Alla

0
308
marta koʻrilgan.

Qabriston gʻishtin devor bilan oʻralgan. Darvozaning narigi tomonida – goʻrkovning hujrasi. Berigi tomonida – tashqarida, uning hovlisi.

Darvozaga yaqin kelishim bilan ichkaridan – hujra tomondan tilovat sadosi eshitildi. Xuddi shu payt hovli tomondan alla ovozi yangrab ketdi:

 

Allayo, alla, jonim bolam-a, alla…

 

Kim boʻldi bu? Goʻrkovning kelinimi? Qizimi?..

U hamon sokin tovushda davom etardi:

 

Uxla, qoʻzim, allayo, shirin qizim, alla…

 

Ertalab yomgʻir yoqqan edi. Darvozaning temir panjaralarida suv tomchilari yaltiraydi. Koʻlmakda quyosh jilolanadi. Muzdek tutqichdan ushlagancha turib qoldim. Bir tomonda tilovat sadosi, bir tomonda alla… Ajab, ular bir-biriga xalaqit bermas, bir-birini rad etmas, ikkalasi qoʻshilib bahor nafasiga toʻlgan osmonda, qabriston yoʻlkasidagi kuchala chiqargan teraklar ustida parvoz qilar edi:

 

“Rabbano-o-o, rabbno-o-o…” “Allayo, alla”…

 

Bir xil boʻlib ketdim. Panjarador darvozaga suyanib uzoq turib qoldim.

Onam beshigim ustida alla aytganini eslay olmayman. Esimni taniganimda beshikda yotmaydigan boʻlgan edim. Biroq oyim ukamga alla aytganini eshitganman. Koʻp eshitganman.

Qish kechalari sandalga suqilib tiqilishib yotardik. Uy nimqorongʻi. Piligi pastlatib qoʻyilgan chiroq xira nur sochadi. Shiftda lampa shisha uchidan chiqqan nur doirasi koʻrinadi. Chiroq doim bir joyda turgani uchun shiftning oʻsha yeri sargʻayib qolgan. Hammayoq jimjit. Shu qadar jimki, dadamning hujrasidagi soatning chiqillayotgani ham eshitiladi. Tashqarida boʻron guvillaydi. Quruq qorning derazaga chirsillab urilishi eshitilib turadi. Ukamning beshigi gʻirchillaydi. Onam alla aytadi.

 

Alla, bolam uxlay qol-a, alla,

Quchogʻimda orom ol, alla…

 

Yoʻq, bu qoʻshiq emas. Oyimning ovozida qandaydir boshqa narsa bor. Mungmi, iltijomi…

 

Togʻlardagi shunqorim-ey, alla,

Beshikdagi qoʻchqorim-ey, alla.

 

Ukam ovunib qoladi. Oyimning oʻzi ham beshikni quchoqlagancha mudrab ketadi. Bir mahal beshik ustidagi qoʻli shilq etib yoniga tushadi. Ukam uygʻonadi, beshik yana gʻijirlaydi. Oyim ham choʻchib koʻzini ochadi. Beshikni ohista tebratadi:

 

Yigitlarni sardori boʻl, jonim-a,

Yuragimni madori boʻl, alla…

 

Yana jimlik choʻkadi. Soat chiqillaydi, qor derazaga chirsillab uriladi. Sekin-sekin koʻzim uyquga ketarkan, qulogʻim ostida yana oʻsha maʼyus sado eshitiladi.

 

Oq uy-ola bargaklarda jonim-a,

Yonib turgan chirogʻimsan, alla…

 

Keyin… katta boʻlganimda ham qayerda alla eshitsam, negadir yuragim shirin orziqish bilan talpinib ketar, nega bunaqa boʻlayotganini oʻzim bilmas edim. Bir yili uch-toʻrt qalamkashlar olis togʻ qishlogʻiga bordik. Mashina yurmas edi. Ot minib oʻrganmaganim uchun charchab qoldim. Manzilga yetmasimizdan qorongʻi tushdi. Yaylovdagi qirgʻiz oʻtovida tunab qolishga toʻgʻri keldi. Qimiz ichdik, suzma yedik. Keyin birimiz namatga, birimiz poʻstakka yonboshlagancha uxlab qolibmiz. Bir mahal sovuq qotib, uygʻonib ketdim. Atrof jimjit. Faqat olisda it akillaydi. Oʻtov keragisidan shom yegan oy moʻralaydi. Shu payt qoʻshni oʻtovda chaqaloq yigʻisi, ketidan ayol kishining alla aytayotgani eshitildi. Men uning soʻzlarini aniq bilmasam ham alla aytayotganini his qilib turardim. Negadir yuragim shirin orziqib ketdi. Ayolning ovozimi, alla ohangimi, xuddi onamga oʻxshab ketardi. Negadir shu ohang bilan qalbimga orom kirganday boʻldiyu oʻz-oʻzidan koʻzlarim yumilib keta boshladi. Goʻyo qirgʻiz ayol bolasiga emas, menga alla aytayotganday… Yaqin orada bunaqa shirin uxlamagan edim.

Oradan uch-toʻrt yil oʻtgach, shunaqa holatni yana bir marta boshimdan kechirdim. Kislovodskka dam olishga borgan edik. Toʻrtta oʻzbek yigʻilsa osh qilish harakatiga tushib qoladi. Sanatoriy yaqinidagi xonadondan qozon topdik. Bu yerning aholisi yoz paytida uyiga dam oluvchilarni ijaraga qoʻyadi. Bu xonadonda ham sibirlik juvon ijara oʻtirarkan. Sap-sariq sochli, barvasta gavdali, yuzini sepkil bosgan juvon qishloq ayollariga xos soddadillik bilan bizga darhol elakishib ketdi. Kichkintoy oʻgʻilchasini koʻtarib goh sabzi artishadi, goh idishlarni yuvadi. Oʻzbek palovining taʼrifini koʻp eshitsa ham hech yemaganini dilkashlik bilan aytib kuladi.

Birgalashib osh yedik, koʻk choy ichdik. Keyin sibirlik juvon kichkintoyini koʻtarib uyga kirib ketdi. Oradan chorak soatcha oʻtgach, ichkaridan uning ovozi keldi:

Bayu ba-ayushki, bayu, bayu-bay…

Qiziq, yuragimda yana oʻsha shirin orziqish uygʻondi. Uning ovozi ham onamnikiga oʻxshab ketardi. Doʻstlarim gangur-gungur suhbatlashib oʻtirishibdi. Men boʻlsam ichkaridan chiqayotgan alla sadosiga quloq solaman. “Ba-yu, bay…”

Bu qanday holat?! Bu qanday sehr? Nima oʻzi bu?

Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir odam oʻz seviklisiga aytgan dil rozini dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir odam aytgan qoʻshiqni dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Ehtimol, dunyoning bu chekkasida turib bir odam aytgan eng oqilona fikrni dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Biroq dunyoning bu chekkasida turib ona aytgan allaga dunyoning narigi chekkasidagi goʻdak bemalol orom oladi. Nega shunaqa? Nahotki, goʻdak tushungan narsaga biz tushunmasak? Ehtimol, buning boisi boshqa joydadir. Ehtimol, ona tushungan narsani bizlar tushunmasmiz. Balki shuning uchun ham ona – tabiatning eng buyuk ixtirosidir.

Bilmadim… Qabriston darvozasi oldida, bir tomonda tilovat, bir tomonda alla yangrayotgan darvoza oldida turib shularni oʻyladimu gʻalati boʻlib ketdim.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.