Tong otgan taraflarda

0
264
marta koʻrilgan.

Onam Menglixol Xoliyor qiziga bagʻishlayman.

 

Qatnashuvchilar:

 

MANGUQUT – oltmish besh-yetmish yoshlarda.

TONGYORUGʻ – birinchi qismda yigirma-yigirma besh,

ikkinchi qismda qirq-qirq besh yoshlarda.

KUNYORUGʻ – birinchi qismda yigirma-yigirma besh,

ikkinchi qismda qirq-qirq besh yoshlarda.

YOLGʻIZ MERGAN – Tongyorugʻning oʻgʻli. Oʻn sakkiz yoshda.

MANGUHAYOT – Kunyorugʻning qizi. Oʻn sakkiz yoshda.

ALPOMISH

BARCHINOY

YODGOR

LUQMONI HAKIM

BOʻLGAN KAL

HUDAYCHI

 

Voqealar sasi hamon qonimizda ovoz beradigan olis moziyda kechadi.

 

MUQADDIMA

 

Sahna qorongʻi. Sibiziq qadimgi bir kuyni nola qilyapti. Sibiziqning bir oʻzi bu nolaga kuchi yetmasligini bilib, unga chanqovuz qoʻshiladi. Soʻng ularga doʻmbira joʻr boʻladi. Doʻmbirani joʻshib chalayotgan baxshining ichi toshib, “E-ha-a!”, “Ha-a-ya-a!” degan avjlanishlari eshitiladi. Sahna nim yoriydi. Yogʻdu zindonda tik turgan Alpomishni yoritadi. Uning qoʻlida gʻoz.

 

ALPOMISH: Gʻoz! Jonivor! Sen yarador boʻlib, mening zindonimga yiqilding. Men umidlarim bilan yarangga malham bosdim, sen bilan suhbatlashib koʻnglimni yozdim. Tangri qudrati bilan qanotingga kuch kirdi. Qanotlaring holsizlikdan uygʻonib, uchish zavqini tuyib – toʻlgʻonib turibdi. Men ham oʻzimni umidga chogʻladim, qanotingga “Boysun-Qoʻngʻirotga yetkazgin” deb xat bogʻladim. Shu xatni yurtimga yetkaz! Baland uch, oʻq tegmasin, koʻrinmay uch, koʻz tegmasin! Horisang, qorli-qorli togʻlarga qoʻn, toshli-toshli soylarga qoʻn – odamlardan xoli joylarga qoʻn. Oʻzingni ehtiyot qil! Sen omon qolsang, Alpomish ham omon qoladi. Xatim yetsa, Qoʻngʻirotdan meni izlab keladigan odam topilar, yomonlikning boʻyni chopilar. Men bu chohdan chiqsam, Boysun Boysun boʻladi, Qoʻngʻirot Qoʻngʻirot boʻladi, yurt obod boʻladi. Yovlarning rangi somon boʻladi, bu kunlarimiz doston boʻladi! Uch, jonivor uch! Odamlarning koʻziga tushma! Odamlarning nazaridan nari uch! (U gʻozni osmonga otadi. Gʻoz gʻagʻillagancha, falakka koʻtariladi) Uch, jonivor! Uch! Ehtiyot boʻl! Odamlarning koʻziga tushma!.. Ehtiyot boʻl!

 

Sahna qorongʻilashib…

 

1

…yorishganda, dunyo charx kabi aylanayapti. Uning bir chetida bir kapa – xuddi mangulik kabi “qilt” etmay turibdi. Kapaning yonida oʻchoq. Oʻchoqda qozon. Olislardan gʻagʻillayotgan gʻoz ovozi eshitiladi. Ichkaridan Yolgʻiz mergan chiqadi. U gʻozning ovoziga biroz quloq solib turadi. Sahnaga Tongyorugʻ kirib keladi. U gʻayrat bilan yurib kelyapti. Bu ayol hamisha shu gʻayratda – ildam yuradi. Boshida poʻta, yurish oson boʻlishi uchun qoʻngʻirot ayollarining tarzida belini bogʻlagan: bir qoʻlida tayoq, bir qoʻlida suv toʻla kadi. Kadidagi suvni oʻtov oldidagi oʻchoqqa oʻrnatilgan qozonga agʻdaradi. Soʻng ichkariga ildam kiradi. Bir zumdan keyin oʻtovning eshigi oldida koʻrinadi.

 

TONGYORUGʻ: Qatiqli ovqat qilsam, ichaverasanmi?

YOLGʻIZ MERGAN (olislardan kelayotgan gʻoz ovoziga butun vujudi bilan quloq tutib): Ena, shu gʻagʻillayotgan gʻozmi?

TONGYORUGʻ (eshitmaganday): Qatiqli ovqat ichasanmi, deyapman?

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, shu gʻagʻillayotgan gʻozmi?

TONGYORUGʻ: Men eshitayotganim yoʻq.

YOLGʻIZ MERGAN: Nega eshitmaysiz? (Quloq tutib) Ana… Ana…

TONGYORUGʻ: Eshitmayapman… Bu togʻda saratonning oʻrtasida gʻoz nima qiladi? Bahor boʻlsa, qish boʻlsa, boshqa gap – koʻchmanchi uchishlarida bir qoʻnib, oʻtib ketishaveradi.

 

Yolgʻiz Mergan oʻtovning ichiga shoshib kiradi-da, parli oʻq-yoy olib chiqadi va yoy qayishining tarangligini sinab koʻrarkan:

 

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, gʻozning gʻagʻillashini tanimay oʻldimmi? Quloq soling!.. Ana!.. Quloq soling!

TONGYORUGʻ (quloq solib): Eshitmayapman…

YOLGʻIZ MERGAN: E Xudoyim! Togʻning narigi tarafida bir maysa qimirlasa eshitasiz-ku… (Oʻqlarni sadogʻidan chiqarib, koʻzdan kechiradi. Oʻqlar tigʻini shu yerdagi xarsang toshga qayray boshlaydi)

TONGYORUGʻ: Eshitmasam, nima qilay? Eshitdim deyinmi?

YOLGʻIZ MERGAN: Bir yaxshilab tinglab koʻring! Jon ena!..

TONGYORUGʻ (quloq tutgan boʻlib): Eshitilmayapti… Sen, bola, oʻqu yoyingni qoʻlingga bekor olding! Uyda bir oylik goʻshtu yogʻni gʻamlagansan…

YOLGʻIZ MERGAN: Uf! Nima boʻldi sizga, ena? Men ovchiman-ku. Xudo bergan shakaman merganman. Bu togʻlarga dunyo bir aylanganda keladigan qush, menga eshittirib gʻagʻillab tursa-yu, qarab turamanmi?

TONGYORUGʻ: E, qulogʻingga bir gap boʻlgan! Gʻoz-poz yoʻq!… (Yana quloq tutgan boʻlib) Qargʻaning qagʻillashi ham eshitilmayapti.

 

Haqiqatdan ham gʻozning ovozi tingan.

 

YOLGʻIZ MERGAN (rosa quloq solib, hafsalasi pir boʻladi): Ha, eshitilmayapti. Ovozi oʻchdi. Lekin eshitganim rost! Zoʻr qushning ovozi edi! Koʻkragini toʻldirib gʻogʻoladi! Qoʻshiqning zoʻri nolishidan, qushning zoʻri tovushidan bilinadi deb koʻp aytgansiz…

TONGYORUGʻ: Sen zoʻrini otib tashlayverasan-da! Zoʻr bu dunyoda kun koʻrmasligi kerak-da!.. A?

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, gapni burmang-da endi!

TONGYORUGʻ: E, bursam, burmasam shu! Bu dunyoda zoʻr yashamaydi! Otiladi! Soʻyiladi! Quvgʻindi qilinadi!..

Tongyorugʻ oʻgʻlining yoyini, oʻq solingan sadogʻini oʻtovning ichiga olib kiradi.

YOLGʻIZ MERGAN: Ena!..

TONGYORUGʻ (oʻtovdan chiqib): Senga gapim bor. Tangriga ming shukur, yelkamga dunyolardan ortiq yuk boʻlgan gapni endi senga aytish mavridi yetdi.

YOLGʻIZ MERGAN: Qanday gap?

TONGYORUGʻ: Shoshma-da, bolam!.. Avval qutlay! Bugun oʻn sakkizga kirding! Oʻn sakkiz yil Tangri seni balolardan asradi. Oʻz erkingda kezding. Birovga qul boʻlmading. Odamlarning koʻzidan xoli – omonxona joylarda yashading. Bilagingga kuch kirdi, yuragingga gʻujur. Endi soʻray: nimaga bu yerlarda sarson-sargardon boʻlib odamlardan yashirinib yurganimizni bilasanmi? Nega qush quvganday darbadar koʻchib yurganimizni tushunasanmi?

YOLGʻIZ MERGAN: Aytgansiz… Bilaman… “Bu togʻlar sehrli togʻlar! Agar aytganimga koʻnib, yoʻrigʻimni bajarib yashasang, oʻn sakkiz yoshingda senga qutlugʻ bir gapni aytaman”, degansiz! Boshqa hech narsa demagansiz!

TONGYORUGʻ: Chunki norasida eding… Eshitadigan gaplaringning yukidan sinib ketasan, deb qoʻrqdim. Bir lahzada hasratdan qarib-qartayib qolasan deb choʻchidim…

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, aytadigan gaplaringiz shuncha… dahshatlimi?

TONGYORUGʻ: Dahshat, oʻgʻlim! Odam koʻtarolmaydigan darajada ogʻir! Endi mendan soʻra: “Otam qani, tugʻishganlarim qani”, degin! “Elim qani? Yurtim qani”, degin.

YOLGʻIZ MERGAN: Otam qani? Tugʻishganlarim qani? Elim qani? Yurtim qani?

TONGYORUGʻ: Ular yoʻq, bolam!.. Ularni bu ajdarho dunyo domiga tortgan! Otang, tugʻishganlaring, elu yurting mana shu qora tuproqning tagida yotibdi!

YOLGʻIZ MERGAN: Oʻz… ajallari bilanmi?

TONGYORUGʻ: Oʻz ajali bilan ham bir butun el yoʻqlikning qaʼriga tushib ketadimi?

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, aytsangiz-chi, ularga nima boʻlgan?

TONGYORUGʻ: Oltoydan Hazargacha ot surgan eling bor edi, Yolgʻiz Mergan. Qishlovdan yaylovdan koʻchsa, yilqilarning tuyogʻi tagida qolib ketmaylik deb boshqa uluslar koʻz koʻrinmas joylarga oʻzlarini olardi. Elingning bagʻrikeng, qudratining cheki yoʻq – davlatining shavkatiga yetti iqlimning podshohlari taʼzim qilar edi! Shunday el yoʻq boʻldi!

YOLGʻIZ MERGAN (besabr): Nega yoʻq boʻladi?

TONGYORUGʻ: Biz baxtli – birovning himmatiga qarab qolmagan el edik. Barcha ellarni oʻzimizga teng koʻrib, keng dunyo barchaga barobar deb oʻylardik. Ammo elimizning baxtu taxtini koʻrolmaydiganlar topildi. Bu shonu shavkatga, bu molu davlatga egalik etmoqchi boʻldilar. Doʻst deb bilganlarimiz dushman chiqdi. Ular bizdan yashirin til biriktirib, tegramizni halqaday oʻrab oldilar-da, moʻr-malaxday yopirilib keldilar. Gʻaflatda qoldik! Yetti yil jang-jadal boʻldi. Yetti yil! Ne-ne arslon yigitlar jangda halok boʻldi. Ne-ne mardlar “voh, yurtim” deb jon berdi. Dushman hech kimni ayamadi. Keksalarni qilichdan oʻtkazdi, ayollarni chopdi, bolalarni qoʻyday boʻgʻizladi. Beshikdagi goʻdaklargacha qilichladi. Qayerda birov omon qolgan boʻlsa, quvib yetdi. Boʻrilarday oʻrtaga olib, tilka-pora qildi. El yoʻq boʻldi! Yurt yoʻq boʻldi! Bir eldan otang bosh boʻlib olti kishi qoldik.

YOLGʻIZ MERGAN: Otam kim edi?

TONGYORUGʻ: Otang alp Eltugʻu. U biz omon qolishimiz uchun bizlarni quvib kelayotgan dushmanlar bilan bir oʻzi uch kecha-kunduz jang qildi. Biz togʻlardan oshib, izlarimizni shamol uchirib ketguncha savashdi. Qoʻlimizda ikki yoshlik senu ammangning bir yarimga kirgan qizi bor edi. Qolganlarimiz – bobong, ammang, men – sizlarni asrab qolish uchun odam oyogʻi tegmagan joylarga bosh olib ketdik…

YOLGʻIZ MERGAN: Otam balki omon qolgandir?

TONGYORUGʻ: Yoʻq. Omon qolmagan. Otang bizning borimizni ming kunlik yoʻl narisidan ham bilar edi. Oʻlmasa, topib kelar edi-da! U bu dunyoda ikkalamizni tentiratib qoʻyarmidi?.. Voh! Ichim yonib ketyapti! Kuyib ketdim! Bir tutam tutun boʻlib, bu dunyoda yuribman!

YOLGʻIZ MERGAN: Ena!..

TONGYORUGʻ: Menga bu dunyo taqdir emas, olovxona berdi! Jizgʻanak boʻlib ketdim! Parvardigor! Otam qani! Onam qani! Qani qavmu qarindosh! Elu yurtim qani! Ularga shunday keng dunyodan bir parcha yer topilmadi! Shunday katta el, shunday ulugʻ yurt yerga botib ketdi!.. Dushmanlik ham shunday boʻladimi? Beshafqatlik shunday kuchlimi? Qani baxt?! Qani erk?!.. Mening hatto oʻlishga ham haqqim yoʻq!..

YOLGʻIZ MERGAN: Nimalar deyapsiz? Hech gapirmagan gaplar tilingizga kelyapti… Ena!..

TONGYORUGʻ: Eshit! Eshit!.. Biz bir oy yurib, yovdan xalos boʻlganimizni sezganimizdan keyin yana falokat yuz berdi. Bobong – otangning otasi Manguqut jon berdi. U menga va ammangga oʻlimi oldidan vasiyat qildi…

 

Yana sibizgʻa boʻzlaydi. Sahna teskari aylanadi. Kunlar va tunlar almashadi… Boʻlib oʻtgan voqealar jonlana boshlaydi.

2

 

Togʻlardagi bir ungur. Manguqut xarsangga suyanib arang turibdi. Tongyorugʻ va Kunyorugʻlarning qoʻllarida chaqaloqlari, uning qarshisida tik qotishgan.

 

MANGUQUT: Ena qizlarim! Menga jonimni topshiradigan damlar yetganga oʻxshaydi. Endi yigʻlamasdan, yaxshilab tinglanglar!

KUNYORUGʻ (yigʻlar ekan): Yigʻlamaymiz!… Yigʻlamaymiz!

TONGYORUGʻ (izillab): Hech yigʻlamaymiz! Hech qachon…

KUNYORUGʻ: Faqat siz yotib oling! Yaradorsiz… Oyoqda arang turibsiz…

MANGUQUT: Hozir aytadigan gapim juda izzat-hurmatli lafz. Tik turib aytmasam, boʻlmaydi… Biz necha kishi qoldik?

TONGYORUGʻ: Olti kishi…

KUNYORUGʻ: Akam yetib kelsa, olti kishi…

MANGUQUT: Akang yetib kelmaydi…

 

Ogʻir sukunat choʻkadi. Faqat sibizgʻami, chanqovuzmi, yoki doʻmbirami, xullas, allaqanday dard boʻzlaydi.

 

Kunyorugʻ, akang yetib kelmaydi… Tongyorugʻ kelinim, sen ham Eltugʻudan umidingni uz! U ortimizdan tushgan yov yoʻlida – bizga qalqon boʻlib, halok boʻlgan.

TONGYORUGʻ: Qayerdan bildingiz?

MANGUQUT: Biz bu yerda tirik yuribmiz-ku! U fido boʻlmaganda, tirik yurarmidik. Yov allaqachon bizga yetib olgan boʻlar edi…

 

Yana sukunat. Yana tosh dunyolarni eritib, musiqa nola qiladi.

 

TONGYORUGʻ: Balki…

MANGUQUT: Oʻzingni aldama. Bu dunyo oʻzlarini aldaydiganlarni kechirmaydi. Buning ustiga, eshitdim! “Otajon” degan jonachchiq nolasini shamol koʻnglimga uchirib yetganday boʻldi… Xullas, jon topshirarimda, sizlarga vasiyatim bor. Men hozir oʻlaman. Meni dafn etganlaringdan soʻng, tez xayrlashinglar. Tongyorugʻ, sen oʻgʻlingni olib kunbotarga qirq kun yur. Sen, Kunyorugʻ, kunchiqar tarafga qirq kun yur. Oʻsha taraflarda kun koʻringlar… Bir joyda koʻp qolmanglar. Odamlarning koʻziga koʻrinmanglar! Bolalaringni asranglar…

KUNYORUGʻ: Otajon, nega birga boʻlmasligimiz kerak?

MANGUQUT: Dunyoni koʻrib turibsan-ku! U shafqatni bilmaydi. Atrof yov. Agar falokat yuz berib, dushman ikkovlaringni barobar bosqin etsa, Tongli xalqidan hech kim qolmaydi. Bu olamdan shonu shavkatimiz, gʻururimiz, boru yoʻgʻimiz – qaro yerning tagiga kirib ketadi. Men bu xalq omon qolishini istayman. Bu juvonmarg xalqni saqlab qolish masʼuliyati endi sizning zimmangizda qoldi. Farzandlaring oʻn sakkiz yoshga toʻlganda, bundan olti oylik yoʻl naridagi Boysun-Qoʻngʻirotning Asqar togʻida uchrashasizlar. Farzandlaringni “oʻzingdan koʻpayib, bir xalq boʻl” deb yaxshi niyat bilan bir-biriga uylanglar. Sizlar esa hozir, toki farzandlaringni oʻn sakkiz yoshida uchrashtirmaguncha, boshlaringga osmon yiqilsa ham, oʻlmaslikka vaʼda beringlar!

TONGYORUGʻ: Vaʼda beraman!

KUNYORUGʻ: Vaʼda beraman!

MANGUQUT: Qattiqroq aytinglar, bu bagʻri tosh dunyo eshitsin! Qattiqroq aytinglar!..

TONGYORUGʻ: Dunyo, eshit!

KUNYORUGʻ: Oʻzingni karlikka olib turma! Eshit!

TONGYORUGʻ: Men Tongli elining qizi, Tongyorugʻ, bolalarimiz oʻn sakkiz yoshida koʻrishguncha oʻlmaslikka qasam ichaman!

KUNYORUGʻ: Men Tongli elining qizi, Kunyorugʻ, otam vasiyatini ado etmaguncha oʻlmayman deb qasam ichaman!

MANGUQUT: Endi oxirgi vasiyatim! Oʻlsam, ustimga shox-shabba tashlanglar-da, bu yerdan tez ketinglar! Bu gapim ham vasiyat! Yov yetib qolishi mumkin!.. Tangrim! Shu qirgʻin boʻlgan elni oʻzing yorlaqa! Shu ikki norasida ildizlarini asra! Ular koʻkarsin! Daraxt boʻlsin! Bogʻ boʻlsin! Bir ulugʻ xalq yana dunyoni tutsin! Mana bu ikki jafokash ayolga ham sabru toqat ber! Koʻk Tangrim! Meni eshityapsanmi, Koʻk Tangrim!.. Koʻk Tangrim!.. Tangrim deyapman!..

Manguqut oʻq tekkanday yiqiladi. Yana odmi cholgʻular insonning mangu dardini ayta boʻzlaydi. Ikki ayol yigʻlay-yigʻlay, chaqaloqlarni bir chetga avaylab qoʻyadilar-da, marhumning ustiga daraxtlarning novdalarini tashlay boshlaydilar. Bu ishlarni bajarib, bir-birlarining qarshilariga kelib toʻxtaydilar.

 

TONGYORUGʻ: Tongli elining Kunyorugʻ qizi! Boshimda soya boʻlgan alp Ertugʻuning singlisi! Jigarim! Bu dunyolarda yolgʻiz qolgan yolgʻizim! Endi men ketaman!..

KUNYORUGʻ: Tongli elining Tongyorugʻ qizi! Akamday erning koʻngli topgan pokiza gul! Ayriliqlarda eslab yuradigan yolgʻiz qarindoshim! Endi men ham ketaman!..

TONGYORUGʻ: Oʻn sakkiz yoz, oʻn sakkiz qish oʻtguncha xayr!

KUNYORUGʻ: Oʻn sakkiz koʻklam, oʻn sakkiz xazon oʻtsa, albatta, koʻrishamiz!..

TONGYORUGʻ: Ayriliqqa chidaymiz!

KUNYORUGʻ: Boshimizga tosh yogʻsa ham sabr qilamiz!

TONGYORUGʻ: Faqat elimizning bu ikki ildizini omonlikda qoʻkartirsak, bas.

KUNYORUGʻ: Hali ular daraxt boʻladi!

TONGYORUGʻ: Daraxtlar boqqa aylanadi!..

KUNYORUGʻ: Oltoy togʻlaridan Hazar dengizigacha Tongli eli oʻrmonday shovullab turadi.

TONGYORUGʻ: Elimizning shonu shavkati olamni tutadi.

KUNYORUGʻ: Endi koʻrishguncha yigʻlamaymiz ham!

TONGYORUGʻ: Endi oʻn sakkiz yil yosh toʻkmay yashaymiz.

KUNYORUGʻ: Toshday yashaymiz.

TONGYORUGʻ: Toshga aylangan ikki tomchi yoshday yashaymiz.

KUNYORUGʻ: Omon boring!

TONGYORUGʻ: Omon boʻling!

 

Ular ikki tomonga yuradilar. Toʻxtaydilar.

 

KUNYORUGʻ: Tongli elining Tongyorugʻ qizi!

TONGYORUGʻ: Tongli elining Kunyorugʻ qizi!

KUNYORUGʻ (ovozi yigʻidan qaltirab): Elimdan qolgan yodgorim!

TONGYORUGʻ (betovush yigʻlar ekan): Men… keyin… yigʻlamayman!.. Sabrim qolmadi! Oxirgi marta! Oxirgi marta!..

KUNYORUGʻ: Yanga…

TUNYORUGʻ: Qiz! Egachim!..

 

Ular hoʻngragancha, bir-birlarini bagʻriga bosadilar. Shu payt musiqa ham koʻngil boʻlib hoʻngraydi. Chaqaloqlar ham bezovtalanib, yigʻlashga tushadilar. Ikki ona yugurib borib, chaqaloqlarini oladilar va… bir majbur yurishda, bir-birlariga qaray-qaray, dunyoning ikki tarafiga qarab ketadilar.

 

3

 

Yana Yolgʻiz Mergan va Tongyorugʻ. Ular suhbatlarini davom ettiryaptilar.

 

YOLGʻIZ MERGAN (ajib bir sururli ohangda, soʻzning mazasidan rohatlanib): Tongli… Tongli…

TONGYORUGʻ (noxos baxtdan choʻchib tushganday): A? Qaytar… Yana ayt!.. Qaytar!..

YOLGʻIZ MERGAN: Tongli…

TONGYORUGʻ: Tongli… Tongli! Yana ayt, bolam, ayt!

YOLGʻIZ MERGAN: Tongli!.. Tongli!..

TONGYORUGʻ: Eshitar kun bor ekan-ku! Tongli, noming oʻchmagan ekan-ku! Mana, oʻgʻlim aytib turibdi… Mening oʻgʻlim nomingni aytayapti. Ayt, bolam, ayt! Qattiqroq ayt! Dunyo esiga tushsin! Tongli degan xalq tirikligini eshitsin! Baralla ayt! Baqirib ayt! Bu kar dunyo tinglasin!

YOLGʻIZ MERGAN: Tongli!.. Tongli!.. Tongli!..

TONGYORUGʻ: Yolgʻizim! Yolgʻiz merganim! Sen omon boʻlsang, Tongli bu dunyoda ildiz otadi. Biz Asqar togʻdamiz. Ammang Kunyorugʻ farzandini olib bu tomonga joʻnagan. Kelib qolishadi. Kelishsa, ammangning qizini senga unashtiraman! Toʻrtalamiz – barcha Tongli ulusi yigʻilib – katta toʻy qilamiz! Sizlar oʻn oʻgʻil koʻrasizlar! Oʻn qizli boʻlasizlar! Oʻn kelin olasan! Oʻn kuyovli boʻlasan!.. Men, huv, choʻqqiga chiqib, atrofga qarayman. Kelishayotgan boʻlsa, koʻzlari tushar…

YOLGʻIZ MERGAN: Men bora qolay… Zuv etib borib, zuv etib kelaman.

TONGYORUGʻ: Yoʻq, ular erkakni koʻrishsa choʻchishadi…

YOLGʻIZ MERGAN: Nega?

TONGYORUGʻ: Erkaklarning bagʻri tosh… Odamlarning mana shu toshmehr dunyosini ular qurgan!.. (Tashqariga yoʻnaladi) Men hozir kelaman… Hozir!..

 

Shu payt yana gʻozning gʻagʻalashi eshitiladi.

 

YOLGʻIZ MERGAN (dunyoni unutib): O, tovushingdan! Yana keldingmi?.. Xudo seni menga buyurgan! Koʻnglim sezib turibdi! Ajaling quvib, yonimga kelyapsan!… (Ichkariga yugurib kiradi-da, oʻq-yoyini olib chiqadi). Hozir boraman! Chaqirishingni qara!

TONGYORUGʻ: Oʻgʻlim! Hech qanaqa gʻoz yoʻq!

YOLGʻIZ MERGAN: E, ena bir gʻozning tarafini shuncha olasizmi? Nega eshitib turib, “eshitmadim”, deysiz!

TONGYORUGʻ: Bolajonim, shu ishingni qoʻy! Gʻozning ovozi emas…

YOLGʻIZ MERGAN: E, ena-ya! Sochingizga oq tushganda aldamchi boʻlib qoldingizmi? Ana, uchib kelib naq peshonamizga – Koʻktoshning ustiga qoʻndi. Qarang!.. Qarang!

TONGYORUGʻ (sukut saqlab): Koʻrdim, bolam, koʻrdim!.. Ammo shu gʻozga teginma!

YOLGʻIZ MERGAN: Nimaga? Nimaga? Men ovchiman! Tangri jami jonivorlarni ovlash uchun yaratgan!

TONGYORUGʻ: Bilaman… Bolam, bilaman… Ammo shu gʻozga omonlik ber! Shu gʻoz omon qolsin!.. Ana, uchib ketdi!..

YOLGʻIZ MERGAN: Meni ahmoq qilyaptimi bu qush? Bir paydo boʻladi, bir yoʻq boʻladi…

TONGYORUGʻ: Diltang boʻlaverma! Foydasi yoʻq. Uchib ketdi – boʻldi-da!.. Mabodo qaytib kelsa ham, unga teginma! Men esa hozir yugurib boraman-da, hoʻv, choʻqqidan atrofga bir qarab qaytaman… Ammang Asqar toqqa yetdim deganda, adashib ovora boʻlib yurmasin! (Tashqariga yoʻnaladi.)

YOLGʻIZ MERGAN: Ena…

TONGYORUGʻ: (toʻxtab): Nima deysan?

YOLGʻIZ MERGAN (zoʻriqib): Ena…

TONGYORUGʻ: Soʻrayver, nima gaping bor?

YOLGʻIZ MERGAN: Ammamning qizini ismi nima?

TONGYORUGʻ (negadir quvonib): Aytmadimmi?

YOLGʻIZ MERGAN: Yoʻq… Aytganingiz yoʻq…

TONGYORUGʻ: Ammangning qizining ismi… juda chiroyli! Manguhayot!

YOLGʻIZ MERGAN: Manguhayot?..

TONGYORUGʻ: Ha, Manguhayot!

YOLGʻIZ MERGAN: Haqiqatdan chiroyli ekan!

TONGYORUGʻ: Ismi ham chiroyli, oʻzi ham chiroyli!..

YOLGʻIZ MERGAN: Uni koʻrmagansiz-ku… Qayerdan bilasiz?

TONGYORUGʻ: Bilib qoʻy, oʻgʻlim, dunyodagi eng chiroyli xalq Tongli xalqidir. Chunki Tongli xalqi xiyonatni bilmaydi. Bu xalq xiyonatni bilmagani uchun qaro yerga kirdi. Tonglilarning erkaklari mard, pahlavon; ayollari dunyodagi eng goʻzal ayollardir. Bilib qoʻy! Hech qachon unutma! Eng chiroyli xalq Tongli xalqidir! Chunki u xiyonatni bilmaydi!.. Men ketdim, bolam. Hozir kelaman…

 

U yugurgilab chiqib ketadi.

 

YOLGʻIZ MERGAN: Manguhayot… Mangu… hayot!

 

Yolgʻiz mergan bu ismni takrorlarkan, dunyo allaqanday oʻzgaradi. Ayolning sogʻinch va gʻuluga toʻla soʻzsiz qoʻshigʻi qaylardandir eshitiladi. Unga erkakning, ehtimol Yolgʻiz Merganning ovozi joʻr boʻladi. Yolgʻizlikning koʻyida dard bilan toʻlgan tovushlar… Shu payt yana gʻoz gʻogʻolab qoladi.

 

(Gʻozning ovozini eshitmay) Manguhayot… Buncha chiroyli! Manguhayot!… Yana gʻoz sayraydi. (Nogoh eshitib toʻxtaydi). Gʻoz sayradi! (Quloq tutadi.) Suv quyilganday hamma joy jim-jit!.. Ammo gʻoz sayradi. Aniq eshitdim… Tavba, meni birov sinayotganday. Butun vujudim titrab ketyapti. Koʻnglim oʻljani sezdi. Dahshatli oʻlja! Xuddi taqdirday katta oʻljaga oʻxshayapti… Ana, yana sayradi!.. Bu gʻoz meni masxara qilyapti! Ovchi emassan deyapti! Otolmaysan deyapti! Yolgʻiz mergan ming qadamdan uchgan qushning koʻzidan urishini hali bilmaydi!.. Yana sayradi! E, toqatimni toq qilding! (U otilib chaylaga kiradi-da, oʻq-yoyni olib chiqadi.) Qayerdasan? Gʻoz, qayerdasan? Menga seni Tangri taolo roʻbaroʻ etyapti! (Atrofga sinchiklab nazar tashlaydi.) Bilib qoʻy! Men Yolgʻiz Merganman! Yetti yoshimdan buyon otgan oʻqim xato ketmagan! Moʻljalga bexato urganman!.. Bexato urishimni bilmaysan! O, yana sayrading! Men bilan bekor oʻynashayapsan! Bekor!.. (U atrofga aylanib qarab, gʻozni izlaydi.) Voh, qudratingdan! Tangrim! Bu gʻoz juda oʻzidan ketdi! Ana, gazadan oshib, tikka men tomonga uchib kelyapti! Meni oʻynatayapti! Naq manglayimga kelib qoʻnganini qarang! Mening kimligimni bilmaydi bu jonivor… (Yoyni olib, oʻqni sadogʻidan oladi.) Kimligimni bilmaydi! Bilmaydi…

TONGYORUGʻ (olisdan): Otma! Bolam, otma!

YOLGʻIZ MERGAN (moʻljalga olishga hozirlanib): Uchib ketma! Joyingda tur! Joyingda tur!

TONGYORUGʻ (ovozi endi yaqindan eshitiladi): Otma deyapman senga! Otma!

YOLGʻIZ MERGAN: Enamni nima ishi bor bu gʻoz bilan! Sen enamning gapiga quloq tutma!.. Joyginangda tur! Mana, hozir! Mana, hozir!.. (U moʻljalga olib, oʻq tiralgan yoyning tasmasini torta boshlaydi.) Sahnaga Tongyorugʻ otilib kiradi.

TONGYORUGʻ: Otma! Otma!

YOLGʻIZ MERGAN: Xalaqit bermang! Xalaqit bermang! Oʻzi keldi! Oʻzi talab qilib, uchib keldi! Otib olmasam, oʻlib qolaman! Oʻlib qolaman!..

TONGYORUGʻ: Otma!

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, shu gʻoz oʻgʻlingizdan azizmi? Tarafini olmang! Men sizga “shu gʻozni otib olmasam, oʻlib qolaman” deyapman! Oʻlib qolaman.

TONGYORUGʻ: Otma, deyapman, bolasi tushmagur! Otma!

YOLGʻIZ MERGAN: Ena!..

TONGYORUGʻ: (gʻoz qoʻngan tarafga qarab): Ho, kish!.. Kish!.. Qush boʻlmay oʻlgur, uchsang-chi! Toshday turaverasanmi? Kish!..

YOLGʻIZ MERGAN: Men oʻlib qolaman deyapman! Oʻlib qolaman! Mendan biror jonivor qochib ham, uchib ham qutulmagan!.. Qutulsa, oʻlganim!…

TONGYORUGʻ: Kish!.. Kish!..

 

Yolgʻiz mergan yoyni tortadi. Ayni oʻq otiladigan payti Tongyorugʻ oʻgʻlining qoʻliga turtib yuboradi. Gʻozning choʻchib, gʻogʻillagani eshitiladi. Uning ovozi borgan sari olislab boradi. Sukunat choʻkadi.

 

YOLGʻIZ MERGAN (holsizlanib): Ena… Oʻqim tegmadi…

TONGYORUGʻ (quvonganidan oʻgʻliga eʼtibor bermay): Tegmadi!.. Gʻoz omon qoldi!.. Omon qoldi! Elchi gʻoz omon qoldi!..

YOLGʻIZ MERGAN: Ena… Qanaqa elchi gʻoz?..

TONGYORUGʻ: “Meni dushmanga qoldirma, Boysun-Qoʻngʻirotgacha qanotimni toldirma”, deb uchib ketdi? Uchib ketdi!

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, deyapman! Qanaqa elchi gʻoz?..

TONGYORUGʻ: Bu joylar, mana shu Asqar togʻ – Boysun-Qoʻngʻirotning yerlari, bolam! Alpomish zindonga tushib, elu yurti ultontozlarga qolib ketdi! El Alpomishni oʻlgan deb oʻylaydi. Bu gʻoz Alpomishdan yurtiga noma olib ketayotgan elchi qush. Qanotiga noma bogʻlangan! Elchiga oʻlim yoʻq!.. Endi Alpomish qaytadi! Qoʻngʻirot ozod boʻladi!.. Bu dunyoda bir elu yurt taxtu baxtli yashaydi!

YOLGʻIZ MERGAN: Siz qayerdan bilasiz bu gaplarni?

TONGYORUGʻ: Hasratda yashagan odam nimalarni bilmaydi, bolam! Bu gaplarni qushlardan eshitdim! Hasratdan himillab turgan havolar aytdi. Qaygʻudan engashib qolgan osmon soʻzladi! Yolgʻizligimiz jami tiriklikning tilini anglashni oʻrgatdi menga!

YOLGʻIZ MERGAN (tobora holsizlanib): Ena, endi menga nima boʻladi?

TONGYORUGʻ (oʻgʻliga eʼtibor berib qarar ekan): Senga… Senga… Nima boʻldi?

YOLGʻIZ MERGAN: Men gʻozni otolmadim!.. Gʻoz uchib ketdi!

TONGYORUGʻ: Aytdim-ku, bu gʻoz…

YOLGʻIZ MERGAN: Siz menga choʻpchak aytayapsiz… Mening esa, bu dunyoda turgiligim qolmadi… Oʻzingiz aytgansiz: “Er kishining oʻqi xato ketgani, oʻlgani”, degansiz…

TONGYORUGʻ: Aytganman… Ha, aytganman!

YOLGʻIZ MERGAN: Oʻqim xato ketdi… Ichimdagi oʻq tomirim uzildi, ena!.. Ena!.. (u holsizlanib, xarsangga suyanadi.) Ena…

TONGYORUGʻ (oʻgʻlining qoshiga yugurib boradi. Yuz aylanib, ming oʻrgiladi): Unday dema! Unday dema, jonim bolam! Yolgʻizim mening!

YOLGʻIZ MERGAN: Mendan bir gʻozni enamki avlo bildi, paymonam toʻlgan ekan, gulim ochilmay soʻlgan ekan… Voh! Gʻoz uchib ketdi! Qaytib kelmaydigan boʻlib ketdi! Oʻlganim yaxshi!..

TONGYORUGʻ (jonholatda kalovlanib): Nima deyapsan? Hech qachon! Hech qachon oʻlmaysan!..

YOLGʻIZ MERGAN: Voh, jonim! Ena, butun vujudim ezilib ketdi!

TONGYORUGʻ: Toʻshakka yur… Toʻshakka yur!.. (Oʻgʻlini suyagancha, kapa tarafga boshlaydi.)

YOLGʻIZ MERGAN (sudralib qadam tashlaydi): Holim qolmadi! Holim qolmadi! Gʻoz uchib ketdi!

TONGYORUGʻ: U gʻoz…

YOLGʻIZ MERGAN: (choʻkkalab qoladi). Bir gʻozni mendan ayadingiz… Ena, men endi odam boʻlmasam kerak.

TONGYORUGʻ: Bolam! Bolam!..

YOLGʻIZ MERGAN: Ena… Dunyo koʻzimga qorongʻi boʻlyapti!..

 

Yolgʻiz Mergan qaddi bukilib, asta yerga yiqiladi. Tongyorugʻ yugurib borib, oʻgʻlining boshini tizzasiga oladi:

 

Bolam!.. Koʻzingni och! Koʻzingni och! Sen oʻlmasliging kerak! Eshityapsanmi, bolam, sen oʻlmasligin kerak!.. Voh, Tangrim menga yordam ber! Bir xalqdan qolgan yodgorga yordam ber! Uni qaro yerga kirgizma! U bu olamdan ketsa, Tongli ulusi izi bilan bu dunyodan oʻchadi! Tangrim!..

 

Sahna qorongʻi tortadi…

 

4

…Dunyoda kun-tun almashyapti. Tunu kun oralab, sahnadan Tongyorugʻ pirillabgina yurib oʻtib ketyapti, oʻtib ketyapti… Kun-tun almashyapti. Sahnaning bir tarafidan qoʻlida uzun irgʻay tayoq ushlab olgan Boʻlgan Kal, bir tarafidan Tongyorugʻ halloslab kirib kelyapti.

 

BOʻLGAN KAL (sahnaga kiriboq): Qayt! Egachim, qayt! Men fol ochishni tashlaganman. Kelgan izingga qayt deyapman! Qayt!

TONGYORUGʻ: Boʻlgan inim! Ming afsunga toʻlgan inim! Oʻgʻlim olti oydan buyon kasal boʻlib, koʻzini ocholmay yotibdi. Shamolday yeldim, olti oylik yoʻlni olti nafasda bosib keldim! Bolamning dardiga davo izlab, biyaday boʻzlab qoshingga yetdim!..

BOʻLGAN KAL: Holingdan xabarim bor! Holingdan xabarim boʻlmasa, bu dunyoda nega Boʻlgan Kal nomimni oʻrtaga qoʻyib fol ochib yuribman! Ammo yaqinimga kelma! Lovullab yonayapsan! Men ham olovingga qoʻshilib yonib ketaman! Yonimga kelma!.. Qayt!

TONGYORUGʻ: Qayt, dema! Jonimni olsang, ol! Molimni olsang, ol!…

BOʻLGAN KAL: Egachim, molingni ololmayman – talonchi emasman, joningni ololmayman – Koʻk Tangri emasman! Yaqinimga kelma! Men fol ochishni tashlaganman! Ochgan folim teskari chiqyapti! Faqat Tangridan umid kut!

TONGYORUGʻ: Tangridan shu bolamning umrini soʻrab beradigan odam kerak. Mening zorimni Tangrim eshitmayapti… Hech boʻlmasa, bir sirni ayt, Boʻlgan inim, men Tangriga nima yomonlik qildimki, yolgʻiz bolamni, koʻzimning oqu qarosini bedavo dardga duchor qildi?..

BOʻLGAN KAL: Tangrining ravishi faqat oʻziga maʼlum…

TONGYORUGʻ: Iloyo, dunyo turguncha turgin! Meni marhamatingdan nari tutma! Tushun, oʻgʻlim Tongli ulusining soʻnggi ildizchasi! Men uni oʻn sakkiz yil asrab-avayladim. U juvonmarg boʻlsa, bus-butun el qayta koʻkarmaydi – dunyodan beiz yoʻqoladi. Qaro yerga kirib ketadi!..

BOʻLGAN KAL: Yigʻlatma-da meni!.. Bu qismatni bilmasam, folchiman deb bu dunyoda lof urib yuramanmi?

TONGYORUGʻ: Inim, sen yana bir gapni bilasan…

BOʻLGAN KAL: Egachim, senga xudoyimning sinovi tugamaganga oʻxshaydi! Mendan soʻrab nima qilasan? Sen fidokorning ishini qilding. Oʻgʻlingning jonini jabborga berib, elchi gʻozni uchirding! Ana, Qoʻngʻirot elida necha oyki, toʻy! Baxtu taxti qaytib kelgan… Sen ulugʻ odamsan! Bir xalqqa ozodlik berding! Gʻozga aylanib, uchib ketayotgan erkning koʻksini oʻq tuyrab oʻtmadi. Ozodlikning yoʻli kesilmadi. Alpomish qaytib, Boysun-Qoʻngʻirot baxtini topdi! Egachim, butun dunyo bilgan gapni qayta aytay: sen fidokorlik qilding. Bu dunyoda fidokorning ishi ogʻirdir! Qaysi fidokorning manglayi yarqirab, bu dunyodan oʻtdi? Sen bu dunyoni mard deb oʻylama! Ket, egachim! Ket! Mendan najot kutma! Men kimmanki, senga yordam beray!

TONGYORUGʻ (soʻnggi umid bilan, koʻz yoshlarini tiyolmay): Hech yordam berolmaysanmi?

BOʻLGAN KAL: Egachim, meni qiynayapsan. Ket!..

TONGYORUGʻ: Inim! Qarshimda qaro kunlarimdagi bir sitim yorugʻ boʻlib turibsan! Meni koʻp qaqshatma! Birgina fol och!

BOʻLGAN KAL: Ocholmayman…

TONGYORUGʻ: Seni umrim boʻyi olqayman! Yolvoraman! Shu bolamga fol och!

BOʻLGAN KAL: Egachim!..

TONGYORUGʻ: Meni qaqshatma!..

BOʻLGAN KAL: Ochadigan folimni oʻylasam, qoʻrqib ketyapman. Turishingni qara! Sen hech narsadan qaytmaysan! Sen joningni ayamaysan! Egachim! Joni sabil qolgan odamsan! Bilib qoʻy, sen ham osmonni koʻtarib turgan odamsan!

TONGYORUGʻ: Qanaqa osmon?

BOʻLGAN KAL: Bu dunyoning osmoni koʻp. Birini sen koʻtarib turibsan.

TONGYORUGʻ: Allaqaydagi gaplarni gapirma! Xudo qargʻagan xalqning Xudo qargʻagan bir mushtipari boʻlsam…

BOʻLGAN KAL: Unday dema! Unday dema!.. Sen eng ulugʻ odamsan!

TONGYORUGʻ: Inim, mening oʻlishga haqqim yoʻq. Boʻlmasa…

BOʻLGAN KAL: Endi ket! Dunyo bilan gaplashishimga xalaqit beryapsan. Koʻnglimni boʻshashtirib yuboryapsan. Senga qarab, yuragim ezilib ketyapti… Dunyo bilan gaplashishda qattiq boʻlmasang, boʻlmaydi. Boʻshashsang, bu dunyo ezib tashlaydi. Sen buni bilasan…

TONGYORUGʻ: Bilaman. Oʻn sakkiz yil yolgʻiz boshim bilan dunyoga sir bermadim. Tikka gaplashdim. Boshqa ilojim yoʻq edi.

BOʻLGAN KAL: Endi ham boʻshashma! Avvalgiday koʻziga tik qarab ishingni qilaver! Endi bor…

TONGYORUGʻ (qaqshab): Bolam… Yolgʻizim nima boʻladi?

BOʻLGAN KAL: Voh, oʻzini oʻylamagan, egachim!.. Tangrining aytgani boʻladi! Tangrining aytgani boʻladi! Ket!.. Meni qiynama!..

TONGYORUGʻ (keta boshlaydi): Koʻk Tangrim! Oʻzing najot ber! Najot ber! Yolgʻizgina bolamni xazon qilma! Axir, unga bir gap boʻlsa, bir xalq bu dunyodan beiz yoʻqoladi! Qaysi gunohimiz uchun bizni bu dunyongdan haydab yuboryapsan!.. Sinovingni koʻtarolmayapman! Yerga kirgizib yuboryapti meni sinovlaring! Chidayolmayapman! Sabrim tugayapti! Tangrim! Tangrim! Ovoz bersang-chi! Nega jimsan? Axir, bundan ortiq xoru zorlik boʻladimi? Tangrim! Ozgina najot ber!..

 

Tongyorugʻ yigʻlay-yigʻlay chiqib ketadi. Boʻlgan Kal uning figʻonlariga toqat qilolmay qotib turibdi.

 

BOʻLGAN KAL: Tangrim! Qoyilman, Tangrim! Qanday bandalaringni yaratgansan! Qanday gʻaroyib bandalaring bor!.. Yo qudratingdan! Yo qudratingdan! Qanday bandalaring bor!.. Qoyilman…

 

Sahnaga qorongʻilik tushadi…

 

5

…yorishganda, sibizgʻa yigʻlab, doʻmbira boʻzlab, Yolgʻiz Merganning holidan yana bayon etib turibdi. Kapadan sudralib, qiynalib, ingranib chiqayotgan Yolgʻiz Mergan koʻrinadi. U bir dam sudralgach, behollikdan toʻxtab qoladi. Yo qimirlashga majoli yetmayapti yoxud bu dam hushidan ketgan… Yolgʻiz oʻziga kelib, yana ingragancha, sudraladi. Oxir sahnaning toʻridagi xarsang toshga ming azobda yetib boradi. Unga koʻksini yerdan uzib, suyanishi ham ming azobda kechadi. Ana, Yolgʻiz Mergan xarsangga suyangancha, dunyoni tomosha qilyapti. Dam osmonga, dam togʻlarga qaraydi, dam yonidagi maysani suygan odamining sochini silaganday silaydi… Tongyorugʻ kiradi. Oʻgʻlini tashqarida oʻtirganini koʻrib, toʻxtab qoladi.

 

TONGYORUGʻ: Tashqariga… qanday qilib chiqding?

YOLGʻIZ MERGAN: Chiqdim. Emaklab, sudralib…

TONGYORUGʻ: Sen… Sening tobing yoʻq. Toʻshakda yotishing lozim. Gapimga kirmaysan…

YOLGʻIZ MERGAN: Kapa qafasga oʻxshadi. Dunyoni bir koʻray deb chiqdim.

TONGYORUGʻ: Bolajonim! Nimalar deyapsan? Hali bu dunyoni koʻp koʻrasan!

YOLGʻIZ MERGAN (uning gapini eshitmaganday): Dunyo boshqacha ekan…

TONGYORUGʻ (birdan tutoqib): Men dunyoni bilaman! U… oʻljasini taʼqib etayotgan boʻriga oʻxshaydi. Xalqimizni yov betoʻxtov bosqin etgandan buyon u bizni taʼqib etadi… Hozir menga yetib kelgan! Tishlari boʻgʻzimga botib ketayotganini his qilib turibman…

YOLGʻIZ MERGAN: Sen aytayotganing boshqa dunyo…

TONGYORUGʻ: Dunyo bitta! Boshqa dunyo yoʻq. Tongli elini qirgan, lak-lak odamlarning qonini daryo-daryo oqizgan, bolalaru ayollarni qoʻyday soʻygan dunyo…

YOLGʻIZ MERGAN: Boshqa dunyo bor… Masalan, siz boshqa dunyosiz!..

TONGYORUGʻ: Men?

YOLGʻIZ MERGAN: Ha… Men bemajollikda yotib, oʻylayverib-oʻylayverib topdim. Siz boshqa dunyosiz…

TONGYORUGʻ: Qanaqa dunyoman?

YOLGʻIZ MERGAN: Siz oʻzingizdan koʻra boshqalarni koʻproq oʻylaydigan odamsiz. Bu dunyoda boshqalar ham emin-erkin – oʻzining baxtu taxti bilan yashashini xohlaysiz…

TONGYORUGʻ: Shu ishim yomonmi?

YOLGʻIZ MERGAN: Yaxshi… Ammo bir gʻozni oʻgʻlingizdan ayadingiz…

TONGYORUGʻ: Bolam! Bolajonim!..

YOLGʻIZ MERGAN: Menga esa odamlarning koʻziga koʻrinma, ular qirgʻin va oʻlim olib keladi, deb oʻrgatdingiz…

TONGYORUGʻ: Boshqa ilojim yoʻq. Sen elingning ichida yashayolmayapsan-da! Na suyanching bor, na tayanching! Havodasanu uchishga qanoting yoʻqday… Odamlar yolgʻizu kuchsizni ayab oʻtirmaydi! Seni asrab qolish uchun bu gaplarni aytishga majbur boʻlganman. Chunki senga bir gap boʻlsa, elimiz yoʻq boʻladi.

YOLGʻIZ MERGAN: Meni xato qilishga haqqim yoʻqligini, har otgan oʻqim moʻljalga aniq tegishi kerakligini uqtirgansiz. Tinmay mashq qildirgansiz! Xato qilish yigit uchun oʻlim degansiz.

TONGYORUGʻ: Ha, ha!.. Aytganman! Aytganman, bolajonim! Sen bir xalqdan qolgan yagona erkak boʻlganing uchun boshqa nima deyin? Xato qilsang, tuzatadiganing yoʻq – yovga yem boʻlasan…

YOLGʻIZ MERGAN: Faqat joningni asra degansiz…

TONGYORUGʻ: Boshqa nima deyin? Sen Tongli ulusini qayta yaratguvchisan!..

YOLGʻIZ MERGAN (bemajol oʻrtanib): Ena! Ena…

TONGYORUGʻ (farzandiga girgitton boʻlib): Jon!..

YOLGʻIZ MERGAN: Baribir… Boshqa dunyo bor ekan. Or-nomus tiriklikdan baland ekan, ena!..

TONGYORUGʻ: Bolajonim! Nomusu orlim!..

YOLGʻIZ MERGAN: Xato qildim… Gʻoz uchib ketdi! Yashashga kuchim yetmayapti!..

TONGYORUGʻ: Shuncha orsizlar dunyoda yashab yuribdi-ku!..

YOLGʻIZ MERGAN: Ularning dunyosi keng boʻlsa kerak! Mening dunyom esa torgina – hadeb oʻzimga duch kelaveraman. Oʻzimga qarayman-da, qora yerlarga kirib ketaman. Bir gʻozni otolmagan noshud, bir elni qanday yaratsin!

TONGYORUGʻ: Bolam!

YOLGʻIZ MERGAN: Oʻlganim yaxshi, ena! Ammo boshqa dunyo! Qanday goʻzal! Osmonni qarang! Shunchalar cheksiz! Ranglarining tozaligini! Har kun koʻradiganim anov archani qarang! Hayotni ufurib, shamolda gʻuvullaydi!.. Buncha chiroyli!.. Qarab toʻymayapman, ena!

TONGYORUGʻ: Hali koʻp qaraysan! Hali qancha daraxtlarni koʻrmagansan! Hammasini tomosha qilasan! Oʻ, sen Tongli ulusining osmonini koʻrmagansan! Osmonimiz shunday baland ediki!.. (Armonli, sururli sukut choʻkadi.) Endi, bolam, ichkari kirib bir mizgʻib ol! Men Luqmoni Hakimning oldiga borib kelaman!

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, ovora boʻlmang. Dardimga davo yoʻq…

TONGYORUGʻ: Shu gaplaringni qoʻy. Dardingga davo topmasam, enang boʻlib nima qildim…

YOLGʻIZ MERGAN: “Dori” deb berganingizni yedim, “ich” deganingizni ichdim… Foydasi yoʻq… “Luqmoni Hakim olti oylik yoʻl narida”, deyotgan edingiz, ena! Siz qaytib kelguncha…

TONGYORUGʻ: Xudo xohlasa, men qaytib kelguncha, hamma narsa omon-omonlikda boʻladi. Olti oylik yoʻlni olti nafasda bosaman!

YOLGʻIZ MERGAN: Foydasi yoʻq…

TONGYORUGʻ: Hamma narsaga shak keltiraverma. Kasal borki, davosi bor! Luqmoni Hakim bilmagan davo bormi?

YOLGʻIZ MERGAN: Oʻlimdan boshqa hamma narsaning davosi bor…

TONGYORUGʻ (choʻchib tushib): Nima? (Oʻtirib qoladi. Hoʻngrab yigʻlaydi.) Men seni bu yorugʻ dunyodan qoʻyib yubormayman! Eshityapsanmi? Qoʻyib yubormayman…

 

Qorongʻilik tushadi…

 

…Dunyoda kun-tun almashayapti. Tunu kun oralab, sahnadan Tongyorugʻ pirillabgina yurib oʻtib ketyapti, oʻtib ketayapti… Kun-tun almashayapti. Nihoyat, Tongyorugʻ sahnaga kiradi-da, taqqa toʻxtab qoladi. Sahnaning nariga tarafidan Luqmoni Hakim, koʻzi tushgan jonivorlaru oʻt-oʻlanlar bilan gaplashgan koʻyi, kirib kelayapti. Soqoli koʻksiga tushgan, koʻrganning aqli uchgan – oʻz aqlidan oʻzi toshib, har naqlidan soʻzi toshib kelayapti.

 

LUQMONI HAKIM: Sen, jirgʻanoq, sharbat boʻlasan… Qariqiz, sen bemorlarni terlatasan… Yulgʻun, pismiq, nega yashirinasan? Arilarga asalni kim beradi, tentak?.. Afsonak, zaharliman deb xafamisan? Zaharing ham dori-ku! Oʻsavermaysanmi? Doʻlana, toqqa chiqib ketma! Pastroq tush! Yo qadringni sinayapsanmi? Mayli, koʻngling toʻlsin! “Toqqa chiqmasang, doʻlona qayda”, deb qoʻya qolamiz…

TONGYORUGʻ (ikki bukilib salom beradi): Assalomu alaykum!

LUQMONI HAKIM (toʻxtab): Vaalaykum assalom!.. (Ayolga razm solib.) Nega menga taʼzim qilding, odamlarning ulugʻi?

TONGYORUGʻ: Odamlarni ne-ne xastalikdan forigʻ etgan sizday donishmand zotga taʼzim qilmay, kimga taʼzim qilaman?

LUQMONI HAKIM: Men senga taʼzim etishim lozim, Tongli elining ulugʻ farzandi! Men mingta, ha ana, maqtansam, oʻn mingta odamning hayotini saqlab qolgandirman. Sen esa… E-he!.. (U ikki qoʻlini yoyib, dunyoni qamrab koʻrsatadi.)

TONGYORUGʻ: Men qanday ulugʻ boʻlay, Luqmoni Hakim otajon! Bir bolamning dardiga davo topmasam…

LUQMONI HAKIM: Boysun-Qoʻngʻirotday doston yurtga dorilomonlik bergan zot ulugʻ boʻlmay, men ulugʻ boʻlaymi? Ezgulik yoʻlida hatto farzandingni ham ayamading, odamlarning ulugʻi! Farzandingni ham!.. Qanday ulugʻ zotsan!..

TONGYORUGʻ: Bu koʻrgiliklarni qayerdan eshitdingiz?

LUQMONI HAKIM: Olamga doston boʻlding-ku! Uchib kelgan qushlar aytdi, yugurib oʻtgan hayvonlar aytdi, gʻuvullab oʻtgan shamollar aytdi. Sen haqingda oʻt-oʻlanlar shamolda tebranib qoʻshiqlar aytganini bir eshitsang edi.

TONGYORUGʻ: Siz ularni tilini qaydan bilasiz?

LUQMONI HAKIM: Men sirlarni bilishga intildim, Tangri esa sirlarini ochdi… Intilganga Xudo yor!

TONGYORUGʻ: Yana bir urining, Luqmoni Hakim ota! Iloyo, bu dunyoning yomonidan yomon yashay! Iloyo, ming dardning ming bir ogʻrigʻida toʻlgʻonay! Faqat bolam armonda ketmasin!..

LUQMONI HAKIM: Sen, Tongli elining yolgʻiz qizi, olam koʻrmagan fidoyilik koʻrsatding!.. Endi chidamoqdan boshqa yoʻl yoʻq… Chida! Neki boshga tushsa, qanoat et!.. E, falak! E, dunyo!..

TONGYORUGʻ: Oʻgʻlim bu olamni tark etsa, Tongli ulusi beiz yoʻqoladi… Butun bir xalq beiz ketadi!.. Sadagʻang ketay, Luqmoni Hakim ota!.. Xudo nazari tushgan odamsiz! Farzandim oʻn gulidan bir guli ochilmasdan, xazon boʻlmasin! Bu guldan hali qancha gullar ildiz olishi kerak!.. Hali undan qancha daraxtlar oʻsib chiqadi!.. Bu yigit hali bogʻ boʻladi!.. Tongli eli dunyoda qayta tugʻiladi. Oltoydan Hazargacha ot surib, dovruq soladi!.. Farzandimni oʻlimga topshirolmayman! Men vaʼda berganman!.. (Luqmoni Hakimning poyiga oʻzini tashlab) Luqmoni Hakim otajon! Xudo siylagan zot! Shu oʻgʻlimning umrini Tangridan soʻrab bering!..

Ayolning zorillashlarini Luqmoni Hakim bosh egib, oʻrtanib eshityapti.

 

LUQMONI HAKIM (sokin): Odamlarning ulugʻi, oʻzingni bosib ol! Gʻamga siringni berma!.. Tur oʻrningdan! Bu yoqqa kelishingda, oʻgʻling – Yolgʻiz Mergan nima dedi? Oxirgi gapini esla…

TONGYORUGʻ (oʻzini tutib olishga urinar ekan): U… U… “oʻlimdan boshqa… hamma ishning… davosi bor…” dedi.

LUQMONI HAKIM: Aqlli yigit ekan… (Sukunat. Luqmoni Hakim ogʻir oʻyga choʻmgan. Nihoyat bosh koʻtarib) Oʻgʻling tuzaladi.

TONGYORUGʻ (quloqlariga ishonmay): Nima? Nima dedingiz?

LUQMONI HAKIM: Oʻgʻling tuzaladi!

TONGYORUGʻ: Luqmoni Hakim otajonim! Tillaringizdan aylanay, nima dedingiz? Yana birgina qaytaring?

LUQMONI HAKIM: Oʻgʻling tuzaladi. Faqat… (U ilojsiz bir gapni aytayotganday gapdan toʻxtaydi.)

TONGYORUGʻ: Oʻgʻlim tuzaladi!.. Oʻgʻlim tuzaladi!..

LUQMONI HAKIM: Odamlarning ulugʻi, quloq tut!..

TONGYORUGʻ: (bu xushxabarni barbod etadigan biror bir narsa boʻlib qolishidan choʻchiganday) Tuzalsa, boʻldi!.. Tuzalsa, boʻldi! Endi men boray! Umid bergan tillaringizga jonim sadagʻa! Endi borib, oʻgʻlimga bu xushxabarni yetkazay!.. (Luqmoni Hakimga taʼzim qilib.) Qulluq, hakimlarning hakimi! Qulluq, donishmandlarning donishmandi!..

LUQMONI HAKIM: Eshit! Odamlarning ulugʻi, eshit! Oʻgʻling tuzaladi. Faqat… (Tongyorugʻ uni maʼqullab turadi.) faqat oʻsha gʻozni otib olsa…

TONGYORUGʻ: Oʻsha… gʻozni… otib olsa… tuzalib ketadi?.. Shundaymi?

LUQMONI HAKIM: Shunday, odamlarning ulugʻi, shunday.

TONGYORUGʻ: U gʻoz qayerda?

LUQMONI HAKIM: Xudo biladi! Bir kelgan, ketgan-da!

TONGYORUGʻ: Ha… Xudo biladi… Bir kelgan… ketgan… Uni… qanday topaman?!

LUQMONI HAKIM: Tangridan soʻra!

TONGYORUGʻ: Tangrim! Shu gʻozni qaytarib yubor! Asqar toqqa qoʻndir! Bolam oʻrnidan turib ketsin! Axir, u bir ildiz! Koʻkarishi kerak! Koʻkarishi kerak!..

LUQMONI HAKIM: E falak!.. E kajraftor!..

 

Sahna qorongʻilashadi…

 

6

…yorishganda, hanuz sibizgʻa yigʻlab, doʻmbira boʻzlagancha, Tongyorugʻu Yolgʻiz merganning holidan bayon etayapti. Ularning yolgʻiz kapasi ham qunishibgina turibdi.

 

TONGYORUGʻ (tashqaridan): Kish! Kish! Ket deyapman! Qanoting singur, boshqa joyda aylan! Bu yerdan ket! Kish! Kish!..

 

Oʻtin orqalagan Tongyorugʻ kiradi. U bir qoʻli bilan yelkasidagi oʻtinning bogʻini ushlagan, bir qoʻli bilan osmondagi nimagadir tahdid qilyapti.

 

Ket bu yerdan! Kish! Kish! (oʻtinni oʻchoqboshiga tashlab, qoʻllarini silkitganicha, quzgʻunni haydaydi.) Osmonda boshqa joy qurib qolganmi?! Bu joyga soyang ham tushmasin! Miyasi aynigan quzgʻin ekansan! (Yerdan tosh olib, osmonga otadi.) Bu yerda nima bor? Nimaga ketmaysan? Axir, mening bolam soppa-sogʻ! Hozir kapada uxlab yotibdi! Kish! Kish! Bu yerda oʻlim yoʻq! Eshitib ol, bu joyda oʻlim yoʻq! Men bor ekanman, bu yerga oʻlim kelolmaydi! Kish!.. Kish!.. (Yana osmonga tosh otadi.) Osmon oʻyilib, osmonsiz qolgur, kish! Kish!.. Bu joyga oʻlim kelolmaydi! Yaxshilab eshitib ol, oʻlim kelolmaydi! Iloyo, oʻlimni sogʻingan koʻzlaring oʻyilib tushsin!.. Kish! Kish!.. Ketsang-chi!.. O, xayriyat ketdi!.. Ketdi!.. Bolam! Yolgʻiz Merganim! Quzgʻun ketdi!. (Chopqilab, kapaning ichiga kiradi. Ichkaridan ovozi eshitilib turibdi.) Bolam! Koʻzlaringni birgina och! Bir ogʻiz soʻz, de! “Ena” degan tovushingni sogʻindim! Chaqaloqday nafas olib yotibsan! Quzgʻun ketdi! (Yolgʻiz mergan bilan suhbatini davom ettira, kapadan chiqadi. Qozon atrofida kuymalanar ekan, oʻgʻli bilan gaplashishda davom etadi.) Quzgʻun bu joylarga adashib kelgan! Bu yerda oʻlim nima qiladi? Bu joylarga oʻlim kelolmaydi! Hech boʻlmasa, uyaladi! Bir xalqdan birgina yigit omon qolsayu, u qaysi yuz bilan unga roʻbaroʻ keladi. Keyin, har ish navbat bilan-da! Meni yutmasdan, bolamga oʻlim oʻtib ketolmaydi! (Birdan tiz choʻkib, nola qiladi.) Tangrim! Qanday kunlarga qoldim! Bizlarga rahming kelsin! Shafqat qil!.. Shu gʻozni qaytarib kel! Boysun-Qoʻngʻirotga rahmat nuringni sochding-ku! Tongli elidan qolgan birgina norasidaga ham shafqat et! Shu gʻozni qaytarib yubor! Tangrim!.. Qaytarib yubor! Tangrim!..

U hoʻngrab yigʻlaydi. Qaddini koʻtarolmay yigʻlaydi. Qaro yerni mushtlab, yigʻlaydi. Ammo birdan yigʻidan toʻxtab, sukunatga quloq tutadi. Olislardan gʻozning sayrashi avval elas-elas eshitiladi.

 

Gʻoz!.. Gʻoz!.. Gʻoz keldi!.. Keldi!.. (Endi u quvonib, beovoz titranib, koʻzyosh toʻkadi.) Tangrim! Tangrim! Zorimni eshitdingmi? Dunyoni toʻldirib sayrayver! Sayrayver! (U quvonchidan raqs tushayotganga oʻxshash bir harakatlar qiladi.) Gʻoz keldi!

 

Kapaning eshigida oʻmganlagancha, sudralib kelayotgan Yolgʻiz Mergan paydo boʻladi. U boʻsagʻada koʻksini koʻtarib, kapaning kesakisi – yogʻochga osilib, suyanib – qaddini rostlaydi.

 

YOLGʻIZ MERGAN: Ena!..

TONGYORUGʻ (oʻgʻliga endi koʻzi tushib, beqiyos quvonchda): Yolgʻizim!.. Yolgʻiz merganim! Voy, oʻzingga keldingmi? Oʻrningdan turdingmi? Tangriga ming shukur! Kelgan dard, ketadi deb, momomlarim aytar edi… Aytganlari boʻldi!..

YOLGʻIZ MERGAN: Gʻoz keldimi?

TONGYORUGʻ: Keldi, Yolgʻizim! Keldi! Otib olaver! Endi yelkangga boʻriday yopishgan xastalikni, boshingdan aylantirib ot! Odam yetmas choʻllarga tushsin, qaytishi yoʻq yoʻllarga tushsin!.. Eshit! Eshit!.. Sayrayapti! Gʻoz sayrayapti! Eshit!..

YOLGʻIZ MERGAN: Ena… Sayramayapti…

TONGYORUGʻ(quloq tutib): Ha… sayramayapti.

 

Chindan ham gʻozning tovushi tingan.

 

YOLGʻIZ MERGAN: Oʻzi… sayragan edimi?

TONGYORUGʻ: Oʻzim eshitdim! Mana shu quloqlarim bilan eshitdim!

YOLGʻIZ MERGAN: Men ham eshitganday boʻldim… Birdan qimirlamay, zil boʻlib yotgan tanamga mador kirdi. Koʻzlarimni ochishga ham kuchim yetdi… Gʻoz keldi deb oʻylabman!..

TONGYORUGʻ: Keldi! Keldi! Senga oʻzim eshitdim, deb aytayapman-ku!

YOLGʻIZ MERGAN: Agar kelgan boʻlsa, yana ovoz berar… A, ena?…

TONGYORUGʻ: Ovoz beradi! Ovoz bermay, qayoqqa boradi? U bizni intizor qilayapti faqat!

YOLGʻIZ MERGAN: Agar keladigan boʻlsa… Meni ana u xarsangga suyab yotqizing! Men tayyor turay! Men!..

TONGYORUGʻ: Hozir… Hozir!.. Tangrim! Oʻzingga shukur! Nolamni eshitganingga shukur!

 

Oʻgʻlini ming mashaqqatda xarsangga suyab oʻtqazadi.

 

YOLGʻIZ MERGAN: Endi oʻqu yoyimni olib chiqing…

 

TONGYORUGʻ (yugurgilab borar ekan): Hozir olib kelaman… Hozir… Tangrim! Gʻozing ovoz bersin! Ovoz bersin! (Kapadan oʻq-yoyni olib chiqadi.)

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, endi oʻq-yoyni qoʻlimga ushlatib qoʻying…

 

Yolgʻiz Merganning qoʻliga Tongyorugʻ oʻqu yoyni tutqazadi.

 

(Qoʻllarida yoyni sezib) Ena, badanimga titroq kirdi. Bilagimga gʻujur…

TONGYORUGʻ: Erkakning qoʻlini Koʻk Tangri oʻq-yoy ushlasin, deb yaratgan. Oʻq – erkak qoʻlining davomi… Qoʻling butunligini sezding, bolam!..

 

Sukunat choʻkadi. Faqat dunyo qadimgi cholgʻularda bir intizorlik musiqasini chalayapti. Tongyorugʻ oʻgʻlining yoniga tiz choʻkadi. Ikkalasi gʻozning sayrashini kutishmoqda.

 

TONGYORUGʻ (tinglar ekan): Ana, sayradi!..

YOLGʻIZ MERGAN: Yoʻq, sayramadi. Koʻktoshdan naridagi qari tol shamolda ovoz berdi!

TONGYORUGʻ: Xuddi gʻozning ovozini oʻzi… Qurimagur qari tol, meni oʻynatadi-ya!..

 

Yana sukunat choʻkadi.

 

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, sayramadimi? Nimadir ovoz berdi…

TONGYORUGʻ: Yoʻ-oʻ-oʻq… Sukunat jaranglayapti.

YOLGʻIZ MERGAN: Kelmaydi… Shu gʻoz kelmaydi… Bu gʻoz men oʻlgandan keyin keladi.

TONGYORUGʻ: Nimalar deb aljirayapsan? Keladi! Nimaga kelmas ekan? Keladi!.. Sen, bola, ogʻzingga kelganini gapiraverma!

 

Shu payt gʻoz sayraydi.

 

(Tantana qilib) Ana!.. Ana!.. Keldi!

YOLGʻIZ MERGAN: Ena! Oʻq yetmaydigan joydan sayrayapti! Men borishim kerak! Yaqinroq borishim kerak!

TONGYORUGʻ: Borishing kerak! Borishing kerak!.. Tur, oʻgʻlim! Tur, qarchigʻayim!..

YOLGʻIZ MERGAN: Yoʻq, men emaklab boraman! Gʻoz hushyor qush! Ikkalamizning bu talpanglab yurishimizda uchib ketadi! Uchib ketmasin!.. Uchib ketmasin!..

TONGYORUGʻ: Bolam!.. (Gʻoz ovozi kelayotgan tarafni koʻrsatib) Qara!.. Qara! Gʻoz tikka biz tarafga uchib kelayapti!

YOLGʻIZ MERGAN: Ha, ana! Koʻktoshdan ham uchib oʻtdi.

TONGYORUGʻ: Koʻklam gazaning beliga qoʻndi!.. Bolam, harakatingni koʻr!..

YOLGʻIZ MERGAN: Hozir!.. Hozir!..

 

Oʻq-yoyni qoʻliga oladi. Moʻljalga keltirib, yoyni tortadi). Shu payt gʻoz sayrab qoladi. Gʻozning tovushi endi aniq – yaqqol eshitiladi. Mergan yoyni oʻsha holida tutgan koʻyi qushning sayrashiga quloq tutadi va hafsalasi pir boʻlib, yoyni boʻshashtiradi.

YOLGʻIZ MERGAN Ena…

TONGYORUGʻ: Ot, bolam! Ot! Nega boʻshashding! Tezroq boʻl!

YOLGʻIZ MERGAN: Ena… bu gʻoz…

TONGYORUGʻ: Nima deyapsan? Koʻnglingni boʻlmasdan, ot! Otsang-chi!..

YOLGʻIZ MERGAN: Bu gʻoz boshqa gʻoz…

TONGYORUGʻ: Tilingni tiy! Boshqa gʻoz emas! Oʻshani oʻzi! Tezroq ot! Uchib ketadi! Ketadi! Tezroq.

YOLGʻIZ MERGAN: Eshitib koʻring!.. Ana, yana sayradi! Yaxshilab quloq soling!

 

Ikkalasi ham gʻozning tovushiga quloq tutadi.

 

TONGYORUGʻ: Oʻsha gʻoz… emasmi?.. A?

YOLGʻIZ MERGAN: U emas…

TONGYORUGʻ: Bolam, yaxshilab eshitaylik… Balki adashayotgandirmiz? Balki oʻsha gʻozning ovozi oʻzgargan…

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, biz xato qilmasligimiz lozim. Biz oʻlayotganda ham halol boʻlishimiz kerak. Unutmang, biz halol, mard va bir soʻz Tongli elining farzandlarimiz.

TONGYORUGʻ: Toʻgʻri aytasan…

YOLGʻIZ MERGAN: Oʻzingizning oʻgitlaringizni qaytardim.

TONGYORUGʻ: Sen haqsan… (Sukunat choʻkadi.) Ha, bu qush oʻsha gʻoz emas…

 

Nihoyatda ogʻir, suyaklarni sirqiratadigan sukunat choʻkadi. Oxiri musiqa chiday olmaydi, avval doʻmbira, soʻng sibizgʻa boʻzlab choʻkadi.

 

YOLGʻIZ MERGAN (ogʻir nafas olib): Ena…

TONGYORUGʻ: Nima deysan, jonim bolam?

YOLGʻIZ MERGAN: Sovuq bir shamol badanimga oʻtib, tomirlarimga yugurdi… Nazarimda, oʻlim kelganga oʻxshaydi… U shu atrofda yuribdi… Sezdingizmi?

TONGYORUGʻ: Sezdim. U shu atrofda yuribdi. Ammo sen unga sir berma.

YOLGʻIZ MERGAN: U kuchli ekan, ena. Peshonamdan sovuq ter chiqib ketdi.

TONGYORUGʻ: Mahkam boʻl! Oʻzingni qattiq tut! U boʻshashganni bir damda yamlaydi!

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, qarab turganim yoʻq! Kurashayapman!..

TONGYORUGʻ: Jonim bolam!.. Jonim bolam!..

YOLGʻIZ MERGAN: Men yashash qiyin deb yurgan ekanman… Jon topshirish dahshatli koʻrinayapti koʻzimga.

TONGYORUGʻ: Chida, bolam!.. Tishingni tishingga qoʻy!.. Kurash!.. Sen kuchlisan! Sen oʻlmasliging kerak! Hali sening farzandlaring bir el boʻladi. Oltoydan Hazargacha ot surib yuradigan el boʻladi! Dovrugʻi olamni tutadi.

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, chidayapman!..

TONGYORUGʻ (birdan oʻrnidan sakrab turadi): Bolajonim! Erkatoyim! Sening qoʻlingdan har ish keladi. Sen oʻlimni ham yengasan!.. Men zuv etib Boysun-Qoʻngʻirotga borib kelaman. Alp Alpomishdan koʻmak soʻrayman! Bir yordami tegar!.. Axir, toʻqson ming uyli ulusning biyi! Baxshilarning tilida doston boʻlgan zot!.. Hech boʻlmasa, biror yoʻl koʻrsatar… Sen esa chida! Sabr qil!..

YOLGʻIZ MERGAN: Xavotir olmang!.. Kelguningizcha, oʻlim bilan jon talashib turaman. Yengilmayman!..

TONGYORUGʻ: Yengilma!.. (Keta turib, ming iltijo bilan oʻgʻliga burilib qaraydi.) Yengilmaysan-a? Oʻzingni hushyor tut. Hushingdan ketma! Oʻlimning, hushdan ketkazib, ongda keladigan odati bor… Hushyor boʻl!..

YOLGʻIZ MERGAN: Ena, tezroq boring! Oʻlim juda kuchli! Tezroq…

 

Tongyorugʻ pildiraganicha, chiqib ketadi. Qorongʻilik tushadi…

 

 

7

…Dunyoda kun-tun almashayapti. Tunu kun oralab, Tongyorugʻ pirillabgina yurib oʻtib ketayapti, oʻtib ketayapti… Mana, u oxir Boysun-Qoʻngʻirotga yetgan – Alpomish va Barchinoy bilan gaplashib turibdi.

 

ALPOMISH: Oʻzimning egachim! Mard egachim! Elimni el, yurtimni yurt qilgan egachim! Xush kelibsiz! Mana bu toju davlat, mana bu shonu shavkat aslida sizniki! Boysun-Qoʻngʻirot to dunyo turguncha, sizni alqab oʻtadi! Xush kelibsiz!

TONGYORUGʻ: Boysun-Qoʻngʻirotning ulugʻ biyi – alp Alpomish! Alpomish koʻnglining qanoti buvish Oybarchin! Qoshlaringga bir xizmat bilan keldim…

BARCHINOY: Xizmat boʻlsa qochmas. Avval mehmon boʻling! Koʻnglingizni oching. Egachim, qirqin qiz bir bazm qilsin. Chanqovuz chalib, muqom qilsin; doʻmbirani chertib, koʻngildan aytsin!

ALPOMISH: Siz yurtimizga taqdiru iqbol bergan muhtaram zotsiz! Sizga qancha qilsak arziydi! Aziz mehmonimiz boʻling!

TONGYORUGʻ: Qulluq, alp Alpomish! Qulluq! Qulluq, buvish Oybarchin! Men sizga ortiq xizmat qilganim yoʻq! Azbaroyi toʻgʻriligimdan, taqdir gʻozini oʻlimdan asrab qoldim! Endi senga bir xizmatim bor…

ALPOMISH: Bir emas, ming xizmatingiz bosh ustiga!

TONGYORUGʻ: Taqdir gʻozini otolmagan mergangina yolgʻiz bolam or-nomusda qovrilib, bu dunyodan sovrilib ketayapti. Shu bolamning dardiga davo topib beringlar deb, boʻsagʻalaringga bosh urib keldim…

BARCHINOY: Tavba! Sizday odamni ham qismat sarson qildimi?

TONGYORUGʻ: Sarson qildi! Ammo mayli, umrim sarson-sargardonlikda oʻtaversin! Mayli!.. Faqat bolam omon qolsa boʻldi!

ALPOMISH: Mushkul gapni aytding-ku, egachim! Juda ogʻir gapni aytding! Men bor-yoʻgʻi Qoʻngʻirotning biyiman, ammo olamning yaratguvchisi Koʻk Tangridan quyiman!..

TONGYORUGʻ: Unday dema! Unday dema! Eshitgansan! Tongli elini yov qirgʻin qildi! Men shu eldan qolgan bir bebaxt yaproqman. Oʻgʻlim esa bu elning norasida bir ildizginasi. Oxirgi ildizi! U omon qolib koʻkarsa, daraxt boʻladi! Daraxt nihol tarab, boqqa aylanadi. Bogʻ esa koʻpayib, koʻpayib, bir kunmas bir kun oʻrmonga aylanadi… Tongli eli yana Oltoydan Hazargacha oʻrmonday shovullab turadi…

ALPOMISH: Voh, odamning farishtasi! Voh, odamning ulugʻi!

BARCHINOY: Tongyorugʻ opa, bir qarang, bu dunyoning baland togʻlari belingizdan ham kelmay turibdi!..

ALPOMISH: Qoʻngʻirotning suruv-suruv qoʻylari, otar-otar mollari sizniki!

TONGYORUGʻ: Qulluq. Elingga buyursin, biy, elingga buyursin.

ALPOMISH: Otar-otar yilqilari ham sizga tortiq, egachim!

TONGYORUGʻ: Qulluq. Yurtingga buyursin, alp, yurtingga!..

ALPOMISH: Lak-lak qoʻshinlarim ham sizniki, egachim!

TONGYORUGʻ: Qulluq. Shonu shavkatingga buyursin!

ALPOMISH: Xazinadagi jami javohiru tillalarimni oling!

TONGYORUGʻ: Qulluq. Toʻylaringga buyursin!

ALPOMISH: Toju taxtimni oling!

TONGYORUGʻ: Aziz boshingga buyursin!

ALPOMISH: Nima qilay? Boshqa hech narsam qolmadi…

TONGYORUGʻ: Men bolamning omonligini soʻrab kelganman… Umrini soʻrab kelganman…(Sukunat choʻkadi.)

BARCHINOY: (Yigʻlay deb yuborayotgan sukunatni yengib): Biy bobomning uli… Bir ilojini toping!..

ALPOMISH: Nima qilay?

BARCHINOY: Bir ilojini toping…

 

Yana sukunat choʻkadi. Bezabon bu ilojsizlikning dardini goh chanqovuz, goh doʻmbira, goh sibizgʻa aytib yigʻlayapti.

 

ALPOMISH: Agar jonim kerak boʻlsa, beraman…

 

Yana sukunat. Dorga borayotganlar eshitadigan sukunat.

 

BARCHINOY: Shu yerda…

ALPOMISH: Nima?

BARCHINOY: Boʻlgan Kal folchi togʻdan tushib, shu yerda yuribdi.

ALPOMISH: Uning shu joydaligidan nima foyda bor?

BARCHINOY: Bir fol ochirsak… boʻlmaydimi? Shu Kalga ham xudo bergan – aytgani toʻppa-toʻgʻri chiqadi.

ALPOMISH: E, Koʻk Tangri!.. Ha, mayli! Ha, degan tuyaga mador!.. Ey, hudaychi!

 

Oʻtovga hudaychi kirib, taʼzim qiladi.

 

Boʻlgan Kalga koʻzing tushmadimi?

HUDAYCHI: Tashqarida… Qirqin qizga fol ochib, hiringlab oʻtiribdi.

ALPOMISH: Bu yoqqa boshlab kel!

 

Hudaychi chiqib ketadi.

 

(Tongyoruqqa) Joningizga rahmingiz kelsin! Yigʻlayverib, ado boʻlib ketmang. Oʻlimdan boshqa narsaning iloji bor.

TONGYORUGʻ: Oʻlim? Qoʻngʻirotning biyi, oʻlim kelgan! Bolam Asqar togʻida oʻlim bilan jon talashib yotibdi… Oʻlim kelgan…

BARCHINOY: Qayerdan bilasiz?

TONGYORUGʻ: Bu dunyo menga faqat oʻlimni roʻbaroʻ qildi. Koʻz oldimda bus-butun Tongli eli jon berdi. Men oʻlimni yaxshi taniyman. U shunday yonimdan, oʻgʻlim tarafga oʻtib ketdi! Uni toʻxtatib qolishga kuchim yetmayapti! Alpomish boʻlsang, oʻgʻlimni jonini soʻrab ber! Birgina bolam omon qolsin!

 

Shu payt hudaychi Boʻlgan Kalni sudrab olib kira boshlaydi.

 

BOʻLGAN KAL (ortiga tislanib): E, men oʻz erkidagi odamman! Alpomishingning oldida nima qilaman. Podshoh boʻlsa oʻziga! Men ham oʻzimga podshohman! Qoʻyib yubor! Hudaychiman deb sudrab kelaverasanmi?

HUDAYCHI: Ulusning biyi chaqirdi, nodon! Biy Alpomish chaqirdi!..

BOʻLGAN KAL: Alpomish boʻlsa oʻziga! Biy boʻlsa, yurtiga biy! Men shamolday bir erkin odamman!..

ALPOMISH: Hay, hay, Boʻlgan aka! Sizga bir ishimiz tushdi-da! Odamga odamning ishi tushadi!..

BOʻLGAN KAL: Ana shu gaping yoqdi menga!.. Barchamiz odammiz! Koʻk Tangrining bandalarimiz! Barchani ikki qoʻli ikki oyogʻi, birgina boshi bor!.. Ayt, kimning ikki boshi bor, Alpomish? Podshohning boshi ikkitami?

ALPOMISH: Kalta qayting, Boʻlgan aka! Kalta qayting! Shaytonga hay bering!

BOʻLGAN KAL: Yoʻq, avval ayt, podshohning boshi ikkitami?

ALPOMISH: Podshohning boshi bitta, aka! Bitta!..

BOʻLGAN KAL: Barakalla! Hammamizning boshimiz bittadan boʻladigan boʻlsa, bu shotirlaringga ayt, folimning qiziq joyidan buzib, qirqin qizning shirin suhbatidan uzib, meni biy oldiga sudrab kelmasin! Men erkin odamman! Shamolday xohlagan tarafimga esaman, bilib qoʻy!

ALPOMISH: Bildik, aka, bildik! Endi bir iltimosimiz bor… Shu Asqar togʻidan Tongotar egachimiz kelgan ekan…

BARCHINOY: Shu opamga bir fol ochib qoʻymaysizmi?

BOʻLGAN KAL (ovozini sekinlatib, erkalatib): Keldimi? Shu yerdami? (Tongyoruqqa koʻzi tushib) Assalomu alaykum, osmonni koʻtarib turgan inson! Assalomu alaykum!..

TONGYORUGʻ: Vaalaykum assalom!

BOʻLGAN KAL: Sen… Sen bu yerda nima qilib yuribsan? Men senga nima degan edim, odamlarning ulugʻi!.. Bor, farzandingning qoshiga bor! U arslonning bir oʻzi oʻlim bilan olishib yotibdi!..

TONGYORUGʻ: Oʻgʻlim menga vaʼda bergan! Men borguncha oʻlimga yon bermaydi.

BOʻLGAN KAL: Oʻlim kuchli!

TONGYORUGʻ: U Tongli elining farzandi! Aytganining ustidan chiqadi.

ALPOMISH: Shu egachimizning mushkulidan bir fol oching.

BOʻLGAN KAL: Yoʻq, men Tongli elining shu qiziga aytganman, bu mushkulotdan fol ochmayman.

BARCHINOY: Boʻlgan ogʻa, yoʻq demang! Biz sizning hech bir gapingizni ikki qilmaganmiz! “Boʻlgan aka shamolday odam, kim uning yoʻlini toʻssa, Boysun-Qoʻngʻirotning dushmani” deb, biy bobomning uli butun olamga eʼlon etgan!

BOʻLGAN KAL: Alpomish! Oybarchin! Men shu folni ochmay!

ALPOMISH: Oching, aka…

BARCHINOY: Baraka topgur, fol oching!

TONGYORUGʻ: Menga ozgina ilinj bering. Ozgina…

BOʻLGAN KAL: Folimga chiqqan narsani koʻtarolmaysizlar-da!..

ALPOMISH: Men shu egachim uchun dunyo boshimga tushsa ham, koʻtaraman, Boʻlgan aka!

BOʻLGAN KAL: Sen oson oʻylama!.. Yaxshisi, men ketdim! Shamol odamman! Boʻgʻilib ketdim! Bu egachimga (Tongyorugʻni koʻrsatib) fol ochishni tashlaganman, deb aytganman! Yana meni majbur qilmanglar! Nafasim ichimga sigʻmay qolyapti!..

BARCHINOY: Boʻlgan ogʻa, qancha ogʻir boʻlsa ham bir fol oching!

BOʻLGAN KAL: Aylanay Barchinoy, sen aralashma! Boysarining qizi, bu folga chiqadigan gap ayol koʻtaradigan gap emas! Sen aralashma!..

TONGYORUGʻ: Mening bolam oʻlib ketaversinmi, Boʻlgan aka! Oʻlib ketaversinmi?

BOʻLGAN KAL: Obbo!.. Meni qiynayapsizlar!.. Ruhimni tanimdan ayirmay, doʻzaxga tashlayapsizlar!..

ALPOMISH: Boʻling, aka! Fol oching!

BOʻLGAN KAL: Qoʻymadinglar, qoʻymadinglar… Endi Alpomish, oʻzlaringdan koʻringlar!..

ALPOMISH: Biz doim oʻzimizdan koʻrganmiz, aka!

BOʻLGAN KAL: Shu gaping menga yoqdi. Endi eshitinglar!.. Agar oʻsha oʻq tegmagan gʻoz qaytib kelsa, Yolgʻiz Mergan uni otib olsa, hech narsa koʻrmaganday, kasaldan xalos boʻladi. Oʻynab-kulib ketadi…

ALPOMISH: U gʻoz qayerda?

BOʻLGAN KAL: Tangrining gʻozi-da!.. Bir kelganu ketgan!

BARCHINOY: Qayerga ketgan?

BOʻLGAN KAL: Aytayapman-ku, gʻoz Koʻk Tangrining gʻozi – qayerdaligi faqat unga ayon…

TONGYORUGʻ: U gʻoz yoʻq! U gʻoz yoʻq! Bor boʻlsa, men topmasmidim…

ALPOMISH: Bu mushkulni yechishning boshqa yoʻli yoʻqmi?

BOʻLGAN KAL: Bor.

ALPOMISH: Ayting, Boʻlgan aka!

TONGYORUGʻ: Ayting, hayallamay ayting. Bolam jon talashayapti, axir! Tezroq ayting!

BOʻLGAN KAL: Barchin buvish, aytaveraymi?

BARCHINOY: Ayting! Tongyorugʻ opamni zorillatmang, baraka topgur! Tezroq ayting!

BOʻLGAN KAL: Aytsam, aytdim!.. Alpomish! Barchin buvish! Qoʻngʻirot erlarining sarasi, koʻzlaringning oqu qorasi – yakkayu yolgʻiz farzandlaring alp Yodgorni Koʻk Tangri yoʻlida qurbonlikka topshirasizlar! Shunda Tongyorugʻning oʻgʻli Yolgʻiz Mergan xastalikdan forigʻ boʻladi, koʻzlariga dunyo yorugʻ boʻladi!

 

Jimlik choʻkadi.

 

Fol och deysizlar, fol och deysizlar…

ALPOMISH: Nima deding?.. Yodgorni…

BOʻLGAN KAL: Xuddi shunday, Alpomish, Yodgorni… Shu ishni qilsalaring, Yolgʻiz mergan omon qoladi, Tongli eli dunyoga sigʻmaydigan xalq boʻladi!..

BARCHINOY: Shunday boʻladi de, tilingga teskan chiqqur!.. Shunday boʻladi de…

ALPOMISH: Oybarchin! Buvishim!.. Oʻzingni bos! (Uzoq tin olib) Boysun-Qoʻngʻirotdan hech kim noumid ketmagan. Biz uchun oʻgʻlini oʻlimga topshirayotgan shu egachimiz ham noumid ketmasin. Murodiga yetsin!.. Biz hamisha mardga mard boʻlganmiz! (Barchinga) Sen nima deysan, buvishim?…

TONGYORUGʻ: Nima deyapsizlar! Nima deyapsizlar! Oybarchin! Qoʻngʻirotning lochin qizi! Hech qachon “xoʻp” dema! Hech qachon!..

ALPOMISH: Buvishim…

BARCHINOY: Biz hamisha mardga mard boʻlganmiz, a?

ALPOMISH: Ha, buvishim! Ha!..

BARCHINOY: Biy bobomning uli… Biy bobomning uli, siz Boysun-Qoʻngʻirotning elining biyisiz, yurtning or-nomusisiz… Nima desangiz shu!.. Nima desangiz shu!..

ALPOMISH: Hudaychi, alp Yodgorga boʻladigan gapni tushuntirib, bu yoqqa olib kelinglar!

 

Hudaychi chiqib ketadi. Jimlik. Tongyorugʻ yer bilan bitta boʻlib yotibdi. Faqat yigʻi zarbidan vujudi titranadi. Oybarchin tik turgancha olamga qarab turibdi, faqat ahyon-ahyon koʻzyoshlarini artib qoʻyadi.

Alpomish yerga qaragan. Shamolda qolgan daraxtday tebranadi, baʼzan chidayolmay, “A-a!.. I-im-m!..” deya ingrab qoʻyadi.

 

BARCHINOY (ohista): Biy bobomning oʻgʻli…

ALPOMISH: Nima deysan, buvishim? Nima deysan…

BARCHINOY: Oʻzingizni yigʻishtirib oling… “Oh”ingizni olam eshitmasin.

ALPOMISH: Qulluq, buvishim, qulluq…

 

Yana jimlik. Yana Barchin dunyoga tik qarab, ahyon-ahyon yoshini artib turibdi, Tongyorugʻ yerga qapishib beovoz yigʻlayapti. Alpomish shamolda qolgan daraxtday tebranadi…

 

BOʻLAR KAL (toqati toq boʻlib): E dunyo! Odamlaringni buncha qiynaysan! Shu sitamlarning nima keragi bor? Yashagim kelmay qolyapti! Nega shamol boʻlay desam, qoʻymaysan? Nega?

 

Yodgor kiradi.

 

YODGOR: Keldim, ota.

ALPOMISH: Senga aytishdimi?

YODGOR: Aytishdi, ota.

ALPOMISH: Nima deysan?

YODGOR: Mardning oʻgʻli mard boʻladi.

ALPOMISH: Barakalla, Yodgorbek (Tongyoruqqa.) Egachim, siz tufayli yurtimda dorulomonlik boʻldi. Dilingizda armon qolmasin! Bolamni – Yodgorimni xayri xudo yoʻliga buyurdim!..

TONGYORUGʻ: Yoʻq, yoʻq!..

ALPOMISH: Yodgor gʻoz qoʻngan gaza ustiga chiqib, oʻzini qurbon qiladi. Oʻgʻlingiz esa, Koʻk Tangrining inoyati bilan xastalikdan xalos boʻladi!..

TONGYORUGʻ (Oʻzini bosib, oʻrnidan turadi. Qaddini tik tutib, nihoyatda sokin ovozda gapiradi): Alpomishbek, Oybarchin buvish! Men mushtipar bir ayol boʻlsam ham, siz aytgan yoʻlga yurolmayman. Farzand dogʻi nima ekanligini men bechora bilmasam, kim biladi! Yodgorbekni tinch qoʻyinglar, Barchinning baxtiga sogʻ-omon yashayversin! Faqat bir iltimosim bor. Hozir hammangiz chin koʻngildan Tangridan soʻrangki, mening, hech boʻlmasa, birgina zorim Yaratganning qulogʻiga yetsin! Chin koʻngildan soʻrang!..

ALPOMISH (qoʻllarini falakka choʻzib): Koʻk Tangri, shu egachimizning birgina zorini eshit!

BARCHINOY (u ham Alpomishning harakatini takrorlab): Birgina zorini ijobat et!

BOʻLGAN KAL (qoʻllarini baland koʻtarib): Ey, Koʻk Tangrim, shu ayolning zorini eshitmasang, kimning zorini eshitasan! Unga shafqat qil! Birgina istagini murodiga yetkaz!

Hamma qoʻllarini baland koʻtargancha, tiz choʻkadi. Sahna qorongʻilashadi…

 

8

 

…Sahna yorishganda, Tongyorugʻ kapaga roʻbaroʻ bir gazada oʻtiribdi. U kapaga koʻz tikkancha, Xudoga munojot etmoqda.

 

TONGYORUGʻ: Tangrim! Mening nolamga ham bir quloq sol! Umrim elu yurtimni qismatini oʻylab oʻtdi. Bir farzand oʻstirdim. Bir gʻozni – taqdir qushini oʻlimdan saqlab qoldim! Endi, ana, farzandim chaylada oʻlim bilan olishib yotibdi. Bu gazadan pastga tusholmay turibman. Qoʻrqamanki, benajot qaytganimni koʻrgan bolaginamning bu dunyoda qarori qolmaydi! Shu bilan Tongli ulusi olamdan beiz yoʻqoladi!.. Koʻk Tangrim! Oʻzing qoʻllagin! Rahmat nurini boshimga soch! Meni gʻozga aylantir-da, keyin inon-ixtiyorimni oʻzimga ber! Tangrim! Tangrim! Meni gʻozga aylantir!…

 

Birdan sahnada shamol guvullaydi. Chaqmoq chaqadi. Olamni qorongʻilik bosadi. Tongyorugʻ qorongʻilikka va shamolga goʻyo aralashib ketadi.

 

(Qorongʻidan ovozi eshitiladi.) Tangrim! Tangrim! Men gʻozga aylanib boryapman! Gʻozga aylanib boryapman! Nolamni eshitganing uchun qulluq, Tangrim! Men oʻsha gʻozga aylanib boryapman! Bolam, qara, men gʻozga aylandim!

Birdan uning tovushi gʻozning gʻogʻolashiga almashadi. Sahnada Tongyorugʻning oʻrniga gʻira-shira oʻsha gʻoz koʻrinadi. U qanotlarini qoqib, sayrab turibdi. Kapaning ichidan qoʻlida oʻq-yoy koʻtarib, oʻlim bilan olishaverib ado boʻlgan Yolgʻiz Mergan gandiraklaganicha chiqadi. U kapaning kesagasiga – yogʻochga suyanib, atrofga qaraydi. Nihoyat, gʻozga koʻzi tushadi.

 

YOLGʻIZ MERGAN: O, kelar ekansan-ku! Kelar ekansan-ku, telba dunyoning ajalberdi gʻozi! Meni or-nomusda oʻldirgan gʻoz! Oʻlim, boʻgʻzimdan tutganda yetding-a? Hozir… Hozir… (U oʻqni yoyning tasmasiga qoʻymoqchi boʻladi. Ammo yogʻochdan qoʻlini olgach, gandiraklab yiqilib tushadi. Turishga urinadi – bu ish uning uchun juda mushkul). Ajal, shoshma!.. Shoshmay tur!.. Bir oʻq uzishga qurbim yetsa, boʻldi – mendan yengilasan! Yengilasan! ( U ming azobda oʻmganini koʻtaradi. Soʻng oʻzini madorsizligi bilan kurasha-kurasha choʻkkalaydi.) Hozir… Hozir… Gʻoz, seni otib olsam, ajal mendan arslondan quyon qochganday qochadi! Hozir… Hozir… (U bir amallab, oʻqni yoyning tasmasiga qoʻyadi. Yoyni tortib, moʻljalga oladi.) Yo, Tangrim oʻzing qoʻlla! Yo tangrim!.. (Oʻq uchib ketadi. Gʻozning jon achchiq chinqirishi eshitiladi. Gʻoz qanotini bir silkib, qunishib qoladi. Yolgʻiz Mergan birdan kasallikni unutib, oʻrnidan sakrab turadi. Yugurib gʻozning yoniga boradi.) Ena! Qayerdasiz? Gʻozni otdim!.. Ena… Sogʻayib ketdim!.. Oʻlimni yengdim! Ena!.. Sogʻayib ketdim! (Yolgʻiz Mergan borib gʻozning koʻziga termiladi. Negadir ovozi pasayadi, xavotir paydo boʻladi.) Ena… Ena… Enajon… (U nimanidir tushunadi va jon-jahdi bilan qichqiradi.) Ena!.. Ena!…

 

Sahna qorongʻilashadi…

 

9

…Bu voqealardan necha kunlardir oʻtgan. Yolgʻiz Mergan kapasi yonida tanho – bosh eggancha, oʻziga choʻkib oʻtiribdi. U endi bu dunyoda yolgʻiz. Qadim dunyoning qadim cholgʻulari uning dardidan aytib, togʻu dashtda izillab yuribdi. Sahnaga Manguhayot kiradi. U choʻchib, atrofga olazarak boqib, ming bir xavotirda kelyapti. U Yolgʻiz Merganni koʻrib, toʻxtaydi. Yolgʻiz Merganning ham unga koʻzi tushadi.

 

MANGUHAYOT (qimtinib): Keldim.

YOLGʻIZ MERGAN (oʻrnidan qoʻzgʻalib, tik turadi): Keling… (Negadir juda avaylab) Men Manguqutning nevarasi, alp Eltugʻuning oʻgʻli Yolgʻiz Merganman. Tongli ulusining farzandiman…

MANGUHAYOT: Men Jonqobilbiyning nevarasi Elmurod botirning farzandi Manguhayotman. Tongli ulusining farzandiman.

YOLGʻIZ MERGAN (quvonib, lazzatlanib takrorlaydi): Tongli!..

MANGUHAYOT (u ham quvonib): Ha, Tongli!.. Tongli!..

YOLGʻIZ MERGAN: Ismingiz ham chiroyli ekan… Manguhayot!.. Oʻzingiz ham chiroyli ekansiz!..

MANGUHAYOT: Qayerdan bilasiz?

YOLGʻIZ MERGAN: Enam – Tongli elining qizi Tongyorugʻ aytganlar. Aytganlarki, Tongli eli dunyodagi eng chiroyli xalq…

MANGUHAYOT: Chunki u xiyonatni bilmaydi.

YOLGʻIZ MERGAN: Shuning uchun ham u xiyonatning qurboni boʻldi.

MANGUHAYOT: Shuning uchun ham u qaro yer tagida yotibdi…

 

Ular jim qoladilar.

 

YOLGʻIZ MERGAN: Bu gaplarni… senga kim aytdi?

MANGUHAYOT: Enam… Tongli xalqining Kunyorugʻ degan qizi.

YOLGʻIZ MERGAN: Ammam! Ammam!…

MANGUHAYOT: Ha, ammangiz…

YOLGʻIZ MERGAN: Ammam… qanilar?

MANGUHAYOT: Ammangiz… kelolmaydilar. Ovchilar, odamlarni asir olib, qullikka sotadigan kaslar bizni taʼqib qilishdi. Enam menga Asqartoqqa boradigan yoʻlni koʻrsatdi-da, Tangriga iltijo etib, kiyikka aylandi. Soʻng ovchilarni ortidan ergashtirib, togʻma-togʻ yugurgilab ketdi. Uch kun oʻtib, shamollar aytdilarki, enam – Kunyorugʻ bu dunyodan ketgan…

YOLGʻIZ MERGAN: Mening enam esa gʻozga aylandi…

 

Yana jim qoladilar.

 

MANGUHAYOT (qimtinib): Xullas, keldim…

YOLGʻIZ MERGAN: Xush kelibsiz… (Bir nozik jimlik choʻkadi.) Enam Tongyorugʻ… “egachilarim kelsa, katta toʻy qilamiz”, der edilar.

MANGUHAYOT (ovozi titrab): “Toʻrtovimiz yigʻilsak, dunyolarga sigʻmaydigan toʻy boʻladi” der edi ammangiz…

YOLGʻIZ MERGAN: Endi ular yoʻq…

MANGUHAYOT: Bu yorugʻ dunyoda bir ulusdan faqat ikkalamiz qoldik.

YOLGʻIZ MERGAN: Endi butun Tongli ulusi – ikkalamiz yigʻilib, toʻy qilamiz!.. Men sening… qoʻlingni va koʻnglingni soʻramoqchiman. Ishon, Tangri guvohligida vaʼda beraman: menga koʻngil bersang, bir umr kokillaringni taraydigan shamoling, kunlaringni yoritadigan oftobing boʻlaman; kechalari osmoningda yulduzday porlayman; oʻrtansang “oh”ing, kulsang kulging boʻlaman; koʻnglingda orzu, joningda gʻulu boʻlaman. Yov senga yetmaydi, gʻam senga yetmaydi – umring boʻyi yoningda qalqoning boʻlaman!..

MANGUHAYOT: Boshingga kulfat tushsa, gʻaming singiydigan tuprogʻing, kulsang kulging oʻrlaydigan osmoning boʻlaman; qozoningda ovqating, yelkangda kiyiming boʻlaman; ketsang oʻying, qaytsang uying boʻlaman. Men senga oʻn oʻgʻil, oʻn qiz tugʻib beraman! Oʻnta kelin olamiz, oʻnta kuyovimiz boʻladi…

YOLGʻIZ MERGAN: Ikki yolgʻiz ildiz qoʻshilib daraxt boʻlamiz…

MANGUHAYOT: Daraxt boqqa aylanadi…

YOLGʻIZ MERGAN: Bogʻ oʻrmonga…

MANGUHAYOT: Shamollarda dunyoga sigʻmay shovullaymiz…

YOLGʻIZ MERGAN: Tongli ulusi Oltoydan to Hazargacha ot suradi…

MANGUHAYOT: Ha, Oltoydan Hazargacha…

YOLGʻIZ MERGAN: Manguhayot…

MANGUHAYOT: Yolgʻiz… Yolgʻizim…

YOLGʻIZ MERGAN: Manguhayot…

 

Ular bir-birlariga tikilib qoladilar. Soʻng ohista yurib yaqin keladilar. Qoʻllarning barmoqlari beixtiyor bir-birlarini topadi va parda tusha boshlaydi.

 

Usmon AZIM

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.