manuel yana Venetsiyaga murojaat qildi. Uning qaygʻusiga hamdard boʻlsalar ajab emas! Respublika Senati unga chuqur hamdardlik bildirib, Venetsiya harbiy kemalari (atigi ikki dona…) Konstantinopol himoyasida ishtirok etayotganini eslatdi, xolos. Manuel murojaat etgan Florensiya kommunasi ham taʼsirli hamdardlik bildirdi: “Uyat! Qanday zamonlarga qoldik! Iso Masihning nomi bulgʻanmoqda, forslar va troyaliklarni yenggan qudratli va shavkatli Ellada jon berish arafasida turibdi! Florensiya xalqi butun vujudi ila siz bilan birga. Iloji boʻlganda edi u sizga bor imkoniyati doirasida yordam berardi. Biroq uning oʻziga ham butun Italiyani oʻz zulmi ostiga birlashtirmoqchi boʻlgan boshqa bir “Boyazid” tahdid solmoqda”.[3]

Manuelning yagona umidi esa Fransiyadan edi. Biroq kuzning boshida Karl VIning yana telbalik kasali qoʻzgʻab qoldi, Konstantinopolni xalos etish haqida endi gap ham boʻlishi mumkin emasdi.

Qish ham kirdi. Barcha urinishlari besamar ketgan Manuel Parijda qolib ketdi.

Bu orada Konstantinopol qamali davom etar, Boyazid shaharni ocharchilikka mahkum etgan edi. Marshal Busiko qoldirgan “lashkarlari” atigi ikki yuz kishidan iborat boʻlib, haqiqiy askarlarning soni yuztadan ortmasdi. “Bu lashkarning boshligʻi Shatomoran ismli shaxs katta imkoniyatlarga ega boʻlib, (yordam qidirib ketayotgan Manuel Paleolog marshal Busikoning tavsiyasiga binoan unga genuyaliklarning Peradagi banklaridan katta miqdorda kredit olish huquqini bergan edi), undan faqat oʻz shaxsiy boyligini orttirish yoʻlida foydalandi hamda amakisining oʻrniga vaqtinchalik imperator boʻlib qolgan Jan (Ioan) Paleologni oʻz holiga tashlab, juftakni rostlab qoldi. Ilojsiz qolgan Jan shahar darvozalarini turklarga ochib berish arafasida edi. Soʻnggi daqiqalarda u oʻz fikridan qaytdi.

Dunyo buyuk ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy voqea, ikki gigant – Amir Temur va Boyazid toʻqnashuvi arafasida turardi.

Marsel Brionning qoʻlingizdagi asarida bu haqida hikoya qilinadi.

Quyida biz shu voqea tahliliga oid ayrim mulohazalarimizni bayon qilamiz.

Qudratli fotih (Amir Temur – B. E. izohi) hal qiluvchi jangga har taraflama va ehtiyotkorlik bilan tayyorgarlik koʻrish lozimligini juda yaxshi bilardi. Qanchadan-qancha zafarlarni qoʻlga kiritib, qator xalqlar va davlatlarni zabt etgan jahongir bu jangga yengil-yelpi kira olmasdi. U usmonli turklar davlatining har bir qadamini diqqat bilan kuzatib borardi. Boyazidning muvaffaqiyatlaridan, ayniqsa uning Nikopolda quchgan zafaridan u “Murodning oʻgʻli” (Temur raqibini shunday atashni odat qilgan edi) oʻzi shu paytgacha zabt etgan Osiyo davlatlariga qaraganda jangovar, jasur, yaxshi qurollangan va tajribali qoʻshinga ega ekanligini bilardi.

“Anqara inqirozi”ning boshida Amir Temur Boyazidga qarshi kurashishni shaxsan xohlamagan koʻrinadi, zero uning fikri-yodini koʻpdan beri Xitoyga yurish band etgan edi.

Sharafiddin Ali Yazdiy tufayli Amir Temurning zamonaviy mashhur solnomachilari u bilan Boyazid oʻrtasidagi toʻqnashuvning asosiy sababi sultonning Sohibqiron himoyasida boʻlgan saljuqiy xonlarga nisbatan yomon munosabatida, deb koʻrsatishadi.

Amir Temurning Jan (Ioan) Paleologga yoʻllagan va zamonaviy muarrixlar eʼtiboridan chetda qolgan maktubi bu toʻqnashuvga oʻzgacha nigoh tashlashga imkon yaratadi.[4] Avvalo inqirozning yuzaga kelishida Vizantiyada joylashgan genuyaliklar koloniyalari rahbarlari oʻynagan rolga eʼtibor bermoq kerak. Mixail Paleolog Konstantinopolni qoʻlga kiritgach, Rim imperiyasi parchalanib ketdi, venetsiyaliklarning Vizantiya bozorlaridagi yakka hokimligiga barham berilib, genuyaliklar oʻzlarining eski raqiblariga nisbatan katta qulaylik va yengilliklardan foydalana boshladilar. Konstantinopolning turklar qoʻliga oʻtishi esa genuyaliklarning tijoraviy faoliyatiga butunlay chek qoʻyar va venetsiyaliklarning bu yerlarga qaytishiga qulay imkoniyat yaratardi.

Shuning uchun ham Jan (Ioan) Paleolog Konstantinopolni usmonli turklar qoʻliga topshirishga ahd qilganidan xabar topgan genuyaliklar uni bu yoʻldan qaytardilar va Amir Temur bilan aloqa oʻrnatishga undadilar. Vizantiya shu paytgacha Boyazidga toʻlab kelayotgan xirojni Amir Temurga toʻlab, uning himoyasiga oʻtsa nima qilibdi? Vizantiyaga hech qachon koʻz olaytirmagan Amir Temur uni oʻz holiga qoʻyar, Boyazid esa, aksincha, shaharga kirar-kirmas Ioandan uni tark etishni talab qilgan boʻlardi. Ioan Paleologga bu taklif maʼqul tushdi va u saroyda egallagan mavqei bizga nomaʼlum Franchesko ismli ruhoniyni Amir Temur huzuriga yoʻlladi. Birodar Francheskoga Sohibqiron bilan shartnoma tuzish uchun “sharoitni oʻrganib chiqish” topshirildi.

Dengiz orqali Trabzonga yetib kelgan ruhoniy safarini davom ettirishda qator qiyinchiliklarga uchragan. U bu haqida Amir Temurga soʻzlab bergan. Sohibqiron Francheskoni iliq kutib olgan. Ruhoniy Konstantinopolga qaytib kelgan va oradan koʻp oʻtmay Jan (Ioan) Paleologning rasmiy maktubi bilan Amir Temur huzuriga qaytib borgan. Maktubda imperator Vizantiya va Peradagi genuyaliklar shu paytgacha Boyazidga toʻlab kelgan xirojni bundan buyon Amir Temurga toʻlashga soʻz bergan edi.

Amir Temur “imperator Manuelning leytenanti”ga uning taklifiga umuman rozi ekanligini, biroq hali ham Boyazid bilan til topishishga urinib koʻrish lozimligini bildiradi. “Agar, – deb yozgan edi Sohibqiron oʻz maktubida, – sulton Konstantinopol qamalini koʻtarib, lashkarlari egallagan shahar va qalʼalarni qaytarib, Vizantiyaga yetkazilgan zararlarni qoplasa, gap tamom, mening u bilan ishim boʻlmaydi”.

Shu maʼnoda Boyazidga elchilar ham yoʻllandi. Biroq sulton bu taklifga qatʼiy rad javob qildi. Endi urush ochishdan boshqa chora qolmagandi.

Boyazidga qarshi urush ochishga tayyorgarlik koʻrayotgan Amir Temur dengizda ham kurash olib borishga toʻgʻri kelishini yaxshi bilardi. Buning uchun kuchli harbiy kemalarga muhtoj edi.

Shu maʼnoda u Peradagi genuyaliklarga chopar yoʻllab, ulardan toʻliq qurollangan yigirmata kema berishni talab qilgan. Shunday talabnoma Trabzon imperatoriga ham joʻnatilgan.

Amir Temur oʻziga shu paytgacha mutlaqo yetishmay turgan bu harbiy dengiz kemalarini turk qoʻshinlariga qarshi Ovrupadan Osiyoga oʻtish yoʻlini toʻsish uchun qoʻllamoqchi boʻlgan, u aynan shu yerdan zarba berishni moʻljallagan edi.

Koʻrinib turibdiki, Amir Temur Boyazid qoʻshinlariga Bosfor boʻgʻozida  – Yevropadan Osiyoga oʻtish yoʻlida hujum qilmoqchi boʻlgan. Shu sababli Amir Temur Vizantiyaning muvaqqat imperatori Jan (Ioan) Paleologga maktub yoʻllagan. Maktubda shunday deyilgan:

“Imperator Manuelning leytenantiga.

Sen yoʻllagan ruhoniy Franchesko huzurimizga keldi va sening maktublaringni bizga yetkazdi. Biz alarni oʻqib chiqdik va haqiqiyligiga ishonch hosil qildik. Ushbu orqali senga shuni maʼlum qilurmizki, maktubingni oʻqib chiqqach, bizning umuminsoniy manfaatlar xususidagi qiziqishimiz bisyor ortdi. Bizdagi bu qiziqish ruhoniy Francheskoning ilk tashrifidan soʻng ancha kuchaygan edi. Trabzon imperatori unga koʻp toʻsiqlar qoʻyibdi, biz bundan qattiq ranjidik. Biz unga chopar yoʻllab, yaxshi qurollangan yigirmata kema berishni amr qildik. Amrimiz ijobat etilib, elchilarimiz Trabzondan qaytib keldilar va endi Yildirim ustiga yurish qilishga tayyormiz. Vakillaring huzurimizga tashrif buyurgach, kelgusi amallarni alar bilan kelishib olurmiz. Ushbu maktubni senga ruhoniy Franchesko emas, oʻzga bir kishi yetkazishidan ajablanma. Men uni (Francheskoni – B. E.) elchilarim bilan birga Yildirim Boyazidning huzuriga joʻnatdim. U tez orada elchilar bilan qaytadi, aniq maʼlumotlar olib keladi. Ruhoniy ul elchilarga sening nomingdan shunday debdi: “Konstantinopol va Pera tomonidan Boyazidga toʻlab kelingan xiroj bundan buyon buyuk hukmdor Temurga toʻlanadi”.

Biz bunga oʻz roziligimizni bildirdik, zero Boyazidning mushkuli oson boʻlgʻay. Boyazid senga kun bermayotgan ekan, men unga qarshi urush ochmoqchiman. Biroq u senga barcha shaharlar va istehkomlarni qaytarib bersa, senga yetkazgan barcha talofatlarini qoplasa, mening u bilan ishim boʻlmaydi. U sening mol-mulkingni qaytargani haqida menga xabar ber. Ochigʻini yoz. Zero mening odamlarimga Trabzonda koʻrsatilgan qarshilikdan soʻng, bu shahar boshligʻini oʻzimga itoat qildirdim, toki sen kemalarni bizga joʻnatishda zarracha ham aziyat chekmagin. Menga yozadigan maktubing aniq-ravshan boʻlsin, zero Trabzon imperatori ham oʻz lashkarlari bilan biz tarafga oʻtadi. Shunday ekan, oʻzaro kelishuvimiz kuchga kirishi mumkin. Ushbu maktubni yetkazuvchi Isoq (Isaak) senga aytur va maktubda bitilganidek, sen ham bizga yigirmata kema berishing va ul kemalar bilan Trabzonga kelishing lozim. Biz esa toʻla ishonch va qatʼiyat ila oydin yoʻlga qadam qoʻyamiz. Muhrimiz bosildi va joʻnatildi (1401 yil 15 may)”.[5]

Bu maktub ilk bora Marino Sanudoning Vite dei dogi (Rerum italicarum scriptores, t. XXII)da keltirilgan.

Pera shahridagi genuyaliklar bu taklifga rozi boʻlganlar va shaharcha devorlari uzra Amir Temurning tugʻini koʻtarganlar. Trabzonliklar ham rozi boʻldilar, zero oʻzini mustaqil deb hisoblagan Trabzon imperatori yuzaga kelayotgan qarama-qarshilikda betaraf qolishni istar, Vizantiya bilan Amir Temur oʻrtasidagi muzokaralarga vositachilik qilib, Boyazidning qahriga uchrashdan choʻchirdi.[6]

Ali Yazdiy bergan maʼlumotlarga koʻra Amir Temur lashkarining umumiy soni 800.000 kishiga teng boʻlgan. “Sohaning ajoyib bilimdoni” fransuz turkshunosi Lyusyen Buva bu raqamni toʻgʻri deb koʻrsatadi. Olmon muarrixi Roloff, aksincha, bu raqamni “haqiqatdan mutlaqo yiroq va telbalarcha mubolagʻalashtirilgan”, deb hisoblaydi. Roloffning taxminiga koʻra Amir Temurning lashkari atigi 15.000-20.000 askardan iborat boʻlgan.[7] Zotan, uning fikricha, moddiy jihatdan 800.000 kishilik qoʻshinni Dajla daryosi yoqalaridan Anqaragacha boʻlgan ming kilometrlik masofaga ikki oy ichida olib oʻtishning aslo iloji yoʻq. Olmon olimiga quyidagicha javob berish mumkin:

“ – Sezar, Aleksandr va Amir Temur kabi shaxslar haqida gap ketganda “iloji yoʻq” degan tushuncha oʻta nisbiy maʼno kasb etadi”.

Osiyolik buyuk fotihlar harakatga keltirgan koʻplab odamlar oqimi butunlay jangchilardan iborat boʻlgan emas: askarlar ularning bir qismini tashkil etgan. Amir Temurning zamondoshlari uning lashkari bir necha yuz ming askardan tashkil topgan, degan xulosaga kelgan boʻlishsa ajabmas. Armanistonlik ruhoniy Tomas de Mezdopning fikricha, Amir Temur Damashqni ishgʻol qilgan paytda uning qoʻshini 750.000 askardan iborat boʻlgan.

Bizningcha, Boyazid lashkarlarining soni 110.000 kishidan iborat boʻlgan, zero u Nikopol jangida ham shu miqdordagi qoʻshin bilan qatnashgan edi. Biroq shuni nazarda tutish kerakki, Bosfor va Profontid boʻgʻozida turgan Vizantiya va Trabzon harbiy kemalari sabab turklar Ovrupa qitʼasidagi lashkarlarini tutib turishga majbur edi. Shu sababli ham Boyazid qoʻshini oʻz raqibiga nisbatan kam sonli boʻlib qolgan.

Yunon muarrixi Kalkondilosning guvohlik berishicha, hal qiluvchi jang arafasida Boyazid askarlari orasida sultonga nisbatan norozilik hukm surgan, buning asosiy sababi qoʻshinda oʻrnatilgan qattiq tartib va askarlarning maoshlarini oʻz vaqtida toʻlanmasligi boʻlgan. Yunon muarrixining fikricha, Boyazidning vazirlaridan biri Ali Poshsho agar sulton Amir Temurga qarshi jangda gʻolib chiqishni istasa, askarlaridan oʻz qarzini uzishi kerakligini maslahat bergan, biroq buning foydasi boʻlmagan, yaʼni Boyazid qarzini uzmagan.

Shu muarrixning guvohlik berishicha, Boyazid sarkardalaridan biri, sultonning tangalari Amir Temur qoʻl ostidagi oʻlkalarda zarb etilmoqda, shuning uchun ham sulton ularni oʻz askarlariga koʻrsatishga jurʼat eta olmayapti, deb hazil ham qilgan.

Boyazidning bandi etilishi xususida esa turli rivoyatlar mavjud. Bu rivoyatlarga qoʻshimcha qilib vizantiyalik Dukasning koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan hikoyasini keltirish mumkin:

“Movarounnahrlik jangchilar qichqirisha boshlashdi: “Sulton Boyazid, otingdan tush-da, seni kutayotgan Amir Temur huzuriga bor”. Shunda sulton oʻzining qimmatbaho arabi otidan tushib, movarounnahrliklar uni oʻz hukmdorlari huzuriga olib borish uchun tayyorlab qoʻygan past boʻyli otga oʻtirdi.

Boyazid qoʻlga olinganidan xabar topgan Amir Temur sarpardasini tikishni buyurdi va oʻgʻli bilan forsiylar shatranj, rimliklar shaxmat deb atovchi oʻyinga kirishdi. Bu bilan u Boyazidni bandi qilish uni qiziqtirmasligini va oʻzining koʻp sonli lashkarlari sultonni xuddi qafasga solingan qushdek qoʻlga tushirishlarini namoyish etmoqchi edi…

Ulugʻ amirning odamlari Boyazidni Sohibqiron chodiri oldiga olib keldilar va uni olqishlab murojaat qildilar:

“Taslim boʻlgan va qoʻl-oyogʻiga kishan urilgan turk Sultoni amringga muntazir!”. Amir Temur oʻzini oʻyinga qattiq berilgan qilib koʻrsatar, askarlar esa Boyazidni olib kelganliklari haqida qattiqroq qichqirar edilar. Shunda Amir Temur oʻrnidan turdi va oʻgʻliga qarab dedi: “Shoh va mot!”

 

Amir Temur portreti (ruhiyati)8[8]

 

Buyuk fotih ruhiyati hanuz bahstalab muammolardan biri boʻlib, bu borada aniq bir gap aytish qiyin.

Yevropalik yoxud osiyolik muarrixlarning solnomalarini oʻrganar ekanmiz, koʻz oʻngimizda Temurning boshqa fotihlar va saltanat asoschilaridan ancha murakkab, ziddiyatlarga toʻla qiyofasi namoyon boʻladi. U oʻz yurishlarining ayrim lahzalarida kuch ham ishlatadi, rahm-shafqat ham koʻrsatadi. U Aleksandr Makedonskiy kabi oʻzi zabt etgan oʻlkalar fani, madaniyati va sanʼati shaydosi edi.

Uning janggohlarda koʻrsatgan sarkardalik mahorati bor butunicha va turfaligicha oʻrganilsa katta kitob boʻladi.

Amir Temur oʻta mohirona yuritgan tashqi siyosat qatʼiy talablar va makr-hiylalarga shunchalar boyki, bu siyosatning bosh yoʻnalishi va asosiy omillarini ajratib olish juda mushkul. Yashindek zarba berishga qodir bu qiziqqon inson sabr-bardoshli ham boʻlib, biror nodon raqibni chalgʻitish uchun, kezi kelganda, oʻzini koʻr va kar ham qilib koʻrsata olardi.

Amir Temur eng ogʻir holatlardan chiqishning oqilona yoʻllarini topa bilgan. U oʻz faoliyatining boshida Osiyoni zabt etishga shaylanganida  – Yevropa keyingi yurishlar uchun moʻljallangan edi – uning yonida atigi bir siqim, tom maʼnoda bir hovuch, uning uchun jonini ham berishga tayyor hamrohlari bor edi, xolos. Keyinchalik Osiyoning barcha xalqlari vakillaridan tashkil topgan behisob lashkarlari ham uni sevib-ardoqlab, ortidan ergashib yurishdi. Bu lashkarlarni yagona vatanparvarlik ruhi birlashtira olmas, Amir Temur ularni oʻz shaxsiy avtoriteti bilan birlashtirib va ushlab turardi. Harbiy tartibning metindek mustahkamligi, Markaziy Osiyo choʻllarida, Kavkazning muz qoplagan togʻlarida, Himolay choʻqqilarida Sohibqiron oʻz askarlari bilan barcha qiyinchiliklarni birga baham koʻrishi butun qoʻshinni bir jonu bir tan qilib jipslashtirgan edi. Bu omillarga Amir Temur taxtga oʻtirgan birinchi kunidan to umrining oxirigacha, yaʼni Xitoyga yurish chogʻida olamdan oʻtgunicha Sohibqiron va askarlar oʻrtasida hukm surgan yakdillikni qoʻshish lozim.

Amir Temurning lashkarlari oʻta harakatchan edilar, suvoriylar juda qisqa muddatgagina – u ham boʻlsa dam olish paytlarida – tulporlarining egarlarini yechishar, yil boʻyi – yozni yoz, qishni qish demay, jazirama issigʻu qahraton sovuqda, kechasiyu kunduz, har on, har soniyada jangovar doʻmbiralarning birinchi zarbidanoq jangga kirishga shay turardilar. Zero Amir Temurning dushmanlari koʻp edi va baxtga qarshi ular Fors koʻrfazidan Sibir dashtlarigacha, Qora dengizdan Tinch okeanigacha yoyilib ketgandi.

Amir Temur qurgan saltanatning huquqiy asoslari samaradorligini Napoleon joriy qilgan Kodeks tamoyillari keltirgan nafga taqqoslash mumkin.

Amir Temur omadli askar, tom maʼnodagi tavakkalchi edi.

“Temur” – “temir odam” degani.

Oʻrni kelganda shuni ham taʼkidlash kerakki, Atilladan (xunlar tilida Etzel – Etzel – temir degani) Stalingacha buyuk fotihlar va xalqlar dohiylarining ismlari va taxalluslarida metallar muhim ahamiyat kasb etgan.

Amir Temur 1388 yilda, ellik uch yoshga kirib ulkan saltanatning hukmdori boʻlganida, xuddi Lorenso de Medichini “Muzaffar” deb ataganlaridek, “Koʻragon”, yaʼni “Munavvar” degan oddiygina unvonga ega edi.

Saltanatda diniy huquq hukmron edi. Amir Temur shu qadar dono ish yuritar ediki, oʻzini islomga sodiqligini koʻrsatar va shu bilan birga gʻayridinlarga yaxshi munosabatda boʻlardi. Davlat dini, tabiiyki, Muhammad alayhissalom dini, uni tarbiyalagan, faol qoʻllab-quvvatlab turgan ulamolar dini edi. Chingizxon atrofidagi shamanlar qanday obroʻ-eʼtiborga ega boʻlsa, uning saroyida musulmon shayxlar ham xuddi shunday katta taʼsirga ega edi. Garchi baʼzi mualliflar barcha yirik muhorabalarda Amir Temurning musulmoncha rahm-shafqatni unutib qoʻyishini taʼkidlasalar-da, uning diniy eʼtiqodini shubha ostiga olishga hech qanday asos yoʻq. U shunday zukko inson ediki, din bilan davlatning yelkama-yelka hamkorlik qilishi zarurligini juda yaxshi anglardi hamda oʻziga nisbatan qattiqqoʻl, boshqalarga bagʻrikeng boʻlib, el-yurt orasidagi hurmatini dadil mustahkamlab borardi.

Aynan ulamolar Amir Temur bilan islom dini oʻrtasidagi munosabatlarni belgilab turishdi, u esa oʻzining Forsga yurishi uchun sunniylar va shialari oʻrtasidagi nifoqni bahona qildi – barcha fotihlar oʻz xatti-harakatlarini oqlash uchun bahonalarga muhtoj boʻlishgan… Movarounnahr hukmdorini Isfaxon, Bagʻdod va Dehli oʻziga maftun etar, Pekin va Konstantinopol diqqatini tortardi, va, agar Olloh uning umrini uzoq qilganida, ehtimol, Rimga ham yetib kelardi.

Amir Temur zabt etgan musulmon davlatlardagi ayrim fitnachi ulamolar uni ikkiyuzlamachilikda ayblashar va maʼjusiy Chingizxon yasoqi oʻrniga shariat qoidalarini oʻrnatmaganligini bunga dalil qilib koʻrsatishardi. Aslini olganda esa yasoq qoʻshinda koʻchmanchi xalqlar vakillaridan yigʻilgan askarlar orasida tartib saqlash uchun zarur edi. Ulamolar uni haqiqiy dindorlar orasida birdamlikni buzishda va musulmon xalqlarga qarshi jang qilishda ayblashardi. Bu taʼnalarga Amir Temur uygʻur va Ili boʻyilik chigʻatoyliklarga yoxud Dehli sultonlariga hujum qilar ekan, buni sunniy mazhabiga chuqur hurmati tufayli qilishini, shialar esa maʼjusiylardan koʻra koʻproq gunohga botganligini sabab qilib koʻrsatardi.

Biroq ulamolar yuksak madaniyatli bu sarkardani chuqur hurmat qilardilar. U musulmon edi, musulmon boʻlganda ham chin musulmon edi.

Amir Temur yuksak irodali inson edi. Uning siymosida ruhiy qudrat va jismoniy kuch uygʻunlashib, zafarlariga zamin yaratardi.

Oʻz fuqarolari va dushmanlari koʻz oʻngida har bir harakati uchun ishonchli dalillar topa bilishi, Chingizxon kabi faqat jismoniy kuchga ishonmasligini, aksincha, raqiblari unga ongli ravishda boʻysunishlarini xohlashini koʻrsatadi. Unga “Siz Ollohning yerdagi soyasisiz” degan iltifot xush yoqardi. “Zafarnoma”da quyidagi jumlani oʻqish mumkin: “Olloh Amir Temurga va uning avlodlariga Osiyo hukmdorligini topshirdi, zero uning tinch-osuda hukmronligi ostida xalqlar rohat-farogʻatda hayot kechirishlari lozim edi”.[9]

XIV asr soʻnggida va XV asr boshida qudratli saltanat tuzgan Amir Temur tinch-osuda hukmronlik qila olmasdi. U zabt etgan oʻlkalarni oʻta hushyorlik, isyonkorlarni qattiq jazolash evazigagina itoatda ushlab turish mumkin edi. Zabt etilgan oʻlkalarda qoʻrquv, vahima urugʻini sepibgina isyonlarning va ezilgan xalqlarda milliy tuygʻu uygʻonishining oldini olish mumkin boʻlardi. Ispan elchisi Klavixoni va arab muarrixlarini hayratga solgan aloqa hamda aygʻoqchilik xizmatlari saltanatda yoʻlga qoʻyilgan edi. Biroq Osiyoning bir burchagidan ikkinchisiga tinmay ot qoʻyib yurgan hukmdor kuch-qudrati agar barcha fuqarolari oʻzlarini doimiy nazorat ostida sezsalar va biror norozilik belgisini namoyish etishlari bilan u yashinday qaytib kelishini his qilib tursalargina samarali boʻlardi.

Amir Temurdan oldin oʻtgan birorta ham moʻgʻul yoki turk fotihi u kabi dono va madaniyatli boʻlgan emas. Atilla va Aleksandr Makedonskiyda alohida-alohida mavjud boʻlgan qarama-qarshi xislatlar Amir Temur shaxsida gʻalati bir uygʻunlik hosil qilgani kishini hayratga soladi. Chingizxon kabi muhorabani yaxshi koʻrib, janggohlarda lashkarlari bilan yonma-yon turib kurashsa-da, bunyodkorlikda Lyudovik XIVdan yuqori edi. Agar biz tarozining bir pallasiga u vayron etgan shaharlarni, ikkinchisiga qurgan Samarqand moʻjizalarini qoʻysak, bu yodgorliklar sanʼat va madaniyatga yetkazgan zararlari oʻrnini oshigʻi bilan qoplaydi. Yoʻqsa, uning adabiyot, meʼmorchilik va musiqaga muhabbatini, fors shoirlariga, Mesopotamiya sanʼatkorlariga koʻrsatgan hurmat-ehtiromini qanday izohlash mumkin?

Amir Temur oʻzi aytib yozdirgan voqealardan, solnomachilarining hikoyalaridan uning ruhiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻliq deb boʻlmaydi. Zamondoshlarida va kelgusi avlodlarda dahshatli taassurot qoldirishni istagan Atilla va Chingizxondan farqli oʻlaroq, Amir Temur odamlar uni oqil, sovuqqon, ochiqkoʻngil, adolatli, saxovatli boʻlgani uchun hurmat qilishlarini istardi.

Mohir diplomat va adolatli hukmdor Amir Temur oʻz nutqlarida, arab muarrixlariyu ajnabiy elchilar bilan qurgan suhbatlarida hamda Yevropa hukmdorlari bilan yozishmalarida oʻziga xos donoligu fikr va tuygʻularining saraligini namoyish etardi. U oʻn olti yoshidayoq “dunyo ilon va chayonlar toʻla oltin sandiqdan iborat”ligini yaxshi bilardi.

Janglar, siyosat va diplomatiya unga quyidagi oddiy haqiqatni oʻrgatgan edi: “Nodon doʻstdan dono dushman afzal”, “Oʻn ming kishi bilan uzoqda yurgandan koʻra, oʻn kishi bilan zarur joyda boʻlgan maʼqul”. Oʻz muhriga “Kuch – adolatda” deb yozdirganida u haq edi. Tavakkal qilib va faqat bugunni oʻylab ish koʻrgan barcha tavakkalchilar kabi paragmatik fotih baʼzan yashindek tez bir qarorga kelar, baʼzan uzoq oʻylanardi. U oʻz farzandlariga davlatni boshqarish haqida quyidagi oʻgitlarni bergan edi: “Saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan, yana bir qismi esa bilib-bilmaslikka, koʻrib-koʻrmaslikka solish ila oʻlur”.

Amir Temur oʻgʻli Mironshohga Xalokuxon uluslarini topshirar ekan shunday nasihat qilgan: “Sen oʻz nomingni abadiylashtirish zaruriyatini koʻrmogʻing va bu foniy dunyo voqea-hodisalaridan yiroq turmoq chorasini topmogʻing lozim”.

Amir Temurning tabiati va amalga oshirgan ishlari haqida sharqlik muarrixlar yozib qoldirgan barcha maʼlumotlarni ham jiddiy deb hisoblab boʻlmaydi, ularning koʻpchiligi buyuk fotihni qoralab tasvirlashgan, jumladan Ibn Arabshoh shunday yoʻl tutgan.

Hasadgoʻy muarrixlar Amir Temur qurbonlari sonini boʻrttirib koʻrsatgan, deb ishonging keladi, biroq raqamlar ushbu vazifa uchun maxsus tayinlangan amaldorlar tomonidan belgilanib, aniqlashtirilganidek taassurot tugʻdiradi.

Amir Temur raqibi Toʻxtamishxon bilan ittifoq tuzgan Moskva knyazi Vasiliy I Dimitriyevichni jazolamoqchi boʻlgan va shu maqsadda Volga boʻyida joylashgan, Saroy va Ashtarxon shaharlariga kuchli zarba bergan.

Ayrimlar Sohibqironning nafaqat Rossiyaga, balki boshqa oʻlkalarga qilgan yurishlari chogʻida ham koʻplab qurbonlar boʻlgan degan fikrlarni bildiradilar.

Amir Temurning beparvoligi tufayli amalga oshirilgan talonchiliklar natijasida asosan oʻsha davrdagi Osiyoning eng madaniyatli va eng rivojlangan uchta shahri qattiq aziyat chekkan. Bular – Isfaxon, Damashq va Bagʻdod. Bu shaharlarda Amir Temur olimlar, ulamolar, shoirlar va sanʼatkorlarni oʻz himoyasiga oladi, ularga gʻamxoʻrlik qildi. Uning bu harakati maʼlum maqsadga yoʻnaltirilgan boʻlib, unga ilm va sanʼat ahli posboni, yuksak darajada madaniyatli hukmdor degan shuhrat keltirdi.

Bolaligida shayxlar tarbiyasini olgan va ulgʻaygach harbiy yurishlari chogʻida turfa mamlakatlarning eng bilimdon insonlari bilan muloqotda boʻlgan bu kishi, shubhasiz, madaniyatni cheksiz hurmat qilgan, ilm-fan muammolariga chuqur yondashgan. U dunyoga kelgan barlos urugʻi kambagʻallashib qolganiga qaramay, chuqur fikr yurituvchi va halol kun koʻruvchi insonlardan tashkil topgan edi.

Amir Temurning poytaxti va saroylarining hashamati ajnabiy hukmdorlar va elchilarni maftun etgan. Sohibqiron ularni kiyim-boshi, qurol-yarogʻi, sermaʼno nutqi bilan lol qoldirardi. U oqsuvsar moʻynasidan tikilgan, javohirlar bilan bezatilgan telpak kiyib yurar, salla oʻramagan edi.

Amir Temurni Chingizxonga qiyoslash jiddiy xato, chunki u moʻgʻul emas turk boʻlib, u tugʻilgan jamiyat qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanar, ona zaminga qattiq bogʻlanib qolgan edi.

Inson ruhiyatining bu zukko bilimdoni na biror raqibini afv etishda va na biror doʻstidan shubha qilishda hech qachon adashmagan. Vaqt uning uchun xizmat qilgan, yaʼni u kuta bilgan, hal qiluvchi zarba berish uchun qulay muddatni hatto yillab kutgan va, aksincha, payti kelganda toʻsatdan harakat qilgan. Faqatgina makon uning rejalari toʻliq amalga oshishiga toʻsqinlik qilgan, harakatini cheklagan. Saltanati kengaygani sari, qudrati susaygan, yaʼni chegaralar kengaygani sari boshqaruv qiyinlashgan. Biroq, qulay paytda birinchi boʻlib hujum qilishga majbur boʻlgan, yoʻqsa oʻzgalar uning oʻziga noqulay paytda hujum qilishlari mumkin edi.

Aleksandr Makedonskiydan boshlab barcha fotihlar har doim oʻz zafarlariga ishongan holda jangga kirgan desak, xato qilgan boʻlamiz. Atilla va Napoleon kabi buyuk sarkardalar hayotida shunday daqiqalar kelganki, ular boʻlajak muhorabada halokatga uchrashlarini toʻliq anglagan holda jangga kirishga majbur boʻlganlar, zero ularning boshqacha yoʻl tutishga ilojlari qolmagan. Biroq, ulardan farqli oʻlaroq, Amir Temur qayerda va kim bilan jang qilmasin eng qudratli saltanatlarda – mamluklarga qarshi, usmonli turklarga qarshi, eroniylarga qarshi – har safar omad unga yor boʻlgan. Aminmizki, uning Xitoyga qarshi boshlagan yurishi, agar u bevaqt olamdan oʻtmaganida, albatta, zafar bilan tugardi. Zero, u agar oʻzi birinchi boʻlib raqibiga zarba bermasa, tavakkal qilmasa, bir kunmas bir kun raqibi unga hujum qilishi mumkinligini ham, ana shunda jang vaqti va maskanini oʻzi tanlay olmasligini ham juda yaxshi bilardi. Uning Oltin Oʻrda va Toʻxtamishni mahv etishni paysalga solib yurishiga asosiy sabab ham oqibati nima bilan tugashi nomaʼlum muhorabadan voz kechish va ixtilofni tinch yoʻl bilan hal qilish istagidir.

Amir Temur uchun urush eng soʻnggi chora boʻlgan. Yoshligida, darbadar yurganlarida birorta ham muvaffaqiyatsizlik uni tushkunlikka tushira olmagan, biroq u omad har doim ham oʻziga yor boʻlishiga ishongan emas. Ammo taxtga oʻtirgach, saltanatini donolik va ehtiyotkorlik bilan boshqargan. Buyuk sarkardaning siyosatga boʻysunmay iloji yoʻq edi. U naqadar jasur jangchi, mohir lashkarboshi boʻlishiga qaramay urush uning uchun eng soʻnggi chora edi va urushni rahm-shafqat urushi, muqaddas urush deb bilardi.

Uning Qipchoq xoni Toʻxtamishga nisbatan beparvoligi xavfli qoʻshniga nisbatan ojizlik alomatidek koʻrinadi, biroq bu befarqlik aslida nozik siyosat belgisi edi. Amir Temur bu nonkoʻrni jazolashga ahd qilganidan keyin bu ishga oʻn bir yil (1387–1398) sarflagani ham buni yaqqol koʻrsatib turibdi.

Amir Temurning boshqa raqiblaridan farqli oʻlaroq, Toʻxtamish uning saxovatiga muyassar boʻldi, undan ustalik bilan foydalandi va oxiri xiyonat qildi. Amir Temur taxtga oʻtirgach, uni oʻz himoyasiga olgan, Oq Oʻrda xoni Urusga qarshi kurashida qoʻllab-quvvatlagan, zero ulugʻ amirning pirovard maqsadi Movarounnahr bilan Qipchoq xonligi oʻrtasida Toʻxtamish boshchiligidagi bufer davlat tuzish edi.

Amir Temur Toʻxtamishni juda koʻp kechirgan. Fikrimizning dalili sifatida bunga quyidagi bir misolni keltiramiz:

1386 yil Ozarbayjonda eski doʻstlarning lashkarlari ilk bora toʻqnashadi. Amir Temur qoʻshini Toʻxtamish askarlarini asir olganda gʻaroyib tomosha roʻy beradi. Gʻolib asirlarni gʻayritabiiy mehribonlik bilan qarshiladi, ularni ozod etib, oʻz hukmdorlari huzuriga qaytarib yubordi. Ular orqali noshukr moʻgʻulga, goʻyo oʻgʻli yoʻl qoʻygan xatoga koʻz yumishga tayyor otadek gina-kuduratli maktub yoʻlladi. Toʻxtamish bu muruvvatga Movarounnahrga toʻsatdan hujum qilish bilan javob berdi. Amir Temur yonboshida Toʻxtamishdek urishqoq raqibi boʻla turib, Eronga qarshi yurishni davom ettirishi xavfli edi. Shuning uchun, Toʻxtamishni bir yoqli qilish kerak edi. Biroq Ulugʻ amir Oʻrdaning hujumlarini istar-istamas qaytaraverib charchadi, buning ustiga Toʻxtamish buyuk ajdodi qoʻllagan usulni ishga solib, hal qiluvchi toʻqnashuvlarga ozgina qolganida dashtlarga qochib ketardi. Ogʻir iqlim, hosilsiz tuproq, sovuq, ochlik raqibiga aniq otilgan kamon oʻqidek natija berardi.

1387–1398 yillarda Amir Temur qoʻlga kiritgan zafarlardan ajablanmay ilojimiz yoʻq, zero aynan shu yillarda qoʻshinining katta qismi shimolda Oʻrdaga qarshi jang qilish bilan ovora boʻlib, goho moʻgʻullar ortidan besamar quvib yurar, goho Toʻxtamish bilan yuzma-yuz jangga kirardi. Biroq Amir Temur Toʻxtamishni yengish uchun emas, uning hamlalarini qaytarish uchun oʻn bir yil sarflagan. Bu bir tomondan, Oq Oʻrda va Oltin Oʻrdaning qudrati balandligi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchi tomondan, oʻsha zamon hukmdorlarining Chingizxon avlodlariga, ayniqsa, boshqa begʻam xonlardan farqli oʻlaroq, buyuk bobosiga oʻxshash xislatlarni namoyish etgan Toʻxtamishga boʻlgan deyarli ilohiy hurmati bilan bogʻliqdir. Eski doʻstlik hurmati uchun emas, aynan shu sababli, Amir Temur oʻch olishni orqaga surib yurardi. Har safar Chingizxon avlodidan chiqqan bu shahzodani asir olishga yoki muqaddas qoni toʻkilishiga yoʻl qoʻyish mumkin boʻlgan qulay paytda unga chekinish va sogʻ-omon qutilish uchun imkon yaratardi.

Har qanday ishga mardona kiruvchi, uzoqni koʻra bilib, oʻz oldiga qoʻygan maqsadini ikir-chikirigacha, albatta, amalga oshiruvchi va har qanday xatarli tavakkalchiliklari ham zafarga eltuvchi bu inson chindan ham Xudoning tanlagan bandasi edi. Din ahli buni juda tez anglagan va dilbar dorussaltanat – Samarqand ostonalariga dushman yaqin kelib qolganida, qoʻliga qurol olib, uni himoya qilgandi.

Qachonlardir Chingizxon urushlari keltirgan kulfatlarni unutmagan Yevropa qirollari osiyolik yangi fotihning yurishlarini tashvish ila kuzatib borishar, u ham bir kuni kelib, butun yer yuziga hokimlikni daʼvo qilishidan choʻchishardi. Biroq, gʻarb qirollari bir narsaga umid qilishardi, yer yuzida hokimi mutlaqlikka daʼvogar bu ikki kuch toʻqnashsa, bundan nasroniylar faqat naf koʻrishardi. Shunday boʻlmay iloji yoʻq edi, zero Osiyo bu ikki qudratli fotihga torlik qilib qolgan edi. Turk sultoni Boyazid 1396 yil Nikopolis shahri yaqinida yevropaliklarning birlashgan qoʻshinini mahv etgach, uning saltanati Yevropada Trakiya,[10] Makedoniya, Bolgariya, Serbiyani oʻz ichiga olgan, Osiyoda esa Amir Temur saltanati sarhadlarigacha borib qolgandi. Ikki yirik saltanat oʻrtasidagi chegaradosh davlatlar – Arzrum va Arzinjon amirliklari, oxir-oqibat Yildirim va Koʻragon oʻrtasida nifoq chiqishiga sabab boʻldi.

Amir Temurning Boyazid bilan jangga kirish uchun tayyorgarligi yuqori tahsinga loyiq. Jumladan, turk sultoniga qarshi kurashdan oldin Suriyani olishi toʻgʻri tanlangan harbiy usul edi.

Amir Temur shunday buyuk zakovatga ega ediki, bir paytning oʻzida bir necha gʻanim bilan kurashish lozim boʻlsa, birin-ketin eng kuchsizlarini mahv etib, soʻng kuchli raqibga qarshi kurashardi.

Boyazidning qoʻshini safida nasroniy vassallardan tuzilgan yordamchi qismlarda serblar, bolgarlar va yunonlar xizmat qilishardi. Sulton lashkarlari hammasi boʻlib, yarim millionga yaqin jangchidan iborat edi. Amir Temur esa sakkiz yuz ming kishini saf torttira olardi. Sharafiddin Ali Yazdiy keltirgan ushbu raqamni janob Lyusyen Buva ham tasdiqlaydi. Buning ustiga Amir Temur qoʻshini tarkibi deyarli bir xil boʻlib, asosan turk va moʻgʻullardan tashkil topgan edi. Boyazid birlashtirgan nasroniy qismlar eng ogʻir sinovlarda pishgan sahroyi suvoriylardek jangda shijoat, jasorat va matonat koʻrsata olishlari ehtimoldan yiroq edi. Amir Temur Hindistondan keltirilgan jangovar fillarga ham katta umid bogʻlardi, zero bu jonivorlar Boyazid askarlariga dahshat solishga qodir edi.

Raqib qoʻshinlar 1402 yil 20 iyulda erta tongda Anqara yonidagi Chibukobodda toʻqnashdi. Ushbu sana Ali Yazdiy tomonidan keltirilgan, vizantiyalik muarrix Jorj Sfrantes esa jang iyul oyining 28-sida sodir boʻlgan deydi. Marino Sanido ham oʻzining Vite dei duchy de Venezia asarida ushbu sanani keltiradi. Zamonaviy muarrixlar ham asosan soʻnggi sanani maʼqullaydi.[11]

Bandi qilingan Boyazidni Amir Temur huzuriga keltirganlarida u shaxmat oʻynayotgan edi. Ulugʻ amir pinagini buzmay quyidagi jumlani aytadi:

“ – Voajab, nahotki Olloh bu dunyoda barcha kuchni bir choʻlogʻu bir koʻrga bergan boʻlsa”.

Bu bilan u oʻzining nogironligiga va Boyazidning oʻzi bilan toʻqnashishga olib kelgan siyosiy ojizligiga ishora qilgan edi. Magʻlub boʻlgan sultonning hurmatini joyiga qoʻyish bahonasida, aslida esa magʻlubiyat alami va uyatni yanada chuqurroq his qildirish uchun Amir Temur uni oʻz gʻalabasi sharafiga uyushtirilgan barcha tantanalarda qatnashishga majbur etdi. Bu marosimlarda sulton nishonlarini taqib, tojini kiyib yurishi lozim edi. Yana qochib ketmasligi uchun panjaralangan taxtiravonga oʻtqazib qoʻydilar, bu esa uni vahshiy hayvondek qafasga solib koʻydilar degan afsonaning tugʻilishiga sabab boʻldi.

Bu afsonaning tugʻilishiga usmonli tarixchi Urij ibn Odilning asarini avstriyalik muarrix Frans Babinger nashr ettirgani sabab boʻlgan. Asardan keltirilgan parchada aytilishicha bu “afsona” real faktlarga asoslangan emish. Bu haqidagi maʼlumotlar N. Martinovichning “Journal asiatique”da eʼlon qilingan maqolasida keltirilgan.[12]

Boyazid tor-mor etildi va Amir Temur oʻz navbatida nasroniylarning vahimasiga aylandi. Anqara gʻalabasidan soʻng evropalik qirollar unga yoʻllagan tabriklarida Konstantinopol taslim boʻlishi arafasida usmonli turklar tahdididan qutulganliklaridan shodliklarini izhor etgan edilar. Biroq Amir Temur bunday olqishu maqtovlarga berilgan odam emasdi.

Amir Temur bergan qaqshatqich zarbadan keyin usmonlilar imperiyasi yoʻq boʻlib ketishi lozim edi. Lekin buning aksi boʻlib chiqdi. Oradan oʻn yil oʻtar-oʻtmas turk hukmdorlarining yangi avlodi yetishib chiqdi va qirq yildan soʻng vizantiya imperiyasiga yakun yasadi.

Amir Temur barpo etgan saltanatni patchworkga – turli-tuman va rang-barang matolar qiyqimlaridan tikilgan dasturxonga taqqoslash mumkin.

Ular (zabt etilgan saltanat tarkibiga kirgan oʻlkalar – B. E.) turli sifatli va turfa rangli matolardan tikilgan koʻrpaga oʻxshardi, uning oʻzi bu laxtaklarni bir-biriga sabr-toqat va matonat bilan tikib chiqqan boʻlib, koʻrpaning naqadar nozikligini juda yaxshi bilardi.

U hindlar, usmonli turklar va mamluklarning davlati kabi rivojlangan mamlakatlarga madaniyat olib kirishga daʼvo qilmasdi. Zabt etilgan oʻlkalarning davlat qurilishiga behad qiziqishi, gʻarb sanʼatidan tashqari mahalliy xalqlarning meʼmorchiligi, hunarmandchiligi va sheʼriyatiga ixlos qoʻygandi.

Biroq shu bilan birga Amir Temurda Otilaxonga (Attilaga) xos xudbinlik, oʻtroq insonni yomon koʻruvchi va hatto unga xasad qiluvchi koʻchmanchiga xos ashaddiy vahshiylik yoʻq edi.

Oʻtroq insonni yomon koʻruvchi va hatto, hasad qiluvchi koʻchmanchi deganimizda biz Chingizxonni nazarda tutmoqdamiz.

Shunday qilib, Amir Temur kim bilan muloqotda boʻlayotganiga qarab, turlicha muomala qilgan.

Koʻhna madaniyatli mamlakatlar orasida Osiyo poytaxtlari ichida eng goʻzal va eng boy shahar Samarqand sultoni, adabiyot va sanʼatning shaydosi, muarrix va shoirlardan oʻz marhamatini ayamaydigan, saroyidan meʼmor va rassomlarga joy bergan hukmdor sifatida namoyon boʻladi. Tomirlaridan koʻchmanchilarning qoni oqib turgan moʻgʻullar va turklar nazdida u Chodirlar hukmdori, Ural togʻlaridan Fors boʻgʻozigacha, Chin sarhadlaridan Damashq va Trabzongacha betinim kezib yurgan tolmas jahongir edi.

Koʻhna turk-moʻgʻul qoʻshinini oʻtroq saltanatlarga boshlab borish va istilo etilgan oʻlkalar xalqlaridan movarounnahrliklarning yuqoriligini tan oldirish, ularni boʻysunishga majbur millatlar deb hisoblash, bu – ajdodlarning odatlarini eʼzozlash edi. Yoʻqsa, Chingizxon oʻlimidan soʻng toʻlaqonli koʻchmanchi ideali oʻz mohiyatini ancha yoʻqotganligi sababli uning turk va moʻgʻullar nima uchun oʻz sultonlari ajdodlaridan oʻzgacha yoʻl tutayotganini tushunolmasdilar. Harbiy yurish chindan ham suvoriyni ikki tomonlama qoniqtirardi: harakatsizlik keltirib chiqaruvchi falokatdan, ruhiy va jismoniy inqirozdan qochib, oʻz maskanini betoʻxtov oʻzgartirib turib, boylik orttirish istaklarini amalga oshirish. Bu tomondan ham Amir Temur fuqarolarining xohish-istaklarini roʻyobga chiqara oldi.

Garchi Samarqand moʻjizalari ularni maftun etsa-da, oʻtroq hayot qulayliklari, boyligi, hashamati koʻpchilikni qoniqtirmas, fikr-yodlarini bir zumlik maskan – tez oʻrnatilib, tez buziladigan, vaqtinchalik holatini saqlab qoladigan chodir yoki oʻtov band etardi.

Amir Temur koʻchmanchi emasdi, biroq siyosat majbur qilganida yoxud ajdodlarining instinktlari undagi tarbiya va madaniyatdan ustun kelganida, u yana otiga minardi. Hayotining katta qismi chodir ostida oʻtgan boʻlsa-da, u “Yashil shahar” soyasida dunyoga kelib, shaharlikka aylangan, vujudida oʻtroq va koʻchmanchi inson xislatlari oʻzaro kurash boshlagan edi.

Amir Temurning barcha faoliyati vujudida kechib turgan ana shu “kurash” bilan bogʻliq. Temur yurishlarining asosiy sabablaridan biri ham ana shu “kurash”da.

Biri, mollarini boqish uchun, ikkinchisi, ekin oʻstirish uchun yer talashayotgan choʻpon hamda dehqon oʻrtasidagi qarama-qarshilik qanchalik eskirgan boʻlishiga qaramay, XV asr boʻsagʻasida ham xuddi Chingizxon va Otilaxon zamonasidek Osiyo siyosatini belgilab turardi. Bu kurashda ikki iqtisod, ikki siyosat, ikki mafkura va ikki makon toʻqnashadi. Harakatsizlik va harakat oʻrtasidagi qarama-qarshilik makonni ikki xil qabul qilishga asoslanadi.

Amir Temur soʻnggi, Xitoyga boshlagan yurishining negizida ham mana shu qarama-qarshilik, mana shu kurash yotadi.

Chingiziylardan xalos boʻlgan Ming sulolasi Chigʻatoy xalqiga nisbatan nozik bir holatda turar, ikkala tomon ham bevaqt muhoraba boshlanib ketishidan choʻchib, bu holatga ravshanlik kiritishni istamasdi. Biroq, Amir Temur shaxsiyatiga teguvchi bu holat uzoq davom etib turolmasdi, zero Toʻxtamish va Boyazidni yengib, Hindiston, Kichik Osiyo va Eronni zabt etganidan soʻng oʻtroq bir xalqning hukmdori unga oʻz vassalidek qarashiga chiday olmasdi.

Amir Temur tabiatidagi bu xislat uning bunyodkorlik faoliyatiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Temurning bu faoliyati, ayniqsa, Samarqandda amalga oshirgan ishlari yuksak eʼtiborga loyiq. Samarqanddagi barcha imoratlar, shahardagi va shahar atrofidagi jannatmonand bogʻlar jugʻrofiy jihatdan qulay holda barpo etilgan. Yangi Samarqand qiyofasini yaratishda Amir Temur oʻzga mamlakatlarning poytaxtlariga koʻr-koʻrona taqlid qilishni istamagan, aksincha, ularning eng xarakterli, eng nafis tomonlarini olishga harakat qilgan.

Shu bilan birga poytaxt meʼmorchiligida Amir Temur tabiati aks etgan. Bu barcha buyuk bunyodkorlarga xos narsa, u shaharni ham hashamatli, ham oddiy, ham dabdabali, ham sodda, ham aqllarni lolu tuygʻularni rom etadigan, oʻz tabiatiga mos koʻrinishda bunyod qildirdi. Bu bilan oʻzining meʼmorchilik sohasida ham chuqur bilimga ega ekanligini koʻrsatdi.

Xuddi Lyudovik XIV Versal qurilishini maromiga yetkazishga intilganidek, u ham poytaxt qurilishining barcha ikir-chikirlarigacha qiziqardi. Yurishlar orasida shaharda dam olar ekan, qurilish maydonlariga borar, odamlarga dalda berar, meʼmorlarning xatolarini toʻgʻrilardi.

Temur bunyod ettirgan binolarning oʻlchamlari aqlni lol qoldiradi, bunda ham biz yuqorida tilga olib oʻtgan Sohibqiron tabiatining ikki qirrasi namoyon boʻladi.

Jome masjidining marmar shiftini toʻrt yuz saksonta tosh ustun koʻtarib turadi. Suza va Persepolisdagi ahamoniylarning behisob ustunli saroylarini yodga soluvchi bu ulkan zallar “kenglik shaydosi”ga xuddi olov kabi cheksizlik, mangulikni his qilish imkonini berardi. Amir Temur kenglik shaydosi sifatida, hayotiga qoʻyiladigan har qanday toʻsiqqa, chegaraga chiday olmaydigan bunyodkorligicha qolgan edi.

Maʼlumki, Amir Temur baʼzan meʼmorlar bunyod etgan, biroq uning koʻngliga yoqmagan binolarni buzdirib, qayta qurdirgan. Buning sababini ham uning tabiati bilan, “kengliklarni qoʻmsashi” bilan izohlash mumkin.

Shunday qilib, u qurib bitkazilgan saroylarni buzdirib, qayta qurdirishgacha ham borardi, chunki unga bu binolarning oʻlchamlari oʻrtamiyona yoxud nomutanosib koʻrinardi. Binolarni yanada yaxshiroq qilish bahonasi ostiga yashiringan bu qoniqmaslik hissi, ehtimol, undagi bobolaridan qolgan merosning asoratidir, ehtimol hamon bunyod etilayotgan poytaxtga muhabbatida paydo boʻlgan xurofiy bir istakning ifodasidir.

Amir Temur oʻz ajdodlari kabi ot ustida yashadi va olamdan oʻtdi. Doimo otda yurish, erkin va ozod hayotni qoʻmsash, unga intilish tuygʻusi nafaqat Amir Temur fuqarolarining, balki uning oʻzining ham fikri yodini tark etmagan.

Amir Temur tabiati oʻlimidan oldin aytgan soʻnggi soʻzlarida aniq-ravshan namoyon boʻlgan:

“Men olamdan oʻtgach koʻzyosh toʻkib, figʻonu faryod qilmangiz, zero alarning nafi boʻlmagʻay. Shu paytgacha oʻlim na koʻzyoshi va na faryodlardan chekingan. Kiyim-boshingizni yirtib, aqldan ozgandan, turli taraflarga yugurgandan koʻra menga Ollohdan rahmat soʻrang, qiyomat kuni ruhim yengil boʻlishi uchun duoi fotiha qiling. Tartibsizliklarga yoʻl qoʻymang”.

Jasur jangchilarni taqdirlashdagi saxovati, bahodirlarga iltifoti, janggohlarda koʻrsatgan shaxsiy jasoratlari el orasida uning obroʻ-eʼtiborini oshirib, ismini afsonalarga jo qildi. Uning beqiyosligi haqidagi koʻplab qoʻshiqlar balki Markaziy Osiyoda bugun ham jaranglayotgandir. U qudratli sarkarda, mohir siyosatchi, buyuk bunyodkor sifatida, barlos urugʻining oddiy xislatlarini yuksak madaniyat belgilariga mushtarak etgan inson sifatida tarixda qoldi.

 

Parij: Alben Mishel nashriyoti, 1963.

 

Fransuz tilidan Bahodir ERMATOV tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

 


[1] Jurnal varianti.

[2] Walter Gerard. Introduction.// Le Memorial des Siecles. XIV siecle. Les Hommes. Tamerlan. Par Marcel Brion. – Paris: Editions Albin Michel, 1963. – P.39-54. Kirish qismi Jerar Valterga tegishli.

[3] Bu yerda Milan gersogi Jangalachcho Viskonti nazarda tutilmoqda (tarjimon izohi).

[4] Bu maktub haqida Xeydning “Histoire du commerce du Levant au Moyen Age” (t. p. 265) – “Oʻrta asrlar Sharq tijorati tarixi” asarida eslatib oʻtiladiyu biroq tahlil qilinmaydi. (B.E)

[5] Mordin qalʼasi va Bagʻdod oraligʻida yozilgan maktub, zero Amir Temur Mordinni 1401 yil 4 maygacha qamal qilgan. – B.E.

[6]1204 yil Salib yurishlari natijasida Konstantinopol qoʻlga kiritilgach, Komnenlar sulolasidan boʻlgan soʻnggi imperator, Andronik Komnenning nabirasi oʻz xolasi, Gurjiston malikasi Tamar huzurida boshpana topadi va uning koʻmagi bilan Qora dengizning Osiyo qirgʻogʻida joylashgan boy dengiz shahri Trabzonni qoʻlga kiritadi. U oʻzini Rim imperatori deb eʼlon qiladi va “Buyuk Komnen” degan nom oladi. Mixail Paleolog Konstantinopolni qayta qoʻlga kiritganidan soʻng (1261), Buyuk Komnenning avlodlari mustaqil Trabzon imperiyasida 1461 yilgacha, yaʼni vizantiya imperiyasi turklar tomonidan tor-mor etilganidan sakkiz yil keyingacha ham hukmronlik qilishgan  – B.E.

[7] Roloff. Die Schlacht bei Angora // Historishe Zeitschrift, t. CXVI.

[8] Brion Marcel // Le Memorial des Siecles. XIV siècle. Les Hommes. Tamerlan. Par Marcel Brion. – Paris Editions Albin Michel, 1963. – P.55 -131.

[9] Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si nazarda tutilmoqda – B.E.

[10] Trakiya – Yevropaning janubi-sharqidagi qadimiy oʻlka. Yunonlar Bolqon yarim orolining sharqiy qismini egallab Dunaydan Egey dengizigacha borgan butun qismini Trakiya deb atashgan. (B.E.)

[11] Bu oʻrinda hijriy va melodiy yil hisoblari oʻrtasidagi farqni unutmaslik lozim. Ali Yazdiy tabiiy hijriy hisobdagi sanani aytgan. Bu oʻrinda gʻarb tarixchilarini bilimdon qilib koʻrsatish toʻgʻri emas.

[12] Journal asiatique, Paris, t. 211. – P. 135-137.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.