Abadiyatga yoʻl

0
109
marta koʻrilgan.

Daho sanʼatkorlar qalamiga mansub asarlarning katta-kichigi boʻlmaydi. Ularning har birida hayot haqiqati oʻzining mukammal badiiy ifodasini topadi.

“Munojot” – Alisher Navoiy umrining oxirida bitgan asarlaridan biridir. U shu vaqtga qadar bizda eʼlon qilinmagan edi.

“Munojot” – Allohdan najot tilab, iltijo etmak, demakdir. Ulugʻ shoir mazkur asarida oʻzining butun hayotiy va ijodiy yoʻliga yakun yasaydi, Yaratguvchiga dil izhori bilan murojaat qiladi. “Munojot” matniga diqqat qilsak, shoir satrlari orqali uning dunyoqarashi, shaxsiy hamda ijodiy taqdiri ilgʻor gʻoyalar bilan sugʻorilganiga amin boʻlamiz.

“Munojot” asosan tavba-tazarru bayonidan iboratdir. Shoir unda turmushning behuda yugur-yugurini insonning asl his-tuygʻulariga qarshi qoʻyadi. Shoir voqelikning nomukammalligidan shikoyat qiladi, yolgʻiz Allohdan najot kutadi. “Munojot” – mazmun bilan shakl uzviy birligining betakror namunasi hamdir. Navoiy tili unda oʻzining butun qudrati, butun nafosati ila namoyon. Bu til – tafakkur tili, his-hayajon tilidir. Shu boisdan u musiqa kabi dillarimizni yayratadi. Har bir soʻz, har bir tovush muallifning ruhiy holatini ochib berishga xizmat qiladi. Navoiy qoʻllagan oʻxshatishlar, taʼrifu tavsiflar faqat Allohga emas, balki shoirning oʻziga ham qaratilgandirki, bular uning ruhi pokligidan dalolat beradi, yaralangan qalbining malul ahvolotidan bizni ogoh etadi.

“Munojot” – Navoiy ezgu niyatlarining, samimiy intilishlarining samarasi oʻlaroq.mohiyatan kelajak avlodlarga qarata bitilgan asardir. Unda mutafakkir shoir inson zotini oʻzligini anglashga, maʼnaviy kamolot, imonning salomatligi yuksak maqsadlar sari intilishga daʼvat etadi, bu yoʻlda toʻsqinlik qiluvchi jamiki illatlarga berilmaslikka chaqiradi.

 

Suyima GʻANIYEVA,

Oʻzbekiston Qahramoni, navoiyshunos olim


 

MUNOJOT

Bismillahir-rahmonir-rahim.

Qutlugʻ isming ulugʻ marhamatlilik va mehribonliging taʼzimga vojib. Ism sening isming va marhamatlilik va mehribonliging sening ulushing. Sen ganj va yaratilish – tilsiming. Isming goʻzal ismlar sifatining jamʼi, rahmonlik va rahimliligingga yuz ming shukur va maqtovlar. Rahim ham sen, rahmon ham sen, azim ham sen, subhon ham sen. Allohga maqtovlar boʻlgay, ne ylygʻlik va buyuklikkim, sendan oʻzgaga yaratilish nisbati boʻhton va tuhmatdir. Zoting abadiy rost, vujuding mangu paydo boʻlgan. Sendan oʻzga mavjud koʻringanlar nomavjudlik koʻrinishidir, balki mutlaqo yoʻqlikdir. Vujud va mavjuddan maqsad – sen. Shoning oliy, ehsoning umumiy. Oʻzingdan oʻzga Maʼbud (Iloh – S.oʻ.) yoʻqdir, ey doʻst va mutlaqo mavjud zot.

HAMD. Ilohi, ulugʻlik va buyuklik sening shoningdadir, podshohlik va farishtalar olami sening hukm hamda farmoningdadir. Azaliyligingga ibtido (boshlanish – S.oʻ.) yoʻq va abadiyligingga nihoyat yoʻq. Dahr (olam – C.oʻ.) gulshanida har giyoh va har yaproq sening madhingni aytadi va sipehr anjumanida har harf va har varaq sening neʼmatingga shukr qiladi. Jamoling boʻstonida sakkiz jannat bir yoqimli rayhon kabi va qudrating zindonida yetti doʻzax bir jon qiynovchi oʻtli shamol kabidir. Hashamating saroyida bir zarra – nurli quyosh va sanʼating suratxonasida osmon bir lavhaginadir. Agar yuzlab olamni paydo etay desang, “Boʻl, desa boʻladi” iborasi yetarli va minglab narsalarni yoʻq qilay desang, “toʻzigan chang” ishorati basdir. Yagonalik sifatida sen sherik va vazirdan ozod va yolgʻizlik siyratida ota va boladan xoli. Ilming daryosida har gavhar yulduzlar durridan pokroq, mulking shahrida har lola quyosh mashʼalidan otashnokroq. Tengsizligingga “Unga oʻxshash biror narsa yoʻq,” (iborasi) chin guvoh, bepayvandligingga “Tygʻmashan va tygʻilmagan ham” iborasi muvofiq dalildir. Har narsaga tashbeh qilinsa, oʻxshamassen, yaxshi qaralsa, ul sendur va sen ul emassen. Seni madh etishda soʻzlovchilar tiliq, maqtovingda notiqlar majolsizlikdan hayratda. Bu bobda “Sening maqtovingni aytib tugata olmaymiz” deyilganidek, har qancha soʻzamollar ham dam ura olmasa uzrlidir.

 

PAYGʻAMBAR MADHIDA

“Odam (Ato) suv bilan tuproq tarkibida yotgan davridayoq men (Muhammad) paygʻambap edim” mantiqi bilan nabiylar peshqadami, ularning oxirgisi va kenjasidir. Allohning doʻsti, Muhammad Allohning elchisi, unga Allohning salomi (boʻlgʻay). Yuz yigirma ming elchi paygʻambarning yaratilishidan maqsad – ul va yaratilish unga sabab. Paygʻambaplik taxtida baxtli bosh ustidagi toj, paygʻambar va elchilar orasida sohibmeʼroj (yaʼni koʻkka koʻtarilishga erishgan. – S.oʻ.), avvaldan oxirga qadar (barcha) hollarda hamma uning shafoatiga muhtoj. Inoyatli Buroq – uning baland, yoʻrgʻali oti va toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi Jabroil uning yashindek tezyurar xabarchisi. Meʼroj tuni – uning kechki yotogʻi va “vaqtdagi yuksakligi” – uning maqomi. “Allohning salom va rahmatlari ul zotga, pok oila aʼzolariga va toza sahobalariga boʻlsin”.

MUNOJOT.

Ilohi, sen himmatlilar himmatlisi va men – gunohkor.

Ilohi, rahimlilar rahimlisi sen va men qora kunga qolgan.

Ilohi, agar-chi qattiq aybdorlikdan boshqa ishim yoʻq, ammo sendan oʻzga ham kishim yoʻq.

Ilohi, yoʻq edim, bor etding, bola edim, ulugʻlar martabasiga yetkarding, ammo nafsu havo yelidan toat-ibodatim niholini sindirding va sihhatim guruhini gunoh sipohlari hujumidin tarqatting.

Ilohi, yomon feʼlimdan parishonligim koʻpdir va shum nafsimdan pushaymonligim yoʻqdir, bunday balodan qutulishga umidim sendan aniqdir.

Ilohi, oʻzlik yomonligidan oʻzligim bilan oʻta olmayman va yaxshilaring etagini yomonligim uyatidan tuta olmayman.

Ilohi, yillar ibodat qilganni rad etsang, hech kim aralasha olmas va asrlar isyon qilganni qabul qilsang hech kishi hikmatini bila olmas.

Ilohi, Odam (Ato) xalifalik taxtiga oʻzi munosib boʻldimi, sening taqdiring boʻlmay, shayton tersligining soʻzimi boʻldi?

Ilohi, fisq va fujurni ham, zuhd va taqvoni ham berguvchi sen, bir necha ojizni ular tuhmati bilan bogʻlamoqlik nedir?

Ilohi, inoyatingga umidvormanki, gunohim behaddir, rahmatingga sazovormanki, xato va kamchiliklarim behisobdir. Ilohi, dardi holimni har kimga aytsam rad qilsa, senga yuzlangayman va agar sen rad qilsang netkayman va kimga ketgayman?!

Ilohi, sening yoʻlingda turpoq yoʻliqsa toʻtiyodir va kesak yetishsa kimiyodir, sendan boshqa qizil oltin qora tuproqdek beqadru kambahodir.

Ilohi, yomonligimdan garchi koʻp alamim bor, gʻamxonim sen boʻlsang ne gʻamim bor.

Ilohi, boylikka moyillik iplarini koʻnglimdan uz va nafsoniyat qoron-gʻiligida toʻgʻrilik shaʼmi bilan oʻzing sari yoʻl koʻrguz.

Ilohi,, u uzun yoʻl va mashaqqatli vodiyda inoyating bilan yoʻlla va uni bosib oʻtishda oyogʻim toyilsa, madading bilan qoʻlla.

Ilohi, bu yoʻl sayrida shaytonni atrofimga yoʻlatma, agar u yov yaqinlashsa, ibodatimdan ne qolgʻay, inoyatingni kam qilma.

Ilohi, taqvo bergilki, aldovchi nafs unga magʻlub boʻlsin, parhezkorlik nasib etgilki, nobakor shayton boshi uning oyogʻi ostida boʻlsin.

Ilohi, gʻaflat uyqusidaman, bedor qil va jaholat mastligʻidaman, hushyor qil.

Ilohi, bu bedorlikni ogohlikka yetkur va u hushyorlikni xatosizlikka ulantur.

Ilohi, hiylakor shayton menga dushmandir va oʻzboshimcha nafs ish buyurguvchidir, bu girdoblarda sen madadkor boʻlmasang, voy menga.

Ilohi, agar xislatim egridir, niyatim toʻgʻridir. Bu jihatdan agar qoʻrqinchim bordir, ammo umidim birga yuzdir.

Ilohi, feʼl-atvorimga qarasam uyat oʻldirur va sening marhamatingni oʻylasam, umid tanamga jon kiritur.

Ilohi, sendan yomonlik kelmas va mendan – yaxshilik, sen yaxshilik, sen yaxshisan va men – yomon, har kimning oʻziga yarasha qiligʻi bor. Tikanning ishi sanchilmoq uchun uni kuydirmoq munosibdir. Bahor fayziga koʻra gul unga musohibdir.

Ilohi, tuproqdan el koʻziga qopongʻylik yetar va quyosh (oʻz) nuri bilan olam ahli koʻzini ravshan etar.

Ilohi, har neki qilinsa, sening taqdiringdir, qilgʻyvchiga qilmoqqa ne tadbirdir.

Ilohi, taqdir qilganing beixtiyor bajariladi, qilmasman demakka kimning haddi bor?

Ilohi, agar-chi adashibman, ammo toʻgʻri yoʻl koʻrsatishingga talabgorman, agarchi doʻzax oʻtiga tushibman, ammo rahmatingdan umidvorman.

Ilohi, sen madad qilmasang, aso nimayu, itning dumi nima va sen pardapoʻsh boʻlmasang, rido (darveshlarning ustki kiyimi. – C.oʻ.) nimayu, eshak yopinchigʻi nima?

Ilohi, toatingga havasim bor, ammo nafsga magʻlubman, ibodatingga iltimosim bor, ammo ishq va devonalikka giriftorman.

Ilohi, behuda ishlar mayidan mastman, gʻypyp va riyo jomidan mayparastman, bular bilan shaytonga qoʻldoshman.

Ilohi, parichehralarga meni devona qilding va shaʼmruxsorlarga koʻnglimni parvona qilding, bu sabablardan rasvoligʻ bilan olamga afsona qilding.

Ilohi, necha zanjirdek zulflar savdosidan boʻynimda zanjir boʻlgʻay, necha xushboʻy xol xayolidan koʻnglim asir (boʻlgʻay). Sen bu xil taqdir qilgan esang, menga ne tadbir?

Ilohi, koʻnglim mamlakati qora kipriklar safi hujumidan vayrondir va sabrim uyi gulrang yuzlilar terlari selidan qulab tushgandir.

Ilohi, har otashin laʼl mening oʻt tushgan jonimdan bir koʻrinishdir va har serob gʻunchada mening koʻp paykonli koʻnglim shakli namoyondir. Bu ofatlarning iloji senga osondir va menga qiyin.

Ilohi, shoʻx goʻzallarga har yon oshiqish paydo qilasan va ularning har yon oshiqishidan mening shaydo koʻnglimga har dam iztirob solasan.

Ilohi, ularga bu oshiqishdan toʻxtash yoʻq va menga bu iztirobda ixtiyor yoʻq, ularning dilraboligi ham sendan va shaydo koʻngilning mubtaloligi ham sendan.

Ilohi, birov husniga malohat berursan va uning tuzini mening koʻnglim jarohatiga sepursan.

Ilohi, birov kipriklarini zaharli etarsan va uning uchini mening yaralik bagʻrimra sancharsan.

Ilohi, shamʼ husni bezanmagi ham sendin va parvona joni oʻrtanmagi ham sendin.

Ilohi, gul yuziga yoqimlilikni ham sen berding va bulbul figʻonu zoriga kuyinishni ham sen berding. Agar qaysi gulyuzli shamʼ ishqi oʻtini koʻnglimga solding, parvona va bulbuldek sabru qarorimni olding.

Ilohi, agar ishq azoblaridan bazm tuzdim va may seli ofatidan taqvo va zuhdim uyin buzdim. U qandayin may ichmaklik va qadaq tutmaklik edikim, qadah-qadah qon yutmaklik edi.

Ilohi, hajr qiynogʻidan (koʻnglimga) dogʻlap bosdim, dini islom ekinzorida xirmonlar kuydirdim.

Ilohi, har dogʻ qoraligʻidan sihhatim yuzini qaro qildim va uning dudidan imonim roʻzgʻorini qaro qildim.

Ilohi, agar havasdan bosh-oyoq yalang har yon yugurdim, boshdan-oyogʻim yomon ekanini xaloyiqqa bildirdim.

Ilohi, agar shavq telbaligida koʻksimga tosh urdim, u tosh bilan or-nomusim shishasini sindirdim.

Ilohi, goho bu junundan balolar toshini boshimga yogʻdirdim, goho doʻstlar malomati nayzasini koʻnglimga yetkazdim.

Ilohi, qaysi isyon qorongʻiligʻi bilankim, sihhatim yuzi qoraymadi, qaysi haqsizlik azobikim, men qaro yuzlikka yuzlanmadi.

Ilohi, yigitligim bu navʼ qattiq va achchiq oʻtdi, qariligʻda yuz marta oʻzimni oʻldirsam ne foyda?

Ilohi, endi barchadan kechmoqni xayol qilurman, (lekin) oʻzligimdan kecha olmayman, aniq bilurman.

Ilohi, modomiki, bu balolarga solding, qutqar va modomiki, bu mubtaloliklarga kiritding, chiqar.

Ilohi, men banda tavba qildim, desam ne foyda, sen tavba bergilki, ham tavba qabul qiluvchisan, qam (sigʻiniladigan) Allohsan.

Ilohi, el ado etmaguncha namoz qilmaganim – maqtanchoqlikdir, oʻsha namoz uchun (kiyilgan) janda va rido – oʻziga oro berishdir.

Ilohi, shunday namoyishu oroyishdan koʻnglimni pok qilgʻil va bu xil shayton libosidan jismimni xoli etgil.

Ilohi, toatga tavfiq bersang, aldovdan asra va ibodatga yoʻl koʻrsatsang, xatodan asra.

Ilohi, toatki, shuhratparastlikka keltirsa, koʻnglimga yaqinlashtirma, gunohki uzrga yetkirsa, tilimdan uzoq tutma.

Ilohi, ilojsiz dardga chalintirma, muruvvatsiz nomardga xor qilma.

Ilohi, beasllarga xorlikdan asra, bediyonatlar tuhmatidan saqla.

Ilohi, johil suhbatiga band qilma va razillar hashamatiga hojatmand etma.

Ilohi, noshukrlar muloyimatidan yiroq tut va haqshunoslar xiraligidan nari qil.

Ilohi, koʻnglimni dardu shavqing muhabbati bilan ovut va koʻzimni pushaymonlik yoshlari bilan ravshan qil.

Ilohi, tilimni beqiyos neʼmatingni zikr qiluvchi ayla va koʻnglimni hamdu maqtovingga shukr qiluvchi ayla.

Ilohi, qalamim hamdingni yozishga mashgʻyl va yozganlarim xaloyiq koʻngliga maqbul bylgʻay.

Ilohi, zamirimga takabburlikni yaqinlashtirma va xotirimni elga foydali (ishlardan) ayb axtarishga yoʻlatma.

Ilohi, podshohi islomni (yaʼni Husayn Boyqaroni. – C. F.) hamisha musulmonlar boshida tutgil, yaʼni koʻlankangni bandalaring ustida doimiy qilgil, to shohu gadoga duogoʻylik qilayin, vassalom.

 

Matnni hozirgi zamon oʻzbek tiliga Suyima GʻANIYEVA oʻgirgan.

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.