Alkashlar anjumani

0
243
marta koʻrilgan.

reportajnamo

 

– Men ichgan aroqlarni yigʻib, hajmini hisoblasak, dunyo okeani suvi hajmidan bir yuzu oʻn baravar koʻp chiqardi, – deydi Xalqaro alkashlar uyushmasi raisi, oʻn toʻqqiz karra jahon aroqxoʻrlari musobaqasi gʻolibi, mashhur piyonista Aroqsiz Turmasov alkashlarning yillik hisobot majlisida. – Ha, men butun umrimni oʻzimning sevimli kasbim – ichkilikbozlikka bagʻishladim. Yeganim ham, kiyganim ham shu ichkilikning orqasidan boʻldi. Ammo hech kimdan kam boʻlmadim…

Shuningdek, majlisda soʻz olgan Sharobbek Shaytonqulov hozirgi kunda ichkilikbozlik xalq orasida juda kamayib ketganligi va uni omma orasida keng targʻib qilish bugungi kunning eng dolzarb muammosi boʻlib qolayotganligi xaqida kuyib-pishib maʼruza qildi.

“Aroqxoʻrlikni xalq orasida yaxshi targʻib-tashviq qila olmayotgan “Piyonista” gazetasi faoliyatini qattiq qoralayman, – dedi u qoʻlidagi may toʻla qadahni minbar ustiga “taq” etib qoʻyarkan. – Gazeta oʻz vazifasini bajara olmayapti! Mana, qoʻlimda uning sakkizta soni. Birortasida ichkilikni targʻib etuvchi tuzuk, “oʻqimishli” bir maqola yoʻq”.

Mashhur alkashning mazkur soʻzlarini zal qarsaklar bilan maʼqulladi. Shundan soʻng oʻtgan yili bir oʻtirishda bir kam yigirma toʻrtta shishani dumalatib, oʻz tengdoshlari orasida mutlaq jahon chempioni boʻlgan va “Oltin butilka” kubogini qoʻlga kiritgan yosh iqtidorli alkash Mayxoʻrjon Kayfqulov minbarga chiqdi. U oʻzidan oddin soʻz olgan har ikkala ustozining gaplariga qoʻshilajagini qistirdi. “Kelinglar, dunyodagi barcha alkashlarning sogʻligʻi uchun ichaylik! Olinglar, oldirmanglar!”, – dedi u bir shisha aroqni qoʻlida oʻynatar ekan.

Soʻngra majlis ishtirokchilari Mayxoʻrjonni “Yilning eng yaxshi yosh aroqxoʻri” deb tan oldilar va u maxsus “Billur qadah” medali bilan mukofotlandi. Majlis soʻngida “gʻolib” muxbirlarga intervyu berar ekan, bu yutuqlari bilan aslo chekinib qolmaslikka, kelajakda boshqa sohalarda ham, masalan, kashandalik va giyohvandlikda ham oʻzini koʻrsatishga vaʼda berdi.

 

2006 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.