Achchiq qismatli shaxs fojiasi

0
356
marta koʻrilgan.

Erkin Aʼzam uslubidagi oʻziga xoslikning bir qirrasi xarakter yaratishda yaqqol namoyon boʻladi. Bu hol uning oʻndan ziyod qissalaridagi chinakam xarakter darajasiga koʻtarilgan qator obrazlar talqinida yorqin koʻrinadi. Muhimi, ular zamini real, muayyan voqelikdagi xarakterlardir. “Badiiy xarakterda subʼyektiv jihat ustunlik qiladi. Shuning uchun badiiy xarakter muammosini ijodkor estetik ideali va ijodiy metodi bilan bogʻliqlikda oʻrganish maqsadga muvofiq”[1].

Erkin Aʼzam estetik idealida insonni har jihatdan barkamol koʻrish, uning xarakteri takomilidagi fazilatu qusurlarni tabiiy, ishonarli aks ettirish, tasvir va ifodada esa realistik metod asosiy mezondir. Bu jihatdan “Shoirning toʻyi” qissasidagi xarakterlar alohida ajralib turadi. Qissada, adibning boshqa asarlaridan farqli ravishda achchiq qismat, foje qahramon xarakteri birinchi oʻringa oʻtadi.

Asar yaqin oʻtmishda yashab ijod etgan va qatagʻon qilingan taniqli shoir taqdiriga bagʻishlangan boʻlib, odatdagidek ijobiy va salbiy xarakterlar munosabatlari syujet asosini tashkil etadi. Ammo, voqealar va kechinmalar talqini anʼanaviy epik qolipdan boshqacharoq: obrazlarning hech biriga ism qoʻyilmay, ular oʻzlariga musbat yoxud manfiy munosabatini ifodalovchi soʻz bilan ataladi.

Shoir tavalludining sakson yilligini nishonlash tadbiri qissa voqealarining uyushtiruvchi markazdir. Hamma hodisa va lavhalar bevosita va bilvosita bosh qahramon – Otashqalb shoir hayoti tasviriga boʻysundirilib, uning achchiq qismati dahshatlari talqinida yakun topadi. Bu hol syujet tuzilmasida bir oʻzgachalikni vujudga keltirgan. Voqealar odatdagi ketma-ketlikda emas, balki epik unsurlarning aralash, sinkretik tarzda kechishini taqozo etgan. Shu bois, umumiy syujet anʼanaviy bayonda kompozitsion qoliplash (hikoya ichida hikoya) usuliga asoslanib, u ikki yoʻnalishda davom etadi: birinchi, hikoyachi muallif nutqi; ikkinchi, hikoyachi personajlar nutqi. Bulardan birinchisi, umumiy qolip boʻlib, u muallifning bayoni, qahramonga munosabati, lirik chekinish va subʼyektiv fikrlarini oʻz ichiga olsa, ikkinchisi, qahramon sarguzashtlari turli personajlar tilidan bayon etiladi.

Qissa voqealari zamon va makon jihatdan ikki davr va hududga mansub boʻlib, har ikkalasida ham Otashqalb shoir siymosi yetakchi. Bular: 1) oʻtgan asrning 30-yillari va 1956 yildan keyingi davri; 2) qahramonning oʻz vatani Oʻzbekiston va uzoq Sibirdagi hayot lavhalari. Har ikkala sathdagi voqealar oʻzaro mantiqan bogʻlanib, kompozitsion struktural yaxlitlikni shakllantiradi.

Asardagi epik voqea represpektiv syujet – qahramon hayotining soʻnggi daqiqalari, yubiley oʻtayotgan koshonaga kelishi bilan boshlanadi va mudhish qismati manzaralari keyingi tasvirlarda aks ettiriladi. Otashqalb shoir adolatsiz tuzum va riyokor gʻanimlar qurboni, haqgoʻyligi, millatsevarligi uchun tahqirlangan, Sibirga surgun qilingan. Ammo, peshonasida bor ekan, u ming azoblarni yengib, bugun oʻziga atalgan “tantana”da qatnashmoqda. Lekin uni hech kim tanimaydi. Adibning uni musofir muxlis deb atashida katta majoziy maʼno mujassam. Tashqi qiyofa tasviri esa uning metin irodali xarakterini kengroq tasavvur qilishga yordam beradi, kitobxonda ham achinish, ham hayrat tuygʻusini uygʻotadi: “Tizzadan kesilgan oyoqlarning poʻntigʻiga kirza etikning qoʻnjidan yasalgan qoplama kiygizilgan, ikkala qoʻlining ham tirsagidan pasti yoʻq – isqirt, yagʻiri chiqqan qop-qora paxtalikning shalviragan yenglari yuqoriga qaytarilib, bilakka chandib qoʻyilgan. Avji bahorning iliq oqshomi boʻlishiga qaramasdan, gʻaroyib muxlisimizning egnida qalin paxtaligu, boshida eskidan eski quloqchin, soch-soqoli oʻsib ketgan. Tashqi qiyofasidan bu yurtning fuqarosiga oʻxshamaydi, uzoqdan kelgan, juda uzoqdan, musofir. Ammo uning asov, baroq qoshlar tagidan boqib turgan oʻtli koʻzlarini koʻrgan odam bir seskanib tushishi muqarrar! Va uni shubhasiz ogʻir bir savol oʻrtay boshlaydi: bu qadar tiniq koʻzlar kimniki?[2]

Otashqalb shoir – dinamik xarakter. Unga daxldor har bir lavha va talqin real, ishonarli tarzda asoslanadi va xarakterning takomillashish jarayoniga tabiiylik bagʻishlaydi. Qissa boshlanishidagi voqealardayoq uning aftoda ahvolda oʻz yurtiga kelishining oʻzi favqulodda mustahkam xarakteridan nishonadir.

Darhaqiqat, “ozodlikka umidvorlik bilan yashayotgan” shoirni hech narsa ona tuproqqa borishdan qaytara olmas edi, ammo bu orzu oson kechmadi, xayolida turli fikrlar oʻtdi. “Ikki haftacha vagonma-vagon yurib, poyezddan tushgach, vokzal yaqinidagi tashlandiq bir kulbaga joylashib, shahar kezib, xotirasida biron-bir narsani tiklamogʻi dushvor boʻldi[3].

Bu oʻrinda voqea va ruhiy holat uygʻunligi namoyon boʻladi. Surgundagi beayov iztiroblar tafsilotlari emas, balki ularning qahramon qalbidagi dahshatli oqibatlari tasvirda oldingi oʻringa chiqadi va mahbusning ruhiy olamidagi tizginsiz alamlarini yanada kuchaytiradi, unga haykal qoʻyilishi va “nomini abadiylashtirishga” qaratilgan boshqa tadbirlar ham yovuzlikka qarshi qasos oʻtini oʻchira olmaydi. Afsuski, uning bu boradagi imkoniyatlari cheklangan: tili, oyoq-qoʻllari kesilgan, faqat koʻz va quloq omon qolgan. Lekin, jismonan majruh, ong-shuur xiralashgan, es-hush kirarli-chiqarli darajada boʻlsa-da ruh tetik, maʼnaviyat but: Umid va Ishonch tirik, halqqa, Vatanga sadoqat – suyanch!

Shoir “toʻyi” lavhasi voqealar rivoji va personajlar kurashining kulminatsion nuqtasi boʻlib, konflikt ikki xil yoʻnalishda kechadi: 1) Otashqalbning doʻstlari va gʻanimlari oʻrtasida; 2) Otashqalb bilan vaziyat va dushmanlari oʻrtasida. Bulardan birinchisi, fikrlar janggi tarzida, ikkinchisi, qahramon qalbida ichki kolliziya tarzida voqe boʻladi.

Qissadagi Oqsoqol shoir va Ajoyib domla obrazlarining Otashqalbga munosabatlari talqinida chinakam shoirni “xalq dushmani”ga aylantirgan tuhmat, toʻqilgan xayoliy “afsona” mujassamlashgan. Anjumanni qahramonimizning yoshlik doʻsti Oqsoqol shoir tomonidan ochilishi tasodifiy boʻlmay, unda muayyan estetik maʼno bor: Otashqalb fojiali qismatining asosiy sababchilaridan biri oʻsha! Bu jarayon tafsilotlari qissada muallif nutqi orqali berilib, ularda birinchidan, Oqsoqol shoir munofiqligiga munosabat, ikkinchidan, Otashqalb xarakteridagi inʼikosi yoritiladi. Jumladan, Oqsoqol shoir Otashqalb isteʼdodini koʻrolmagani, shuhrati oshayotganiga xavfsirashdan tashqari, doʻsti sevgan qiz Moviykoʻzni ham talashgani gʻanimlik asoslari sifatida sharhlanadi.

Otashqalbning fojiali qismati aybdorlaridan biri maʼruzachi Ajoyib domla Oqsoqol shoir obrazini toʻldiruvchi salbiy personaj maʼnaviy inqirozini ifodalovchi tipik timsoldir. Ajoyib domla demokratiya va yubiley bahonasida qattol qilmishlarini niqoblab, jamoat fikrini chalgʻitishga urinadi, hatto Otashqalb surgunda bir daqiqa ijodini toʻxtatmaganini, bir qancha sheʼru dostonlar yaratgani, lekin bularni nazoratchi maʼmurlar oʻsha zahoti yoqib tashlaganlari haqida ogʻiz koʻpirtiradi va bunday ijodga ofarinlar aytadi.

Ushbu safsataning fosh qilishni muallif boshqa personaj zimmasiga yuklaydi. Bu oʻrinda Jasur shoir nutqidagi quyidagi fikrni keltirish xiyonatkorlar niqobini ochish uchun yetarlidir:

“Hurmatli doʻstlar, siz bilan biz Otashqalbga oʻxshagan zotlarning qora qismatga duchor boʻlganida koʻpincha zamonni qoralaymiz. Toʻgʻri, zamon nobop kelgan, nosoz kelgan. Ammo, zamon mavhum tushuncha, uning “parragu vintchalari” oʻzimiz edik-ku! Axir, toʻrt-besh sheʼriy toʻplam muallifi boʻlgan yoshgina shoirni Stalin yoki Yejov qayoqdan biladi, toʻgʻrimi? Demak, Otashqalbni tanigan-bilganlar shu koʻyga solgan. Ulardan baʼzilari hozir barhayot, mana shu yerda savlat toʻkib oʻtirishibdi”.

Adib Otashqalb obrazini yaratishda uning xarakteri shakllanishidagi hayotiy asoslar va bosqichlarni bevosita u yashayotgan muhitdan, vaziyatdan, odamlar bilan munosabatdan keltirib chiqaradi, qahramonni ideallashtirish, havoyi ohanglarda tasvirlashga yoʻl qoʻymaydi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, qissaning tagmaʼnosida tarixiy siymolar, hayotdagi real hodisa narsa va joy nomlariga muayyan ishora seziladi. Bunda tarixiylik tamoyili ifodasi ancha soʻnik boʻlib, umumiy fon vazifasini bajaradi va muallifning badiiy tafakkuri qatlariga singib ketadi, tasvirning yaxlit silsilasida esa adib ijodiy hissasi, kashf etish salohiyati yorqin va ustuvordir. Bu oʻrinda Otashqalb bilan taqdirdosh ijodkorlar Usmon Nosir va Choʻlpon nazarda tutilmoqda.

Adib yangi obraz yaratishda bu ikki shoirga xos ayrim xususiyatlardan sintez yoʻli bilan prototip sifatida ijodiy foydalanadi. Zero, qahramon umrining qator jihatlari bilan qatagʻonga uchragan yuqoridagi shoirlar qismati oʻrtasida muayyan oʻxshashlik, yaqinlik bor, lekin aynan shular deb boʻlmaydi.

Bu oʻxshashlik Usmon Nosir shaxsiyati, harakat-intilishlari doirasida, Choʻlponning esa ijodi, muayyan asarlariga munosabat aspektida koʻproq aks etadi.

Usmon Nosir xarakteridagi qiziqqonlik, kuyunchaklik, haqsizlikka murosasizlik, tantilik va mardlik kabi xislatlar, bir guruh kishilarning Sibirga borib, qabrini ziyorat qilishlari, uni bilganlar bilan muloqotda boʻlishlari, shuningdek, jabrdiydani surgundan ozod qilishni soʻrab yuqori tashkilotlarga ariza yozganiga oid real voqealar qissa qahramoni sarguzashtlariga hamohang. Ammo, bu monandlik badiiy kontekstda boʻlgani va ijtimoiy-estetik jihatdan qayta sayqal topgani, mazmunan boyitilgani bois originallikka monelik qila olmaydi.

Qissada Choʻlponga aloqadorlik uning ikki asarining Otashqalbga nisbat berilishi va bevosita matnda tasviriy vosita sifatida qoʻllanilishida koʻrinadiki, bu hol adabiyotning badiiy shartlilik xususiyati bilan asoslanadi. Jumladan, Choʻlponning mashhur “Adabiyot nadur?” asari qissada “Sheʼriyat nadur?” shaklida Ajoyib domla nutqida tilga olinib, Otashqalbning “adabiyotshunoslar uchun hali-hamon bebaho qoʻllanmasidir” deya baholansa, “Sen-sen” sheʼriga kengroq oʻrin ajratiladi.

Koʻrinadiki, zamondosh va kasbdosh Usmon Nosir, Choʻlpon qismatlaridagi Otashqalbga oʻxshashliklar milliylik va ijtimoiy pozitsiya qanchalik yaqin boʻlsa-da, obrazlar orasiga tenglik alomati qoʻyib boʻlmaydi. Chunki, dastlabki ikki shoir – tarixiy, Otashqalb esa badiiy qiyofa. Yaʼni, muallif badiiy niyatiga koʻra individuallashgan va ayni chogʻda umumlashma obrazdir.

Asar yechimida kutilmagan tarzda fojiaga nuqta qoʻyiladi: “Oʻsha kecha shaharda ikki sirli oʻlim hodisasi yuz berdi. Biri, Oqsoqol shoirning oʻz dachasida yurak xuruji va “qoʻl-oyoqsiz tasqara bir vujuddan” boʻgʻziga tushgan zarba natijasida vafot etishi. Ikkinchisi, muallif Otashqalbga nisbatan “oʻlim” soʻzini qoʻllamaydi. Bu maʼno oʻsha olagʻovur vaziyatdan, nogironga tegishli hujjat va gʻalati ashyolardan anglashilardi.

Umuman, ushbu qissa qatagʻon mavzusida oʻzbek adabiyotida yaratilgan sara asarlardan biri, Otashqalb shoir esa achchiq qismatli shaxs fojiasining realistik ifodasidir.

 

Feruza RAJAPOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–2

 


[1] Dragomeretsskaya N. Problemiʼ teorii literaturiʼ. M. Nauka. 1968. – S.101.

[2] Erkin Aʼzam. Kechikayotgan odam. Qissalar. Toshkent. Sharq. 2002. B. 314-315

[3] Oʻsha joyda. B. 334.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.