Ajinasi bor yoʻllar

0
907
marta koʻrilgan.

(Turmush kechinmalari)

 

Xo ishoning, xo ishonmang,

yozayotgʻonimda tirik edim.

Gulmat Shoshiy

 

Ogʻzingga kelganini gapiraverma,

esingga kelganini yozaver.

Kulkul afandi

 

Yozsammi, yozmasammi?

Yozmasam, oʻzimni oʻzimdan haydab yashayotgandekman. Shuni his qila boshlashim bilanoq yuragim siqiladi. Yozsam, oʻzim uchun ham, baʼzi-birovlar uchun ham qanchalar ogʻriqli boʻlmasin, imkon qadar borini boricha aytishimga toʻgʻri keladi. Aks holda, bu muallaq tarvuz uzra abadiyat ummonining omonat koʻpikchasidek kechgan hayotim bayoni tabiiylikdan chekinib, bir adibning navbatdagi toʻqimasi yuzaga keladi-yu, umr haqiqatlari ramzi sifatida idrok etilguchi “Esdalik” atalmish soʻz azaliy qimmatini yoʻqotadi.

Afsuski, “chinakam” deganlari ham baribir nisbiydir. Hayotimni tevaragimda yuz berib turguchi voqealardan uzuq tarzda tasavvur qilolmas ekanman, turli hodisalarga munosabat bildirishda oʻz uquvim, oʻz bilimim, oʻz mushohadam darajasidan nariga oʻtolmasligimni, bu darajam esa maqtangudek yuksak emasligini oldindan tan olib qoʻyaqolay. Demak, ayrim masalalarda haqiqatga eltguchi bahslar eshigini lang ochiq qoldirishim lozim boʻladi.

Istiholalarni yigʻishtirib, shartta yozaversammi? Yo tilimni tiyganim tuzukmi?

Chekdim, oʻylandim; chekdim, ikkilandim; oxiri qadrdon qalamjonim qogʻozlar uyumi sari oshiqdiyu oʻng qoʻlim yetagida “boshlov”ni chizgʻilaboq, olisdagi “tugallov” sari bilanglab yoʻrgʻalashga tushdi. Buyogʻi endi Oʻziga tavakkal…

 

* * *

Shaxsimni tasdiqlash, dunyoga har qanday shamolu epkinning ermagiga aylanguchi qogʻoz parchasi boʻlib kelmaganimni isbotlash, Oʻzi aʼlo qilib yasagan aqlu ongimga munosib xoʻjayinligimni namoyishlash uchun qoʻlimdan kelganicha urindim – bir umr kuyinib-yoniqib yashadim, soʻz aytmoqni kasb qildim. Yozganlarim loaqal bu yurtdagi bittagina kimsaning diqqatini tortib, koʻnglini ishgʻol etolmasligiga ishongim kelmaydi. Balki barini oʻsha bitta odam uchun yaratgandirman. Garchi bu zotga atab aytilgan, yana aytishni istagan gaplarim son-sanoqsiz esa-da, unga bir savol berish bilan kifoyalanmoqchiman: “Men kimman?!”

Ich-ichimdan sezyapman, bunga eng xolis, eng toʻgʻri javobni aynan oʻsha bitta odam topa oladi. Meni oʻzicha bilib yurganlar oʻshanda yangitdan tanishadi.

* * *

Bahromxonning ilk bolalik davri, yigirma besh yillik toʻxtovsiz janglardan soʻng, Qoʻqon xonligi hududi Chor Rossiyasi tomonidan tuzilgan Turkiston general-gubernatorligiga toʻlasicha tobe etilgan paytlarga toʻgʻri keldi. Bungacha esa ne-ne odamkushliklar yuz bermadi deysiz.

Ikki-uch ajdod narisidagi bobo-momolari Margʻilondan kelib, Oltiariqning Poloson qishlogʻida (bu qishloqqa bir mahallar Turkistonning boshkenti maqomidagi Bolasogʻunga havas qilib nom berilgan, keyinchalik shevada buzib aytila boshlangan ekan) tomir otgan eshonlar avlodidan boʻlmish Bahromxon tevarakda yuz berayotgan ushbu voqealardan ozmi-koʻp xabardor esa-da, siyosatga qiziqmas, otasidan, boshqa ustozlardan zoʻr ishtiyoq bilan bilim olar, qoʻyib berishsa, kun boʻyi hujradan chiqmay, kitob titkilab oʻtirarkan. Kamgap, bosiq, taqvodor, oʻta royishli, doim oʻychan yuruvchi yigit ekan.

Aytishlaricha, ota-onasi koʻp bor ogʻiz solishiga qaramay, Bahromxon ana-mana deb, uylanishni ortga suraveribdi. Oxiri, allaqachon uylanish yoshiga yetgan ukasi navbatda tiralib turganini pesh qilishgach, indolmay qolibdi. Otasi yengil tortib, agar biror qizda koʻnglingiz boʻlsa, buniyam bilib qoʻyganimiz tuzuk, desa, u koʻzida yer chizib, asta debdi:

– Modomiki, ixtiyorni oʻzimizga beribsiz, endi sazamizni oʻldirmaysiz-da, otajon. Mahallamizdagi Doʻsmat togʻaning Sarviniso degan bitta koʻzi ojizroq qizi bor ekan, tengqurlari bir-bir uzatilib, unga sovchi kelmayotganidan ichikib yurganmish. Shu qizga odam kiritib, savob olishga urinib koʻrsakmikin?

Chinakam ruhoniylar oraga gap qoʻshishning iloji qolmagan vaziyatda sukutdan nariga oʻtishmaydi, ota indamay turib qolibdi. Tez orada Bahromxonni Sarvinisoga uylab qoʻyishibdi.

Otasining vafotidan soʻng eshonlik martabasi Bahromxonga xatlab berilibdi. Turkiydan tashqari arabchani, forschani ham yaxshi bilgan Bahrom eshon ilmga butunlay shoʻngʻib ketgach, bu zotni ortiqcha bezovta qilmaylik deb, ulamolar uning ukasi Akbarxonga ham eshonlik vakolatini beribdi, qishloqlarni kezish, mahalliy mullalarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib turish endi shu kishining zimmasiga tushibdi.

Turkiston taqdirga tan bergandek tuyula boshlaganida, Birinchi jahon urushiga qoʻshilgan Rossiya front ortida ishlatish uchun bu yurt fuqarolarini zoʻrlik bilan mardikorchilikka jalb etishga kirishgani ishni buzibdi, xalq yana gʻazabga kelibdi. Bahrom eshon bobomiz ayni oʻsha pallada – 1915 yilning oxirlarida, ellik yoshlar atrofida omonatini topshirgan ekan. 1906 yilda tugʻilgan oʻgʻli Obidjon oʻn yoshga, 1910 yilda tugʻilgan qizi Shafoat besh yoshga toʻlib-toʻlmay yetim qolishibdi. Oradan koʻp oʻtmay, 1916 yil voqealari – Jizzax, Toshkent, Margʻilondagi qoʻzgʻalonlarning boshlanishi va rus xoqoni Ikkinchi Nikolayning buyrugʻi bilan shafqatsizlarcha bostirilishi natijasida xalqning tirikchiligi yanada ogʻirlashib, jumladan, bu oila boshiga ham katta qiyinchiliklar tushibdi.

Yer osti boyliklarining moʻlligi va xilma-xilligi sanoatni tez izga solish, jadal oʻstira borish; iqlim sharoitining qulayligi, tuprogʻining unumdorligi yerchilik, bogʻchilik, chorvachilikni oʻnlab marta yuksaltirish imkonini beruvchi oltin oʻlka endi istilochilar mulkiga aylangandi. Turkistonliklarni magʻlub etgan omil zamonaviy zambaraklarga qarshi pilta miltiqlar bilan chiqishga majbur boʻlinganidagina emasdi, bir suluv kanizakni talashib, bir-birining ustiga qoʻshin tortishdan ham toymaydigan buqatabiat xoqonlarga kuni qolgan xalqning ruhi siniqligi, koʻzchaqnatar ichki maʼnaviy quvvatning kamligi bunga koʻproq sababchi edi. Gʻaflatda yotgan xalqni uygʻotish uchun uning tarixini targʻib qilish kerak, degan soʻzni Avgustin bejiz aytmagan. Alp Er Toʻnga, Toʻmaris, Oʻgʻizbek, Amir Temur, Manguberdi yangligʻ ulugʻ eltuzarlarning, Qoʻrqut ota, Xorazmiy, Beruniy, Fargʻoniy, Ibn Sino, Qoshgʻariy, Ulugʻbek, Forobiy, Yassaviy, Navoiy, Buxoriy kabi olamga mashhur zotlarning avlodi ekanidan faxrlanmay qoʻygan, kundalik tirikchilik tashvishidan bosh koʻtarolmay qolgan millat baribir ertami-kech qaysidir olgʻirga qaram boʻlishga, xor-zorlik koʻrishga mahkum edi. Ochundagi toʻrt nahangdan biriga aylanmish Rossiya shundoqqina tumshugʻi ostida turgan tap-tayyor luqmani boshqa happayutarga urdirib yuborishni oʻziga ep koʻrmagandi, xolos.

 

* * *

Dadam arab, lotin, kirill imlolarida bemalol oʻqib-yoza olsa-da, dunyoviy ilmlarga, siyosatga oʻta befarq edi. Ayniqsa, eshonlar sulolasidan boʻla turib, diniy ilmda ham oqsoqligi koʻplarni taajjubga solardi. Ehtimol, unga saboq berguchi otadan oʻn yoshidayoq ayrilib qolgani, bolalik va oʻsmirlik pallalari bolsheviklarning Turkistonda oʻz hokimiyatini oʻrnatish hamda mustahkamlashdagi ur-quvala zamonlarga toʻgʻri kelgani buning asosiy sababchisidir. Tarixdan maʼlumki, qizil imperiya davrida yurti va millatining vijdoni boʻlgan ziyolilar, mol-mulki chetdan kelgan zoʻravonlar qoʻliga oʻtishini istamovchi davlatmandlar, eʼtiqodi yoʻlida kurashga kirgan hamiyatli fuqarolar qatorida musulmon ahlini gʻayridinlarga qarshi oyoqqa turgʻaza olishga qodir kuch hisoblanmish din peshvolari ham ayovsiz qirgʻin qilingan, surgunga yuborilgan. Ularning yaqin kishilari, ayniqsa, farzandlari doimiy taʼqib va nazorat ostida boʻlganlar.

Bularni koʻrib qoʻrquv va bezillovlar ostida qolgan Bahrom eshon va ukasi Akbar eshon avlodlaridan uy-joylari tortib olingach, ona ajdodlariga qarashli hovlining bir chetidan qoʻnim topib ulgʻayayotgan dadam oʻzini birinchilar qatorida yangicha maktabga uradi, ilgʻor oʻquvchilardan biriga aylanadi. Keyinchalik komsomolga (kommunistik yoshlar oqimi) qabul qilinib, yigirmanchi yillar oʻrtarogʻida bir guruh faol yoshlar bilan birga Mirzachoʻlni oʻzlashtirishga yuboriladi. Bir necha oy oʻtib, bezgakka chalingani sababli, choʻlquvarlar uchun maxsus tikilgan korjomada Polosonga ozib-toʻzgan holda qaytib keladi.

Oltiariqdagi Vannovskiy temir yoʻl stansiyasining yonida paxta qabul qilish punkti joylashgan ekan. Bahrom eshonning muridlaridan boʻlgan Bayzaq (Boyuzoq) qori paxta punktida bosh tarozidor ekan. U kishi dadamni panohiga tortib, punkt yonidagi choyxonaga choy tashuvchi qilib joylab qoʻyibdi. Qoʻl-oyogʻi chaqqonligi, zehni oʻtkirligini sezgach, keyinroq oʻziga mirzalikka olib, tarozidorlik sirlarini oʻrgata boshlabdi. Bu orada dadam Surmaxon degan ayolga uylanib, Homitjon, Odiljon, Shahodatxon ismli farzandlar koʻribdi. Odiljon uch yoshida ogʻir kasal boʻlib, Homitjon oʻn uch yoshida daraxtdan yiqilib, vafot etibdi.

Bayzaq qori dunyodan oʻtgach, ustozidan puxta taʼlim olgan, oʻziga xos nozik tomonlari koʻp boʻlgan kasbning sir-asrorlarini chuqur oʻzlashtirib ulgurgan dadamni bosh tarozidorlikka tayinlashadi. Koʻp oʻtmay, Germaniya lashkari sovetlar yurtiga bostirib kiradi, dadamni kerakli mutaxassis sifatida harbiy xizmatga vaqtincha chaqirmay turishadi. Bu kasbning nozik tomoni – laboratoriyalar deyarli boʻlmagan oʻsha davrda paxtaning sifatini, ifloslanganlik va namlik darajasini oddiy chamalash orqali aniqlash, shunga qarab vaznidan qancha kamaytirib hisoblashni bilish, navlarga ajratib gʻaramlatish tarozidorning javobgarligida boʻlgan ekan. Tarozidorning yashirin daromadi – paxtaning iflosligi va namligini keragidan ziyodroq belgilab, bundan qancha mahsulot ortib qolishini aniq chamalay olish, shu “zahiracha”ni davlat tomonidan berilgan planni (rejani) bajarolmay qolgan kolxozlarga yeng uchida pullash orqali hosil boʻlarkan. Dadam oʻz shogirdlariga: “Orttirib yeyishning ham meʼyori bor, chegaradan chiqmaslik kerak”, deb tez-tez tayinlaguchi esa-da, ana shu “orttirgani”ni chamalashda sal yanglishgan boʻlsa kerak, ozgina kamomatga yoʻl qoʻyib, 1942 yili kesilib ketibdi. Turmada bir yildan ozroq yotgan boʻlsa ham, xotini Surmaxon oʻgʻli Homitjonning dogʻini koʻtarolmaganmi, bu oilada nimadandir beziganmi, qizi Shahodatni buvimga tashlab, boshqa erga tegib olibdi.

Dadajonim qamoqdan chiqqach, bu sohada mutaxassis taqchil ekani tufayli, uni chekka Fayziobod qishlogʻidagi paxta qabul qilish punktiga bosh tarozidorlikka yuborishibdi. Kasbdoshlari shu qishloqqa yondosh boʻlgan Oqboʻyradan unga xotin topishibdi, urush davri taomiliga koʻra, toʻy imi-jimida oʻtkazilibdi. Yangi kelinning oti Munisxon ekan.

Ana, nihoyat, men shoʻrlikka ona ham topildi. Endi asosiy gap – sogʻ-salomat tugʻilib olishimda.

* * *

Chetdan qaraganda, dadam ilmga hafsalasizdek esa-da, hayotiy masalalarda ancha keng fikrlovchi, axloq-odob tushunchasi qon-qoniga singgan, oʻta harakatchan, ziyrak va kuzatuvchan kishi edi. Tengqurlari uning soʻzamolligi, ishga bor vujudi bilan yopishishi, abjirligi, feʼli kengligi, kin saqlamasligi, barchaga ochiqqoʻlligi, beozorligi, tagdor hazillarga ustaligini alohida taʼkidlab gapirishadi. Salga taʼsirlanadigan darajada koʻngli boʻshligi, dushmanlariga kechirimliligi, igʻvolarga beparvoligi, boladek sodda va ishonuvchanligi, topgan mol-dunyosidan ertasini oʻylagan holda foydalanishni bilmasligi, ortiqcha ulfatbozligi kabi odatlarini esa uning qusuriga yoʻyishadi.

Urush tugaganidan keyin, dadam avvaliga Fargʻona tumanining Kaptarxona qishlogʻidagi punktda ishlabdi. Oltiariq temir yoʻl stansiyasidagisi oʻrniga Polosonda yangitdan paxta punkti tashkil etilayotganda, bu yerga yana bosh tarozidor etib tayinlanibdi, qurilishni oʻzi ustida turib bitkazibdi. Shu lavozimda 1956 yilgacha ishlab, odamlarning taʼrifidan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, tumandagi toʻrtta yirik puldorning biriga aylanganida, men esimni ancha tanib olgan yoshda edim.

Dadamning ikkinchi nikohidan Xolisxon (1944), Anvarjon, yaʼni kaminalari (1947), Akramjon (1949), Tohirjon (1951), Zuhraxon (1953), Homitjon (1955), Avazbek (1957), Dilmurod (1959) degan farzandlar dunyo yuzini koʻrdi. Shahodat opamiz ham biz bilan birga yashar, uning onasi boshqaligini ulgʻayibgina bilgandik. Jamlansa, dadam ikkala xotinidan oʻn bitta farzand koʻrgan, bari uyda, qoʻshni kampirlar enachiligida tugʻilgandi. Ayamning oldingi roʻzgʻoridan boʻlgan Mahbuba opamiz esa, Oqboʻyrada Xonim enam bilan qolgandi. Oqboʻyraga mehmonga borsak, qunishib turuvchi oʻgay opam bilan yotsirab koʻrishardim, uyimizga qaytgach, uni boshqa eslamasdim.

Ilk bolalik chogʻlarim oilamizning toʻkin-sochin davriga toʻgʻri keldi. Meni juda bashang kiyintirishga urinishardi, hadeb ovqatlantirmoqchi boʻlishaverardi, erkalatishgani-erkalatishgan edi. Ayrim qoʻrs oʻspirinlarni hisobga olmaganda, “boyning arzandasi” deb, mahalla bolalari, ayniqsa, tengqurlarim meni turtkilash uyoqda tursin, ortiqcha qoʻpollik qilishdan ham oʻzlarini imkon qadar tiyib yurishardi. Bu hol ayrim jangchalarda ustunligimni taʼminlab, oʻzimni xotirjam sezishimga sabab boʻlsa-da, koʻnglimga zarracha ham huzur bagʻishlamas edi, aksincha, gʻashimni keltirardi. Tengdoshlarim mendan hurkimasligini, jaydaricha muomalada boʻlishlarini, keragida qoʻpollik ishlatishlarini xohlardim. Ular bilan urishib koʻrishni istab, goho ataylabdan biror narsani talashardim, janjal qoʻzirdim, ular esa men bilan olishuvga kirishmaslikka tirishardilar, ursam ham yo mungʻayib turishaverardi, yo sekingina qochib qolishardi.

Bolalar baʼzida uyidagi qiyinchiliklardan gapirib qolishardi. Biri poyabzali yoʻqligi uchun akasining katta etigini kiyib maktabga borayotgani; biri singlisi oʻrtogʻining qoʻlida qand koʻrib, mengayam qand olib bering, deb yigʻlasa, pulim boʻlmasa, enangnikidan olib beramanmi, deya dadasi uni tarsakilab, burnini qonatib yuborgani; boshqasi kecha koʻchada uzoqroq oʻynab, uyga kech qaytgani, ovqatni unga qoldirmay yeb qoʻyishgani, ochlikdan anchagacha uyqusi kelmagani haqida soʻzlardi. Ularni tinglayotib, goh oyogʻimdagi qimmatbaho tuflimni yashirishga urinardim, goh nonushta chogʻi dasturxonimizda oqqandgina emas, holvayu asalgacha turishini eslab, oʻz-oʻzimdan qizarib ketardim.

Qoʻshnilarnikiga kirganimda, koʻpchiligining dasturxonida qoramagʻiz non yoki makka zogʻorasi, turshak-qoqilardan boʻlak narsani koʻrmasdim. Bunday xonadonlarda yashovchi oʻrtoqlarimdan goh unisini, goh bunisini uyimizga tez-tez boshlab kirardim, birga ovqatlanardim, dasturxonga qand ham qoʻyishlarini ayamdan talab qilib turib olardim, ukangga berarsan deb, bir qismini choʻntagiga solib qoʻyardim. Sen qandni har kuni yeysanmi, deya havas-la savol tashlardi bolalar. Xohlasam, kuniga oʻn marta yeyishim mumkin boʻlsa-da, nima uchundir yolgʻon gapirib, onda-sonda berishadi xolos, deb gʻariblanar edim.

Boy ekanligimizdan uyalayotgandek, boshqalarga oʻxshab kambagʻal emasligimizdan oʻksinayotgandek edim. Barchadek boʻlishni istardim, oʻzgalardan farqlanib, yovvoyidek ajralib turishni yoqtirmasdim. Biri-biridan juldurvoqi bolalarga boqqanim sayin, rahmim kelaverardi.

Negadir, ularning ham menga rahmi kelishini xohlardim.

 

* * *

Koʻpchilik qondoshlarga ayamning oyoq-qoʻli chaqqonligi, yigʻinchoqligi, bichuv-tikuvda chevarligi, qoʻli ochiqligi yoqardi. Pazandalikda Sarviniso buvimizning oldiga tusholmasa ham, xamir ovqatlarga ancha usta edi. Yopgan nonlari chiroyli, boʻrsildoq boʻlardi. Ayniqsa, buvimdan oʻrganib olib, qaymoq surtilgan yupqa xamir yoymalarini qat-qat toʻshaganicha, siyrak chekich urib, yupqa juvalab tayyorlaydigan qatlama patirlari ogʻizda erirdi.

Boshqa yoqdan qaralsa, ayamning jahli juda tez edi, oʻzgalar chetda pichirlashib gaplashganini koʻrsa ham birdan gezarib qolardi, sal narsaga janjallashib ketardi, bor tovushda sannashga tushsa, birov bas kelolmasdi. Birgina dadamdan hayiqardi, lekin paytini topib, oilada hukmronlikni qoʻlga olishga bot-bot urinib koʻraverardi, baribir bunga erisholmasdi.

Sarviniso buvimiz ayamni unchalik xushlamasdi, bu yalangoyoq oʻziga muncha bino qoʻymasa, uni oʻgʻlimning pullari quturtiryapti, deb gʻudranardi gohida.

 

 

 

* * *

1953 yilning bahori edi, Shahodat opam koʻzida yosh bilan maktabdan barvaqt qaytib keldi. Ayam yigʻining sababini soʻrasa, Istalin oʻlib qolibdi, maktabda hamma yigʻlayapti, dedi. Stalin toʻgʻrisida dabdabali gaplarni eshitib yurgan boʻlsam-da, bu nomning shaxsan men uchun bir pullik qimmati yoʻq edi. Shungayam yigʻi-sigʻimi, deb oʻyladim.

Iosif Stalin muzey hakkasidek qotirilib, endi Xurushchyov kompartiya yetakchisi, Malenkov vazirlarning ulugʻi, Beriya bosh tartib saqlovchi sifatida qizil imperiyani ulfatchilikdagidek “bizniki”lab boshqarishga oʻtgan bu davrda men birinchi sinfda oʻqiyotgandim.

Dastlabki kun esimda – yolgʻizoyoq tolkoʻchada quyi mahalla tomon odimlab boryapman-u, bu “oʻqish”i qanaqa boʻlsaykin, deb oʻylanaman xolos. Borib koʻrsam, maktab deganlari ayvonidagi ustunlar chiriy boshlagan eski machitni suvab-oqlab, shu atrofdagi kichkintoylar uchun yangi darsxonaga aylantirilgan tuproqtom bino ekan. Maktabning chap yonida mulla Ahmadqul qorining, oʻng yonida Abdulla qassobning xonadoni. Bu tomonda jimjitlik, u tomonda qoʻylar tinimsiz babalamoqda. Bu yoqdan rayhonning boʻyi ufuradi, u yoqdan – goʻngning isi.

Oʻqituvchimiz Obidov (uni “mulla aka” derdik) ogʻir-bosiq, odob-axloqi baland, mehri koʻzida balqib turuvchi kishi edi. Qanchalar haddan oshmaylik, siltab-turtkilash, baqirib jerkish u yoqda tursin, qattiqroq chaqchayganini ham koʻrmaganmiz. Ortiqcha ranjitib qoʻysak, maʼyuslanib qovoq uyar, meni xafa qildilaring-da, deya oʻzini astoydil arazlagandek tutib, derazadan tashqariga boqqanicha jim turib qolardi. Hech kimga ozor berishni istamaydigan domlamizga rahmimiz kelib, tezroq yarashib olishga urinardik.

Tuman gazetasida ishlaganimda u kishi haqida ocherk yozganim esimda. “Alamazon va uning piyodalari” degan qissamda ham yodga olib oʻtganman: qissa qahramoni Alamazon togʻdagi gʻordan xazina qidiradi, agar topolsa, uni qishlogʻining obodonchiligiga sarflashni, shu qatorda, birinchi oʻqituvchisi Ahmadali Obidiyga terak boʻyi haykal oʻrnatishni orzu qiladi. U davrda qishloq bolalari chit, boʻz, trinka matolardan tikilgan kiyimlarni kiyishar, qishda oʻntadan bittasida telpak, palto, magazinning jun shimi boʻlsa boʻlar, qolganlari toʻn yoki fufaykacha, poʻpakli ishtonbogʻi sonida sangillab turuvchi qoʻlbola ishton, kirza etikcha va doʻppida yurardi. Qizlar esa kamzul ustidan xalatsimon paxtali chopon kiyishar, boshga qalin roʻmol oʻrashar, jajjigina kalish-maxsi oyoqlariga juda yarashib turardi.

Oʻquvchilar sumkasi degan narsaning oʻzi yoʻq edi. Onalarimiz qalin matodan xalta tikib berar, uning boʻyinga ilib oladigan uzun bogʻichi, siyohli dovot solinadigan choʻntakchasi boʻlardi. Oʻqituvchimiz qayta-qayta uqtirishiga qaramay, siyohga botirilgan ruchkaning perosini dovot chetiga bir surtib olishni esdan chiqarib qoʻyaverardik, natijada, ortiqcha siyoh goh daftarimizga tomib tushardi, goh qoʻlimiz rangga belanardi. Shu qoʻl bilan beixtiyor burun artsak, ustki labimizda rangmoʻylov paydo boʻlib, kulgiga qolardik.

Tanaffus boʻldi deguncha, birov mulla akamizga qoʻshilib radio tinglar, birov kitobxaltasiga solib kelgan nonini kavshay boshlar; koʻpchiligimiz qiy-chuv bilan quvalashib yurib, darsga qoʻngʻiroq boʻlganidagina, maktab yonidan oqib oʻtuvchi ariq sari chopardik, yerga yotganimizcha ogʻzimizda simirib suv icha boshlardik; loyqa suvning qumlari boʻgʻzimizni shilib achishtirardi, tishlarimizning orasiga toʻlib, tamshansak gʻirsillab asabga tegardi.

Nima boʻlgandayam, maktab menga juda yoqib qoldi.

 

* * *

Ikkinchi jahon urushi uqubatlaridan endigina qutulgan xonadonlarning koʻpchiligi juda qashshoq edi. Mahallada yoppasiga tuproqtom uylar, koʻpining hatto ayvoni ham yoʻq. Falonchi tomiga shifer yopganmish deyishsa, odamlar ataylab tomosha qilgani borishardi. Koʻchadan dam ikkala gʻildiragi devor boʻyi keladigan qoʻqonarava, dam oʻrislar “brichka” deb ataydigan toʻrt gʻildirakli koʻtakarava, qoʻsh otli haptakach oʻtib qolardi. Kolxozimizga qarashli bittagina “polatoʻrka” yuk mashinasi yoki qishloqdagi besh-oltita xususiy mototsikllardan birontasi goh-goh oʻtib qolsa, biz qiy-chuv koʻtarib, ortidan chopqillashga tushardik. Yengil mashina uchrab qolsa-ku, bayram boʻpketardi.

Kunchiqarga qaratib solingan, shiplari vassali, dahlizining toʻrida oʻchogʻi boʻlgan, ayvonsiz doʻngalak uyda biz bolalar dadam va ayam bilan birga turardik. Unga biqindosh boʻlgan shipi boʻyrali, dahlizsiz, bittagina kichkina derazasi bor pastak uy Sarviniso buvimiz va uning biz bilan birga yashaydigan duvonaxonroq ukasi Usmon togʻamizga tegishli edi. Polsiz, boʻyra ustidan kigiz yozilgan bu uylardan yozda ham zaxning isi anqib turardi. Oldimizga ovqat qoʻyilishi bilanoq, shipdagi oʻrgimchaklar oʻzini dasturxonga tashlagudek boʻlardi. Baʼzan, hali gʻoʻrligiga borib, odamdan hurkishni uncha oʻrganmagan sichqonchalar bir-birini quvalab oʻta boshlardi. Qishda esa, pechkaga yolchisang, koʻmirga yolchimaysan, oʻtin yoqsang, bir lovullab isitadi-yu, yana tafti soʻnadi. Sandalning ahvoli ham shu. Qor yoki yomgʻir yogʻsa, tomdan chakka oʻtgani-oʻtgan, suv tomchilayotgan joylarga terib qoʻyilgan turli idishlardan taralayotgan “chak-chuk”, “tiring-tiring”larga koʻrinmas ajinalar oʻyin tushayotgandek.

Maktabga bora boshlagan chogʻlarimda dadam tushlikka teskarilatib sinchli, guvalakli (baʼzi qariyalar guvalak tipratikonga oʻxshagani uchunmi “kirpicha” deyishardi) uy qurdi. Buvim bilan ayam kattaroq qilib qurishni, tomiga shifer qoqtirishni qanchalar zorlanib soʻrashmasin, dadam: “Zamonni koʻrib turibsizlar, kattaroq toʻy qilsang ham, shuncha pulni qayoqdan topding, deb soʻroqqa tutadiganlar ming soʻm oylik bilan buni qanday qurding, demaydimi? Nima, meni qamattirib yubormoqchimisizlar?” – deya bezilloqlanib, ixchamgina uy soldirdi. Tomi tuproqli boʻlsa-da, harqalay tagi taxta polli, shipi fanerli, pechi pishiq gʻishtdan yasalgan, dahlizi ancha keng, ayvonli edi. Doʻngalak uy endi buvimizga berilgach, avvaliga opalarim, keyinchalik, maktab yoshiga yetganimiz sayin, men va ukalarim ham birin-ketin shu yoqqa koʻchib oʻtaverdik. Pastak uyda Usmon togʻamiz bir oʻzi qoldi.

Iloji boricha kunduzi dars tayyorlashga urinardim. Qorongʻiga qolsang, kerosin isi anqib turadigan lampa-chiroq koʻzingni toliqtirgandan toliqtirib tashlaydi. Endigina paydo boʻlgan elektr chiroqlari oyiga uch-toʻrt yiltillagan boʻladi, shundayam shamdan xira. Bu yetmagandek, umumiy qilib solingan koʻrpada qatorlashib yotgan opa-ukalaring: “Chiroqni oʻchir! Uxla!” – deb tixirlik qila boshlaydi.

 

* * *

Maktabga bordim-u, koʻpdan beri ichimda armon boʻlib turgan bir orzum nihoyat ushaldi. Boshqa mahalla bolalari dadamning nufuzi haqida deyarli hech narsa bilishmas, sal-pal eshitganlari ham buni yuz-xotir qilib oʻtirmasdan, men bilan tap tortmay yoqalashuvga kirishar edilar. Oʻz obroʻyimni oʻz kuchim bilan qaror toptirishga intilaverdim. Buni faqat qoʻrqoqligimni yashirish, boʻshang koʻrinmaslik uchungina qilmasdim, yoshi ulugʻ kishilar davrasida koʻproq boʻlganim, uyimizda tez-tez toʻplanib kitobxonlik qiluvchi otin oyilardan falsafiyroq rivoyatlar eshitib ulgʻayganim, katta bolalar orasida yurib mulohazalarim kengaygani, oʻzimni tengdoshlarimga nisbatan ancha aqlli deb bilganim bois, ular doim mening yetagimda boʻlishi kerak degan oʻyda edim. Ular hammadan donoroqligimni tan olib, hurmatimni joyiga qoʻyishlarini istardim. Mahallamiz bolalari azaldan bunga moyil esa-da, quyi mahallaliklar orasida menga pisandsiz boqib, sinfda oʻz hukmronligini oʻrnatish ishtiyoqida yurganlar yoʻq emasdi. Balki, maktab shu mahalla hududida boʻlgani uchun ular oʻzlarini tepa mahallaliklardan ustunroq his etishgandir.

Sinfimizda ikkita Abdulla bor edi, birini Abdulla sariq, birini Abdulla kalla deb atardik. Ikkovi ham quyi mahallalik edi. Abdulla sariq bilan inoq edik, uyi maktabga yaqin boʻlgani uchun baʼzan katta tanaffusda ularnikiga kirib, oz-moz tamaddilanib olardik, baʼzida darsdan soʻng hovlilarida birga oʻynab, uyga kechroq qaytardim. Shu mahallada yashovchi Ahmad va Abdurahimlar bilan ham kirishib ketgandim, faqat Abdulla kallagina menga sira yon bermasdi, unda-bunda janjallashib qolardik. Oxiri mushtlashishga toʻgʻri keldi. Omadim bor ekanmi, Abdulla kalla sal koʻproq tarsaki yedi, lekin qochmadi, bolalar ajratayotganda, qarshilik koʻrsatmay, tezda shashtidan tushdi, xolos. Shu-shu, u ortiqcha gʻoʻdanglamay qoʻygan boʻlsa ham, chetroqda yolgʻiz turganimda uch-toʻrtta tarafdorlari bilan yonimga kelib, menga tazyiq oʻtkazishga urinardi. Bunaqa paytda tengsiz jangga kirishishni istamay, oʻzimni merovlikka solib ketaverardim.

Tuproqtom maktabimiz, uning qalin devorlariga oʻyib oʻrnatilgan qingʻir-qiyshiq koʻzli yogʻoch derazalar; taxtalari birov boltada choʻqilab chiqqandek yorilib yotgan gʻijirloq eshik; qop-qora xattaxtaga oppoq-oppoq harflarni yozayotgan mulla akamiz; dovot uchun yumaloq, qalam-ruchka uchun uzunchoq maxsus oʻyiq joylari boʻlgan, daftar qoʻyiladigan qismi suyri, pastroqdagi qopqoqcha ostida xaltalarimiz turadigan tokchasi bor qoʻpol partalarda biri charaqlab, biri moʻltirab oʻtirgan sinfdoshlarim – ikkala Abdulla, ikkala Rahmon, Abdurahim, Ahmad, Rahim, Homit, Qahhor, Muhammadjon, Ergash, Yursunali, Tursunboy, Ayub, Mahmudjon, Tolib, Xoliniso, Qumri, Jamila, Habiba, Salima, Mahfirat, Tojixon, Rahima, Hojira, Fotima, Toshxon, Hurniso, Fazilat, Mahbuba, Ibodat kabi kichkintoylarning qadrdondan-qadrdon chehralari tez-tez koʻz oldimda jonlanaveradi.

 

* * *

Ot to ot boʻlgunicha “qulun”, “toychoq”, “mingi” bosqichlaridan oʻtishiga toʻgʻri kelganidek, maktab bolalari bizning davrimizda beshinchi sinfgacha “boshlangʻich”, sakkizinchi sinfgacha “oʻrtancha”, soʻng, bitiruv “attestat”ini olgunga qadar “yuqori” sinf oʻquvchisi deb atalardi.

Boshlangʻichlar mahallalardagi machit, xonaqo yoki biron boydan musodara qilingan binolarda alohidalanib oʻqishgani bois, mazkur hududda biron-bir toʻyning isi chiqqudek boʻlsa, oʻqituvchi boshchiligida saf tortib, barabanni “rak-taka-tam, rak-taka-tam”latib chalgancha, doshqozonning ustiga moʻr-malaxdek bostirib borishardi. Xudo urib, oktyabryatlardan baʼzisiga osh yetmay qolsa, birdan shovqin koʻtarilar, toʻy egasi sovetlar davlatining gʻanimiga aylanishdan choʻchiyotgandek potirlashga tushar, oqsoqol esa kattalarning rizqini qiyib boʻlsa-da, bolakaylarning ulushini topib berardi. Goho oʻsha vaqtda rusum boʻlgan birinchi may (mehnatkashlarning xalqaro birdamlik kuni), yettinchi noyabr (sotsialistik inqilob kuni) kabi bayramlarda birimiz bayroq koʻtarib, birimiz “gorn” deb ataladigan mis surnayni qiynalib puflab, ora-sira “tut, vut” etkazib qoʻyib, yana birimiz barabanni chalama-chakki urib, qishloq koʻchasidan saflanib oʻta boshlasak, maktab yoshiga yetmagan kichkintoylar bular yana toʻyga ketyapti deb oʻylab, yoʻq oshning ilinjida ortimizdan ergashardi. Sinfimizdagi eng kulongʻich bola hisoblangan Ahmad ularga boshmaldogʻini barmoqlari orasidan koʻrsatib, mana senlarga osh, deb qoʻyardi va guldiraklanib kulardi.

Avvallari, Bahrom eshonning ruhini quvontiraylik deya, mahalladagi xudojoʻy ayollar Jahon otin boshchiligida uyimizda kitobxonlik qilib qolishsa, Sarviniso buvimning pinjiga kirib tinglarkanman, kitoblarni oʻzim oʻqiy olmasligimdan juda-juda afsuslanib ketardim. Ikkinchi sinfga oʻtganimda sharillatib oʻqiydigan boʻldim. Goh opalarim, goh dadam bolalarga atalgan badiiy asarlarni onda-sonda topib kelib berishar, koʻpincha opalarimning kitobiga yopishardim, yuqori sinfda oʻqiydigan qoʻshnilardan “tishim oʻtmaydigan” adabiyotlarni tilab olib, erinmay tatalay boshlardim.

Maktabdan javob boʻldi deguncha, sinfimizning eng suluvi hisoblanmish Q. ning iziga tushardim, quvib borib ushlolsam, kuchukni qiynagandek piypalay ketardim. Uni tutolmasam, birinchi uchragan boshqa qizga yopishardim. Ustimdan arz qilishavergach, darslar tugaganidan soʻng qizlar to uzoqqa ketib olmagunlaricha, oʻqituvchilar meni xonadan chiqarmay turadigan boʻlishdi. Dam muallimlardan achitqi tanbehlar eshitish, dam qizlarning ota-akalaridan tarsaki yeyish jonimga tegib, oxiri boshqacha usulga oʻtdim, yaʼni tanaffusda biron-bir qizning sinfda yolgʻiz qolishini poylab, shartta quchoqlab olishni oʻrgandim. Bunaqa paytda, guvohlar yoʻqligi bois, qiz shoʻrlik birovga arz qilmay, oʻzi boplab-toblab qargʻash bilan kifoyalanib qolaverardi.

Agar, odamzod qizlarning qargʻishidan oʻladigan boʻlsa, men chivintoʻra boshlangʻich sinfdayoq uvol ketmasmidim?

 

* * *

Opalarim Quvirboshidagi sakkiz yillik maktabda tahsil olishardi, men esam, uchinchi sinfdayam oʻsha machit-maktabda oʻqiyverdim.

Sinfdoshlarimdan birortasinikiga kirib qolsam, ota-onalari bundan quvonib, meni oʻtqazgani joy topolmay qolar, doim shunday inoq boʻlishimizni qayta-qayta tayinlashardi. Dasturxon yozishsa, u-bu narsadan shunchaki totib koʻrgan boʻlib, oʻrtogʻim bilan tomorqa tomonga kirardim, uy egalari tezroq biron-bir yumushga kirishmogʻini toqatsizlanib kutardim, terlab-terlab ishlagim kelardi. Uyda bunga imkon yoʻq, Usmon togʻam yorayotgan oʻtinni bostirma ostiga tashimoqchi boʻlsam, tashla, qoʻlingga zirapcha kiradi, deb; sigirimga oʻt yulib bermoqchi boʻlsam, qoch, suzib oladi, deb; shamolda tob tashlagan soʻritok ayrisini oʻnglamoqchi boʻlsam, qulab tushsa, boshingni yoradi, deb quvgʻin qilishadi.

Qoʻshnilarnikiga kirganda biron ishning ustidan chiqsam, suyunib, gʻayratlanib ketardim. Birinikida kattalar yoniga choʻnqayib olib, quritiladigan oʻriklarni poxol toʻshamalar ustiga avaylab terishni boshlardim. Oʻrikning pindigini tepaga qilib ter, shunda shirasi oqib ketmaydi, deb oʻrgatishardi. Birinikida sabzi, boshqasinikida piyoz yoki kartoshka qazish hasharida qatnashardim. Hatto qishda sovuqdan dildirayotganimni sezdirmaslikka tirishib, qoʻshnilarning turupini hovuzchada yuvishga koʻmaklashardim. Baʼzan sinfdoshim Rahimlarnikiga borardim, temirchi otasining oʻchogʻiga dam bosib berib, olqishini olardim. Qoʻshni xonadonlar men uchun boshqa bir mamlakat edi goʻyo. Dunyoda yalma, umoch, nonpalla, yovgʻonshoʻrva, piyoz va pomidorga un aralashtirilib, qaymoqda qovurilgan bulamiq singari taomlar ham borligini oʻsha “begona yurtlar”da koʻrib bilganman. Ular goʻshtsiz boʻlishiga qaramay, ishlashdan ishtaham ochilgan chogʻda ogʻzimga shunaqayam mazali tatirdiki!

Baʼzilar biron bir narsa bilan shugʻullanishga oʻchligim, birovlarning xizmatiga shayligimdan chakkiroq foydalangan paytlar ham boʻlgan. Dadamga ergashib, koʻpincha ishxonasiga birga ketardim. Paxta punkti yaqinida mototsikl va velosipedlarni tuzatadigan ustaxona boʻlardi. Bir kuni usta meni yoniga imlab:

– Sizbop bir ish topib qoʻydim, toybola, – deya qoʻlimga ignatugma tutqazdi. – Shuni valasapedning gʻildiragiga tiqsangiz, “pis-s-s” etib dami chiqadi, yana boshqasiga tiqsangiz, tagʻin “pis-s-s” etadi. Hih-hih-hi…

Dadamdan tortib, ishchilarning talay qismi punktga velosipedda kelardi. Men payt poylab yurib, ularning gʻildiragini teshaveribman-u, bu bilan ustaning choʻntagiga baraka kiritayotganimni bilmabman.

Shu kabi betaʼsirliklar bois bir kuni dadamdan tarsaki yeganim alam qilib, yigʻlagancha borarkanman, yoʻl chetidagi qator-qator tutlardan birining ustidan chumchuq bolasi tap etib oldimga tushdi. Kimdan oʻch olishni bilmay turganimdanmi, tosh bilan bir urib, chumchuqchaning boshini shagʻalga chaplab qoʻydim. Urdim-u, shu zahoti oʻzimga kelib, polaponning patini silaganimcha battardan yigʻlab yubordim. Yoʻlda ham, uyga kelib ham chumchuqchaga achinishdan toʻxtamadim.

Juda sangʻi edim, katta bolalarga qoʻshilib goho yarim kechagacha koʻchadan kelmasdim. Bemahalda qaytsam, uydagilar: “Falon joylarda oʻynama, piston koʻchadan yurma, ajinasi bor”, deb qoʻrqitishardi. Ajinasi koʻp zamonda yashayotganim, oldimda ajinasi bor yoʻllar turganini oʻshanda menga hech kim tushuntiribroq aytmagani qiziq! Aytishsa, ulardan sergakroq himoyalanmoqqa, zarurat tugʻilsa, dangal olishuvga kirmoqqa, yengib oʻtish usullarini oʻrganmoqqa tirishib, oʻzimni hayotga puxta hozirlab borgan boʻlmasmidim?

 

* * *

Bolaligimda gʻalati-gʻalati tushlarni koʻp koʻrardim. Bari rangli edi shekilli, aksariyati toʻligʻicha esimda qolardi. Baʼzilari oylab, yillab qayta-qayta yodimga tushaverardi.

Bir tushimda sinfdoshim Q. ga uylanayotgan emishman. Xotinlar “yor-yor” aytib, uni uyimizga olib kirishayotgan emish-u, akasi kelib qolib, meni kaltaklay boshlamasmikin, degan xavotirda nuqul tevarakka alanglab boqarmishman.

Tushlarimdan yana bittasini hamon qattiq xayajonga chulgʻanib, yuragim oʻzgacha toʻlqinlanib eslayman.

Yalang joyda turibman. Atrofimda – odamlar. Birdan barchasi: “Ana! Xudo! Xudo bu!” – deya xitob qilganlaricha osmonga qoʻl choʻzishdi. Tepaga qaradim. Osmon tiniq, koʻm-koʻk. Bittagina oq bulut asta suzib kelyapti. Hayotda bunaqangi tovlanuvchan rangni sira koʻrmagandim – bulut nihoyatda oq, oqdan ham oqroq, koʻzni qamashtiradigan darajada jimirloq edi. Choʻzinchoqroq shakldagi ushbu bulutning old tomonida boshsimon qism, koʻz-qoshlari yaqqol ajralib koʻrinmasa-da, kishini oʻziga mahliyo qiluvchi jozibali bir qiyofa porlab turibdi. “Xudo! E, Xudo!” – deganimcha bir zum qotib turdim, soʻng unga nimadir dedim. Hamma voqea, shakl va ranglar esimda, faqat, nima deb gapirganim, nechundir, yodimda yoʻq. Lekin, aniq bilaman, nimadir yoki nimalardir dedim. Ollohimning ramzi ustimdan tekis suzib oʻtarkan, oʻta sokin harakat ila boshini ikki-uch bor qimirlatib qoʻydi. Maʼqullab bosh qimirlatdi.

Oʻshanda hali maktabga bormagandim, chamasi.

Yoshligimda tushimda oʻlib ham koʻrganman. Oʻzimning jasadimni oʻzim bir chetdan kuzatib turibman, deng. Xuddi uxlayotgandek, miq etmasdan, koʻrpada uzala tushib yotibman. Sochim negadir oq emish. Tevaragimda bir gala odam, barining koʻzida yosh, lekin ularning birortasi ham menga tanish emas. Dadam qani? Ayam qayoqda qoldi?

Kechmishimni yozyapman-u, bular ham hammasi tushga oʻxshab tuyulyapti. Ana, toʻrtinchi sinfga ham koʻchdim. Eski machit bilan xayrlashib, Quvirboshidagi oʻrta maktabga qatnay boshladim. Maktab desa degudek uzun bino, devorlar oqlangan, eshik-derazalar boʻyalgan, yettita sinf xonasi, direktor va oʻqituvchilar uchun alohida-alohida kabinetlar, hovlisi keng, bir chetida voleybol maydonchasi, bir tomonida sumka yoki kiyimlar uyumidan darvozachalar yasab, bemalol futbol oʻynasa boʻladi. Oʻquvchilarning bir qismi tushgacha, qolganlari tushdan keyin tahsil olishadi.

U yoqda “yakkaxoʻjayin” boʻlib, yayrab yurgan ekanman. Bu yoqda sinflar koʻp, har qaysi sinfning oʻz kuzuri bor. Men “B” sinfda yetakchiroq boʻlsam, toʻrtinchi “A” sinfning mushtumzoʻri Zokir degan bola ekan: oʻta harakatchan, qoramagʻiz, tovushi oʻtkir, koʻzi doim pildirab turadi. Zokir ham mening obroʻyim toʻgʻrisida u-bu soʻzlar eshitgan boʻlsa kerak, kel, kurashib koʻramiz, deb qoldi bir kuni. Kurash tushib, bir zumdayoq gup etib yiqildim. Yana kurashamiz, dedim. Yana yiqildim. Uchinchi olishuvimiz juda uzoqqa choʻzildi, oxiri yonma-yon boʻlib yiqildik. Uning koʻproq charchaganini payqab, tagʻin bir kurashaylik-chi, desam, tomoshachilarning ishqoviga quloq solmasdan, hansiraganicha qoʻlini siltadi-yu, indamasdan nari ketdi.

Shu bellashuv tufayli Zokir bilan inoqlashib qoldik. Bu hol, asosan quvirboshiliklardan iborat boʻlgani uchun boshdanoq biz “kelgindi”larga tazyiq oʻtkazishga urinib yurgan barcha “A”chilarga ham taʼsir etib, “B”chilarga doʻstona muomala qila boshlashdi. Beshinchi sinfda ham shu hol davom etdi. Lekin, goh-goh u sinfdagi biron-bir bola bu sinfdagilardan birontasi bilan yoqalashib qolar, har gal oʻzaro ahilligimiz darz ketayotgandek tuyulardi.

Bir kuni katta tanaffusda ikkala sinf bolalari aralashib futbol oʻynayotsak, yettinchida oʻqiydigan olakoʻz bolaga toʻpolonimiz yoqmay, soʻkinganicha kelib toʻpimizni oldi-da, maktab yaqinidagi hovlining chavra devoridan oshirib tepib yubordi. Kimdir: “Sol, bolalar!” – deb qichqirdi-yu, hamma futbolchi shu zahoti raqibning ustiga yopirildi. Biznikilardan ikkala Abdulla, Rahim, Abdurahim; “A” sinfdagilardan Zokir, Mutal, Islom zoʻr mushtlashardi, qolganlar jangarilarni quvvatlab turardik. Shoʻring qurgʻur olakoʻz nima voqea yuz berayotganini anglab ulgurguncha, bolalar uni yerga yiqitib, bir zumda poʻstaksudrash qilib tashlashdi.

Jabrdiydaning peshanasi qonab, etlari momataloq boʻlib ketgani, janjalning sababi direktorning xonasida muhokama etilgani bois, bu voqea maktab miqyosida ancha shov-shuv boʻldi. Shu bahonada, beshinchi sinfdagilarning “birlashgan qoʻshin”i hammaning ogʻziga tushdi, yuqori sinflardagilar bizdan qoʻrqishni balki xayolga ham keltirmagandir, ammo balodan hazar debmi, hartugur qitigʻimizga unchalik tegmay qoʻyishdi.

Zokir mendan kuchliroq ekanini his etsa-da, oramiz buziladigan darajada asabimga tegmasdi. Ochigʻini aytsam, uning “A” sinfdagi eng tayanganlari bilan qadrdonlashib olganim uchun oramiz buzilib qolishidan endi oldingichalik tashvishlanmay qoʻygandim.

Oʻzgalarga jangaridek koʻrinardim-u, aslida, hanuz qoʻrqoq edim, imkon qadar janjal qoʻzimaslikka tirishardim; har qanday toʻqnashuvdan oldin yuragim poʻkillashga tushardi, olishuvga kirishgach esa, odatdagidek, birdaniga boshqacha odamga aylanardim, kaltak taʼsir qilmay qoʻyar, oxirigacha yulishardim. Men uchun eng qulayi raqiblarga gala boʻlib tashlanishda ishtirok etish edi: hammaning koʻzi bitta senda boʻlmaydi, mushtlashayotib oʻzingni juda erkin sezasan; sal boʻsh kela boshlasang, yoningda hasharchilar koʻp, nuqsoningni yopib tashlashadi.

Uyga kelgach, boʻlib oʻtgan jangni kechasi oʻylab yotib, yuragim yana orqaga tortardi. Birontasi ortimdan tashlanib, achchiq ustida kallamga tosh-posh bilan ursa, nima boʻlardi? Yoki boshqa bir jinnirogʻi pichoqchasini ishga solsa-chi? Ana, “toʻqqizinchi”dagi Toʻlqin aka Ibroy “maxorka”ning yelkasini pichoqda tilib tashladi-ku! Yana kimdir, sinfdoshi bilan urishib, koʻziga ruchka sanchibdi!

Oʻylanib yotarkanman, xoh oʻzimiznikilardan, xoh raqiblardan boʻlmasin, qattiqroq kaltak yegan baʼzi bolalarning xoʻrlangan alfozda turishi, iztirobli qiyofasi koʻz oldimda jonlanib, ichim shilinardi. Hatto koʻzim yoshlanardi.

Rahmdilligim bois qoʻrqoqmidim, qoʻrqoqligim bois rahmdilmidim?

Turli ertak-rivoyatlarda, kishilarning oʻzaro suhbatlarida kuchsizlarga, muhtojlarga nisbatan shafqatsizlik qoralanib, mehr-muruvvat ulugʻlanishi, bularning biri koʻngilni ezadigan, boshqasi kishiga ichki yengillik bagʻishlaydigan tarzda bayon etilishi; tugʻma taʼsirchanligim bois bulardan behad toʻlqinlanib yurishim, kechalari bilan qayta-qayta oʻylayverishim qalbimda dam chandiq, dam chechak shaklida oʻchmas iz qoldirib boraverdi. Ibrohim Adhamning tamtamlik taxtidan tushib odmi bandaga doʻna borish, oʻzini dabdababozlik, yotlarga befarqlik kasalliklaridan xalos etish istagida chekkan azoblari; Mashrabning manmanlikka, harom boylikka hirs qoʻygan, el dardidan butkul yiroq boʻlgan ochkoʻz va qallob kimsalarga qaratilgan oʻtli nafrati ostida yotgan maʼnolarni chuqurroq anglaganim sayin, halollikka, adolatga tobora shaydolanaverdim. Bor badaniga yara toshib yotgan Ayub paygʻambar jarohatidan oziqlanayotgan qurtlardan biri pastga yumalab ketganida, shoʻrlikning rizqi qiyilmasin deya uni yana joyiga olib qoʻyganini Fayziboy otamizdan, xotinlari qiz tugʻsa, chaqaloqni tiriklayin koʻmib tashlash darajasida vahshiylashgan qabilalarni ezguliklar sari yetaklash yoʻlida Muhammad paygʻambar bobomiz minglab uqubatlarga dosh berganini, hatto qaysidir muttahamlarning kesak otishiga ham indamay chidab turaverganini Sarviniso buvimizdan eshitayotib, koʻzimdan yosh quyilaverdi. Shu kabilar natijasida beozorlikka, rahm-shafqatga talpingandan talpinaverishim qalbimda ayovchanlikni kunma-kun yuzaga keltira borib, qoʻrqoqlikka aylanavergan boʻlsa-chi?!

 

 

* * *

Beshinchini bitirgach, umrimda birinchi marta pionerlar lageriga bordim. Odat shunaqa edi – yozgi uch oylik taʼtil chogʻida boshlangʻichlikdan oʻtgan oʻquvchilarni uch guruhga boʻlib, har qaysi guruhni bir oy-bir oy dam olishga yuborar edilar. Borishni istamaganlar majburan joʻnatilardi.

Kelgan kunimdan boshlaboq soyda choʻmilish menga koʻproq yoqib qoldi. Qapchugʻaysoy sayoz boʻlgani uchun taxtadan toʻgʻoncha yasab, choʻmilganning koʻksini koʻmadigan qilishgandi. Choʻmilayotib toʻgʻonchaga yaqin borib qolibman, shoʻngʻiganimda birdan tezkor oqimga duch keldim-u, to nima boʻlayotganini anglagunimcha, suv meni domiga tortdi, surib borib, kallamni taxtaning ostiga tiqib tashladi. Avvaliga oldinga emaklashga urindim, yelkam shilinib jizillayotgandek tuyulgach, ikkala shapalogʻimni tepadagi taxtaga tiragan asno oʻzimni ortga tortdim. Boshim qisilib, endi yuzlarim shilinayotgani, burnimga qum toʻlayotganini sezdim. Salgina nafas olishdanmi koʻkragim qattiq achishib ketgan pallada, bor kuchim bilan tirishdim-u, xayriyatki, taxta ostidan qutulib chiqdim; ogʻzimdan varaqlab suv sochildi.

Umrim oʻzim oʻylagandan koʻra uzunroq boʻladi. Hayotda hali necha bor “bir oʻlim”dan qolaman. Bu – birinchisi edi.

Toʻgʻoncha ostidan omon chiqqach, oradan bir kun oʻtib, lagerdan qochdim. Hech kim meni qidirib kelmadi. Bekorchilikda badiiy kitoblarni oʻqishga, sheʼrlar bitishga berildim.

Shoirchilikka qachon ishqim tushganini aniq eslolmayman. Yodimda bori shuki, toʻrtinchini tugallayotganimdami, Xolis opam Manzura degan sinfdoshining oʻlimiga bagʻishlab yozgan sheʼrini uyimizdagilarga oʻqib berganida, dadamdan tortib hamma uni maqtashga tushgandi; bu maqtovlar menga qaratilmagani alam qilib, shoshmay tur, bu uyda baribir mendan zoʻri yoʻq, degandek opamga nisbatan hasadim qoʻzigan, sheʼr toʻqishga chiranib urina boshlagan edim. Ha, yotlarga ziyoni tegmaydigan hasad ijobiydir.

Bir kuni dadam bilan Fargʻona shahriga aylanishga borganimizda oʻshanda yangi paydo boʻlgan “Gʻuncha” jurnaliga koʻzim tushib, sotib oldim. Uyga kelgach, uni zavqlanib varaqlay ketdim, rasmlarni yayrab tomosha qildim. Lekin, undagi sheʼrlarning baʼzilari juda joʻn tuyuldi, men hozirning oʻzida bundan yaxshiroq yoza olaman, degan havoyi bir ishonch chaqnadi koʻnglimda. Shu maqtanchoqlik turtki berib, kuniga sheʼrlar yozaverdim, ularni issigʻida konvertga tiqib, kun ora “Gʻuncha”ga (boshqa nashrlar ham borligi sira xayolimga kelmasdi) joʻnataverdim. Uyoqdan kelgan xatlarning mazmuni yozganlarim hali juda boʻshligini anglatsa-da, buni tan olishni aslo-aslo istamasdim.

 

* * *

Uyimizdan yuz sakson qadam narida qurila boshlangan sakkiz yuz oʻrinli, biqinida stadionbop kenggina yalangi bor yangi 13-maktab men oltinchi sinfga koʻchganimda bitdi. Bir qavatli boʻlsa-da, oʻsha zamonning koʻzi bilan qaralsa, Oltiariqdagi eng katta, eng koʻrkam maktablardan biri edi. Sakkizinchi sinfni tugatgunimcha shu yerda oʻqidim.

Maktab biz tomonga koʻchganidan soʻng “B” sinfdagilarning chuchchasi koʻtarilib, “A” dagi tengdoshlarimizning hovuri pasaydi, koʻproq bizning raʼyimizga qaraydigan boʻlishdi. Bundan ahilligimiz tobora mustahkamlanib, hatto bitiruvchilarga ham gapimizni bermaydigan darajada jangovarlashib bordik.

Bu davrda sheʼr yozishga yanada berildim, badiiy kitoblarga jippa yopishib, darslar, darsliklarga qiziqishim soʻnib boraverdi. Kitoblarning aksariyati ertaklar, “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish”, “Orzigul”, “Ravshan va Zulxumor”, “Kuntugʻmish” singari xalq dostonlari edi. Orada “Oʻtkan kunlar”, “Sarob”, “Qoʻshchinor chiroqlari” kabi asarlar, tarjimada “Koʻr muzikachi”, “Mumu”, Mopassan va Lermontov hikoyalari, Shota Rustaveli dostoni, Shekspir pyesalari qoʻlimga tushib qolardi. Oxiri, boshlangʻich sinflardagi aʼlochiligimdan asar ham qolmadi.

Ehtiyotlashga qancha urinmayin, oʻquvchilar daftaridan yulqib olingan qogʻozlardagi sheʼrlarimning koʻpini yoʻqotib qoʻyaverardim. Nihoyat, sheʼrlar uchun alohida qalin umumdaftar tutishni odat qildim, saqlanib qolgan eskilarini erinmay unga koʻchirdim, yangi yozganlarimni vaqtida qayd etib qoʻyadigan boʻldim.

Sheʼrlarimni hali siyohi qurimasidanoq “Gʻuncha”ga peshma-pesh yoʻllash odatim hanuz qolmagandi. Baxtimga jurnalning Miraziz Aʼzam degan xodimi juda toqatli chiqib qoldi, uzluksiz javob yozardi. Hatto bir safar injiqligim tutib, men har xil sheʼrlar yuboraman, lekin kelayotgan javoblar deyarli bir xil, kamchiliklarimni yaxshiroq tushuntirib, uzunroq qilib yozinglar, desam, shunga ham chidadi; endi bir yarim, ikki betlab xat yozadigan, falon sheʼringiz ancha tuzuk, uning falon-falon joylarini boshqacharoq ifodalab koʻring, deya erinmay yoʻriqchilik qiladigan boʻldi. Goh, bitta sheʼrni besh-olti xil koʻrinishga soldirib ham, boshqacharoq yakun yasashga yana bir urining-chi, desa, figʻonim falakka oʻrlardi.

Nihoyat, sakkizinchi sinfga koʻchganimda, Miraziz akaning yaxshigina tahriri bilan “Gʻuncha”da “Shkafcham” degan sheʼrim bosildi (baʼzi manbada ilk sheʼrim oltinchi sinfdaligimda chiqqan deb xato koʻrsatgan ekanman). Shu kuni “Men shoirman!” deb oʻzimni oʻzimga bor ovozda tanishtirdim. Endi meni shoirchilikdan bezitish tugul, havaskorligimga ishontirish ham amrimahol edi.

 

* * *

Koʻpchilikning koʻzini kuydirib kelgan toʻkin oilamiz bu davrda ancha qashshoqlashib qolgandi. Orqaroqqa qaytib aytsam, toʻrtinchi sinfni bitirayotgan paytim boʻlsa kerak, tarozidan urib orttirib qolgan paxtalarni qoʻshni tumanga qarashli Chimyon paxta punktidagi kasbdosh bojasining kamomadini qoplash bahonasida pullagan degan ayb bilan dadam qamoqqa olindi. Bu ish dadamning lavozimiga koʻz olaytirib yurgan yaqin shogirdi tomonidan ataylab uyushtirilgani haqida gap-soʻzlar koʻpayib, oxiri suddagi guvohliklar chogʻida shubhalar oʻz isbotini topdi. Dadamning “egri pul” olganini boʻyniga qoʻyisholmagan boʻlsa-da, asosan, hujjatlardagi qandaydir chalkashliklarni dalil qilib, bir yilga kesib yuborishdi.

Uydagilar dadamni yoʻqlashga goh meni ergashtirib, goh mensiz qatnab yurishdi. Buvim alohida tayinlab uqtirgani bois, uchrashuv chogʻida ham, xayrlashayotganimizda ham oʻzimni tetik, quvnoq tutishga urinardim, biroq turmaning darvozasidan tashqariga chiqishimiz bilanoq koʻzimdan yosh tirqirab, unsiz yigʻlashga tushardim.

Koʻchada oʻzimni dam bolalarning, dam kattalarning orasiga suqib, namoyishkorona munglanib oʻtirardim. Ular mendan hol-ahvol soʻrashlarini, dadamsiz tirikchiligimiz qanday oʻtayotganini surishtirishlarini kutardim. Kimlardir soʻrab qolar deb, ularga aytadigan dardlarimni ichimda oldindan tayyorlab yurardim. Afsuski, mening bugunim bilan hech kimning ishi yoʻq edi. Goho: “Yaqinda yana dadamni koʻrgani borarkanmiz”, deya mavzuga qarmoq tashlagan boʻlardim, baribir parvo qilishmasdi.

Eshontoʻpi mahallasida koʻkkoʻz bir aravakash boʻlardi. Bir kuni u qoʻsh otli “haptakach”ida koʻchamizdan oʻtib borayotib: “Ha, Bahromovning oʻgʻli, dadang haliyam paqirga siyib yotibdimi?” – deb chingʻilladi menga. Yonida oʻtirgan sherigi ikkovi qiyqirab kulganicha oʻtib ketishdi.

Odamlar oʻzidan boyroqlarni negadir yoqtirmasligini bolalikdayoq bezillab-bezillab seza boshlagan edim, ammo boylarning boshiga tushgan kulfat ularni quvontirgandan quvontirishi mumkinligi mutlaqo xayolimga kelmagan ekan. Koʻkkoʻz aravakashning mazaxidan soʻng buni ilk bor elas-elas anglagandek boʻldim.

Birovning kulfatidan, ayniqsa, senga hech qachon ziyoni tegmagan kishining kulfatidan quvonish! Bu holatni hozir ham tasavvurimga sigʻdirolmayman. Turmushda kimlarnidir xushlamasligimiz, ayrimlarni juda yomon koʻrishimiz – bor gap. Biroq ularga jabr-sitam tilash, boshlariga qora kun tushganidan astoydil suyunish tuygʻusini odamzod oʻz tabiatiga qanday sigʻdira olarkin? Axir, biz maqbul koʻrmagan kimsa choʻlda yolgʻiz oʻsgan saksovul emas, uning oilasi bor, qoʻliga qarab turgan ota-onasi, mehriga zor bolalari bor. Ularga ham dardmandlik istash, ularning uvolidan qoʻrqmaslik yirtqichlikdan battar-ku!

 

* * *

Dadam qamalishidan avvalroq ikki yoshli Zuhraxon singlim qattiq shamollashdan kasalxonada vafot etgandi, qamoqda yotgan vaqtida Homitjon ukamdan ham ayrilib qoldik.

Muddatidan oldin ozod etilgan dadam uydagilar bilan bir-bir koʻrishib boʻlgach, tevarakka entikib-entikib javdiradi:

– Homitjon qani?

Ayam toʻsatdan dodlab yubordi.

Dunyoning baʼzi ishlari oʻta sinoatli. Oʻsmirligida halok boʻlgan toʻngʻich farzandi Homitjonni dadam hech unutolmay, keyingi oʻgʻillari tugʻilganda, har gal “otini Homitjon qoʻysakmikan”, deb maslahat solarkan, buvimiz koʻnmas ekan. Oxiri Zuhraxondan kichik ukamning otini Homitjon qoʻyishadi. Ikkalasi ham dadam qamoqda yotgan paytda olamdan oʻtadi, unisi – birinchi qamalishida, bunisi – ikkinchi qamalishida.

 

* * *

Dadam qamoqdaligida goh uning ayrim oʻrtoqlari, goh baʼzi bir qarindoshlarimiz uyimizga kelib, Obidjonni qutqarish uchun falonchiga faloncha soʻm berish lozim boʻlyapti, deya ayamdan boʻlar-boʻlmasga pul undirib ketaverishgan ekan. Buning ustiga, ayam koʻp yillardan soʻng menga oʻz ogʻzi bilan aytganiga koʻra, tintuv boʻlsa, musodara qilishlaridan qoʻrqib, sandiqdagi pullarning asosiy qismini uch-toʻrtta qarindoshlarinikiga eltib bergan, asrab turishlarini iltimos qilgan ekan (hozir ularning ismini tilga olgim kelmayapti, bari ayamning urugʻidan). Ayam keyinchalik pullarni olgani borsa, bizga sanab bermagansiz, bori shu edi, deyishib, arzimagan qismini qaytarishibdi. Eng yirik, hali tarxi buzilmagan pullarni singillaridan biriga bergan ekan, olishda qarasa, bari mayda, eski-tuski pullar emish.

Hartugur, dadamning mol-dunyosi tag-tugi bilan sovrilib ketmagan, katta gulxan soʻngan esa-da, qoʻri qolgan ekan. Turmushimiz burungidek may-chay boʻlmasa ham, qozonimiz kuniga kamida ikki mahal qaynab, ogʻrinmay mehmon kutib, birovga zoriqmasdan yashashda davom etdik.

Dadam Poloson paxta punktidagi eski ishiga tiklanmadi. Endi bu yerda uning bir shogirdi bosh tarozidor boʻlib qolgandi, dadam qamoqdan boʻshatilganida uyimizga rov bosh tiqib qoʻyganicha, qaytib qorasini koʻrsatmadi.

Bekorchilikdan zerikib ketgan dadamga nihoyat amal berishib, onamga uylangan paytda ishlagan oʻsha Fayziobod qishlogʻidagi punktga yana bosh tarozidor qilib joʻnatishdi. Bu Fayziobod va Oqboʻyradagi ikkitagina kolxozdan (bu yerdagi Zilxa qishlogʻida ham dam alohida kolxozcha paydo boʻlib, dam yoʻqolib turardi) paxta qabul qiladigan kichkinagina punkt boʻlib, tarozidorning daromadi ham shunga yarasha edi.

 

* * *

Yettinchi sinfga oʻtganimda Alijon aka degan sayyor kinochiga shogird tushdim. Poloson qishlogʻi mahallalarida, paxta pishgan mavsumda dalada yotib qolib ishlaydigan terimchilarga shiyponlarda bepul kino koʻrsatardik. Baʼzan qoʻshni povulgʻonlik Hoshim-kino ham meni yordamga chaqirar, ensiz kinotasmaga moslangan “Ukraina” rusumli apparatni sozlab bergach, unga tok yetkazib turuvchi “dvijok”ka benzinni toʻldirib, endi bu yogʻi oʻzingga, mening zarur ishim chiqib qoldi, deganicha gʻoyib boʻlardi. Baʼzan kino tugayotganda yetib kelardi, baʼzan badar ketardi.

U vaqtlarda aksariyat uylar ichiyu tashi somonli loyda suvalganicha turaverardi, ohakda oqlangan, orti koʻchaga qaragan birorta zamonaviy uy topilib qolsa, kinoni oʻsha devorda koʻrsatardik; topilmasa, oq matodan yasalgan yigʻma ekranni osar edik.

Kinochilik menga juda yoqardi. Bir u mahallaga, bir bu mahallaga borasan, hammaning koʻzi senda, eng muhimi, ularning orasida qizlar ham bor, baʼzilari maktabdan tanish, kelib, kino nima toʻgʻrisida ekanligini soʻrashadi. Bunaqa paytda oʻspirinlar menga havaslanib boqardi, hatto katta kishilar yonimda uymalanib, yaqinroqdan tanishib olishga intilardi. Kinoprokatdagilar “Biz – Kronshtatdanmiz”, “Amirlikning yemirilishi”, “Tinch oqar don”, “Chapayev”, “Turnalar uchmoqda”, “Fargʻonadan besh kishi”, “Daydi”, Charli Chaplin (ovozlilari), “Maksimka”, “Janob 420”, “Ruslan va Lyudmila”, “Tohir va Zuhra”, “Lenin Smolniyda”, “Nasriddin Buxoroda” singari filmlarning goh oʻzbekchasi, goh oʻrischasini berishardi. Ularni oʻn martalab koʻrib, har ikki tildagi soʻzlarni bir-biriga chogʻishtiraverishim natijasida oʻrischani tuzukkina oʻrgana boshladim, maktabdagi rus tili oʻqituvchimiz nuqul “toʻrt”, “besh” baho qoʻyadigan boʻldi.

 

* * *

“Ukraina” apparatini kino namoyish etishga mustaqil tayyorlash, eski “dvijok”ning kichik nosozliklarini birovning koʻmagisiz ham tuzata olish darajasiga yetganimda, ish chappasiga ketdi. Erta bahor boʻlsa kerak, revmatizm, yaʼni bod kasalligiga chalinib, koʻrpaga mixlanib qoldim. Kasalxonaga yotqizishmadi, dadamning doʻxtir oʻrtogʻi goh tushlik, goh kechki ovqatni biznikida qilib, uyimizga qatnab yurdi. Oʻrtoqchilik oʻz yoʻliga, dadam oʻzgalarning kichik xizmatini ham azaldan qoyillatib taqdirlardi, ayniqsa, bolasi uchun pulni sira ayamasdi.

Doʻxtirdan tashqari, sepkilyuz tatar hamshira juvon kuniga ikki-uch marta kelib, menga dori ichkizardi, ukol qilardi, shishib ketgan oyoqlarimga shifobaxsh moylarni surtardi. Oyoqlarimni umuman qimirlatolmasdim, tinimsiz loʻqillab ogʻrirdi. Goʻyo oyoqlarim yoʻqolib qolgan-u, oʻrnida butun vujudimga azob berish uchun ataylab yasalgan bigizlar gʻarami paydo boʻlgandi. Satta jiqillatib sanchardi.

Sarviniso buvim va ayam, biri olib, biri qoʻyib, oyoqlarimni kunu tun uqalab oʻtirishardi.

Bir oy oʻtdi, tuzalmadim. Ikkinchi oy ketyapti, tuzalmayman. Doʻxtir menga litrlab magneziy ichkazish, ana-mana deb, dasturxonimizni yalanglatishdan boshqaga yaramay yuribdi.

Baʼzan yuragim pala-partish ura boshlardi. Koʻzlarim tepaga bitib, havo yetishmay, yotgan joyimda toʻlgʻanishga tushardim, badanimni sovuq ter qoplardi. Tamom, hozir jonim uziladi, deb oʻylaganimda, yuragim qayta izga tushib, asta oʻzimga kelardim. Yurak xuruji chogʻida sezilmay qolgan oyoq ogʻrigʻim boshqatdan avjga minardi.

Kasalim choʻzilgani sayin, qoʻshnilar, qarindoshlar, oʻrtoqlarim, ayrim oʻqituvchilarim meni tez-tez yoʻqlaydigan boʻlishdi. Rus tili oʻqituvchimiz Osman Umerov, mahallamiz keksalaridan boʻlgan Oymat qoʻrboshi, usta Orifjon togʻa haftasiga ikki-uch martadan kelishardi. Xudo xohlamayotgani uchun birgina u kelmayotgan edi – Ajal!

Qanchalar qoʻrqoq boʻlmayin, oʻlimni oʻylaganimda, endi negadir qaltiramasdim. Yotaverib, oʻylayverib, shunaqa boʻlib qolgandirman, balki. Zuhraxon singlim, Homitjon ukam tez-tez koʻz oldimga kelaverardi. Sogʻingandan sogʻinardim ularni. Ikkalasi ham goʻdak boshi bilan u dunyoda yolgʻiz, qarovsiz qolishganiga toqat qilolmasdim. Boraman, ularni koʻraman, Homitjonni koʻtarib, Zuhraxonni yetaklab, jannatda oʻynatib yuraman.

Ha, jannatga kirishim tayin. Ablaz qori bir safar aytganidek, bolalar va kalima keltirishni bilgan, odam oʻldirmagan oʻspirinlar toʻgʻri jannatga borib tushadi. Men odam oʻldirmaganman, kalima keltirishniyam buvim oʻrgatib qoʻygan: “Lav ilovha illablo, Muhammaddi rasuliblo” (oʻshanda toʻgʻri aytolmasdim).

Bir kuni mahalladoshimiz Sobir aka uyimizga chimyonlik tabib cholni boshlab keldi. Mirza buvaning oʻgʻli Mamat oyogʻi shishib yotganda, shu odam davolagan, doʻxtirga ishonavermanglar, dedi u.

Moshkichiri soqolli, istarasi issiq tabib bilak tomirimni ushlab koʻrib, keyingi kunlarda yuragingiz oʻynamay turibdi shekilli, a, deb savol berdi. Men tasdiqlab, bosh qimirlatdim. Buvim ayamga taajjublanib qarab olib, yuragiga nima qipti, deb soʻradi tabibdan. Bolaning yuragi ora-sira qattiq xuruj qilib turgan, nima, bilmaganmidinglar, deya hayron boʻldi tabib. Dod solishmasin deb, yurak oʻynogʻimni uydagilarga bildirmasdim.

Ovqatlanib boʻlgach, tabib yarim litrlik shishadan piyolaga qandaydir qoʻlansa dori quyib, menga ichdirdi. Har kuni nahorda va kechqurun shundan besh hoʻplam-besh hoʻplam ichib turishimni tayinladi. Soʻng, buvim va ayamni chaqirtirib, uzoq tilovat qildi, shirin duolar bilan yuziga fotiha tortdi.

– Endi bunaqa tanballanib yotavermang, yigitcham, – dedi u menga tabassum qilib. – Ertalab “Yo pirim!” deb boshingizni azot koʻtaring, shoshmasdan emaklab borib, tokchani ushlagancha oʻrningizdan turing. Ogʻriqdan qoʻrqmay oz-ozdan yurishni boshlasangiz, oyogʻingizdagi shishgan joylar tez qaytadi.

Ayam va buvim bu gapdan ajablangandek bir-biriga maʼnodor qarab qoʻyganini sezgan tabib: “Mana koʻrasizlar, bu bola ertaga yurib ketadi!” – deya ishonch bilan taʼkidladi.

Tun boʻyi tiniqib uxlab, tongda erta uygʻondim. Qarasam, xonada meni qorovullab yotadigan buvim allaqachon koʻrpasini yigʻib, chiqib ketibdi.

Tabib tayinlagan gaplar esimga tushib, ustimdagi oʻranchiqni olib tashladim, oyoqlarimni oʻzimga asta tortib koʻrdim. Qattiq ogʻriq qoʻzgʻalganiga qaramay, nafasimni bir rostlab olib, mukkamga agʻdarildim; qoʻllarimga tayanib koʻksimni koʻrpadan uzdim, inqillab-sinqillab emaklashga tutindim; sudrala borib, tokchaga tirmashdim. Tomirlarim chirs-chirs uzilayotgandek boʻlib oʻrnimdan turib olgach, uy devori boʻylab mayda-mayda odimlaganimcha ayvonga chiqib bordim. Chiqiboq: “Aya! Aya!” – deb chaqirishga tushdim. Narigi doʻngalak uydan buvim otilib chiqdi, voy, xudoga shukur-yey, xudoga shukur-yey, deganicha kelib, boʻynimdan quchdi. Ayam molxonada sigir sogʻayotgan ekan, buvim: “Munisxon! Munusxon-uv!” – deya saslanib, halpillagan asno tomorqa sari yoʻnaldi.

Tushga yaqin doʻxtirim keldi.

– Qiyini orqada qoldi, hademay otdek boʻp ketadi bu oʻtbosar, – dedi u, ayam bilan buvimga iljayib. – Qoʻrqib ketmanglar deb, sizlarga bildirmasdan, Obidjon akamga aytgandim xolos, bu bolaning yuragi porokka chalingan. Kasallik varaqasiga yozib qoʻydim, endi uni armiyagayam olishmaydi.

Dadam ishdan qaytgach, lapanglab yurishimni yana bir namoyishlab berdim. Doʻxtir yuragim haqidagi vahimani kuchaytirib, qattiq tayinlagan boʻlsa kerak, dadaginam menga dona-dona qilib uqtirishga tushdi:

– Bundan keyin ogʻir ishlarni qilmaysan! Vazmin yuk koʻtarmaysan! Toliqtiradigan oʻyinlarni oʻynamaysan! Qovurilgan ovqatlarni kamroq yeysan! Shoʻr bilan achchiqqa yaqin yoʻlamaysan! Xoʻpmi?!

Oʻz-oʻzidan manglayim tirishdi. Shoʻr bilan achchiqqa yaqinlashmaslikdan boshqasini uddalab boʻlarkanmi?

Tuzalib ketganimdan keyin ham maktabga bormadim. Lekin, baribir sakkizinchi sinfga koʻchirib qoʻyaverishdi.

 

* * *

Avvaliga dadam Fayziobod paxta punktidagi ishidan ayrilib, goh Xonqiz, goh Qorajiydada pilla qabul qilib yurdi, sakkizinchi sinfdaligimda esa tugalay yumushsiz qoldi. Yaxshiyamki, Mahbuba opamni qamalishdan oldin vaqtida uzatib olgan ekan, Shahodat va Xolis opamni turmushga chiqarishning oʻzi roʻzgʻorimizni butkul qoqlab tashladi. Oʻsha damlarda qulogʻimga chalinishicha, hatto kimlardandir ozgina qarz ham olishgandi.

Ayam goh oltin taqinchoqlarini, goh gilamlardan birini, goh sandiqdagi baxmal, atlas singari toza gazmollarni sotar, oʻrtada baʼzan un olishga ham pul topilmay qolardi. Keyin qoʻylarni pullashga navbat keldi. Hartugur, sut-qaymogʻi kunimizga yarab turgan sigirni sotishmadi.

Turli ulfatchiliklarga qoʻshilish imkoni yoʻqligi uchunmi, “otdan yiqilib”, qaddini hamon tiklab ololmayotganidan uyalibmi, dadam hatto qoʻshnilar bilan koʻchada gaplashib oʻtirishdan tortinadigan boʻlib qoldi. Mehmonga kelgan ayol qarindoshlar bilan ozgina ahvol soʻrashiboq, tashqariga chiqib ketardi. Oilamizdagilarning mehmondorchilikka, toʻylarga, sayllarga galalashib borishi ham taqqa toʻxtagan edi. Dadamda oʻzini odamlardan, gurunglardan olib qochish odati paydo boʻlganini barchamiz yaqqol sezib turardik.

Ilgarilari hovlimizning ichki yumushlaridan butunlay yiroq boʻlgan dadam endi goh ketmonni tutamlab bodring sugʻorar, goh sigirga yem qorishga kirishar, goh togʻorada goʻng tashib kelib joʻyaklarning ichiga socha boshlardi. Bir kuni yordamlashmoqchi boʻlsam, nari tur, senga mumkinmas, dedi. Ogʻir ishlarni qilish mumkin boʻlmagan oʻgʻilchasi, ularga bildirmay, anchadan beri hak-haklab futbol oʻynayotganidan ota shoʻrlik mutlaqo bexabar edi.

Avvaliga, tanamni zoʻriqtirmaslik uchun darvozabonlik qilib yurgan boʻlsam, keyinchalik maydonda oʻynashga oʻtdim. Dastlabki oylarda yarim soatlar yugurmasimdanoq birdan nafasim tiqilib, yuragim bejodan bejo tepishni boshlar, asta chetga chiqib, ahvolimni zoʻrgʻa oʻnglab olardim. Bora-bora, oʻzimni ortiqcha oʻtdan choʻqqa urmay oʻynasam, ikki taym yugurgilashga bemalol chidaydigan boʻldim.

Xonim enam chevar edi, qishda paxtali kamzul, yozda kulrang matodan – pastining va koʻkrak qismining har ikki yogʻida ogʻzi ochiq choʻntagi boʻlgan kitel tikib, Margʻilon bozorida sotib pul ishlardi. Ayam Oqboʻyraga borganda onasiga qarashib yurib, bu kasbni yaxshigina oʻzlashtirib olgan, azaldan bizga qishlik kamzulni mashinasida oʻzi tikib berardi. Roʻzgʻorimizdan baraka koʻtarilgach, kamzul va kitel tikishni boshlab, avvaliga mahalladagilarga tortinib-qisinib sotib yurdi, keyinchalik bozorga olib chiqadigan boʻldi.

Goho, yuragim hilviragancha, ichimda Tangriga zorlanib-zorlanib yalinishga tushardim:

– E, Xudo, dadamning ishlari tezroq yurishib ketsin…

Ie! Bu qanaqasi? Kambagʻal boʻlishni qachonlardan beri ezginlanib orzu qilarding-ku? Mana, Xudo oxiri sen nafasing qurgʻurni niyatingga yetkazdi. Endi bu xildagi turmushni ham koʻr, rohatli joyini qidirib topolsang, yayrab yashayver.

Ha, yayraysan-a! Ha, nolimaysan-a! Xudodan dadangni yana boy qilishni soʻrashga hozir qanday beting chidayapti, bilmadim. Qolaversa, Xudoning borligiga ishonasanmi oʻzing?!

 

* * *

Bir qaraganda, xudosizlar mamlakatining mafkurasi, barcha bilim maskanlarida hukmron boʻlmish qizil gʻoya, oʻqituvchilarning, hukumat faollarining uzluksiz tashviqotlari Xudoning yoʻqligini ommaga har tomonlama isbotlab berib, bunga qariyb barchani, jumladan, meni ham allaqachon ishontirib ulgurgan edi. Ayrim oʻqituvchilar mullalarning din, Xudo, narigi dunyo haqidagi “uydirma”larini orada xoholab-xoholab, mazaxlab-mazaxlab gapira boshlasa, sheriklarimga qoʻshilib men ham yayrab qiqirlardim.

Yana bir qarasangiz, tuyqusdan mullachaga aylanardim, u dunyoning borligiga, Zuhraxon singlim bilan Homitjon ukam jannatda oʻynab yurishganiga shubha qilishni xohlamasdim, botinolmasdim, qoʻrqib ketardim. Tontirama, u dunyo bor, ukalaring rohatda yurishgani rost, deb oʻzimni biydalagudek boʻlardim.

Tayinsiz banda edim, baʼzan xudosizlar ongimga qaytadan taʼsir oʻtkaza boshlasa, “sodda xudojoʻylar”ning xomtamaligidan ichimda yana kulishga tushardim; baʼzan biron-bir zarurat bois, Yaratguchiga takror yalinishga oʻtardim. Quvonchli onimda Tangriga qulluq qilish xayolimga kelmasdi, ogʻir damlarda mungʻayib undan koʻmak izlardim.

Zamon Xudoga shaydolanishingga imkon beradigan zamon emas edi. Mavjud muhitning taqozosi bilan oʻz eʼtiqodimni oʻzim toptab tashlayotganimni sezmay qolardim. Bir narsaga sira tushunolmasdim – yo men vaziyatga qarab oʻzgarib turardim, yo vaziyat meni ixtiyorimsiz oʻzgartirib qoʻyardi.

 

* * *

Oʻrtoqlarim bilan daydib yurib, goho tuman markaziga borib qolardik. Rohatdan tarvaqaylaganicha muzqaymoq yalab yurganlarni koʻrsam, ayamay doʻpposlab, qoʻlidagini yulib olgim kelaverardi. Har gal, albatta, kitob doʻkoniga kirardim, koʻzimga issiq koʻringan yoki birovlardan taʼrifini eshitgan kitobni sotib olishga pulim yetmasa, bu hol “shaydosiga bevafo” muzqaymoqning kuydirgisidan ham oshib tushardi.

Bir kuni Xolis opamning sinfdoshi, Xadicha otinning farzandi boʻlgani uchunmi, nihoyatda adabiyotsevar, zehni oʻtkir, yoshiga nisbatan oʻta keng fikrlovchi oshnam Abdusalom bilan kitob doʻkoniga birga kirdim. Qandaydir kitob ikkovimizga ham yoqib qoldi.

– Shuni qarzga olib bering, qoʻlimga pul tushsa uzilishib ketarmiz, – dedim yoshi ulugʻroq oshnamga yalinib.

Abdusalom kitobni sotib oldi. Tashqariga chiqqanimizda uni menga tutqazdi-yu, koʻylagining pastga osilib turgan etagini koʻtarib, choʻzmali shalvarining qatidan yana bitta xuddi shunaqa kitobni sugʻurdi.

– Bunisini oʻgʻirladim, – dedi u, hozirgina poshshoning xazinasini oʻmarib chiqqan Bagʻdod oʻgʻrisidek tamtamlanib. – Unisi senga tekin boʻlaqolsin.

Iy-ye, yoʻli borakan-ku! Oʻshandan boshlab, doʻkondan kitob oʻgʻirlash bobida malakam oshib boraverdi. Bir kirishda toʻrttagacha kitobni ustidan koʻylagim etagi solinchoqlanib turuvchi shalvarimning choʻzmasiga qistirib chiqqan kunlarim ham boʻldi. Doʻkonchini chalgʻitish, xavfni kamaytirish uchun bitta arzonrogʻini qoʻlimda varaqlab kelib, odob bilan suzilganimcha haqini toʻlardim. Doimiy mijozlardan biriga aylanganim tufaylimi, oxirating obod boʻlgur doʻkonchi oʻz talonchisini har safar doʻstona jilmayib qarshi olardi.

 

* * *

Hanuz sheʼrlar bitib turardim. Toʻporigina mashqlarimda ishq mavzusi tobora kengroq joy egallab borar, bularni yozayotganimda daftarimning varagʻidan tutun koʻtarilayotgandek, sal oʻtmay lov etib yonib ketadigandek tuyulardi baʼzan. Buning sababi bor edi – qizlarga iliqishga qattiq ruju qoʻygan davrim edi bu…

Tunlari Q. xonni ezilib-ezilib oʻylardim, uning hamma koʻrinishi, hatto koʻzlarining qanday qiyalashi-yu, lablarining qanday jimirilishigacha xotiramda qayta-qayta jonlanardi; J. xonni shartta qopga tiqib, kimsasiz togʻlarga olib qochgim kelardi; goho erinmasdan ikki mahallani bosib oʻtib, qoʻshni maktabda suluvligi bilan dong taratgan A. xonning Mozortagidagi xonadoni yonida och kuchukchadek gʻingshib yurardim.

Baʼzan ayol oʻqituvchilarga ham tagdor gaplar otar edim, yengil-yelpi tajovuzlar qilishgacha borib yetardim. Dam ruchkamni ataylab polga tashlab, partaning ostiga bosh suqardim va kimyo-biologiyadan dars beruvchi Kidrachyovaning oppoq oyoqlarini berilib tomosha qilardim; dam maktabdagi qizlarga qoʻllab turadigan rohatbaxsh qiligʻimni ishga solib, roʻmolchamdan ip sugʻurardim-da, chet tilini oʻrgatuvchi oltin sochli muallimamiz Gudilinaning ortidan borib, biqinini siypalardim, oʻqrayganicha choʻchib oʻgirilsa, kiyimingizga yopishib qolibdi, deya qoʻlimdagi ipni koʻrsatardim. Pionervojatiymiz Umerovaning ketiga shapatilab qochganimdan soʻng katta gʻalva chiqib, bu hol shaxsan direktorning faxriy tarsakisini yeyishdan tashqari, komsomolga qabul qilinmasligimga ham asosiy sababchi boʻlgandi.

Xulqim kun sayin buzilaverdi, erkak oʻqituvchilardan ham tap tortmaydigan boʻlib borayotgandim. Paxta terishga chiqqanimizda, fizkultura oʻqituvchisi Oʻktam aka bilan olishib qoldim. U polvonligini namoyishlab, boʻgʻzimdan ushlaganicha yerga agʻdarganida, koʻziga tuproq sochib, to oʻzini oʻnglaguncha, uni kuchukpiypalash qilishga tushdim. Agar brigadir Imar qirgʻiz meni ayovsiz shapaloqlab ajratib olmaganida, yoqalashuv nima bilan tugashi nomaʼlum edi.

Oʻzi shundayin ham maktabdagi “qora roʻyxat”ning tepa qismidan joy egallab kelayotgandim, oʻqituvchiga qoʻl koʻtarishga borib yetganim, nihoyat, barchaning sabrini toʻldirdi, sinfimizda direktor va uch-toʻrtta oʻqituvchi ishtirokida boʻlgan yigʻilishda meni maktabdan haydashga qaror qilindi.

– Sizga bitta iltimosim bor edi, – deb direktorga mungʻayib boqdim. – Sakkizinchini shu yerda bitirvolay, keyin oʻzim yaxshilikcha boshqa maktabga ketaman.

Direktor savol nazari bilan qaragach, muallimlar picha oʻylanib qolishdi, past tovushda oʻzaro maslahatlashishdi, soʻng menga qarab, esingda tursin, oʻgʻil bolaning gapi bitta boʻladi-ya, degan soʻzni alohida taʼkidlagan tarzda iltimosimni qondirishdi.

Kim nima desa desin-u, kelishsa boʻladigan yaxshi odamlar bu olamda baribir koʻp.

* * *

Fargʻona shahridagi Toʻqimachilar shaharchasida yashovchi Shafoat ammamning toʻngʻich oʻgʻli Mashrab bilan deyarli tengdosh edik, sensirab soʻzlashardik. Bolalikda baʼzan ammam uni biznikiga tashlab ketsa, baʼzan men ham ularnikida besh-oʻn kun turib qolardim. Shaharda “neujeli”, “vot eta da”, “davay”, “nu pasmatri”ga oʻxshash oʻrischa iboralarni, biri “pashoʻl” bilan boshlanib, biri “mat” bilan tugaydigan soʻkishlarni alohida yutoqilanib oʻrganardim, qishloqqa qaytgach, oʻrni kelsa-kelmasa, pala-partish qoʻllashga tushardim.

Menga oʻxshab sakkizinchi sinfni bitirgan Mashrab yozgi taʼtilda biznikiga kelib uzoq turib qoldi. Bir kuni gapdan gap chiqib, maktabdan haydalganimni aytdim. Buni eshitiboq, unaqa boʻlsa, Fargʻonaga borib, men bilan birga oʻqiyqol, deb qistay boshladi. Nima deyishni bilmadim. Ammam uni olib ketishga kelganida, Mashrab yana shu toʻgʻrida gap ochdi.

– Shunaqa qilaqolaylik, aka, – dedi ammam, dadamga yuzlanib. – Mashrabning oʻqishlari juda yomon. Anvarga qoʻshilsa, birga dars tayyorlab yurib, sal odam boʻlarmidi…

Oʻsha yilning kuzidan eʼtiboran Fargʻona shahridagi 11-maktabning kechki boʻlimida toʻqqizinchi sinfda oʻqiy boshladim. Menga sherik boʻlib Mashrab ham kunduzgidan kechki boʻlimga oʻtdi. Kechkida oʻqiy boshlashimizning sababi – Toʻqimachilik kombinatida koʻp yillar masterlik (uskuna sozlovchisi) qilgan, yaqinginada pensiyaga chiqqan Qosimjon opogʻdadamiz ikkalamizni ham shu joyga ishga kiritib qoʻyishni koʻzlagandi, lekin korxonadagilar hozircha boʻsh oʻrin yoʻq, degan bahona bilan gapni choʻzib yuraverishdi.

Dastlab darslarga muntazam qatnashib yurgan Mashrab, biror oylardan soʻng ora-sira keladigan boʻldi, qishga borib, maktabni butunlay yigʻishtirib qoʻydi. Kitob-daftarni koʻtarib, uydan birga chiqsak-da, sal naridayoq yoʻlimiz ayri boʻlardi, u kechalari Gʻaybulla qassobnikiga borishni odat qilib olgan, qartada qimor oʻynashga tobora berilib ketayotgandi. Maktabdan qaytishda yoʻl-yoʻlakay uni qartaxonadan chaqirib olardim, oʻyin tugamagan boʻlsa, birpas tomoshabinlik qilardim.

Mashrab juda mushtlashqoq edi. Mast kelayotganini koʻrsa, koʻchadagilar oʻzini panaga urishga oshiqardi. Agar, kim bilandir yoqalashishni boshlasa, bu hududchadagi eski kuzurlar asta-sekin boʻribosarga aylanayotgan toʻlpoq kuchukchaning olishuvini chetdan jim kuzatib turishar, oxirida yaxshilik bilan ajratib qoʻyishar, har ehtimolga qarshi iliq munosabatda boʻlib yurishardi.

 

* * *

Toʻqimachilik kombinatida oʻttiz yildan koʻproq ishlab pensiyaga chiqqan Qosimjon opogʻdadamiz umrining katta qismi oʻrislar orasida, qoraqoʻl ishchilikda oʻtgan esa-da, mumtoz kuy va qoʻshiqlarning ashaddiy shaydosi edi. Oʻzi ham yigitligida dutorni juda oʻxshatib chalarkan. Mumtoz qoʻshiq yangrab qolsa, oʻtirganlarga jim degan ishorani qilib, oʻng qoʻli barmogʻini chap qoʻlining mushtumiga “chirs-chirs” chertmaklaganicha, huzurlanib tebranishga tushardi.

Shaharda axloqim sal epaqaga kelib qolgandi. Oʻqishlarim ham ancha yaxshilangandek edi. Oʻrischada tuppa-tuzuk gaplasha oladigan boʻlib borayotgandim.

Meni bu xonadonda kimdir malol olayotganini hech sezmasdim. Opogʻdadam bilan ammam meni oʻz farzandlaridan afzal koʻradigandek tuyulardi, Mashrab har qadamda koʻnglimni avaylardi, ukasi Mahmudjon pinjimga suqilvolib, qiziq gaplarimdan hiringlagani-hiringlagan edi, singlisi Muhabbatxon dars tayyorlashga koʻmaklashganim uchun javondan oʻzlashtirgan konfetlarni sekingina kaftimga qistirardi. Shunga qaramay, bularga ortiqcha ogʻirim tushmayaptimikan, degan oʻy damo-dam koʻnglimdan kechib turardi. Baʼzan oʻngʻaysizlanayotganimni sezarmidi, ammam ichimdagi andishani quvib, hech narsadan tortinma, akamning bizga koʻp foydasi tekkan, senga ozgina yaxshilik qilsak qipmiz-da, deb yelkamni silardi.

 

* * *

Maktabda Malina degan qiz bor edi. U yevropacha urf-odat taʼsirida tarbiyalangan, gʻirt oʻrismijoz ekaniga qaramay, mendek bir qishloqi bilan oʻqishning dastlabki haftalaridanoq juda inoqlashib ketgandi.

Sheʼr yozib turishimdan xabar topgach, Malina uyidan menga sheʼriy kitoblar olib keladigan boʻldi. Oʻrischalarining ayrim yerini oʻqitib koʻrib, nimalarni uqqanimni soʻray boshlardi, mazmunini toʻliq anglayolmagan joylarimni, oʻzbekcha jumla tuzishga qiynalgan tarzda tili tutilib-tutilib, erinmay tushuntirishga tushardi.

Sinfdoshimiz Zuhra Malina bilan maktabga doim birga kelib, birga ketardi. Kunlardan bir kuni u qishloqdagi oilamiz haqida u-bu gaplarni surishtirib oʻtirib, ustingizdagidan boshqa shimingiz yoʻqmi, deb soʻrab qoldi.

– Hozircha bori shu, – dedim, kutilmagan savoldan dovdirab. – Nimaydi?

– Bir soʻradim-da, – dedi Zuhra andak oʻngʻaysizlanib.

Vujudim zirillab ketdi. Bir zum ensam qotganicha turib qoldim.

Ha, bittagina shimim boʻlib, u ham dadamniki edi. Bu yerga dastlab kiyib kelganim u yer-bu yeridan sizilayotganini koʻrgan ayam, bir gal qishloqqa borganimda semizgina dadamning yoʻl-yoʻl qoramtir chiziqli oqish shimini menga bergandi. Oʻshanda u, mashinasini gʻaldiratib, shimni boʻyimga moslab sal kaltalatgan esa-da, belini, chotini toraytirishga uquvi yetmagandi. Kiysam, pochalari holpillab turuvchi bu kattakon shimning bel qismida bir handalak qistirgulik joy ortib qolar, shu ortiqchasini orqa tarafga gʻijimlab toʻplab, tepasidan kamar bogʻlab olardim. Orqadagi gʻijimni yashirish uchun yo kostyum kiyardim, yo koʻylagimning etagini tushirib yurardim.

* * *

Qishning oxirlarida egnim nihoyat yangi kiyim koʻrdi.

Dadam boylik paytida sotib olgan, koverkot degan qimmabaho matodan tikilgan och novvotrang plash bir-ikki marta kiyilganicha sandiqda yotgan ekan. Ayam uni menga bergach, etagi uzunroq, yelkalari ancha keng boʻlgani uchun kiygim kelmay, ammamning shkafiga ilib qoʻygandim. Ammam shuni Mashrabga beraqol, senga kostyum-shim tikdirib beraman, dedi. Jon deb rozi boʻldim. Ammam ertasigayoq meni artelga boshlab bordi, birga mato tanladik, chevarlar boʻy-belimni oʻlchashdi. Bir hafta oʻtmay, ishni bitirib berishdi.

Tim qora tusli kostyum-shimni kiyib koʻryapman-u, terimga sigʻmay, entikib-entikib ketyapman. Bolalikda nuqul eski kiyim kiygim kelardi-ya, gʻirt ahmoq ekanman, deb oʻylayotgandim shu topda.

Chamasi, yangi libos oʻsha kuni umrimda birinchi marta koʻzimga lovullab koʻrindi. Oʻzimni toshoynakka solib, taʼbim charaqlagandan charaqlab ketdi.

Poson kiyinib borgan birinchi kunimda sinfga tortinibgina kirdim. Shumqiliq Omoncha: “Vavah-h!” – deb yuborganini hisobga olmaganda, boshqalar ortiqcha ahamiyat bermaganini koʻrib, yengil tortdim. Malina moldan molning farqini ajratib, bu magazinniki emas, uni qaysi artelda tiktirdingiz, deya surishtirib qoʻydi tanaffusda.

Ilgari koʻnmagan edi, endi “moʻdniy kavaler” bilan yurishga uyalmasa kerak degan oʻyda qizni yana kinoga taklif qildim. Baribir unamadi. Tuflim maymoqroq ekani ishni buzdimikan, deb hadiksiradim bu gal.

Malina! Shaharda kechgan umrimdagi eng totli xotira boʻlib qoldi bu qiz.

Oradan yillar oʻtib bir narsani tushunib yetdimki, mabodo taqdir boshimizni qovushtirganida, umrimda duch kelgan suluvlar orasida adabiyotning chinakam shaydosi boʻlgan shu qizgina tartibsiz hayot tarzimga ortiqcha gʻalvalarsiz chidashga, meni, avvalo, shoir sifatida asrashga imkon qadar urinib yashagan boʻlardi. Ammo men uni oʻzi loyiq boʻlgan baxtga hech qachon sazovor qilolmasdim.

 

* * *

Toʻqqizinchi sinfni bitirgach, tagʻin qishloqqa qaytdim.

Serbola va serchiqim oilamizdagi ahvol kun sayin ogʻirlashayotgandek, yetishmovchilik qalanib borayotgandek edi. Dadam hanuz ishsiz ekanligidan yuragim xijillanardi. Qanchalar keng boʻlmasin, yoʻlbars qafasga, erkak uyga sigʻmaydi. Qafasdan qutulish uchun boʻlsa kerak, dadam ancha urinib yurib, Margʻilondan ham naridagi Toshloq paxta punktidan ish topdi. Maoshi bordi-keldisiga, yeyar-ichariga zoʻrgʻa yetib tursa-da, harqalay yana koʻchaning erkagi boʻlib oldi-ku.

Men ham erkakchilikka intilib, qishlogʻimizdagi paxta punktiga ishga kirdim. Buvimning jiyani Oʻrinboy aka bu davrda paxta quritish shoxobchasiga boshliq boʻlib qolgandi, uning qoʻl ostida mayda-chuyda yumushlarni bajarib yurdim: goh taʼmirdan chiqqan uskunalarni boʻyayman, goh paxta quritish barabanining gʻildiraklari tishiga chuvalashib ketgan tivitlarni yulqilab tozalayman, goh yoshi kattalarga doʻkondan aroq-vino yoki sigaret tashiyman.

Bir kuni paxta quritish sexiga ikkita yap-yangi traktor berishdi, biri – uch gʻildirakli “T-28”, ikkinchisi – toʻrt gʻildirakli, lekin pakanagina “DT-20”. Pakana qizil traktor ich-ichimda havas oʻtini alangalatdi, shuni men minaqolay, deb Oʻrinboy akaga yalina ketdim. Traktorchilikka hujjating yoʻq, buning ustiga hali maktab oʻquvchisi boʻlsang, qanday qilib senga beraman, deb oʻjarlandi Oʻrinboy aka. Oʻzim hol-joniga qoʻymay turib olganim, bu masalaga dadam ham aralashgani, oxiri uning koʻnglini yumshatib, mayli, punktdan tashqariga chiqmaganingdan keyin, hujjatsiz minsang ham boʻlaverar, deya rozilik berdi.

“T-28” traktorchisi Olim moʻylov ikkimiz punkt ichkarisida ishlab yurdik – bu gʻaramdagi hoʻl paxtani punktning narigi chekkasidagi quritish sexiga tashib boramiz, quritilgan paxtani yana tirkamaga ortib, endi boshqa gʻaram yoniga keltirib toʻkamiz. Andak nafas rostlashga imkon yoʻq, hududda chekish qatʼiyan taqiqlanganiga qaramay, sigaretni traktorda borayotib yoʻl-yoʻlakay apil-tapil chekib olaman. Shu qadar charchardimki, tushlik eʼlon qilinsa, ovqatlanish oʻrniga picha uxlab olgim kelaverardi.

Oltiariqqa qaytganimdan keyin ham oʻsha “oʻgʻilbolacha gap”da turib, 13-maktabga egilib bormadim, tuman markazidagi 1-oʻrta maktabning kechki oʻninchi sinfiga joylandim. Punkt ichida ishlab yurgan paytimda darslarga imkon qadar muntazam qatnashib turdim. Keyinchalik transport yetishmovchiligi bois punktdan vaqtida olib ketilmay dusambalanib yotgan paxtalarning bir qismini Fargʻona shahridagi paxtani qayta ishlash zavodiga qish ichi oʻz traktorlarimizda tashib berishimizga toʻgʻri keldi. Haydovchilik guvohnomam boʻlmasa-da, traktorni shaharga ham oʻzim minib boraverdim. Har bir traktorga uchtadan tirkama ulanardi, yoʻlga tushsak, xuddi poyezd vagonlarni tortib ketayotgandek koʻrinardi. Men oldinda, biror muammo tugʻilsa traktorimni sozlab berishi lozim boʻlgan Olim moʻylov ortda borardi.

Shu zayl qish boʻyi shaharga paxta tashidim, baʼzan kech qaytishim, baʼzan oyoq qimirlatishgayam majolim qolmasligi tufayli maktabga kam qatnaydigan boʻldim. Tanam shu qadar zoʻriqqandiki, toʻrt kilometr chiqib-chiqmaydigan joydagi maktabga yetguncha hatto velosipedning pedalini tepishga qurbim yetmay qolardi. Shu ahvolda damo-dam sheʼr yozishgayam fursat topganimni eslasam, hozirda hayratga tushaman.

 

 

* * *

Oltiariqning Boʻrbonliq qishlogʻi ustidan boshlanib, qir orasidan tushlik sari yuqorilab ketguchi yoʻl togʻning etagiga borib taqaladi. Oʻsha joyda Qirgʻizistonga tegishli qoʻrgʻoshin koni boʻlardi. Shahodat opamning eri Aʼzam aka shu konda shofyorlik qilar, karyerlardan ochiq usulda qazib olinadigan (bir joyida eski shaxta ham bor edi) maʼdanlarni aholi yashaydigan qoʻrgʻon yaqinidagi zavodga mashinada tashib keltirishar, yetti yuz-sakkiz yuz soʻmga yetkazib oylik olishardi. U davrda kolxoz raisi bir yuz oʻttiz soʻm, maktab direktori bir yuz ellik soʻm atrofida maosh olishini nazarda tutsak, konchilar pulning tagida yashar edi.

Arzimagan pulga traktor minib yuraverma, deb, Shahodat opam qishda meni oʻsha Rudnik-konga olib ketdi, tezdayoq ishga joylab qoʻydi. Qapchugʻaylik objuvozchi Arslon burgutchining Rahmonali degan oʻgʻli konda burgʻilovchilik qilarkan, meni unga shogird qilib berishdi. Rahmon akaning vazifasi – oʻziyurar uskunani u yerdan bu yerga jildirib, tuproqni oʻn besh-yigirma metr chuqurlikda burgʻilash, mening vazifam – gup-gup urilganicha yerga tobora chuqurroq kirib borayotgan quvur ustun ichiga goh-goh suv quyib turish, elektr toki yetkazib beruvchi kabelning yerda emas, temir ayrichalar ustida turishini taʼminlash, ishdan soʻng agregatni artib tozalash, ayrim qismlarini solidolda moylab qoʻyish.

Bizdan keyin bu joyga qoʻporuvchilar kelib, burgʻilagan chuqurlarni doriga toʻldirib portlatishar, tuproqni ekskavatorchilarga yumshatib berishardi. Ana endi oʻnlab “KrAZ” karyer devoridagi pogʻona-pogʻona yoʻllarda chumolilardek oʻrlab, ruda tashishini tomosha qiling.

Chetdan qaraganda, ishimiz uncha ogʻir emasdek tuyular, uning haqiqiy zahmatini ishlab koʻrganlargina bilardi. Uycha tugul biron-bir daraxt ham boʻlmagan yalang joyda qishning chiyilloq sovugʻiga chidash; issiq ovqat pishirishga imkon yoʻqligi bois, muzlagan taom bilan tamaddilanish; har haftada u smenadan bu smenaga almashganda, uxlashning yangicha vaqtiga koʻnikolmay gandiraklab yurishlar tinkangni quritib tashlaydi.

Traktorchilikda sakson-toʻqson soʻmga ishlab yurgan odam konchilikda, normani qanday bajarishimizga qarab, uch yuz ellik soʻmning yon-berida oylik ola boshladim. Oylikni dadamning qoʻliga eltib berardim. Yashashim opamlarnikida, yeyishim tekin boʻlgani tufayli maoshim uyga deyarli butunicha yetib borar, roʻzgʻorimizga qaytadan baraka kirayotgan edi. Buni dadamning gʻoyib boʻlib ketgan eski ulfatlari uyimizda yana bir-bir paydo boʻla boshlaganidan ham bilsa boʻlardi. Dadamga durustgina tirgak boʻlib qolganimdan, birinchi galda, Sarviniso buvim behad xursand edi.

Qish oxirlaganida oyoqlarimda ogʻriq oʻrmalay boshladi. Uydagilar buni opamdan eshitishgach, eski bod kasaling qoʻzib, yana yotib qolmasingdan uyga qaytaqolsangmikan, deb koʻnglimga qoʻl solishdi. Toshloqqa qatnab ishlashdan tuzukroq naf koʻra olmay, endi Poloson qishloq ijroqoʻmida soliq toʻplovchi boʻlib olgan dadam yelkamga qoqib, eng oldin sogʻliqni oʻyla, tirikchilikni sensiz ham uddalarmiz, deb astoydil jon tortdi.

Shu tariqa, Rudnik-konga qilgan yurishim uzoqqa choʻzilmay, ortga qaytdim.

 

* * *

Kunlardan birida eski sinfdoshim Ahmad bilan Mozortagiga borayotib, motorli velosipedini tolga suyaganicha ariq yoqasida yelpinib oʻtirgan Eminjon karvonga duch kelmaganimda, yana qancha vaqt ishsiz salanglab yurgan boʻlardim, bilmadim.

Eminjon karvon qishloq ijroqoʻmi raisi edi. Velosipedining motori buzilib, boʻgʻilib oʻtirgan ekan, bizni koʻriboq, hoy, birortang manavining tilini tushunasanmi, deb qoldi. Men bilaman, hozir tuzatamiz, dedim-u, mabodo yurib ketsa, bahonada bir eshakchopar qilvolamiz degan oʻy bilan velosipedga oʻtirdim. Men pedalni tepib, Ahmad orqadan itarib, ancha joygacha borganimizdan keyin, motor oʻz-oʻzidan ishlab ketdi. Hakillab qolgan Ahmadga mukofot boʻlsin deb, uni mingashtirganimcha mahallani bir aylantirib keldim.

– Ie, vey, yosh boʻlsang ham mirovoy usta ekansan-ku! – deya, kelib toʻxtashim bilanoq maqtov yogʻdirdi Eminjon karvon. – Kimning oʻgʻlisan?

Oʻzimni tanishtirdim.

– Vah, oʻzimizdagi Obidjon akaga qarashlimisan? Oʻgʻlimga ish qidiryapman degandek boʻluvdi. Topildimi?

Hozirda ishsizligimni aytishim bilanoq, Eminjon karvon tezda taklif kiritdi:

– Unda, gap mundoq, usta Anvar. Kutubxonachiga yolchimayroq turibmiz. Miq etmasdan oʻtirib ishlayman desang, shu shtatni senga beray. Orada velosipedimning motori buzilib qolsa, tuzatib berib yurarsan.

Ertasi kuniyoq kutubxonachilikka qabul qilindim.

Ish boshlaganimga uch-toʻrt kun boʻlib-boʻlmay, tuman madaniyat boʻlimidan Raʼnoxon degan yoshgina juvon kelib, kasbimning tartib-qoidalarini oʻrgatib ketdi. Ketishi bilanoq, paysallanib oʻtirmay, uning aytganlarini qilishga kirishdim. Topshiriqqa koʻra, birinchi galda, chang bosib yotgan kitoblarni pastga oldim, besh qavatli yogʻoch tokchalarni yaxshilab artib tozaladim. Buxgalter Polina opa mato olib berishga mablagʻ yoʻqligini roʻkach qilgach, bir chetda uyulib yotgan turli siyosiy-ijtimoiy qogʻoz plakatlarning orqa tomonini tokchalarga oppoq qilib yoyib, kitoblarning badiiylarini kattalar va bolalarnikiga ajratgan; fan-texnika, qishloq xoʻjaligi, siyosiy, falsafiy kabi mavzulardagilarini alohida-alohida turkumlagan tarzda terib chiqdim. Har bir boʻlim nomini qalin qogʻozchalarga qora tush bilan yozib, turkumlar ustiga yopishtirdim. Stollarga ham eng katta plakatlarning teskari tomonini yoyib, biriga gazeta-jurnal tikilmalari, biriga shaxmat-shashka taxtalarini qoʻyib qoʻydim. Marks, Engels, Lenin, Xurushchyov, Rashidov singari “yiriklar”ning asarlarini esa oynavand shkafga koʻz-koʻzlab joyladim. Birov ataylab tayinlamagan boʻlsa-da, bularga ozgina tuz yuqsa, baloga qolishim hech gap emasdek tuyulgandi oʻshanda.

Topshiriq qanday bajarilayotganini tekshirib koʻrish uchun Raʼnoxon uch haftalardan soʻng yana kutubxonaga keldi. Keldi-yu, katta oʻzgarishlarni koʻrib, koʻzi quvonchdan chaqnab ketdi. Kelasi haftada tuman kutubxonachilarini shu joyga yigʻib, qanday ish yuritish lozimligini amalda namuna qilib koʻrsatdi.

Kutubxonachilik davrim, bosib sheʼrlar yozishdan tashqari, badiiy kitoblarni toʻyib-toʻyib oʻqiganligim bilan yodimda koʻproq iz qoldirgan. Oʻshanda Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Mirtemir, Shuhrat, Shayxzoda, Said Ahmad, Sharof Rashidov, Gʻafur Gʻulom, Sobit Muqonov, Oybek, Berdi Kerboboyev, Hamid Gʻulom, Ibrohim Rahim singari “oʻzimiznikilar”dan tashqari, Pushkin, Ekzyuperi, Balzak, Rodari, Chukovskiy, Nekrasov kabi “yotlar”ning asarlarini suv qilib ichvorgan edim.

Oʻqigan kitoblarim yuzasidan koʻpincha Abdusalom bilan fikrlashardim. Bahsimiz baʼzida janjalga aylanib ketishiga sal qolsa-da, baribir bir-birimizdan ajragimiz kelmas, oʻqigan kitobimiz haqida yayrab gurung qurish mumkin boʻlgan boshqa zotni bu atrofdan topish mushkul edi. Abdulla Qodiriyning hajviy hikoyalari oʻsha damlarda ikkovimiz uchun alohida sevimli boʻlib qolgandi. Kalvak maxzumni, Toshpoʻlat tajangni qayta-qayta esga olib, bu chapani qahramonlarning xurmacha qiliqlari, jaydaricha gaplaridan har safar yumalab-yumalab kulardik. Bu kitobni goho ukalarimga oʻqib bersam, ularga ham rosa nashʼa qilardi.

Kitoblar xazinasi ichra kechayotgan farahbaxsh kunlarim uzoqqa choʻzilmadi. Bir kuni dadam:

– Samarqandda moliya texnikumi ochilibdi. Texnikumdagilar hamma moliya boʻlimlariga xat joʻnatib, shu sohada uquvi bor yoshlarni yoʻllanma bilan oʻqishga yuborishni soʻrashibdi. Bor, oʻqi, avvalo, kasb oʻrgan, – dedi.

 

* * *

Shu-shu, hayotimning oiladan tashqaridagi qismi boshlanib, bir necha yilga choʻzildi: uch yil Samarqand moliya texnikumida oʻqidim, uch yil harbiy xizmatda boʻldim.

Texnikumda oʻqishdan koʻrgan asosiy naflarimning biri – turli viloyatlardan tanish-bilishlar, qadrdon doʻstlar orttirganim boʻldi. Eng muhimi, boʻsh vaqtlarimda Samarqanddagi barcha qadimiy obidalarni qayta-qayta tomosha qilardim, ularning tarixi bilan qiziqardim. Goʻri Amirning moviy gumbazi har yer-har yeridan chatnab, ola-bula tusga kirib qolgani; Bibixonim maqbarasining biryoni butkul oʻpirilib tushgan gumbazini boshqatdan yamab qoʻyish hech kimning xayoliga kelmayotgani; Ulugʻbek madrasasi devorlari burchagidagi minoralar tob tashlab, shu kunlarda ularning boʻyini qisqartishga tushishganini kuzatib, taʼbim xira tortardi; qarovsizlik davom etaversa, bular ham hademay Ashratxonadek vayronaga aylanishi hech gapmas, deb boʻgʻilardim.

Texnikum baribir koʻp narsa berdi menga. Kasbimga bevosita bogʻliq boʻlgan fanlarni uncha chuqur oʻzlashtirmagan boʻlsam-da, dunyoni siyosatdan koʻra iqtisodiyot qonunlari koʻproq boshqarib kelayotganini, buning ostida gʻalatidan gʻalati sirlar yashirinib yotganini baholi qudrat tushunib yetdim. Bu orada rus tilini yanada puxtaroq bilib oldim, ruschada nodir kitoblar koʻp edi, oʻqiganim sayin saviyam oshaverdi.

Texnikumni bitirgach, harbiy xizmatga chaqirildim. Toshkentda 1966 yilning yigirma oltinchi aprelida qattiq zilzila sodir boʻlgan, vayronalarni tiklash uchun SSSRning hamma joyidan koʻmakchilar kelgan edi. Jumladan, Leningrad harbiy okrugiga tegishli, biz endigina qaramogʻiga oʻtgan 33715 raqamli harbiy-quruvchilar polki ham Toshkentning Sirgʻali tumaniga kelib qoʻngan, “Sputnik” (yoʻldosh) shaharchasini bunyod etishda qatnashayotgan ekan. Biz oʻn uchinchi oktyabrda ularga qoʻshilib, yalanglikka qatorlashtirib tikilgan brezent chodirlardan biriga joylashdik.

1967 yilning erta bahorida qismimizga tegishli uylar toʻliq bitdi, barchamiz “Stroitelyu Tashkenta” (Toshkent quruvchisiga) degan esdalik nishoni bilan taqdirlandik. Bir necha kundan soʻng bizni maxsus poyezdga chiqarishdi, bir haftacha yoʻl yurgach, nihoyat, Moskva bilan Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) oraligʻidagi Bologoye shahariga yetib keldik. Kimsasiz qalin oʻrmon orasidagi beton trassadan mashinalarda ikki soatcha yurib borib, Vipolzovo degan joydan oʻtgach, qori depsinaverib toygʻoqqa aylangan tor yoʻlga burildik, yana yarim soatdan soʻng, bizning polkimiz uchun yaqinda qurib bitkazilgan obʼyektga yetib toʻxtadik.

Oʻshanda Sovet-Amerika munosabatlarida “sovuq urush” degan davr yuzaga kelgan, Moskva atrofida havo hujumiga qarshi raketalarning uch qatorlik himoya halqasini tashkil etish ishlari avjga mingandi. Polkimizdagi bir rota raketa shaxtalari barpo etishda qatnashsa, boshqasi ularga tortib boriladigan kabellar uchun transheyalar qazir, yana biri yangi yoʻllar qurar, ularga biriktirilgan maxsus vzvodlar ikkinchi jahon urushidan qolib ketgan bomba yoki snaryadlar uchrasa, chetroqqa toʻplab, mutaxassislar nazoratida portlatib yuborish bilan shugʻullanardi.

Turli yumushlarni bajarib yurdik. Qish zaptiga olgan kunlarda brigadamiz kabel transheyalarini qazishga jalb etildi. Ilgari transheyani bir metr chuqurlikda kovlayotgandik, yuqoridan kattaroqlar kelib, chuqurlik ikki metr boʻlishi kerak, deb ketishdi. Qoʻshimcha qazishlar boshlandi-yu, ahvolimiz mushkullashdi – bir yarim metrdan keyinoq yer osti suvlari sizib chiqaverdi, ikkinchi metrga borganimizda, suv etigimizning sagʻini koʻmadigan darajaga yetardi. Oʻt yoqib, oyoqlarni isitish, paytavalarni quritishdan boʻshamay qoldik. Suv koʻpaysa, transheyaning devorlari yemirilib tushaverishi ishimizga ish qoʻshib, bizni battar holdan toydirayotgandi.

Qoʻnji uzun rezina etiklar berishdi oxiri. Paytavani qancha qalin oʻramayin, suvning ichida oyogʻim tosh qotib qolaverardi. Bir oydan soʻng boʻgʻinlarimda ogʻriq paydo boʻla boshladi. Eski revmatizmim qaytovlanib qolishidan xavfsirab, gospitaldagilar qonimni bir tekshirib koʻrishsamikan, deya polkimiz vrachiga maslahat solsam, chidab tur, oyogʻingni qimirlatolmay qolmaguningcha seni kasalxonaga joʻnatolmayman, dedi.

1968 yil men uchun omadli keldi, qay yoʻl bilan izlab topganlarini bilmayman-u, Moliya texnikumini bitirgan askar borligini bilishib, meni garnizon miqyosidagi harbiy-taʼminot bazasi buxgalteriyasida ishlashga chaqirib olishdi. Garnizon tasarrufidagi barcha harbiy qismlarga qurilish ashyolari, ehtiyot qismlar, yonilgʻi-moylash materiallari kabilarni yetkazib berishga ixtisoslashgan baza buxgalteriyasidagi yigirmadan ziyod xodimning barchasi ayol boʻlib, omborchilar, ularning yordamchilari ichida ham xotinlar koʻpchilikni tashkil etar, erkaklarning aksariyati isteʼfodagi ofitserlar, urush veteranlari, maxsus sohalarning mutaxassislari edi.

Bosh buxgalterimiz Tamara opa oʻta kengbagʻir ayol edi, qariyb ikki yil davomida uning qoʻlida juda yayrab ishladim.

1969 yilning yozida qishloqdan kelgan xatlarning birida mahallamizdagi magazinda doʻkonchilik qilishga oʻtgan dadam toʻsatdan ogʻir kasalga chalinganini maʼlum qilishdi. Baza boshligʻi podpolkovnik Mogilyovga shu toʻgʻrida gap ochsam, oʻzi xizmating tugashiga oz qoldi, bordi-keldingga ancha xarajat ketadi, undan koʻra sabr qilib tur-chi, garnizondagi kattalar bilan maslahatlashib, seni armiyadan ertaroq boʻshatishlarini soʻrab koʻraman, dedi.

Komandirimiz aytganini qildi. Xizmat muddatini oʻtab boʻlgan askarlarni rezervga qaytarish haqida hali Mudofaa ministrining buyrugʻi chiqib-chiqmasidanoq, meni ozod qilib yuborishdi. Ortga oʻgirilib boqsam, umrimning uch oyi kam uch yilini birda poʻrim, birda kir-chir harbiy kiyimda oʻtkazibman.

Harbiydan qaytganimda, dadam anchadan beri viloyat kasalxonasida yotgan ekan. Taʼtilga kelganimda ham, bir vaqtlardagidek boʻyni bagʻbaqali boʻlmasa-da, jussasi haliyam goʻshtdorgina edi. Shu qisqa vaqtda butkul ozib-toʻzib, eti suyakka yopishib qolibdi. Kirtaygan koʻzlarida ilgarigi tiyraklikdan asar yoʻq. Hatto taʼbi xiraroq chogʻidayam kulimsirash alomatlari zohirlanib turaveradigan chehrasini endi mung toʻliq qoplab olgandi.

Qoʻshnilar, tanish-bilishlar, qondoshlarning keldi-ketdisi tugaganidan keyin, kasalxonadan vaqtincha javob soʻrab kelgan dadam meni yoniga chaqirib, toʻyni tezlatish xususida gap ochdi. Umrimda koʻrmagan qizga mening roziligimsiz oq kiyib, fotiha toʻyini ham oʻtkazib ulgurishganidan jahllanib yurganim uchun, jurnalistlikka oʻqish niyatim borligini bilardingiz-ku, uylanadigan boʻlsam, roʻzgʻorda uymalangancha qishloqdan chiqolmay qolishimni oʻylamadingizmi, deb jerkindim.

– Umrim juda oz qolganini bilib turibman, – dedi dadam xotirjam tovushda. – Katta oʻgʻlimsan. Hech boʻlmasa, sening boshingni ikkita qilib, koʻnglim tinchibroq ketay.

Men nodon yana tixirlanishga tushdim:

– Siz aytsangiz, shaxtada ishlashgayam roziman, dada. Omaleykin, uylanish masalasiga kelsak…

– E, bolam-ma! – soʻzimni boʻlib, xiyol zardalandi dadam. – Bir narsani hisobga olmayapsan. To uylanmaguningcha, ukalaringga otalik salobatida koʻrinolmaysan. Yo gapimga haliyam tushunmadingmi?

Hammasi tushunarli: men ketyapman, endi bu hovlining xoʻjayini sensan. Tezroq uylan, roʻzgʻor tebratish masʼuliyatini chuqurroq his et. Kenja ukang, bor-yoʻgʻi, oʻn yoshda, kattalari ham hali gʻoʻrroq. Shoirlikni havas qilasanmi, poshsholiknimi, eng oldin, oila aʼzolarining birligini taʼminlashing, xonadon mavqeini bundan oshirolmasang, loaqal borini asrab turishga intilishing, ota boʻlib, uyning fayzu tarovatini qoʻriqlashing shart!

Qanchalar qaysar boʻlmayin, dadamning shu ahvolida oraga bundan ortiq soʻz sigʻmasligini anglab, boʻpti-da, nima desangiz – shu, deb peshanamni tirishtirdim. Dadam quvonib ketib, opanglarga aytaman, seni kelin bilan biror joyda uchrashtirishadi, bir koʻz urishtirib olarsan, degan edi, baribir uylanadigan boʻlsam, koʻrib nima qildim, deya lab jimirdim.

Bu orada, dadam yana kasalxonaga tushgani, dardi kuchayib borayotgani bois, unga qarashli magazinni yangi doʻkonchiga oʻzim topshirishimga toʻgʻri keldi. Yoshgina, butkul tajribasiz bir tatar qizni revizor qilib tayinlashgan ekan, ishni urinib-surinib zoʻrgʻa oxiriga yetkazdik. Anchagina kamomad chiqqanidan koʻnglim juda xira tortdi, matlubot jamiyati rahbarlaridan biri boʻlgan Obidov idorasiga chaqirtirib, pul tezroq joyiga qoʻyilmasa, ish sudga oshadi, deganida, yuragim poʻkillashga tushdi. Voh! Endi nima boʻladi? Nahot, dadamni shu ahvolidayam sud qilishsa? Yoʻgʻ-e, bungacha borishmasa kerak. Balki, qarzni oyligimdan sekin-sekin uzishimga toʻgʻri kelar…

Koʻp oʻtmay, endi davolashga urinishdan foyda yoʻq, uyda boricha parvarishlab tura qolinglar, deb dadamni kasalxonadan qaytarishdi. Goho mahalliy doʻxtirlar kelib, u-bu muolajalar qilib turishdi. Oʻshanda yigitdek vazmin turolmaganim, doʻkonning qarzidan qutulish masalasida dadamga injiqlanib gap ochganim, dadam meni tinchlantirishga tirishib, qoʻrqma, tirik qolsam, javobini berarman, oʻlib ketsam, senga yopishib olishmaydi, deb iztiroblangani esimga tushsa, birovlarga qamchi tutqazib, oʻzimni ayovsiz savalatgim keladi hanuz. Aksincha boʻlishi kerak edi-ku! Mabodo, dadamning oʻzi shu mavzuni qoʻzgʻab qolsa, koʻp siqilavermang, to jonim ichimda ekan, hamma ish joyiga tushib ketadi, deb taskin berishim kerak emasmidi?

Dadam umrining soʻnggi haftalarida yashayotganini doʻxtirlardan surishtirib bilishganmi, bir kuni oʻsha matlubotchi Obidov kelib, doʻkoningizning kamomadini amallab-taqallab yopib yubordik, endi tashvish tortmang, deb dadamga xushxabar aytdi. Ichimga birdan yorugʻlik yogʻildi. Buni sezgan dadam, menga qarab, majolsizgina kulimsirab qoʻydi. Oʻzining ishi bitganidan koʻra, mening qoʻrquvim barham topganidan koʻproq xursand edi, chamasi.

Amaliyotda yurgan vaqtimda tuman moliya boʻlimi mudiriga maʼqul koʻringanmanmi, oʻzi meni ishga taklif etib qoldi. Odamlarni poʻpisalab yurib soliq yigʻishga boʻlgan azaliy bezillogʻim bois, ana-mana deb, gapni mujmallab yuraverdim. Bir kuni kolxozimiz rahbarlari dadamni yoʻqlab kelib, shu Anvaringizni bizga bering, hozircha dalada tabelchilik qiptursin, paxta terimi tugaganidan keyin idoraga bugʻoltir qilib olamiz, tomorqa-pomorqa beramiz, deb qolishdi. Bir maslahatlashaylik-chi, dedi dadam. Ular ketgach, ukalaring orqangda qatorlashib turibdi, kolxozda hech boʻlmasa ikki-uch yil ishlab, tomorqa olvolishing kerak, deb menga yoʻl koʻrsatdi.

U davrda paxta siyosati oʻta tajovuzkor edi. Qoʻriq yerlar tinimsiz oʻzlashtirilar, bogʻlarni buzib, zovur doʻnglarini tekislab, yoʻl chetidagi va ariq yoqasidagi uvatlarni toraytirib boʻlsa ham koʻproq gʻoʻza ekishar, paxtazorlar koʻpincha xonadonlarning devoriga borib taqalar, tomlargayam chigit qadagilari kelardi (bundan Orol dengizi qurib borayotganini hali bilmasdik). Mahalliy fuqarolarga, hatto kolxozchilarga keng-keng tomorqalar berish allaqachon elliginchi yillar “sarqiti”ga aylangandi. Endi tomorqa soʻrasang, hozir berolmaymiz, Oʻzbekiston qishloqlaridagi har bir qarich yer Moskvadagilarning nazoratida turadi, paxtazorni bir qarichga kamaytirish uchun ham oʻshalardan ruxsat olish kerak, deyishardi.

Tomorqa degan baxtni orzu qilib, moliyachilikni emas, tabelchilikni; biqqi kursili pokiza xonani emas, changli dalani tanladim. Harbiydan qaytganimdan beridagi satangliklar tugadi; oʻsha mahallari keng rusum boʻlayotgan karnaypocha “klyosh” shimni, matroslarnikidek yoʻl-yoʻl chiziqli shoyi koʻylakni, tarsillagan xirom tuflini yechib, yogʻ surtib yaltiratilgan qalin sochimni ustarada qirdirdim; egnimga atlas belbogʻli parpasha beqasam toʻn, oyogʻimga kirza etik kiyib, boshimga margʻiloncha doʻppini bostirdim. Mahallamiz doʻkonidan tepada yashovchilardan tuzilgan brigadaga tabelchi boʻlib, “ZIL” yuk mashinasining usti ochiq kuzovida dalaga yoʻl oldim. Temir yoʻldan ancha pastdagi bu brigadaga oʻquvchilik davrimizda paxta terishga kelib turardik, endi yangi yer oʻzlashtiruvchi choʻlquvarlar uchun tomorqali uylar qurib berishga majbur boʻlinib, manzara ancha oʻzgarib ketibdi.

 

* * *

1969 yilning 5 sentyabrida toʻyim boʻldi. Polkdosh oshnam Qahramonni yoʻqlab Samarqandga borganimda mezbonlar yelkamga yopgan olacha beqasam toʻnni kiyvolgan dadamni qoʻltigʻidan suyab chiqib, tashqidagi karavotga yonboshlatdik, toʻyni shu joydan boshqarib, shu joydan tomosha qilib yotdi.

Toʻydan oʻn kuncha keyin dadamning ahvoli juda ogʻirlashdi. Yomon xayollarga borib, ruhi butunlay choʻkmasin deya, doʻxtirlar bilan kelishib, yana viloyat kasalxonasiga yotqizdik. Ancha yotdi, yaxshi tomonga oʻzgarish boʻlmadi. Bir kuni doʻxtir bizni yoniga chaqirib, jigari butunlay tugab, bu yogʻi yaqin qoldi, uyga olib borib, tayyorgarlik koʻraveringlar, dedi. Yana uyda ozgina dam olib, ukollarni singdirishingiz kerak ekan, deya dadamni aldab, hovlimizga olib ketdik.

– Ha, yaxshilab dam oladigan paytim keldi, – dedi dadam oʻzini sokin tutib.

Buni eshitish alamli edi. Dadam gap nimadaligini allaqachon fahmlab yetgandi, chamasi. Uying kuygur aroqlar, qotillar! Chayirdan chayir dadaginamni oʻshalar shu ahvolga soldi. Bunga qoʻshadigan boʻlsak, yoshgina vafot etgan uch farzandning qiyofasini koʻz oldiga keltiraverish ham otaning jigarini toʻkmasdan qoʻymaydi…

Shafoat ammam kiyim-kechaklarini tugib kelib, biznikida muqim yashay boshladi (eri Qosimjon opogʻdadamiz ancha oldin vafot etgandi). Ayam ikkovi navbatma-navbat uxlab, dadamni goh uqalashar, goh ovqatlantirishar, goh yuvib-tarab qoʻyishardi. Men esa, dalaga erta ketib, kech qaytardim, dadamning yonida uzoqroq oʻtirib qolsam, bor, uyingga kir, vaqtida uxla, deb buyurardi. Yangi uylangan oʻgʻilga bu gap xush yoqardi, albatta.

Paxta terimi avj olgach, daladan kech qaytadigan boʻldim, brigadir va tabelchilardan kundalik hisobot olinadigan majlislarga goho bormay, dadamning yonida uymalanardim, koʻngilni koʻtaradigan shirin soʻzlarni taxlab tashlashga azaldan uquvsizroqligim vajhidan, unga nima deyishni bilmasdim, bir ashtdan, bir dashtdan gapirib oʻtirardim. Bunaqada ammam jonimga ora kirar, eski qiziq voqealarni eslab, dadamni jilmaytirishga urina boshlardi.

Bir gal majlisga bormaganimda, rais odam yuborib, chaqirtirib ketdi. Borishim bilanoq, zahrini sochishga tushdi.

– Men tabelchiman, – deb jirrakilandim. – Vazifam – odamlarning ishiga toʻgʻri haq qoʻyish. Paxtaning oz-koʻpligiga brigadir javob beradi. Bunaqa majlislarga kelmayman endi.

U zamonda brigadir topishdan koʻra, hisob-kitobni joyiga qoʻya oladigan tabelchini topish qiyinroq edi, salga haydab yuborishavermasdi.

Ishda qiyinchilik koʻp boʻlsa ham, brigadadagi muhitning yaxshiligi charchogʻimni sezdirmasdi. Erkagu ayolning barchasi koʻnglida kiri yoʻq, igʻvodan, xusumatdan olis, ancha-munchaga kek saqlayvermaydigan shaldir-shuldur kimsalar edi. Brigadirim Moʻsa aka otasi Oymat qoʻrboshi rahmatliga oʻxshab nihoyatda bosiq, royishli kishi edi. Biror narsadan boʻgʻilsam, kengroq boʻling, har qanday gʻalva oʻtadi-ketadi, sogʻlik ketmasa bas, deb qoʻyardi.

Kunda olomonning ichida yurardim, bu odamlarning eng mayda tashvishu ehtiyojlaridan deyarli toʻliq xabardor edim, ularning tavozedan xoli turmush tarzi menga sekin-asta yuqib borayotgandi. Hayotning bu yangicha boʻlagi har qanday ijodkor uchun qiyosi yoʻq akademiya edi.

 

* * *

Oktyabrning yarimlaridan oʻtib, dadamning ahvoli keskin ogʻirlashdi, hatto bir qoshiqqina ovqat yeyish yoki bir qultumgina suv ichish uchun yostiqdan oʻzicha bosh koʻtarishga ham holi kelmay qoldi.

Brigadir dadamning ahvolidan xabardorligi tufayli, koʻpincha tushdan keyinoq daladan qaytishimga ijozat berardi. Bemordan xabar olishga keladigan qishloq feldsheri, kasalxona doʻxtirlarini kutib-kuzatib, vaqtlari boʻlsa, biror piyola choy ichkizib joʻnatardim.

Akram ukam harbiyda edi, chaqirtiraylik desak, dadam koʻnmasdi. Ukamning kiyimlarini qoziqqa ildirib, suratini tokchaga tikkalatib qoʻygandi, goho ularga bir-bir tikilib, bu zargʻaldoq judayam mungʻaygan bola-da, uni xafa qilmanglar, deb shivirlardi. Nihoyat, 28 oktyabrda, Akramboyni chaqirsakmikan, dedi. Shu kuniyoq tuman harbiy komissariati orqali Turkmanistonga telegramma joʻnatdik.

Dadam, ikki kun oʻtib, 30 oktyabrda vafot etdi. Akram ukam dadamni qabristonga qoʻyib qaytganimizda yetib keldi.

 

* * *

Fotihaga kelib-ketuvchilarga koʻchada qoʻl qovushtirib turishim uch kunginaga choʻzildi. Toʻrtinchi kuni mahallaga osh berganimizdan keyin, brigadirim Moʻsa aka kuragimni siypalab turib, dunyoning ishlari shunaqa, ukam, bitta-bitta boʻlib oʻtaveramiz, qolganlar yana tirikchiligini qilaveradi, deb taskin bergach, meni dalaga yetakladi.

Dalada ishlar behad tigʻiz edi. Ketma-ket terilaverib, paykallardagi hosil haftama-hafta kamaygani sari paxtani bugun kechagidan kam topshirib koʻr-chi, uni qayerdan boʻlmasin topasan, birinchi sinf oʻquvchisi tugul, menga desa, bogʻcha bolalariniyam dalaga hayda, deydiganlarning qamchisidan koʻproq qon tomib borayotgandi.

Ayam yozda dalachilar kiyadigan kitellar, qishda erkaklarning paxtali kamzulini tikib sotib, menikidan ikki-uch baravar koʻp pul topsa-da, roʻzgʻorimizdagi yetishmovchiliklar ortib bormoqda edi. Oʻspirinlik belgilari qiyofasida endigina tepchilanayotgan Avazbek ukam qiyinchiliklarga chidamay, kuzning boshrogʻida, hatto, uydan qochib ham ketdi. Jon hovuchlagancha qidirib-surishtirib yurganimizda, xayriyatki, toʻrt-besh kundan keyin oʻzi uyga qaytdi. Qoʻqonga borib, bir choyxonachiga yugurdaklik qilishni boshlaganida, uchastka militsioneri uni soʻroqqa tutib, qamamasimdan oldin tezda uyingga joʻna, deb quvib solibdi.

Bugʻoltir boʻlib olsam, balki ahvolimiz ancha yaxshilanar, deb umid qilardim. Lekin yangi yilga oʻtib, eski yilning yakunlari hisob-kitob qilinayotgan kunlari rahbarlar bilan oram battardan buzildi-yu, bu umid tugal chippakka chiqdi. Gʻalati bir qoida mavjud boʻlib, yil davomida dalachilarga issiq ovqat pishirib berib turildi deya, har qaysi brigadaga alohida vedomostlar tuzilarkan, kolxozchilar bularni yegani haqida qoʻl qoʻyib berishgach, ularning “otchyot” degan yillik qoʻshimcha mukofotidan maʼlum miqdorda pul chegirib qolinar ekan. Aʼzolar uylaridan navbati bilan qaymoq opkelib shoʻrva pishirishardi, yemagan narsalariga qanday qoʻl qoʻydiraman, deb koʻnmadim. Ana tortishuv, ana mashmasha!

Partkom kotibi mahalladoshim edi. Bir kuni uning onasi ayamning oldiga kirib, oʻgʻlimning aytishicha, bolangiz haddan oshib ketganmish, endi uni bugʻoltirlikkayam olishmaydi, tomorqayam berishmaydi, debdi.

Qishlogʻimizda ikkita kolxoz boʻlib, men ishlayotganim Jdanov nomida edi, unisini “Leninobod” deyishardi (u davrda oʻzbekona atalguchi kolxoz deyarli yoʻq edi). “Leninobod”ga uyimizning ortidagi hovlida yashovchi Mamadali Gʻiyosov rais edi. Ayam uning onasi yoki xotini orqali iltimos qilgan boʻlsa kerak, bir kuni meni koʻchada uchratib, bizning kolxozga oʻtib ishlasangiz-chi, deb qoldi. Darrov rozi boʻldim.

 

* * *

Yangi joyga oʻtishimdan oldin, ayam meni yoniga oʻtirgʻizib, suyanadigan dadang ketdi, endi oilaning otasi sensan, ukalaring izingdan yurishini oʻylab, oʻzingni bosvol; kim nima buyursa, toʻgʻri-notoʻgʻriligini surishtirib oʻtirmay, “xoʻp” deyaver-chi, shundayam koʻkragingdan turtaveradigan battol topilsa, uni Parvardigor oʻzi yoʻlingdan olar, deb ancha nasihat qildi. Koʻpincha boʻladiganidek jerkib emas, sokin tovushda yigʻlamsirab gapirgani uchunmi, soʻzlari koʻnglimga qattiqqina taʼsir qildi.

“Leninobod”da meni Grajdan mudofaasi shtabi boshligʻi lavozimiga tayinlashib, klub mudirliginiyam vaqtincha eplab turasiz, deyishdi. Kunda xil-xil yumush koʻndalang kelaverardi. Partkom kotibi qoʻlimga qizil mato, chizuv qurollarini tutqazar, dam qoʻshni tuman, dam boshqa viloyat yoki qardosh respublikadan kelib, tajriba almashib ketadigan musobaqadoshlarni alqovchi shiorlar yozib berishimni soʻrar; asli kasbimdan xabardor bosh buxgalter baʼzi bir hisob-kitob ishlariga koʻmaklashishimni iltimos qilar; raisimiz oʻtgan besh yillik mobaynida kolxozning davlatga paxta, pilla, don, goʻsht, sut, jun kabi mahsulotlar sotishdagi oʻsishlarini katta-katta oq karton qogʻozlarga suratdor qilib chizib, xonasi devorlariga qoqib qoʻyishimni buyurar edi. Goh konserva zavodiga kolxozning meva-sabzavotini topshirib kelardim, goh omborchiga narsalarini tartibga solishda koʻmaklashardim, goh pilla qurti parvarishini tekshiruvchilar bilan birga uyma-uy yurardim, goh chokidan ketgan stullarni tuzatib berardim, goh paxta terimiga chiqqan qariyalarga vaqtincha brigadir boʻlardim, goh kolxoz aʼzolarini gazeta-jurnallarga obuna qilardim, goh idora xodimlariga ovqat pishirayotgan oshpazning yonida oʻchoqqa oʻt qalab oʻtirardim…

Boshqacha odam boʻlib borayotgandim. Birda ayamning nasihati, birda ogʻir yotgan dadamning aka-ukalar birligini yoʻqotmaslik, oila nufuzini qattiq asrash haqidagi gaplari tez-tez yodimga tushar, xulqimni oʻnglashga astoydilroq intila boshlagan edim.

Oldingidan yaxshiroq pul topayotgan boʻlsam-da, haligacha tomorqa ololmayotganim, boʻsh vaqtimda hovlidagi ishlarga unnamay, yana nimalarnidir yozib-chizaverishim hanuz ayamning asabiga tegardi. Harbiydan qaytgan Akram ukangni uylashimiz kerak, unga joy qani, deyavergach, dadam qurdirgan uyning biqiniga usta Abduqahhor boshchiligida ayvonli imorat solishga kirishdim. Shundayam ora-sira sheʼr yozaverardim. Kolxozimizdagi zafarlarga bagʻishlangan biri gugurtning, biri sigaretning qutisidek keladigan xabar-maqolachalar qatorida goh-goh sheʼrlarim ham koʻrinib qolardi. Bahonada, tuman gazetasidagi barcha xodimlar, jumladan, muharrir Tursunali Azizov bilan ham yaqinroqdan tanishib boraverdim. Gohi gazetada adabiy xodimlik qiluvchi qishloqdoshim Erkin Ibrohimovga, gohi redaktorning oʻziga shu dargohga oʻtib ishlash orzum borligini chikitib turardim. Harbiyda yurganimda, uzoq vaqt sheʼr joʻnatmay qoʻyganimdan taajjublanib, obuna tashviqoti bahonasida uyimizga shoir Miraziz Aʼzamni yuborgan “Gʻuncha” jurnali jamoasi bilan ham eski aloqani tiklab oldim – xatda sheʼrlar yoʻllashni davom ettirdim.

Kolxoz partkomi kotibi Qahhor akaga majlislar protokolini rasmiylashtirib, papkalarga tikib borishda, kommunistlardan aʼzolik badallari yigʻishda, yuqori tashkilotdan kelgan koʻrsatmalar qanday bajarilayotgani yuzasidan hisobotlar tayyorlashda koʻmaklashib turar edim. Shu boisdan u meni bot-bot qistovga olib, baʼzida qoʻlingizdan hatto partiyaning maxfiy hujjatlari oʻtyapti, sizni partiyaga qabul qilmasak boʻlmaydi, deyishga tushar; men esam, biron-bir kommunist xotinini qattiqroq xafa qilib qoʻysa ham, ayamay poʻstagini qoqaveradigan partiyaga aʼzo boʻlishdan choʻchib, ishni paysalga solaverardim. Vaholanki, oʻsha davrda, ayniqsa, ziyolilar, mutaxassis kadrlar orasida partiyaga kirishga urinuvchilarning soni besanoq edi; partiya esa, oʻz safida koʻproq oddiy ishchi-dehqonlar boʻlishini istardi, bundaylar bilan umumiy til topishish oson edi, chamasi.

Temur hazratlari 1370 yili Balhda boʻlgan qurultoyda Turkistonning amiri deb tan olinganidan soʻng, oradan roppa-rosa olti yuz yil oʻtib, 1970 yilda turmushimdagi eng quvonchli, eng esda qolarli voqealardan biri yuz berdi – oʻgʻil koʻrdim, “ota” degan unvon oldim. Eshon bobomizning xotirasini eʼzozlab, birinchi farzandimga Bahrom deb ot qoʻydim.

 

* * *

Bahromboyning qadami qutlugʻ keldi, oʻsha yili xonadonimizga yangi uy qoʻshildi, u tugʻilgan oktyabr oyida kolxozdagilar maoshimni oshirishdi. Yana desangiz, 1971 yilning boshidayoq tumanimizdagi “Paxta uchun” gazetasiga ishga chaqirilib, birinchi fevralda adabiy xodim lavozimiga tayinlandim. Erkin aka oʻrnini menga berib, ishdan boʻshab ketgan boʻlim mudirining joyini egallagandi. Shu davrgacha bosib oʻtgan yoʻlimdagi turli-tuman ishlarni tiqishtirib oʻtirmayin, Tangrim umr bersa, pensiyaga chiqishimda bundan buyongi mehnat faoliyatimning oʻzi yetib ortadi deb, redaksiyada yangitdan “Mehnat daftarchasi” ochtirdim.

Jurnalistikaning “odmi qolipi”ga tushishim oson kechmadi. Shoirchilikda gapning gajagini burab, jumlalarga badiiy qalpoq kiydirib yozishga oʻrganib qolgan ekanman, qaysidir brigada aʼzolari paxta topshirish planini tumanda birinchilar qatorida bajarganligi toʻgʻrisidagi kichkinagina oddiy xabarni ham quyuq ranglarga toʻldirib, falon brigada Alpomishzodalari xalqparvarlikda tengi yoʻq hukumatimizning tabarruk topshirigʻini ohudek ildam qadamlilar safida sharaf bilan doʻndirishga musharraf boʻldilar, kabi jimjimador soʻzlarni qalashtirib tashlardim. Boʻlim mudiri bularni indamay tahrir qilar, agar bitganlarim shundayicha redaktor oʻrinbosarining qoʻliga borib qolsa, jaybillosi qoʻzib, shovqindan xona devorlarining suvogʻi koʻchgudek boʻlardi. Dastlabki chogʻlarda tanbehlarni mensigim kelmay, oʻzlari chiroyli yozisholmaydi, uddalaganni koʻrisholmaydi, deb ranjib yurgan boʻlsam, bora-bora epaqaga kelib, ikki-uch oyda sharoitga deyarli toʻliq moslashdim.

Adabiy xodim degan nomni tuzukroq oqlash uchun oldin gazetaning toʻrtinchi betida “Shanba sahifasi” degan rukn tashkil etib, ustiga oʻzim suratli ramka chizib berdim; sal oʻtib, redaksiya qoshida adabiy toʻgarak ochdim. Toʻgarakda oyiga ikki marta mashgʻulot oʻtkazib turilar, qatnovchilar soni yigirmadan oshib qolgan, ular orasida keyinchalik shoira sifatida keng tanila borib, Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingan Enaxon Siddiqova (Erkaboyeva), Maqsuda Ergashevalar ham bor edi. “Shanba sahifasi”da toʻgarakchilarning sheʼr va hikoyachalariga birinchi navbatda oʻrin berilardi.

Tursunali aka oʻzi ham sheʼr, hajviyalar yozib turardi. Men gohida ruslarning “Krokodil” jurnalidan hajviyalar tarjima qilib, “Shanba sahifasi”da bersam, qalamingiz bor, shunaqa narsalarni oʻzingiz toʻqiyolmaysizmi, derdi. Ilgariyam hajviya janrida salgina mashq qilib yurardim, astoydilroq qoʻl urdim. Baʼzan Tursunali aka biror mavzuni shama qilib qolsa (keyinchalik, hatto, shama qilmasa ham), hajviya yozib, koʻpincha ikkalamizning nomimizdan bosardim.

Bir yildan soʻng meni qishloq xoʻjalik boʻlimi mudirligiga tayinlashgan boʻlsa-da, “Shanba sahifasi”ni chiqarish baribir zimmamda qolaverdi. Matbuot boshqarmasidagi tanqidlardan keyin, muharrirning aytganini qilib, dastlabki davrlarda asosan zamonani, mehnat qahramonlarini ulugʻlovchi sheʼrlarni berib bordik, tepadagilar qaytib injiqlik qilishmagach, goh-goh “oʻtkirroq”larini ham qoʻsha boshladik.

U davrda ommaviy axborot vositalari ustidan davlatning qatʼiy nazorati oʻrnatilgan, nashriyotlardagi kitoblar, respublika, viloyat gazetalari, teleradio materiallari oldin senzuradan oʻtkazilib, soʻng ommaga tarqatilardi. Tuman gazetalarini esa, nazoratchi kadrlar soni kamroq boʻlsa kerak, chiqib boʻlganidan keyin, bir oyligini toʻpicha tekshirib, eʼtirozlar tugʻilsa, redaktorga maʼlum qilib turishar, kattaroq xatoga yoʻl qoʻyganlarni partiyadan oʻchirib, ishdan haydashgacha borib yetishardi.

Bir galgi jumada, ishlar tugagach, Tursunali aka meni xonasiga chaqirib, buni birovga koʻrsatish mumkin boʻlmasa ham, sizga ishonib beryapman, uyga olib ketib, shanba-bozor ichi yaxshilab oʻqib chiqing, unda yozilganlarni boshqalarga gapirib yurmang, deya qoʻlimga yupqagina kitobchani tutqazdi. Bu – gazeta ishida nimalarga alohida eʼtibor berish lozimligi haqida senzurachilar tomonidan tayyorlangan qoʻllanma ekan. Oʻqib koʻrdim: falon-falon yoʻnalishdagi zavod-fabrikalar haqida umuman ogʻiz ochmaslik kerak; falon-falon korxonalar ishini yoritsa boʻladi-yu, rejalar oshirib bajarilayotganini maqtash bilan cheklanib, qanday turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilayotgani aytilmasin; dalaga samolyotlarda kimyoviy dori sochilayotganini yozish mumkin, samolyotlarning umumiy miqdorini koʻrsatish, hatto falon joydagi eskadrilyaga qarashli deyish mumkin emas; askarlarni maqtashga ijozat bor, ular qay hududda joylashgan qism ixtiyorida ekanini maʼlum qilishga ruxsat yoʻq va hokazo, hokazo.

Muharrirning niyati nimaligini dushanba kuni kitobchani qaytarib berganimdan keyin bildim.

– Koʻrib yuribsiz, ora-sira bir-ikki kun davolanib turishimga toʻgʻri kelyapti, – dedi u. – Oʻrinbosarim andak masʼuliyatsizroq odam. Bundan keyin yoʻqligimda sahifalarni oʻzingiz oʻqib, bosishga oʻzingiz ruxsat berasiz. Manavi oʻqigan kitobchangizda nimaiki taqiqlangan boʻlsa, boshqalarga tushuntirib oʻtirmay, maqolalardan indamasdan oʻchirib tashlayverasiz.

Muharrir oʻrinbosarining koʻngli nozikligini eslab, men turganda, sahifaga nega bu bola qoʻl qoʻyarkan, deb Yoqub aka xafa boʻlmasmikin, desam, bir koʻzingiz ojizligini oʻylab, sizni xatga koʻp tikiltirib qiynagimiz kelmayapti, deyman-da, deb kuldi muharrir. Shundan keyin muharrir ishga chiqolmagan kunlari sahifalarni oʻqib, bosishga men ruxsat beradigan boʻldim. Bunday eʼtibor, bunday ishonchlardan juda quvonardim, oʻzimni bosishga qancha urinmayin, sekin-sekin havolanib ham borayotgandim.

Orzulay-orzulay, zoʻrgʻa topgan ishimni kelgusida bexavotir davom ettirish uchun Toshkentdagi universitetning jurnalistika fakultetiga sirtdan boʻlsayam oʻqishga kirishim zarur edi. Yoʻqsa, qachondir diplomli jurnalistlar koʻpayib, menga oʻxshagan “malakasiz”lar tabiiy ravishda surib chiqariladi. Shuni mulohazalab, 1972 yilning yozida Toshkentga bordim. Surishtirib bilsam, sirtqi fakultetga hujjat topshiruvchilar kamida ikki yil biron redaksiyada ishlagan boʻlishi shart ekan. Orzuni keyinroqqa surishga toʻgʻri keldi. Imkon tugʻilganidan foydalanib, menga gʻoyibona ustozlik qilib yurgan Miraziz Aʼzam bilan uchrashish niyatida “Gʻuncha” jurnaliga kirdim, oʻzimni tanitganimdan keyin, sizni koʻradigan kun ham bor ekan-ku, deb iliq soʻrasha ketdilar. Bir papka sheʼrlar olib borgan edim, ikki-uchtasini tanlab olishdi.

Miraziz aka bu paytda komsomol-yoshlarning “Yosh gvardiya” nashriyotiga oʻtib ishlayotgan ekan, izlab borib, u bilan umrimda birinchi bor yuz koʻrishdim. Ishdan soʻng uyiga olib ketdi, papkamdagi sheʼrlarni birma-bir koʻzdan kechirib, tuzukkina toʻplam boʻlibdi, menga qolsa, shu yiliyoq bosmaxonaga tushirtirardim, lekin bizda ishlab chiqarish rejasi bir yil oldin tuziladi, yetmish uchinchi yilniki allaqachon tasdiqlab boʻlingan, bu sheʼrlaringizni yetmish toʻrtinchi yil rejasiga kiritib, kitob qilamiz, dedi.

Men hali iltimos qilib ulgurmasimdan aytilgan bu gapdan soʻng hushimdan ketib yiqilishimga oz qoldi. Nima deyishni bilolmayotgandim. Miraziz aka buni tushunib, oʻzining samimiy chehrasiga yarashiqli chiroyli tabassum bilan menga zimdan muloyim boqib turardi.

– Endi “Obidjonov”likdan qutuling, – dedi Miraziz aka. – Kitobga nima deb yozaylik? Anvar Obid debmi, Anvar Obidjon debmi?

– Bilmadim, – dedim hanuz hushimni yigʻolmay. – Siz nima desangiz, shu…

Miraziz aka bilan goh xat yozishib, goh telefonlashib turdim. Uning maslahatiga koʻra, 1973 yili yana Toshkentga borib, toʻplamni yangi yozgan sheʼrlarim, baxillar futbol jamoasi, sotqin baroq haqidagi ertaklar bilan toʻldirdim. Bu gal ham ustozning xonadonida tunab, onasi Xatira oyining suhbatini oldim, Siddiqa kelin opamiz pishirgan moshkichirini oʻgʻillari Mirsodiq, Mirvosil, Mirahmadlar bilan talashgudek boʻlib tanovul qildim.

Ertasi kuni hayit edi. Miraziz aka meni barvaqt uygʻotdi, qoʻlimga joynamoz tutqazib, Hastimom machitiga boshlab bordi. Namoz oʻqishni bilmasam-da, hamma egilganda egilib, tiklanganda tiklanib turaverdim. Ortga qaytayotganimizda, kommunist odam boʻlsangiz, birortasi boshliqlaringizga aytib qoʻysa, gap tegmaydimi, desam, qandaydir aygʻoqchidan qoʻrqsam-u, Xudodan qoʻrqmasam, shu toʻgʻri boʻladimi, deb kulimsiradi Miraziz aka. Eʼtiqodni koʻring! Yurakning butunligini qarang!

Oʻsha yili universitetning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirib oldim. Sal keyinroq partiyaga oʻtdim.

Toshkent qishloq xoʻjalik institutini tugatgach, endi tuman qishloq xoʻjaligi boshqarmasida bosh agronom boʻlib ishlayotgan Abdusalom oshnamning eskidan eski “Gazik” mashinasida kechqurun dalama-dala kezib, suvchilar ishini tekshirib yursak, oq “Volga” qorongʻilikdan chiqib kelib, oldimizda toʻxtadi, undan tushgan tuman partiya qoʻmitasining birinchi kotibi Zokirov meni koʻrib, e qoyil, muxbir degani sizga oʻxshab kechani kecha demay ishlasa-da, deb maqtay ketdi. Jurnalistlikka kirib olganimniyam eshitgan ekan, qoʻlimni siqib tabrikladi. Keyin, sizdaqalar partiya safida boʻlishi shart, indiniga byuro oʻtkazamiz, redaktoringizga ayting, tezda hujjatlaringizni tayyorlasin, dedi. Ikki kundan soʻng kompartiya aʼzoligiga nomzod etib qabul qilindim.

Oʻsha palladan turib qaralsa, 1974 yil men uchun juda “serhosil” boʻldi. Nihoyat, kitobim ham chiqdi. Uni kech kuzda, viloyat partiya qoʻmitasi qoshidagi malaka oshirish kursi tinglovchilari bilan birga Margʻilondagi “Atlas” firmasini tomosha qilishga borib, orada kitob magaziniga kirganimda, birinchi marta qoʻlimda ushlab koʻrdim; borini sotib olib, bir qismini sheriklarimga tarqatdim, bir qismini uyga olib ketdim.

Ishga qaytgan kunimoq redaksiyadagilar kitobni yuvishdi. Oʻshanda oʻn ikki mingdan ziyod nusxada chiquvchi “Paxta uchun” gazetasida tuman miqyosidagi bu katta yangilik baralla ovoza qilindi.

Shunday “hayov-hayov”lardan keyin ham oʻzimni kamtarroq tutib, katta-kichikning xizmatiga doim shay turishga, ijrochi va itoatkor boʻlib koʻrinishga urinaverdim. Oldingidan farqi, endi ruhim balandlashib, kimdir zugʻum qilib qolishidan bezillash tuygʻusi koʻnglimdan butkul gʻoyib boʻlgan, qaysidir zoʻravon meni bu tumanga sigʻdirmasligi mumkinligidan qoʻrqadigan joyim qolmagandek edi. Sigʻdirishmasa, boshqa joyga ketib ham, bundan yaxshiroq kun koʻra olaman, deb oʻylardim.

 

* * *

Kitobim chiqqach, shoirlikka kuchliroq berildim. Hanuz bolalar va kattalar uchun aralash-quralash yozardim. Hajviy hikoyalarga qoʻlim ancha kelib qolganidan chuchcham koʻtarilib, nasrga ham kengroq koʻlamda qoʻl ura boshladim. Kulgiliroq bir qissa yozib koʻrdim, koʻnglimga oʻtirmadi. Uni chetga surib (bu asarchaga keyin ham qaytib qoʻl urmadim, undagi baʼzi epizodlardan boshqa qissalarimda foydalandim), “Uyqudagi qotil” degan detektiv qissa yozdim. Maslahat olish uchun muharririmizga bersam, oʻqib koʻrib, tantiligi qoʻzidi-yu, gazetamizda sonma-son bera boshladi (bu ham gazetada chiqqanicha qolib ketdi, birorta kitobimga kiritmadim). Keyin dilimda Alamazon ismli sharttaki bola haqidagi quvnoq qissa gʻoyasi tugʻildi. Ayrim parchalarni oʻsha mahallardayoq qoralamalab qoʻygan esam-da, yozishni boshlayolmay, miyamda pishitib yuraverdim.

Birinchi kitobim birorta tanqidchining nazariga tushmagan boʻlsa ham, baribir, asosan bolalar uchun yozaverishim kerak, Miraziz aka aytganidek, shu janrda nazarga tushish imkoniyatim koʻproq, deb oʻzimga yoʻl koʻrsatardim. Qoʻlim boʻshadi deguncha, toʻshakka choʻzilib yozaverardim.

Bolalarga atalgan yaxshi kitoblar kamligi, oʻzbek bolalar adabiyoti Ittifoq darajasidan ancha orqadaligi, milliy adiblarimizning kichkintoylarga atalgan asarlari orasida Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sehrli qalpoqcha”sigina keng shuhrat qozona olganini munaqqidlar koʻp taʼkidlashardi. Bolalar shoirlari ichida Miraziz Aʼzam yangicha ovozi bilan ajralib borayotganini goho andak shamalab, Quddus Muhammadiy, Poʻlat Moʻminlarning bolalarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlarini tez-tez doʻmbiralab turishardi. Bu janrda ichingni qaynatadigan kitob yoʻq hisobi edi. Asosan kattalar adabiyotini oʻqirdim.

Navoiyga tishim oʻtavermas, Mashrab, Furqat, Muqimiy, Ogahiy, Mahtumquli, Boburlarni koʻp mutolaa qilardim, oʻzbekchaga oʻgirilgan shoirlardan Yesenin, Geyne, Byorns nazmini behad xush koʻrardim. Oʻzimizning zamonaviy shoirlarimizga kelsak, “Kommunistlar gullatmish bu ozod Osiyoni”, “Osmondagi yulduzni sanab yetoman dema, Hamrohingman yoningda, tashlab ketoman dema”, “Bizlarga ustoz dono partiya, Erksevar xalqning suyangan togʻi”, “Osmondagi oyga qarang, Koʻrinadi koʻzga arang. Toʻyingizga oʻzim borib, Oʻynab beray qilmay tarang”, “Jon Moskvam – poytaxtim, salom senga Xorazmdan”, “Ey, ulugʻ partiya, ming yasha, yasha” kabi sheʼrlari qoʻshiqqa aylanib ketgan nomi ulugʻ unsurlarni chetlab oʻtardim, adabiyot otbozoriga urinib-surinib bosh suqayotgan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Rauf Parfi kabi “boshqachalar”ning kitoblarini qidirib topib, qaʼriga shoʻngʻirdim. Bunaqa paytda, qalamim yana oʻz-oʻzidan kattalar sheʼriyati tomon burilaverardi. “Boshqacha” shoirlarning baʼzi satrlari tagiga yashiringan gʻalayonlarni koʻpincha ayrim zukko sheʼrxonlardan eshitibgina anglab yetardim, sheʼriyatdan yangicha olam kashf etayotgandim.

Kattalar sheʼriyatida kun koʻrish murakkabroqdek tuyular, bu “oʻrmon”dagi son-sanoqsiz, turli-tuman “daraxt”lar orasidan boʻy choʻzib chiqish, koʻzga tashlanish mushkuldan mushkulligini anglab olish kishidan katta aql talab qilmasdi. Koʻnglim esa, aqlimga quloq solavermasdi, qalamimni hadeb kattalar sheʼriyatiga yetaklayverardi. Kattalar adabiyotida torgina joy egallay olish uchun kerakli omillar yetarlidek edi – taqdir taqozosi bilan, hayotning koʻp ogʻirliklarini koʻrdim, koʻryapman; oddiy kishilarning eng mitti dardlarigacha menga bolamdek tanish; millat degani nima ekanini, “erk” soʻzining salmogʻi “mol-davlat”, “obroʻ-martaba”, “shon”, hatto “jon”nikidan ming-ming baravar ortiqligini Toshkentdagi ziyolilar gurunglarida chuqurgina his etib ulgurdim…

Ha, Vatan erki, milliy gʻurur borasidagi tushunchalarning menga shu damgacha notanishroq boʻlgan urugʻlari koʻnglimga endi qalingina sepilib, ular tobora gurkirab unayotgan edi. Bularning hammasi “Mushtum” jurnalida bosmachilarni mazaxlovchi uch-toʻrtta latifachalarim eʼlon qilinishidan boshlandi. Miraziz Aʼzam bularni oʻqigan ekan, bir gal Toshkentga borganimda oldiga oʻtirgizib olib, bosmachilarning nimasini yomon koʻrasiz, deb oʻqraydi. Bu – ustozning menga birinchi marta qoʻrs muomala qilishi edi, dovdirab qoldim.

– “Bosmachi” degan haqoratli nomni qizil bolsheviklar ataylab toʻqib chiqargan, – deb kuykandi u. – Aslida, ular yurtimizni kelgindilarga bermaymiz, oʻzbekni quldorlarga qaram qilib qoʻymaymiz, deb jonini ayamay kurashgan botirlar, millatimizning eng oriyatli kishilari.

Miraziz aka, shu tariqa, meni ezaverdi, ezaverdi, qaniydi, birdaniga yer yorilsa-yu, oyogʻim osmondan boʻlganicha tubiga agʻanab tushsam. Yuragim uvushib borayotgandi. Bunaqa ishni sotqinlar qiladi, devordi-ya ustoz, endi aloqani chirt uzib, betimga butkul qaramay qoʻysa-chi?

Keyinroq Oʻktam akaning uyida Miraziz aka, Mahkam Mahmudov, Tohir Malik singari adiblar ishtirokidagi oshxoʻrlikda ham millat gʻururi, milliy oriyat mavzusi davom ettirildi. Biri gruzinlar oʻz yurtidagi “katta ogʻa”larni umuman mensimasligi, ularni asosan “qora ish”larga yollashidan soʻzlasa, boshqasi Boltiqboʻyi respublikalaridagi yerli aholi sovet hukumatini haliyam ochiqchasiga “okkupant” deyishdan qoʻrqmasligini hayratlanib hikoya qilardi.

Damo-dam oʻylanib qolardim. Agar ruslar ketib, bizni baribir kattaroq bir davlat bosib oladigan boʻlsa, nima oʻzgaradi? Ulardan qaysi biri insofliroq? Yo u, yo bu zoʻravonning oyogʻi ostida yashashga mahkum esak, qay biri “oʻzimizbop”roq boʻlsaykin?

Bularga javob topolmasdim. Faqat, mutoyibasimon bir oʻy boshimda lip etib yonib-oʻchardi – hartugur, oʻrischa gaplashishni bilaman…

Shu tariqa, bir qator sheʼrlarimda isyonkorlik, erksevarlik, millatparvarlik uchqunlari yalligʻlanib, alangaga aylanib boraverdi. Ulardan ayrimlari markaziy nashrlarda ham koʻrina boshladi. Bosh muharrir Asqad Muxtorning muruvvati bilan, oʻshanda kioskalardan sotib olish tugul, miqdori cheklab qoʻyilgani tufayli hatto obuna boʻlish mushkul hisoblanmish dovruqli “Guliston” jurnalida bosilgan “Martin Iden” sarlavhali sheʼrim koʻpchilikning eʼtiborini tortdi, birinchi oʻrinda Miraziz aka meni telefon orqali tabriklab, astoydil maqtaganidan boshim osmonga yetdi.

Kattalarga atalgan sheʼrlarimning talayi sevgi mavzusida edi. Bularda nimadir yetishmayotganga oʻxshayverardi. Oʻylab-oʻylab koʻrsam, meni maktablarda, qisman texnikum va harbiyda kuydirib yurgan nozaninlarim endi yoʻq; goh tomorqada bodring chopayotgan, goh bukchayib kir yuvayotgan, goh daladan yulib kelgan oʻtlarini hansirab oftobga yoyayotgan, goh molga terit qorayotgan, salga jizzakilanuvchi, yangiroq roʻmoli yoʻqligini ham fojiaga aylantiruvchi xotiningga tikilib esa, kesatibmi, hazillashibmi, achinibmi uch-toʻrtta sheʼr yozish mumkindir, ammo u haqda ichikib-ichikib xayol surolmaysan, tinimsiz oʻrtanolmaysan, yoniqib toʻlgʻanolmaysan.

Ha, allaqachon payqab ulgurganingizdek, yuragimni betoʻxtov jazillatib turuvchi bitta xushbichimroq, oʻjarroq “sevikli yor” kamlik qilayotgandi menga. Bunaqasi hadeganda oldimdan chiqavermadi. Duch kelavermagach, kamtarlikka oʻtib, uni oʻzim qidirishga tushdim. Bosmaxonamizda boshi ochiq qizlar koʻp edi, yaqinroqda boʻla qolsin deb, “obʼyekt”ni shularning orasidan izlab yurganimda, birdan redaksiyamizning oʻzida ishlovchi sanoqli qizlardan biri lop etib sahnaga chiqdi. Bir kuni u pismayib turib, xotiningizni yaxshi koʻrasizmi, deb savol berdi.

– Koʻrmay-tanimay uylanganman-u, baribir yomonmas, – dedim.

Qizi tushmagur yana soʻroqqa tutdi:

– Sheʼr oʻqishni yoqtiradimi?

– Sheʼrni gapirasiz-a, – deb kuldim men. – Oʻzining otini zoʻrgʻa xatosiz yoza oladi boyoqish.

– Men sheʼriyatni juda yaxshi koʻraman, – dedi qiz. – Daftarlaringizni berib turolmaysizmi? Bosilmagan sheʼrlaringizni shunaqayam oʻqigim keladiki!

Ana-a, bor ekan-ku! Tuyqusdan qoʻlga tushdi shoʻring qurgʻur! Qidirib topishimni kutmasdan, meni yalintirib-netmasdan, oʻzi changalimga qoʻnib oʻtiribdi-ya! He, sabrsiz! He, lodon! Nima boʻlgandayam, endi mendan qutulib boʻpsan! Shu paytning oʻzidayoq senga dabdabali nom berganim boʻlsin – “Sevgilim”! Gap tamom!

Ishni paysalga solmadim, keyingi yillarda toʻldirilgan sheʼriy daftarlarimdan birini ertasigayoq olib kelib, Sevgilimning qoʻliga tutqazdim. Daftarni uch-toʻrt kun oʻtib qaytargach, tushlikdan soʻng hovlidagi fontanchali hovuzcha yoqasiga qoʻyilgan bogʻkursida oʻtirib, olgan taassurotlarini oʻrtoqlashdik. Satrlarimdan anchaginasini, baʼzi sheʼrlarimni toʻligʻicha yodaki aytganidan bir quvonsam, bular allaqachon kitob boʻlishi kerak edi, zoʻr kitob boʻladi, deganidan ikki quvondim. Keyin asta-sekin “intim” gaplarga oʻtdik, men turmushdagi bir xilliklardan juda zerikib borayotganimni aytdim, u esa, bu oldi-yuldi hayotda kunlari mazmunsiz kechayotgani, uyidagilar oila qurishga qancha qistashmasin, loaqal salgina didliroq yigitni uchratolmayotganidan nolidi.

Ana endi sheʼr yozishmi! Semiz-semiz “umumdaftar”larni baʼzan ikki oy oʻtib-oʻtmay toʻldirib tashlayman, ichimdagi ilhom parisining qitiqqoʻzar dugonasiga aylanayotgan Sevgilim ularni bir boshdan olib oʻqiyveradi, meni maqtayveradi, oʻzining qiyofasi, qiliqlari boʻrtib turuvchi sheʼrlardan gap ochib, bular kimga atalgan, deya sirli jilmayadi. Ishdan qaytgach, tunlari tanamda huzurli titroq oʻrmalab oʻylayman: hozir Sevgilim sheʼrlarimni yonib-yonib oʻqiyotgandir, oʻziga ochiq shama qilingan joylari uchrasa, balki yuragi oqishni boshlagandir. Yigʻlayotgan boʻlsa, yanayam yaxshi…

Tuman gazetasidagi salkam yetti yillik faoliyatim davrida shoirchiligimda keskin oʻzgarishlar kuzatilayotgan esa-da, oilamizdagi ahvol haliyam oʻsha-oʻsha edi. Ayam tikuv mashinasini tunu kun gʻaldiratib, chevarchilikdan pul topishda davom etar, bu tushum yoniga mening va harbiydan soʻng oʻrta maʼlumoti bilan maktabda jismoniy tarbiyadan dars berayotgan Akram ukamning maoshi, askarlikdan qaytiboq chetga sabzavot olib chiqib sotishni oʻrgangan Tohir ukamning orttirgani qoʻshilib ham, tirikchiligimiz baribir yaxshi tomonga oʻzgarmayotgandi. Ayniqsa, Akram ukamni uylantirishdagi xarajatlar endigina tiklanayotgan tirikchiligimiz qoʻrgʻonchasini qaytadan nuratgandek edi.

Bahromning yoniga endi Bahodir va Bobur oʻgʻillarim kelib qoʻshilgan, Akram ukamda ham birin-ketin farzandlar paydo boʻlayotgan bu tiqin-toʻpalon xonadonning burchak-burchaklariga biqinib boʻlsa-da ijod qilishdan koʻra, kamxarj roʻzgʻorda qalashib yotgan ikir-chikirlarga hadeb qoqinaverish meni koʻproq toliqtirayotgandi.

 

* * *

Leonid Brejnev yigirma yilda kommunizm qurishni vaʼda qilgan xomxayol Nikita Xurushchyovdan hokimiyatni yulib olib, kommunistik gʻoyani butun dunyo ishchi-dehqonlari koʻngliga chuqurroq singdirishga berilib ketgan davrlarda partiyaga haqiqiy aʼzolikka oʻtib, “ishonchli zotlar” safiga suqulib ulgurgan men shildirvoqini Sevgilim bilan boʻlgan munosabatlarning bir kunmas bir kuni qaltis nuqtaga yetuvimi, yoki tumandagi ayrim axloqi notoʻkis “grajdanka”lar bilan goho pana-panada shivirlashib turishimmi tugalay badnom qilishi mumkindek tuyular, buni oʻylasam, yuragim notinch tepardi. Xayriyatki, ishdan ketishimga tamoman boʻlak narsa, obroʻyimga qattiq raxna solmaydigan boshqa bir voqea sababchi boʻldi.

Bungacha muharrirning menga boʻlgan munosabati har doimgidek iliqqina edi. Oʻzbekiston militsiyasi tashkil topganining qirq yilligi sharafiga 1975 yili oʻtkazilgan respublika konkursida pul ishlab olish umidi bilan ataylab yozgan “Militsiya soldatlari oʻlmaydilar” degan dostonim Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib”, Eʼtibor Oxunovaning qandaydir asaridan soʻng uchinchi oʻrinni olganidan quvonib, meni hammaga maqtab yurgandi. Dostonni gazetadayam bosgandi.

Muharrir gapimni iloji boricha yerda qoldirmasdi. Yoshlar nomidan qilgan iltimosim bilan bizga avval stol tennisi, soʻng billiard stoli olib berdi. Qishda ham oʻynashimiz uchun alohida sport zalchasi qurdirdi. Goh Shohimardon, goh Arslonbob, goh Yigitpirimga sayohat uyushtirilsa, gʻaznachilikni bitta menga ishonardi. Toʻngʻich oʻgʻlini jurnalistlikka oʻqishga kiritishda yana mehribonligi tutib, orada sheʼrlaringizni redaksiyalarga tarqatib kelarsiz, deya meni Toshkentga ergashtirib ketdi. Koʻpincha yigʻinlarga meni yo birga olib borardi, yo mashinasida oʻzimni yuborardi. Baʼzan sogʻligimdan tashvishlanib, ish ketaveradi, kurortgami, sanatoriyagami borib dam olishni oʻrganing, deb qistar, shu turtki bois bir gal Bologoyedagi turistik bazaga yoʻllanma olib, bahonada harbiyda orttirgan eski qadrdonlarimni yoʻqlab kelgandim.

Qisqasi, muharrir menga ayovli munosabatda edi, u bilan aka-ukadek boʻlib borayotgandik. Keyin… oramiz birdan buzildi…

Shafoat ammamizning oʻgʻli Mashrab timsohsimon Rossiyaning dumi boʻlmish Kamchatkaga tez-tez qatnab turar, u yerdagi bazalarga joʻnatiluvchi meva-sabzavotni Fargʻona tayyorlov idorasi vakili sifatida topshirib qaytardi. Vagonlardagi davlat yuklari orasiga oʻzinikini ham ozgina tiqishtirib, ularni “bozor ucharlari”ga qimmat narxda koʻtarasicha berib yuborishdan, bazadagilar bilan kelishib, topshirilayotgan mahsulotning bir qismini iridi-chiridiga chiqarib yuborishdan katta pul ishlab olar edi. 1976 yilning kuzida bir oylik taʼtilga chiqqan kunlarim u uyimizda mehmon boʻlib oʻtirib, ishga qaytguningcha men bilan Kamchatkaga borib kelsang-chi, vagondagi yuklarni kuzatib boruvchi qilib rasmiylashtirsam, bir yoqdan – yaxshigina haq toʻlashadi, ikkinchi yoqdan – koʻrgan foydamizdan ulush olasan, deb qoldi. Suyunganimcha koʻndim.

Koʻnibman-u, bu ishlar qanchaga choʻzilishini surishtirib koʻrmabman. Vagonlarga bir hafta piyoz urdik, joʻnatdik. Oʻzimiz oʻn kundan keyingina uchoqqa oʻtirib, Vladivostok shahriga borib qoʻndik. Borsak, vagonlarimiz endigina yetib kelgan ekan, piyozlar portga tushirilib, yuk kemasiga joylangach, toʻrt kun dengizda suzib, Kamchatkaga yoʻl oldik. Piyozlarni u yerdagi bazaga topshirishga ham oʻn kuncha vaqt ketdi.

Harbiydagi Avaz ukam Vladivostok shahridan olisroqdagi Olga degan buxtada xizmat qilardi, uni yoʻqlab borib, komandirlari bilan birgalikda uch kun aysh-ishratga berildik. Shu asno, salkam ikki oyda ishxonamga kirib keldim.

Kirib borsam, muharrirning qovogʻidan qor yoqqan, oʻrinbosari shovqin koʻtargan, xodimlarning soʻrashib-koʻrishishida ham qandaydir noqulaylik. Juda uzoqda edim, ahvolni telefonda tushuntirishga, taʼtilimni oʻz hisobimda choʻzib turinglar deyishga imkonim boʻlmadi, degan gaplarimni rahbariyat hatto eshitgisi kelmayotgandi. Meni allaqachon boʻlim mudirligidan bir xona pastlatishgan ekan. Ertasiga muharrirning oldiga sokin kayfiyatda kirib borib, oʻz xohishim bilan ishdan boʻshatishlarini soʻrab yozgan arizamni qoʻliga tutqazdim. Uning birdan avzoyi buzildi, e, qanaqa odamsiz, shunga shunchami, deb arizamni yirtib tashladi.

– Chiqing, ishlang! – deb poʻpisaladi u. – Toqat qipturing-chi, amal kerak boʻlsa, yana qaytarib berarmiz!

Xonadan chiqib, arizani boshqatdan yozdim-da, uni bu gal oʻrinbosarga topshirib, gap bitta, endi bu yerda ishlamayman, dedim. Bu narsani men emas, muharrir hal qiladi, deya u meni oʻtirgan joyida sovuq kuzatib qoldi.

Shu tariqa, 1976 yilning noyabrida ishsiz qoldim. Ayamga yolgʻon gapirdim, ishdan oʻzim arazlab boʻshadim, desam qattiq jahli chiqishidan choʻchib, meni haydashdi, dedim. Tergamadi. Rahmi keldi.

Ishdan xoʻrlanib haydalganimga oʻsha kunlari, negadir, oʻzimni ham ishontirgim kelaverdi. Bundan qancha gʻazablansam, kuchimga shuncha kuch qoʻshilayotgandek, qadrimga yetmaganlarga tezroq oʻzimni koʻrsatib qoʻyishga boʻlgan ishtiyoqim toshqinlanib, turmushning qandaydir yangicha pogʻonasiga boʻlgan intiluvim oshayotgandek edi. Bu gʻalati holat sababini oradan necha yillar oʻtib angladim. Oʻshanda shunday qilishim zarurati tugʻilgan ekan: Toshkentga borib ijodimga kengroq yoʻl ochishni tez-tez orzulab tursam-da, ayamni bunga koʻndirishim amrimahol ekanini bilib, zoʻrgʻa chidab yashayotgandim, endi kutilmaganda qulay vaziyat tugʻildi, bundan foydalanib qolish uchun voqeani uydagilarga boʻrttirib koʻrsatishim kerak, toki bosh olib ketishdan boshqa ilojim qolmaganiga iqror boʻlishsin. Bu qishloqdan shunaqa qilib qochmasam, qutulishning boshqa yoʻli yoʻq. Ketmasam, bu barakasiz muhitda oʻlgunchayam ovim yurishmaydi, “ov”ning eng gavjum joyiga borish uchun esa “aslahalar”im yetarli. Ana, Miraziz Aʼzam oxirgi daftarlarimdagi sheʼrlarni oʻqib koʻrib, agar ixtiyor menda boʻlsa, bolalarga atalganlarini hoziroq kitob qilib chiqarardim, bular tamoman yangicha narsalar, deb turibdi. “Guliston”dagi, “Gʻuncha”dagi, “Mushtum”dagi tanishlar ham jon kuydirib, imkon boʻlsa, poytaxtga keling, qishloqda yurib nazarga tushish qiyin, deyishgani deyishgan.

Xullas, Toshkentga ketishga koʻpdan bahona izlab yurardim. Mana, nihoyat katta bahona topildi…

Oʻzingni nohaqlikka uchragan mushtiparga solgin-da, poytaxtga gʻizilla. Dangal joʻnayversang-chi, landavur!

 

* * *

Keyinchalik “Yaltiroq tugma” asarimda bitganimdek, barcha aqli raso sarkardalar kabi zabtkorlikni bugʻdoy oʻrimida boshlamay, Qoʻqonni qahratonda qamal qilgan Buxoro amiri Nasrulloga oʻxshab, yurish qilishga turup pishigʻida kirishdim. Kamchatka safari chogʻida, Mashrab oshnamning maslahati bilan, biz tomonda kamyob boʻlgan baxmal matodan ikki toʻpini pochta orqali uyga joʻnatgandim, shundan qolgan foydaning oʻzi ayamni qoniqtirgani uchun, topgan moʻmayroq pulimning koʻprogʻini oʻzimda olib qolgandim, shu mablagʻning hovuri bilan poytaxtga tetik kayfiyatda keldim.

Biron ishga kirish uchun eng avvalo pasportimni Toshkentga qoʻnimdor (propiska) qilishim shart edi. Masalaning eng qiyini shu boʻlib, u zamonda oʻzbeklarning viloyatlardan, ayniqsa qishloqlardan “qochib kelib”, huzirijon poytaxtda tirbandlanishining barcha yoʻllari toʻsib tashlangan, bu masalada faqat ikki toifaga katta imtiyoz bor edi: biri – chetdan ishga chaqirib olingan kerakli mutaxassislar, ikkinchisi – Rossiyada xutor sistemasini tugatishga qaratilgan hukumat qaroridan soʻng, rus qishloqlaridan toʻp-toʻpicha oqib kelayotgan sariqsochlar. Shu “qaltis masala”ning ketidan bir oycha yugurdik, baʼzi amaldorlarni oʻrtaga soldik, pora taklif qildik, baribir ishimiz bitmadi. Oxiri Oʻktam akaning Toshkent viloyatiga qarashli Yangibozor shaharchasida yashovchi oshpaz tanishi Toʻxtasin akaning xonadoniga bir amallab qoʻnimdor qilindim.

Soʻng ish qidirishlar boshlandi. Endilikda Gʻafur Gʻulom nashriyotida muharrirlik qilayotgan Miraziz aka oldin oʻzi ishlagan “Yosh gvardiya” nashriyotidan menga biror kovakcha topilishiga amindek edi. Lekin, bosh muharrirga uchrab, sizlarda korrektorlik lavozimida bitta boʻsh oʻrin bor ekan, shu nashriyotda kitobi chiqqan bir yigitni oʻsha joyga olsalaring-chi, desa, bizga shoir emas, malakali korrektor kerak, deb javob qilibdi. Direktorga kirsa, oʻzi nashriyotimizning qorovuligacha shoir boʻlib yotibdi, deya qoʻlini siltabdi. Goh Miraziz akaga, goh Oʻktam akaga, goh Mahkam Mahmudovga ergashib men bosh suqmagan nashriyot, gazeta-jurnal qolmadi. Hamma joyda ikki xil javobdan biri: “He, attang, pasport propiskasi Toshkent viloyatida ekan, Toshkent shahrida yashovchilargina ishga olinsin degan koʻrsatma bor”, yoki “Hozircha boʻsh oʻrin yoʻq!”

Bir kuni Miraziz aka meni Yozuvchilar uyushmasiga boshlab borib, bolalar adabiyotining yoʻgʻonbilak yugandoriga aylanib turgan Poʻlat Moʻminga yoʻliqtirdi, oldin taʼrifimni keltirib, soʻng ishga joylashishimga koʻmaklashishini soʻradi. Oʻta dabdabali tarzda dastxat bitilgan kitobchamni olayotib, bir oʻylab koʻrarmiz, dedi-yu, oʻylab yurishi juda uzoqqa choʻzildi. Balki, meni qaytib eslamagandir ham. Shoirlik daʼvosida daydib yurganlardan koʻpi borakanmi!

Birgina “Gʻuncha” jurnalidagilar ochiq yuz bilan qarshilab, odamdek gaplashishdi: “Yoshi oʻtibroq qolgan ikkita xodimimiz bor, yo unisi, yo bunisi pensiyaga chiqadigan boʻlsa, sizni jon-jon deb ishga olardik”. Orqasidan poylab yurib, shulardan birini mashinaning tagiga itarib yuborsammikin, deb kulimsirardim ichimda.

Bahor oʻtdi, yoz oxirlayapti, hanuz ishsizman. Zahiradagi pullarim allaqachon tugab boʻlgan, bir nav qishloqqa borib olsam, qaytishimda ayamdan tashqari ukalarim ham choʻntagimga besh-olti soʻm tiqib qoʻyishadi. Xotinim daydiligimdan shikoyatlanib, har gal ichimni xufton qilib joʻnatadi. Tagʻin qachon kelasiz, deb oʻgʻillarim koʻchagacha ergashib chiqadi. Bundan yuragim oqadi, oʻpkam boʻgʻzimga tiqiladi, dodlab yuborgim keladi. Bolalarimning mungli nigohlari haftalab koʻz oldimdan ketmay qiynayveradi.

Bir jumada yana qishloqqa bordim. Uyda ikki kun tunagach, kechki 559-poyezddaToshkentga joʻnashga (bu poyezd poytaxtdan Andijon sari qaytishda 660-ga aylanardi) shaylanib, boshqa xonadonlarda kamdan-kam uchrovchi, hosildorligi pastroq, lekin shirasi tilni yoradigan, dadam Mamasoli degan mirishkor tanishinikidan olib kelib ekkan karsilloq hasayni uzumlarni xaltaga joylayotsam, bolalaringni tentiratib, qachongacha shu ahvolda yurasan, oʻgʻlim, deya ayam qaytadan kuykanishga tushdi. Bor qonim tepaga yigʻilayotgandek tuyuldi, hozir boshim gumburlab portlaydi-yu, miya parchalarim tirqirab uchib, devorlarga chaplanib qoladi, deb oʻyladim. Xaltani yerga tashladim-u, gandiraklagudek odimlaganimcha borib, uydan qizil qutini koʻtarib chiqib, qopqogʻini ochdim-da, manavilar hammasi pul, aya, dedim Alamazon haqidagi qissa, bolalarga atalmish pyesa va turkum hikoyalar solingan papkalarni pesh qilib. Keyin oʻshanda soni qirqtaga yaqinlashib qolgan, koʻplari toʻqson olti betli umumdaftarlardan ayrimlarini varaqlab koʻrsatdim:

– Manavilar ham pul! Payti kelib, bular kitob boʻladi! Kitob boʻlsa, har bitta satriga kamida yetmish tiyindan toʻlashadi! Koʻrgansiz, birinchi kitobimga yetti yuz soʻm berishdi! Hali kattaroqlari chiqsa, uch ming, besh ming soʻmlab olaman! Ozgina toqat qipturinglar, xudo xayringni bergurlar!

Ikki ming soʻmga kichikroq uy qursa boʻladi, bu hobbonining bezrayib besh mingdan kelishini koʻring! Oldin besh soʻmga bir kilo goʻsht olib berishga qurbing yetsin-chi.

Kechki ovqat tatimadi. Ketayotganimni bilib, bolalarim tagʻin moʻltirab turishibdi. Ular qimmat kiyimlar, chiroyli oʻyinchoqlardan koʻra doim yonlarida boʻlishimni koʻproq istashayotganga oʻxshardi. Nahotki, menga oʻchakishib, yoʻqligimda bularni atayin oʻksintirayotgan boʻlishsa? Yoʻgʻ-e, bunchalikka borishmas…

Toshkentdagi jonkuyarlarim menga boshqa ish topishdi, respublika radiosining qishloq xoʻjalik boʻlimiga olti oylik sinov muddati bilan yugurdaklikka qabul qilindim. Yugurdaklikning maʼnosi shuki, sinov davrida ishga rasmiylashtirishmaydi, boʻlimdagilarning topshirigʻi bilan tayyorlagan eshittirishlaringga qalam puli olasan xolos. Qalampuli yomon emas, chidab kun koʻrsa boʻladi. Eng muhimi, boʻlimdagilar bilan qalinman, oʻrtada sovuq gap oralamadi.

Yarim yil ham oʻtib, nihoyat meni ishga oladigan boʻlishdi. Quvonib turganimda, kadrlar boʻlimidagi muzkoʻz qariya pasportim Toshkent shahrida qoʻnimdor emasligini bahona qilib, ishning beliga tepdi, boʻlimimiz boshligʻining iltimosi ham oʻtmadi. Tarvuzim yana qoʻltigʻimdan tushdi. Endi nima qilaman? Yana qayerga borib yalinaman?

Shuncha tashvishlar ichida universitetdagi oʻqishimning gʻalvalari ham bor edi. Goh sinov ishi, goh kurs ishi yozasan, imtihon oyi kelsa, umring auditoriyalarda oʻta boshlaydi, “qoniqarsiz” baho olmaslik uchun muallimlarga poy-patak boʻlishga tushasan. Dars tayyorlashga vaqting boʻlmay, goh biriga “Talabalar shaharchasidan MUMga sayohat” kabi qiziq sheʼrlaringdan oʻqib berib, goh ikkinchisiga tishing qattiq ogʻriyotganidan shikoyat qilib oʻtirib, ming nayrang bilan imtihondan oʻtasan.

Ahvolim ogʻirlashaverdi. Oltiariqqa shalvirab qaytishga betim chidamasdi, Toshkentda yashashga qurbim qolmagandi. Xonani ijaraga bergan kampir koʻngli yumshoq ayol edi, topganda pul toʻlardim, vaqtida toʻlolmasam, qistovga olmasdi. Baribir bu xonadondan ketishimga toʻgʻri keldi. Goh Miraziz akanikiga, goh Oʻktam akanikiga, goh qishlogʻimizdan kelib turli joylarda oʻqiyotgan tanishlarimnikiga borib tunayman, ovqatlariga sherik boʻlaman. Bir necha marta temiryoʻl vokzaliga borib, uzunkursida mudragancha tong ottirgan kunlarim ham boʻldi. Bir qultum vinoni Tangrining cheksiz inoyati sifatida qabul qiluvchi uysiz sayoqlarning yuzaki qaraganda oʻta quvnoqdek tuyuladigan, ularning oʻrniga oʻzingni qoʻyib koʻrsang, behad ayanchli boʻlgan turmush tarzi bilan shu joyda tobora yaqindan tanishaverdim. Oʻzimni uxlaganga solib, ularning oʻzaro suhbatlarini zoʻr qiziqish va hayajon ila tinglab oʻtirardim baʼzan.

Nonushtadan tortib kechki ovqatimgacha bir xil taom – bor-yoʻgʻi, toʻrt tiyin turadigan, birov “uxo-gorlo-nos”, birov “bedanakabob” deb ataydigan gumma somsachalardan toʻrt-beshta olib, chapillatib-chapillatib yeyman, hiqichoq tutsa, artizonning suvidan bosib ichaman. Hech iloj qolmaganda, ahvoli menikidan yaxshiroq boʻlmagan Oʻktam akaga qoʻshilib, tilamchilarning oldida toʻplanibroq qolgan tangalarni talashda ham qatnashardim. Bu – juda uyatli, juda iztirobli edi.

Bolalar nashrlarida, goho “Mushtum” jurnalida ismim koʻrinib turardi, ammo plagiatlik avj olgan, baʼzilar tuman, viloyat miqyosidagi gazetalarda bosilgan sheʼrlarni yigʻib, poytaxtda oʻz nomidan kitob qilib chiqarishgacha borib yetgan, bu koʻchirmachilar haqida felyetonlar bosilayotgan muhitda bitganlarimni turkum-turkum tarzda birovlarning qoʻliga topshirib qoʻyishni istamasdim, redaksiyalarga uch-toʻrttadan sheʼr tarqatib turardim, xolos. Xuddi shundan choʻchib, sargardonlikda yozib tugallangan “Alamazon va uning piyodalari” degan qissamni ham anchagacha birovga koʻrsatmay yurgach, keyinroq “Sharq yulduzi”ga, nasr boʻlimi mudiri Shukur Xolmirzayevga topshirdim. U ikki oychadan soʻng ostiga familiya qoʻyilmagan taqrizni qoʻshib, papkamni qaytarib berdi. Taqrizda koʻrsatilgan kamchiliklardan oʻrinliroqlarini tuzatgan boʻlib, qissamni yana olib bordim. Shundan keyin ora-sira yoʻliqib turdim, ammo mudir asar haqida boshqalarning ham fikrini eshitish uchun kimgadir bergani, kimligi esida yoʻqligini aytardi. Oxiri surishtirmay qoʻydim.

Hozirda oʻsha damlarni oʻylab qolsam, qanchalar ogʻirchiliklar koʻrmayin, yozganlarimni tezroq nashr qildirishning orqasidan quvavermay, oʻzim tag-tagigacha tushunib yetmagan holda, asosiy vaqtimni yozishga sarflayverganim zap toʻgʻri ish boʻlgan ekan, deb qoʻyaman. Zero, vaqt oʻtib, yoshlikdagi kuchni ham, koʻngil yoniqliklarini ham topib boʻpsan!

 

* * *

Bir kuni qishloqdosh student oʻrtogʻimning kvartirasida tunashga borib, televizor koʻrib oʻtirsam, Oziq-ovqat sanoati ministri (vaziri) Vohid Sodiqov bilan suhbat namoyish etila boshlandi. Bu odam oltiariqlik ekani esimga tushib, uch-toʻrt kundan soʻng uning huzuriga bordim, jurnalistlikka oʻqiyotganim, poytaxtda ishlashga urinayotganim, hozirda turar joy masalasida qiynalib qolganimni aytsam, u kishi oʻzingizbop joy topilgunicha Toshkent Yogʻ-moy kombinatida ishlab turing, umumyotoqdan alohida xona ham beramiz dedi.

Shunday qilib, 1977 yilning oʻninchi oktyabridan eʼtiboran Toshkent Yogʻ-moy kombinatida “bogʻbon” degan shtatda ish boshladim. Yangioboddagi umumyotoqdan bir xonali hujra ham berishdi. Yotogʻim alohida-yu, oshxona, dushxona, hojatxona kabilar umumiy.

Kombinat direktori Poʻlatov “ministrning odami” ekanimni nazarda tutib, vazifamga koʻra daraxtlarni sugʻorish, gullar ostini oʻtlardan tozalab turish ishlariga meni yaqin yoʻlatgisi kelmadi; jurnalist ekansiz, Raʼno opangizga qarashib yuraqoling, deb meni kombinat boshlangʻich partiya tashkiloti kotibining ixtiyoriga yubordi. Yana oʻsha “Leninobod” kolxozidagi ahvol takrorlandi – kommunistlardan har oyda bir marta partiya badallarini toʻplayman; yigʻilish oʻtkazilsa, kotiblik qilaman; yo oʻsha kuni, yo ertasiga majlis bayonnomasini yozib, papkaga tikaman. Koʻpincha odamlarni ishdan qoldirmaslik uchun majlis oʻtkazilmas, lekin baribir “oʻtkazildi” deb bayonnoma yozilaverardi. Falon kuni faloncha kommunist ishtirokida KPSSning falon qarori muhokama qilindi, yigʻilishda falonchi-falonchilar soʻzga chiqib, falon-falon fikrlarni bildirishdi, degan jumlalarni havodan olib toʻqishga tushaman. Bularni oʻqib koʻrib, juda chiroyli tayyorlabsiz, deya Raʼno opaning ogʻzi qulogʻiga yetadi.

Kommunistligim jonimga ora kirayotgandi. Shaharning eng baland tepaligiga chiqib, partiyani sharaflab qichqirgim kelardi: Gapfurush bolsheviklar oʻylab topgan siyosiy dabdabalarga ming tasanno! Bu dabdabalar mahsuli boʻlmish barcha qogʻozbozliklarga million-million ofarinlar boʻlsin!

Deyarli bekorchixoʻja edim. Oyligim toʻqson soʻmgina esa-da, harqalay, loaqal tushlikda tuzukroq ovqatlanishimga, qishloqqa oldingidan serqatnovroq boʻlishimga uchma-uch yetib turardi. Ishxonaga haftada bir-ikki marta bosh suqib qoʻyardim. Qolgan kunlari karavotdagi koʻrpamni polga toʻshab choʻzilganimcha, sheʼr toʻqiganim toʻqigan edi. Maosh olgan kunlarim qishloqqa ketib, baʼzan bir hafta oʻtkazib qaytardim. Qaytgach, qoʻlim boʻshasayoq, yana tinimsiz sheʼr bitishga tushardim. Bolalarga atalgan turkum sheʼrlarimning asosiy qismi shu umumyotoqdagi bor jihozi bir shkaf, bir karavot, bir stol, bir stuldan iborat boʻlmish torgina xona devorlari orasida dunyoga kelgan. Piyonista qoʻshnilarning ulfatchilikka chorlashlaridan, tanish juvonlarning dam olish kunlari zalda tashkil etiladigan “tansa”larga sudrashlaridan bezib, eshikni ichkaridan qulflab olib yozardim. Ayrim qiliqlarimni axloqsizlikka yoʻyib, tepadagilarga arz qilib yurmasligi uchun qishloqdan olib kelgan meva-chevalardan bir qismini umumyotoq komendantiga berib turardim. Shu bois, majlis boʻlib qolsa, mening intizomimni, xonani toza tutishimni maqtagani maqtagan edi.

Ijoddan bosh koʻtarolmay qolsam, koʻzlarim zoʻriqishdan qizarib, kipriklarim ostida yarachalar paydo boʻla boshlardi. Bunday damlarda goh qadrdonlarimni uylariga borib yoʻqlardim, goh redaksiyalarga uch-toʻrttadan sheʼr tarqatib chiqardim, goh tushlik chogʻi tanish adiblar bilan oshxonada gurung qurardim. Torroq doiradagi suhbatlarda koʻpincha mavzu yana millatimiz taqdiriga, erksizligimiz fojialariga borib taqalaverardi. Buning sayin, istibdodni qoralash, yurt mustaqilligini orzulash kattalar uchun yozganlarimdagina emas, bolalarga atalgan asarlarimda ham keng aksini topib borayotgandi.

Eng xavflisi – tobora millatchiga aylanayotganim edi. Qishloqlardagi oʻzbek bolalari hatto toʻp tepib chigil yozishga maydoncha topolmayotgan, egni tuzukroq libos koʻrmay yashayotgan bir paytda, boshqa millat vakillarining yasanib olgan bolalari istirohat bogʻlarida biri argʻimchoq uchib, biri otoʻyinda aylanib quvnayotganini; barcha qulayliklarga ega boʻlgan sport maktablari, turli-tuman toʻgaraklar shularning ixtiyorida ekanligini koʻrsam ham yuragim ezilishga tushardi. Idoralardagi maʼmuriy xodimlarning aksariyati yevropaliklar, koʻcha supuruvchilarning bari oʻzbek. Qaysidir hind kinosidagi bir shofyor inglizlarga qaramlikdan qutulish yoʻlida kurashib, koʻzida jiqqa yosh bilan oʻzini qurbon qilayotganida, unga qoʻshilib hoʻng-hoʻng yigʻlay boshlardim, oddiy oʻzbeklarning hamma-hammasi qachon shunday oliy tushunchaga ega boʻlarkin, deya oldimdagi televizorni tepib sindirgudek kepatada tutoqar edim.

1978 yilning oʻttizinchi yanvarida toʻrtinchi oʻgʻlim Botir ham tugʻildi. Uchgudek boʻlib, qishloqqa bordim. Chaqaloqni koʻrib, koʻzim quvongandan quvonib ketdi – Yaratganga ming qulluqki, dadam rahmatlining oʻzginasi-ya!

Toʻrt oʻgʻil, toʻrt sevinch, toʻrt yupanch… toʻrt baravar ehtiyoj…

Bosh omon boʻlsa, bularni Xudo rizqsiz qoʻymas, qornini amallab toʻydirarman, undoqroq boʻlmasa, mundoqroq kiyintirarman. Lekin, yonlarida doim parvona boʻlib, tuzukroq tarbiyalashga vaqt, imkon topa olarmikanman? Payti kelib, yetarlicha gʻamxoʻr boʻlolmaganimni taʼna qilishmasmikin?

Butun boshli umumyotoq kabi mening xonam ham qishda yaxshi isimadi, elektr plitasi sotib olishga kambagʻallik qildim. Komendantdan tagimga qoʻshimcha matras soʻrab olgan, yopinchigʻim ustidan paltomni tashlab uxlashga oʻtgan esam-da, tuni bilan dildirayverardim. Boshim tumovdan chiqmay qoldi; bir yoʻtal tutsa, oʻpkam uzilgudek boʻlardi; suyaklarim qaqshay boshlasa, revmatizmim qaytovlanishidan qoʻrqishga tushardim.

Bahorga chiqib, negadir, quvvatim qochib boraverdi. Oʻnglanib ketarman deb, avvaliga parvosiz yurdim; ishtaham keskin pasayib, koʻnglim tez-tez ayniydigan boʻlgach, oʻlsam ham uyimda oʻlayin, Toshkentda davolanishga yotadigan boʻlsam, kim holimdan xabar oladi, degan xayolga bordim. May oyida ishimdan boʻshab, qishloqqa joʻnadim.

Shu tariqa, Toshkentga qilgan gʻavvogʻav yurishim batamom magʻlubiyatga uchrashim bilan tugadi. Bu – asabim butkul dosh berolmay qolsa, ruhimni umrimning oxirigacha tiklanmas darajada sindirib tashlashi mumkin boʻlgan juda sharmandali, oʻta qaqshatqich magʻlubiyat edi.

 

* * *

Yana Oltiariqdaman. Kasalxonada yotishni azal jinim suymasa-da, sogʻligim tez yomonlashib borayotgani vajhidan doʻxtirga uchrashishga majbur boʻldim. Tekshirib koʻrishsa, sariq kasaliga chalingan ekanman. Yusufjon doʻstim bu mahalda tuman markaziy kasalxonasida bosh vrach oʻrinbosari edi, uning mehribonchiligi tufayli meni choʻlning bir chetidagi “infeksionniy”ga joʻnatmay, temir yoʻl stansiyasi yonidagi neftchilar shifoxonasiga yotqizishdi. Alohida xona berib, kasalim boshqalarga yuqmasligi uchun, imkon qadar boʻlimning oʻng qismidan nariga oʻtmasligimni tayinlashdi.

Oʻsha davrda sariq kasali butun respublikada epidemiyaga aylanib borayotgandi, bundan ancha oldin xotinim ham shu tashxis bilan yotqizilib davolangan, qishloqlarda u yoki bu kishisi ushbu dardga chalinmagan xonadonni topish amrimahol edi. Amerikaliklar Vyetnam urushida aholi ustiga harbiy uchoqlardan oʻta zaharli “Butefos” ximikati sochganini bir paytlar hammadan baland ovozda qoralab yurgan SSSR xoʻjayinlari, hozirga kelib, oʻzimizda aynan oʻsha “Butefos”, undan-da kuchliroq boʻlgan “Merkoptofos”, “Bi-58” kabilar qishloq uylariga tutash paxtazorlarda ham qoʻllanilayotganini bila turib bilmaganga olishayotgandi.

Infeksion kasalxona toʻlib-toshib ketgani bois, neftchilar shifoxonasidagi terapiya boʻlimining oʻng qanoti ham “sariq”larga ajratilib, bu yerga nufuzliroq shaxslar, yosh bolalar yotqizilar ekan. Bu shifoxonada behad hassosligi bilan dovrugʻ qozongan, goho viloyat kasalxonasidagi vrachlar ham baʼzi masalalarda maslahatlashib turadigan Doronina degan xushtabiatgina ayol ishlardi. Kasalni juda oʻtkazib yuboribsan, jigarni butkul ishdan chiqarishingga oz qolibdi, hozircha faqat oshqovoq yeb tur, ikki haftagacha hatto non ham yemaysan, deb buyurdi u.

Kasalni oʻtkazib yuborganim rost shekilli, boshqalarga qaraganda uzoqroq davolandim. Sogʻayib qaytganimdan keyin ham oʻzimni lohas his qilaverdim.

Oilamizdagilar urinib-tirishib yashashda davom etardi. Akram ukam maktabdan maosh olardi, Tohir ukam meva tijoratidan mablagʻ topish yoʻlini oʻrganayotgandi, tomorqachilikni uddalayotgan Avazbek ukamning ham qoʻli pul koʻra boshlagandi. Xotinimning dalada ishlab topgani, harqalay, bir-ikki qop unga yetgulik edi. Yil sayin keksayib borayotgan ayam endi avvalgichalik betinim ishlay olmasa-da, baribir chevarligini tashlamay, tikkanlarini hafta oralab bozorda sotib kelardi.

Doʻxtirim qanchalar takror-takror uqtirgan boʻlmasin, kasalxonadan chiqqanimdan keyin parhezga amal qilmadim; amal qilaman deganimdayam, bu birqozonli uyda menga alohida ovqat pishirib berishning iloji qayoqda deysiz. Buning ustiga, asabni tinchlantirishga boʻlgan ichki ishtiyoq meni aroqqa koʻproq yetaklayverganimi; kechalari tuz totmasdan, ketma-ket chekib, sheʼrlar, bolalarga atalgan turkum hikoyalar, pyesa, Qodiriy qahramonlariga taqlidan hajviyalar bitishga ruju qoʻyganimmi jigarimni zoʻriqtirdi shekilli, sariq kasalim qaytovlanib, yana neftchilar shifoxonasiga yotdim.

– Oʻzi-ku, birinchisida oʻlib ketishing mumkin edi, organizming itnikidek chidamli ekan, omon qolding, – deb jerkishga tushdi doʻxtir Doronina opa. – Mayli, yana bir davolaymiz, ammo bundan keyin oʻzingni ehtiyot qilmasang, oʻlishing aniq.

Zora oʻlaqolsam, deb oʻyladim oʻshanda. Hech nimadan tashvishlanmay, tinchgina uxlayverasan, uxlayverasan, uxlayverasan. Seni na oʻnlab yillarga choʻzilgan ochlik bezovta qila oladi, na kimlarningdir ustingdan tepalab oʻtishi.

Doroninaning iborasi bilan aytganda, itnikidek qattiq jonim meni yana oyoqqa turgʻazdi. Bu safar ham parhezga qatʼiy amal qilolmagan esam-da, spirtli ichimliklardan nariroqda yurishga astoydil intildim. Kech kuzga borib, oldingi bardamligimni topgandek boʻldim.

 

* * *

Bekorchilik qancha choʻzilsa, yuragim shuncha siqilaverdi. Endi, kichikroq kovaklarni titkilab boʻlsa-da, astoydil ish qidirishim kerak, degan qarorga keldim. Toʻgʻri-da, bu ahvolda oʻtmaslashib, hatto zanglab qolish hech gapmas.

Xayriyat, ammamning qizi Matluba opamiz tanishlaridan surishtirib yurib, salkam toʻqqiz oyga choʻzilgan bekorchilikdan soʻng, oxiri shahardan menga ish topdi, 1979 yilning oʻn sakkizinchi yanvarida Fargʻona radiosining muxbiriga aylandim.

Raisimiz Doniyor Ergashevning ochiqkoʻngilligi boshqalarga ham yuqib borganmi, jamoadagi muhit musaffo, xodimlarning koʻpchiligi dilkash kishilar edi, bahrim ochilib ishlay boshladim.

Meni eng qiynayotgani – Oltiariqdan yigirma besh kilometr masofadagi shaharga kunda qatnashga majburligim edi. Erta saharda turib, shosha-pisha nonushta qilaman; qishning qirchillama qirqida Tohir ukam bergan quyonteri oq telpakning qulogʻini tushirib olib, pulni tejash maqsadida toʻrt kilometr naridagi tuman markaziga piyoda chiqib boraman. Egnimda Akram ukamning kuyovlik kostyum-shimi, oyogʻimda ohori ketgan qishki botinka.

Boshimdan hovur koʻtarilganicha tuman avtobekatiga kirib boraman. Shaharga qatnab ishlovchilar, biron-bir yumush bilan ketayotganlar odatdagidek besanoq, barchasi ertalabki avtobusga ulgurishga oshiqadi; “LAZ”larning bunisiga boʻlmasa, unisiga bazoʻr ilashib, tirband salonda tik turgancha yoʻlga tushaman. Sovuq kuchayib ketgan yoki ishim koʻpaygan kunlari ammamnikida, goho Matluba opamnikida tunab qolaman.

Ahvolim mushkulligini sezgan boʻlsa kerak, bir kuni raisimiz mehmonxonaning kalitini qoʻlimga tutqazib, zarurat tugʻilsa, divanda yotib yuravering, ammo boshqa odamni kiritmang, deb tayinladi.

Bir nav bahorga chiqib oldim. Bu faslda menga bogʻliqlik tomoni boʻlmagan ikkita koʻngilsiz voqea yuz berdi. Birinchisi – sel kelib, Fargʻonani suv bosdi. Ikkinchisi – Minskka uchib borayotgan, 1960 yili oliy ligaga oʻtganidan buyon ashaddiy ishqibozi boʻlib kelayotganim “Paxtakor” futbol jamoasi aviahalokat tufayli deyarli toʻliq tarkibda nobud boʻldi. Charm gʻilofli reportyorni yelkaga ilib, qanchadan-qancha korxonalarni, muassasalarni, dala-bogʻlarni kezdim, necha-necha eshittirishlar tayyorladim.

Bekorchilikning zax oʻrasidan zoʻrgʻa qochib chiqib, endi yayrab-yayrab ishlayotganimga qaramay, tinimsiz yelib-yugurishlardanmi, vaqtida tuzukroq ovqat yeb turish imkonim yoʻqligidanmi, uchinchi bor sariq kasalim qoʻzidi. Vrach doʻstim Yusufjonning maslahati bilan, bu gal shahar infeksion kasalxonasiga yotdim. Azamat jigarim mislsiz qahramonlik koʻrsatib, “sariq ajal”ning uchinchi zarbasidan ham meni omon olib chiqdi.

 

* * *

Toshkentdan ulkan yutqiziq bilan qaytganim rost. Keyinroq bilsam, bir oʻchoq “magʻlubiyat kullari” ostida sochin-siyrak “yutuq choʻgʻlari” ham aralash ekan, yashirin qoʻrlanib turgani uchun oʻshanda sezmabman. Poytaxtdagi daydiliklar tugalay besamar ketmaganini keyinroq payqay boshladim.

Bu davrda, eng zaruri, tinimsiz sharaqlab qaynayotgan adabiy muhit qozoni taomlaridan issigʻida, imkon qadar moʻndaroq tanovul qilib, miyamni tez toʻyintirib bordim; koʻp tanishlar orttirdim, ularning feʼl-atvorini, qay biriga qaysi yoqdan yondashmoq qulayligini idroklab yetaverdim. Otashin millatparvar Miraziz Aʼzam, mutolaasevar olim Mahkam Mahmudov, qaytmas kurashchilarga aylanayotgan yosh kitobboz yozarmonlar bilan boʻlgan suhbatlarda oʻtmishimiz Rimnikidan-da ulugʻvorligini, madaniy merosimiz bitmas-tuganmas xazina ekanini, maʼnaviyatimiz ostdevori jamiki insoniyat havas qiladigan darajada mustahkamligini yorqinroq anglab bordim, yetti emas, yetti ming pushti pokiza eldan tarqaganimni bilib, oʻzimni boshqatdan kashf etdim.

Talay kitoblar oʻqidim. Oʻz klassiklarimizdan tashqari, Jek London, Mopassan, Dyuma, Guntegin, Bayron, Tolstoy, Balzak, Yesenin, Aytmatov, Nesin, Hamzatov singari “sehrgarlar”ning ruscha yoki oʻzbekchadagi asarlari bilan chuqurroq tanishdim. Saviyam yuksalishida rus tili zoʻr suyanch boʻldi.

Sheʼriy toʻplamimni oʻqib koʻrishga berib, fikrini ololmagan boʻlsam-da, Erkin Vohidov bilan loaqal bir lahza yuzma-yuz gaplashishdek ulkan orzum roʻyobga chiqdi. Oʻktam aka bilan uyiga yoʻqlab borib, Habibiy domlaning qoʻlidan choy ichganim; “Martin Iden”imni eʼlon qilganidan soʻng menga alohida eʼtibor bilan qarashni boshlagan, ijodkor degan banda boʻrini poylayotgan ovchidan-da toqatliroq boʻlishi lozimligini qayta-qayta taʼkidlovchi, huzuriga bostirib kirishga ancha-muncha qalamkashning yuragi betlamaguchi Asqad Muxtor bilan suhbat qurganim, bolalar adabiyotida gʻazal janrini tiriltirganimni olqishlagani, sheʼrlarimni shaxsan oʻziga koʻrsatib turishdan tortinmasligimni tayinlagani katta baxt edi.

“Mushtum”da masʼul kotib boʻlib ishlovchi Neʼmat Aminov bilan ham ilgari sal tanishib olgandim, yumoristik sheʼr va hajviy hikoyalarimni jurnalda ora-sira yoritib turardi. Xat orqali yuborgan Mirzaqand turkumidagi hajviyalarimni yoqtirib qolib, ketma-ketiga chop etishni boshladi-yu, meni oʻziga tobora yaqin tutib, Toshkentga borsam choy ichdirmasdan joʻnatmaydigan boʻldi. Hajviyalarim hatto atoqli adib Said Ahmadga ham maʼqul kelganini aytib, bir gal meni juda shodlantirgandi.

Toshkentda orttirgan doʻstlarimdan biri qashqadaryolik yosh shoir Muhammad Rahmon edi. Talaba Yusuf Hamdamovnikidagi oʻtirishda tanishganimizdan soʻng u bilan tez-tez uchrashib turadigan boʻldik. Kursdoshim Akramjon, Usmon Azim, Erkin Aʼzam kabilar ishtirokidagi bir ulfatchiligimizda magazindan vino olib, koʻchada ichishga idish topolmaganimiz, shunda men bozorchadan katta sariq bodring topib uchini kesganim, ichidagi urugʻni barmogʻimda kovlab chiqarib stakan yasaganim, undan sharob hoʻplaboq chetidan ozgina tishlab gazak qilaverishimiz oqibatida qadah tobora kichrayib boraverganini Muhammadjon doim kulib-kulib eslardi. Shu oshnam endi universitetni tamomlab, “Yosh gvardiya” nashriyotida muharrir boʻlib ishlar, bolalarga atalgan sheʼriy toʻplamim uning jonkuyarligi bilan 1980 yil nashr rejasiga kiritilgan edi.

Radioning adabiyot boʻlimida ishlovchi Usmon Azim sheʼrlarimni goh efirga tarqatib, tuzukkina qalampuli joʻnattirib turardi. Gʻafur Gʻulom nashriyotining boʻlim muharriri Shavkat Rahmon bir turkum bitigimni “Yoshlik bayozi” toʻplamida chiqarib berdi.

Toshkentda daydib-daydib qaytmaganimda, bular qayoqda edi.

 

* * *

Radioda toʻrtta boʻlim bor edi – oʻzbek, rus, tojik, qrim redaksiyalari. Qaynotamdan soʻng Shafoat ammam vafot etib, Bunyod oʻgʻlim tugʻilgan 1980 yilning fevralida meni oʻzbekcha eshittirishlar boʻlimiga boshliq etib tayinlashdi.

“Bahromning hikoyalari” degan ikkinchi kitobim ham shu yili bosilib chiqdi. Qani endi, oʻn qop pulim boʻlsa-yu, oxirgi tiyini tugab bitmagunicha “yuvdi-yuvdi”lardan boʻshamay, tabrikka ogʻiz juftlagan banda borki, har biriga alohida ziyofat beraversam!

Afsuski, yonchigʻim hamon yupqa edi. Toshkentga rov borib, muharririm Muhammad Rahmon orqali yigʻilgan yosh ijodkor ogʻaynilar uchun quyugʻidan suyugʻi koʻp oʻtirishcha qilib berishga zoʻrgʻa yaradim.

Harqalay, soʻnggi paytlarda roʻzgʻorimizga ancha qut kira boshlagandi. Ayam chevarchilikdan topib turibdi, mening choʻntagim oldingidan qappayganroq, ukalarim tobora qad rostlayapti – Akramniki oilasiga yetib turibdi, Tohir Rossiyaga meva-sabzavot olib borib sotishdan tuzukkina naf koʻryapti, Fayziobod beton buyumlar kombinati oshxonasida oshpazlik qilayotgan Avazbekka maoshdan tashqari haftasiga qoʻshimcha xom xarajat berib turishadi, armiyadan qaytgan Dilmurod militsionerlikka joylashib olgan. Faqat, ari uyasini eslatuvchi xonadonda gʻujlanib yashash bilan bogʻliq qiyinchiliklar battardan oshib borayotgan, Tohir ukamning uylanishi bir muammoga oʻn muammo qoʻshgandek edi. Xayriyat, yosh kelinni yolgʻiz tashlab Rossiyada haftalab yurishni istamadimi, Tohir ukam avvaliga mayda-chuyda yumushlarga oʻralashib vaqt oʻtkazdi, keyin Shahodat opam yashaydigan Rudnik-kondan yogʻliqroq ish topib, shofyorlik qila boshladi. Koʻrpa-toʻshaklarini mashinaga yukladi-yu, ijaraxonaga xotinini ham olib ketdi.

Yoppasiga tuproqtom uylardan iborat boʻlgan, otamiz eng katta meros qilib qoldirgan, nurab borayotgan duvollaridagi har qaysi kesakdan tortib, qarovga muhtojlikdan zardalanmay ozmi-koʻp hosil tuhfa qilib turuvchi dov-daraxtigacha yuragimizning bir parchasiga aylanib ulgurgan gʻaribgina hovlimiz yechimi qiyin muammolarga limmo-limdek koʻrinardi. Ammo oʻzimiz sezib-qadrlamagan holda, eng ulkan baxt, eng katta boylikka boʻgʻzimizgacha koʻmilib yashayotgandik – hammamiz sogʻ-salomat edik.

Ming shukurki, oʻzimning ham sogʻligim joyida edi. Chetdan kuzatganlar buni bir narsadan sezib olishi qiyin emasdi – qornimning och-toʻqligi, sharoitning bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, qoʻlim sal boʻshasayoq, tinimsiz yozayotgan, yozayotgan, yozayotgan edim.

 

* * *

Radioda ishlayotganimning uchinchi yili boshlanib, 1981 yilning qishi tugayotganida, raisimiz Doniyor akaning odamgarchiligi, ishni tezlashtirish uchun xodimimiz Toshturgʻun akaning yonimda idorama-idora yurishi natijasida, Toʻqimachilar shaharchasiga tutash massivdan menga ikki xonali uy berildi. Yangi uylangan Avazbek ukam Tohir akasi boʻshatib ketgan uyda yashayotgani uchun hozircha hovlimizda joy yetib turgandi, oilam bilan shaharga koʻchishga shoshilmadim. Ishda yumushlarim kech tugasa, yangi uyimga borib, odamdek ovqatlanadigan, bemalol uxlaydigan boʻldim. Qishloqdagilar birda bir mehmonga kelib, supurib-sidirib ketishardi. Baʼzan oshna-ogʻaynilar, baʼzan bu yerdan sal narida yashovchi Mashrab jiyanim qartaboz sheriklari bilan yigʻilib, tun boʻyi ulfatchilik qilishar, xonaning oʻrtasiga toʻshalgan yupqa ipsholcha ustida mast-alas gʻujanaklanib qolguncha ichishardi. Insondek uxlashni istashganda ham, bu uyda oʻzimnikidan boshqa koʻrpa yoʻq edi.

Boshpanali boʻlganimdan soʻng, radiodagi ishimga yanada unum qoʻshildi. Goho yuqori idoralarning kechki majlislarida qatnashardim, goho tungi soat toʻqqiz-oʻngacha ishxonada qolib, kattakonlar topshirigʻiga koʻra shoshilinch tayyorlangan materiallarni kichik texnik Nasibaxon yordamida ertalabki efirga taxt qilgach, uyga koʻnglim xotirjamlanib qaytardim.

Xodimlarimiz oʻzaro suhbatda, raisimiz bu yigitni oʻziga oʻrinbosarlikka tayyorlayapti, deb qoʻyisharkan. Ishdoshim Abdumutal aka bir kuni shu haqda shama qilib qoldi. E, qoʻysangiz-chi, shu ishimni eplab tursam ham katta gap, dedim-u, boshimda oʻz-oʻzidan bir oʻy chaqnadi: “Shu paytgacha qiziqib koʻrmabman-a, oʻrinbosarimiz qancha oylik olarkin?”

Doniyor aka, sal oʻtmay, viloyat partiya qoʻmitasining tashviqot boʻlimi boshliqligiga koʻtarilib ketdi-yu, bunday tusmol gaplar oʻz-oʻzidan barham topdi. Shu qoʻmitada uchinchi kotib boʻlib ishlab yurgan Roza Karimova bizga rais etib tayinlandi.

“Yaltiroq tugma” degan qissamni bir yil oldin yozishga kirishib, asosiy qismini qoralamalab boʻlgan edim. Yangi uydagi tinch sharoit qoʻl kelib, shuni chalaroq tarzda boʻlsa ham bahor ichida oxiriga yetkazdim. Qissa, balki oʻsha yilning oʻzidayoq mukammal shaklga ega boʻlarmidi, lekin birdan sharoit oʻzgarib, ichimga tugib qoʻyganlarim – ayrim joylarga qoʻshimcha kiritishlar, jumlalarga qayta jilo berishlar niyatligicha qolib ketdi.

Yozning boshlarida, jontortar doʻstlarim qatorida turuvchi Muhammad Rahmon ishxonamdagi telefonga qoʻngʻiroq qilib, muhim bir gap bor, tezda Toshkentga kelib keting, dedi. Bordim. Matbuotchilar oshxonasida birga tushlik qilayotib, juda shoshilinch chaqirib qoldingiz, yana birorta kitobimni chiqarmoqchimisiz, deb hazallashdim unga.

– Bundan ham zoʻrroq masala bor, – dedi Muhammadjon. – Ishqilib, Xudo yoʻlingizni ochsin.

Bilsam, “Yosh gvardiya” nashriyotining yangi bosh muharriri Erkin Vohidov “Bahromning hikoyalari” toʻplamimni bosmaxonaga topshirishdan oldin oʻqib koʻriboq, kitob muharriri Muhammadjonni xonasiga chaqiribdi, men haqimda soʻrab-surishtirishga tushibdi. Muhammadjon hayron boʻlib, bu yigit oʻzingizning Oltiarigʻingizdan-ku, tanimaysizmi, desa, bir-ikki koʻrishganmiz-u, tuzukroq gaplashganimizni eslolmayapman, debdi. Soʻng sheʼrlarim juda yoqqanligini aytib, bular menga bolalar adabiyotida yangilikdek boʻlib koʻrindi, yo adashdimmikan, deb savol beribdi.

– Bir Toshkentga kelib, ish topolmay ketgan edi, – deb gapni kerakli mavzuga buribdi Muhammadjon. – Shu yigitni Toshkentga olib kelolmaysizmi?

Buni eshitib, Erkin aka kulib yuboribdi:

– Oʻzim ham xuddi shuni oʻylab turuvdim. Boshqa joydan ish topsak, ularga nimasidir maʼqul kelmay qolishi mumkin. Yaxshisi, oʻzimizda birorta oʻrin boʻshashini kutaylik. Boʻshashi bilanoq, tezda esimga soling.

Bundan ikki-uch kun oldin bir muharrir boʻlak tashkilotga ishga oʻtib, oʻrni boʻshab qolgan ekan. Muhammadjon oʻsha kuniyoq Erkin akaning oldiga kirib, meni yodiga solibdi. Bugundan qoldirmay chaqiring, bir gaplashib koʻraylik-chi, debdi Erkin aka.

– Bu joyga ishqiboz koʻp, – dedi Muhammadjon. – Oʻzimizdagi kichik muharrirlardan tortib, chetdagilargacha gʻizzo-gʻiz boʻlishni boshlashdi. Erkin aka direktorga sizni shipshitgan boʻlsa kerak, hozircha birovga yon bermay turibdi.

Aslida, muharrirlik lavozimi u yoqda tursin, kitob chiqarishga oid hujjatlarni rasmiylashtirib oʻtiruvchi kichik muharrir, imloviy xatolarga javobgar korrektor (musahhih), hatto kuni nashriyotu bosmaxona oʻrtasida boʻzchining mokkisidek bordi-keldi bilan oʻtadigan yugurdak texnik xodim boʻlib ishlashga ham shay edim. Ilon boshini kovakka sigʻdirib olsa bas, keyin sichqon undan qutulib boʻpti!

Soat uchlarda Erkin akaning oldiga kirdik. Muhammadjon gap-gapga qovushguncha picha oʻtirdi-yu, men ishlab turay, boʻlmasa, deb chiqib ketdi. Erkin aka diplom boʻyicha kasbimni, qayerlarda kim boʻlib ishlaganimni, turmush sharoitimni bir-bir surishtira ketdi, men borini boricha aytaverdim. Gap oilaviy ahvolimga borib taqalganda, Erkin aka naʼra tortib yuboray dedi:

– Beshta?! Xah hoʻ-oʻ! Shuncha bola bilan Toshkentga kelish uchun jasorat kerak boʻladi odamga. Jasoratga tobingiz qalay?

– Hammasiga chidayman, – dedim dadil. – Hatto uysizlikkayam.

Erkin aka uy muammosini biror yilda hal etishga harakat qilishini aytgan esa-da, toʻrt-besh yil boshpanasiz yurishga ham rozi edim.

– Tuguningizni tugib turavering, – nihoyat, kirganimdan beri men ilhaq boʻlib kutayotgan gapni aytdi Erkin aka. – Direktorning oldidan yana bir marta oʻtib, ishni pishiray. Keyin sizga xabar qilaman.

Boshim koʻkka yetdi degan soʻzning tub maʼnosini anglash uchun kishi mening shu topdagi holimga tushishi lozim boʻladi. Osmonda boʻlgandayam, yettinchi osmonda edim. Quyosh tizimidagi barcha kezgʻichlar allaqachon pastda qolib ketgandi.

Oʻsha kuni boshqa bir narsadan ham quvondim – qishloqdosh doʻstim Abdusalom bilan polkdosh boʻlgan eski ogʻaynim Ahmadjon Meliboyev bu nashriyotga yaqinda bosh muharrir oʻrinbosari etib tayinlangan ekan. “Yosh leninchi” gazetasida ishlayotganida, butun ittifoq miqyosidagi zarbdor jabhaga aylangan Qarshi choʻlini oʻzlashtirishga bagʻishlab bitgan “Qarshiga qarshi” dostonimni chiqarishga koʻp uringandi; hatto bosh muharrir ham bosishga moyil boʻlib turganida, kattaligidan gazetaning bir sahifasigayam sigʻmayapti, berolmaydigan boʻldik, deb birdan aynib qolishdi. Gazetaning madaniyat boʻlimida, bir opa ishlardi, ikki yilcha oldin unga koʻrsatgan sheʼrlarimni maʼqul emas deb qaytarganida, ozgina aytishib qolgan edik; bilsam, shu ayol yana monelik qilibdi.

 

* * *

Sal oʻtmay, Toshkentdan xushxabar keldi. Iyunning oʻn beshinchi kunida raisimiz Roza Oʻrinboyevnaga ishimdan ozod etish haqidagi arizamni olib kirsam, sizni ancha-munchaga qoʻldan chiqarmasdim-u, koʻtarilishingizga toʻsqinlik qilolmayman-da, deb qoʻl qoʻyib berdi. Hayotiy tajribamdan kelib chiqib aytganda, baʼzida ishdan boʻshash oʻzing suymagan xotin bilan ajrashayotgandek huzurbaxsh tuyuladi. Shu topda esa, Toshkentga qanchalar intiqib talpinayotgan boʻlmayin, bu ishxonadagilardan ham ayrilgim kelmayotgandi.

Agar tugʻma lanj boʻlmasang, yaxshi kayfiyatda boshlayotgan yumushing unum keltirmay qolmaydi. Toshkentni zabt etishga qaratilagan ikkinchi yurishim oldidan chehram yashnoq, koʻnglim sokin edi: opalarim bir etak-bir etak bolalarini erlari Sobirvoy, Aʼzamboy, Toʻlqinboylarga boqtirib, tinchgina yashab oʻtirishibdi; Akram ukamga kolxoz tomonidan qurilgan kooperativ uylardan biri tegib, choʻlda kun kechirish azoblaridan forigʻ boʻldi; Avazbek magazinchilikka oʻtib, oʻzini yanayam oʻngladi, mototsikl sotib oldi, oilamizning umumqozoni jazlari, asosan, uning boʻynida; Dilmurod hanuz militsioner, leytenantlar maktabiga kirishga urinyapti; aka-ukalar oʻrtada toʻy qilib, kattaroq oʻgʻillarimizni maktab yoshiga yetmasidan “kestirib” olganmiz…

Bu paytda Tohir ukam yuk mashinasida dovon osha Qirgʻizistonning shimoliy mintaqalariga qatnayverishdan toliqib, Rudnik-konda bufetchilik qilishga oʻtgandi, togʻ-toshda yurmasdan shu yerga kelib yashayver, deb shahardagi uyimni unga berdim. Yaxshi oʻylagan ekanman, ukam keyinroq ammamning oʻgʻli Mashrabga qoʻshilib, Kamchatkaga meva-sabzavot topshirib keladigan boʻldi, kartmoni boʻrtib, qishloqdagi oilamizning pishiqqina tayanchiga aylandi. Ayamni koʻpdan beri xavotirlantirib yurgan eski doʻngalak uyni buzib, pastakroq boʻlsayam, boshqa imorat qurishimizga katta ulush qoʻshdi, goho hatto bolalarimning kiyim-piyimiga ham parvo qilib turdi.

Toshkent sari shaylanuvni radiodagi mehmonxonada tunab qolganimda kechalari mashinkalab yurgan sheʼrlarim va nasrdagi biri bitgan, biri chala qoʻlyozmalarimni karton papkalarga yigʻib, jomadonga joylab qoʻyishdan boshladim. Bularning aksariyatini bolalarga atalgan asarlar tashkil etardi, eng ishongan kuzur qartalarim shular ekaniga “Bahromning hikoyalari” kitobimga maqtovlar koʻpaygani sayin tobora iqror boʻlib borayotgandim.

Erkin akaning taklifi haqida ishxonadagilargayam, uydagilargayam oxirgi pallagacha hech nima demagandim, toʻydan oldin nogʻora chalishni ilgaritdan yoqtirmasdim. Toshkentga ishga oʻtayotganimni ayamga radiodan boʻshab borgan kunim aytdim. Ayam hayratga tushib, qachon ketishimni soʻragan edi, bugun kechqurun poyezdga chiqaman, dedim.

 

 

TUGALLOV

 

Oʻzing bir botqon balchiqzorga boraturib, kovushingni tozalab ol.

Gulmat Shoshiy

 

Umrimning, asosan, qishloqda kechgan davri yakuniga yetgandi. Hayotimning bu qismida ilk bor inson fazoga uchgani (SSSR), Oy kezgʻichiga qadam qoʻygani (AQSH), sovet fazogirlari halokatga uchragani; ruslar endigina sinovdan oʻtkazayotgan harbiy raketa vositasida amerikaliklarning “U-2” aygʻoqchi uchogʻi urib tushirilgani; Koreya urushi, bir millatning boʻlinib ketuvi, Vyetnam urushi esa, ajratib tashlanganlarning birlashuvi bilan barham topgani; ikki ummonni tutashtiruvchi qazilma Suvaysh kanali, Misrda Osuan toʻgʻoni foydalanishga topshirilgani; chapani Xurushchyovning “omon-omon”ida yuz minglab siyosiy mahbuslar, urushda dushmanga asir tushgani uchun qamalgan askarlar ozodlikka chiqib, xalq dushmani sifatida otilganlardan koʻpining nomi oqlangani; Otaturk qayta shakllantirgan Turkiyani but asrab qolish niyatida hokimiyatni harbiylar qoʻlga olgani; rangli televizor, qoʻpoldan qoʻpol simsiz telefon, neylon mato, neytron bombasi, odam aʼzosini koʻchirib oʻtqazish kashf etilgani; Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi urushni toʻxtatish yuzasidan ikkala davlat rahbarlari Oʻzbekistonda muzokara olib borib Tinchlik shartnomasini imzolagach, hindlar yetakchisi Laʼl Bahodir Shastri Toshkentda bandalikni bajo keltirgani; sovutgichlar, magnitofonlar, kir yuvish mashinalari qishloqlargacha kirib kelayotgani; jahonda eng uzunlardan hisoblanmish Baykal-Amur temir yoʻl magistrali barpo qilingani; qirgʻinbarot Afgʻon urushi boshlangani; Toshkentda metropoliten paydo boʻlgani kabi tarixiy voqealarning shohidiga aylandim.

Javoharlal Neru, Stalin, Mao Sze Dun, Kim Ir Sen, general De Goll, Anvar Saodat, Chemberlen, Jon Kennedi, Anvar Xoʻja, Indra Gandi, Fidel Kastro, Xoshimin, Yosir Arofat, Salvador Alyende yangligʻ shov-shuvchi davlat arboblariga; janubiy amerikalik Chegevara, jazoirlik Jamila, amerikalik Marten Lyuter King, rossiyalik Soljenitsin, afrikalik Mandella kabi biri xalqining haq-huquqi, biri yurtining ozodligi uchun jonini tikib kurashgan koʻlamdor isyonchilarga ozmi-koʻp muddat zamondosh boʻldim.

Tagʻin aytsam… Gazeta parchasiga oʻrab chekiladigan badboʻy maxorka; naychadum “Krasnaya zvezda”, “Priboy”, “Sever”, “Belomor kanal”, “Kazbek” papiroslari; “Pamir”, “Prima”, “Maxorochnaya”, “Layka”, “Kosmos”, “Shipka” sigaretlari zamonidan tortib, sovetlar yurtiga nihoyat chetdan (asosan, Bolgariyadan) kirib kela boshlagan “Tu-134”, “Styuardessa”, “BT”, “Rodopi”dek filtrlilar, hatto Kuba sigaralarni koʻzkoʻzlab tutatish davrigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdim.

Millatchilik tuygʻusi koʻnglimda oʻz qoʻrgʻonini kunma-kun mustahkamlayotgandek edi. Bu tuygʻu hayotda oʻz boshimdan oʻtkazgan, jismimda ogʻir asoratlar qoldirib ulgurgan ayrim kasalliklardan-da xatarliroq hisoblanmish ruhiy xastalik ekanini tushunib yetishim uchun hali ancha vaqt kerak boʻladi.

Kimlarga zamondosh boʻlmadim, nelarni koʻrmadim. Nasib etsa, hali yana koʻraman.

Sovetlar mamlakatidagi kabi Yer kezgʻichida ham aholi tinimsiz koʻpayib borayotgandi. Xomtamalikni qarangki, milliardlardan biri boʻlib turgan Anvar Obidjon shu tor-tiqinlik ichra alohida koʻzga tashlanish uchun oʻzicha terlab-potirlab irgʻishlayotgan edi.

 

* * *

Erkin Vohidov bilan uchrashganimdan soʻng, boshkentga ketishim oydinlashib qolgan chogʻlarda, kunu tun oʻylanib, oʻzimni tergab yurdim. Oʻpkangni yanayam bosib ol, shoir. Endiyam yengilsang, bari tamom degani. Chohga agʻdarilish tugul, qattiqroq qoqinishdan ham asranishing shart. Yemishi yerda boʻlsa-da, tuyalarga tepalanmaslik uchun toʻrgʻay uchishni oʻrgandi. Toʻrgʻay tajovuzchi emasdi, shu bois tuyalar uning oʻzlaridan balandda ekanligini malol olmadi, ziyon yetkazishga urinmadi. Har yumushda yetti oʻlchab bir kesishing, yetmish oʻylab bir soʻzlashing; ogʻirchiliklarga, nohaqliklarga, qadrlanmasliklarga, igʻvogarliklarga, hattoki kamsitishlarga – hamma-hammasiga sabr-toqat bilan chidashing; oʻzingni goh anqovlikka, goh omilikka, goh karlikka solib yashashing; biri biridan dagʻdagʻador devlarning oyogʻi ostida majaqlangancha butkul nom-nishonsiz yoʻqolib ketmaslik uchun tirishib-burishib kuchanmogʻing kerak boʻladi. Yana bir muhimi – eski kin-ginalarni koʻnglingdan yoppasiga supurib tashla, yangi joyga top-toza yurak bilan kirib bor. Salobatini yoʻqotib boʻlgan oilaning nufuzini boshqatdan koʻtarmoqchi boʻlsang, shularga qatʼiy amal qilishga quvvat top. Eng avvalo, oʻta sharmandali ishga qoʻl urishdan, jinoyat koʻchasiga kirib qolishdan, ayniqsa, ehtiyotsizlik yoki jaholat bois ahmoqona oʻlib ketishdan oʻzingni asra.

Koʻrinib turibdi, bu qadar ehtiyotkorlik, bu qadar hurkaklik koʻnglimga mustahkam in qurib olsa, boʻyin qisib yashash darajasida qoʻrqoqlashib ketmaymanmi; turmushda oʻta qaltis vaziyatga tushib, nazokatli tuygʻularni chetga surib turish zarurati tugʻilsa, bu koʻnikmalar qurshovidan loaqal vaqtincha sugʻurilib chiqa olamanmi, deb bezillayapsan. Buni bilmadim, lekin u tomonini oʻylab oʻtiraversang, bu tomonda sezilarli siljish yuz berishi qiyin…

Bunaqa oʻylarning adogʻiga ham, tagiga ham yetib boʻlmasdi. Xayollarga nuqta qoʻyishga intilardim – bu yogʻini Xudoning ixtiyoriga havola qilib, yoʻlingdan dangal boraversang-chi. Ammo boshga tushganning barini ham Xudodan koʻraverma, koʻpiga, baribir, oʻzing sababchi boʻlasan.

Qandayligi menga tuzukkina maʼlum boʻlgan manzilda meni nomaʼlum bir qismat kutmoqda edi. Oʻshanda oʻttiz besh yoshga toʻlayotgandim. Toshkentga ketib, yana shuncha yashaymanmi, yoʻqmi, bilmasdim. Unib-oʻsamanmi, tugalay oyoqosti boʻlamanmi, bunisi ham qorongʻi edi. Tangrisini hanuz xira-yarim tanib yurgan men chalamusulmon banda faqat bir narsani – shu damgacha qay tarzda kun kechirib kelganimni bilardim, xolos. Bolalik – poshsholik, oʻsmirlikdan boshlab esa, nuqul baxtimni qidirib yashadim.

Baʼzan boshimda ajib bir oʻy elovlanib, gʻoyibdan kelayotgan tovushdek, meni savolga tutardi – Yaratguchining amri ila hayotni yangitdan boshlashni istarmiding?

U vaqtda qanday javob qaytarishni bilmasdim, endi esa, hech ikkilanmasdan ayta olaman: nelardan yayrab, nelardan oʻksigan, kimlarga talpinib, kimlardan bezigan boʻlmayin; xuddi oʻsha muhitda, aynan oʻsha odamlar bilan birga boshqatdan yashashga roziman. Begona muhit – birovning uyi, u yerda biron-bir narsa koʻzga issiq koʻrinmogʻi dargumon. Bersangiz, yana oʻzimning kechmishimni bering. Faqat, joiz topsangiz, bittagina savolim bor – yangi hayotga, ozgina boʻlsa-da, eng zarur oʻzgartishlarni kiritish mumkinmi?

Mumkin boʻlsa, birinchi galda, loaqal, dadamni imkon qadar kamroq ranjitgan, ayamga koʻproq dam bergan boʻlardim; tili hali burrolanmasdan vafot etgan Homitjon ukam, Zuhraxon singlimni koʻz qorachigʻimdek asrardim, ularni oʻsha laʼnati dardlarga chalintirmasdim; bolaligimda boshini toshda chaqib oʻldirgan gunohsiz chumchuqchani endi sekingina yerdan olib, tutdagi iniga avaylabgina joylab qoʻyardim. Keyin… agar-r, yana mumkin boʻlsa…

Yana nimalar qilay? Nimalarni qilmayin? Oʻzingiz shipshita qoling, yaxshilar…

 

Anvar OBIDJON

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.