Amalgama

0
73
marta koʻrilgan.

1

 

“Amalgama!..”

Xayollar olamining uzoq goʻshasida qolib ketgan, mazmuni ham, mohiyati ham notanish bu soʻz koʻksimga afsonaviy eliksirday quyilib, vujudimni hissiyotlarga toʻldirib, yoqimli allalab turgan ilohiy neʼmat.

Amalgama deganim ana shu.

Faqat shuning oʻzigina emas. Qishloqning oy bus-butun yoritgan sokin va sohir kechalari va koʻchalari, yoʻl boʻyida qalashib yotgan tuyatoshlar, xarobgina qishloq kutubxonasi va tuproq tomli bir uy… hammasi ana shu birgina soʻzda mujassam. Men uzoq yillar amalgamaning sehriga lol boʻlib yashadim. Unga butun vujudim bilan intildim va undan qochdim. Har ikkala holatning ham sababi bor.

 

2

 

Oʻn uch yoshda edim oʻshanda.

Qishki taʼtildan keyin oʻn besh kun maktabga bormadim. Yanvar sovuq keldi. Qor, qirov, tomlar boʻgʻotida shoʻsha. Deraza shishalarida palmalarning gʻaroyib surati. Suvning, shamolning, havoning va inson xayollarining izi. Ertalabki quyosh derazaga chizilgan suratlarni iliq nurlari bilan yuva boshlaganda kutubxonaga yoʻl oldim. Issiqqina xonada Nazira opa nimalarnidir yozib oʻtirardi. Burchakda oʻzicha guvranayotgan va oʻz yumushini bajarayotgan tunuka pechdan olov harorati bilan birga yengilgina kerosin hidi taraladi. Javondagi kitoblarga koʻz yugurtirarkanman, kutubxona eshigi ochilganini va kimdir kirib kelganini payqadim. Bu Roziya edi! Ortimga oʻgirilib qaramasdan va hali qizgina kutubxonachi opa balan salomlashishga ulgurmasdan buni payqagan edim. Shu lahzada Nazira opa qizni soʻroqqa tutdi:

– Oʻqidingmi?

– Himm, – javob qildi qizaloq.

– Tushundingmi?

– Bitta soʻzni tushunmadim.

– Qanday soʻz ekan?

– Amal…

Men oʻgirilib qarab Roziyaning alvondek qizarib ketganini va hadeb boshidagi munchoqli doʻppisini toʻgʻrilab kiyishga urinayotganini koʻrdim. Qiz biroz sukut qildi va nihoyat soʻzning davomini topdi:

– Amalgama…

Roziya bu soʻzni juda chiroyli qilib, “l” harfini aytayotganda tilini “toʻshab”, yaʼni tilini pastki tishlariga bosib talaffuz qildi. Men ham ichimda qayta-qayta aytib koʻrdim. “Amalgama, amalgama…”

– Bu bir qizning nomi.

Kutubxonachi opa aytgan bu gapning yolgʻonligini men uzoq yillar bilmadim. Oʻsha kuni Roziya topshirgan kitobni men yozdirib oldim. Agar yanglishmasam, bu Lev Kassil degan yozuvchining “Mening aziz oʻgʻlonlarim” degan kitobi edi. Kutubxonadan chiqib yoʻlga qaradim. Roziya koʻrinmadi. Uyga kelib kitobni varaqlashga tushdim. Men kitob varaqlaridan uni, Roziyaning oʻzini izlardim.

 

3

 

Yillar oʻtib, yoshimizga yosh qoʻshilgan sayin jurʼatim kamayib borardi. Keyinchalik hayotimni tahlil etib koʻrib, baxtsizligimga ana shu jurʼatsizligim, jurʼatsizligimga esa, haligi dardim sabab boʻlganligini angladim. Hayotdagi asosiy ermagim – oʻtin yorish. Bu ham Roziyaga borib bogʻlanardi. Bahaybat toʻnkalar – devlar. Ular Roziyani oʻgʻirlab ketishgan. Men esa devlarni yengib, uni qutqazish maqsadida ertadan kechgacha bolta urardim. Natijada toʻqqizinchi sinflarga borib paylari baquvvatgina yigitchaga aylandim. Lekin jurʼatsizligim zarracha kamaymadi. Har yil yoz oylari bugʻdoy oʻrimiga chiqardik. Oʻsha paytlarda xoʻjalikning asosiy ishchi kuchi oʻsmirlar edi.

Bir kuni daladan Roziya bilan birga qaytdik. Ayollar ancha olislab ketishgan. Hademay ular qir ortiga oʻtib koʻzdan pana boʻlishdi. Roziya bilan ikkalamiz yolgʻiz. Nima uchundir u shoshilmayapti. Quyosh hali botmagan. Bugʻdoy gʻaramlari ustiga bostirib kelayotgan tepaliklar soyasi oʻrkach-oʻrkach tuyalarga oʻxshaydi. Goʻyo hamma narsa yiriklashib borayotganday. Pastlikda kambargina sayhonlik bor. Nogoh Roziya yoʻlni shu tomonga burdi. Yuragim taka-puka boʻlib ortidan yurdim. Qizgina suv yuvgan gʻaldir boʻyiga oʻtirdi-da, lozimining jiyaklariga yopishgan sertikan rindak va chakamugʻ urugʻlarini avaylab bitta-bitta tera boshladi. Men orqaroqda oʻtirar, uning otning yolidek qalin, qattiq va qop-qora sochidan koʻzimni uzmasdim. Keyin u oyogʻini men tomon uzatdi va “anavini ol” dedi yuzidagi ranj ifodasi bilan poychasiga ishora qilib. Izmagining popugiga yopishgan rindak urugʻlarini ajratib olish oson kechmadi. Roziya aftidan menga oson boʻlsin deb lozimini biroz yuqoriroq koʻtardi. Uning toʻpigʻidan yuqorisi oppoq edi… mayin va siyrak qora tuklar bilan qoplangan edi… Men bu “manzara”ga qaramaslikka intilib rindak va chakamugʻlar bilan uzoq olishdim. Barmoqlarim shilinib, qonab ketdi. Rindakning poʻlat simdek qattiq, qavssimon urugʻlari yopishgan joyidan ajralishni sira istamasdi. Laʼnatilar izmak popugiga oʻranib, shu qadar mahkam yopishib yotardiki, ularni qoʻl bilan ajratib olishning sira imkoni yoʻq edi. Shunda men tishlarimni ishga soldim. Engashib mustahkam tugunga aylangan ipak popukni bor kuchim bilan tishlab torta boshladim. Lablarim oyoqlarining tuklariga tegib qitigʻini keltirardimi yoki boshqa bir sababdanmi, Roziya qiqirlab kulardi. Nihoyat, men rindak ustidan gʻalaba qildim, lablarimning qoniga boʻyalgan popukni kaftimga qoʻyib egasiga uzatarkanman, boshimni koʻtarib magʻrur bir qiyofada unga qaradim. Aslida buni gʻurur deb ham boʻlmasdi. Keyinroq qonli tugunchani tishlab turgan oʻsha holatimni qayta-qayta koʻz oʻngimdan oʻtkazarkanman, qonli lablarim, zoʻriqishdan qizarib ketgan koʻzlarim va yuzimdagi vajohatli ifoda bilan qizning koʻziga qandaydir darrandaga oʻxshab koʻringan boʻlsam kerak degan xulosaga keldim.

…Roziyaning kulgisi tindi. Uning koʻzlaridagi ifodani oʻsha lahzada tushunishga ojiz edim. Bir nafas menga jimgina tikilib turdi-da, sira kutilmaganda “sen shoir boʻlasan” dedi va goʻyo mening borligimni ham unutganday indamay yoʻlga tushdi. Biz oldinma-keyin jimgina yurib qishloqqa qaytdik.

 

4

 

Oradan bir yil oʻtdi. Kuz. Dov-daraxtlar zaʼfaron rangda. Bu fasl menga kasalmand qiz qiyofasida namoyon boʻlib, yuragimda mungli hissiyotlar uygʻotadi. Roziyani qoʻmsab xazonrez bogʻlarda kezardim. Qiziq holat: men qizning oʻzidan koʻra u haqda xayol surishni koʻproq sevardim. Bunday pallada koʻpincha yomgʻir yogʻishini orzu qilardim. Hind kinolaridagiday yomgʻirlar ostida yursak, “bogʻumi bahorumi…” deb birgalikda qoʻshiq aytsak, shalabbo boʻlib ivisak, tom boʻgʻoti ostida bir-birimizga qapishib tursak…

Shu yil ichida Roziyaning boʻyi choʻzildi. Rangi tiniq tortib, yigitlar undan koʻz uzolmaydigan boʻlib qolishgandi. Ana shundaylarning biri, nazarimda eng xavflisi – Roʻzimat. Keng yelkali, boʻydor, bezori bola. Roziyaning uzoqroq qarindoshi. Tez orada qizni unga unashtirishdi.

Bir kuni tuyatoshlar oldida ularning gaplashib turganini koʻrib qoldim. Yigit qizni kinoga taklif qilardi. Ularning yonidan qadamimni tezlatib oʻtdim. Qaramadim, shunday boʻlsa ham Roziyaning uchrashuvdan norozi ekanligini tushundim… Qiz ketishga chogʻlanar, ammo Roʻzimat uning yoʻlini toʻsib, ketkizgani qoʻymasdi.

Uyga kelib madad berishlarini istagandek javondagi kitoblarga termilib oʻtirdim. Nogoh “Martin Iden”ga koʻzim tushdi. Kitobni olib roʻparamga qoʻydim-da, iyagimni kaftlarim orasiga olib mushohada yurita boshladim. Shuncha kuchi va yengilmas irodasi bilan Martin ham sevgan qizini boshqa birovga berib qoʻygan edi. Men Roʻzimatni yenga olamanmi? Roziya uni sevib ulgurdimikin? Bugun ular kinoga borisharmikin?..

Ana shunday xayollar bilan qanday qilib koʻchaga chiqib ketganimni payqamay ham qolibman. Uzoqdan oʻsha qadrdon va sirdosh tuyatoshlar koʻringandagina Roziyaning uyiga yaqinlashib qolganimni angladim. Yomgʻir tomchilab turardi. Tuproq hidi, ogʻir bulutlar karvoni, yoʻl hali quruq, ammo yoʻl boʻyidagi toshlar changi yuvilgan…

Hamishagi joyimga kelib, boʻyimdan baland xarsanglar orasidan uning darvozasiga qaradim. Xayol olib qochdi. Yana oʻsha hind kinolaridagi manzaralar: Roʻzimat-Jaga, qoʻlida pichoq, men yengil yaralandim, Roziya kelib boshimni bagʻriga bosdi va boʻzlab qoʻshiq ayta boshladi. Uning koʻzlaridan oqayotgan tomchilar yuzlarimga tomyapti…

Oʻzimga kelganimda yomgʻir sharros quyar, boʻtana suv yoʻlning nishab tomoniga qarab jilgʻa boʻlib oqardi. Bu manzaradan koʻz uzib yana darvozaga qaraganimda darvoza zanjiri tebranib turardi. Demak, kimdir darvozani ochgan, koʻchaga qaragan va yana yopib uyiga kirib ketgan. Bu, albatta, Roziya!

Dilimni afsus oʻrtadi. Qosh qoraydi. Endi uni kutishdan foyda yoʻq. Kech tushganda qizlar hovliga ham onalari hamrohligida chiqadilar. Soʻnggi bor darvozaga qaradim. Endi zanjir koʻrinmasdi. Yomgʻir kuchaygan, darvoza yondori, devor burchaklari, tom boʻgʻotlari surmarang olib, bir-biriga qoʻshilib borardi. Uyga tomon yurdim. Kutubxona binosi yonidan oʻtarkanman, qoʻlida kitob ushlagancha kutubxonachining savollariga javob berayotgan Roziyaning holati koʻz oʻngimga keldi, tovushi qulogʻimga eshitildi: “Amalgama…”

Takrorlab koʻrdim: “Amalgama… Amalgama…”

Ortimga qaradim. Bu yerdan uning uyi koʻrinmasdi. Qishloq koʻchalari kimsasiz. Roʻzimatning holiga ich-ichimdan kuldim. Unga yoʻl boʻlsin shunday yomgʻirli tunda koʻchaga chiqish! Tomlarning qoraygan koʻlankasiga qaradim. Roʻzimatdan ustunligimni his qildim va ortimga qaytdim. Tuyatoshlar oldidan oʻtdim, mana uning darvozasi! Yuragim gurs-gurs urardi. Darvozaning qalpoqchali temir mixlari va yogʻochning boʻyalmagan gʻadir-budir sirtini siladim. Soʻngra zanjirni, Roziyaning barmoqlari tekkan zanjirni qoʻlimga oldim-u, uning hissiz va sovuq sirtiga lablarimni bosdim.

 

5

 

Oradan oʻn yil oʻtib biz yana uchrashdik. Universitetni bitirib kelib, anchagacha ish tanlab yurdim. Nihoyat, nomi yoqimsizroq boʻlgan bir korxonaga ishga joylashish niyatida rahbar bilan uchrashish uchun yuvinib, durustroq kiyinib peshtoqiga “XKMK” degan yorliq osilgan idoraga kirib bordim. Qabulxonada qorachadan kelgan bir ayol nimalarnidir yozib oʻtirardi. Boshliqni surishtirdim. Ayol jilmaygancha, bir soʻz demay, menga qarab turaverdi. Uning bunday qiligʻidan biroz ranjib yana avvalgi gapimni takrorladim:

– Menga boshliq kerak.

– Boshliq menman.

Uning tabassum yoyilib turgan yuzidan koʻz uzib eshikdagi lavhaga qaradim: “Roʻzimat Salimovich Nihonov”. Birdan koʻz oʻngimda Roziyaning bilagidan ushlab, uni qiynab turgan bezori gavdalandi. Nahot bu ayol oʻsha…

– Qanday ish bilan kelgandingiz? – soʻradi ayol endi rasmiy ohangda.

– Muhabbat izhor etish uchun.

Bunchalik surbetlik qila olishimni oʻzim ham kutmagandim. Gapni yumshatmoq niyatida darhol soʻradim:

– Siz Roziyamisiz?

– Ha, men sizni tanib turibman. Kitoblaringizni ham oʻqiganman. Aytganim toʻgʻri chiqqanidan xursandman. Siz shoir boʻlasiz derdim.

– “Sen” derdingiz.

– Ha, u paytlar yosh bola edingiz, oʻzgarib ketibsiz.

Biz bir-birimiz bilan yuzma-yuz va juda yaqin turardik. Yana bir shakkoklik qilgim kelib qoldi. Uning bilagidan shartta ushladim. Xuddi bundan oʻn yil avval darvoza zanjirini ushlaganday. Va ovozimni pasaytirib shivirladim: “Men sizni sevardim, Amalgama!”

Roziya boʻshashgan barmoqlarim orasidan qoʻlini tortib oldi. Shoshqin bir tarzda mendan uzoqlashdi. Eshik ochildi. Roziyaning ostona hatlab dahlizga chiqayotganini koʻrdim. “Alvido, birinchi muhabbatim!” – dedim koʻzlarimni chirt yumib. Kutilmaganda lablarimda iliq bir harorat tuydim. Roziya! Xayolimda u lablarini boʻsaga tutdi-yu, shoshqin uzib oldi…

Yuragimda hissiyotlar qayta jonlandi. Ammo bu hissiyot ulkan alangadan soʻng kul ostida qolgan va tobora soʻnib borayotgan choʻqqa oʻxshardi. Va u avvalgi ranglari bilan koʻzni qamashtirmas, lovullamas, olov kabi kuydirmasdi.

– Alvido, Amalgama!

Uyga qaytib, qoʻlimga Fasmerning lugʻatini oldim. Shuncha yillar davomida meni maftun etgan, qalbimni sohir tuygʻularga toʻldirgan bu soʻzning mazmuni hafsalamni pir qildi. Nega shu paytgacha bu soʻzning mazmuniga qiziqmaganim, bu narsa mutlaqo xayolimga kelmaganidan taajjubdaman.

“Amalgama” simobda erigan maʼdanning sovuq qotishmasi ekan…

 

Neʼmat ARSLON

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.