Adabiyot muallimi

0
236
marta koʻrilgan.

Oʻzining aytishiga koʻra “nafis adabiyot muallimi” oʻrtoq Boqijon Baqoyev ogʻilga kirib taʼbi xira boʻldi: sigirning qulogʻiga yana kana tushibdi! Kanadan ham koʻra sigir uning achchigʻini keltirdi: kanani teray desa qoʻymaydi – boshini silkiydi, pishqiradi.

– Hayvon! Sigir emas, hayvon! – dedi ogʻilning eshigini qattiq yopib. – Hayvon!

Xotini Mukarram hovlida samovarga suv quyar edi.

– Hayvon! – dedi Baqoyev, – bu sigirni sotib puliga choʻchqa olish kerak!

– Shaharda choʻchqa asrash mumkin emas, – dedi Mukarram samovarga koʻmir solayotib.

– Nima uchun? Taqiq qilinganmi? Kim aytdi? Men ay-tib edimmi? Toʻgʻri, mumkin emas… albatta, mumkin emas…

– Uyga kiring, Hamida keldi.

Hamida oʻn olti yoshlardagi tirik, quvnoq qiz, pochchasini koʻrib sevinib ketdi.

– Siz uyda ekansiz, bilsam, daftarimni olib kelar ekanman… esizgina…

Oʻrtoq Boqijon Baqoyevning taʼbi ochildi – sigir, uning qulogʻidagi koʻm-koʻk kana, gʻoʻqillab tumshugʻi bilan ariq yoqalarini buzib yurgan choʻchqa koʻz oldidan ketdi.

– Texnikumdan rabfakka oʻtibsan, deb eshitdim, rostmi? – dedi. – Himm… yaxshi qilibsan. Rabfakka oʻt, deb men aytib edim shekilli? Himm… Auff, zarda boʻlibman… Rabfak yaxshi. Men bir borgan edim. Kantselyariyaning eshigiga praktikum deb yozib qoʻyipti. Toʻgʻri emas. Praktikum, minimum, maksimum bular hammasi lotincha yoki lotinchaga yahin soʻzlar. Men, shaxsan shunday deb bilaman.

Bir oz jim qolishdi.

– Boqijon aka, – dedi qiz uyalibroq, – bir narsani sizdan soʻramoqchi edim: biz sinfda Chexovning “Uyqu istagi”ni oʻqidik, goʻdakni oʻldirgan qizni sud qilmoqchimiz. Daʼvogar goʻdakning onasi – Rahima boʻladi, qoralovchi – Sharifjon. Sudyalar ham boʻladi. Men qizni oqlab, butun gunohni uning xoʻjayiniga, yosh qizni bu qadar berahm ekspluatatsiya qilgan kishiga qoʻymoqchiman. Mana shu… Shuni yozdim. Shu toʻgʻrida sizning fikringizni bilmoqchiman. Chexov shunday demoqchi emasmi?

Oʻrtoq Baqoyev oʻylab turib, soʻradi:

– Nafis adabiyot darsini sizlarga kim beradi? Hakimov? Axmoq odam! Oʻz ustida ishlamaydi. Savol alomati hammavaqt”mi” dan keyin qoʻyiladi desam, kuladi. Gap bunda ham emas…

Mukarram samovar koʻtarib kirdi. Hamida irgʻib turib, samovarni opasining qoʻlidan oldi va stolga qoʻydi. U, homilador xotinga samovar koʻtartirib, qarab oʻtirgan pochchasidan oʻpkalamoqchi edi, biroq uyaldi, indamadi. Oʻrtoq Boqijon Baqoyev juda chanqab turgan ekan, ustma-ust toʻrt piyola choy ichdi va terladi.

– Chuchvaradan keyin choy juda yaxshi ketadi-da, – dedi yuzidagi terni artib, – Himm… soqol ham oʻsipti, sartarosh boʻlmasa odamlar maymun boʻlib ketar edi. Maymun, juni toʻkilib, odam boʻlgan. Bu haqda engelsning fikri bor…

– Haligini aytmadingiz, Boqijon aka, – dedi qiz, – Chexov shunday demoqchi emasmi?

Oʻrtoq Baqoyev yana bir piyola choy soʻradi.

– Chexovmi? Himm… burjuaziya realizmi toʻgʻrisida soʻzlaganda, eng avval uning obʼyektiga diqqat qilish kerak. Burjuaziya realistlari tushungan, ular aks egtirgan obʼyektiv voqelikni anglash lozim boʻladi. Turgan gapki, Chexovning ijodi boshdan-oyoq, butun mohiyati bilan ilk burjuaziya realizmi, yaʼni… himm… Mukarram, tovuqqa moyak qoʻydingmi? Qoʻyish kerak, boʻlmasa daydi boʻlib ketadi… Tavba, tovuqdan ahmoq jonivor yoʻq – moyak qoʻysang tugʻadi! Nima guchun moyak qoʻysang tugʻadi? Xoʻroz nima uchun saharda qichqiradi? Ajoyib psixologiya! Biologiya oʻqiysizlarmi?

Hamida biologiyadan nimalar oʻqiganini, bu oʻqish yi-lida yana nimalar oʻtilajagini soʻzlab berdi va oʻzining oqlash nutqida fiziologik asoslar ham koʻrsatish niyati bor ekanini aytib, yana soʻzni Chexov ustiga burdi.

– Himm… – dedi Baqoyev,-Chexov toʻgʻrisida oʻzimning fikrim bor. Boshqalar nima desa desin, har holda uning dunyoga qarashida… Uning dunyoga qarashi Pushkin va Lermontovlarning dunyoga qarashidan farq qiladi. Bir davr, bir sinf, bir mamlakat yozuvchilari boʻlishlariga qaramasdan, mutlaqo farq qiladi!

– Chexov Pushkin bilan bir davrda yashagan emas-ku, – dedi Mukarram, – bizning kutubxonada uning Maksim Gorkiy bilan oldirgan surati bor. Chexov 1904 yilda oʻlgan boʻlsa kerak.

Oʻrtoq Baqoyev bir oz oʻngʻaysizlandi.

– Sizlar qaysi Chexov toʻgʻrisida gapirayotibsizlar? Choydan quy!.. Bu Chexov haqidami? Toʻgʻri, bu 1904 yilning birinchi yarmidami, ikkinchi yarmidami oʻlgan… Boshqa roʻmolcha ber, bundan piyoz hidi kelayotipti. Men ana u Chexov, ilk burjuaziya realizmining namoyandasi boʻlgan Chexov haqida soʻzlayotibman.

– “Uyqu istagi” qaysi Chexovniki? – dedi Hamida.

– Hech shubhasiz bu Chexovniki. Bu narsa birinchi marta “Sovremennik” jurnalida bosilgan.

Shundan keyin oʻrtoq Boqijon Baqoyev uzundan-uzoq soʻzlab ketdi. Uning nima toʻgʻrida soʻzlayotganini Hamida bilmas edi. Detirding degan allaqanday mashhur tanqidchi Shelling degan yozuvchiga “sen dastyorga zor boʻlguncha oʻgʻling dastyor boʻladi” deb xat yozgan; Marks Dobrolyubovni Mering bilan bir qatorga qoʻygan; Stending degan allaqanday bir dramaturg oʻlar chogida Demping degan bir tanqidchiga: “Agar butun jonivorlarni xudo yaratgan boʻlsa, men uning zavqiga qoyil emasman, echkiyemar ham jonivor boʻldimi?” degan…

Hamidaning boshi ogʻirlashib ketdi; ikki marta sekin, ogʻzini ochmasdan esnadi.

Hamida mezbonlar bilan xayrlashib koʻchaga chiqqanda qorongʻi tushgan edi; “Uyqu istagi” toʻgʻrisida pochchasidan hech qanday fikr ololmadi. Uning soʻzlaridan nima olgani haqida oʻziga hisob berar ekan, gʻuvillab turgan boshida shun-dan boshqa hech narsa yoʻq edi: praktikum, minimum, maksimum; Detirding, Stending, Shelling, Mering, Demping…

 

1937

 

Abdulla QAHHOR

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.