Yolgʻonchining ahvoli

0
468
marta koʻrilgan.

Bolalar uchun ertak – tomosha

 

Qatnashuvchilar:

 

Quyon

Olmaxon

Kirpi

Qoboncha

Boʻri

Qargʻa – xabarchi

 

BIRINCHI KOʻRINISH

Parda hali ochilmagan. Musiqa. Qargʻa “uchib” kiradi.

 

Qargʻa: – Qar-r, qar-r! Salom bolalar-r! Men – oʻrmon xabarchisi – qora Qargʻaman! Qar-r… Eshiting, kim boʻlmasa kar-r! Shovqin-suronli xabar-r! Ana quloq tutinglar-r…

Parda ortidan shovqin-suron. Quyonning chinqirigʻi, hayvon va qushlarning qichqiriqlari eshitiladi.

 

Qargʻa: – Qar-r! Quloq solinglar-r! Bu shovqinning bosh sababchisi uzunquloq quyon boʻladi. Ana shu gʻilayni bugun hayvonlar, oʻrmonlaridan haydashyapti! Nega deysizmi?! Chunki, Quyoni qurmagʻur qachon qarama yolgʻon gapiradi, hammani aldaydi. Unga koʻp tanbeh berildi, ogohlantirildi… Hatto shalpang quloqlarini ham choʻzishdi! Baribir foydasi boʻlmadi. Mana endi bechora “haydalish” ashulasini aytayapti. Ie, ana! Quyonboyning oʻzi biz tomonga qarab qochib kelyapti! Bu yogʻi nima boʻlishini oʻzlaring koʻrganlaring maʼqul. Men esa qar-r! Quyonning oʻrmondan quvilganligi haqida “Internet”ga xabar berishim kerak. Cha-a-av! Kechirasizlar, qar-r! (Ketadi)

Parda ortidan sahnaga Quyoncha otilib chiqadi. Hamma yogʻi koʻkargan, quloqlari osilgan… Ortidan hayvonlarning qichqirigʻi eshitiladi.

Hoʻ-oʻ, yaramas yolgʻonchi! Qani oʻrmonimizdan “quyonning rasmini” chizib qol-chi!

– Ha-a, oʻzingga boshqa oʻrmondan oʻrin izla! Oramizda aldamchilarga joy yoʻq!

– Toʻgʻri! Qachon tavbangga tayansang qaytib kelarsan. Ungacha qorangni koʻrsatma!

Quyoncha toʻxtaydi. Koʻkargan koʻzini silab mushtini koʻrsatadi.

Quyoncha: – Hoʻ-oʻ, yaramas hayvonlar! Hali senlarga koʻrsatib… (uchib kelgan olmadan boshi gʻurra boʻladi) Voy, boshim! (Olmani tishlab) Tf-u! Hatto, otgan olmalari ham chirigan… Ie, qurti ham moʻralab turibdi! Hali, obroʻyim shu boʻldimi?! Ur, lekin, svejiy sabzi bilan ur! Karsillagan karam bilan, mayli, kallamga tushir… Aybim nima? Yolgʻon gapirishmi? Xoʻsh, nima qilibdi?! Yolgʻonimdan biror joylaring… Haligi, jun-patlaring kamayib qoladimi! Boshqalarni aldash, laqillatish… Eh-h, qanday mazza! Shunday ekan, bundan keyin ham, yolgʻon aytaveraman, hammani ahmoq qilib, laqillataveraman! Bu boʻlmasa, boshqa oʻrmonga boraveraman… (u yoq-bu yoqqa alanglab). Ie, qayerlarga kelib qoldim?! Hoy, biror parrandami-darrandami bormi?!

Olmaxon, Kirpi, Qoboncha qoʻl ushlashib, qoʻshiq aytgancha kirishadi:

Birgalikda bir-birini koʻrsatishib:

Men Kirpi,

Men esa Qobon,

Kamina Olmaxon,

Boʻlib bir tanu jon.

Uchchalamiz doʻst-oʻrtoq,

Hazilkammas chin oʻrtoq.

Bilim olish burchimiz,

Sarf etib bor kuchimiz.

Oʻqish, mehnat bizga xos,

Oʻynab-kulish shunga mos.

Yaxshilikka qoʻshib bosh,

Yomonlarga otib tosh.

Oʻrmon mulkin saqlaymiz,

Yurt mehrini oqlaymiz…

Quyoncha (aftini burishtirib): – Kim boʻldi bu sayoq sozandalar! Nega menimas, oʻzlarini maqtashyapti?! Oʻyinini buzmasam… (Yolgʻondan aksa uradi), Apchshu-u. A-a-a-a-apchshu-u!

Olmaxon: – Ie, bu shamollagan shalpangquloq qayerdan paydo boʻldi?!

Kirpi: – Ha, mehnat va sport bilan shugʻullanmaydi shekilli?!

Qoboncha: – Bu gʻilay basharani men ham birinchi koʻrishim! Hoy, notanish… Ogʻaynichalish! Oting nima? Kimsan, nega jimsan?

Quyoncha: – Menmi?! Nahotki (gerdaygancha) meni tanimasanglar?! Axir, men… (chetga). Bularni bir boplab laqillatmasammi?! (Hayvonlarga) Mana eshitinglar:

Mening kimligim, jumlai jahonga ayon,

Birov uzunquloq deydi, birovlar – Quyon!

Garchand koʻrinishim, nimjon, chillashir,

Ammo, kuchim toʻlib-toshgan, misli bahodir.

Ayiq meni koʻrsa, oʻzin darhol chetga oladi,

Qoplon, qashqir… dumin qisib qochib qoladi.

Boʻri menga nima?! Tumshugʻiga tushov solaman,

Tulkini esa tutib, terisini shilib olaman.

Baqani bir bossam, deydi “Vaq-vaqa!”

Karoche, hamma hayvon, men uchun “Churvaqa!”

Men shunaqaman! (Koʻkragiga urib) Men shunaqaman!

Ha-ha… Uzunquloq botir, qoʻrqmas Quyon men boʻlaman!

 

(Ortiqcha zoʻriqib, kuchanib gapirganligi bois nafasi yetmay qoladi).

 

Olmaxon: – Boʻldi, boʻldi! Agar shu gaplaringni beshdan biri toʻgʻri boʻlsayam biz senga qoyilmiz!

Kirpi: – Ha, sal maqtanchoq-mahmadana demasa doʻst tutinsa boʻladi!

Qoboncha: – Agar, aldamayotgan boʻlsa… Rostdanam, kerakli hayvonga oʻxshaydi!

(Ular pichirlashib, maslahatlashib olishgach, birgalikda):

– Hoy qoʻrqmas Quyoncha. Iltimos qilsak, oʻrmonimizda qolasanmi?

Quyoncha: – Menmi?! Ay, moment… (chetga) Ana, yolgʻonning kuchini koʻrdinglarmi? Qayerga borishni bilmay oʻzimning boshim qotib turgandi! (Hayvonlarga). Gapning ochigʻi, men shu tobda Hindistongami, Afrikagami… ketayotgandim! Haligi, sher… Yoʻgʻ-e, fil ovlashga! Lekin, yoʻlda quturgan bir tuya bilan tepishib qolib… Nega ishonmaganday qarayapsizlar?! Koʻrmayapsizlarmi, bir koʻzim koʻkargan, bir qulogʻim shalpaygan… Xullas, sizlar yoqib qoldinglar. Iltimos qilsanglar, mayli, qolaman!

Hayvonlar: – Ur-re! Qoyil. Qoʻrqmas Quyon endi biz bilan qoladigan boʻldi!

Quyoncha: – Menga qaranglar… Men-chi, hammaning ham taklifiga rozi boʻlavermayman! Xullas, qornim och… Sizlarda banan, ananas, kivi… Ie, yoʻqmi? Unda, mayli, sabzi salat, koʻmkoʻkkina karam ham ketaveradi!

Olmaxon: – Qoʻrqmas Quyonchani qornini toʻydirishning bir ilojini topamiz.

Kirpi: – Ha, bizning oʻz bogʻimiz bor. Yonida poliz mahsulotlari ham parvarishlanmoqda. Bemalol, qorningni toʻqlab…

Qobon: – Toʻgʻri! Oʻsha bogʻni qoʻriqlashni senga topshiramiz. Axir sen qoʻrqmas va bahodir Quyonsan-ku! Xoʻsh, rozimisan?

Quyoncha: – Ay, moment! (Chetga). Bogʻni qoʻriqlash qoʻrqinchli emasmikin?! (Hayvonlarga). Bu, haligi… Bogʻlaringga mabodo, xavfli maxluqlar tez-tez bosqinchilik qilib turishmaydimi?! Men-ku, qoʻrqmaymanku-ya… Lekin, birortasiga shikast yetkazsam…

Olmaxon: – Yoʻq! Oʻrmonimizda tartib-qoida oʻta qattiq. Oʻzidan kichkinalarni va kuchsizlarni xafa qilganlar, darhol jazoga tortiladi.

Qoboncha: – Ha, ular darhol oʻrmonimizdan haydaladi. Masalan, qovunlarni yorib tashlagani uchun jayra, polaponlarga koʻz olaytirgan ilon, bosqinchi boʻrilar ana shunday jazoga tortilgan. Undan keyin, mana biz… Xohlagan paytingda chaqirsang, koʻmakka uchib kelamiz!

Quyoncha: – Shunaqami?! Unday boʻlsa… Mayli, koʻp qoʻymadinglar – roziman! Rozi boʻlganim uchun-chi… Endi, menga koʻp meva va sabzavotlar keltiringlar! Faqat, tez…

Olmaxon: – Uzr, Quyoncha! Biz hozir daryo boʻyiga shoshilayotgan edik.

Kirpi: – Toʻgʻri. Biz daryoning sohilini toshdan tozalab stadion qurmoqchimiz.

Qoboncha: – Sen esa, borib, bemalol bogʻimizni orala. Ham qorningni toʻydirasan, ham qorovulligini qilasan. Lekin, iltimos… Meva-chevalarni koʻp isrof qilma. Chunki, mahsulotlar – oʻrmon mulki. Hammaning ogʻziga tegishi kerak. Xayr! (Ketishadi)

 

 

IKKINCHI KOʻRINISH

Bogʻ manzarasi. Daraxt soyasida Quyoncha qappaygan qornini silab dam olyapti. Atrofida chala yeyilgan meva-sabzavotlar.

 

Quyoncha (kekirib):

Yoz boʻlsa-yu, qish boʻlmasa,

Yemish boʻlsa-yu, ish boʻlmasa.

Bu bogʻda “taom” tayyor,

Sabzidan taqdim tumor.

Karamni karsillatdim,

Tarvuzni tarsillatdim.

Qovunni qirtishladim,

Bodringni xoʻp tishladim.

Hammasi ham juda soz,

Shunday oʻtar oltin yoz.

Yotgancha oʻylab bunday,

Xulosa qildim shunday:

Yolgʻon soʻzlash – yaxshi odat,

Yolgʻondan topdim saodat…

 

Ha, gaplarim rost. Hammani aldab, laqillatib yashash koni foyda ekan. Mana oʻzimdan misol. Qorin toʻq, gʻamim yoʻq. Biror ishga, yumushga aytishsa darrov bir bahonani oʻylab topaman. Anqovlar darrov aldovimga ishonishadi. Lekin, shu tobda zerikyapman. Hadeb kavshanish, uxlayverish ham jonga tegdi. Nima qilsam bu zerikishim (esnab, kerishadi…). Yoki, daryo boʻyiga borib hayvonlar hasharida qatnashsammikin?! Yoʻgʻ-e, qoʻlim qavarsa keyin sabzi kavlolmay qolib… Manovi argʻimchoqda uchsam-chi?! (Turib tok novdasida uchmoqchi boʻladi. Shox uzilib yiqiladi). Voy-yey! Semirib ketibman shekilli?! Uh-h! Nima qildim endi?! Ha-a, topdim! Hozir yolgʻondan “voy-dod” solsam, hayvonlar yugurib kelishadi. Soʻng ularni aldab ahmoq qilaman! (sahna chetiga borib panjasini ogʻziga karnay qiladi) Hoy-y, kim bor?! Ayiq keldi… Yoʻgʻ-e, ayiq desam ishonishmaydi. Hoy, yordamga! Boʻri keldi… Boʻrini tutdim! Tezroq, tezroq kelinglar!

 

Hayvonchalar yugurib kirishadi

Olmaxon: – Nima gap?! Tinchlikmi?

Kirpi: – Ha, rostdanam nega baqirding?

Qoboncha: – Bizdan biror yordam kerakmi?

Quyoncha (terini artib): – Menga-ya?! Bahodir ibn Qoʻrqmas Quyonga-ya! Shunchaki sizlarni mening nimaga qodir ekanimni koʻrib qoʻyinglar, deb chaqirgandim!

Olmaxon: – Nimaga qodirligingni koʻrishimiz kerak? Manovi yegan meva-chevalaringnimi?

Kirpi: – Ha, oʻziyam tevarak-atrofni rosa poʻchoqqa toʻldiribsan!

Qoboncha: – Essiz! Koʻpini chala tishlab, gʻajib tashlabsan!

Quyoncha: – Ha, endi, qahramonligimga yarasha-da! Mana, hammang eshit, nima dahshatli voqea roʻy berganini… Tuni bilan qorovullik qilib, koʻzim sal ilingan ekan. Birdan shitir-shitir eshitildi. Judayam sezgirman-da! Sekin koʻzimni ochsam katta bir boʻri…

Olmaxon: – Boʻri?!

Kirpi: – Ha, boʻlishi mumkinmas.

Qoboncha: – Toʻgʻri, sen yolgʻon gapiryapsan.

Quyoncha: – Kim yolgʻon gapirayabdi?! Menmi?! Ishonmasanglar, unda qasam ichaman… Ha, ana aldasam yongʻoq pallasidagi suvga choʻkib oʻlay. Asalarining asaliga boʻkib boʻgʻilay! Xoʻsh, qalay? Endi ishondinglarmi?

Olmaxon: – Xoʻp, oʻsha Boʻri boyvachchaga bu yerda pishirib qoʻygan ekanmi?

Kirpi: – Ha, uni jazolash uchun uzoq manzilga haydab yuborgandik-ku?

Qoboncha: – Rostdanam, uyqusirab tush-push koʻrgandirsan?

Quyoncha: – Qanaqa tush? Bu hushimda boʻldi… Xullas, bunday qarasam oʻsha tekinxoʻr tulki… Yoʻgʻ-e, battol Boʻri palakda oʻtirgancha, kecha sizlar tergan tarvuz-qovunlar bor-ku, oʻshalarni yorib, soʻlakayini oqizib paqqos urayapti. Chidolmadim. Axir, sizlarga soʻz berganman. Shu bois, sekin orqasidan bordim-u, “Iya!” deb karat-e… Yoʻq, haligi katta bir tarvuzni boshiga urgandim, sulayib qolsa boʻladimi?

Olmaxon: – Sulayib?!

Kirpi: – Bechora oʻlib qolgan boʻlsa-ya?

Qoboncha: – Yugurdik! Ehtimol, yordam berishga ulgurarmiz!

(Yugurib chiqishadi)

Quyoncha (qah-qaha otgancha): – Ha-ha-ha! Qalay, boplab laqillatdimmi?!

 

Hayvonlar qaytib kirishadi.

Olmaxon: – Daraxtning eng tepasidan turib ham hech kimni topolmadim-ku?! Hoʻ-oʻ, aldoqchi!

Kirpi: – Men ham xas-xashaklarni rosa titdim. Biror jonzot yoʻq. Demak, yolgʻon gapiryapsanda-a!

Qoboncha: – Bekorga tumshugʻim bilan tuproqni agʻdarganim qoldi! Bizday doʻstlaringni aldashga uyalmadingmi?

Quyoncha: – Aldaganim yoʻq! Ehtimol, oʻsha Boʻri hushiga kelib qoʻrqqanidan tiraqaylab qochib qolgandir! Yana kelsa-chi… Albatta uni tutib, terisidan pocha poʻstin tiktirib, sizlarga koʻrsataman… Boʻldimi? Endi ketinglar. Chunki, men olishib charchaganman! Dam olishim kerak (yotib, yolgʻondan xurrak otadi).

(Hayvonlar keta boshlashadi).

Olmaxon: – Bu Quyon qulogʻimizga aldab, lagʻmon ildi-yov?!

Kirpi: – Ha, gʻilayning gap-soʻzlari shubhali…

Qoboncha: – Toʻgʻri. Uzunquloq yolgʻonchiga oʻxshayapti!

 

 

UCHINCHI KOʻRINISH

Bogʻ manzarasi. Quyoncha toshqoʻrada kartoshkani sixga tortib kabob pishirish bilan mashgʻul.

 

Quyoncha (kabobni yelpib):

Keb qoling, ho-o, keb qoling,

Kartoshka kabobdan yeb qoling,

Aldash-avrash menga xos,

Hayot mazmunimga mos.

Baʼzan oʻyga tolaman,

Shundan lazzat olaman:

Hayvonlar biram sodda,

Bundan bor menga foyda.

Umrim bahori, kuz, qish, yoz,

Oʻtmoqdadir juda soz.

Omadim shunday chopsa,

Ishim boʻlmaydi nosoz…

Keb qoling, ho-o, keb qoling,

Kartoshka kabobdan yeb qoling.

 

Ha, ana, qorin ham toʻydi. Tashvish ketdi. Koʻz tegmasin, atrofdagilar oʻlguday sodda va ishonuvchan. Ularni yana bir marotaba sinab koʻrsammikin. Ha-da… Uyqudan oldin, hazmi taom qilamiz-da.

Sahna chetiga borib, qoʻlini karnay qilib baqiradi

Quyoncha: – Hoy, kim bor? Tezroq… Tezroq kelinglar! Boʻrilar… Beshta boʻri! Yoʻq, uchta… Ha, mayli ikkita boʻri! Oho-ho-y-y! Tomoshaga kelinglar! Oʻhoʻ-u, bu safar koʻpayishib qolibsanlarmi?! Mana… Bittasini tumshugʻiga soldim! Mana… Bunisining qorniga tepdim! Shunaqa, qoʻrqmas Quyon deydi, meni! Hoy, kep qolinglar!

 

Hayvonlar shoshib kirishadi

Olmaxon: – Yana nima boʻldi?!

Kirpi: – Tagʻin aldab chaqirdingmi?

Qoboncha: – Ha, yolgʻon gapirsang xafa boʻlamiz-a!

Quyoncha (hansirab, terini artib) – Tuhmat qilinmasin! Qarshingizda qoʻrqmas, bahodir va dunyodagi eng rostgoʻy Quyon turibdi! Koʻring va mendan oʻrnak oling. Bu safar beshta… Yoʻq, uchta… Haligi ikkita Boʻri bosqin uyushtirdi!

Olmaxon: – Lof ham evi bilan-da!

Kirpi: – Toʻgʻri, yolgʻoningga yana yolgʻon qoʻshyapsanmi?!

Qoboncha: – Bizning ustimizdan kulishni qachon bas qilasan-a?

Quyoncha: – Ustlaringdan kulib, nima… Maymun oʻynatyapmanmi? Toʻgʻrisini aytyapman, xolos. Mendan taʼzirini yegan oʻsha Boʻri bu gal sherigini ham yetaklab kelgan ekan! Menga esa baribir. Bittami, beshtami… Karat-e qilib tashlayveraman! Bechoralar dumidan ajralib…

Olmaxon: – Hoʻ-oʻ, karatest! Gaping rost boʻlsa, birortasini ushlab olgandirsan?

Kirpi: – Ha, loaqal uzilgan dumini koʻrsatarsan?!

Qoboncha: – Toʻgʻri. Gaplaringni isbotla-chi!

Quyoncha: – Isbot kerakmi? Marhamat! Xoʻsh-sh… Singan shoxlar, payhon boʻlgan poliz… Ha, mana koʻylagimni tagida tirnoq izlari ham qolgan!

Olmaxon: – Yolgʻon soʻzlayapsan. Birorta ham shox-shabba sinmagan!

Kirpi: – Poliz paykalda ham iz koʻrinmayapti!

Qoboncha: – Demak, sen bizni yana aldabsan! Qani, darrov kechirim soʻra-chi!

Quyoncha: – Men-a?! Kechirim soʻrash qoʻrqmas Quyonning obroʻyiga toʻgʻri kelmaydi.

Olmaxon: – Unday boʻlsa, sen haqingda xabarchi Qargʻaga aytamiz!

Kirpi: – Toʻgʻri! Oʻrmondagi hamma jonzotlar sening yolgʻonchi ekanligingdan xabar topishsin.

Qoboncha: – Bundan keyin esa biz birorta gapingga ishonmaymiz!

Ketishadi.

Quyoncha: – Ishonishmas emish! Menga-ya? Axir, men aldash va yolgʻon aytishda ham ustasi farangmanku… Shunday qilamanki, oʻzlaring yana beixtiyor aldov toʻrimga ilinasizlar! Ha-ha-ha!

 

 

TOʻRTINCHI KOʻRINISH

Bogʻ manzarasi. Bir chekkada “Hamma hasharga!” degan yozuv. Olmaxon, Kirpi, Qoboncha xaskash, belkurak, savat koʻtarishganicha oʻtishadi. Daraxtlarga bogʻlangan toʻr belanchakda esa Quyon xurrak otmoqda. Qargʻa kiradi.

 

Qargʻa: – Qar-r! Qar-r! Qar-r!

Olamga solaman jar.

Mana bu (Quyonni koʻrsatib) uzunquloq,

Hech kimga solmay quloq.

Boshi chiqmas uxlashdan,

Bekorchilik, “uh!”lashdan.

Yolgʻon soʻzlashdir ishi,

Koʻpaytirar tashvishni.

Yolgʻon soʻzlash – bu zarar,

Faqat kulfat keltirar.

Bundaylardan ne foyda?

Qilgan ishi befoyda…

 

Ha-a, bolajonlar! Bu Quyonchaning yolgʻonchiligi va maqtanchoqligi haddidan oshib ketayapti. Endi uni jazolamasak boʻlmaydi. Qanday qilib deysizlarmi? Men sizlarga aytsam, mana shu oʻrmonning olis va qorongʻi kunjagida qahri qattiq qashqir… Yoʻgʻ-e, haligi, Boʻri yashaydi. Men unga xabar yuborganman. Halizamon kelib qolsa kerak. (“Uvlash” eshitiladi). Ie, ana bu Boʻrivoyning ovozi! Qani endi chetdan kuzataylik-chi, bu maqtanchoq uzunquloqning holi nima kecharkan?! Qar-r… Hammaga yetsin xabar-r! (Chiqadi)

 

Boʻri: – Men Boʻriman, Boʻriman!

Hayvonlarning zoʻriman.

Dilim suygan – oshu non

Yaxshi koʻrganim – Quyon.

Olmaxon ham yomonmas,

Ammo, tutish dargumon.

Kirpining tikani achchiq,

Shu sabab, goʻshti – puf-sassiq.

Qoboncha iflos, qop-qora,

Nima qilaman, boʻlib ovora.

Menga maʼqul, shu tobda,

Tezlik bilan shitobda.

Gʻilayni tutib olsam,

Tutib toʻrimga solsam.

Soʻng yozgancha dasturxon,

Rosa chaynab ustuxon.

Oʻzimni qilsam mehmon,

Shoʻring quridi… Quyon!

 

Ha-a… Maqtanchoq uzunquloq! Ustimdan kulishni senga koʻrsatib qoʻyaman! (Havoni hidlab). Bu hushboʻy hid Quyonniki emasmi? (Alanglab). Ie, ana oʻzlari ham… (yaqiniga borib) Oʻ-oʻ! Oʻziyam rosa menbop biqqichagina ekan! Hozir buni “Hap!” etib… Yoʻq! Bu mening ustimdan mazax qilgan. Shunday ekan, men ham uni oldin mushuk sichqonni oʻynaganday bir oz “oʻynataman!” (Daraxt shoxidan sindirib Quyonning burnini qitiqlaydi):

 

Allayo, alla, allayo, alla!

Payti keldi, turmoq palla.

 

 

 

Quyoncha (uyqusirab): – Olmaxon! Bu senmi, uxlashga xalaqit berma. Bilasan, kechasi kattakon Boʻrini bir tepib yiqitib… Xur-r, pish. Xur-r, pish!

Boʻri: – Ha, Qargʻa aytganday meni mazax qilgani rost ekan-da! Ha, mayli, hozircha tushingda maqtanib qol! (choʻpni yana burniga tegizadi):

 

Allayo, alla, allayo, alla!

Turaqol endi, maqtanchoq kalla…

 

Quyoncha (yonboshiga agʻdarilib): – Hoy, Kirpi! Tikaningni suqma… Hali, uxlashim kerak! Olishib yenggan Boʻrim juda katta… A-u, xur-r, pish-sh!

Boʻri: – Maqtanchoq Quyonchaning goʻshti qanday boʻlsa?! Turaqol, qoʻzichoq… Yoʻgʻe – Quyon maqtanchoq!

Allayo, alla, allayo, alla!

Turgil, ichagingdan yasamay salla!

Quyon (qoʻl silkib): – Qoche, Qoboncha! Tumshugʻingni tort… Kecha bir emas, beshta Boʻrini biqinidan teshik ochganman! Xur-r! Axir men qoʻrqmas va bahodir…

Boʻri: Bas! Bu yogʻiga chidolmayman! (Quyonchani qulogʻidan sekin koʻtarib). Hoy, qoʻrqmas Gʻilay! Qani, koʻzingni moshday och-chi… Bir tanishib qoʻyaylik!

Quyon (koʻzini ochib) – Kim boʻldi, bu tasqara? Nima balo, hadeb Boʻri, Boʻri deyaverganimga Boʻri kiribdimi tushimga?

Boʻri: – Tushingda emas, hushingda koʻryapsan! Xoʻsh-sh, senmi oʻsha hali, meni mazax qilib, yolgʻon aytib yurgan?

Quyon (qaltirab): – Ie, Boʻri togʻa! Bu sizmisiz? Yoʻgʻ-e, men hech sizni mazax qilganim yoʻq. Men-chi, oʻzimdan kattalarni doim hurmat qilaman! Oʻlay agar aldayotgan boʻlsam!

Boʻri: – Ha, mayli, unda… Sen eshitishimcha, qoʻrqmas va bahodir emishsan! Hozir ikkalamiz unda kuch sinashamiz. Kim yengsa sovrin – yengilganning goʻshtini yeyish! Ha-ha-ha!

Quyon: – Yoʻq, men hozir kasalman. Kasalim tagʻin sizga yuqib… Uzr, aksa ursam maylimi?

Boʻri: – Ha, bu sening soʻnggi tilaging boʻladi! Aksa uraqol.

Quyon: – A-a-a… Yoʻq. Dod! Voy-dod! Kim bor?! Yordam beringlar!

Boʻri: – Aksa urishing baqiriqqa oʻxshab ketarkanmi?! Kimni chaqiryapsan?

Quyon: – Yoʻgʻ-e! Haligi, sizday muhtaram mehmonga choy-poy keltirishsin, deb… Hoy-y… kim bor… dod! Yordamga! Choy-y… ahvolim voy-y…

Boʻri: – Och qoringa choy zarar! Oldin seni yeyay, soʻng ustidan suv ham ketaveradi. Qani unda tayyorlan. (Boltasini qayraydi. Quyon dodlagancha qochadi. Boʻri ortidan quvib chiqadi).

 

Olmaxon, Kirpi, Qoboncha shoshib kirishadi.

Olmaxon: – Kim u dodlagan?

Kirpi: – Menimcha Quyonning ovozi!

Qoboncha: – Hoynahoy, u yana bizni aldab, masxara qilmoqchi shekilli? Shuning uchun yumushimizdan qolmaylik… (chiqishadi).

Sahnaga yana Boʻri Quyonni quvlab kiradi.

Boʻri: – Voy, uzunqulogʻ-yey! Soʻzga usta desam, qochishingga ham gap yoʻqmi deyman?

Quyon: – Ha-a, men yugurishda oʻrmon chempioniman! Voy-dod, yordam beringlar! Boʻri togʻa, tez yugurmang, bu sogʻligʻingizga zarar. Hoy, kim bor?!

Boʻri: – Hechqisi yoʻq. Dardimga Quyon goʻshti davo (yana quvlashib chiqishadi)

 

Hayvonlar kirishadi

Olmaxon: – Bu safar Quyonchaning dodlashi boshqachami?!

Kirpi: – Baribir u yolgʻonchi. Yana bizni aldayotgani aniq.

Qoboncha: – Toʻgʻri. Quyoncha ishonchimizni yoʻqotgan. Shu bois qani, yoʻlimizdan qolmaylik… (chiqishadi)

 

Sahnaga yana Boʻri Quyonchani quvlab kiradi

Boʻri: – Quyonboy, iltimos. Tez yugurmagin! Bunaqada, goʻshtingni taʼmi buzilib qoladi!

Quyoncha: – Voy-dod! Goʻshtim oʻzimga shirin!.. Yordamga! Nega hech kim kelmayapdi-a? Hoy, kim bor?

Boʻri: – Endi toʻr tashlamasam boʻlmaydi! (Toʻrni otib Quyonchani tutadi. Yelkasiga ortib chiqadi).

 

Hayvonlar kirishadi

Olmaxon: – Negadir yuragim bezovta! Rostdanam Quyoncha Boʻriga yoʻliqqan boʻlsa-ya?!

Kirpi: – Toʻgʻri! Ana belanchagi ham boʻsh… Endi nima qildik?

Qoboncha: – Ha, vaqt borida Qargʻaga xabar berish kerak. U hamma narsani biladi…

 

Qargʻa kiradi

Qargʻa: – Qar-r! Qar-r! Beraman xabar-r! Boʻri Quyonchani tutib, toʻrga solib ketyapti! Ana oʻzi bu yoqqa kelyapti… Qar-r! Jangga boʻlinglar tayyor-r! (Hayvonlar yashirinishadi)

 

Boʻri hushtak chalgancha kiradi. Toʻrni yerga qoʻyadi.

Boʻri: – Uf-f! Bu Quyonchasi tushmagur rosa semiz ekan, toliqtirdi. Bir oz dam olay. Lekin, mazza qiladigan boʻldim.

Quyoncha (toʻr ichidan hiqillab). – Yordam beringlar! Nega doʻstlarim kelmayapti-a?

Boʻri: – Ha-ha-ha! Chaqirib, bekorga ovora boʻlma. Doʻstlaring kelishmaydi!

Quyon: – Voy, do-o… Nega?! Axir, ular…

Boʻri: – Negaki, sen ularni koʻp marotaba yolgʻon gapirib aldagansan. Shu bois qancha dod solsang ham, doʻstlaring endi senga ishonishmaydi. Boʻldi! Vaqt yetdi… Seni shu yerda yeb ketmasam, ogʻir ekansan…

 

Boʻri boltasini charxlaydi. Quyoncha dodlaydi. Shu asnoda daraxtlar orasidan hayvonchalar otilib chiqishib Boʻriga hujum qilishadi. Xaskash, belkurak, savat bilan savashadi. Boʻri qoʻlini koʻtarib qochadi. Qargʻa kiradi.

 

Qargʻa: – Qar-r, qar-r! Doʻstlarga olqishlar-r! Yordamingiz bilan Quyoncha toʻrdan qutuldi! Kuch – birlikda ekani yana bir bor oʻz isbotini topdi… Qar-r! Olamga solaman jar, oʻrmon ahliga beraman xabar-r… (chiqadi).

Olmaxon (Quyonchani toʻrdan chiqishiga koʻmak berib):Ha, Boʻri rosa adabini yedi! Endi, batamom oʻrmonimizga yaqin yoʻlamaydi!

Kirpi (Quyonchaga yopishgan xas-xashakni olib): – Qargʻa toʻgʻri aytdi. Birlashsak bizni hech kim yengolmaydi!

Qoboncha (Quyonchaga qoʻlini choʻzib): – Men ham shu fikrdaman. Xoʻsh, sen nima deysan, Quyoncha?

Quyoncha (boshini egib):Meni kechiringlar! Pushaymonman. Xato qilgan ekanman. Endi, sira-sira yolgʻon gapirmayman. Maqtanchoqlikni ham butunlay yigʻishtiraman.

Olmaxon: – Ishonamanki, bu gal aldamayapsan?

Kirpi: – Ha, yolgʻonning oxiri yomon boʻlishini oʻzing boshingdan oʻtkazding!

Qoboncha: – Toʻgʻri. Xoʻsh, gaplaring rostligiga bu gal bizni qanday ishontirmoqchisan?!

Quyoncha: – Chunki, yolgʻonchiligim tufayli hayotim xavf ostida qoldi. Shu bois sizlardan minnatdorman. Bundan buyon men ham xuddi sizlardek aqlli, jasur, mehnatkash va eng asosiysi rostgoʻy boʻlaman. Bu mening chin soʻzim!

Olmaxon: – Unday boʻlsa, biz senga ishonamiz!

Kirpi: – Ishonchimizni oqlaysan degan umiddamiz!

Qobon: – Ha, safimizga xush kelibsan, rostgoʻy Quyoncha!

Birgalikda (kuylashadi):

 

Birimiz Olmaxon,

Birimiz Kirpi,

Birimiz esa Qobon…

Safimizga qoʻshildi endi

Rostgoʻy Quyon…

Hammamiz bir tanu bir jon.

Oʻqish, mehnat bizga xos,

Oʻynab-kulish shunga mos.

Chin soʻzga tashlab nazar,

Yolgʻondan qilib hazar.

Bilim olish burchimiz,

Sarf etib bor kuchimiz.

Oʻrmon mulkin saqlaymiz,

Yurt mehrini oqlaymiz…

 

Chiqishadi.

 

Muhammad OCHIL

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.