Almamater daraxtining mevasi

0
119
marta koʻrilgan.

1

 

…Men Overda kutib turardim. Tavajjuh holatida. Atrofda odam koʻp, ammo men yolgʻiz. Aslida tavajjuh soʻzining mazmuni biroz boshqacharoq. Bu holatga kirgan odam yolgʻiz boʻladi va u hech narsani eshitmaydi, hech narsani koʻrmaydi degan tasavvurdaman. Nachora, men shunday boʻlishini xohlayman. Qadimiy Qarshining “Over” deb yuritiladigan bu hududida bundan ancha yillar avval nochorgina bir tikuvchilik korxonasi boʻlgan. Uning pastqam va nimqorongʻi xonalarida kiyimlar bichilgan, tikilgan va… overlovka qilingan, yaʼni choklangan. Bu soʻzning tilimizdagi atamasini topganimdan quvonib ketdim. “Choklangan!” Chok – alohida ikki boʻlakning birlashtirib tikilgan joyi. Oramizda sevgi haqida hali biror gap boʻlmagan, shunga qaramay, qachondir bir kun bizning bechora qalblarimiz ham muhabbat rishtalari bilan choklanadiganday va bir-biriga qoʻshib mustahkam tikiladiganday.

…Ammo oʻsha kuni u kelmadi. Men har doimgidek Overda kutdim.

Darvoqe, hozir bu korxona yoʻq, qarshiliklar lafzida uning nomigina saqlanib qolgan, xolos. Birinchi marta bu soʻzni bir taksi haydovchisidan eshitdim. Tushunmadim. Uning “Overda tushasizmi?” degan soʻrogʻini xayolan miyamda aylantirib koʻrdim. Over… bu soʻz menga yoqinqirab turardi. Nima boʻlsa ham tushib qoldim. Shu soʻzning shirasi uchun tushdim. Eski Over oʻrnida zamonaviy binolar qad rostlab turgan bu mintaqa hozir men uchun juda qadrdon. Chunki uni shu joyda uchratganman va bizning qalblarimiz shu joyda “overlovka” qilinishidan umidvor boʻlganman. Baxt va baxtsizlikning yonma-yon yurishini ham shu yerda mushohada qilganman.

 

2

 

…Bugun ham uning kelishi gumon.

Shunday boʻlsa ham uzoq kutdim. Chorrahaning kesishgan burchagida, daraxt soyasidaman. Umrida koʻp azoblarni koʻrgan bu daraxt. Uning egri-bugri tanasida inson qoʻlining behad koʻp izi bor. Arra, tesha, bolta, dastkola izlari… Kimdir mix qoqqan, kimdir chopqi bilan qirtishlagan. Uning dagʻal-doʻqqi, egrilanib oʻsgan tanasida inson xayollari va niyatlarining qotib qolgan izlarini ham koʻrib turardim. Shuncha tazyiqlarga qaramay, daraxt meni oʻz farzandiday qabul qildi. U jazirama quyosh taftidan insonni himoya qilayotganidan xursand. Bu faqat onalarga xos. Ona eng dilozor, eng noqobil farzandini ham qanoti ostiga oladi. Agar bola noshud va dardmand, boshqalarga nisbatan baxtsiz boʻlsa, ona birinchi navbatda shu farzandiga mehr koʻrsatadi. Men esa birinchi darajali noshudman. Uyim yoʻq, pulim yoʻq, mansabdor ham emasman. O, aslida bular hammasi oʻquvchining jigʻiga tegadigan havoyi gaplar. Ammo men chin qalbdan, yuragim gurs-gurs urgan holda aytyapman. Daraxt esa fikrimga qoʻshilganday bilinar-bilinmas ovozda shivirlab, hamdardligini izhor etardi. Hatto meni siylashga ham jazm etdi. Yelkamga toʻp etib urilgan zarbadan oʻzimga keldim. Bolalar koptogiday bir narsa yelkamga urilib oyoqlarim ostiga tushdi. Meva! Hech kim, hatto biron bir jonivor ham yemaydigan, shumtaka bolalar qiyqirgancha toʻp oʻrnida tepib tepkilab yuradigan meva. Qoʻlga oldim uni. Ogʻir, zalvorli. Koʻkimtir rangda. Burnimga bosib hidladim, vaholanki, uning hech qanday hidi yoʻqligini bilardim. Yerga urilgan tomoni birozgina ezilibdi. Ezilgan joylarida oppoq, quyuq, sershira sut. Uning taxir sutini ogʻizga olib boʻlmasligini ham azaldan bilaman. Shunday boʻlsa ham barmogʻimning uchi bilan olib yalab koʻrdim va boshim uzra yuksalib turgan yashil soyabonimdan yashirib sekingina chetga tuflab tashlamoqchi boʻldim. Uni ranjitgim kelmasdi. Axir u oʻzida borini berdi… Chetga tupurayotib kimdir meni kuzatib turganini payqadim. Juda noqulay holat. Koʻchada tupurish – madaniyatsizlik. Labimda koʻpiklanib turgan sut bilan uni yutishni ham, tashlashni ham bilmay, bosh koʻtarib qaradim. Uning kelganini payqamay qolibman. Yoshgina juvon meni tahqir nazari bilan kuzatib turardi. Kaftim bilan lablarimni artarkanman, nima maʼnodaligini oʻzim ham bilmagan holda bosh tebratar va jilmayishga urinardim. Juvon iddao qilganday ilkis bir harakat bilan yuzini chetga burdi. Qulogʻidagi ogʻir oltin isirgʻa bir muddat silkinib, daraxt yaproqlari orasidan sizgʻirib oʻtayotgan rishtai Maryamdek bir qatim nurni atrofga sochib tashladi. Hech shubhasiz, mening burishib turgan yuzim juvonga yoqmagan edi. Tomoq qirdim. Juvon menga bu safar koʻz qiri bilan qaradi. Chap qoshining chekkasiga tomon tortilgan ingichka uchi yuqoriga koʻtarilib, juvonning dilida va tilida turgan zaharni sochishga tayyor turardi. Bu holat menga gʻazabnok arini eslatdi va men oʻzimni tutolmay kulib yubordim. Hech shubhasiz, juvon meni aqli noqis odamlar jumlasidan deb oʻylayotgandi. Mayli, bundan xafa emasman. Juvoning “gʻazabnok ari”ni ifodalovchi holati uzoq choʻzilmadi, u butunlay teskari oʻgirilib oldi.

– Siz kaminani notoʻgʻri tushundingiz, – dedim oʻzimga oʻzim gapirayotganday bir ohangda.

– Ff-u! – degan javob boʻldi.

– Men tartib-intizomli odamman.

– Koʻrinib turibdi.

– Bu daraxtning suti taxirligini bilardim…

– Bilsangiz nima uchun yalaysiz?

– Albatta, uning hurmati uchun! Ha, faqat uning hurmati uchun.

– Kimning?

Men boshim bilan daraxtga imo qildim. Juvonning koʻzlarida ishonchsizlik alomatlari zuhur etdi. Shu holatda u anchagina chiroyli koʻrinardi. Uning bugʻdoyrang yuzi, biroz choʻkkan yonoqlari, ogʻiz-burni atrofidagi nozikkina qavssimon chiziqlarning har bir kunjida unga shukuh bagʻishlab turgan oʻsha ishonchsizlik. O, Xudoyim, ayol zotiga jiddiylikdan boshqa hamma narsa yarashadi degan xayol shuurimdan oʻtdi.

– Kimning hurmati uchun? – savolini takrorladi juvon mendan koʻz uzmay.

– Daraxtning.

– Uf-f! – qoʻl siltadi juvon, soʻngra bekatga kelib toʻxtagan mashinaga bir qarab oldi-da, soʻradi:

– Bu qanday daraxt oʻzi?

Daraxtning nomini bilmasdim. Nogoh tilimga kelgan soʻzni aytib yubordim:

– Almamater.

– Siz nemismisiz?

Juvonning lablarida oʻynab turgan tabassum beozor edi, bu menga ham yuqdi.

 

3

 

Oradan bir hafta oʻtib yana uchrashdik. Oʻsha joyda, oʻsha daraxt panohida. Biz salomlashmadik. Bir-birimizdan begonasirayotgandaymiz. Juvon telefonda kim bilandir gaplashdi va ikki-uch marta menga qarab qoʻydi. Har safar menga qararkan, lablari keng yoyilib jilmayardi. Uning shirin tabassumi kimga atalgani men uchun qorongʻi. Telefonini sumkachasining kissasiga joylashtirayotib zerikkan qiyofada menga qaradi. Bu Overdagi bekatda ikkinchi uchrashuvimiz. Qani mening avvalgi jurʼatim?

Juvon oʻzi oʻtirishi kerak boʻlgan “Damas”ni toʻrtinchi marta ham oʻtkazib yubordi. “Eto koye-chto…” dedim oʻzimga oʻzim. Chunki bekatda toʻxtab oʻtayotgan mashinalarda boʻsh oʻrin koʻp edi.

– Siz bu daraxtning nomini eslab qoldingizmi? – soʻradim dabdurustdan dadil turib.

– Alma…

– Ha, ha… almamater. Xotirangiz kuchli ekan.

– Qandaydir yoqimli ekan nomi.

– Lotincha bu soʻz.

– Maʼnosi nima?

– Sut bergan ona.

– Shuning uchun uning sutini yalayotgan ekansiz-da.

– Bu soʻzni talabalar universitet maʼnosida ishlatishadi.

– Yoʻq, sut bergan ona deyilgani maʼqul.

– Ha, unda erkalash maʼnosi ham bor.

Juvon xoʻrsinib qoʻydi. Hayotining faqat ayollargagina xos boʻlgan qaysidir lavhasi yodiga tushgandi aftidan. Keyin daraxtga qaradi. Shox va novdalarda behisob “toʻpcha”lar. Yerda ham bir qanchasi tuproqqa qorishib yotibdi. Juvon haqida koʻp narsa bilgim kelardi. Nazarimda uning hayoti taassurotlarga boy edi. Savol berishga chogʻlandim, ammo sira kutilmaganda bekatga kelib toʻxtagan “Damas” tomon odimladi u. Mashinaga chiqib deraza tagidan joy olarkan, men turgan tomonga qaradi. Uning shoshqin nigohida men gʻaribga atalgan iliq bir narsa borligini payqadim. Mashina uzoqlashib borardi. Boshimni quyi egdim, koʻzlarimni yumdim…

 

4

 

Oyogʻim yerdan uzildi. Shiddat bilan yuqoriga tomon koʻtarilib borayapman. Qorongʻilik. Hech narsani koʻrmayman, hech qanday tovushni eshitmayman. Nazarimda yillar, asrlar mening yonimdan lip-lip etib oʻtib bormoqda. Bu har doim men mashq qiladigan tavajjuh holatining oʻziga xos jihatlaridan biri. Baʼzan yerdagi hayotning uzuq-yuluq parchalari namoyon boʻladi, ammo ularni xayol pardasidan sidirib tashlayman. Yerga qaytgim kelmaydi. Chunki bosh bilan hududsiz samo qavatlarini yorib koinotning chuqur qaʼriga kirib borish va bu holatning uzluksizligi, hech qachon tugamasligi juda yoqimli. Bu holatning mangu davom etishi uchun oʻtmish hayotimdan hech narsani eslamasligim kerak. Qandaydir yorugʻ yulduzga borib urildim. Balki bu meteoritdir… Yana yillar, asrlar oʻtdi. Yulduzlar pastga tomon shiddat bilan tushib borishardi. Xira tumanlik pardasi ortida bir boʻlak muzga oʻxshagan narsa oqarib koʻrindi. Bu oy boʻlsa kerak deb oʻyladim.

…Koʻzimni ochdim. Shift. Qorga monand yorugʻlik taratuvchi burama lampochka. Tepamda oq xalatli ayol. “Oʻziga keldi”, – dedi u kimgadir qarab. Uning kimga gapirayotganini bilmoqchi boʻldim, ammo kuchli ogʻriq soʻnggida yana qorongʻilik qoʻyniga shoʻngʻidim. Bu holat bir necha bor takrorlandi. Va nihoyat, shifoxonada ekanligimni angladim. Yuzim tangʻib tashlangan. Boshimni paypaslab koʻrib kayfiyatim tushib ketdi…

Bir oy deganda chiqdim shifoxonadan. Militsiya formasidagi bir yigitdan boshqa biror kishi holimdan xabar olmadi. “Militsiya serjanti Nosirov”, – deb tanishtirdi oʻzini yigit va savolga tutdi. Uning talabi bilan tushuntirish xati yozdim va hech kimga daʼvom yoʻqligini bildirdim. Keyinroq meni mashinasi bilan urib ketgan haydovchi amnistiya bilan oqlanib… toʻgʻrirogʻi, sud boʻlmay ishi toʻxtatilganini eshitdim. Men uchun buning hech qanday qiziq joyi qolmagan. Undan koʻra oynaga qarab yuzimni tomosha qilish maroqliroq. Yuzim bamisoli qayragʻoch daraxtining tanasiday gʻadir-budur. Burnim chap tomonga qiyshayib qolgan, iyagimda chandiqning chuqur izi. Yonoqlarim pachaqlangan, chap qoshimning yarmi yoʻq… Chap yonga biroz ogʻib choʻloqlangancha xona ichida kezinaman.

 

5

 

Oradan toʻqqiz oy oʻtdi. Toshkentda malaka oshirish kursida oʻqiyapman. Bahor. Turli viloyatlardan bu yerga turli qiyofadagi odamlar kelishgan. “Abdulla Avloniy”ning keng hovlisida mashgʻulotlardan keyin sayr qilib yurgan kasbdoshlarimni derazadan kuzatishni yaxshi koʻraman. Oradan biror hafta oʻtib bu mashgʻulotni toʻxtatdim. Chunki qora doʻlanalar gullay boshlagandi. Bunday pallada uyda oʻtirish gunoh. Institut darvozasidan chiqib chap tomonga yurdim. Chamasi ellik-oltmish qadam narida bir toʻp qora doʻlana daraxti bor. Hali uning oldiga yetib bormasimdanoq havoning muattar bir hidga toʻyinganini his qildim. Boshim aylanib ketdi. Bu daraxt gullaridan taraladigan achqimtir hid menga juda yoqadi. Achqimtir, ammo juda muattar. Qora doʻlanalar gullagan damlarda bu dunyoni tashlab ketish sira mumkin emas. Daraxt malaka oshirish institutining hovlisiga yaqin joyda. Bu oʻquv dargohini koʻpincha oddiygina qilib “Abdulla Avloniy” deymiz. Daraxt devorga taqalib oʻsgan. Uning tagida toʻxtab koʻzlarimni yumdim, oʻpkamni toʻldirib nafas oldim. Atrofda hech kim yoʻqligidan foydalanib tavajjuh holatiga kirdim va boshim bilan daraxt gullari orasiga shoʻngʻidim. Gullar va men… Boshqa hech kim va hech narsa yoʻq. Olam faqat guldan iborat. Savatchalarda dasta-dasta boʻlib joylashgan son-sanoqsiz gullarning har biri oʻz holicha havoga atir purkaydi. Arilarning bir maromda gʻuvullashi… O, qani endi butun umr shu joyda, shu gullar orasida, shu holatda qolsam!

Nogoh kimdir tirsagimdan tutdi. “Qori aka, yoʻldan oʻtkazib qoʻyaymi?” – degan ovozdan borliqqa qaytdim. Roʻparamda yoshgina bir ayol turardi. Uni tanidim. Unga rahmat aytmoqchi boʻldim. Ammo koʻzlarim ochilganini koʻrgan ayol darhol yoʻliga ravona boʻldi. Bu Sayyora edi…

 

6

 

…Sayyora yengilgina kiyinib chiqdi. Yapon shifonidan tikilgan kalta yengli koʻylagi egniga quyib qoʻyganday turar, ayolning qomatiga joziba baxsh etardi. Uning nazarida goʻyo olamdagi bor nurlar shu koʻylakdan taralar, shu koʻylak gullari atrofga atir purkardi. Sebzor koʻchasiga yetganda biroz ikkilanib turib qoldi. Koʻnglida dugonasiga xabar bermay yolgʻiz sayr etish istagi tugʻildi, bunga arzirli bahona ham topildi. Dugonasining gapdonligi, hadeb ikki-uch yil avval roʻy bergan sevgi tarixini kuyib-pishib gapiraverib joniga tegib ketganligi nogoh shu lahzada – dugonasining darvozasiga bir necha qadam qolganda yodiga tushib, indamay ortiga qaytdi-yu, lojuvard osmonda havolanib yurgan kabutardek erkin his etdi oʻzini.

Yoʻl-yoʻlakay attorlik mollariga toʻlib ketgan doʻkonlarga birrov kirib chiqdi, soʻngra tayyor kiyimlar rastasi boʻylab yurdi. Va… va birdan dilida yashirinib yotgan istak aslida bu emasligini, biror narsa xarid qilishdan kuchliroq nimadir bezovta qilayotganini anglab qoldi-yu, koʻngli qoʻmsayotgan narsaning nimaligini tushunib yetmay, yoʻldan adashgan kishidek kadamlari sustlashdi. Nimanidir qattiq qoʻmsardi. Ana shu qoʻmsash uni Anhor boʻyiga yetakladi. Odam kam, xilvatsaro bu goʻsha dastlab choʻchitdi uni. Bahaybat akas va eman daraxtlari xayol ogʻushida. Anhor suvi ularning xayolini buzishga jurʼat etmayotgan kabi yoki bu sokinlikdan biror narsa anglab olmoqchidek sokin oqar, koʻchalarni toʻldirib sirgʻalayotgan mashinalar va odamlarning aralashib ketgan guvranishi elas-elas eshitilardi. Odatda guruh-guruh boʻlib sayr etib yuradigan yoshlar koʻrinishmaydi. “Odamlar bozorlarda, Chorsuda, Otchoparda, – mulohaza qildi Sayyora. – Bu joyga avvalroq kelmaganimni qara-ya, qanday tinch, osoyishta”.

Temir panjaraning qora boʻyoqli sirtini barmoqlarining uchi bilan siypalagancha, oʻyinqaroq bir kayfiyatda suv oqimi boʻylab boraverdi. Anhor koʻprigining bahaybatligi eʼtiborini tortib va bundan hayrati ortib, ayni paytda shunday balandlikdan oʻzini suvga yiqilib tushayotganday his qilgancha yuragi hapriqib borarkan, xiyobondagi eng chekka oʻrindiqda oʻtirgan kishini dafʼatan payqamadi. Unga koʻzi tushganda esa yuragi “shigʻ” etib ketdi. Erkakning chekka sochlari oqargan, xuddi qulogʻiga ikki dona oq atirgul qistirib qoʻyilganday. Yoshi ellik besh-oltmishlarda. Qoshlari chimirilib burun qirrasi tomon intilib turgani sababli peshonaning oʻrtasida loviya kattaligidagi tuguncha. U sigareta tutatib oʻtirar va aftidan nimanidir qattiq oʻylardi. Oʻrindiq suyanchigʻi ustida qora yomgʻirpoʻshi, yonida shu rangdagi shlyapa. Shlyapa ustidagi suyrisimon chuqurchada bir quti sigaret. Uning ustida bir quti gugurt. Sayyoraning nigohi bularning barchasini bir sermab oʻtdi-da, erkakning gʻamgin qiyofasi ustida toʻxtadi. Erkak nigohini yerdan uzmasdan va haykalday qotib qolgan holatini oʻzgartirmasdan yana sigaretga qoʻl choʻzdi. Begona erkakning roʻparasida turib qolganidan oʻngʻaysizlanib shoshilgancha yoʻlida davom etdi. Uch-toʻrt qadam oʻtib ortiga qaradi. Oʻz xayollari ogʻushida oʻtirgan erkak tanishga oʻxshardi. Tanishday va hatto juda qadrdonday.

 

7

 

Oradan uch kun oʻtib yana anhor boʻyida, oʻsha joyda, oʻsha alpozda oʻtirgan holatda uchratdi uni. Havo biroz aynib, shamol esar, dov-daraxtlar norozi bir qiyofada bosh tebratib turardi. Oldidan oʻtayotib, erkakka koʻz qiri bilan nazar soldi. Bu safar erkakning qoʻlida qandaydir qogʻoz bor. “Gap bu yoqda ekan-da, – oʻyladi Sayyora. – Demak, bu odamning oilasi uzoqda. Xatning mazmuni esa tahlikali. Balki xotini rashkchidir…”

Erkak varaq qatini ocharkan, koʻzini birdam qogʻozdan uzib roʻparasida qotib turgan ayolga qaradi. Nigohlarning qisqa, oniy bu toʻqnashuvida koʻz koʻzga tushdi, xolos. Sayyora shoshqin qadamlar bilan uzoqlashdi. Erkakning koʻzlari qoramidi, qoʻngʻirmidi, anglolmay qoldi. Xatni oʻqib boʻladi-yu, yoʻlga tushadi, mayli, borsin-da tezroq uyiga, dedi Sayyora oʻziga oʻzi. Ammo oxirgi gap goʻyo “ketmasa yaxshi boʻlardi”, degan fikrning shuurida bosh koʻtarib qolishidan choʻchiganday bir tarzda aytildiki, oʻz xayolidan oʻzi uyalib ketdi. Ancha joyga borgandan soʻng yana ortiga qaradi. Erkakning xat ushlagan qoʻli tizzalaridan pastga majolsiz osilib turar, barmoqlari uchida qogʻoz oqarib koʻrinardi.

Juvonning qadamlari sustlashdi. Yoʻldan chetga oʻtib panjaraga suyandi. Peshonasini temir panjaraning sovuq sirtiga bir lahza bosib turdi. Soʻngra xiyobon chetidagi oʻrindiqqa omonatgina oʻtirdi. Endi xat yerga tushib yotar, yengilgina esayotgan shamol uni varaqlar, ammo uchirib keta olmay titkilardi.

Quyosh ufqqa tomon ogʻdi. Daraxt yaproqlari avvalgidan kuchliroq shovullar, novdalar tobora qattiqroq silkinar. Nihoyat erkak oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Yomgʻirpoʻshini va shlyapasini kiydi-da, boshini quyi solgan koʻyi xiyobon boʻylab bitta-bitta qadamlagancha Sayyora oʻtirgan tomonga qarab kelaverdi. Qiz taraddudlanib qoldi. Dastlab oʻrnidan turishga, tezroq joʻnab qolishga chogʻlandi, ammo shu soniyaning oʻzida fikridan qaytib, sumkachasini tizzalari ustiga olgancha kavlashtira boshladi. Erkak yaqinlab kelib yonidan oʻtayotganda oʻzini shu ish bilan mashgʻuldek koʻrsatdi. Ammo uni pinhona kuzatishda davom etdi. Erkak shoshilmay qadamlardi. Oyogʻida qishki botinka, tumshugʻi ingichkaroq, tagcharmi qalin, askarlarnikiday. Chap oyogʻini bosganda tagcharmning nola qilganday gʻirchillashi eshitiladi. Shimining poychasi botinka tovonidan pastroqqacha tushib yerga tegay deb turibdi.

 

8

 

Erkak koʻzdan pana boʻlishi bilan oʻrnidan sakrab turdi va uzoqda oqarib koʻrinayotgan qogʻozga tomon yurdi. Yoʻlning yarmiga borganda, sira kutilmaganda shiddatli shamol esa boshladi. Chang-toʻzon koʻtarildi. Tepada guvranayotgan kuchli oqimning yer bagʻirlab oʻtayotgan epkini yoʻlakda yotgan qogʻozni Anhor tomon uchirib ketdi. Sayyora endi havoda chirpirak urib aylanayotgan va tobora uzoqlashib borayotgan ikki varaq qogʻoz ortidan yugurib borar, qandaydir sirli bir kuch uni chorlardi. Qogʻoz shamol qanotida uchib borib sohil panjarasiga yopishdi va uni quvlab kelayotgan ayol bilan xayrlashayotgan kabi shaldirab silkina boshladi. Sayyora butun vujudi bilan xatga intildi, qoʻl choʻzdi, ammo shamol undan chaqqonlik qilib, qogʻozni panjara simidan yulqib oldi-yu, uchirib ketib Anhor suviga uloqtirdi.

Sayyora yomgʻirda ivib xonasiga qaytdi. Dastavval sumkachasidan sigereta qutisini olib koʻzdan kechirdi: soʻzlarini qiziqish bilan oʻqidi. Uni deraza tokchasiga, boshqa xuddi shunday qutichalar oldiga qoʻydi-da, javondan issiqroq kiyimlarini olib kiydi. Eti junjikar, qaynoqqina choy ichgisi kelardi. Yelkasiga tivit roʻmolini tashlab oshxonaga oʻtdi. Buxorolik aspirant yigit gazoʻchoqqa choydish qoʻyib, qaynashini kutib turardi.

– Mana, menikidan damlab olaqoling, – mulozamat qildi yigit. – Kutib oʻtirasizmi? Ana, qaynay deb qoldi. Ikkovimizga ham yetadi.

– Rahmat, – javob qildi Sayyora.

Yigit yana bir-ikki gap tashlab koʻrdi-yu, uning sukut saqlashidan oʻzicha maʼno sezib boshqa indamadi. Kasbdoshining choynagiga qaynoq suv quyib berarkan: “Hayot shu ekan-da”, – deya xoʻrsinib qoʻydi.

Oradan yarim soatlar oʻtib dahlizchada jurʼatsiz bosilayotgan qadam tovushlari eshitildi. Eshik ohista tiqilladi. “Yana “Abushqa”ni soʻraydi”, – xayolidan oʻtkazdi Sayyora. Kitobni oldi-da, eshikni qiya ochib: “mana” dedi. Yigit kitobni olarkan, rahmat aytdi va qaddini xam qilgancha, ogʻir qadamlar bilan oʻz xonasi tomon ketdi. Yigitning maqsadi ikki ogʻiz gaplashish, kitob esa bahona ekanligini tushunardi Sayyora. Ammo roʻyxushlik bermadi.

Uning ruhiyatida nimadir oʻzgargan, nimadir yetilgan va yana nimadir boʻy koʻrsata boshlagandi. Xona devoriga qarasa ham, kitob varaqlasa yoki idish-tovoq yuvishga tutinsa ham mutlaqo begona, lekin ayni paytda “ming yillik qadrdon” oʻsha gʻamgin qiyofa koʻz oʻngida namoyon boʻlardi. Karavot panjarasi orasidan qoʻl choʻzib intilgancha sigaret qutichasidan birini oldi, yozuvlariga, rangiga, aylana ichidagi otliq kishining haykaliga qaradi va sekingina burniga yaqinlashtirdi. Hidlab koʻrdi. Bu qizil qutichani ham oʻrindiq yonidan oʻtib ketayotib oʻt-oʻlanlar orasidan topib olgan va “uniki” ekanligini bilardi. Nogoh eshikning taqillashi Sayyorani choʻchitib yubordi. Yuragi hapriqqancha oʻrnidan otilib turdi, tezroq harakat qilmasa “U” ketib qoladiganday shoshib eshikka qoʻl choʻzdi.

– Kitobingizni olib kelgandim, – degan tovush eshitildi tashqaridan.

Sayyora alam bilan uf tortdi. Eshikni ochdi va indamay kitobni olarkan, aspirant yigitning istehzoli nimtabassumidan oʻziga keldi.

– Sigaret qutisi?..

– Ha, chekaman. Nima, mumkin emasmi? – ters gapirdi Sayyora.

Shoshilib eshik tomon borganida sigaret qutisini qoldirishni unutgan ekan. Yigit lablarida qotib qolgan oʻsha istehzoli tabassum bilan indamay bosh tebratdi-yu, shaxdam qadamlar bilan ortiga qaytdi. Uning harakatida zarda va keskinlik yaqqol koʻrinib turardi.

 

9

 

Anhor boʻyi Sayyoraning muqaddas manziliga aylanib qoldi. Endi u gʻamgin qiyofali odam oʻtirgan oʻrindiqqa yaqinroq borib ogʻziga bir dona nordon “Dyushes” qandidan solardi-da, sumkachasidan kitobini olib oʻqishga tutinar, dunyo bexabar qoʻshnisining sigareta tutatishiga qarar, uning gazetani koʻzdan kechirishi, soʻngra qandaydir qalin jurnalni varaqlashini hech qachon eʼtibordan chetda qoldirmasdi. Gʻamgin qiyofali odam baʼzan nimalarnidir yozardi ham.

Koʻk, qizil qutichalar oʻn oltitaga yetdi. Har safar gʻamgin qiyofali odam ketishi va koʻzdan pana boʻlishi bilan Sayyora uning oʻrnida paydo boʻlardi. Bu oʻrindiqda oʻtirish oʻngʻay, orqa suyanchigʻi yotiqroq, bemalol yastanish mumkin. Oyoq va bel toliqmaydi. Haligi xat gʻamgin qiyofali odamning hayotida u qadar muhim ahamiyat kasb etmaganini allaqachon tushungandi Sayyora. Chunki u hech qayoqqa ketmadi. Balki oʻsha qogʻozda butunlay ahamiyatsiz bitiklar boʻlgandir?

Ular oʻtiradigan oʻrindiqlar orasidagi masofa yetti qadamcha keladi. Shu bois gʻamgin qiyofali kishining yuz ifodasi aniq koʻrinadi. Uning uzunchoq yuzi, chap tomonga biroz qiyshiq oʻrnashgan qirra burni, iyagidagi chandiq va yarimta qoshi qizga juda chiroyli, hatto bir qadar savlatli koʻrinadi. Faqat lablari yupqa va hamisha qattiq qimtilgan. Ogʻiz oʻrnida ikki cheti pastga tomon osilgan qavssimon ikkita chiziq. Bu “qavs”ni unchalik chiroyli deb boʻlmaydi. Jurnalni oʻqiyotganda barmoqlari bilan chekka sochini tortqilab turadi. Qoshlari chimrilgan, yuzida goh iztirob, goh oʻkinch aksi. Bir safar uning yuzi yorishib ketdi. Chetlari pastga osilgan “qavs” toʻgʻrilandi. Gʻamgin qiyofali odam, Sayyora uni tanigani va”doʻstlashgani”dan buyon, ilk marta jilmaydi. Ammo gʻamgin qiyofa lablarning bunday xiyonati va oʻzaro bitishuvini payqamay oʻqishda davom etdi. Ayol bir muddat nigohini undan uzmadi. Shu begona odamning yuzidagi har bir chiziqni va har bir ifodani xotirasida uzoqroq saqlab qolish maqsadida astoydil tikildi. Qulogʻining solinchogʻi katta. Quloq ichida oʻsgan yunglar qorayib koʻrinib turibdi. Ularning ayrimlari yuzi tomon qayrilib, chekka sochiga qoʻshilib ketgan. “Sochi Betxovennikiga emas, Balzaknikiga koʻproq oʻxshaydi, – xayolidan oʻtkazdi Sayyora, soʻngra lahza oʻtmay fikridan qaytdi. – Yoʻq, Oybeknikiga oʻxsharkan”.

Erkak oyogʻini chalkashtirib, tirsagi bilan oʻrindiq suyanchigʻiga tayangancha Sayyora oʻtirgan tomonga yarim oʻgirilgan koʻyi jurnalni tizzasi ustiga qoʻyib shoshqin harakat bilan choʻntagidan yon daftarini oldi. Engashib nimalarnidir tez-tez yoza boshladi. Ana, oʻrnidan turib anhor tomon yurdi. Xiyobonni kesib oʻtib panjaraga suyandi. Ortiga qaytib yana oʻrniga oʻtirayotganda Sayyoraga qaradi. Qoshlari oʻrtasidagi chiziqlar chuqurlashib, chiziqlar orasidagi tuguncha boʻrtib chiqdi. Nimanidir eslashga urinardi aftidan. Sayyora nigohini undan uzib yerga koʻz tikdi. Qaddini rostlamoqchi, koʻksini koʻtarib orqaga suyanmoqchi boʻldi-yu, jurʼati yetmadi. Aksincha, enkayib oldi. Shabada mayin-mayin esar, tamaki tutunining oʻtkir hidi Sayyoraning dimogʻiga urilardi. Bu hidga koʻnikishni istardi ayol va butun irodasini toʻplab chuqur-chuqur nafas olardi.

 

10

 

Ertasi kun Sayyora oʻsha joyni boʻsh koʻrdi. Lekin uning oʻrindigʻiga borib oʻtirishga haddi sigʻmadi. Kelib qolar degan umidda eski bir jurnalni varaqlab oʻtirdi. Oʻqtin-oʻqtin “oʻqish”dan bosh koʻtarib atrofga alanglarkan, Anhorning narigi betida kimningdir sharpasini payqaganday boʻldi. U tomonda odamlar oʻtib-qaytib turishardi. Haligi sharpa oʻzini panaga – daraxt tanasi ortiga olgani ayolning diqqatini tortdi. Yuzini jurnal varagʻi bilan toʻsgancha oʻsha tomonni kuzata boshladi. Sharpa berkingan joyidan qoʻzgʻalib tanasi ayri boʻlib oʻsgan daraxt ortiga oʻtdi.

Gʻamgin qiyofali odamdan esa hamon darak yoʻq. Sayyora boʻm-boʻsh oʻrindiqqa gʻamgin nigoh tashlarkan, nogoh Anhorning narigi betida paydo boʻlgan sharpa yodiga tushdi-da, atrofga alangladi. Daraxt tanasi ortida jigarrang kiyimning uchburchak etagi koʻrinib turardi. “E, bordir-da birortasi” xayolidan oʻtkardi u va oʻzini chalgʻitish maqsadida yana jurnalga tikildi. Quyosh daraxtlar ortiga oʻtib berkindi. Soyalar quyuqlashdi, salqin tushdi. “Kelmaydi” alamnok aytildi bu soʻz. Soatiga qaradi. Oʻrnidan turdi. Ketishga chogʻlanarkan, yana uning oʻrniga koʻz tashladi va shundagina maysa ustida yotgan qizil rangli qutichaga koʻzi tushdi. Ustidagi shaffof sellofani ham tushib ketmagan. Shoshqin harakat bilan qutichani sumkachasiga soldi.

Oradan toʻrt oy oʻtdi.

 

11

 

Aspirantlar uyi hamishagidek xira chiroqlari, magnitofon chinqiriqlari hamda ilm toliblarining shovur-shuvuri bilan oʻzining dunyoda mavjudligidan darak berib turardi. Uzun dahliz eshiklari oldida qoʻshnilar uymalashib turishar, shangʻillab gapirishar, bor ovozlari bilan kulishar, xullas, sunʼiylik evaziga boʻlsa-da, oʻz dimoqlarini oʻzlari chogʻ qilishga urinardilar. “Qachondan buyon shovqin-suron yoqmay qoldi menga?” Oʻz shuuriga oʻzi savol berdi Sayyora xonasiga kirib eshikni zichlab yoparkan.

Deraza tokchasidagi qutichalardan birini oldi. Endi nima yozilganini yoddan bilgani uchun yozuvlarni oʻqimay qoʻygan, qutichaga havas bilan qarab, hidlab, yana joyiga qoʻyardi. Bu safar ham hidlash uchun qutichani burniga olib borarkan, uning ichidagi qogʻozga koʻzi tushdi. Barmoqlarining titroq harakati bilan oldi uni. Ixcham qilib buklangan qogʻoz… Xat!.. Quticha ichida xat bor edi. Bu qogʻoz oʻziga taalluqli ekanligini va bu xatda hayotini agʻdar-toʻntar qilib yuborishga qodir kuch yashirinligini ichki bir tuygʻu bilan tuydi Sayyora. Gʻamgin qiyofali odamning qarab-qarab qoʻyishi, yuz ifodasi, qoshlarining chimirilishi, peshonasida oʻynab turadigan chiziqlar aniq-tiniq koʻz oldiga keldi. “Har holda unchalik bildirmasa ham menga eʼtibor qilgan ekan, befarq koʻrinishi bekor ekan” degan xulosa bilan xatni ochdi va quyidagilarni oʻqidi:

“Ey, notanish Xilqat! Maqsadingni anglat. Agar meni sevib qolgan boʻlsang, bekor qilasan. Oramizdagi farq juda katta. Oʻylab koʻr. Atrofingda shuncha yosh yigitlar boʻla turib, mendek yoshi oʻtib qolgan kishini sevishga nima majbur etdi? Javob xati yozma. Anhor boʻyiga kelmay qoʻysang, shuning oʻzi yoʻllagan javobing boʻladi.

Salom bilan notanish odam”.

 

12

 

Sayyora yana oʻsha yapon shifonidan tikilgan koʻylagini kiydi. Bu libosda oʻzini dadilroq sezardi. Aytadigan soʻzlarini takror-takror xayolidan oʻtkardi va sumkachasini yelkasiga ilib shaxdam odimlagancha yoʻlga tushdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, gʻamgin qiyofali odam xuddi avvalgidek oʻz oʻrnida oʻtirardi.

– Javob xatini yozdim, – dedi Sayyora uning roʻparasiga kelib toʻxtarkan, taʼna va gina barq urib turgan nigohini undan uzmay.

– Qanday xat? Kimga? – soʻradi ohista oʻgirilib qararkan, gʻamgin qiyofali kishi.

– Sizga.

– Qani?

– Mana! – oʻziga ishora qildi Sayyora.

– Tushunmadim…

Sayyora uning hayratga toʻla tiniq koʻzlariga qaradi.

– Siz bu joyni sotib olganmisiz?

– Qayerni?

– Shu anhor boʻyini-da.

Ayolga zavq bilan qaradi gʻamgin qiyofali kishi. Bosh chayqadi, lablariga unsiz tabassum yugurdi. Soʻngra chuqur xoʻrsindi-da, soʻradi:

– Yozuvchiga shaytonning ham rahmi keladi degan gapni eshitganmisiz?

– Shaytonning nima dahli bor?

Sokin, yarim siniq ovoz bilan aytdi ayol bu gapni.

– Men puldor emasman. Toʻgʻri, shu joyda oqshomgi fursat biroz oʻtirishni yaxshi koʻraman. Odatlanganman. Havosi toza. Xilvat. Hech kim fikrlashimga xalaqit bermaydi. Shu joyda oʻtirsam miyamga yaxshi fikrlar kelaveradi. Lekin bu joyni sotib olmaganman.

– Siz yozuvchimisiz?

Gʻamgin qiyofali kishi tasdiq maʼnosida gunohkorona bosh egdi.

– Mening bu yerga kelishimni taqiqlash ham shu joyda xayolingizga kelganda-a? – tabassum qildi Sayyora.

– Taqiqlash… bu nima deganingiz? Axir men siz bilan biror ogʻiz ham gaplashganim yoʻq-ku. Kelavering, ertaga bu joyni yana butunlay sizga tashlab ketaman, – dedi gʻamgin qiyofali kishi ayolning gapini hazil fahmlab.

Sayyora yalt etib unga qaradi. Yuzidagi tabassum soʻndi. Boshini quyi solib jim qoldi. Titroq barmoqlari bilan koʻylak belbogʻining uchini asabiy tarzda gʻijimlay boshladi.

– Hech narsa tushunmadim, – dedi gʻamgin qiyofali kishi sokin bir harakat bilan choʻntagini kavlarkan. – Savollaringizga javob berdim, ammo hech narsaga fahmim yetmadi.

– Shunisi maʼqul. Eng muhimi, men haqiqatni angladim.

– Menga ham anglating-da, unda…

Qorongʻi tusha boshlagandi bu paytda. Sayyora ikkilandi. “Ertaga ketmasangiz…” – deyishga koʻp urindi. Ammo bu soʻzlarning har bir tovushi qoʻrgʻoshindan quyilganday ogʻir. Aytolmadi. Koʻzyoshlarini arang tiyib turardi. Ertasi kun boʻyi xonasidan chiqmadi. Qoʻshnisi ham eshikni qoqmay qoʻydi. Faqat har zamon, har zamonda oʻta ehtiyotkorlik bilan qadam bosib oshxona tarafga oʻtgani eshitilib qolardi.

 

13

 

Yozning dimiqqan oqshomlaridan birida aspirant yigit yana “Abushqa”ni soʻrab ostonada paydo boʻldi. Sayyora gʻamgin qiyofali kishi bilan boʻlgan suhbatdan keyin daraxt ortida yashirinib turgan kishining kimligini va xatni kim yozganini tushungandi. Shu bois toʻrt oy quticha ichida yashirinib yotgan xatni kitob orasiga soldi-da, indamay uzatdi. Indamay eshikni yopdi va qaytib kelib oʻrniga yotdi. Kechagi suhbatni ipidan-ignasigacha qayta esladi. Uning javoblarini, holatini, qiyofasini takror-takror koʻz oʻngidan oʻtkardi. “Menga ham anglating-da, unda”. Gʻamgin qiyofali kishining soʻnggi gapi shu boʻldi.

Nogoh sapchib oʻrnidan turib ketdi Sayyora va beixtiyor nido qildi: “Axir uning qoʻlida haligi bor edi-ku, haligi… Alma… almamater! Almamater daraxtining mevasi! Nega xayolimga kelmadi?!”

Sayyora shoshqin bir harakat bilan kiyina boshladi. Balki bugun ham kelgan va hali ketmagandir degan ilinj bilan dahliz boʻylab yugurib borarkan, koftasini teskari kiyib olganini ham sezmadi. Qosh qorayganda manzilga yetib keldi. Trolleybusdan tushib anhor boʻyiga tomon enarkan, yuragi hapriqib, butun vujudi bilan olgʻa intildi va oqshom qorongʻisida qorayib turgan gavdani koʻrdi…

 

* * *

Oʻsha qorayib turgan gavda, gʻamgin qiyofali oʻsha odam men edim. Qoʻlimda almamater daraxtiningng mevasini ushlab turardim.

 

Neʼmat ARSLON

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.