Abdulla Qodiriy haqida xotiralar

0
807
marta koʻrilgan.

Dunyoda Abdulla Qodiriydek baxtiqaro yozuvchi kam boʻladi. Mustabid shoʻro jallodlari uni qatagʻon qildilar, ming bora jabr koʻrsatdilar, oxiri oʻldirib qutuldilar. Dunyoda Abdulla Qodiriydek baxtiyor yozuvchi ham kamdan-kam boʻladi. Har qanday qatagʻonlarga, qamoqqa tiqilish va surgun boʻlish xavfiga qaramay, kitobxonlar “Oʻtkan kunlar”ni oʻqiyverdilar, oʻqiyverdilar, oʻqiyverdilar!..

Yaxshi otadan yaxshi farzandlar, yaxshi adibdan esa farzandlar va yaxshi asarlar qoladi, degan gap bor. Chindan ham shunday. Qodiriy domlaning farzandlaridan biri – Habibulla Qodiriy yaxshi inson va isteʼdodli qalamkash edi. Habibulla akaning “Otam haqida” kitobining dunyoga kelishi ham asl farzandning ota oldidagi burchini ado etishiga misol boʻla oladi. Habibulla akaning bu kitobi tezda mashhur boʻlib ketdi. Sababi – unda el sevgan adibning Inson sifatidagi olami tasvirlangan edi…

Oʻtkir HOSHIMOV,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

 

BEGONA MEHMONLAR

1932 yil boʻlsa kerak, bogʻimizning avji obod boʻlgan choqlari, pishiqchilik kezlari edi. Bir kuni kechki payt uyimizga er-xotin kirib keldi. Er oʻttiz besh, ayol oʻttiz yoshlarda, ikkovlari ham ovrupacha kiyingan. Boʻychan, chiroyli oppoq yuzli. Ayolning egnidagi qoʻsh etakli uzun oq koʻylagi oʻziga juda yarashgan edi. Nazarimda, ular begona, uyimizga birinchi bor kelishlari edi.

Dadam ularni shiypon hovlisiga, ustullarga oʻtqizdilar. Tanishish, oʻzaro suhbat boshlandi. Chiroyli ayol erlar suhbatiga bir oz quloq solib oʻtirgach, asta turib shiyponimizni tomosha qildi va ichkari hovliga oʻtib, uy-oilamiz bilan tanishdi. Oyim non yopar edilar, mehmonni qarshilab, supaga taklif qildilar va tandirdan non chiqarib xontaxtaga qoʻydilar. Biroq ayol oʻtirmadi, ushatilgan nondan bir tishlam yemadi ham va hatto ikki ogʻiz iliq soʻz aytmadi ham. Qoʻlidagi yelpigʻichni oʻynab, indamay shiyponga qaytdi va suhbatlari tugagan eri bilan tezgina joʻnab ketdilar. Kechlik chogʻi oyim dadamdan soʻradilar:

– Kelgan mehmonlar kim ekan?

– Bilmadim… “Julqunboy bilan bir tanishib, uyini koʻrib oʻtaylik”, deb kelishibdi chogʻi, – dedilar dadam kulib va shoʻrvaga non toʻgʻrab ilova qildilar: – Maorif komissarligida ishlashadi, chamasi…

Xotini juda dimogʻdor koʻrinadi… – dedilar oyim.

Dadam darhol javob qilmay, toʻgʻralgan non ustiga murchli piyoz sochdilar va qoshiqlab yeya boshlab, dedilar:

– Toʻrt narsa kishini kibr-havolantirar ekan: boylik, ilm, martaba va husn.

Dadamning ushbu soʻzlari xotiramda hamon saqlanib qolgan. Kibru havo dardiga yoʻliqqan biror kimsani uchratsam, darhol shu xotiralarni qayta-qayta eslayman…

 

PAYRAHA ORQALAGAN “OLIM”

Dadamning Mullo Alijon ismli ustozlari boʻlar edi. U kishi Buxoro madrasalaridan birida tahsil koʻrgan, zamonasining yetuk ulamosi, inqilob boshlarida rus-tuzem maktabida dadamizga dars bergan, nihoyatda kamtar, beozor, qobil kimsa edi. Shu kishi bir marta biznikida mehmon boʻlganlarida dadam bilan suhbatlashib oʻtirib, boshidan oʻtgan bir voqeani hikoya qilib berdi:

«Buxoroyi sharifdan madrasani tahsil qilib kelgan yigit choqlarim edi. Ilmimga juda faxrlanganman: boshimda simobi salla, egnimda jiyakli oq jujun koʻylak, ustidan banoras toʻn, oyogʻimda amirkon maxsi-kovush, koʻchada viqor bilan yuraman, uncha-munchani pisand qilmayman, goʻyo mendan oʻzga madrasa tahsil qilgan kishi yoʻq…

Shunday yasangan holatda, bir kun kechki payt, Chorsudan Chuqurkoʻprik orqali uyga qaytar edim. “Qabz ota” qabristoni yaqiniga kelganimda amakimni uchratib qoldim. Amakim keksayib qolgan, bechorahol odam edi. U kishi yalangoyoq, eski kiyimda, Chorsudagi romsozlikdan bir qop tutantiriq-payraha koʻtarib uyga borar edilar. Men u kishiga salom berib, odob yuzasidan:

– Qopingizni koʻtarib olaqolay, amaki, – dedim.

Amakim:

– Mayli, mulla, – dedilar-u, payrahalari koʻrinib turgan yirtiq qopni yelkalaridan tushirib, menga tutdilar.

Amakimning bu “betamiz”ligidan men juda hayron boʻlib qoldim.

Olmay desam, oʻzim taklif qilib qoʻyganman, olay desam, ustimdagi “shohona” kiyimlar bilan yirtiq qopda payraha koʻtarib yurish… Nomus kuchli, qopni orqalab keta boshladim. Amakim ortimda sekin kelardilar. Shunday kiyimlarda payraha orqalab borishimga oʻtkinchilar taajjublanib qarashardi.

Chuqurkoʻprik guzariga tushib borganimda uyatdan ter quyib ketdim. Chunki guzarda ikkita choyxona boʻlib, kechki payt liq toʻla choyxoʻrlar oʻtirishardi. Hammasining koʻzi menda. Yerga boqib, guzar oʻrtasidan oʻtdim… Guzardan oʻn besh-yigirma odim uzoqlagan edim, amakim orqamdan yetib kelib yelkamdan qopni oldilar va mening:

– Qoʻyavering, oʻzim uyga olib boraman, – deyishimga:

– Yoʻq, shunisining oʻzi kifoya, mulla… – dedilar va yukni orqalab ketaverdilar.

Oʻylab bilsam, amakim shu ishni joʻrttaga qilgan ekanlar. Shu kundan eʼtiboran koʻzim ochildi. Kibr-havo bilan vidolashdim.

Xullas kalom, donishmandlar aytadilar: “Takabburlik, magʻrurlik yomon xulq va aqlsizlikdan nishonadir. Takabbur haqiqatni inkor qiladi, oʻzini oʻzgalardan baland va aqlli qoʻyadi, boshqalarga nafrat bilan qaraydi. Turli kelishmovchiliklar, adovat, dushmanlik kibrdan hosil boʻladi. Kibrli odam hayotda koʻp mashaqqatga, azob-uqubatlarga, xalq nafratiga, gʻazabiga duchor boʻladi va oxiri xor-zorlikka, halokatga uchraydi”.

 

Habibulla QODIRIY

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.