Istanbul fojiasi

0
925
marta koʻrilgan.

 Toʻlqinini, boʻronini koʻrmagan odam

Dengiz doim notinch deb oʻylashi mumkin,

Inson ham shu, farosatda beozor, sokin,

Lekin yurak qatlarida toʻfon yashirin.

 

QATNASHUVCHILAR

Jalol – kolxoz raisi, 64 yoshda.

Saodat – xotini, 60 yoshda.

Iskandar – ukasi, 60 yoshda.

Yoʻlboshlovchi, politsiyachi, muxbir, sayyohlar va boshqalar.

Voqea shu kunlarda Istanbul shahrida boʻlib oʻtadi.

 

MUALLIFDAN

Inson qalbining boyliklari ichida Vatan tuygʻusi deb atalgan bebaho javohir bor. U – yuragimizning quvvati, eʼtiqodimizning salimligi, hayotimizning butunligidir. Uni his qilmagan farzand, tarannum etmagan ijodkor yoʻq.

Vatan – Navoiy va Mashrabning iztirobi, Bobur va Furqatning sogʻinchi…

Men chet ellarda safarda boʻlganimda turli sababga koʻra xorijda qolib ketgan vatandoshlarni koʻrganman. Ularning koʻzlari tubiga choʻkkan dard yuragimda iz qoldirgan. Bu koʻzlar baʼzan tunlari xayolimda gavdalanadi, azob beradi va azob barobarida oʻz qismatim uchun shukronalik hissini koʻnglimga soladi.

Hayotda qoʻyilgan bir yanglish qadam baʼzan umrlik qiynoqqa sabab boʻladi. Men qalamga olgan Iskandarning qismati shunday.

Vatan urushida xalqimiz qoʻlga kiritgan gʻalaba yigirma million jon hisobiga kelgan. Iskandar ham oʻsha qurbonlar qatoriga kiradi. Lekin u eng baxtsiz qurbon – tirik qurbon.

Qahramonlarim oʻz xatolari va armonlari bilan, ishonchlari va ishtibohlari bilan shu zaminda yashab turgan odamlar… Ana shu soʻzlar bilan, aziz doʻstlarim, bu fojeiy qismat tarixini sizning hukmingizga havola etmoqdaman.

 

Yaqinlashayotgan kuchli poʻrtana tovushi, kema zirhiga urilgan toʻlqinning qarsillashi eshitiladi. Chaqmoq, chaqadi, momaqaldiroq gumburlaydi.

“Diqqat! Diqqat! Beruniy sayyoh kemasi radiouzelidan gapiramiz. Shimoldan kelgan havo oqimi Oʻrta Yer dengizida shamolning kuchayishi, chayqalishning oshishiga sabab boʻlmoqda. Hurmatli sayyohlar! Kema palubasiga chiqish qatʼiyan man etiladi. Boʻron 9 ball, dengiz 8,5 ball”.

Boʻron kuchaya boradi. Toʻlkinlarning dahshatli gumburlashi chayqalishning zoʻrayganligidan darak beradi. Nihoyat shamol va chayqalish pasayadi.

“Diqqat! “Beruniy” sayyoh kemasi Bosfor boʻgʻozida suzib bormoqda. Bir necha daqiqadan soʻng kema Istanbul bandargohiga kiradi”.

 

Birinchi manzara

Istanbul. Mashhur Kapali charshi oldidagi maydon. Chap va oʻng tomonda timlik rastalar. Orqada shahar, machitlar, minoralar, zamonaviy koʻp qavatli uylar. Uzokda koʻm-koʻk Bosfor koʻrfazi.

Kemalar. Ular ichida yirik boʻlib qizil bayroqli “Beruniy” kemasi ajralib turadi. Bozor oldidagi maydondan turli toifadagi kishilar: turklar, inglizlar, yaponlar oʻtib turadilar. Aravachalarda yuk tortib borayotgan xizmatkorlar, ular ortida sigareta tutatib kelayotgan boyvachchalar. Gazeta sotayotgan bolalarning ovozlari:

– “Gazet! Gazet! Gazet! “Hurriyat”, “Gunoydin”…

Janob prezident hazratlarining maʼruzalari, Jopuniya Amrikoning choʻkmas harbiy kemasi oʻlur!”

Sigareta sotayotgan odam:

“Sigaret, sigaret! “Malburo”, “Malburo!”

Kepqoling!”

Gadoy

 

(Oʻtkinchiga)

 

Sadaqa kiling, janob! Sadaqa qiling, ser!

Sahnaning asosiy qismi qorongʻulashadi va old sahnaga yoʻlboshlovchi turk ayol yetagida bir guruh oʻzbek sayyohlar kirib keladilar.

Yoʻlboshlovchi

Mana, keldik. Sharq bozori degan joy shu yer,

Jondan boshqa hamma narsa bunda muhayyo.

Dunyo bozor degan gap bor, lekin aslida

Istanbulning Sharq bozori oʻzi bir dunyo.

U dunyodek bepoyonu dunyodek rangin,

Dunyo kabi savdosi ham, gʻavgʻosi ham koʻp.

U shunday bir saltanatki, boyligi olam,

Sultonlari qatorida gadosi ham koʻp.

Bu tomonda gilam rasta, bu yon zargarlik,

Bu qatorda ketganicha bazzozlik – mato.

Boshdan-oyoq kezmok uchun Sharq bozorini

Bir kun emas, bir hafta ham yetmaydi hatto.

Ammo bizning ixtiyorda ikki soat bor,

Istagancha koʻring, xarid qiling, iltimos.

 

(Saodat oqsoqlanib toʻdadan ajralib chiqadi va chekkadagi skameykaga oʻtiradi. Uning yoniga Jalol keladi.)

 

Faqat

(soatiga qarab)

 

Ikki soatdan soʻng, yaʼni oltida

Avtobusda uchrashamiz, kechikmang, xolos.

 

(Sayyohlar yeovur-yeuvur bilan tarqala boshlaydilar.)

 

Sumkali sayyoh

Qulmuhammad aka! Nima xarid qilasiz?

Yangamizga tilla sirgʻa oling!

Muxbir

E, ukam,

Bunda pulga tilla tugul, jez ololmaysiz.

 

(Fotoapparatini chiqarib, hammayoqni suratga ola boshlaydi.)

 

Termosli sayyoh

 

(Sumkali sayyohga)

 

Jiyanim shim olib keling, degan.

 

(Kreozga qarab)

 

“Leu straus”,

Tanlashvoring, birodar!

Ayol sayyoh

 

(Termosli sayyohga)

 

E, kimga aytyapsiz!

Erkak kishi shim tanlashni bilar ekanmi,

Yuring, sizga oʻzim tanlab beraman.

 

(Ketishadi.)

 

Saodat

Voy, voy –

Oyoqqinam tamom boʻldi.

 

(Tuflisini yechadi.)

 

Jalol

Senga aytdim-a,

Uzoq yoʻlga baland poshna tufli kiyma, deb!

“Ular”, – deding, – “Angiliston, Farangistonga

Shippak kiyib boramanmi, u yurtdagilar

Nima deydi”, deb gapimga quloq solmading.

 

(Saodatning oyogʻini koʻrib)

 

Bay-bay… Shoʻrlik… Tovoning goʻsht boʻlib qolibdi.

 

(Sumkadan yod, paxta olib xotinining oyogʻini muolaja qildi).

 

Saodat

Qariganda sayyohatga chiqmay men oʻlay,

Uyginamda jujuqlarni bagʻrimga bosib,

Televizor koʻrib yotsam boʻlmasmidi-ya!

Jalol

Bunday safar hammaga ham vasib boʻlmaydi –

Shuncha yurtni koʻrdik. Koʻp ham noshukur boʻlmang.

Daniyadan yoʻlga chiqib, yarimdunyoni

Kezib, mana, Turkiyaga keldik.

 (Shoirona)

 

Parivash –

Nozaninim, sarvqomatim, oyogʻingizga

Butun boshli Yevropani poyandoz qildik.

Ushalmagan yana qanday orzulari bor?

Saodat

Bittagina orzum – eson-omon uyimga

Yetib olsam boʻldi. Endi ikki dunyoda

Sayohatni orzu qilmay. Boʻlarim boʻldi.

Hammasidan chayqalishi yomon boʻlarkan.

Har gal toʻlqin qarsillatib kelib urganda

“Endi oʻldim” deyman. Bay-bay, kema jonivor

Argʻimchoqday uchadi-ya!

Jalol

Yoshlik paytingda

Hayinchakka toʻymay qolgan boʻlsang mabodo,

Maza qilib uchib olding.

Saodat

Ichak-chavogʻim

Naq teskari boʻlib ketdi. Voy, boshginam-yey!

Sumkali sayyoh

 

(Hovliqib kiradi)

 

I-e, sizlar nima qilib oʻltiribsizlar,

Axir bozor qizigandan qizib yotibdi.

Jondan boshqa hamma narsa bor ekan, yanga,

Sizga nima kerak, yuring!

Jalol

Bizga jon kerak.

Saodat

 

(Jalolga)

 

Kamoljonim, yaponskiy magnitafon deb

Koʻp yalingan edi, boring, oling, dadasi.

Men shu yerda oʻltiraman.

Sumkali sayyoh

 

(Bosh barmogʻini koʻrsatib)

 

Bundoqlari bor.

Yuring, oʻzim koʻrsataman.

Jalol

Ovora boʻlmang,

Bir kamimshu uzoq yurtdan… E, keling qoʻying.

Sumkali sayyoh

Bilganingiz…

 

(Chiqadi. Sukut.)

 

Jalol

Xotin, nega jim boʻlib qolding?

Saodat

Dadasi…

Jalol

Ha.

Saodat

Ertalabdan beri koʻnglimda

Bir xiralik bor.

Jalol

Sogʻinchdan, darmonsizlikdan…

Saodat

Undan emas. Hali sizga aytay dedim-u,

Yuragingiz gʻash boʻlmasin deb indamadim.

Jalol

Xoʻsh, nima gap?

Saodat

Nonushtadan keyin anovi

Ayo Soʻfiya masjidiga bordik…

Jalol

Xoʻsh?

Saodat

Shunda

Bir turk bizga juda uzoq tikilib qoldi.

Jalol

Nima boʻpti?

Saodat

Men choʻchidim, afti bir xunuk…

Basharasi toʻla chandiq, qora plashda.

Hassa tutgan. Siz unga hech qaramadingiz.

U koʻzini olgani yoʻq.

Jalol

Qarasa nima?

Bir anqovdir.

Biz ularga, ular bizlarga

Anqayamiz. Qoʻsh tomosha…

Saodat

Tomosha boʻlsa

Goʻrga edi. Ertalabdan beri ketmaydi.

Muzeyda ham, sultonlarning saroyida ham

U ergashib yurdi. Bir payt yaqin kelganda

Qaradimu yuragim bir shuvillab ketdi.

U koʻzini olib qochdi…

Jalol

Vahima qilma,

Har narsadan choʻchib vos-vos boʻlib qolibsan.

Sumkali sayyoh

 

(Yana paydo boʻladi.)

 

Charmkamzul oldim. Qalay, yarashibdimi?

Saodat

Yarashibdi. Binoyidek.

Jalol

 

(Oʻzicha)

 

Toʻqimdakkina.

 

(Sumkali sayyohga)

 

Omadingiz kelibdi-da.

Sumkali sayyoh

Kelganda qandoq!

Biz tomonda bunaqasi boʻlmaydi.

Jalol

 

(Kesatib)

 

Yashang!

Sumkali sayyoh

 

(Soatiga qarab)

 

Bir soatdan koʻproq vaqt bor.

 

(Bozorga kirib ketadi.)

 

Jalol

Eh, yoshlar! Yoshlar!

Matoh desa oʻzlarini tomdan tashlaydi.

Na andisha, na gʻurur, na istihola bor,

Anovining ikki koʻzi magazinlarda,

Biror narsa yarq etsa bas shoʻngʻib ketadi

Koʻrsichqonga koʻzi tushgan qirgʻiyga oʻxshab.

Dakki bersam, “Men bu yerga Napoleonning

Mozorini koʻraman, deb kelgan emasman”,

Deb aytadi, uyati yoʻq.

Saodat

Nima qilsin – yosh,

Kiyingisi keladi-da… Yoshligingizda

Oʻzingiz ham juda bashang kiyinardingiz.

Oq kitel-shim, oq kepka, oq brezent tufli…

Jalol

Tuflini biz tish poroshok bilan oqlardik.

Saodat

Ne boʻlsa hamdurust edi oʻsha kiyimlar.

Jalol

Ham arzonroq edi. Topish qiyinmas edi.

Saodat

Juvonlar ham hozirgidek kiyinmas edi.

Uzun koʻylak, uzun lozim, yeng bu yergacha.

 

(Barmoq uchini koʻrsatadi.)

 

Jalol

Durrachani aytmaysanmi? Uzoqdan koʻrib

Yuragimiz dukullardi.

Saodat

Ho…

Jalol

Hammagamas.

Sen boshqacha eding. Goʻzal, koʻzlaring jodu.

Men qishlokda ikki yilcha boʻlmadim, xolos,

Ikki yilda koptok oʻynab yurgan qizaloq –

Ofatijon, sarviqomat boʻlib qolibsan.

Saodat

Fargʻonadan siz ham boshqa boʻlib kelgansiz…

Dadasi… Hoy dadasi…

Jalol

Ha!

Saodat

 

(Koʻli bilan koʻrsatib)

 

Ana, kelyapti.

 

(Choʻchib tisariladi.)

 

Oʻsha odam! Qoʻrqyapman, keta qolaylik.

Jalol

Qani? Nega choʻchiysan-a?

Saodat

Ana, ana u!

 

(Qora sharpa daraxt panasida toʻxtaydi.)

 

Jalol

 

(Sharpaga)

 

Hoy sen kimsan?

 

(Sharpa jim.)

 

Gadomisan, qalandarmisan?

 

(Sharpa jim.)

 

Beriroq kel, hoy!

Saodat

Chaqirmang, ketsin daf boʻlsin.

Jalol

Dil biliyurmisan, gardash?

 

(Sharpa jim.)

 

Demak, turkmassan,

Arabmisan yo hindu, yo eroniymisan?

Notanish odam

 

(Sukutdan soʻng. Panada turgancha)

 

Hamma millat nomin aytding. Ammo ne uchun

Oʻzbekmisan, deb soʻrashga tiling bormadi?

Men oʻzbekman!

Jalol

Yo ajabo!

Saodat

Tavba, yo tavba!

Notanish odam

Nega hayron boʻlasizlar? Yo chet ellarda

Oʻzbeklarning borligini bilmasmidingiz?

Choʻchimangiz. Men xoin yo josus emasman.

Men bir xazon yaprogʻiman. Taqdir shamoli

Oʻz bogʻimdan yiroqlarga uchirib ketgan.

Necha yilki, hayotimdek xazon faslida

Bandargohga kelib bunda kema kutaman.

Jalol

Shoʻr peshona ekansan-ku. Gaping rost boʻlsa,

Panadan chiq.

Saodat

 

(choʻchib)

 

Yoʻq, dadasi, qoʻying, chaqirmang.

Turqi sovuq koʻrinadi. Juda qoʻrqaman,

Kimbiladi bu inson kim, murodi nima?

Yuring, ketdik, jon dadasi, safarimizning

Oxirida koʻrgilikka uchrab qolmaylik.

Begona yurt…

Jalol

 

(Saodatga)

 

Jimtur…

Notanish odam

Tezroq ketay… mabodo

Ona yurtdan bir kaft tuproq keltirmadingmi?

Jalol

Tuproq yoʻgʻ-u, u tuprokda bitgan mayiz bor.

 

(Sumkadan bir xaltacha olib uzatadi.)

 

Beriroq kel, ol, hayiqma, notanish odam.

Notanish odam

Yaqin borsam sizlarga gap tegmaydimi?

Jalol

Beriroq kel.

Notanish odam

 

(Panadan chiqib yaqin keladi. U plashda, yuzi chandiq. Qoʻlida hassa. Sochlari oppoq. Jalolning qoʻlidan xaltachani olib ochadi, bir dona mayizni oyeziga solib uzoq tamshanadi.)

 

Shukr, yurtim nafasini tuygandek boʻldim.

Qulluq, yurtdosh, ming tashakkur, taqdir hamisha

Nasibangni butun qilsin!

Jalol

Oʻzingni tanit,

Kimsan, qachon bu yoqlarga kelib qolgansan?

 

(Sharpa jim.)

 

Gapirsang-chi! Qayerliksan? Oʻzbekistonda

Biror kiming bormi? Aytsang, balki tanirman.

Notanish odam

Hech qayerda hech kimim yoʻq. Qismat dashtida

Bir shoʻrakman – yumaloq xas. Qurigan jismim

Zamonlarning quyunida mangu sargardon,

Vatani yoʻq, elati yoʻq bir benavoman.

Bu dunyoga qachon keldim – esimda ham yoʻq.

Bamisoli dunyo borki, men borman. Shuncha –

Uzoq boʻldi bu gʻurbatkash umrim. O, mendan

Hech narsani soʻrama, qoʻy!

Jalol

Ey, jabrdiyda,

Ne balolik qismat seni bu kunga soldi?

El oldida yuzing shuvit boʻlsa, uni ayt.

Haqiqatda agar josus, xoin boʻlmasang,

Oʻzga neki gunoh boʻlsa, uning avfi bor.

Mard bir oʻlar, nomard yuz. Ha! Egilgan boshni

Qilich kesmas, degan gap bor. Qolgan umringni

Ayriliqning azobida oʻtkazma, yurtdosh.

Tortinma ayt, yurtga qaytmoq niyating boʻlsa,

Men qoʻlimdan kelganicha yordam berayin.

Notanish odam

Ammo mening najotimga na-da sen, hatto

Parvardigor qodir emas.

 

(Sukut.)

 

Qirq yil ilgari

Men oʻlganman. Qaragʻayzor oʻrmon ichida

Koʻmilganman. Roʻparangda turgan – arvohim.

Saodat

Bu ne dahshat! Tush koʻryapman. Yoʻq, bu oʻng emas.

Qoʻrqinchli tush!

Jalol

Beriroq kel, nega qoʻrqasan?

Qayerdadir koʻrgandekman…

 

(Sukut.)

 

Yoʻq, eslolmadim…

Mabodo sen biz tomonda – eski Qoʻshtepa,

Yangi nomi Engels – unda boʻlmaganmisan?

Notanish odam

 

(Choʻchib tushadi, yaqin kelib bir Jalolga, bir Saodatga tikiladi, hayajonga tushadi.)

Boʻlmaganman, yoʻq. (Nari ketadi.)

 

Jalol

Oʻzingni yashirma, tokay –

Berkinib kun koʻrmoq mumkin!

Notanish odam

 

(Oʻzicha)

 

Qanday tasodif!

Zamon, makon deb atalgan poyonsizlikda

Qitʼalar va yillar osha bundoq uchrashuv!

 

(Jalolga)

 

Qoʻy, soʻrama. Surishtirib nima qilasan?

Foydasi yoʻq.

Jalol

Mayli, yurtdosh, oʻzing bilasan.

Biror nafim tegarmikin deb oʻylagandim,

Aftodahol koʻrinasan.

Saodat

Yorugʻ dunyoda

Qancha baxtsiz odamlar bor!..

Jalol

 

(Yonidan pul chiqarib uzatadi)

 

Mana buni ol,

Bir kuningga yaratarsan.

Notanish odam

Yoʻq, kerak emas,

Kambagʻalman, lekin gado boʻlganimcha yoʻq.

 

(Muxbir kirib keladi.)

 

Muxbir

Jalol aka, yanga, qani bu yerga turing,

Abadiyat uchun bitta kadr qilamiz.

 

(Fotoapparatni toʻyerilaydi. Notanish odam ketadi. Muxbir bir-ikki suvratga oladi.)

 

Ana boʻldi.

 

(Bosh barmogʻini koʻrsatib)

 

Mana bundoq rasm chiqadi!

 

(Notanish odam ketgan tomonga qarab-qarab qoʻyadi va ketadi.)

 

Jalol

 

(Atrofga qarab)

 

Xah, qochirib yubordi-ya!

Saodat

Shoʻrlik bevatan…

Qoʻying, mayli, bir hisobda ketgani yaxshi.

Dard-hasrati qurib ketsin, koʻnglimni ezdi.

Jalol

Hayotimda bir savob ish qilay deb edim.

Vatanidan judo boʻlgan bechora ekan.

Bir yordamimtegib qolsa, yomon boʻlmasdi.

Saodat

Lekin oʻzi istamasa nima qilasiz?

Jalol

Uni topish kerak.

Saodat

Qanday qilib topasiz?

Jalol

Ana, oʻzi keldi.

Notanish odam

 

(Kirib keladi.)

 

Yana keldim, oʻzimni

Tanitmoqchi emas edim. Lekin oʻylasam,

Keyin armon boʻlar ekan. Mayli, aytaman.

Lekin bitta shartim: gap shu yerda qoladi,

Na bu joyda, na Vatanda biror kimsaga

Men toʻgʻrimda soʻzlamaysiz.

 

(Sukut.)

 

Endi eshiting.

Qoʻshtepaning guzarida bir tut bor edi,

Yuz yillik tut…

Jalol

 

(Saodatga)

 

Ha, aytdim-ku, uni koʻrganman.

Notanish odam

Oʻsha tutdan sal pastroqda, eski xovlida

Usta Ahmad yashar edi.

Jalol

U mening otam.

Bilarmiding?

Notanish odam

Ha. Urushning birinchi yili

Halok boʻlgan edi.

Jalol

Toʻgʻri. Ayt, kimsan oʻzing?

Notanish odam

Sen oʻshanda endigina uylangan eding,

Jonon kelin Saodatni

 

(Saodat choʻchib ketadi.)

 

Bagʻringga bosib

Yotganingda sahar payti qora xat keldi.

 

(Jalol va Saodat lol.)

 

Shunda hali oʻn sakkizga toʻlib toʻlmagan

Ne sababdir uydan ketib qolgan Iskandar

Ukang keldi… Ostonada turgancha yigʻlab

Onasiga vido aytib urushga ketdi.

Shu boʻyicha qaytgani yoʻq.

Jalol

Ukam Iskandar

Novgorodda halok boʻldi.

Notanish odam

Afsus…

Jalol

Ming afsus,

U mard edi.

Notanish odam

Afsus shuki, u oʻlmay qoldi.

Jalol

Yoʻq… Nahotki…

Notanish odam

Men boʻlaman oʻsha Iskandar!

(Saodat qichqirib yuboradi.)

Jalol

Yolgʻon! Yolgʻon! Sen u emas! Iskandar oʻlgan!

Mening ukam Vatan uchun jonini berib,

Yer qaʼrida yotibdi. Sen arvohni tinch qoʻy.

Notanish odam

Tanimading, yo tanishni istamading. Sen –

Qahramonning akasisan, shunisi maʼqul.

Qabih chindan koʻra ezgu yolgʻon yaxshiroq.

Sen aytgancha boʻlsin, gapim yolgʻon, afsona.

Hech choʻchima. Shaʼningga dogʻ tushirmayman. Yoʻq!

Men oʻlganman. Oʻlganimcha qolaman. Ammo,

Bir oʻtinchim – onam tirik bormi – shuni ayt.

Ayt, yashirma. Oʻzimni fosh qilmayman, ishon.

Faqat onam oʻlgan boʻlsa aza ochaman,

Yigʻlab-yigʻlab yuragimni yozaman, xolos.

Agar tirik boʻlsa, sendan bitta iltimos:

Jigarlik qil, ukang ado eta olmagan

Vasiyatni sen bajargin.

 

(Qoʻynidan tumor oladi.)

 

Mana bu – tumor.

Meni jangga kuzatarkan, onam bechora

Shuni tikib bergan edi. Aytgan ediki:

“Sen kenjamsan, jangdan omon qaytasan. Axir,

Meni goʻrga qoʻyadigan oʻzingsan, bolam!

Bolam! Sening diydoringni koʻrmagunimcha,

To qiyomat ilhaq boʻlib yotaman. Bilki,

Boʻyningdagi tumor emas, onang yuragi.

Tilagim ham vasiyatim shuki, sen qaytgach,

Qachon vaqti qazo yetib dunyodan oʻtsam,

Shu tumorni oʻzing boshimostiga qoʻygin”.

 

(Sukut.)

 

Onaginam, yuraging-ku meni asradi,

Men sutingni oqlolmadim. Beomon qismat

Bolangni oʻz Vatanidan benasib qildi.

 

(Jalolga)

 

Agar onam tirik boʻlsa, jigarim, endi,

Mana tumor, vasiyatni oʻzing ado et.

 

(Saodat davorga suyangancha, Jalol boshini ushlab tebratganicha lol.)

 

Demak… onamoʻlgan. Meni kuta-kuta u

Ilhaqliqda ado boʻlgan. Kechir, onajon!

Kechir meni! Kechir meni! Men odammanmi?

Egasi yoʻq, sanqib yurgan bir qari itman.

Benavoman, bedavoman.

 

(Ketadi.)

 

Jalol

Iskandar! Toʻxta!

 

(Iskandarning orqasidan chiqadi.)

Ikkinchi manzara

Karvonsaroy mayxonasi. Sahna ichkarisida ikki, uch, toʻrt kishili yasatigʻliq stollar. Mayxonaning oʻng tomonida sahna. Lekin u bizga koʻrinmaydi. Stollarda bizga tanish sayyohlar. Toʻrt ayol bir stol atrofida. Saodat ham ular orasida. Hammaning koʻzi sahna tomonda. Muzika yangrab turibdi. Raqqosa va cholgʻuvchilarning soyasi devorda akslanadi. Sahna oldida – uch kishilik stol atrofida Jalol va Iskandar. Sahna orqasi qorongʻulashib, biz faqat Jalol va Iskandarni koʻramiz.

Jalol

Bu dunyoda judolikning turfa xili bor.

Birov yordan ayriladi, birov diyordan.

Yoʻqotishlar ichida eng mushkul, eng dahshat –

Bu oʻzlikni yoʻqotmokdir. Eh, sen Iskandar!

Sen oʻzingni yoʻqotibsan. Qanday koʻrgilik!

Iskandar

Gunohim shu – tirik qoldim. Ming pushaymonman.

Jalol

Aybing tirik qolganingmas…

Iskandar

Tirik oʻlganim.

Jalol

El-yurt mayli, qarindoshu urugʻlar, mayli,

Onangni hech xayolingga’keltirmadingmi?

 

(Iskandar qayeu ichida bosh tebratib oʻtiradi.)

 

Sendan keyin uch oy oʻtmay men ham joʻnadim,

Grodnoda yaralandim. Tuzalib chiqib,

Elbagacha bordim. Umr bor ekan – qaytdim.

Oʻsha kunni unutmayman – onam bechora

Tut tagida kir yuvmoqda ekan. Koʻrdiyu: –

“Bolam, bolam!” deb yelkamga osilganicha

Yigʻlayberdi. Sovun yuqi qoʻllari bilan

Yuzlarimni, boshlarimni silab yigʻladi.

“Nega oʻzing qaytding, bolam, ukaginangni

Qayerlarga tashlab kelding?” deb faryod chekdi.

Keyin bilsam, sendan qoraxat kelgan ekan,

Xat yonida komandiring Danilov yozgan

Maktub ham bor ekan: “Ona! Farzanding bilan

Iftixor qil! – deb yozibdi – oʻgʻling qahramon!”

 

(Sukut.)

 

Yillar oʻtdi. Oltmish toʻrtning bahori edi,

Moskvada veteranlar anjumanida

Bir polkovnik menga uzoq tikilib qoldi.

Biz tanishdik. Qaraki, u Danilov ekan.

Meni senga oʻxshatibdi. Quchoqlab oldi,

Novgorodga birga bordik. Qabringni topdik.

“Qabring” dedim, meni kechir – oʻzga ne deyin?

Qorongʻulik choʻkadi. Oʻrmondagi yalanglik. Danilov va Jalol lavha yonida.

Danilov ovozi

Qirq uchinchi yil. Yettinchi sentyabr edi.

Bizning rota olov seli ichida qolib,

Bu yerda yov hujumini qaytarar edi.

Biz oz qoldik. Lekin yovga taslim boʻlmadik.

Iskandaring shunqor edi. U yakka oʻzi

Toʻrtta tankni yondirdiyu beshinchisiga

Qoʻlidagi granata bilan tashlandi.

Koʻz oldimda tank va inson roʻbaroʻ keldi.

Bamisoli ertaklarda yovuz maxluqqa,

Qoradevga koʻkrak tutib tik hamla qilgan

Pahlavondek edi oʻsha damda Iskandar.

Lekin, afsus, ertakdagi kabi boʻlmadi,

Vahshiy kuchni yengolmadi mardlik, adolat…

Koʻz oldimda tank doʻstimni… dahshat!

 

(Sukut.)

 

Ey, doʻstim!

Endi mening diyorimda, qabring ustida

Qaragʻaylar alla aytib tebranmoqdalar…

Qorongʻulik. Soʻng yana Karvonsaroy. Jalol va yigʻlayotgan Iskandar.

Jalol

Oʻsha yerning tuprogʻidan bir kaft keltirib

Men Jasorat maydonida qabr yasatdim.

U qabrda yil – oʻn ikki oy navbahorning

Chechaklari alvon-alvon boʻlib yotadi.

Iskandar

Bas, ezilgan yuragimni qaytadan ezma.

Yolgʻon shuhrat sharif qilgan ismimga laʼnat.

Oʻsha jangda tank ostida majaqlanmasdan

Tasodifan tirik qolgan jismimga laʼnat!

Kani edi, haqiqatdan men oʻlgan boʻlsam,

Qani, chindan unib yotsa qabrimda gullar,

Qani edi, halok boʻlgan doʻstlarim kabi

Mangu sukut ogʻushida rohatda yotsam.

Odam nasli azal abad oʻlimdan qoʻrqar,

Nechun, nechun? Axir oʻlim oliy masʼudlik,

Bor vujudning, jonu ruhning osudaligi,

Ammo bu baxt mendan doim yuzini burdi.

Endi kimman? Na oʻlik, na tirik bir vujud,

Koʻzi ochiq, qadam tashlab yurgan qabrman.

 

(Sukut.)

 

Shunday qilib oʻsha kuni men omon qoldim,

Chuqurlikka qulabmanu hushdan ketibman.

Bir mahal koʻz ochsam, ikki bahaybat nemis

Avtomatni toʻgʻri qilib qarab turibdi.

Qismat ekan, asoratning achchiq alami,

Chidab boʻlmas qiynoqlari boshlandi. Inson –

Guldan nozik inson – vaqti kelsa temirdan

Mustahkamroq boʻlar ekan. Oʻshanda bildim.

Iztirobdan odam oʻlsa men oʻlar edim,

Oʻsha yillar dahshatini soʻzlamoq uchun

Yillar kerak…

 

(Qorongʻulikda koʻmir tashiyotgan asirlarning soyasi koʻrinadi.)

 

Xullas, bir kun yarimkechada

Yetti asir maslahatni bir joyga qoʻyib,

Poyloqchini gumdon qildik. Oʻrmonga qochdik.

Oʻsha damdan vaqt sezgisi yoʻqoldi. Qancha

Yugurganimni bilmayman. Tasavvurimda

Es-hushimdan judo boʻlib to bugungacha

Yuguraman, yuguraman… Hech toʻxtamayman.

Kimdan qochib bormoqdaman, qayga qochaman –

Menga sira ayon emas. Hayot bamisli

Qop-qorongʻu oʻrmon… Hatto tushlarimda ham

Toʻda-toʻda itlar meni quvlaydi…

 

(Sukut.)

 

Xullas,

Koʻzni ochsam, bir kulbada yotibman… Oqsoch

Nemis kampir boshim uzra oʻltirar edi.

U oʻrmondan behush holda topibdi meni.

 

(May ichadi va Jalolning qadahiga qarab)

 

Ichmayapsan?

Jalol

Jigar chatoq.

Iskandar

Sen ham qaribsan.

Namoz oʻqiysanmi?

Jalol

 

(Miyigʻida kulib qoʻyadi va bosh tebratib «yoʻq» ishorasini qiladi).

 

Sen-chi?

Iskandar

Jon deb oʻqirdim.

Lekin menda eʼtiqod yoʻq. U dunyoga ham,

Bu dunyoga ham.

Jalol

Ishonchsiz yashash – koʻrgilik.

Har yurakka bitta tayanch nuqta zarurat.

Busiz odam odam emas – boʻshliq boʻladi.

Iskandar

Menga qolsa eʼtiqodsiz yashashdan koʻra,

Changalzorning yarim vahshiy qabilasidek

Ilongami, toʻngʻizgami sigʻingan yaxshi…

Mening xasta jonimga ham bir aso kerak,

Ammo qani oʻsha imon? Oʻsha eʼtiqod?

Zamon barcha xudolarni arshdan qulatdi.

Savob, gunoh barbod boʻldi. U dunyodagi

Soʻroqlardan qoʻrqadigan odamqolmadi.

Men sargardon hayotimda nimani koʻrdim?

Hamma yerda imonsizlik, fahsh va qabohat!

Tubanlik bor – alhazar yoʻq. Biz nafas olgan

Shu havoga toʻlib ketdi yolgʻon sadolar.

Tuman xillik toʻlqinlarda tongdan tonggacha

Miyamizni aldoq bilan toʻldirmoqdalar.

Faqat bir gap: biz yaxshimiz, boshqalar yomon.

Jalol

Shuning uchun odamzotga ikkita quloq,

Bitta aql tarozusi berib qoʻyilgan.

Ikki yonga quloq solu bir mezon bilan

Oʻlchab oʻzing xulosa qil. Haqiqatni top.

Iskandar

Haqiqat yoʻq. Boʻlgan emas. Dunyoda faqat

Manfaat bor. Manfaat deb atalgan “choʻpon”

Odamzodni poda qilib haydab yuribdi.

Jalol

Ha, shubhasiz, sen tanlagan dunyoda shundoq.

Iskandar

Men tanlagan dunyo? Menda tanlash huquki

Bormi edi? Sargashta jon uchun dunyo – bir.

Ummonlar bir, sahrolar bir, daryolar ham bir,

Odamizod boshidagi savdolar ham bir.

Dunyo ikki boʻlsa sarhad bormi oʻrtada?

Jalol

Ha, sarhad bor. U odamlar qalbidan oʻtgan,

Bas, oʻzingni soddalikka solma, senu men

Faqat ikki odamemas, ikki olammiz.

Iskandar

Bir otayu bir onaning ikki farzandi

Oʻrtasida, demak, endi tubsiz jarlik bor…

Qani, ayt, men qaysi olam, qaysi jamiyat,

Qaysi vatan odamiman? Ajrim qilib ber!

Meni oʻzbek ona tugʻib, alla aytdiyu

Nemis ona olib chikdi ajal domidan.

Bir olamda koʻz ochdimu boshqa olamda

Umrimoʻtdi – endi qaysi dunyo nomidan

Soʻzlamogʻim kerak? Menga tushuntirib qoʻy.

Sarmoyadormanmi? Oʻshal ikkinchi onam

Ukasiga kuyov boʻldim va undan meros

Dyusseldorfning bankasida sarmoya qoldi.

Vaqt boʻldiki, oʻn ming aqcham yuz mingga bordi,

Vaqt boʻldiki, bir doʻkoncha tebratdim, xolos.

Yoʻqsilmanmi? Endi mendan yoʻqsil odam yoʻq,

Koʻzim xira, darmonsizman, tashlandiq zotman,

Xotin boshqa erga tekkan, oʻgʻil uylangan.

Bu oʻrmonda quyonlardek urchib, koʻpayib,

Quyonlardek tanimaymiz bir-birimizni.

Mana, mening tarjimai holim, ayt endi,

Qaysi dunyo roʻyxatiga qoʻshasan meni?

Jalol

Bu holatni ajrim qilmoq mening ishimmas,

Yurtga qaytsang, tegishli joy ajrim qiladi.

Faqatgina, maslahatim hech bir narsani

Berkitmay ayt, – ular hammasini biladi.

Iskandar

Qaysi aybim uchun soʻroq berishim kerak?

Tank majaqlab ketmagani uchunmi, yoki –

Arosatda omon qolgan boshim uchunmi?

Men fashistga askar boʻlib jangga kirdimmi?

Oʻz yurtimga oʻq otdimmi? Tuhmat qildimmi?

Jigar boʻlib yuragimni sen tushunmasang,

Meni kim ham tushunardi, shafqat qilardi?!

Jalol

Yoshlikda ham sen oʻlguday jizzaki eding,

Qaribsan-u, bu odatdan xalos boʻlmabsan.

Seni oʻldi degan edik, mayli, oʻlmabsan –

Lekin aybim nima, desang hayrat qilaman.

Qirq yil yurtga qadam qoʻymay benomu nishon

Yurganingni oʻzing gunoh sanamaysanmi?

Iskandar

Oʻylaysanki, men yurtimni sogʻinmaganman!

Umrim boʻyi yoʻl izladim. Nahot bilmaysan,

Asir zoti xoinga teng sanalgan axir!

Yov oʻqidan qoʻrqmaganman. Lekin oʻz eling,

Sen jon fido qilgan eling xoin sanasa,

Itdek otib tashlasa-chi? Alam qilmasmi?

Jalol

Avfi umum chiqqan edi.

Iskandar

Keyin kech boʻldi,

Ming bir sabab. Qaybirini senga aytaman.

Jalol

Qoʻy, gapirma. Shuncha yil-a! Vijdoning qani?

Iskandar

Vijdon… vijdon… oʻsha vijdon bormi oʻzingda!

Baʼzan meni oʻylaganda qiynalmaysanmi?

Qabrimdagi sovuq toshga qoʻling tekkan payt

Barmoqlaring kuymaydimi? Yoki koʻzingdan

Yoshing oqsa yanoqlaring lovullamasmi?

Koʻrib turib sen baxtimni tortib olding-a!

Koʻzlaringni olib qochma, menga tik qara.

Agar senda vijdon boʻlsa, bundoq qilmasding.

Indamaysan. Yoʻq, yodgorlik qoʻymading menga,

Gunohingni koʻmib, marmartosh bostirgansan!

Meni koʻrish senga qanchalar ogʻir!

Jalol

Menga nima daʼvoying bor?

Iskandar

Ha, bilmaysan-a!

Qorajarning yoqasida – pasqamlik joyda

Aka-uka nima uchun mushtlashgan edik?

Oʻn yettida edim, sen-chi, yigirma birda.

Meni rosa doʻpposlading, oʻshanda uyga

Engil-boshim qop-qora qon boʻlib qaytdim-u,

Onamga churq etganim yoʻq.

Jalol

Shuncha yil oʻtib

Hali eslab yuribsanmi? U gaplarni qoʻy.

Iskandar

Urganingni unutardim, lekin qalbimga

Xanjar sanchding sen – jigarim, qandoq unutay?

Men-ku uni jonimdan ham yaxshi koʻrardim,

Bilib turib Saodatni yoʻldan urding-a!

Jalol

Bunday soʻzni tilga olma. Saodat menga

Hammasini aytgan. Seni u sevgan emas.

Iskandar

Yolgʻonni qoʻy. U nur kabi pokiza edi,

Meni yaxshi koʻrar edi, uchrashar edik.

Bizlar xuddi qoʻsh kabutar edik, sen iblis

Qirgʻiy boʻlib changal solding. Gʻunchani uzding.

Jalol

Bas, Iskandar! Esdan chiqar goʻdak xayolni,

Bizlar sevib turmush qurdik.

Iskandar

Bu gap ham yolgʻon,

Sen chiranchoq, manman eding. Eng goʻzal qizni

Qoʻlga olib doʻstlaringga maqtanib yurding.

Bilardingki, men ishqida devona edim,

Sheʼrlar yozib yurar edim. Koʻrganda titrab,

Vujudimda sirli otash gurillar edi.

Majnunligim ayon edi butun qishloqqa.

Sevmagansan! Saodat ham sevmagan seni,

Hech sevishi mumkin emas. Sen – zoʻravonsan.

U meniki edi – axir.

Jalol

Sen bola eding.

Oʻgʻil bola oʻn yettida bola boʻladi,

Qizni esa, erga bersang ona boʻladi.

U munosib emas edi senga, gapirma.

Iskandar

Bolamidim? Koʻngillilar safiga turib

Jangga ketgan, qahramonlik qilgan Iskandar –

Bolamidi? Uning shonu shuhrati bilan

Sen kekirib yuribsan-ku!

Jalol

Bas qil!

Iskandar

Quloq sol!

Sen bilmaysan, men oʻshanda jangga ketarkan,

Yuragimga alam oʻsha oʻtin solib ketganman.

Oʻsha oʻtni tigʻ uchida olib oʻtganman.

Shu oʻt bilan tikka bordim nayzabozlikka,

Yonayotgan binolarga oʻzimni urdim.

Qahramonlik qidirmadim, oʻlim qidirdim.

Lekin afsus… Ajal degan it ekan asli,

Qochsang quvar ekan, quvsang qochaverarkan.

 

(Sukut.)

 

Sen uylangan kun yodimdan sira chiqmaydi,

Mehmonlarni kutib oldimshirin soʻz bilan,

Kulib yurib choy tashidim. Lekin yuragim

Hoʻngrab, hoʻngrab yigʻlar edi. O, bilarmisan,

Toʻying menga aza boʻldi, yor-yor – marsiya.

Oʻsha kuni birinchi bor ichdim, mast boʻlib

Raqsga tushdim. Hamma yayrab qarsak chalardi.

Men bamisli qush qanotin yozib havoda

Charx urgandek alpon-talpon aylanar edim.

Soʻng panada peshonamni devorga urib

Ovozimni chiqarmasdan dod deb yigʻladim…

Oʻsha kecha qishlokdan bosh olib ketganman.

Jalol

Taqdir ekan, nima qilay, menda gunoh yoʻq.

 

(Termosli sayyoh yaqin keladi.)

 

Termosli sayyoh

Jalol aka! Choy domladim – quling oʻrgilsin,

“Toʻqson besh” dan, bir piyola iching, ilindim.

 

(Kelib boʻsh stulga oʻtiradi va termosning qopqogʻiga choy quyadi.)

 

Tomosha xoʻb qiziyapti. Chetda qolibsiz?

Suhbat chortang koʻrinadi…

 

(Iskandarga ishora qilib)

 

Tanishtiring. Kema katta, sayohatchi koʻp,

Tanishmadik.

 

(Iskandarga)

 

Mening ismim Kalxoʻjailyos.

 

(Sochiga ishora qiladi.)

 

Chayqalishda, qalay, koʻngil aynimadimi?

Lekin yomon boʻldi… Menga nashʼa qilgani –

Hamma oʻqchib, koʻngli aynib choʻzilib qolgan,

Diktor boʻlsa radiodan:

 

(Diktor qizning ovoziga taqlid qiladi.)

 

“Kechki ovqatga!

Ishtahangiz karnay boʻlsin! Marhamat qiling!”

 

(Iskandarga choy uzatadi.)

 

Jalol

 

(Termosli sayyohga)

 

Xoʻjailyos, choyxoʻrlikni keyin qilamiz.

Bizni ozroq xoli qoʻying, sizdan iltimos.

Termosli sayyoh

Xoʻp, xoʻp! Gapning qoq beliga tepibmiz-da, a?

 

(Jalolga choy uzatib)

 

Lekin, aka, ikki hoʻplam…

 

(Jalol qoʻli bilan rad qiladi.)

 

Mayli, boʻlmasa.

 

(Choyni qaytarib termosga quyadi, qopqogini yopadi. Jalolga yaqin kelib, shivirlab)

 

Yangisidan bor… Bir kuni bir goʻzal ayol

Qora dengiz sohilida yotgan ekan…

Jalol

 

(Ohista, lekin qatʼiy)

 

Bas,

Bora qoling.

Termosli sayyoh

Boʻldi, boʻldi. Bora qolamiz.

 

(Iskandarga sinchiklab qaragancha uzoqlashadi.)

 

Jalol

 

(Iskandarga)

 

Qirq yil oʻtdi, u gaplarni unut, qaridik,

Besh farzanddan oʻn ikkita nabiramiz bor.

Zamon boshqa va zamonning dardlari boshqa.

Dunyo qalqib turgan bir payt – ahli olamning

Buyuk dardi qarshisida sening gaplaring

Juda mayda koʻrinadi, juda bachkana.

Iskandar

 

(Zaharxanda bilan)

 

Safsataga ammo gʻoyat usta boʻlibsan,

Jahon dardi… Olamshumul gaplar… Zamona…

Qalqib turgan zamin dardi kattakon dardu

Bitta qalbning azoblari, demakki, mayda,

Juda goʻzal, tantanavor, soxta falsafa.

Jalol

Afsus, afsus. Yuragingda toʻla kin ekan,

Bizni koʻrib suyunarsan deb oʻylagandim.

Nahot senda zarracha ham mehr qolmagan?

Nahot shuncha yil soʻngida boshqa gaping yoʻq?

Iskandar

Tasavvur qil – barmogʻingga zirapcha kirsa

Ogʻrigʻiga qirq kun chidab yurarmi eding?

Qirq yil mening yuragimda zirapcha yotdi.

Senga uni aytmay avval nimani aytay?

U dunyoyu bu dunyo, bil, qoʻlim yoqangda.

Jalol

U dunyoda koʻrganimda mayliga edi.

Jigarimni topdim-ku deb xursand boʻlibman.

Mening ukam oʻlgan ekan.

Iskandar

Oʻzing oʻldirding!

Koʻzlaringni katta ochib qara – qoʻling qon!

Meni vatangado qilding.

Jalol

Vatan soʻzini

Tilga olma. Sen vatanga begona odam.

Ayb oʻzingda. Bu gaplaring bari bahona.

Iskandar

Tani boshqa dard bilmaydi. Mabodo agar

Boshimga bu kunlar tushib yurtdan ketmasam

Men oʻzimni Qorajarga tashlab oʻlardim.

Qanday chiday, sevgan yorim, tunlar tushimda

Ogʻushimda boʻlgan yorim qayliq boʻlibmas,

Ostonamdan kelinoyim boʻlib kirdi-ya!

Ayt, men yana oʻsha uyda yayrab yuraymi?

Qaytmading deb taʼna qilma, xonadoningga

Oʻt qoʻymadim, shunga suyun.

Jalol

Oʻt qoʻyarmiding?

Oʻz tugʻilgan uyingga-ya! Qanday razolat!

Nega seni koʻrdim! Seni topgandan koʻra

Vatan uchun qurbon boʻlgan ukamga yigʻlab

Pok ruhini yodlab oʻtsam boʻlmasmi edi.

Bu yerlarga nega keldim? – ukam qon toʻkkan

Aziz yerni koʻzga surtsam boʻlmasmi edi.

Qahramon deb senga yodgor tiklab edim-a!

Iskandar

Tirigimni xorlab, urib qilding-u abgor,

Oʻligimni eʼzozlading. Tashakkur ming bor.

Sen bularning barchasini ukangga mehring,

Pok ruhiga hurmatingdan qilgan emassan.

Senda mehr bormi, yuksak xayollar bormi?

Yoʻq, dilingda faqatgina hisob-kitob bor.

Yodgorlikni menga emas, sen oʻzing uchun,

Oʻz obroʻying, oʻz martabang uchun tiklading.

Oʻsha marmar Iskandarga xotira emas,

Sening yolgʻon shuhratingga poydevor boʻldi.

Ayt, koʻzimga qarab turib, toʻgʻrisini ayt:

Mening yurtga qaytishimni istarmiding? Yoʻq!

Chunki qaytsam poydevoring qulab tushadi.

Jalol

Tilingni tiy. Meni tahqir qilmoqqa hatto

Boshda tugʻi borlarning ham haq-huquqi yoʻq.

Men obroʻni sening qabring ustidan emas,

Oʻz mehnatim evaziga topganman.

Iskandar

Bekor!

Sen mehnatga emas, gapga juda ustasan.

Yoshligingda yengil yashab, yengil yurgansan.

Jalol

Ey, nodon, qirq yil ichida bir odam emas,

Olam axir boshqa boʻldi.

Iskandar

Sen esa – oʻsha!

Balandparvoz gaplaring ham, gʻoʻdayishing ham.

Shafqating yoʻq! Mendan bir gap yashirmoqdasan,

Ikki marta savol berdim – javobing mujmal,

Onam bormi, tirikmi yo oʻlganmi? Rost ayt,

Qoʻrqma, tirik boʻlsa, yurtga chopib ketmayman,

Sen u yuksak arshingda boʻl, zabun etmayman.

Bilasan-ku, ul darboza menga berk, faqat –

Ayt, ezilib ado boʻldi yuragim.

 

(Sukut. Iskandar may ichadi.)

 

Jalol

Tirik.

Bu yil sakson beshga bordi. Sening dogʻingda

Soya boʻlib qoldi onang. To shu kungacha

Oʻlganingga ishonmaydi. Har kun bechora

Qabristonga borib sening noming oʻyilgan

Marmar toshga dardlarini aytib keladi.

Iskandar

Onaginam, onaginam!

 

(Peshonasiga uradi.)

 

Ey shoʻr peshona,

Mendan baxtsiz bu dunyoda bir zot bormikin?

Seni unda ilhaq qilib bunda men ilhaq.

Gunohkorman, kechir, onam, nomardlik qildim

 

(Yigʻlaydi.)

 

Onajonim, meni sendan judo qildilar.

Oʻrtamizda buyuk jarlik paydo qildilar.

Vatanimga suzsam – bir kun, uchsam – bir soat,

Lekin oʻsha jarlikdan men oʻta olmasman.

Bu dunyoda dargohingga yeta olmasman,

U dunyoga umid bogʻlab qilarman toqat.

Meni sendan kim ayirdi?

 

(Jalolga)

 

Sen emasmi u?

Sen-ku meni oʻz uyimdan begona qilgan.

Ukang sevgan qizni xotin qilib yashashga

Hech boʻlmasa elu yurtdan uyalmadingmi?

Xalq koʻziga qanday qarab yuribsan? Uyat!

Uyat! Sendek aka bilan bir uyda emas,

Bir zaminda yashamoqdan nomus qilaman.

Nega bunday qilding? Nega? Javob ber, hozir!

 

(Qadahni urib sindiradi.)

 

Nega mening yuragimni sugʻurib olding?

Jalol

Oʻzingni bos, mast boʻldingmi? Nima gap oʻzi?

Koʻrgan odam nima deydi? Es-hushingni yigʻ.

Iskandar

 

(Achchiq yigʻlaydi.)

 

Men burgaga achchiq qilib koʻrpa kuydirdim,

Pushaymonman, endi naf yoʻq. Qayga bosh uray?

Kimdan najot kutay?

 

(Kayf ichida oʻzini tamom yoʻqotadi.)

 

Endi oʻzing najot ber!

 

(Tiz choʻkib yolboradi.)

 

Meni kechir, taʼnalarim bari alamdan,

Oʻz yurtimga kaytaman, bas, meni olib ket.

Jalol

Tur oʻrningdan, odamlarga tamosha boʻlma.

Iskandar

Kemada bir joy topilar, oʻrin boʻlmasa

It singari bir burchakda yotib ketaman.

Bu yerlarga tashlab qoʻyma meni, jigarim.

Jalol

Kayfing oshdi, bas, uyga bor, ertaga tongda

Mehmonxonaga kel. Faqat hushyor kel, xayr.

Iskandar

 

(Uning soʻzlarini eshitmaydi, gapida davom etadi. Jalol chiqib ketadi.)

 

Vatan, meni tuprogʻingdan benasib etma,

Zarrin xatli sagʻanalar menga kerakmas,

Oq marmardan pogʻonalar menga kerakmas,

Menga faqat bir quloch yer bersang, kifoya.

 

(Saodat kiradi.)

 

Saodat

Jalol aka, avtobusga!

 

(Koʻzi bilan Jalolni izlaydi.)

 

Iskandar

 

(Birdan hushyor tortib egnini tuzatib oʻrnidan turadi.)

 

Menga ne boʻldi?

Jalol qani?.. Uzr, uzr…

 

(Koʻz yoshlarini artadi.)

 

Mana, hushyorman.

Kel, Saodat, bir dam oʻltir.

 

(Stulni toʻyerilab, joy koʻrsatadi.)

 

Kayfim oshibdi.

Bosh aylandi, oʻzimni sal yoʻqotib qoʻydim.

Saodat

Toliqibsan, uyingga bor. Biz ham ketamiz.

Vaqt tugadi.

Iskandar

Shoshma!

Saodat

Xush qol.

Iskandar

Bir nafas toʻxta,

Balki qayta koʻrishmasmiz esingda bormi?..

Saodat

Bu gapni qoʻy. Biz yosh edik. Balogʻatga ham –

Yetmagandik, u ishq emas, bir havas edi.

Iskandar

Havas edi, degin. Qani, harbir sevgi ham

Oʻsha havas kabi tiniq, begʻubor boʻlsa…

Saodat

Taqdir ekan. Menda ayb yoʻq. Shuncha yil oʻtib

U savdoni esga olish nimaga kerak?

Iskandar

Begonaga tegib ketsang alam qilmasdi,

Kelib-kelib oʻz akamga… Mening fojeam

Ibtidosi oʻsha boʻldi. Uydan bosh olib

Ketarkanman, qaytmayman, deb qasam ichgandim.

Qasam urdi. Vatanga zor boʻldim oqibat.

 

(Sukut.)

 

Sevmagansan! Demak, bari sarob! Demakki,

Shuncha yillar yuragimda ardoqlagan his

U ham yolgʻon bu dunyoning soxta jilvasi.

Ey, xudoyim! Bor boʻlsang ayt, men notavonni

Nega buncha shoʻrpeshona qilib yaratding?

 

(Yigʻlaydi.)

 

Nega jimsan? Bir nima de! Gapir, Saodat!

Yolboraman, meni alda, sevardim, deb ayt!

Baribir men gʻariblikda oʻlib ketaman,

Axir sening vataning bor, uying, oilang.

Menda esa xotiradan oʻzga nima bor?

 

(Saodat hayrat va qayeu ichida uzoqlashib boradi, koʻzdan yoʻqoladi.)

 

Hech narsani koʻrmay qoldim, bu nechuk holat?

Qayerdasan? Tashlab ketma meni, Saodat!

 

Soʻnggi kema

Uchinchi manzara

Istanbul porti. Bir tomonda lotincha harf bilan peshtoqiga “Dengiz yoʻllari” deb yozilgan baland bino. Bir tomonda “Beruniy” kemasi. Bizga kemaning bir qismi koʻrinadi. Toʻgʻrida koʻm-koʻk Bosfor koʻrfazi. Kemalar. Machtalarda turli mamlakatlarning turli rangdagi bayroklari. Odamlar orasida bizga tanish sayyohlar ham har xil narsalar koʻtarib oʻtadilar. Jalol bilan Saodat kiradi.

Saodat

 

(Toʻxtab, bir chekkaga oʻtiradi.)

 

Sayohatga chiqmay oʻlay. Voy oyogʻim-yey.

Xotinini yomon koʻrgan er urmay-soʻkmay,

Baland poshna tufli bilan safar qildirsin.

 

(Tuflini yechadi.)

 

Uyga qaytar kun bor ekan, ming qatla shukur.

Jalol

Qara, dengiz qanday koʻm-koʻk, osoyishta, jim.

Saodat

Toʻlqinini, boʻhronini koʻrmagan odam

Dengiz doim shunaqa deb oʻylashi mumkin.

Jalol

Inson ham shu. Farogʻatda beozor, sokin,

Lekin yurak qatlarida toʻfon yashirin.

Muxbir

 

(Sheʼr oʻqib kirib keladi.)

 

Men Bosforda boʻlmaganman hech,

Uni soʻzlab berolmam senga,

Lekin moviy koʻzlaring har kech

Dengiz boʻlib koʻrinar menga.

Goʻzal Bosfor!

 

(Fotoapparatini chiqaradi.)

 

Jalol aka, mangulik uchun

Bitta suvrat. Bundoq turing. Hov anov koʻprik

Osiyoni Ovrupoga ulab turibdi.

Koʻprikni ham tushiramiz. Goʻzal chiqadi.

 

 (Gap asnosida Jalol va Saodatni har xil qilib turgʻizadi, manzara tanlaydi.)

 

Safarimiz olamshumul boʻldi-da, aka,

Gazetaga katta ocherk tayyorlab qoʻydim.

Sarlavhasi – “Bechorahol goʻzal Yevropa!”

Sizga aytsam, kelajakni oʻylamoq kerak!

Avlodlarga sizdan, bizdan nima qoladi?

Fotosuvrat! Bu kichkina masala emas,

Bu – lahzaning mangulikka qoʻl bergan chogʻi!

 

(Nihoyat, tanlagan manzarasi oʻziga maʼqul boʻladi.)

 

Shunday turing!

 

(Fotoapparatini toʻyerilaganda moʻylovli politsiyachi kelib, «mumkin emas», degan ishorani qiladi.)

 

Politsiyachi

No, no!

Muxbir

Pardon, pardon.

 

(Apparatini yopib, boʻyniga osadi, politsiyachi nariga ketadi.)

 

Qarang-a,

Shunday goʻzal manzarani ololmay qoldik,

Attang, attang!

 

(Chiqadi. Sayyohlar yakka-yakka va toʻp-toʻp boʻlib kemaga qarab boradilar.)

 

Jalol

Sayohatning eng soz lahzasi

Uyga qaytish boʻlsa kerak. Qara, odamlar

Qanday xursand. Bir-biriga navbat bermasdan

Teploxodga chiqishyapti. Joʻnashga hali –

Roppa-rosa uch soat bor. Odamzod shu-da,

Bir safarga oshiqadi, bir vataniga.

 

(Sukut.)

 

Saodat

Biz-ku, bir oy oʻtmay yurtni shuncha sogʻindik.

Qirq yilni bir oʻylang…

Jalol

 

(Oʻyga choʻmib)

 

Ogʻir… Juda hamogʻir…

Hech tasavvur qilolmayman.

Saodat

Qanday dahshatli!

Isitmada alahlagan odamga oʻxshab

Tuni bilan qoʻrqib chikdim. Bu koʻrganimiz

Dengizdagi chayqalishdek boʻldi.

Jalol

Chayqalish –

Nima oʻzi! Toʻfon boʻldi! Men shu bir kunda

Goʻyo butun hayotimni qayta yashadim.

Dunyo ostin-ustin boʻldi.

Termosli sayyoh

 

(Boshqa sayyohlar bilan gurunglashib oʻtib borarkan)

 

Hov, Jalol aka!

Omonmisiz? Safarimiz qaridi, mana!

Jalol

Xursandmisiz?

Termosli sayyoh

Ha-da, xursand boʻlganda qandoq,

Dunyoda oʻz yurtimizdek jononasi yoʻq.

London, Parij – shaharmi? Bir choyxonasi yoʻq.

 

(Kemaga qarab yuradi.)

 

Kayutaga kiring, koʻk choy qilib beraman.

 

(Ketadilar.)

 

Saodat

Oʻylab sira oʻy tubiga yetolmayapman.

Iskandarning hamma gapi rostmi? U chindan

Yurt oldida gunohsizmi?

Jalol

Men ishonaman.

Saodat

Yoʻqsa, nega vataniga qaytib bormadi?

Jalol

 

(Sinovchan tikilib)

 

Oʻzing ayt-chi?..

Saodat

Nahot bunga sizu men sabab?

Jalol

Rostini ayt! Iskandarda koʻngling bormidi?

Saodat

Necha marta aytganman-ku, u mahalda biz –

Bola edik, bolalarda ishq nima qilsin!

Sizni koʻrgach quyosh chiqib goʻdak havaslar

Tonggi tuman kabi zumda tarqalib ketdi.

Jalol

Oʻsha tonggi tuman boshqa odam boshida

Ketmas bulut, oʻchmas soya boʻlib qolibdi.

Saodat

U hali gʻoʻr bola edi…

Jalol

Oʻsha gʻoʻr bola

Qorajarda bir kun menga tashlanib qoldi,

Oʻshanda men Iskandarni rosa urgandim,

Alqasos, u kecha meni qonga beladi…

Bu safar men yurak qonim bilan boʻyaldim.

Yomon boʻldim, vijdonimdan yomon uyaldim.

Saodat

Demakki, men gunohkorman? Sizni jigardan

Judo qilgan men ekanman?

Jalol

Senda gunoh yoʻq,

Men aybdorman.

Saodat

Rost gapiring… pushaymonmisiz?

Jalol

Nega endi?

Saodat

Iskandarni koʻrgandan buyon

Boshqachasiz, avzoingiz oʻzgardi-qoldi.

 

(Yigʻlaydi.)

 

Nega sizni yaxshi koʻrdim? Peshonam qursin.

Men dunyoga kelmay oʻlay. Bu koʻrgilikka –

Sababchiman. Pushaymonsiz, bilib turibman.

 

(Sukut.)

 

Sizda bundoq holat sira boʻlmagan axir,

Qiynalyapsiz, buni sezib men qiynalyapman,

Sayohatdan gʻavgʻo chiqib qarigan chogʻda

Nahot shirin turmushimiz zahar boʻladi?

Menga bunday qarash qilmang – oʻrganmaganman.

Azob chekib yashasangiz… yoʻq… bundan koʻra

Men sababchi boʻlsam, mayli, mendan ajraling.

Jigaringiz mendan koʻra azizroq.

Jalol

Bas qil.

Qiynalyapman. Rost. Ne qilay, jigarimekan,

Yuragimning bir parchasi yonib yotibdi.

Lekin, xotin, sen oʻrtaga tarozu qoʻyib

Men azizmi, u azizmi deb soʻroq qilma.

Sen qismatim, u azobim, shuni bilsang, bas.

Pokligingga aslo-aslo shubham boʻlganmas.

Iskandarni urush qildi tirik xaroba,

Xarobaki, tiklab boʻlmas… urush bulmasa

Balki u hamoʻz baxtini topib ketardi.

Asli uydan ketganda u yuragida kek

Mushtumdek qor edi goʻyo. Umr yoʻlida

Yumalata-yumalata togʻdek qilibdi,

Togʻdek qilib kek ostida oʻzi qolibdi,

Endi uning yurtga qaytib berishi qiyin.

Saodat

Qaytishini xayolga ham keltira koʻrmang.

Sharmandalik boʻladi-ya! Dabdaba bilan

Allaqaysi yurtdan tuproq olib kelgansiz.

Qancha marmar, oltin suvi – hisoblaysizmi?

Gap albatta pulda emas…

Jalol

Bas qil, Saodat.

Marmartoshni gapirasan, ukam qaytganda

Yana shuncha pul sarflab toʻy qilar edim.

U tosh bunda

 

(Koʻkragiga uradi.)

 

Xarsang boʻlib choʻkib yotibdi.

Saodat

Oʻylaysizmi? Qahramon deb yurgan ukangiz

Qochok chiqsa, siz kim degan odam boʻlasiz?

Jalol

Nega qochoq?

Saodat

Umri yurtdan qochib oʻtganni

Qochoq demay nima deydi?

Jalol

Yoʻq, u qochoqmas.

Qochoqlarni men koʻrganman – urushdan qochib

Yillab somonxonalarda yashaganlar bor.

Bilagiga oʻq otganlar, yo barmogʻini

Bolta bilan chopib uzib tashlaganlar bor.

Men urushda, dushman tanki bosib kelganda

“Onajon” deb qochib qolgan zotlarni koʻrdim.

Ana ular qochoq, qoʻrqoq… Iskandar esa…

Saodat

Xato qilmang, oʻylab koʻring – siz kimu u kim.

Dongʻi ketgan qahramonsiz, Oʻzbekistonda

Tanimagan bir odamyoʻq. Oʻzingiz uchun

Siz Jalolsiz, lekin yurtga – Jalol Ahmedov!

Bu obroʻni tushirmoqqa hech haqqingiz yoʻq.

Bular mening soʻzlarimmas – oʻz soʻzlaringiz.

Axir doim takrorlaysiz – men avval xalqni,

Keyin jigargoʻshalarni oʻylayman, deysiz.

Jalol

 

(Ikkilanib qoladi.)

 

Iskandar-chi?

Saodat

 

(Soʻzi taʼsir qilganidan quvvatlanib, hujumni davom ettiradi.)

 

Iskandar ham xuddi shunaqa.

U ham faqat el farzandi. U ham qahramon.

Vatan uchun qurbon boʻlgan tabarruk inson.

Qishloq uning nomi bilan “Iskandarobod,

Maktab uning nomi bilan – Ahmedov, axir.

Qolaversa, nabirangiz – bu yil maktabga –

Oʻsha nomi mashhur maktab ostonasiga

Qadamqoʻygan nabirangiz nomi Iskandar.

Siz bir jigargoʻshangizni goʻrdan chiqarib,

Boshqalarni goʻrga tiqib qoʻymoqchimisiz?

Jalol

 

(Uf tortadi, xayolga choʻmib qoladi.)

 

Endi nima qilish kerak?

Saodat

Nima qilardik?

Iskandarni uchratmadik, koʻrmadik, tamom.

Jalol

Yoʻq, bu endi mumkin emas. Uni koʻrdik-ku?

Bolalarning taqdirini oʻylamaysizmi?

Bir oʻgʻlingiz Ijroqoʻmda muovin, biri –

Erta bir kun fan doktori boʻlib turibdi.

Jalol

Ana endi oʻz gapingni aytding, Saodat,

“El-yurt” deysan, “qishloq shonu shuhrati” deysan.

Asli senda oʻz oilang ham bola-chaqang

Foydasidan oʻzga maqsad yoʻq, boʻlmagan ham.

Saodat

Bu oila sizniki. Yo begonamisiz?

Men ne desamavval boshda sizni oʻylayman.

Bu obroʻni siz tomchilab yiqqansiz axir,

Endi uni paqir bilan toʻkmokchimisiz?

Jalol

Men bu kecha bir lahza ham uxlaganim yoʻq,

Iskandarning uzoq yillar chekkan dardini

Bir kechada yuragimdan kechirdim bugun.

Bu yerda men oʻlib ketgan ukam bilanmas,

Oʻlib ketgan vijdon bilan uchrashib qoldim.

Sen bilmaysan, ancha-muncha gunohlarim bor.

Saodat

Yana qanday gunoh?

Jalol

Eshit, aytib beraman:

 

(Sukut)

 

Bu voqea oʻn yetti yil ilgari boʻlgan.

Endigina rais boʻlib saylangan edim.

Erta bahor bir kun obkom vakili kelib

Bir piyola choy ustida gap ochib qoldi:

“Biz maslahat qildik, – dedi, – oblastimizda

Sizning kolxoz mashʼal boʻlib turishi kerak.

Qurultoyga siz borasiz. Nutq gapirasiz”.

“Nega, – dedim – qoʻshni kolxoz hamma jihatdan

Oldinda-ku…” “Yoʻq, – dedi u, – hamma jihatni

Oʻylamoqni bizga qoʻying. Siz munosibsiz.

Qahramonning akasisiz. Tabiat sizga –

Koʻp xislatlar berib qoʻygani

Koʻrsatkich boʻlsa…

Koʻrsatkichni toʻgʻrilaysiz… Yordam beramiz”.

Boʻshlik qildim. Koʻndim. Shundan boshlanib ketdi…

Saodat

 

(Qoʻrqib atrofga qaraydi.)

 

Tss… gapirmang. Shoʻrim qursin. Sizga ne boʻldi?

Bilasizmi qayerdasiz?

Jalol

Yaxshi bilaman

Sen ham shuni bilib qoʻy. Biz yot bilmasin deb

Aybimizni yopa-yopa koʻp yutqizganmiz.

Men ahd qildim – yurtga qaytgach birinchi ishim –

Markazkomga borib hamma gapni aytaman.

Bu unvonu nishonlarim, shonu shuhratim

Bari soxta deb aytaman. Ne boʻlsa boʻlsin.

Oʻn yetti yil ich-etimni kemirib yotgan

Iztirobdan kutulaman.

Saodat

Bekor aytibsiz.

Esingizni yigʻib oling. Shuncha obroʻga

Shuncha hurmat-eʼtiborga shukr qilmasdan…

Bu – tuzliqqa tupurish! E, qoʻying, gapirmang!

 

(Muxbir paydo boʻladi va jim eshitadi.)

 

Jalol

Men tuzluqqa oʻsha vaqtda tupurgan edim,

Endi uni toza qilib ketishim kerak.

Saodat

Ogʻir boʻling, har qanday rost degulik emas.

Muxbir

Barakalla, har qanday rost degulik emas.

Jalol aka, siz nohaqsiz, xotiningiz haq.

Jalol

Yana yetib keldingizmi? Men qayda boʻlsam,

Oʻsha yerda siz hamisha hoziru nozir.

Muxbir

Vazifamiz shundoq. Muxbir kasbi shunaqa,

Siz bor joyda biz hoziru nozir boʻlmasak,

Aka, sizga bu nishonlar qayokda edi!

Men yozganim uchun, mana, dong taratdingiz,

Yaxshi maqsad bilan tutgan qalam meni ham

Dongʻingizga sherik qildi… Qatoringizda

Bu ajoyib safar bizga armugʻon boʻldi.

Jalol

Bu armugʻon peshonamning shoʻri boʻldi-ku,

Qay baxtsiz kun duchor boʻldim bu koʻrgilikka.

Hammangiz bir boʻlib meni yoʻldan urdingiz.

Muxbir

Endi naf yoʻq oʻkinishdan. Timsolni koʻring!

Biz hammamiz bir kemaga tushgan odamlar!

Jonimiz bir. Hozir langar sizda. Kemani

Choʻktirish yo omon saqlash bir sizga bogʻliq.

Jalol

Maqsadingiz menga ayon. Timsol-pimsolni

Yigʻishtirib oʻgʻil bola gapni gapiring.

Fikringiz shu: yopiq qozon yopigʻliq qolsin.

Muxbir

Men sizga aql oʻrgatmayman. Mendan kattasiz,

Lekin biling: ish ochilsa, bir oʻzingizmas,

Butun rayon, oblast, vodiy badnomboʻladi.

Jalol

Xalq boshini haq koʻtarar, yolgʻon egadi.

Muxbir

Bu gapingiz toʻgʻri kelib menga tegadi.

Oʻylaysiz-ki, siz bu ishni oʻzingiz ochib

Mardlik qilib, koʻkrak kerib yurasiz. Yoʻq, yoʻq!

Men-chi? Mening yozganlarim nima boʻladi?

Ular ming-ming tiraj boʻlib har xonadonda

Jovonlarda savlat toʻkib turibdi.

Jalol

Siz ham

Mardlik qiling.

Muxbir

Boʻpti, men ham mardlik qilaman.

Shu tobdayoq Moskvaga radiogramma

Yuboraman. Siz borguncha markaziy gazet

Sizni chalpak qilib hajviy lavha bosadi.

Ostidagi imzo agar meniki boʻlsa

Ajablanmang. Shu qoʻl sizni mashhur qilgandi,

 

(Qoʻlini koʻtaradi.)

 

Endi shu qoʻl manfur qilar.

Saodat

Naqadar dahshat!

Muxbir

Odessaga yetib borgach ertaga kema

Zinasiga chikib kelgan ikki azamat

Sizni “izzat-ikrom bilan” kutib oladi.

Qoʻlingizga taqishadi ajoyib zanjir,

Bir zanjirki, jaranglashi koʻkragingizda

Jaranglagan ordenlarga juda hamohang.

 

(Saodat «oh» deb panjaraga suyanib qoladi.)

 

Jalol

 

(Muxbirga)

 

Ket bu yerdan! Yoʻqol!

Muxbir

Men-ku yoʻqolsam boʻlar,

Bu kasseta yoʻqolmaydi.

 

(Koʻkrak choʻntagidan kasseta olib koʻrsatadi.)

 

Bunda yozugʻlik

Oʻtgan kungi bozordagi uchrashuvingiz,

Kecha karvon saroydagi suhbat hammasi,

 

(Kassetani magnitofonga qoʻyadi)

 

Biz Londondan magnitofon sotib olgandik.

Xoʻp ish berdi.

Jalol

Aygʻoqchi!

Muxbir

Ha! Mana, eshiting

 

(Iskandarning ovozi)

 

Yodgorlikni menga emas, sen oʻzing uchun,

Oʻz obroʻying, oʻz martabang uchun tiklading.

Oʻsha marmar Iskandarga xotira emas,

Sening yolgʻon shuhratingga poydevor boʻldi.

 

(Shigʻillagan ovoz. Lenta oʻtishi)

 

Ukang sevgan qizni xotin qilib yashashga

Hech boʻlmasa elu yurtdan uyalmadingmi?

Qanday chiday, sevgan yorim, tunlar tushimda

Ogʻushimda boʻlgan yorim kayliq boʻlibmas,

Ostonamdan kelinoyim boʻlib kirsa-ya!

Jalol

 

(Kuloqlarini berkitadi.)

 

Oʻchir, deyman, oʻchir! Iblis! Yoʻqol koʻzimdan!

Muxbir

Mayli, ketdim. Jahlingizdan tushgach oʻzingiz

Kassetani oʻn ming berib mendan olasiz.

Suvratlarning bahosi sal qimmat boʻladi.

 

(Fotoapparatiga ishora qiladi.)

 

Saodat

 

(chetga)

 

Bu oʻlim-ku.

Muxbir

Hazillashdim… Pora olmayman.

Buni zamon koʻtarmaydi. Yozgan maqolam

Qalam haqi, shon-shuhrati menga yetadi.

Sarlavhani topib qoʻydim: “Vatangado kim?”

Qalay, zoʻrmi? Xa-xa-xa-xa! “Vatangado kim?”

Boʻpti, xayr.

Saodat

Yoʻq-yoʻq! Toʻxtang! Sharmanda qilmang.

Jalol aka! Biz hech kimni koʻrganimiz yoʻk,

Hech voqea boʻlgani yoʻq! Shunday emasmi?

Jalol

Shunday emas. Mard bir oʻlar, nomard esa yuz.

Men fikrimdan qaytmayman.

Muxbir

Xoʻp. Ixtiyor sizda.

 

(Chiqadi.)

 

Jalol

Tamom! Bari tamom! Shonu shuhrat, martaba,

Izzat-obroʻ, men tilagan sokin keksalik.

Ofat toʻlqin yelkasida meni koʻtarib

Olib borib toshga urdi. Chil-parchin qildi.

Oqibatda nima boʻldim? Osmonga qarab

Varanglatib kimdir otgan mushak men boʻldim,

Ayyom kuni dumchasiga “ofarin” degan

Shior bogʻlab uchirilgan pufak men boʻldim.

Shamollarda darillagan, ipi uzilib

Endi yerga tushayotgan varrak men boʻldim.

 

(Sukut.)

 

Iskandarga, bosh egib bor yurtingga; dedim,

Mana oʻzim yurtga boshni egib boraman.

Kechir, Vatan, shuhratparast ekanman, kechir.

Iskandar – oq, men oldingda yuzi qoraman.

Gʻarib yurtda u xoinmas, inondim, bildim,

Men bagʻringda yashab turib nonkoʻrlik qildim.

Saodat

Yoʻq! Gapirmang! Soʻzingizni shamollar olsin,

Koʻrganimiz tush – dahshatli tush boʻlib qolsin!

Yolvoraman, hali vaqt bor, bu gapdan qayting,

Iskandarni koʻrmadim, deng. Oʻlgan deng, ayting!

 

(Jalol jim.)

 

Nega jimsiz? Koʻzdan oqqan yoshginam bilan,

Yillar gʻami oqartirgan boshginam bilan

Egilayin, oyogʻingiz oʻpayin.

 

(Iskandar qoʻlida tugun bilan paypaslanib kirib keladi va quloq solib turadi.)

 

Qoʻying.

Shundoq qilmang. Mayli, mening bagʻrimni oʻying,

Lekin sizdan farzandlarga jafo qolmasin,

Isnod degan bir umrlik balo qolmasin.

Yalinaman, yovoraman.

Iskandar

Senmi, Saodat?

Nega endi yigʻlayapsan, bu nechuk holat?

Yigʻi senga yarashmaydi, boshingni koʻtar,

Dunyo oʻzi aldoqchi, qoʻy, hammasi oʻtar.

Sen Vatanga qaytayapsan – yoʻling boʻlsin oq…

Saodat

 

(Iskandarga gʻazab bilan)

 

Yana paydo boʻldingmi sen – battol, shumoyok,

Hammasiga sen sababchi – nega oʻlmading?

Nega paydo boʻlding, beiz gʻoyib boʻlmading?

Oʻzing kabi bizni baxtiqaro qilding-ku,

Yurtimizda yurtimizdan judo qilding-ku.

Jalol

 

(Saodatga)

 

Ovozingni oʻchir, hozir boʻgʻib tashlayman!

Saodat

Mayli, boʻgʻing, koʻzlarimni oʻying, roziman,

Begona yurt mozoriga qoʻying, roziman.

Oʻlgan yaxshi yashagandan koʻra sharmisor.

Iskandar

Qoʻy, Saodat, bunday soʻzni tilingga olma,

Men oʻlganman, yer yuzida yoʻqman, qiynalma.

Oʻylaginki, biz bu yorugʻ dunyoda emas,

Osmonlarda bir daqiqa boʻldik hamnafas.

Biz yoʻq! Yurak, ruhlarimiz qildi muloqot.

 

(Jalolga)

 

Saodating – gavharing, qil uni ehtiyot!

Buni senga aytayapman!

Jalol

Iskandar hayot!

Tamom! Buni odamlarga aytib boʻlganman.

Saodat

Undoq boʻlsa, hisoblang-ki, men ham oʻlganman.

Yoʻq, bormayman yurtga tavqi laʼnatni osib.

Iskandar

Saodat, sen buni hatto qilmagin xayol,

Gʻariblikni dushmanga ham ravo koʻrmasdim,

Ixtiyorim boʻlsa bunda bir zum turmasdim,

Bilarmisan, nechun qilar nay dardli navo?

Qamishzordan ayrildim deb u dod etarmish,

Chamanlarda, bogʻlarda hamfaryod etarmish.

Men toʻqaymas, jannatimdan boʻldim-ku judo!

 

(Jalolga)

 

Esingdami, Jalol, eski guzarda bir chol

Devonavash oʻltirardi, egni turfahol.

Koʻzi koʻrmas edi, bizlar kulib oʻtardik,

Doʻppisiga chaqamas, tosh tashlab ketardik.

Gohi deyman haddan ortiq ezganida gʻam,

Qani edi, oʻz yurtimda oʻsha chol boʻlsam.

Gado emas, podsho sezar edim oʻzimni,

Yuragimni quvonchlarga toʻldirar edim.

Doʻppimga tosh solib emas, tepib oʻynashsa

Bolalarni duo qilib oʻltirar edim.

Jalol

Yurtingga qayt, endi senga monelik yoʻq hech.

Iskandar

Jon deb borar edim, uchar edim, lekin – kech.

Umr guli ketdi, choʻpdek ustixon qoldi.

Endi faqat oʻlimdegan bir imkon qoldi.

Vatanimga ne yuz bilan, ne deb qaytaman?

Jalol

Seni koʻrdim, onamizga qanday aytaman?

Iskandar

Ayta koʻrma, yolvoraman, onam bilmasin,

Jarohati yangi boʻlib faryod qilmasin.

 

(Tugun uzatadi.)

 

Oʻzimdan deb shu sovgʻani unga olib bor.

Endi onam diydorini koʻrmogʻim dushvor.

Tirik yurib dargohida boʻla olmadim,

Farzand boʻlib xizmatini kila olmadim.

Unga atab ikki-uch xil kiyimlar oldim,

Bir kuniga yaratar deb buyumlar oldim.

Ehtiyotga jamgʻarganman – shuni olib bor.

Soʻqqaboshman, kunim yaqin, menga ne darkor.

Jalol

Onamizga boʻz koʻylagu doka roʻmoldan

Uzga narsa darkor emas – chiqar xayoldan –

Unga sovgʻang emas, oʻzing keraksan, axir.

Iskandar

Yalinaman, ol, bunchalar boʻlma toshbagʻir.

Jalol

Nasib etsa, bir kun oʻzing olib borasan.

Iskandar

 

(Qatʼiy)

 

Ol!

Jalol

Bas, jindek mehrimni hamerga qorasan.

Takror deyman, buyumingga onang zor emas.

Toshbagʻir kim, senmi, menmi, oʻyla bir nafas.

Uzoq qirq yil sen onani qidirganing yoʻq.

Men borman deb, tirikman deb bildirganing yoʻq.

Biznes degan girdibodning domida yurding,

Kuch borida boylikka mast, ayshingni surding.

Endi qarib, kuchdan qolib, baridan ayru,

Bu olamning havaslari boʻlganda abas,

Mehru saxo kasb etibsan – hayot oʻzi shu –

Kambagʻaldek saxiy yorugʻ dunyoda boʻlmas.

Achchiq gaplar aytdim, garchi har bir soʻzim oʻq –

Jarohatingga tuz sepish niyatimda yoʻq.

Senga boqib vijdonimni oʻylayotirman,

Men ham senga vijdon boʻlib soʻylayotirman.

Rost ayt! Agar uchrashtirsa tasodif holat

Sen onangni tanirmiding? Eslaysanmi? Ayt.

Iskandar

Aka, meni ado qilding. Urding beshafqat.

Tani boshqa dard bilmaydi. Bu chin haqiqat.

Ha, men xuddi oʻrmonzorda adashib qolib,

Onaboʻri emchagini soʻrgan bolaman.

Shu oʻrmonda umrim oʻtdi, shunda qolaman.

Lekin menga qattiq tegding, xayrlashar chogʻ

Endi bitta voqeani esga solaman.

Bu hech kimga aytilmagan sir edi alhol,

Saodat, kel, yigʻingni qoʻy, sen hamquloq sol.

(Yiye-lab oʻtirgan Saodat beri keladi.)

Roppa-rosa oʻn toʻqqiz yil boʻldi oʻshanga.

 

(Jalolga)

 

U paytda sen rais emas, brigadir eding,

Yodingdami, marokashlik uchta mehmonga

Oʻz dalangni koʻrsatganding.

Jalol

Ha-ha, esimda.

Paxtachilar edi.

Iskandar

Balli. Ular oʻsha kun

Yotib qoldi.

Jalol

Avgust edi. Kolxoz bogʻiga

Joy qilgandik.

Iskandar

Ha. Sen endi yaxshilab esla,

Oʻshalarning biri edi Ibn Mutavakkil…

Jalol

Boʻldi, boʻldi! U sen eding. Endi esladim.

Nahotki sen!

Saodat

 

(Chetga)

 

Oh, men axir osh damlagandim,

Qandoq uni tanimadim? Nega sezmadim?

U shiyponda imo bilan suv soʻraganda

Men kosada suv keltirib berdim. U olib,

Mendan koʻzni sira uzmay sipqargan edi.

U koʻzlarda dard bor edi, mehr bor edi.

Quvonch bilan gʻam aralash sehr bor edi.

Iskandar

Oʻsha kun men xuddi tushda koʻrgandek koʻrdim

Birga yongʻoq oʻynab yurgan oʻrtoqlarimni.

Oqshom kolxoz klubida uchrashuv boʻldi,

Men hayratdan odamlarga termular edim:

U amakim, u opam, u bolalik doʻstim…

Kampirlarning orasidan koʻzim javdirab

Men onamni izlar edim, topa olmasdim.

Tirik bormi yo oʻlganmi – bila olmasdim.

Bir oʻyladim – sharta tursam – qichqirib aytsam:

Ey siz, jigargoʻshalarim, qadrdonlarim,

Jondoshlarim, men Marokash fuqarosimas,

Oʻzingizning Iskandarman. Tirikman, desam.

Ana unda tomoshayu qiy-chuvni koʻring.

Bazoʻr tilni tishlagancha oʻltirdim.

Jalol

Nega?

Nega oʻzni tanitmading?

Iskandar

Qandoq tanitay?

Xiyonatsiz ekanimga isbotim qani?

Bir yarim yil Rurning qaro shaxtalarida

It azobin chekkanimga qogʻozim bormi?

Yo fashistning soqchisini oʻldirganimda

Undan tilxat olganmidim? Meni chalajon

Oʻrmonzorda topib olgan nemis kampir ham

Hujjat yozib, barmoq bosib bermagandi-ku.

Kim ishonar edi menga? Kim boʻlar edim?

Eʼzoz bilan el yelkada koʻtarib borib

Qabristonga eltib qoʻygan oʻlik ertasi

Maʼrakaga salom berib kirib kelsa-ya!

Tasavvur qil, qandok holga tushar xaloyiq!

Tishni tishga qoʻydim. Yigʻin tamom boʻldiyu

Biz shiyponga borib yotdik. E-voh, oʻsha tun

Lazzati bir jahon edi, dardi bir jahon,

Oʻlgunimcha xayolimdan nari ketmaydi.

 

(Sukut.)

 

Oydin kecha edi. Xushboʻy dalaning isi

Dimogʻimni erkalardi. Men koʻz yummasdan

Yulduzlarga qarab yotdim, shashqator yoshim

Sahargacha yuzlarimdan oqib yostiqqa

Toma berdi… toma berdi… jiqqa hoʻl qildi.

Tongga yaqin asta turdim. Hamma uyquda,

Qorovul hamuxlar edi. Bogʻ eshigidan

Katta yoʻlga chikdim – tanish oʻsha yoʻl bilan

Hovlimizga qarab yurdim. Oyoqyalangman.

Bu dunyoni unutganman, bolaga oʻxshab

Yuguraman, entikaman. Oyoq ostimda

Goʻdaklikdan tanish yumshoq va iliq tuproq,

Bir yayrayman, bir yigʻlayman, oʻkrab yigʻlayman.

Saodat

Ey falak, bu ne iztirob! Chidab boʻlmas hech!

Iskandar

Tor koʻchaga burildimu nim qorongʻuda

Tanish tutni koʻrdim. Ichimoʻrtanib ketdi.

Oʻsha ariq, oʻsha devor, oʻsha darboza.

Xuddi meni kutgan kabi qiya ochilgan.

Qanday mardlik, qanday jurʼat keldi, bilmayman.

Men hovliga kirdim, ana u bir tup oʻrik,

Ana oʻsha tandir – onam bir zamonlarda

Non yopganda menga atab kulcha qilardi.

Eski ayvon. Astagina bordimu koʻrdim!

Onaginam sokingina uxlab yotardi.

Oy nurlari oppoq sochu kipriklarida

Aks etardi. Koʻzlarimni qoplab kelgan yosh

Nogoh uning ruxsorini toʻsdi. Oh, onam

Onaginam, oʻgʻling shundoq yoningda turib

Erkalanib siynangga bosh qoʻya olmaydi,

Bola boʻlib hidlaringga toʻya olmaydi.

Oʻsha lahza ona bilan farzand orasi

Oh, naqadar yaqin edi, naqadar uzoq!

Qoshida men uzoq-uzoq oʻltirar edim.

Lekin qoʻrqar edim, onamuygʻonib qolsa,

Meni olam bilmasa ham u bilar edi,

Bolajon deb quchogʻiga jo qilar edi.

 

(Sukut.)

 

Tong otmasdan, hali koʻkning Zuhrosi soʻnmay,

Quyosh ham ilk nurlarini sochmasdan burun

Yana oʻsha tanish tuproq koʻchani bosib

Ortga qaytdim. Bir payt boqsam, guzar tomonda

Oʻt shuʼlasi koʻrindiyu u yonga yurdim.

Eski guzar endi katta sayhon boʻlibdi.

Oʻrtasida ulkan haykal – soldat haykali

Mangu olov kosasini ushlab turibdi.

Yaqin bordim. Marmar lavha. Oʻt shuʼlasida

Porlab turar zarrin xatlar yozilgan nomlar:

Mirkomilov, Abdullayev, Sobirov, Sherov –

Bari mening tengqurlarim, ogʻaynilarim.

Ular bilan biz ikkita eski doʻppining

Orasiga paxta tiqib toʻp tepar edik.

Anavini “chatoq” derdik, buni “pakana”,

Mirzaxalil “gʻirrom” edi… Falak gardishi

Qirq ikkita boʻz bolaning shirin jonini

Qirq ikki tup atir gulga aylantiribdi.

Nari bordim. Alohida tiklangan qabr,

Boʻy barobar marmar lavha. Boshida yulduz.

Kim ekan deb qiziqdimu oʻqidim. Hayhot!

Hayhot, dunyo! Sening bundoq ishlaring bordur,

Qabristonga birov yori, birov farzandi,

Birov ota, onasini yoʻqlab boradi.

Men-chi, u kun, ne soʻz bilan bayon etayki,

Oʻz qabrimning tepasida oʻzim turardim.

Derdim, falak nega meni shu holga solding,

Haddu poyon bormi alam, dardu sabrimga.

Oʻzim tirik mozor boʻlib kelib turibman

Menga nasib etmagan shu sovuq qabrimga…

Ey voh, endi men yurtimga qandoq qaytaman,

Ne yuz bilan oʻlmaganman deya aytaman?

Saodat yigʻlab nari ketadi.

Shu payt kema tomondan “Qaro koʻzim” qoʻshigʻi yangraydi. Jalol, Saodat, Iskandar kema tomonga qaragancha uzoq jim qolishadi. Qoʻshiq boʻlinadi.

Ovoz

“Diqqat! Diqqat! Beruniy teploxodining barcha sayyohlari diqqatiga. Bugun kemada Oʻzbekiston kuni eʼlon qilinadi. Barcha qardosh respublikalarning vakillari bugun Oʻzbekiston mehmonlari boʻladilar. Kechsoat toʻqqizda tomosha zalida toʻplanishingizni soʻraymiz. Oʻzbek sayyohlari ishtirokida konsert boʻladi. Diqqat, diqqat! Teploxod joʻnashiga oʻn besh daqiqa vaqt qoldi. Teploxodga chiqishingizni soʻraymiz. Bugungi kechki tadbirimiz mutasaddisi Jalol Ahmedov, oʻn yettinchi kupega zudlik bilan yetib keling! Diqqat! Diqqat!”

Jalol

Nasib qilsa koʻrisharmiz, xayr, Iskandar!

Endi yurtga yashirinmas, oʻzing boʻlib bor.

Oltmish – hali oʻta ketgan qarilik emas,

Koʻzlaringni davolaymiz – hali yashaysan.

Iskandar

Umr oʻtdi.

Jalol

Bilki, inson umridan agar

Bir kun muddat qolgan boʻlsa, oʻsha muddatni

Poklanishga sarf etmogʻi kerak. Ha, shunda

Nopok oʻtgan – butun umr bir tush boʻlaru

Oʻsha bir kun hayot boʻlar. Chinakam hayot,

Boshqa gapim yoʻq, Iskandar, omon boʻl!

Iskandar

Xayr!

 

(Jalol ketadi. Saodat keladi.)

 

Saodat

Iskandar, sen meni kechir, oʻzim bilmasdan

Hayotingga zavol boʻldim. Endi vijdonim

Oʻlgunimcha menga azob beradi. Tushun.

Akangga chin sevgi bilan bogʻlanganim rost.

Hozir unga juda qiyin. Yoniga boray.

 

(Kema tomonga bir necha qadam qoʻyib orqaga qayriladi.)

 

Endi bildim, haqiqat bir yuksak togʻ ekan,

Undan koʻzni yumish mumkin, ters qarash mumkin,

Ammo tuproq bilan koʻmish beimkon ekan.

Senga esa soʻnggi soʻzim: Vataningga qayt.

Oʻtgan ishlar oʻtdi. Endi qolgan umrni

Yolgʻon bilan emas – halol va pok yashaylik.

Peshonada nima boʻlsa shuni koʻramiz.

Iskandar

Saodat, men umrimborki, sendan roziman,

Minnatdorman, bu qabohat toʻla dunyoda

Sening yoding pokizalik timsoli boʻlib,

Shuʼla boʻlib hayotimni yoritib turdi.

Shu nur haqqi, minnatdorman, bor boʻl, omon boʻl!

Teploxod gudok chaladi.

Saodat

Koʻrishguncha xayr, Iskandar!

Iskandar

Saodat, oq yoʻl!

 

(Saodat ketadi, Iskandar sohilda yolgʻiz)

 

Ana, kema, Vatanimning bitta boʻlagi.

Oh, Vatanim buncha yaqin, buncha uzoqsan,

Oʻrtamizda ikki qadam masofa, xolos.

Ikki qadamqoʻysam – tamom, quchogʻingdaman,

Ammo oʻsha ikki qadam – ikki dunyoning

Orasicha yoʻldir. Goʻyo tugʻilmoq, oʻlmoq

Sanalari orasida turgan chiziqcha…

Ana, kema yoʻlga chiqdi. Endi u mendan

Begʻubor u yillarimdek uzoqlashadi.

Bir dam toʻxta, bolaligim, moviy bahorim,

Gʻurbat yurtga tashlab ketma meni, diyorim.

Uzoqlashma. Koʻz oldimda turgin bir nafas.

Sen bu ojiz diydamga nur bergin bir nafas,

Sening bilan eng baxtiyor onim ketmoqda,

Qurib qolgan vujudimdan jonimketmoqda.

Yurtim, kemam toʻlqinlarning ustida qalqib,

Girdoblarga koʻkrak urib ketib boradir.

Yoʻq, u – oftob, menga tunni qoldirib, balqib

Yorugʻ kunduz maskaniga yetib boradir.

Endi menga shabi hijron falakda tanho

Sargardon bir yulduz kabi moʻltirash qoldi.

Xar yil bir bor bandargohga kelib umidvor,

Sayyohlardan “bir qaft tuproq” deb tilash qoldi.

Xayr

 

Erkin VOHIDOV

 

“Umrim daryosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.