Akam kelyapti

0
56
marta koʻrilgan.

Oʻn olti qavatli binoning oynavand eshigidan kira-kira chap tomondagi plastmass devor bilan oʻralgan koʻchma xona tuynugidan keldi-ketdini kuzatayotgan militsioner bilan irimiga salom-alik qilib, oʻngga burilgach, uch pogʻonali zinadan koʻtarilib, sargʻish lift yoniga keldim. Chap tomonda marmar tusli yana ikkita lift bor. Yoʻq, ularga chiqmayman. Menga salkam oʻzim bilan tengdosh eski lift ishonchliroq. Yangi liftlarning biriga chiqib, ellik minutcha qamalib qolganim, sira esimdan chiqmaydi. Shundan keyin marmar tusli liftni koʻrsam, dushmanimni koʻrganday boʻlaman.

Men otamzamondan qolgan eski liftni tanladim. Chaqiriq tugmachasini bosdim. Meni kutib turgan ekanmi, oʻn soniyaga qolmay, lift yetib keldi va menga quchoq ochdi. Shu tobda lift “assalomalaykum” deb tirjayib turganday tuyuldi menga. “Vaalaykum assalom” deganday, lip etib ichkariga kirdim. Birinchi ishim chap tomondagi tugmachalar orasidan oʻzimga zarur raqamni bosish edi. Men izlagan raqam eng yuqoridagi “15”. Men “15” raqami oʻyib yozilgan oq tugmachani bosishim bilan lift eshigi kimgadir doʻq qilganday, “qoʻyasanlarmi-yoʻqmi”, deganday taqira-tuqur ovoz chiqardi-da, asta yopildi. Eski lift norozi ohangda gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir qila tepaga oʻrladi. Oʻng tomondagi tutqichdan ushlab, qarshimdagi kattagina oynaga qaradim va oʻzimdan xafa boʻlib ketdim. “Xotinim toʻgʻri aytadi. Sport bilan shugʻullanishim kerak. Anchagina semirib, bagʻbaqam ham osilib qolyapti. Oʻzimga qaray olmayapman. Nima qilay, vaqt yoʻq. Bekorlarni aytibsan. Hamma ayb oʻzingda”.

Shunda nogahon lift devoridan yoqimli bir ovoz taralganday boʻldi. Ie, liftga radio oʻrnatishibdi-ku?. Geografiyada ajab yangilik. Yoʻq, bu radio emas edi. Radio bunday yoqimli gapirolmaydi. Men uzoq-uzoqdan, olis dalalardan kelayotgan qadrdon bir musiqiy tirik ovozni eshitdim: A k a m k ye l ya p t i…

Hushyor tortdim. Yoʻq, men shunchaki hushyor tortmadim, oʻsha yoqimli va qadrdon ovoz ruhimni uygʻotganday boʻldi. Sekin-sekin ovoz lift ichida musiqa kabi sokin jaranglay boshladi: A k a m k ye l ya p t i!

Shunda men bu ovozning toʻrt-besh yashar qizaloq ovozi ekanini, bu ovoz menga tanish ekanini sezdim.

 

* * *

Koʻkalamda bedazor juda fayzli boʻladi. Hech qayerda yashil rang bu darajada mardonavor tantana qilolmaydi. Ayniqsa, ertalab yoʻngʻichqalarning tangaday barglariga olmosday osilgan shudringlar ularga yanada goʻzal tus beradi. Shudring tushgan yam-yashil yoʻngʻichqazor olmos toʻkilgan yam-yashil baxmalday yarqirab yotardi. Yoʻngʻichqazor oralab besh yashar Xosiyat yugurib borardi. Uning qizil koʻylagi yashil yoʻngʻichqazor uzra bayroqday hilpirab suzayotgan edi… Tobora olislayotgan Xosiyat gʻaroyib yam-yashil kenglik ustida qizil kapalakka aylangan mitti shamolday yelardi. Xosiyat yugura-yugura shamol tovushida “Ota! Ota!” deya qichqirardi. Uning yoqimli ovozi cheksiz yoʻngʻichqazor uzra toʻlqin-toʻlqin taralardi. Bu paytda dala oʻrtasidagi uvatda qoratoldan koʻtarilib, boʻyra bilan oʻralgan chaylada mulgilayotgan otam Xosiyatning chaqirigʻidan uygʻonib ketdi. Otam oʻrnidan turib, shoshilib qiziga peshvoz chiqdi. “Qizim, nima gap?” dedi. Xosiyat bu paytda chaylaga yetib qolgan edi.

– Ota… Otajon… – dedi u hayajonlanib…

Otamning koʻzlarida mehr porladi. “Qizim…” dedi-da, ikki qoʻlini ikki yonga yoyib Xosiyatga bagʻrini ochdi. Xosiyat otamning bagʻriga toʻldi. Otamning oʻksigan bagʻriga shamol tegdi.

– Nima gap qizim? Tinchlikmi? – dedi yana otam.

Xosiyat esa oʻpkasi toʻlib, hayajonlanib dedi:

– Akam kelyapti! Ota… Akam kelyapti…

Otamning mehnatda qotgan chayir qoʻllari titray boshladi… Ichki zilziladan yelkalari bulkilladi. Otam jiqqa yoshga toʻlgan koʻzlarini asta Xosiyatdan olib qochdi. Qizining samimiy nigohlari esa ota qoshida porlab turar edi. Ogʻir sukutdan soʻng oxiri otam soʻz qotdi:

– Akang kelyaptimi?

– Ha, ota, akam kelyapti.

– Qachon… kelyapti?

– Bugun yoʻlga tushadi.

Otam Xosiyatdan buni qanday bilganligini soʻramadi. Bunga zarurat yoʻq edi. Chunki Xosiyat farishtalar bilan gaplasha olishini otam bilardi. Shuning uchun u soʻzsiz, soʻroqsiz Xosiyatga aytdiki:

– Tez bobongga va katta enangga xabar ber. Akangning oldiga chiqishimiz kerak. Chop, qizim, tezroq xabar ber.

– Hozir aytaman ota. Bobootamgayam, katta enamgayam aytaman.

Xosiyat yana qizil kapalakday yashil yoʻngʻichqazor boʻylab yelib ketdi.

 

* * *

Men bu paytda 15-qavatga koʻtarilib, xonamga kirib ulgurgan edim. Ishim koʻp edi. Qadimgilar Hayitni qanday bayram qilishgani haqidagi bir maqolani oʻqiy boshlaganimda yana devorlar orasidan oʻsha ovoz eshitila… yoʻq, tarala boshladi: A k a m k ye l ya p t i.

Kotibani chaqirdim.

– Sokina, siz qandaydir ovozni eshitmayapsizmi?

– Tashqarida shamol… Bu shamolning ovozi… – dedi u.

– Ha… toʻgʻri aytasiz… shamolning ovozi… Shamol akasini izlayapti, shekilli. Shamol akasini kutyapti.

Sokina mening oxirgi gaplarimni umuman tushunmadi va nima haqda gapirayotganimni soʻrashga botinolmadi.

– Durbek qayerda? – dedim unga.

– Mahalla haqida maqola yozish uchun mahallalarga ketgan.

– Durbek boʻlganda edi, bu ovozni eshitarmidi.

Sokina daftariga nimanidir yozmoqchi boʻldi, tayinli topshiriq yoʻqligidan bir muddat jim turdi-da, soʻng chiqib ketishga izn soʻraganday kutib turdi.

– Mayli, siz boravering. Durbek kelib qolsa kirsin…

 

* * *

Bu paytda Xosiyat yoʻngʻichqazor odogʻidagi bobootasining chaylasiga yaqinlashib qolgan edi. U oyogʻi ostida shovirlayotgan yoʻngʻichqalarga hamohang yoʻqotgan oʻyinchogʻini topib olgan boladay qichqirardi.

– Boboota! Katta ena!

Bobootam chayladan chiqdi. Yashil yoʻngʻichqazor shamolda sokin dengizday bir maromda chayqalib turardi. Xosiyat esa jannat qushiday tinmay jivirlardi.

– Boboota, boboota, akam kelyapti.

Koʻpni koʻrgan bobom goʻyo shunday boʻlishi kerak, deganday xotirjam koʻrinardi-yu, lekin… baribir qoʻllari qaltirardi.

– Oʻzing akangning oldiga chiq! – uning ovozi titradi: – Katta soyliqdan oʻtishi bilan u senga duch kelgani maʼqul. Seni koʻrsa birdan xursand boʻlib ketadi. Biz keyinroq… yoʻngʻichqazor boʻyida uni kutib turamiz. Oʻzing olib kelasan uni bu yerga.

Yashil yoʻngʻichqazor uzra moviy tuman tusha boshladi. Xosiyat tuman oralab gʻoyib boʻldi.

* * *

Men kabinetda nimalar bilandir andarmon boʻlganday boʻldim, lekin hech narsa bilan mashgʻul emasligimni oʻzim yaxshi bilardim.

– Sokina, bugun singlimning tugʻilgan kuni. Unga koʻylak olib kelsangiz…

Kotiba qiz odatiga koʻra qalin daftarini qoʻliga oldi-yu, yozishga chogʻlandi:

– Singlingiz necha yoshdalar?

– Besh yoshda.

Sokina dovdirab qoldi.

– Besh yoshda?.. Besh yoshda… deyapsizmi?

Men esa dunyodan yuz oʻgirgan Suqrot kabi xotirjam edim. Shuning uchun oʻta sokin, toʻnib qolgan bulutday javob berdim:

– Bugun Xosiyat beshga kiradi. U mening singlim.

Kotiba qiz ham hayratini yashirolmadi. U meni gangiyapti deb oʻylagan edi.

– Bu boʻlishi mumkin emas. Nabirangizmi yo singlingiz? Tushunmadim.

Men uni tinchlantirgan boʻldim:

– Singlim besh yoshda. Unga yashil rangli chiroyli koʻylak bilan iroqi doʻppi olib kelsangiz, tezlik bilan Chorsuga boring. U yerda hamma narsani topsa boʻladi… men uning tugʻilgan kuniga yetib borishim kerak. Vaqtim tigʻiz.

Farosatligina Sokina ortiqcha gap soʻrashni oʻziga ep koʻrmadi.

– Xoʻp boʻladi. Hozir borib kelaman.

Kotiba qiz chiqib ketishi bilan xona devorlaridan yana oʻsha musiqa kabi yoqimli ovoz tarala boshladi: A k a m k ye l ya p t i…

Men shunda devorning nafaqat qulogʻi, tili borligiga ham ishondim.

 

* * *

Cheksiz yoʻngʻichqazorning bir burjida Otam bilan Bobom gaplashib oʻtirardi. Jonhalak Xosiyat esa yana yoʻngʻichqazor uzra oʻynoqi kapalakday shodmon suzib yurardi. Otam soqolini silayotgan bobomga qarab:

– U kelyapti. Eshqobil keladigan boʻldi, – dedi.

– Xosiyat biladi, unga farishtalar aytgan, – dedi bobom.

– Onasi yigʻlayapti, – dedi-da, otam chekkaga qaradi.

– Momosi ham… yigʻlayapti… – dedi-da, bobom koʻzini olib qochdi, – togʻalari Katta soyliq tomonga ketishdi, oʻzimiz kutib olamiz, deyishdi. Men bormadim. Menga qiyin u yerda. Kelganida koʻrisharmiz.

– Xosiyat qanot qoqib yuribdi, – dedi otam, – goʻdak-da, akasi kelib qolsa, akasi bilan oʻynamoqchi. U akasini haliyam olti yashar deb oʻylayapti. Akasining yoshi mendan ancha oʻtib ketganini qaydan bilsin. U olti yashar akasini kutyapti…

Men uning oldiga chiqmasam boʻlmaydi. Kelishi bilan meni soʻraydi.

 

* * *

Stol ustidagi qogʻozlarga koʻz yugurtirib, goh unisini, goh bunisini qoʻlimga olib koʻrdim. Yoʻq, hozir ishlay olmayman. Xayolim qochyapti. Bolalik yillarim koʻz oldimdan lip-lip etib oʻta boshladi. Goʻyo men oʻn beshinchi qavatdagi kabinetda emas, olislarda qolib ketgan oʻsha manzaralar va holatlar ichida edim. Ana… Oppoq qor qoplagan kimsasiz dala… Dala oʻrtasida men Xosiyatni ergashtirib boryapman. Qalin satin choponga oʻranib olgan besh yashar singlimning boshiga oʻralgan guldor jun roʻmol ichidan qop-qora koʻzlari va jajjigina burni koʻrinadi, xolos. U mening oʻng qoʻlimdan mahkam ushlab olgan. Jimgina ortimdan ergashadi. Qor ustida mayda qadam jajjigina moʻkki izlari ekilib qoladi. Dalaning bir chetidan mallarang bir kuchuk yugurib oʻtadi. Uni koʻrib Xosiyat qoʻlimni qattiqroq qisadi. Koʻzlari javdirab menga qaraydi.

Keyin yana boshqa bir manzara ichiga tushib qolaman. Saharda meni Bekkam xolam uygʻotdi. Choponimni kiygizdi. Uydagi yigʻi-sigʻi tovushi meni sergak torttirdi. Lekin hech narsani tushunmadim. Tashqariga chiqdik. Togʻalarim, ammalarim, qoʻshnilarimiz va boshqa qarindoshlarimiz toʻplanishibdi. Birozdan soʻng itorqa uyimizning yoniga sariq rangli GAZ-21 volga mashinasi kelib toʻxtadi. Hamma mashinaga qarab yurdi. Mashinadan Qahhor bobom jun roʻmolga oʻralgan bolani quchoqlab yigʻlab tushib kelardi. Otam va onam u kishiga yigʻlab ergashgan edilar. Shunda Qahhor bobomning bagʻridagi goʻdak Xosiyat ekanligini sezib qoldim. Bolagina koʻnglimdan chirt etib nimadir uzilib ketdi. Uzi-ili-ib ke-yetdi! Shundan keyin men uni koʻrmadim. Shundan keyin men… qorli dalalarni bir oʻzim kezdim, koʻm-koʻk koʻklamlarga bir oʻzim chiqdim, saratonning hurpillagan issiq tuproqlarida bir oʻzimning izlarim qoldi.

 

* * *

Ikki soatdan soʻng Sokina xonaga kirib keldi. U xonaga kirdi-yu, hamma qizlar va ayollarga xos qiziquvchanlik bilan yelim xaltadagi yashil koʻylakchani olib, qaytadan tekshira ketdi.

– Eshqobil aka, yaxshi koʻylak. Tozasi. Singlingiz kiysa, yashnab ketadi. Qarang, qanday chiroyli. Yoqalari ham did bilan tikilgan. Parparalari ham meʼyorida. Mana bu doʻppini qarang. Qanday chiroyli-ya.

Haqiqatan, doʻppi ham, koʻylak ham juda chiroyli edi. Shu damda yana devorlardan oʻsha mayin va yoqimli ovoz kela boshladi: Akam kelyapti

Hamon bozordan sotib olib kelgan narsalariga mahliyo boʻlib oʻtirgan qizginadan soʻradim:

– Sokina, siz baribir devorlardan kelayotgan ovozni eshitmayapsiz-da?

U nimanidir eshitmoqchi boʻlganday jim qoldi-da, soʻng bolalarcha soddadillik bilan ajablanib soʻradi:

– Qanday ovoz? Hech narsa eshitmayapman.

– Men ham shu paytgacha hech narsa eshitmaganman. Lekin devorlarning ham tili bor ekan. Devorlar juda yoqimli kuylar ekan. Endi bildim.

Sokina hech narsani tushunmay menga ajablanib qaradi-da, bozordan olib kelgan narsalarini xaltaga joylab stol chetida qoldirib, jimgina chiqib ketdi.

Tashqarida men bilgan hayotdan boshqa hayot borligini sezib turardim. Oʻrnimdan turdim-da, quchoq-quchoq nur toʻkilib yotgan devor-deraza tomon bordim. Derazadan narida… oʻn beshinchi qavatning derazalari poyiga tutashib ketgan yam-yashil yoʻngʻichqazorni koʻrdim. Voajab… Pastda shahar yoʻq edi… Hamma tomon quyosh nurida yarqirab yotgan yam-yashil yoʻngʻichqazor edi. Uzoqdan otam va bobom qoʻlini peshonasiga soya qilib men tomonga qarab turishardi. Yoʻngʻichqazor uzra sokin bir musiqa kabi oʻsha yoqimli ovoz taralardi: A k a m  k ye l ya p t i!

 

Eshqobil Shukur,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

 

“Yoshlik”, 2018/7

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.