Ertak va dostonlar tarkibidagi tushlarning oʻzaro qiyosiy tahlili

0
939
marta koʻrilgan.

Tush ertak va doston janri tarkibida muhim badiiy kompozitsion yuk tashuvchi motivlardan biri ekanligini yuqorida tahlil etilgan qismlar xulosalari isbot etadi.

Aslida, har qanday badiiy asar, shu jumladan, folklordagi tushlarning zuvalasi ham bevosita hayotdan, odamlar koʻruvchi tushlardan olinadi. Har ikki holatda ham tush ruhi ravonning oʻziga yonma-yon zamon va makonga sayohati sifatida anglanib, oʻz mantigʻi bilan voqe boʻladi. Hayotdagi tushlar kommunikativ vazifa bajarishsa, sanʼatdagi, jumladan, ertak va dostonlardagi tushlar badiiy-kommunikativ yuk tashiydi.

Hayotdagi va ertak, dostonlardagi tushlar kelayotgan xabarning amalga oshuvidagi muddatlarning shartli boʻlishiga koʻra ham bir-biriga oʻxshab ketadi.

  1. Kishi (hayotda), qahramon (asarda) taqdirini toʻla qamrovchi tushlar. Bu xil tushlarning amalga oshishida uzoq muddatlar, koʻpincha, koʻruvchining umri davomidagi vaqt oʻtadi. Bu keng qamrovli davrdan xabar beruvchi tushlar oʻta timsoliy, umumiy tarzda namoyon boʻladi.

Har bir kishi oʻz hukmi davomida bu xil tushlarni koʻradi. Bu tushlar bevosita koʻruvchining oʻzi yoki yaqinlari taqdiriga bogʻliq kelishi mumkin. Namuna sifatida mashhur sozanda Turgʻun Alimatovning otalari koʻrgan tushni keltiramiz: “Alimat subhi damda uygʻonib, ibodatini qilib, onasi huzuriga kirdi.

– Ona, bir tush koʻrdim. Tushimda osmondagi oy hovlimizdagi mana shu tolga qoʻnibdi. Qoʻl uzatsam yetgudek ekan. Olib, yaktagimning qoʻyniga soldim. Birov koʻrib qolmadimikan deb, u yoq-bu yoqqa qarasam, hech zogʻ yoʻq, uygʻonsam tushim.

– Senga xudoyim qoʻchqorday oʻgʻil berarkan, bolam. Tolei oydek munavvar, nomi yetti iqlimga mashhur boʻlarkan, bolam”.[1]

Chindan ham Alimatovning otasi koʻrgan tushi keyinchalik, qariyb yarim asrdan ortiq vaqt oʻtib, oʻgʻlining taqdiri sifatida oʻz tasdigʻini topdi.

Biz ishimizning ushbu boʻlimi davomida tahlil etgan “Musofirbek” ertagi, “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonida Shoxdorxon va “Yusuf va Ahmad”da Goʻzalshoh koʻrgan tushlarni ushbu guruhning yorqin namunasi sifatida keltirish mumkin.

  1. Vaqt va amalga oshuvi jihatidan qisqaroq muddatni qamrovchi tushlar. Bunda uch kun, uch hafta, uch oy va nihoyat uch yilgacha vaqt oraligʻida tush bildirgan xabar amalga oshadi, deb anglangan. Hayotda roʻy beruvchi ayni turdagi tushlarga yozuvchi Abdulla Qodiriy koʻrgan tushni misol qilib keltiramiz: “U kishi: – Bugun bir bemaza tush koʻrdim, Haybulla, – dedilar parishon holda.

– Men dafʼatan nima deyishimni bilmay qoldim. Chunki, yuqorida aytganimdek, u kishi birovlar haqidagi tushlarni koʻp hikoya qilgan boʻlsalar ham, oʻzlari haqida birinchi gapirishlari edi. Koʻnglimdan: “Endi yurak boʻshatishga bibim yoʻqlar-da, – degan andisha kechdi…

– Qanaqa tush, ada? – dedim va negadir bir narsa sezganday seskanib qoʻydim.

– Tun emish, – dedilar dadam, – osmonda tilla jabduqli ot ustida uchib borar emishman. Koʻkda yulduzlar charaqlar, ot jabdugʻiga oʻrnatilgan javohir toshlar jilolanar emish… Pastda esa hamma meni qoʻl silkib olqishlar emish. Shu vaqt birdan havo aynidi, haligi musaffo osmon zulmatga aylandi. Oq otim goʻyo tubsiz jahannam, unda mudhish maxluqlar gʻujgʻon oʻynar, ogʻizlarini ochib, uzun tillarini chiqarib, goʻyo menga tashlanmoqchiday boʻlar, baʼzilari ogʻizlaridan xuddi mushak otilgan kabi oʻt sochar, men boʻlsam zoʻr berib otni qamchilar emishman. Lekin u endi qanot yoyib ucha olmas, chunki oʻtlar harorati uni kuydira boshlagan emish… Nihoyat, ot “shu-uvv” etib jahannamga tik shoʻngʻib ketdi… Choʻchib uygʻondim, terlab ketibman… Vujudimni allaqanday qoʻrquv qopladi. Bir narsa deya olmay, dadamga tikilib yotar edim. Dadam kulib dedilar: – Bir qoʻngilsiz gap boʻladiganga oʻxshaydi, Habibullo…”[2] Shu tushdan ikki kun keyin, 31 dekabr kuni Abdulla Qodiriyni qamoqqa olishdi va oila aʼzolari yozuvchini qayta koʻrishmadi.

Ertak va dostonlardagi aksariyat tushlar ushbu guruhga mansub boʻlib, ularning koʻpchiligida xabar va axborotlar timsollar bilan kelib, maxsus taʼbir talab etsa, maʼlum qismida boʻlajak voqea aniq-tiniq aytiladi. “Alpomish” dostonida Alpomish koʻrgan ikkinchi tush bunga misol boʻla oladi:

“Hakimbek kirganda oʻn toʻrt yoshiga,

Mehmon boʻldi choʻponlarning qoʻshida.

Ul kechasi fayzi sahar boʻlganda

Rasuli xudoni koʻrdi tushida.

Mast uyquda yotib edi bu shunqor,

Faflatidan koʻzini ochdi Iskandar,

Koʻziga koʻrindi rasul paygʻambar,

Bu soʻzlarni rasul paygʻambar aytdi:

“Adashgan ummatim, shafqatdoringman,

Tanib qolgin rasul paygʻambaringman,

Ummatlarni mudom yoʻlga solurman”.

Bu soʻzni eshitib Hakim shu zamon:

“Paygʻambarim, eshit ohu zorimni,

Sabil qilmam elda kirdikorimni,

Hali ololmayman Barchin yorimni,

Koʻrolmadim Shohimardon pirimni”.

“Fam yema ummatim, – deydi paygʻambar, –

Ostida dulduli, belda zulfiqor,

Jilovida Boboqambar jilovdor,

Famingda otlandi Shohimardon pirlar,

Fayratingdan boʻzlab ketar qalmoqlar,

Hech kim boʻlmas sening bilan barobar,

Senga taqdir qildi Barchin zulfakdor”.

Bu soʻzni eshitdi yotgan Iskandar,

“Rahm aylab yubordi xol qilgan jabbor,

Hamma pirlar boʻldi senga madadkor,

Koʻnglingdan ketadi bir zarra gʻubor”,

Bu soʻzlarni aytib rasul paygʻambar”.[3]

Dostondagi Barchin koʻrgan ikkinchi tush ham ayni turning namunasi boʻla oladi. Odatda, bu xil tushlar oʻz taʼbiri bilan birga beriladi.

  1. Tush koʻrilgandan soʻng koʻpi bilan bir kuncha vaqt ichida roʻy beruvchi tushlar. Bunda tushga biror bir homiy ruh, eran yoki aziz avliyo kirib, mushkul ahvolda qolgan tush koʻruvchiga yoʻl-yoʻriq yoki karomat koʻrsatadi.

Hayotda kamdan-kam holatlarda roʻy beruvchi bunday tushlarga Bobur Mirzoning yov taʼqibida, nochor qolgan vaqti koʻzini uyqu olib, Xoʻja Ahrori Valini tushida koʻrishi bilan bogʻliq voqeani keltirish mumkin.

Ertak va dostonlarda ham qahramon nochor ahvolda qolgan vaqti gʻayb eranlar uning tushiga kirib, shunday maslahatlar bergan, yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatgan holatlar mavjud. Masalan, “Gʻulombachcha” ertagida Gʻulombachchaga tushida bir odam ajdarni qanday daf qilish yoʻlini koʻrsatsa, “Besh qiz”da Xizr, “Malikai Husnobod”da malikaning tushiga kirgan dono vazir aynan shunday vazifa bajarishadi. “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostoni (Poʻlkan shoir varianti)da ota yurtni izlab yoʻlga chiqqan yoki Goʻroʻgʻli choʻlda behush yiqilganda Xizr yordamga kelib, Taka-yovmit yoʻlini koʻrsatib, qoʻllab yuboradi. Kishilar hayotda koʻruvchi va folklordagi tushlarning timsollari, ularning taʼbirlarida ham uygʻunlik bor. Bu xususda ishimizning navbatdagi bobida maxsus toʻxtalamiz. Endi esa bevosita ertak va dostonlarda keluvchi tushlarning qiyosiy tahliliga oʻtsak.

Avvalo, ertak va dostonlardagi tushlar ushbu janr namunalarining tarkibiy qismini tashkil etib, xalq badiiy dahosining mahsuli sifatida yuzaga chiqadi va yaxlit badiiy-estetik vazifa bajaradi. Tush motivining har bir janrda oʻziga xos ravishda namoyon boʻlishi ularning farqli jihatlarida yanada yaqqolroq koʻrinadi.

Ertaklarda tush yetakchi motiv sifatida kelishi bilan bir qatorda, bevosita tush asosiga qurilgan ertak syujetlari ham mavjud. Masalan, “Musofirbek”, “Sirli tush”, “Xon bilan kambagʻal dehqon”, “Ibratli tush” kabi ertaklar buning misolidir. Dostonlarda tush syujet voqeligini yuzaga keltiruvchi asosiy motiv sifatida ishtirok etsa-da, biroq butun syujet tushdan iborat boʻlgan doston uchramaydi.

Tushning bayoni, tafsiloti va taʼbirlarining ifoda shakli ham har bir janrda oʻziga xos ravishda beriladi. Ertaklardagi tushlar nisbatan qisqa, baʼzi oʻrinlarda bir-ikki jumladan iborat nasriy shaklda ifodalansa, dostonlarda tushlar batafsil, nazm va nasr aralash, baʼzan butunlay sheʼriy shaklda aytiladi.

Bu oʻrinda bir baxshi va yagona dostonchilik maktabi vakillari ijro etgan dostonlardagi tushlar qiyos qilinsa, ularda maʼlum anʼanaviy ifoda qoliplari shakllanganligini kuzatish mumkin. Jumladan, Poʻlkan shoirdan yozib olingan “Alpomish”, “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi”, “Yusuf va Ahmad” dostonlarida kelgan tushlardagi obrazlar va timsollar, anʼanaviy epik qaytariqlar fikrimizga dalil boʻla oladi.

Tushlar syujetining navbatdagi motiv bilan oʻzaro bogʻliqligi darajasiga koʻra ham maʼlum farqlarga ega.

Doston janriga xos epik koʻlam undagi tush motivining ertakdagi qamroviga nisbatan faol ishtirokini ham taʼminlaganligi quyidagi koʻrsatkichda aniq koʻrinib turibdi.

Dostonlarda tush, asosan, quyidagi motivlar bilan aloqador: uylanish (15), sinov (9), tugʻilish (5), homiy (5), xatar (3), tirilish (2), qaytish (2), farzandsizlik (1), safar (1), oʻlim (1).

Ertaklardagi motivlar soni nisbatan kam: sinov (8), safar (7), uylanish (5), homiy (3), xatar ( 3), oʻlim (1).

Ushbu koʻrsatkichlar oʻzaro chogʻishtirilganda ertak va dostonlarda tush faol aloqador motivlar sirasiga uylanish, sinov, homiy va xatar motivlari kirmoqda. Oʻz navbatida, ertaklarda eng koʻp keluvchi sinov motivi (8) dostonda bir bor kelsa, dostonlardagi tugʻilish motivi bilan aloqador tushlar ertaklarda kam uchraydi.

Ayni holat har bir janr syujet qurilishida u yoki bu motivning mavjudligi, ularning faollik darajasi bevosita ushbu janr tabiati bilan aloqador voqe boʻlishini namoyon etmoqda.

 

Jabbor ESHONQUL

 

“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan.


 

[1] Bahodir Murod Ali. Sozandalar sultoni // Milliy tiklanish. – Toshkent, 1995. -№11. –B.3.

[2] Qodiriy H. Qodiriyning soʻnggi kunlari // Yoshlik. – Toshkent, 1989. -№6. – B.50 – 51.

[3] Alpomish. Doston /Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. – B.145.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.