Alanga

0
225
marta koʻrilgan.

Oʻn sakkiz farzand hikoyati

 

Biz gʻildirakli ulkan aravada chayqalib-chayqalib borardik. Arava allaqanday toʻq yashil olam qoʻynidan chiqib, kulrang va qizgʻish olam qoʻyniga shoʻngʻidi. Choʻqqilari yuksak va ola-bula xilqat birdan qizgʻish tusda porlay boshladi. Moviy osmon aro barkashday olov langʻillab, olamni oltin shuʼlalarga beladi.

Men onamning issiq quchogʻida, allaqanday nim qorongʻilik ichida tebranib boraman. Biz tushgan aravaning ketiga qoʻymi-echkimi bogʻlangan. Qoʻqon aravaning baland gʻildiraklari aylangan sari jonzot ham silkina-silkina ketib boradi. Ora-chora uning mungli, yumaloq koʻzlarini ilgʻab qolaman. Qayerdadir qizgʻish va chagʻir toshlar aro oʻsha jonzot yotqizildi. Uning boʻgʻzida uzun va yaltiroq asbob porlab ketdi. Chagʻir toshlar ustiga tizillab qon sachradi. Uning boʻgʻzidagi yaltiroq narsa ham qizil rangga boʻyalib chiqdi. Bu xotirot mening murgʻak tasavvurimga qayerda muhrlanib qolgan?

Men ota-onamning oʻn yettinchi farzandi edim. Ularning birinchi farzandlari Tojali ayni suygunchak boʻlganida, sakkiz oyligida qizamiqdan oʻlgan. Dadam unga orzu-havas bilan juda koʻp kiyimlar, oʻyinchoqlar olib bergan ekan. Bola oʻlgach, onam uning kiyimlarini bagʻriga bosib, oʻyinchoqlarini suyib yigʻlayvergani uchun ham keyingi farzandlariga sira yangi kiyim olib bermas ekan…

“Mana bu toychoq – Tojalijonning toychogʻi, uni “xoʻppa” qilib minadi”, “Mana bu oʻgʻilchamning toʻnchasi, u bolamga shundoq yarashardi! Yoqalari mundoq turardi”, – deya toʻnchasini quchoqlab boʻzlar edi.

Keyin yana bir oʻgʻil tugʻildi. Bu bola ota-onasiga yoʻldosh boʻlsin, deya uni Yoʻldoshali atadilar. Lekin uni ham bir yoshga yetganda zotiljam “olib ketdi”. Uchinchi oʻgʻil Ergashalini “gulmomo”, yaʼni “chechak” kasali urdi. Ota-ona esa, bolamiz akalariga ergashib ketdi, bekor ismini Ergashali qoʻygan ekanmiz, deya armon qildilar. Ularning bormagan mozor-mashoyixi, qilmagan nazru niyozlari qolmadi.

Otam mani, onam mani

Mashaqqatlar bilan boqqan.

Aziz boshim niyoz aylab

Mozorlarga chiroq yoqqan.

 

Bu qoʻshiqni mungli ovozda koʻp xirgoyi qilar edi Mastura opam. U gulchechakdek nafis tugʻilgan boʻlsa-da, yashab ketdi. Istorabonu yil aro farzand koʻradi, lekin taqdirning bir sovuq shamoli esadi-yu, chaqaloqni komiga tortib ketadi. Biri chala tugʻiladi… biri tugʻilayotganda kindik ipiga oʻralib qoladi… Ular negadir olam yuzini koʻriboq undan yuz oʻgirar edilar. Ularning koʻrgan oʻn bir farzandlaridan faqat bittasi – Masturagina omon qoldi.

Istorabonu oʻn ikkinchi farzandni vahima va tahlika aro kutardi. Oy kuni yaqinlashgach, qaynonasi Oydinbuvishning yoniga, oʻgay qaynotasi Joʻraqulboboning uyiga ketib qoldi. Uning taxminicha, oʻz uyida bir balo boru oʻsha farzandlarini yutayotgandek. Fayziobodda pahlavondek qoramagʻiz chaqaloq tugʻildi. Oydinbuvish momo tinmay chaqaloqqa parvona boʻladi, aylanib-oʻrgiladi. Uning bolani saqlab qolish uchun qilgan birinchi irim-sirimi – chaqaloqni qirq kun davomida onasiga koʻrsatmaslik boʻldi. U kelinning koʻzini bogʻlab qoʻyib, bolani emizdirgach, uni narigi uyga chiqarib qoʻyadi. Uning fikricha, Istorabonu farzand yoʻqotaverib, “koʻzi och” boʻlib qolgan, oʻz bolasiga oʻzining suqi kirib bolalari nobud boʻlmoqda. Bechora ona qoʻshni xonadan chaqaloq “inga”sini orziqib kutadi, nogoh ovozi chiqsa, yeru koʻkka sigʻmay sevinib ketadi.

Oydinbuvish momo bolani tirik saqlab qolish uchun yana bir irim-sirim amalini bajardi. Bola yetti kunlik boʻlganda, yetti dona kulcha yopdi. Chaqaloqni va kulchalarni koʻtarib, yetti eshikka bosh suqdi.

– Hojarxonu Hojarxon!

– Huv-v! – deya ovoz beradi, atrofiga rayhon ekilgan supada choy ichib oʻtirgan Hojarxon.

– Tursunmi-tursin?

– Voy, Tursunboy dalaga ketuvdi.

– Yoʻq, qoʻlimdagi mana bu chaqaloq dunyoda tursinmi?

– Voy, aylanay, Oydinoy, sizga Xudo beribdi-ku!

 

Tursuno-tursun,

Koʻchalari toʻlsin.

Chaqaloqning ismi

“Tursunali” boʻlsin.

 

Hojar momo shoshganidan kavushini poyma-poy kiyib, bir parcha mato olib chiqadi. Oydinbuvish bitta kulchani bolaning boshidan uch marta aylantirib, matoga almashadi. Bu kabi savol-javoblari, “Tursunmi-tursin” nidolari yetti eshikda takrorlanadi. Yetti kulchaga almashtirilgan yetti xil matoni yigʻib, Oydinbuvish momo eshikdan qoʻshiq aytib kiradi:

 

Tursunali tursin,

Koʻchalarni toʻldirib yursin!

 

Oydinbuvish momo yetti xil matodan Tursunaliga toʻncha tikib beradi. Bola uni yetti yoshgacha kiyadi. Qirqinchi kuni Istorabonuga bolaning yuzini koʻrsatadilar. Ota xotini va oʻgʻlini eshakaravaga solib, Oqboʻyraga eson-omon olib keladi.

 

Sohibaxon hikoyati

 

Ular Tursunalidan soʻng yana uchta qiz koʻrdilar. Saboxon toʻqqiz oylik, Patilaxon olti oylik boʻlganda, ona bagʻrini huvullatib, sut toʻla koʻkraklarini zirqillatib, u dunyoga qushchalardek “uchdilar”. Ota-ona Sohibaxonni kaftlariga qoʻyib “puflab” yurib, bir yarim yoshga eson-omon yetkazib oldilar, lekin…

Istorabonu sahar turib sigirni sogʻdi, hovli-haramni tinchitdi, soʻng dalaga yoʻl oldi. Boshida belanchak asboblari tugilgan tugun, qoʻlida bola, yelkasida ketmon.

Mastura bir xalta bugʻdoyni boshiga qoʻyib, uch chaqirim naridagi Zilxa qishlogʻidagi tegirmonga yoʻl oladi. Tegirmon gavjum. Qizaloqqa navbat kelguncha kun ogʻadi. Ayrimlar biroz bugʻdoyga bir burda non almashtirib yeydilar. Tegirmonchining xotini bugʻdoyga almashish uchun har kuni bir savat non yopib olib chiqadi. Mastura, bugʻdoy kamayib qolmasin, deya bunday qilmaydi. Kechga tomon bir siqim unni xaltaga tugib, och-nahor holda uyga keladi. Ayvonga yonboshlagan qari tutdan toʻyib-toʻyib yeydi. Keyin xamir qorib, ota-onasiga chavati non pishiradi. Undagi sabr-qanoat va iymon shunchalik kuchli ediki, ota-onasi daladan kelguncha bir tishlam chavatini ogʻziga solgani Xudodan qoʻrqadi. Faqat arzanda ukasi Tursunaliga bir burda chavati beradi. Uka esa bu nonga toʻymay, opasini boʻralab soʻkib, toshboʻron-kesakboʻron qiladi.

Istorabonu quyosh chiqmay turib dalaga yetib oldi. Tugundan uzun argʻamchi olib, ikki tol oraligʻiga bogʻladi. Movika buloq boʻyidagi ulkan tollarga ataylab belanchak bogʻlash uchun qoziq-mixlar qoqilgan. Eski qopdan belanchak yasab, ikki tomoniga eri behi yogʻochidan naqshinkor qilib yasagan uch qarichcha keladigan belanchak yogʻochini qistirdi. Shu paytda qamchisidan qon tomib “geroy” brigadir Nizom kelib qoldi. U hamma ayollarni podadek angor ichiga haydab ketdi. Keksagina Bogʻdavush xola buvaklarni belanchakka solib, belidan mahkam bogʻladi. Sohibaxon oʻzi tengi bir bola bilan belanchak yogʻochini ushlab, oyoq ostida emaklab yurardi. Uning peshonasiga tushgan gajaklari juda yarashgan, chuqur kulgichlarini oʻynatgancha, sherigiga qarab qiqirlab kuladi. Bogʻda xola kichiklarni oʻz belanchaklariga joylagach, navbat “emaklovchi”larga keldi. Bu vaqtda Sohibaxon emaklagancha hovuz labiga kelib qolgandi. Hovuz ichida gʻujgʻon oʻynayotgan bilakdek-bilakdek baliqlarga biroz qarab turdi. Kulgichlarini oʻynatib yana kuldi va chapak chaldi. Bu vaqtda naq hovuzning labida oʻtirar edi. U yana bir harakat qilib baliqlarga qaramoqchi boʻlgandi, shoʻlp etib hovuzga tushib ketdi. Avval bilq-bilq etib pufakchalar chiqib turdi. Keyin qizil koʻylakchasi yelkandek shishib, suv yuziga qalqib chiqdi. Bolalarning vagʻir-vugʻuri ichida Bogʻda xola suvning shaloplaganini ham eshitmagan edi. U qarasa, Sohibaning belanchagi boʻsh… U hamma yoqni izillab qidirdi. Birdan yuragi hapriqib ketdi-da, hovuz boʻyiga keldi. Hovuzda avval yam-yashil novdalari sollanib turgan tollarning va chetida ochilib turgan safsar gullarning aksi koʻrindi. Eʼtiborini suv yuzida shishib turgan qizil mato tortdi. U yugurib borib, oʻchoq boshidan ilmoqli yogʻoch topib keldi, koʻylakni yogʻochga ilib, oʻziga tortdi.

Bogʻda xola dala chetiga yugurib borib, tizzalariga shapatilagancha:

– Istora-yu Istora! Bolang oʻldi, Istora, uying kuydi, Istora-a! – deya qichqira boshladi. U suv ichidan bolaning jasadini tortib olgandayoq, esidan ogʻib boʻlgandi.

Sohibaning boʻyniga va bilaklariga sariq-yashil shirmonmunchoqlarga aralash koʻzmunchoqlar taqib qoʻygan edi onasi. U tugunchasida kichkinagina doiracha olib kelar, tushlik paytida doirachani chalib Sohibani oʻyinga solardi. Qizcha oʻtirgan joyida munchoqlarini shiqirlatib, jajji barmoqchalarini oʻynatib, “yalli-yalli”ga oʻyinga tushardi. Istorabonu childirmachani oldi-da, uxlayotgandek kulimsib yotgan Sohibaxonning boshida motam qoʻshigʻini boshladi:

 

Oʻlim deganlari oʻt ekan,

Yurak-bagʻirlarga tushgan qurt ekan.

Oʻzing ketding toʻtiga-ya, voy bolam,

Meni qoʻyding oʻtingga-ya, voy bolam.

 

Sani dunyoga keltirmay

Otang oʻlsin, voy bolam.

Sani kalxatga oldirmay

Onang oʻlsin, voy bolam.

 

Doirachani daranglatib yurib, sakrab-sakrab yigʻlayotgan onaning holini koʻrganlar, aqldan ozdi, deya oʻylashar edi. U ayvondagi soʻrida sochlarini yozib oʻtirib “yuvgʻichi” ayolga yalinadi:

– Sohibaxonning koʻzmunchoqlarini yechmay kafanga oʻranglar-a! Bolamga u dunyoda farishtalarning ham suqi kirmasin!..

 

Shohimardon safari hikoyati

 

Sohibaxondan soʻng Istorabonu yana bir oʻgʻil koʻrdi. Unga oʻzidan oʻn yosh katta akasi Tursunaliga qofiyalab Turgʻunali deb ism berdilar. Chillakdek chillashir bu bolaning yashab ketishiga hech kim ishonmas edi. Ikki oʻgʻil orasidagi oʻn yil ichida ota-ona ne kunlarni koʻrishmadi. Yil ora ona qursogʻida homila, ota yuragida esa bola yoʻqotmoqlik vahmi turardi. Qahraton qish kunlarida bolani beshikka belamay, otasining qorniga yoʻrgaklab yotqizadilar, otaning harorati bolaga urib tursin, deya. Dadasining tana haroratidan bahra olib, Turgʻunali eson-omon qishdan chiqib oldi va bir yoshga toʻldi. Ilk bor sochini olayotganlarida Shohimardon pirimga atab “kokil” qoldirdilar. Endi oʻsha “kokil”ni Shohimardonga borib, jonliq soʻyib, kestirib kelish kerak edi. Bola esa besh yoshga kirsa ham, hali yurib ketolmagan, nimjon, ozgʻinligicha qolmoqda. Ingichka boʻyni ustidagi soqqa bosh xuddi choʻpga suqilgan kartoshkaga oʻxshar, lekin xuddi dadasining yoshligidek qoraqosh-qorakoʻz, suyumli bolacha edi. Uni qanday davolashni bilolmay, goh bedananing tuxumini pishirib berishadi, goh oyogʻiga ilik yogʻi surishadi. Vaholanki, undan keyin tugʻilgan oʻn yettinchi farzandlari (ushbu satrlar muallifi) allaqachon bir yoshga yetmayoq yugurgilab ketgandi. Balki, unga Shohimardonga atab qoʻyilgan kokil “ogʻirlik” qilayotgandir… Bir amallab qoʻy ham topdilar, arava ham. Endi Shohimardonga joʻnaymiz, deb turganlarida sovchilar eshik qoqib kelishdi.

Hikoyatlarimizning avvalrogʻida “Qorakoʻz” ot voqeasida tanishganimiz Buvobekning oʻgʻli Turdibek esingizdadir. Uning qizi Hamrobibi Margʻilonga, “Oʻrdatagi”ning qoq oʻrtasiga kelin boʻlib tushgandi. Uning Muhammadxon va Roʻzimatboy ismli oʻgʻillari, Tojixon va Orifaxon degan qizlari boʻlgan. Masturaxonga ana shu Muhammadxonning oʻgʻlidan sovchilar kelgan edi. Unga eng avval kuyovning opasi Mahfuzaxonning ishqi tushdi. Oʻsha paytlarda hamma shaharlik ayollar “yo oʻqisin, yo ishlasin” degan farmon hukumat tomonidan boʻlgandi. Mahfuzaxon ham ipak fabrikasiga ishga kirgan. Ishchilar paxta terimiga safarbar etilgach, uning eri Rahmatjon paxtaga yubormay, qishloqdagi xolasi Zebuniso otinning uyiga yashirib, tashlab ketdi. Masturaxon u paytlarda chuchmomadekkina qiz boʻlib, koʻzga koʻrinib qolgandi. Mahfuzaxon qishloqda zerikib, har kuni pastak devor osha uni chaqiradi. Yoki oʻzi chiqadi. Ikkovlashib roʻmolcha chetlariga gajim toʻqishadi, sochiqqa gul tikishadi. Masturaning xulqiyu husni unga shunday yoqib qoldiki, shaharga qaytgach, xolavachchasining qiziga sovchi yuboradi. Ular ona tomondan ham qarindosh boʻlib, Mahfuzaxonning onasi Xayriniso Huriniso oyimning nabirasi boʻlar edi. Xayriniso yigirma sakkiz yoshda vafot etib, Mahfuza sakkiz yoshda, Aminjon besh yoshda, kichik ukalari Isoqjon ikki yoshda yetim qolgan edilar.

Tor koʻchadan tugun-togʻora koʻtarib kelgan Halimaxon aya boshliq sovchilar kichkina hovlini chinnidek yaraqlatib, onasining orqasidan endi dalaga bormoqchi boʻlib turgan Masturaxonga duch kelishdi. U sovchilar bilan koʻrishgach, nima qilishni bilmay qoldi. Guldek yuzlari yonib, rangdan-rangga kirdi. Tizzasiga urgan kokillarini silkitganicha, Zebuniso momosinikiga qochib qoldi. Bir zumda qoʻni-qoʻshnilar yigʻildi. Daladan ota-onani ham topib kelishdi. Xullas, margʻilonlik sovchilarga “oqlik” berib yubordilar. Bu unashtiruv xabari ertasiga butun qishloqqa yoyildi. Unashtiruvdan boshlab toʻygacha bu oila boshiga ne balolar kelmadi, deysiz. Bu haqida hali koʻp hikoyalarimiz bor…

Toʻy oʻtgach, Turgʻunalining kokilini kestirishga navbat keldi. Dadam aravani minib, onam meni, Mastura opam Turgʻun akamni quchogʻiga solib, bir qoʻyni arava orqasiga bogʻlab, Shohimardonga yoʻl oldilar. Hozir Shohimardonga, nari borsa, ikki soatda yetib boriladi. Ular aravada naq toʻrt kun deganda yetib bordilar. Oʻsha hikoyamiz boshida aytganim toʻq yashil olam, ola-bula togʻlar Shohimardon yoʻllari boʻlib, men his etgan nim qorongʻilik esa chimmatning ichi ekan. Men onamning quchogʻida, chimmat ichida uzoq yurganim tufayli olam koʻzimga nimqorongʻilikdan iborat boʻlib koʻringan. Qurbonlik qoʻyning boʻgʻzida yaltiragan pichoq… chagʻir-qizgʻish toshlarga tizillab sachragan qon… Bu – men hayotimda ilk bor koʻrgan “jon olish” marosimi edi.

Buni keyinchalik Mastura opamdan soʻrab bilib oldim. Uning toʻyi va Aminjon pochchamning harbiyga ketgan yillaridan hisoblasam, bu voqealar 1952–1953 yillarga toʻgʻri keladi. Demak, men oʻshanda bir yarim yoshda ekanman.

 

“Xohladim”dan oʻtish hikoyati

 

Urushdan keyingi ogʻir yillar. Qishloqda ishchi kuchi yetishmaydi. Texnika yoʻq hisobi. Kolxozda ikkitagina temir gʻildirakli traktor boʻlib, uning teshadek temir tishlari yurgan yoʻlini oʻyib ketadi. U traktorlarni Simda oʻqib kelgan Siddiq togʻa bilan Olim togʻa boshqaradi. Fargʻona shahri oʻsha vaqtlarda “Iskobil” yoki “Sim” deb yuritilgan. U traktorlarning biri baland, naqshinkor machit ichiga oʻrnatilgan “oʻttegirmon”ni yurgizadi. Qishloqda hamma narsa yoʻq boʻlishi mumkin, lekin tegirmonsiz sira mumkin emas. Suv kam boʻlib, “suvtegirmon”lar ishlamay qolsa, “oʻttegirmon”da bugʻdoy tortiladi. Dadam ham bir qancha vaqt oʻttegirmonda ishlagan. Unga har kuni ikkita non olib boraman. U menga bir soʻmlik sariq pul beradi:

– Oqqand olib yeng-a, buvi, ukangizga ham olib boring.

Bir soʻmga yetti dona oqqand keladi. Uni suvga botirib, maza qilib shimib yeyman. Ukamga juda qolsa, bir-ikki dona oqqand olib boraman. Baland machitning gulkor shiftlari oppoq un changiga botib yotadi. Dadamning doʻppisidan tortib qoshu kipriklarigacha oppoq – qorboboga aylanib qolgan. Keyin oʻttegirmonni yurgizadigan traktor Olim togʻaga berildi.

Masturaxonning Margʻilonga uzatilayotgani xabari raisning tepa sochini tikka qilib yubordi. Axir, bu degani – bitta ishchi kuchini yoʻqotish degani. Shuning uchun qishloqdan hech bir qiz tashqariga uzatilmas edi. Bu yozilmagan qonun edi goʻyo. Ayniqsa, Masturaxonga oʻxshagan salt-suvay qiz-juvonlar Fargʻona kanalidan choʻl tomonga qayiqda olib oʻtilar, haftalab u yerda yotib ishlar edilar. Zero, kolxozning nomi bekorga “Qahramon” deb atalmagan. Kanal ortidagi boʻz yerlarni oʻzlashtirgan bir emas, uchta “Mehnat qahramoni” yetishib chiqqan. Kolxozning nomi ham oʻsha “oltmish sentnerchi” qahramonlar sharafiga qoʻyilgan. Bir gektardan oltmish sentner paxta olish, aslida, afsona. Choʻldagi bepoyon yerlarga istagancha paxta ekib, odamlarni istagancha xoʻrlab ishlatib yetishtirilgan bu “oltmish sentner” hosil. Oʻn gektarga ekilgan paxtani bir gektar deb qogʻozga yozar ekanlar ular, dadamning aytishicha. “Qoʻshib yozish” degan illat oʻsha davrlardan boshlab ildiz ota boshlagan edi. Qishloqda qolgan kolxozchilar esa kunduzlari dalada ishlab, kechalari “hasharga” haydab ketiladi. Kolxoz idorasi, ferma binosi va katta klub binosi, “qahramon” brigadirlarning dabdabali dala shiyponlari kechalari gʻisht quyib, loy tepkilagan kolxozchilar mehnati tufayli bino qilingan.

Noyabrning oxiri, dekabrning boshlarida dalada koʻsaklar ochilmay, muzlab qoladi. Kolxozchilar kunduzi dalada koʻsak uzsalar, kechasi kolxoz klubida koʻsak chuviydilar. Barcha brigadalarda uzilgan koʻsaklar aravalarda kolxoz idorasi oldidagi maydonga keltirib toʻkiladi. Kechasi koʻsak chuvib, paxtasini topshirib normasini bajarganlargina uyiga ketishi mumkin. Boʻlmasa, ertalab toʻgʻri shu yerdan dalaga haydaladi. Odamlar uylarida, sandalda oʻtirib biroz isinish va mizgʻib olish uchun oʻlib-tirilib bola-chaqalari bilan koʻsak chuviydilar. Rahbarlar esa navbat bilan ularning tepasida turib, ozroq paxta chuviganlarni yoki uxlab qolganlarni haqoratlab turadilar.

Shunday kunlarning birida Masturaxon qoʻlida koʻsak bilan oʻtirgan koʻyi uxlab qoldi. Buni koʻrgan brigadir (ismini yozmadim, oq-sariq kishi boʻlgani uchun laqabi “oq it” edi. Yana bir zolimning laqabi esa “qora it” edi. Odamlar “oq it, qora it – baribir, it” der edilar) uning qoʻlidagi koʻsakni olib, yonib turgan gugurt choʻpini ushlatib qoʻydi. Choʻp yonib borib qizning qoʻlini kuydirdi. Uyqudagi bechora qiz birdan faryod solib, hushidan ketdi. Uni koʻsak tashiydigan aravada uyiga tashlab ketdilar. Shundan keyin otasi uni ommaviy koʻsak chuvishga chiqarmay qoʻydi. Margʻilondan kelgan sovchilar uni shunday ogʻir mehnat va zulmdan ozod qilguvchi “najot farishtalari” edi.

Sovchilar xabarini eshitgan rais Siddiq togʻani idoraga chaqirtirdi. Bu xabardan oldiga qoʻyilgan bir kosa piyova ham tomogʻidan oʻtmay qoldi. Idoraga hech kim besabab chaqirilmas, faqat “gunohkor”largina chaqirilib jazolanar, oʻlguday kaltaklanib, chalajon holda uyiga tashlab ketilar edi.

Ulkan tollar soya solgan idora oldida yana beshta yigit turardi.

– Siddiq togʻa, sizni ham rais chaqirtiribdimi? – soʻradi baland boʻyli xumbosh yigit.

– Ha, shunday, sizlarni-chi?

– Qanday “gunohimiz” borligini bilmadik. Bizni ham chaqiribdi, ishqilib, Boʻqonning qoʻliga tushmasak boʻldi.

Raisning “gunohkor”larni kaltaklovchi bir azamat odami boʻlib, uni “boʻqon” laqabi bilan siylashar edi.

Ular birin-ketin idoraga kirib kelishganda, rais hoʻmrayib turar edi. Devor yonida qator kursilar turgan boʻlsa-da, hech kim oʻtirmadi, toʻgʻrirogʻi, oʻtirishga taklif etilmadi. Haligi beshovlon yigit traktorchi togʻaga qanday aloqalari borligini bilolmay hayron edilar. Ayniqsa, past boʻyli, bir yelkasi doimo osilib turuvchi Sayfi duduq qalt-qalt titraydi.

Rais stolga oʻtirib, bir silkinib qoʻydi-da, togʻaga qarab:

– Gap shu! Qizingni margʻilonlik kuyovdan ajratasan. Mana shu beshov yigitdan xohlaganingni kuyovlikka tanla!

Tomdan tarasha tushgandek bu buyruqdan Siddiq togʻa toshdek qotdi. Haligi beshov boʻz yigitlar esa, “qiz qay birimizga nasib etarkan?”, deya koʻzlari yiltillay boshladi. Rais soʻzi hukm ekanligini ular juda yaxshi bilishardi. Kiyimlari qoramoydan yaltirab ketgan Siddiq togʻa nima deyishini bilmay, yagʻir doʻppisini olib qoqdi, yana kiydi…

Goʻyo bu harakat bilan biroz dadillandi.

– Xoʻsh, nima deysan, hoʻkiz? – rais bu orada stolni aylanib oʻtib, uning koʻksiga nuqidi. Shundoq tumshugʻining tagida xezlanib turgan raisning yuziga emas, xol-xol gulli galstuk taqqan yaltirbosh dohiyning suratiga qaradi. U bu odamni barchani barobar kambagʻal qilgani uchun emas, hammani Xudosiz qilgani uchun yomon koʻrar, bu juda katta dajjol, deya atardi uni.

Oʻquvchi bolalar:

Lenin bobomlar,

Mening bobomlar, – deya ashula aytishganda, “Leninga qaysi enangni bergansan, u senga bobo boʻlsin?” – deya gʻudranib qoʻyardi u. Nihoyat, koʻzini dohiy suratidan uzib, raisga tik boqdi. Uning qalbida bir arslon uygʻongandi hozir.

– Yoʻq, ajratmayman. Fotiha – Xudoning muhri, men uni buzolmayman.

– Xoh-ho-o! Tiling margʻilonlikka quda boʻlib, uzayib qolibdi-da! Mening soʻzim-chi, u muhr emasmi? Mening gapim yerda qolaveradimi? Endi shu qishloqda qanday yashashni oʻylayapsanmi, sen hoʻkiz?

Raisning bu gapidan qoʻrqqulik edi. U istasa, uyiga “surma” traktorni solib surdirib tashlab, oʻrniga paxta ekishi ham mumkin edi.

Siddiq togʻa yana yagʻir doʻppisini qoqib kiydi-da:

– Men hoʻkiz emasman, siz ham Xudo emassiz. Qoʻlingizdan kelganini qiling!

Eshik qarsillab yopilganda haligi besh yigitning rangi birdek oqarib ketdi. “Endi togʻa oʻldi!” – deb oʻylashdi ular.

Togʻa oʻlmadi. Lekin oʻlimdan ham battar kunlarga qoldi. Eng birinchi jazo shu boʻldiki, kechasi traktor haydayotgan yeriga Boʻqonni yuborib, ogʻzidan qon kelguncha savalatdi. Boʻqon har tepganida:

– Endi qizingni ajratasanmi? – deb soʻraydi.

– Yoʻq, – deb javob beradi u qon tuflab.

“Oʻshanda qanday tirik qolganimga oʻzim ham hayronman”, – der edi u keyinchalik oʻsha voqealarni eslab.

Kechasi bilan uxlamay, otasi Mirzakarimboyni qoʻrboshilar tunda olib ketishganini, tongda uning qonga botgan jonsiz tanasini olib kelganlarini eslab vahimaga tushgan Istorabonu sahar vaqti darvozani ochib, ogʻzida qon qotib qolgan chalajon erini koʻrdi. Uni raisning shotirlari aravada olib kelib, darvoza tagiga tashlab ketishgandi.

“Xudoyo, sizni shu koʻyga solganlar ham ogʻzidan qon kelib oʻlsin!” – deya alam bilan qaqshadi Istorabonu.

Shu oʻrinda yana biroz chekinish qilsam. Xudoning amri bilan, ularning ikkovi ham keyinchalik serroz kasaliga uchrab, qon tuflab oʻldilar. Boʻqon bemor yotganda dadam el qatori borib, hol-ahvolini soʻrab turdi. Lekin janozasiga bormadi. Oʻsha kuni menikiga kelib, oʻgʻlim Umidjonni quchoqlab oʻtirib, yum-yum yigʻladi:

– Qara-ya, shunday odam ham oʻlar ekan-a? Kecha borib koʻrganimda, yuziga qoʻngan pashshani ham qoʻrolmay yotgandi. Mana, endi Xudoning yoniga, qilmishlari uchun javob bergani ketdi.

– Janozaga bormadingiz, hech boʻlmasa, ertaga fotihaga borarsiz. Qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻy… har qalay, tengdosh joʻrangiz, – dedim men.

– Yoʻq, qizim, Shohimardonga aylangani ketyapman. Uch-toʻrt kun turib qaytaman, – deya Shohimardonga joʻnavordi.

 

* * *

Siddiq togʻa oʻsha “katta kaltak” voqeasidan keyin bir oy yotib tuzalgach, qishloqdan bosh olib chiqib ketdi. U boshqa shaharlarda mardikorlik qilib yurdi. U uyga juda kam kelar, kelganda ham tunda yashirincha, bolalar uyqudaligida kelardi.

Aslini olganda, u kolxozga juda kerakli odam edi. U ketgach, bitta traktor butunlay boʻsh qoldi. Hech kim bu “temir ot”ning tilini bilib yurgiza olmadi. Keyin rais shaharga odam yuborib, uni topdirib keldi. Lekin bu, uni kechirdi, degani emas edi. U xotini, qizi bilan uchovlashib, tinmay dalada mehnat qiladi, lekin ularga na bir chaqa maosh, na bir siqim don beriladi. Har oʻn besh kunda kassir dalaga maosh tarqatgani keladi. Istorabonu hamma maosh olib boʻlguncha umidvor boʻlib qarab turadi.

– Opa, sizlarning ish haqingizga “qizil qalam” tortilgan, – deya kassir qogʻozlarini yigʻishtiradi. Ish haqi ustidan “qizil qalam” tortish ham jazoning bir usuli edi. Rahbarlarning birortasiga, xususan, brigadir yoki raisga yoqmay qolgan kishilarning ish haqi ustidan qizil qalam tortiladi. Yil oxirida kolxozning daromadi hisobidan odamlarga ozmi-koʻpmi bugʻdoy beriladi. Siddiq togʻaning oilasi “yillik otchyot” hisobidan ham quruq “qizil qalam”ga ega chiqadi, xolos.

Daladagi eng ogʻir ishlar ham Istorabonu bilan Masturaxonga buyuriladi: “ting” yerni chopish, deysizmi, yelkada goʻng tashish, deysizmi… Agar togʻaning traktori biror yerda buzilib qolsa, yana qamchilanadi. Xotini uning qamchi izi tushgan yelkalariga kepak qizdirib bosadi. Shu tufayli traktorning buzilgan qismini qopga solib, tuman markazidagi MTSga, oʻn besh chaqirimga piyoda olib boradi. Tonggacha tuzatib, buzilgan murvatni oʻz joyiga qoʻyib, traktorni yurgizadi.

Ishqilib, ne boʻlsa ham, fotiha buzilmadi. Bu borada shaharlik qudalar pishiq chiqib qolishdi. Kelin-kuyovni toʻydan avvalroq “xohladim”dan, yaʼni ZAGSdan oʻtkazib qoʻymoqchi boʻlishdi. Agar kelin-kuyov bir-birini “xohladim”, desa, davlat ularga qogʻoz yozib berar emish, yaʼni nikoh guvohnomasi, shunda rais ham toʻyga toʻsqinlik qilolmas ekan. Xullas, xolasi Bahriniso Masturaxonni yasantirib, Oltiariqqa “xohladim”ga olib ketdi. Kechga tomon horib-tolib qaytib kelishdi. Kelinning yoshi ZAGSga yetmabdi. Shaharlik quda Muhammadxon togʻa ZAGS mudirasiga bir kiyimlik sakkiz tepkilik atlas va bir chorsi pista-bodom, sovgʻa-salom qilib olib borib, kelinning yoshini toʻgʻrilab keldi. Bahriniso yana kelinni “xohladim”ga tayyorladi. Kelin shoʻrlik qoʻrqqanidan dagʻ-dagʻ titraydi.

– Men u yerda nima deyman? Hozirdan esimdan chiqib qolyapti.

– Xohladim, deysan, juvonmarg, muncha qaltiramasang.

Nihoyat, ZAGS qirqildi. Nikoh hujjati olingach, raisning dami ichiga tushdi. Lekin toʻy qilish uchun kelinning sepi tayyor emasdi. Qayerdan ham boʻlsin, yil davomida butun oila ishlab, “shimildiriq”qa ham ega boʻlmagandi. Istorabonu kunduzlari dalada ishlab, tunlari “Zinger” mashinasida chevarlik qilib, qiziga sep yigʻadi. U eski-tuski matolardan moychiroqqa pilik tikishdan tortib, paxtali fufaykagacha, yostiq jildlariga atirgul tikishdan tortib qirgʻizlarning otiga otyopqichgacha tikar edi. Yonginalaridagi kolxoz otxonasida bir necha qirgʻiz oilalari yashar, ular qachon oʻgʻil toʻyi qilsalar, ot yasatib, unga otyopqich tiktirishar edi. Istorabonuga koʻylagu kamzul, koʻrpayu toʻshak tikish hech narsa emasdi. Lekin otyopqich tikish juda mashaqqatli ish. Katta qizil choyshabga turli qiyqimlardan naqsh tikish uchun u uzoq qish kechalarida uxlamay chiqardi. Siddiq togʻa yana qishloqdan chiqib ketib mardikorlik qilib, biroz pul topdi.

Nihoyat, “xohladim”dan keyin yarim yil oʻtgach, oltin yozning oydin oqshomlaridan birida toʻy boʻldi. Kuyovnavkarlar qishloqqa izvoshda keldilar. Bu hali qishloqda boʻlmagan hodisa edi. Otaravaning ikki tomoniga oyoqlarini osiltirib olgan qizlar yor-yor aytib, Margʻilon tomon joʻnadilar. Oʻrtada oʻtirgan kelin otlarning childirma sadolariga moslab qadam tashlaganlariga hayron edi.

 

“Kuygan yor” hikoyati

 

Tursunali akam Dogʻistonga, harbiyga joʻnab ketgach, onam negadir oʻzgarib qoldi. Men bilan ham, akam bilan ham sira ishi yoʻq. Faqat singlim Mahbubani bagʻriga bosgancha, ustunga suyanib oʻtirib, bir soʻzni toʻtidek takrorlaydi:

Endi nima qilaman? Endi nima qilaman-a?.. Endi nima qilaman?..

Menga yana onamni quchoqlab, avvalgidek muattar boʻyini hidlash istagi chidab boʻlmas xohishga aylanib boradi. Astagina, qoʻrqib-pisib pinjiga suqilsam:

– Tur, yoʻqol! – deya itarib yuboradi. Men onamdan tirik turib ayrilib qolganga oʻxshar edim. Onamning yonginasida turib, uni cheksiz azob bilan sogʻina boshladim. Hamma oʻyinlarimni tark etib, maʼyuslanib qoldim.

Bir kuni boshim qizib, hammayogʻim qaltiray boshladi. Qizil lentachali rezina qoʻgʻirchogʻimni quchoqlab, yogʻoch soʻri chetiga borib yotdim. Nazarimda, qoʻgʻirchoq ham mendek sovqotayotgan, onasi quchogʻini qoʻmsayotgan edi. Ogʻzimdan olov chiqib, ustimga katta-katta toshlar qulay boshladi. Onam roʻparamda ukamni quchoqlab, “endi nima qilaman”ni takrorlab oʻtiradi. Menga parvo ham qilmasdi. Shu payt onamning behush koʻzlari menga tushdi. Qorachiqlari ichida qop-qora alanga lovullab turardi. Asta oʻrnidan turib yonimga keldi, peshonamni ushladi.

– Voy, yonib ketyapsan-ku! – deya qoʻgʻirchogʻimni ham birga koʻtarib uyga olib kirdi. Yana onajonimning muattar boʻyini tuydim. Quchogʻidagi mehrdan, koʻzlaridagi sehrdan boshim aylandi. Oh, kasal boʻlish qanday yaxshi ekan!!!

Akam harbiyga ketgan dastlabki kunlarda onam ancha yaxshi edi. Dogʻiston degan yurtdan kelgan akamning xatlarini Turgʻun akam hijjalab oʻqib berar, onam ham bir oy ichida rus alifbosini oʻrganib, “Dogʻistoni qursin oʻshal, yuragimga dogʻ soldi!” – deya xatlar yoza boshlagan edi. Lekin adoqsiz sogʻinch, qolaversa, oldinda turgan uch yillik harbiy muddat uni aqlidan ayira boshlagandi. Onam yemaydi, ichmaydi… Hatto bizga ovqat ham pishirmaydi, non ham yopmaydi. Dadam dalaga bormasa, sira iloj yoʻq. Biz uchta goʻdak dadam kelguncha koʻchaga qarab, och oʻtiramiz. Endi dadam ishdan kelguncha, Bahriniso xolam bizga qarab turadigan boʻldi.

Rais hamon Mastura opamning Margʻilonga uzatilgani alamini oladi. Dadamni ogʻir ishlarga, uzoq yerlarga yuboradi. Andijonda, “Kuygan yor” degan joyda toʻgʻonmi, GESmi qurilayotgan ekan. Dadamni oʻsha yoqqa ishga yubormoqchi boʻlishdi. Keyinchalik, bir guruh ijodkorlar safida Fargʻona kanali boʻylab safar qilib, oʻsha Kuygan yor qishlogʻini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Katta Fargʻona kanali oʻsha yerdan boshlanar ekan.

– Opa, – dedi dadam Bahriniso xolamga. – Men ketsam, Istoraga bir balo boʻladi. Qornini qarang-a, oʻroq bilan tilib-tilib tashlabdi. Hamma oʻtkir narsalarni, pichogʻu boltalarni yashirib qoʻygandim. Faqat oʻroq ogʻilda qolgan ekan.

Xolam uyga kirib, suratdek boʻlib, faqat bir soʻzni takrorlab yotgan onamning koʻylagini koʻtardi. Uning qornida har biri ikki qarichdan keladigan bir necha chiziq-yaralar bor edi. Yaralar biroz qotib, xuddi jigarrang ip choklaridek uzuq-uzuq holga kelgan edi. Chamasi, oʻroqning uchi bilan qornini yormoqchi boʻlganu, chuqurroq sanchgani ogʻriq yoʻl bermagan.

– Kuygan yorga bormang, men bu kuydirgi xotiningizdan qoʻrqaman! – dedi u alam va iztirob bilan.

– Oʻzimda ixtiyor boʻlsa, bolalarni shu esini yegan xotinga tashlab, bir qadam tashqariga chiqarmidim, opa? – deya peshonasiga shapatilab, ostonaga oʻtirib qoldi otam.

Fevral quyoshining sovuq va achchiq yogʻdulari bu miskin xonadonga ham yogʻila boshladi. Saharlab sakkiz chogʻli idora xodimlari dadamni Kuygan yorga olib ketgani kelishdi.

– Xotinim kasal, uchta goʻdakni tashlab men u yoqqa borolmayman.

– Borasa-an! – dedi rais, – qani oldimga tush. Mashina idora oldida kutib turibdi.

Shu payt uydan onam otilib chiqdi. U bejo koʻzlarini raisga qadab:

– Uni olib ketmaysizlar! Bolamni Dogʻistonga olib ketganlaring yetmaydimi, buni Kuygan yorga joʻnatasizlar?! Voy-dod! Dogʻistondan dogʻ boʻlib, Kuygan yordan kuydim-ku, voy-dod! Dod! – deya yerni mushtlab, bor ovozi bilan qichqira boshladi. Onamning faryodiga devordan qoʻshnilar moʻralay boshlashdi.

– Nega bormaydi? U urushga emas, ishga ketyapti. Bir oyda qaytib keladi.

– U ketsa, men bolalarni boqolmayman.

– Nega boqolmaysan? Hamma ketyapti-ku!

Onam nima deyishini bilmay, koʻzlari yana bejolandi. Chamasi, u “boqolmayman” emas, “bolalarga qarolmayman” demoqchi edi. Biroz duduqlanib:

– U-uyda u-un yoʻ-oʻq! – dedi u oʻtirgancha yerga mushtlab. Biz ostonada musichalardek moʻltirab, bu manzaralarni vahima bilan kuzatib turardik. Rais bir yugurdagini yubordi. Bir zumda bir qop bugʻdoy muhayyo boʻlib, onamning oldiga gupillab tushdi.

– Yur endi, oldimizga tush!

– Koʻrib turibsizlar, men ketsam, bu xotin bir balo boʻladi.

– Ha, ersiz bir kun yasholmaysanmi, sen qanjiq? – endi rais dadamni qoʻyib, onamga yuzlandi.

Dadamning yuzi birdan boʻzarib ketdi. Onamga bir xoʻmrayib qaradi-da, shaxdam qadamlar bilan arboblarning oldiga tushdi. Onam yugurib borib, dadamning qora choponining etagiga osilib, oʻtirib oldi:

– Ketmaysan! – dedi u dadamni senlab. – Sen Kuygan yorga ketsang, men ham seni kuydirib, oʻzimga oʻt qoʻyaman!

Dadamning soyasiga koʻrpacha solib, bir qoʻlida qumgʻonda issiq suv, bir qoʻlida sochiq bilan kutib oladigan sertavoze onamni bu holda birinchi marta koʻrib turar edim.

– Yursang-chi, hezalak! Shu jinni xotinning chizigʻidan chiqa olmaysanmi yo?

Dadam yana boʻzardi. Onamning qoʻlidan peshini bir siltab tortdi-da, torkoʻchadan otilib chiqib ketdi. Orqasiga qayrilib qarab ham qoʻymadi. Onam yuztuban yerga yiqildi. Kolxoz arboblari bu mojarodan hingir-hingir kulganlaricha chiqib ketishdi.

 

* * *

Oʻshanda fevral oyi boʻlsa-da, tutlarning novdasida qator-qator kurtaklar boʻrtib, yon-atrofdagi bogʻlarda oʻriklar allanechuk qizarishib qolgandi. Zero, bu paytlarda Orol hali qurimagan, uning ustidan oʻtgan bulutlar koʻkka oʻrlagan suv bugʻlaridan ilibroq kelar, ehtimol, sovuq havolar ham Orol ustiga kelganda boshqa yoqlarga burilib ketar edi.

Ertalab maktabga borgim kelmadi. Kechagi voqealar menga juda yomon taʼsir qilgan, xuddi dadam qaytib kelmaydigandek, onam oʻlib qoladigandek ichim gʻash edi.

– Bor, maktabingga! – oʻshqirdi onam qandaydir begona ovoz bilan.

– Bormayma-an! – deya yigʻlab yubordim.

U urmoqchi boʻlgandi, torkoʻchaga qochdim. Onam ortimdan kitoblarim solingan qizil xaltani otib yubordi.

Maktabga borgach, hamma narsani unutdim. Hisob darsi edi. Qoraga boʻyalgan darstaxta yoniga misol yechgani chiqqandim. Oʻqituvchim nimalarnidir yozar, bolalar men ishlagan misollarni koʻchirmoqda edilar. Birdan sinf eshigi qattiq-qattiq taqillay boshladi. Oʻqituvchim choʻchib tushib, eshikni ochdi. Kim bilandir pichirlab gaplashdi. Qaytib kirgach, menga:

– Sen kitob-daftarlaringni yigʻishtirib, uyingga bor, mehmonlar kelibdi…

Ustozning koʻzida qandaydir ayanchli maʼno bor edi. Bundan men ham gʻashlandim. Tashqarida Risolat opam meni kutib turardi.

– Voy, Maqsu-u! Onang oʻziga oʻt yoqib yuboribdi. Kuyib, koʻmirga aylanib yotibdi.

Koʻz oldimga koʻmirga aylangan onamning gavdasi keldi. Koʻzimga yosh kelmas, oyoqlarimni ham qayerga qoʻyayotganimni bilmas edim. Uyimiz toʻs-toʻpolon. Hamma bogʻ oʻrtasida. Chamasi, onam egniga kerosin quyib, gugurt chaqqanu, kiyimlari yona boshlagach, bogʻ etagidagi zovurga suvga yugurgan. Mahbubani sal oldinroq: “Bor, koʻchaga chiqib qaragin, dadang kelyaptimikan?” – deya chiqarib yuborgan. U torkoʻchaning boshiga yetgach, onasining kiyimlari yonib, uzumbogʻ oʻrtasida yugurib ketayotganini koʻrgan. U chuchuk tili bilan:

– Buyim kuyib ketayapti! – deya dodlagan. Tilla momo yugurib chiqib, osmonga oʻrlayotgan tutunni koʻrib, koʻchaga chopgan.

– Odam boʻlsang, kelaver! Istoraning uyi yonyapti!

U Mahbubaning “buvim yonyapti” degan soʻzlarini yanglish eshitgan edi. Koʻchadan oʻtib ketayotgan ikki erkak yugurib kirib, ustiga toʻshak tashlashi bilan alanga oʻchgan. Onam bogʻ oʻrtasida, ustiga toʻshak tashlangan holda yotar, men tasavvur etganimdek koʻmirga aylanmagan edi. Yuzlari qip-qizarib ketgan, koʻzlarining qorachigʻida allaqanday qop-qora alanga yonardi. Shu paytda yuzlarini tirnab qonatgancha Bahriniso xolam kelib qoldi.

– Murgʻak bolalaringga rahming kelmadimi, nodon singlim!!! – deya tizzalariga mushtlar edi u. Onam xolamga qarab xiyol kuldi va koʻzlaridan uchqunlar sachratib dedi:

– E-endi keldizmi, opa?

Xolam dadam Kuygan yorga ketishi bilan biznikiga kelib yotgan, ertalab uyidan xabar olib, bizga non olib kelishga ketgan ekan. Bahriniso xolamning uyi biznikidan ikki hovli narida edi, xolos. Chamasi, yarim soatgina qarovsiz qolgan onam shu holga tushibdi.

Bir zumda onamni koʻrpaga oʻrab, kasalxonaga olib ketishdi. Bahriniso xolam u bilan birga ketdi. Toʻtiniso xolam esa xuddi oʻlikka yigʻlaganday, aytib-aytib yigʻlardi:

 

Qibladan kelgan shamolga

Roʻbaroʻ boʻlgan, voy, ukam.

Bemahal kelgan ajalga

Mubtalo boʻlgan opang kuysin, voy, ukam…

 

Menga bu aytimlar juda yomon tuyuldi.

– Nega yigʻlaysan, onam hali tirik-ku! – deya uning sonlariga mushtlay boshladim.

– Voy, bu Luqmoni Hakimni qaranglar, toʻgʻri aytyapti, tirik odamga nega yigʻlaysiz, yomon shukurni boshlab, Toʻtiniso? – dedi kimdir.

Hamma jim boʻlib qoldi, gʻala-gʻovur bosildi. Quyosh qip-qizil qon dengiziga shoʻngʻigandek, ufq ichra yoʻqoldi. Shohimardon tomonlardan esa uyur-uyur qora bulutlar bostirib kela boshladi. Birdaniga momaqaldiroq gumburlab, katta-katta yomgʻir tomchilari gʻamboda hovlining oʻchoqlariga, tandir boshlariga tomchilay boshladi. Osmonning bu guldur-guldurlariga torkoʻchadan soch yozib kelayotgan Bahriniso xolamning faryodi qoʻshildi:

– Voy-do-d, musulmonlar, Istoradan ayrilib qoldik!

Onamni olib kelib, yogʻoch karavotga yotqizdilar. Biz bolalarni Zebuniso otinning uyiga kiritib qoʻyishdi. Tong saharda yigʻi-yoʻqlov ovozlaridan choʻchib uygʻondim. Ajabki, bu ovozlar ichida dadamning “Voy, gulim, gulimo-o, gulim”, – degan ovozi aniq-tiniq eshitilardi. Demak, u Kuygan yordan qaytibdi-da.

Oyogʻimga katta kalishni sudrab, uyimizga chopdim. Hammayoq shalabbo, hamon yomgʻir quymoqda. Onam yotqizilgan uy ichi tizzagacha suv, bemalol oʻrdak suzsa boʻladi. Boʻyra yopilgan shiftdan oʻtayotgan chakka tashqaridagi yomgʻirdan sira qolishmaydi. Onamni oppoq matoga oʻrab qoʻyishibdi. Yuzlari ham oppoq, deyarli oq matodan ajratib boʻlmaydi. Tingshab qaragach, onamning yuzini ilgʻadimu, ura qochdim. U mening onammas, mening onam bunday emasdi…

Yomgʻir esa yogʻaverdi, yogʻaverdi… Shu yoqqanicha yetti kun tinmadi. Bu 1959 yilning fevral oyi edi. Men hali birinchi sinfni tugatmagandim.

Onam qachondir bir qarichgina sochimni maydalab oʻrib, uchini oq ip bilan tikib qoʻygandi. Yangi oʻrilgan sochlarimni siqimlab:

Kunda tutam-tutam,

Oyda quloch-quloch,

Oʻsa qolgin, qora soch! – deya pastga qarab tortib-tortib qoʻygandi. Onamning “qirq”i oʻtguncha hech kimning men bilan ishi boʻlmadi. Hamma kichkina Mahbubani qoʻldan-qoʻlga olib, ovutish bilan ovora edi. Sochim uchidagi oq ip kirdan qora ipga aylandi. Boshimga tangaday-tangaday yaralar toshib, sochlarim patakday bir-biriga kirishib ketdi. Kechasi yotgan yostigʻim qon boʻlib qolganini Dogʻistondan chaqirib olingan Tursun akam koʻrib qoldi. Mastura opam onam oʻz qoʻllari bilan oʻrgan sochlarimni qirqib tashlab, boshimga salidol surtib, roʻmol bilan tangʻib qoʻydi. Boshimga tushgan bu yaralar yetimlikning ilk jarohatlari edi. Hali bunday jarohatlar qalbimni ham bosib ketishini oʻshanda anglab yetmagandim.

 

Ipak bozorida sotilgan qizcha hikoyati

 

Onamning marosimlari ham oʻtdi. Bu marosimlarga ketadigan barcha xarajatlarni Aminjon pochcham koʻtardi. Hatto uyimizda mehmonlarga choy uzatish uchun piyola ham yoʻq edi.

Hamma uy-uyiga tarqaldi. Mastura opam nima qilishini bilmaydi. Ketmay desa, u yoqda roʻzgʻori, uchta bolasi… Ketay desa, bu yoqda dadasi, kichkina ukalari qarovsiz qoladi. U Margʻilonga ketadigan kuni bizni onamning mozoriga olib bordi.

Qabristondagi qamishlar boʻyim barobar oʻsib qolibdi. Opam qabr tepasida kuyib-yonib, aytib-aytib yigʻladi:

 

Daladagi qoʻzichoqlar

Yetaklasam yurmaydi-ya, voy, buvim.

Sizdan qolgan bolalar

Yetimlikka koʻnmaydi-ya, voy, buvim…

 

Maqsudaxon, Mahbubaxon,

Bulbul boʻlib sayraydi, voy, buvim.

Onajonimning uylarida

Begonalar yayraydi-ya, voy, buvim…

 

Onam desam oʻxshaydi, voy, buvim,

Tanamda jonim qaqshaydi, voy, buvim.

Onajonimning oʻlganlari

Rost boʻlganga oʻxshaydi-ya, voy, buvim…

 

Uyimizni huvullatib opam ham Margʻilonga, oilasi bagʻriga ketdi. Tiriklik sabab, dadam dalaga chiqa boshladi. Turgʻunali akamni Fargʻonadagi maktab-internatga joyladilar. Uyda toʻrt yoshli singlim ikkimiz yolgʻiz qolamiz. Onam Mahbubani juda yaxshi koʻrar, hatto, oʻsha aqlu hushidan ayrilgan paytlarida ham uni sira quchogʻidan qoʻymasdi. Chunki shu kenja qizchasi tufayli juda koʻp azob tortgandi.

Qop-qora gajaklari peshonasiga tushgan, qoshlari qayrilma, uzun kipriklari pastga qaraganda loʻppi yuzchasining deyarli yarmini yopadi. Munchoq koʻzlarining ichida xuddi onamnikidek qora alanga yonadi. Barcha koʻrgiliklar bola sakkiz oylik boʻlgandan soʻng boshlandi.

Dadam bilan onam daladan shomu gʻaribonda qaytishadi. Biri oʻchoqqa oʻt yoqib qozon osadi, biri masalliq tayyorlaydi. Turgʻun akam ikkimiz pishirilajak ovqatdan umidvor boʻlib, ilhaqlik bilan termilamiz.

– Ol piyozingni, toʻgʻrab boʻldim.

Onam qozondagi qaymoq kuyib ketmasin, deya shosha-pisha tashqariga yoʻnaladi. Ukam onamning orqasidan qaramoqchi boʻlib, oʻchoq yonidagi taxta supadan orqanchasiga yiqiladi. Oʻng oyogʻi quymuchidan chiqib ketadi. Bola tuni bilan qulunday qichqirib chiqadi. Tongda qarashsa, bolaning oyoqlari shishib ketibdi. Olib bormagan tabibu siniqchi, baxshiyu qushnoch qolmadi. Fargʻonadagi kasalxona darvozasi oldida er-xotin uch kun yotdilar. Hech kim “itmisan-eshakmisan?” demadi. Bir oʻris doʻxtir bolani koʻrdi, lekin kasalxonaga qabul qilmadi.

Ular uyda bittagina “qoziqbogʻi” boʻlib turgan buzoqni sotdilar. Pulini belga tugib, meni Tursun akamga tashlab, shifo istab chiqib ketishdi. Shu ketganlaricha, qirq kun deganda ozib-toʻzib, qizchaning oyogʻini salanglatib, uyga kirib kelishdi. Ular bolaning dardiga hech yerdan davo topolmagan edilar.

Oʻsha kunlarni es-es bilaman. Akam oq echkimizni sogʻib, menga majburlab ichirar, keyin Turgʻun akamga tashlab, kun boʻyi oʻrtoqlari bilan oʻynab yurardi. Kechki payt choʻzmaotar bilan besh-oltita chumchuq otib keladi. Chumchuqlarning patini yulib, choyidishda suv qaynatadi. Keyin olma gulli katta chinni choynakka chumchuqlarni bosadi. Tuz solib, ustidan qaynoq suv quyadi. Choynakning chumagiga paxta tiqib, oʻchoqdagi qoʻrga koʻmib qoʻyadi. Oʻshanda ichganim – chumchuqshoʻrvaning mazasi hamon ogʻzimda.

Mahbuba yurib ketdi. Lekin bitta oyogʻi biroz kalta boʻlib, oqsab yuradigan boʻlib qoldi. Onam esa uning tirik qolganiga shukur qildi.

Ana shu onasining bagʻridan bir qarich ham uzilmagan qizaloqqa men opachasi – ona oʻrnida boʻlib qoldim. Dadam sahar turib choy qaynatadi va oʻsha olma gulli choynakka choy damlab, choʻqqa koʻmib qoʻyadi. Keyin erkalatib meni uygʻotadi:

– Tuying, buvi, soat sattiz yayim boʻldi, maktabga kech qolasiz, – deydi ataylab menga taqlid qilib tilini yassilab.

Noiloj oʻrnimdan turaman. Ukamni uygʻotib, birga choy ichamiz. Uni xolamnikiga tashlab maktabga ketaman. Maktabdan kelgach, uni xolamnikidan olib kelaman. Ikkimiz kechgacha oʻynab ovunamiz. Kech kirishi bilan meni vahima bosadi. Hovlining har burjidan turli qiyofadagi ajinalar chiqayotgandek. Uyimizning ichiga umuman qadam bosolmaymiz, xuddi oq kiyimli onamning arvohi bordek. Tor koʻcha boshidagi supada dadamning ishdan qaytishini kutib oʻtiramiz. Dadam qorongʻi tushganda kelib, ovqatga unnaydi. Ovqat pishguncha biz uxlab qolamiz. Dadam boshimizda oʻtirib yalinadi:

– Turinglar, ona qizlarim, ovqat pishdi. Shirin qizlarim, katon qizlarim!

Men “ona qizim” deganiga tushunaman-u, “katon qizim”ga tushunolmayman. Bu soʻzni umr boʻyi eslab yurdim va oxiri Navoiydan topdim. “Katon” soʻzi turkiy tilda “tannoz” degan maʼnoni bildirar ekan. Dadam biz gʻarib qizchalarini, “tannoz qizim”, deya erkalatarkan.

Odatdagidek, koʻcha boshida dadamni kutib oʻtiramiz. Bir vaqt oldimizdan boy qoʻshnilarimizning qizlari oʻtib qoladi. Ularning oyogʻida “Tohir-Zuhra” kavushchalari gʻarch-gʻurch qiladi. Biz daladan horib-tolib kelayotgan dadamizning yelkalariga ikki yondan osilib:

– Bizgayam “Tohir-Zuhra” kavush obering, – deya xarxasha boshlaymiz.

“Tohir-Zuhra” kavushcha qanaqa, deysizmi? Toʻsdek qop-qora, yaltiraydi, qarasangiz, yuzingiz koʻrinadi. Kavushchaga yashil ipak bilan bir-biriga qarab turgan ikkita qushning surati tikilgan. Koʻzlari va qanotlariga piston qadalgan. Biz kavushcha ishqida yonib, dadamni hol-joniga qoʻymay tursak, Tillo momo chiqib keladi.

– Muncha, ukajon, shu kichkina bolalarning koʻzini javdiratib kech kelmasangiz? Shomdan buyon koʻzlari yoʻlingizda nigoron-a?

– Nima qilay, opa? Brigadir Zaynab ochiqni bilasiz-ku! Quyosh botguncha hech kimni paykaldan chiqarmaydi. Etigimni sudrab piyoda yetib kelgunimcha shu mahal boʻldi.

Zaynab ochiq butun tumanga dongʻi ketgan “oltmish sentnerchi” brigadirlardan. Uning “ochiq” laqabi ostida ming xil maʼno bor. Buning ustiga, u ayollardan chiqqan yagona brigadir.

Ertasi kuni dadam ishga bormadi.

– Qani, buvijonlarim, turinglar, sizlarga tillo kavushcha olgani boramiz.

Biz bu sehrli soʻzlardan darrov uygʻondik. Tashqarida quyosh charaqlab, bizning gʻarib kulbamizdagi barcha narsada oltin shuʼlalar yaraqlab turardi. Ayniqsa, bu shuʼlalar ukamning qora sochlarida, loʻppi yuzlarida oʻzgacha jilvalanadi. Uni bir zumda Bahriniso xolamnikiga tashlab keldim. Dadam sandiqni ochib, onamdan qolgan “gʻijimqosim” roʻmolni buklab-buklab menga oʻratdi. Oʻzidan gʻoʻzapoʻchoq shaklida gul chiqarib toʻqilgan bu ipak roʻmolning popuklari boʻyim bilan barobar.

Dadam qopni orqalab, men uning toʻnidan ushlab yoʻlga tushdik. Nihoyat, usti ochiq bir yuk mashinasiga chiqdik. Men shundoq kabina orqasiga tik turib oldim. Shamol yuzlarimni silaydi, roʻmolimning uzun popuklarini uchiradi.

Mana, qadimiy Margʻilon. Ayniqsa, koʻchalari ajoyib. Yoʻlning ikki tomonidagi daraxtlarga tanda bogʻlab, atlasni gulovorlaydilar. Avval atlasning har bir bandini alohida bogʻlab, “abrband” qilinadi. Abrband oʻziga xos turli rangga boʻyalgach, uning bandlarini yechib quritiladi.

Rango-rang ipak tortilgan daraxtlar…

Mashina tezligi tufayli atlasning ranglari chaplashib, yoʻl boʻylab rangin nur daryosi oqayotgandek.

Mana bozor… Odamlar gʻij-gʻij. Dadam qora choponining peshini qayirib, beliga yostiqcha qildi-da, meni orqasiga koʻtarib oldi. Endi men hammadan balandda. Pastga qarasam, turli-tuman erkak-ayol basharalar oʻtmoqda. Nihoyat, “Tohir-Zuhra” kavushchaga ham yetishdik. Dadam yana allanarsalar xarid qildi. Qop toʻlib, endi mening oʻrnimga qopni orqaladi. Men yoʻqolib qolishdan qoʻrqib dadamning peshidan mahkam ushlab oldim. Odamlar oʻrmoni aro turtina-surtina yura turib, baribir, “yoʻqolib qoldim”. Roʻmolimning uzun popuklari bir juhud xotinning tugmalariga oʻralib qoldi. Qoʻrquvdan toshdek qotdim. U vaqtlarda bolalar orasida “juhudlar odam yeydi”, – degan afsona yurardi. Semiz ayol mening qoʻrqib ketganimni koʻrib, muloyimgina jilmaydi-da, popukni tugmasidan ajrata boshladi. Uning bir qoʻltigʻida tovuq boʻlgani uchun ancha fursat oʻtib qoldi. Ungacha dadam odamlar ichiga singib ketgandi.

Men dodlab yigʻlay boshladim. Boshiga katta oq roʻmol yopingan ayol meni chetroqqa olib chiqdi:

– Yigʻlamang, – dedi u iforli roʻmolchasi bilan yuz-qoʻllarimni artib. – Ho-ozir dadangiz kelib qoladilar. Shu yerda men bilan kutib turing. Voy, aylanib ketay sizdan! Muncha shirin ekan-a, bu qiz?!

Margʻiloncha bu xushtakallufdan va nafis ovozdan esim ogʻib, yigʻini ham unutdim, yuziga javdirab qaray boshladim. U oq roʻmolining ikki chetini bir qilib tishlab olgan, faqat oʻsma tortilgan qoshlari va surmali koʻzlarigina koʻrinib turardi. Paranji tashlanganiga ancha vaqt boʻlib, oʻzbek ayollari “ochiqqa” chiqqan boʻlsalar-da, margʻilonlik mastura ayollar ana shunday yuzlarini yashirib yurar edilar. Noiloj yupanib, atrofga alanglay boshladim. Ayolning ipak qoʻllari qoʻlimnigina emas, butun vujudimni ham ilitib turardi. Shundoq yonginamda qator oʻtirgan ayollar oldida rang-barang ipaklar yoyilgan: oq, pushti, qizil, sariq, yashil, gulnor… demak, bu yer ipak bozori ekan-da. Chetroqda bir paxmoq soqolli qop-qora kishi oʻtiribdi. Uning quchogʻida ikki yoshlar chamasidagi ozgʻin bola. Oldida yana bir toʻrt-besh yoshlardagi shoʻxtoy bolakay. U atrofga qiziqib qaraydi. Aftidan, oʻzi koʻrayotgan bu ajoyibotlardan xursand edi. Uning yonida esa mendan biroz tikroq qizcha ham boʻlib, uning koʻylagi juda uzun, etagi toʻnidan ikki qarich chiqib turibdi. Qizil dokashol roʻmolini boʻynidan oʻtqazib orqasiga bogʻlagan. Uning yuzlari yarqiraydi, iyaklari yangi chiqqan oyga oʻxshagan.

Paxmoq soqol har zamon-har zamonda:

– Hoy, musulmonlar, ichingizda farzandtalablar bormi? Mana bu yetimlarni farzand qilib olinglar! – deb qoʻyadi.

Mening qoʻlimdan tutib turgan ayol haligi kishi bilan soʻzlasha boshladi. Ularning suhbatidan shuni angladimki, bolalarning onasi xuddi mening onam kabi oʻlib qolibdi. Yana toʻrtta kattaroqlari uyda qolibdi. Ota bolalarni boqolmayotgan emish. Ularni yetimxonaga topshiray desa, u yerda bolalar butunlay “oʻris” boʻlib ketarmish. Ota ularni farzandtalablarga berish uchun bozorga olib kelibdi.

Haligi himoyachim boʻlib turgan juvon bilan bir keksaroq ayol kelib koʻrishdi, mening kimligimni soʻradi.

– Qishloqdan kelishgan, shekilli, dadasini yoʻqotib qoʻyibdi. Savobgarchilikka ushlab turibman. Bola yoʻqotgan odam, albatta, shu yerga keladi.

Keyin yonimizdagi paxmoq soqolning hikoyasini aytib berdi. Haligi ayol bolalarga bir zum qarab turdi-da:

– Qizchasi shiringina ekan, mening Rashidaxonimga ham mana shunaqa dastyor kerak edi. Bechora naq oʻn uch yil deganda oʻgʻil koʻrdi. Uni boqishga yolgʻizqoʻllik qilib qiynalyapti. Hech boʻlmasa, chaqaloqning yoʻrgaklarini yuvsa qanday, supur-sidir qilsa qanday! Bolaga pul-mul ham berish kerakmikan? – past ovozda soʻradi ayol. Ularning suhbatini jon qulogʻini tikib tinglayotgan paxmoq soqol:

– Yoʻq-yoʻq! Yetimchaning boshini silasangiz boʻldi, – deya gapga qoʻshildi. – Ha endi, biror qop unga yetgulik pul bersangiz ham boʻladi, ahvollarini koʻrib turibsiz, – dedi yana pastroq ovozda. Otangning bogʻu chorbogʻi bilan qolguncha, onangning pilta-savati bilan qol, deganlari shu-da! Agar onasi tirik boʻlganda, har qanday yoʻl bilan boʻlsa ham tishida tishlab yurib boqardi bularni.

– Ha, nimasini aytasiz, “onalik gul yetim, otalik shum yetim”, deydilar-ku! – dedi maxsisining qoʻnjidan anchagina pul olgan ayol. Bir qismini sanab, paxmoq soqolga uzatdi. U “Qoʻying, qoʻying…” deb biroz tisarilib turdi-da, baribir, qoʻlini pulga uzatdi.

Haligi ayol yuzlari yarqiragan, iyaklari yangi chiqqan oyga oʻxshash qizchani yetaklab keta boshladi. Qizcha orqasiga qarab-qarab biroz yurdi-da, shartta toʻxtab qoldi. Xolaning qoʻlidan chiqib orqasiga qaytdi. Oldin opachasini qayga ketayotganini bilolmay turgan shoʻxtoy bolani quchoqladi. Keyin oʻtirib, paxmoq soqolning quchogʻidagi ozgʻin bolani oʻpdi. Yuzini yuziga qoʻyib bir zum turib qoldi. Bola ijirgʻanib yigʻladi. U oʻrnidan turdi-da, paxmoq soqolga termilib qoldi. U oʻtirgan koʻyi qoʻlini uzatib, qizchaning peshonasini siladi-da, allanimalar deb duo qildi. Haligi ayol qizchani yetaklab odamlar ichida yoʻqoldi. Mening chiroyli ayacham iforli roʻmolchasi bilan koʻzlarini artarkan, allaqanday gʻazalmi, matalmi, aytib qoldi.

Oʻlimning elchisi keldi,

Qochaylik bogʻu boʻstonga.

Qochgan bilan qutulmaysan,

Tomosha qil goʻristonga.

Mening nazarimda, paxmoq soqol “dada” emas, onam aytib bergan ertaklardagi dev edi. Birdan meni vahima bosdi: dadam ham ukam ikkimizni sotib yuborsa-ya! Yana hiqillab yigʻlay boshladim. Shunday yigʻladimki, hatto nafasim chiqmay qoldi. Chiroyli ayacham yana meni aylanib-oʻrgilib yupata boshladi:

– Anavu odamlarga qarab turing, agar yigʻlayversangiz, dadangiz oʻtib qolsa, koʻrmay qolasiz.

Men dadamni kutishdan boshqa ilojim yoʻqligini tushundim va umidvor boʻlib, gʻujgʻon oʻynayotgan odamlarga qaray boshladim. Shu payt qop orqalagan dadamning yuzi koʻrindi.

– Da-da-a-a! – chinqirib yubordim men. U qopni tashlab yuborib, meni bagʻriga bosdi. Koʻzyoshidan hoʻl boʻlgan soqollari yuzimga tegdi. Dadam meni qop ustiga oʻtqazib yana orqalab oldi. Menga dadamning yelkasiga chiqishimga yordamlashgan chiroyli ayacham orqamizdan xinoli barmoqlarini silkitib qoldi. Uning surmali koʻzlari qalbim tubiga mangu muhrlandi.

Yana hammadan balanddaman. Pastda esa turli-tuman, erkak-ayol basharalar oqmoqda. Xotiramning olis burchaklarida esa hamon yuzlari yarqiragan, iyaklari yangi chiqqan oyga oʻxshash qizchaning taqdiri haqidagi oʻylar simillab qalbimni ogʻritib turadi.

 

“Yangi ona” hikoyati

Bir kuni uyimizga bir qancha ayollar yigʻilishdi, turli-tuman osh-ovqatlar pishirishdi. Shom payti yana bir toʻp mehmonlar kelishdi. Onam oʻlgach, goʻristondek huvullab qolgan uyimiz yana gavjum boʻlib qolgani meni quvontirdi.

– Onang keldi, – dedi kimdir menga shipshib.

– Tirilibdimi?

– Ha, tirilibdi.

Men uyga otildim. Bir uy xotinlar orasida, burchakda bir ayol katta roʻmol yopinib oʻtirar, ukam Mahbuba esa uning quchogʻida, munchoq koʻzlari sevinchdan charaqlab turardi. Ayolning yuzlari xuddi onamnikidek nurli, boʻyi bastlari ham xuddi onamdek. Faqat ovozi boshqacha, qandaydir xirqiroqmi-yey. Uning ismi ham boshqacha, Sarviniso ekan.

– Tirilib keldingizmi?! – dedim yelkalariga osilib. Chunki onam aytgan ertaklarida oʻlganlar ham tirilganini bir necha marta eshitgan edim.

– Ha, tirilib keldim.

– Nega ismingiz Istoraxon emas?

– Menga farishtalar boshqa ism qoʻydilar.

Biz onamizning ismini oʻzgartirgan farishtalardan biroz xafa boʻldik. Men ham, singlim ham onamiz tirilib kelganiga qattiq ishondik. Faqat Turgʻun akam ishonmadi. Uni Tursun akam toʻy kuni onamning qabri ustidan topib kelibdi.

Yangi onam kelib, uyimiz charogʻon boʻlib ketdi. Osh-ovqatlarimiz pishirigʻliq, oʻrin-joyimiz toʻshalgan. Onam kiyimlarimizni yuvib, sochlarimizni oʻrib, qoʻshnilarning aytishicha, “guldek qiz” qilib qoʻyibdi. U biror yoqqa borsa, bizni ham yetaklab olib ketardi. Fayziobodga yetguncha onamizning ikki yonida sakrab, yoʻl chetidagi yovvoyi gullardan terib, yayrab ketardik. Sarviniso onamiz ikki marta turmushga chiqqan, tuqqan farzandlari turmagan ekan. U sira bizni soʻkib-siltamas, qushdek erkin edik. Yana “Jamila jittak”, “Rayhon puchuq” kabi oʻyinlarimizni boshlab yubordik.

Yanagi yilga Sarviniso onamiz chaqaloq tugʻdi. Bizga hamroh boʻlsin, deya unga “Hamroxon” deya ism qoʻydilar. Dadam uni juda kichkinaligi uchun “Hamrocha” deb suyardi. Lekin bu sevinchlarim ham uzoq davom etmadi. Meni Bahriniso xolam uyiga olib ketdi. Onam oʻlayotib: “Maqsudani sizga topshirdim”, – deya vasiyat qilgan emish.

Bahriniso xolam chiroyli, bogʻchali hovlida, naqshinkor uyda bir oʻzi turardi. Oʻgʻli Mirzaomon aka shaharda oshpazlik qiladi. Xotin-bolalarini ham u yerga olib ketgan. Nega onamning vasiyati u oʻlgach, ikki yildan soʻng xolamning esiga tushib qoldi? Chunki men bu vaqtda uchinchi sinfga oʻtib, ancha dastyor boʻlib qolgan edim.

Kichkina, bejirim darvozasi oldida bir tup oq oʻrik bor. Darvozadan to ayvonga yetguncha kichkina yoʻlakcha. Yoʻlakchaning ikki tomoniga rayhonu jambillar ekilgan. Ora-sira qip-qizil xino gullari choʻgʻdek tovlanadi. Yoʻlakchadan oʻtgan odamning etaklariga gulu rayhonlar suykalib, orqangizdan tebranib qoladi. Bir uy va dahlizdan iborat, oldi ayvonli baland imoratning barcha xari va vassalariga rang-barang naqshlar solingan. Ajoyib qayrilma qoshga oʻxshash tokchalarga turli-tuman billur va chinni idishlar terilgan. Xolam doimo hovlini yogʻ tushsa yalagudek qilib yaraqlatib oʻtiradi. Ayvonning oldi uzumzor. Hovlining oʻrtasidan kichikroq ariq oʻtgan. Ayvondan tushib, uzumzor oʻrtasidagi yoʻlakchadan borsangiz, ariqcha labidagi supachaga borasiz. Shu yerda ariqchaga koʻndalang qilib taxtacha qoqilgan. Taxtacha ustidan shaffof suvlar oynadek yarqiragan shovva hosil qilib oqadi. Shovvaning suviga qoʻlimni tutsam, “oyna” sinadi, qoʻlimni olsam, yana oʻsha oyna paydo boʻladi. Men bu ariqcha boʻyida yarqiroq suvlarga mahliyo boʻlib uzoq qolib ketar va xolamdan dashnom eshitardim. Ariqning har ikki tomonida nim pushti, tukli shaftolilar pishadi. Kuz kelganda esa naq chinnidek keladigan oltin tusli behilar suvga qarab egiladi. Mevalar qatoriga ekilgan jannat boʻylarini taratguvchi qizil gullarning soyasi zilol suvlar soyasida afsonaviy bir chaman paydo qilgan.

Ana shu chiroyli hovlida meni kattakon baboq xoʻroz kutib oldi. Egnimdagi qizil koʻylagimni koʻriboq, menga tashlandi. Urishqoq xoʻrozlar qizil matoni koʻrsa, qonni qoʻmsab, gʻazablanar ekan. U uchib kelib, ikki oyogʻi bilan koʻksimga bir tepgan edi, rayhonlar ichiga yiqildim. Xoʻroz ustimga chiqib olib, yuzu koʻzlarimni choʻqiy boshladi. Xolam tinmay hoy-hoylab xoʻrozni urar, u parvo ham qilmay, meni choʻqilashda davom etardi. Oppoq bulutlar oʻrlagan moviy osmon ostida, gulzor bir hovlida xoʻrozning men bilan jangi qancha davom etdi, bilmadim, kichkina darvozadan dadam halloslab kirib keldi. U ahvolni koʻrdi-yu, shartta yonidagi janaqush pichogʻini chiqarib, xoʻrozni ushladi-da, kallasini uzib otib yubordi. Kallasiz xoʻroz xuddi tirikday yelpigʻich qanotlarini yozib, yoʻlakcha boʻylab biroz uchib bordi-da, sabzipoyaga borib tushdi. Dadam meni koʻtarib, ariqcha boʻyiga olib bordi. Yuz-koʻzlarimni yuvdi. Xolam xoʻroz choʻqigan yerlarimga qozonkuya bosdi.

Dadam xolam bilan uzoq tortishdi.

– Mening shu goʻdaklardan boshqa sadarayhonim bormidi, opa? Oqmozorga oq chiroq, koʻkmozorga koʻkchiroq yoqib bularni zoʻrgʻa topganman.

Xolam esa:

– Istora menga vasiyat qilgan. Maqsuda – sizga, degan. Uning arvohini chirqillatmang! Oʻshanda raisdan qoʻrqib Kuygan yorga ketmaganingizda, u oʻlmas edi! – deya bobillab, dadamga soʻz bermadi.

Nihoyat, dadam nimani oʻyladi, bilmadim, rozi boʻldi. Ketayotib meni koʻtarib oʻpdi-da:

– Uyimizga tez-tez borib turing, buvim, – dedi. Dadam meni ham ukamni ham “buvim” deb suyardi.

– Nega bizni qizim demay, “buvim” deysiz? – deb soʻrasam,

– Men onam tirik boʻlsa-da, uning mehriga toʻya olmaganman, – der edi u.

Dadam ketgach, Bahriniso xolam meni umuman uyimizga yubormadi. Ukalarimni sogʻinib, uyimizga boraman, desam, xolam meni qoʻrqitdi:

– Sen u yerga borma. Dadang seni Orif devonaning onasiga qiz qilib berar emish.

Men dahshatga tushdim. Sochlari yelkasiga tushgan majnunnamo devona yigitni koʻcha-koʻyda koʻrib qolsam ham qoʻrqardim. Onamning qabriga Mastura opam olib borganda, kichkinaroq qabr ustida “Yaxshisini olib, yomonini qoʻyasanmi, Xudo?” – deya shakkoklik bilan yigʻlayotgan ayolni koʻrgandim. Uning aqlli va chiroyli qizi uch kun qorni ogʻrib oʻlibdi. Xolamning aytishicha, meni oʻsha oʻlgan qizning oʻrniga qiz qilib berarmishlar. Goʻdak boʻlmasam, shu gapga ishonamanmi, shunday mehribon dadamni yigʻlatamanmi? Shu voqeani eslasam, hali-hali dilim qonaydi.

Dadam daladan vaqtli qaytib, ataylab meni koʻrgani kelibdi. Darvoza oldida turgan edim. Meni quchoqlab koʻtarib oldi-da:

– Nega biznikiga bormayapsiz, buvim? – dedi.

– Siz meni Orif devonaning onasiga qiz qilib berib yuborar emishsiz-ku!

– Sizga bu gapni kim aytdi?

– Xolam, – deb javob berdim.

Dadamning koʻzlaridan yosh quyilib, soqollaridan silqiy boshladi. Meni yetaklab xolamning oldiga olib kirdi. Rosa baqir-chaqir qilishdi. Lekin dadam meni olib ketmadi. Bu vaqtda xolam qattiq betob boʻlib qolgandi. Dadam juda insofli-iymonli kishi edi. Xolamni betob holida yolgʻiz qoldirishga vijdoni yoʻl qoʻymadi.

…Olti oy oʻtgach, xolam ellik uch yoshida olamdan oʻtdi.

Roʻza chiqqach, tezda birinchi hayit keldi. Lekin meni ikkinchi hayitgacha ham olib qoldilar.

Bir kun charxpalak yonida katta paqirga suv toʻldirayotgan edim, dadam kelib qoldi. Suv tashiyverib ust-boshim shalabbo edi.

– Qizim, shuncha suvni nima qilasan?

– Bochkaga quyaman.

– Qani oʻsha bochka?

– Ana!

Dadam moʻylabini tortqilay boshladi. U, odatda, asabiylashsa shunday qilar edi.

– Hah, attang! Men maktabi tugasa keladi, oʻqituvchisi javob bermapti, deyishsa, ishonib yuraveribman-a! Yigʻishtir narsalaringni!

Nihoyat, 1962 yilning bahorida 4-sinfning oxirgi choragida oʻzimning maktabimga qatnay boshladim. Qanday yaxshi! Oʻzimning qishlogʻim, oʻzimning koʻchalarim, oʻzimning uyim, oʻzimning maktabim, oʻzimning sinfim, oʻzimning sinfdoshlarim, oʻzimning oʻqituvchilarim, oʻzimning sarviqomat teraklarim, oʻzimning badburish tollarim, oʻzimning boʻtana suvlar oqquvchi anhorim…

Insonning hayoti toʻkis boʻlishi uchun Vatan kerak, Vatanjon kerak! Men bu haqiqatni toʻqqiz yoshimdayoq anglab yetganman.

 

Maqsuda ERGASHYeVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.