Ismoil Somoniy

0
336
marta koʻrilgan.

Tarixiy drama[1]

 

Ishtirok etuvchilar:

 

Abu Ibrohim Ismoil ibn Ahmad as-Somoniy – avval Buxoro,

soʻng Movarounnahr, soʻng Xuroson amiri.

Nasr ibn Ahmad – Ismoilning akasi, Samarqand va Fargʻona hukmdori.

Isʼhoq ibn Ahmad – Ismoilning ukasi, shahzoda.

Abu Abdulloh (Abu Hafo Sagʻr) – fiqh olimi, Buxoro ulamolari peshvosi.

Simo ul Kabir – Ismoilning sipohsolari, yaqin doʻsti, maslakdoshi.

Amir ibn Lays – Xuroson hukmdori.

Ismat Marvaziy – Ismoilning vaziri.

Fazl Marvaziy – Ismoilning dabiri (kotib va maslahatchisi).

Husayn ibn Alo – Ismoilning naqibi (soqchi boshisi).

Abu Muhammad Buxorxudot – Buxoroning sobiq hukmdorlaridan.

Abu Hotam Yasoriy – Buxorodagi eng yirik boy.

 

 

Jarchi, xaloyiq, elchi, mulozimlar, inoqi kalon, eshik ogʻasi, choshnagir, devonbegi, Taroz amiri, munshiy va boshqalar.

 

 

 

 

 

 

BIRINCHI PARDA

 

Birinchi koʻrinish

 

Buxoroning Registon maydoni. Tong yorugʻida Ark salobat toʻkib turibdi. Jarchi ovozini balandlatib-balandlatib sahnaga kirib keladi.

 

Jarchi: Uygʻoning, ey ahli Buxoro! Gʻaflat uyqusida yotmang. Muzaffariyat, xaloyiq, muzaffariyat! Registonga jam boʻling. Muzaffariyat! Husayn ibn Tohir qochib ketibdi! Uygʻoning, ey ahli Buxoro! Gʻaflat uyqusida yotmang!

 

(Har tomondan xaloyiq yigʻila boshlaydi)

 

1-kishi: Nima gap, tinchlikmi, birodar? Kallai saharlab nega buncha jar solayapsiz?

2-kishi: Yana urush boshlandimi-a?

3-kishi: Toʻygami yo azaga xabar qilyapsiz, jarchi?

Jarchi: Xushxabar, xaloyiq, xushxabar! Endi urush yoʻq! Husayn ibn Tohir tunda qochib ketibdi!

1-kishi: Voy, rostdanmi? Ollohga shukur-ey!

2-kishi: Xalq birlashsa, togʻni ham talqon qiladi, deganlari rost chiqdi. Kechagi jangda tagʻin qoʻlimiz baland keldi. Qorongʻi tushib qolgani qoʻl kelib, saroyga berkinib olgandi. Attang, qochib ketgani chakki boʻlibdi-da. Baxti bor ekan zangʻarning.

2kishi: Ajali yetgan boʻlsa, qochib qutula olmaydi.

3-kishi: Rost aytasiz. Endi bu yogʻiga hushyor turmogʻimiz, shaharni oʻzimiz himoya etmogʻimiz zarur.

1-kishi: Ammo bir tomoni borki, Buxoro taxti boʻm-boʻsh. Unga koʻz olaytirib turganlar qancha. Husayn ibn Tohirning qochgani xabari Movarounnahr tugul, Xurosonga ham yetib boradi. Unda yana yovlar qilich yalangʻochlab kelaverishadi.

3-kishi: Xaloyiq! Qaranglar, ustod Abu Abdulloh kelayaptilar!

 

(Ustodga yoʻl boʻshatadilar)

 

Barcha: Assalomu alaykum, ustod!

Abu Abdulloh: Va alaykum assalom!

1-kishi: Ustod, xushxabar!

Abu Abdulloh: Xabarim bor. Hozir ogoh boʻlib bu yoqqa oshiqdim. Xaloyiq! Tezkorlik ila harakat qilmogʻimiz lozim. Yoʻqsa, yana biror bosqinchi boshimizga bitgan balo boʻlmasin!

2-kishi: Biz ham xuddi shu haqda suhbatlashib turgan edik.

Abu Abdulloh: Xoʻsh, qandoq qarorga keldingizlar?

3-kishi: Hali biror qarorga kelganimizcha yoʻq. Ammo oʻzimizdan biror kishini shoh koʻtarsak, maʼqul boʻlarmidi…

1-kishi: Yoʻq, shoh boʻladigan kishi obroʻ-eʼtiborli, dono boʻlmogʻi kerak. Menimcha, buxorxudodlardan birovni qoʻyganimiz durust.

2-kishi: Buxorxudotlar hokimiyatni mustahkamlay olmaganlari uchun ham tohiriylar changaligi tushib qolgandik. Endi taxtni ularga beradigan boʻlsak, ertaga ahvolimiz tang boʻlmaydimi? Menimcha, xalifadan birovni shoh qilib yuborishi uchun Bagʻdodga murojaat etmogʻimiz maʼqul.

Abu Abdulloh: Xaloyiq! Xurosonda tohiriylar saltanati tugadi. Ularni saffaridlar qulatishdi. Soʻnggi tohiriy Husayn Xorazmda, Buxoroda oʻrnashmoqchi boʻlgan edi, mana, oxiri voy boʻldi. Buxorodan ham qochib ketdi.

1kishi: Xurosonda hokimiyat tepasiga saffaridlar keldi dedingizmi, ustod? Ular kim oʻzi?

Abu Abdulloh: Saffaridlar rahnamolari aka-uka misgarlar Yaqub ibn Lays birla Amr ibn Laysdir. Hozir Xuroson Yaqub ibn Lays qoʻl ostidadir. Xurosonga tobe boʻlsak, ahvolimizda zarracha oʻzgarish sodir boʻlmas. Boshqa yoʻl tutmogʻimiz lozim.

1-kishi: Ustod! Siz rahnamoyimizsiz! Siz nima desangiz, doimo bizga maqbul kelgan. Bu ogʻir ahvolda ham birgina siz toʻgʻri yoʻl koʻrsata olursiz. Soʻylang!

Barcha: Soʻylang, ustod, soʻylang!

Abu Abdulloh: Yon qoʻshni – jon qoʻshni deymiz! Samarqandning suvini har kuni ichamiz. Mana, Samarqandga, Fargʻonaga, Marvga ham somoniylar hukmron boʻlgandan beri ular tinch-omon yashamoqdalar. Nega? Chunki ularda somoniylarning toʻrt aka-ukalari taxtni egallab turibdi. Biroviga xavf tugʻilsa, qolganlari yordamga kelib bartaraf etishadi. Somoniylarning eng tadbirkori Samarqand amiri Nasr ibn Ahmaddir. Amir Nasrga maktub yoʻllab, bizni oʻz tasarrufiga olishni va layoqatli amir yuborishini iltimos qilmogʻimiz lozim.

2-kishi: Oqilona tadbir!

Abu Abdulloh: Shunda elu yurt tinchib, yurtimiz yana obod boʻlgʻusi, inshoolloh!

3-kishi: Ustod! Siz butun Buxoro ahli nomidan amir Nasrga maktub yoʻllasangiz, soʻzingiz aslo yerda qolmas. Toʻgʻrimi, xaloyiq?

Barcha: Toʻgʻri, toʻgʻri!

Abu Abdulloh: Bu tadbirni tezda amalga oshirmoq darkor. Men bugunoq amirga maktub yozib, ishonchli kishilar bilan joʻnaturman. Iloho, boshimizga oftob tegur! Qani, xaloyiq, bir qoʻl ochib duo qilaylik. (Qurʼondan oyat oʻqib, duo qiladi) Omin! Buxoroi sharifni Olloh taolo oʻzi har bir balo-qazolardan asrasin! Boshimizga saodatli bir amirni ato etsin! Elu yurt shod, mamlakat obod boʻlsin! Ollohu akbar!

 

(Barcha duo qiladi, duodan soʻng yugurib mulozim kiradi)

 

Mulozim: Xaloyiq, saroyga yuguring, saroyga!

Barcha: Nima gap, tinchlikmi?

Mulozim: Bu xabardan hammangiz hangu mang boʻlib qolasiz. Husayn ibn Tohir bizdan yigʻib olgan gʻidrifi pullarini, dirhamlarini kumushga aylantirmoqchi boʻlib saroyga uyib tashlagan edi. Oʻlim xavfidan qoʻrqib, saroy devorini yorib qochib ketibdi. Pullarni koʻtarib olib ketib boʻlarmidi? Hozir butun Buxoro puli saroyda uyulib yotibdi. Hamma olib ketyapti, siz ham benasib qolmang, yuguring. Saroy toʻla pul, pul.

Barcha: Pul, pul, pul…

 

(Hamma gʻala-gʻovur solib chiqib ketadi. Sahna qorongʻilashadi.)

 

Ikkinchi koʻrinish

 

Buxoro. Dargoh, yaʼni amirlik saroyi. Oʻrtada bezatiqli taxt. Yerga gilamlar toʻshalgan. Bir tomonda hokimu hukamo, ikkinchi tomonda fozilu fuzalo saf tortib turibdi. Chehralarda bayramona kayfiyat ila bir-birlari bilan suhbatlashib turibdilar.

Abu Abdulloh Ismoil Somoniyni boshlab kiradi.

 

Abu Abdulloh: Marhabo, amir! Buxoro taxti sizga muntazir!

Hamma: Assalomu alaykum!

 

(Barcha amirga salom berib taʼzim etadi)

 

Ismoil: Va alaykum assalom! Ey ahli Buxoro! Menga bildirgan ishonchingiz uchun avvalo, sizlarga men ham taʼzim bajo aylayman. Buxoro uchun birga xizmat eturmiz! (Taʼzim bajo aylaydi. Atrofda “ofarin”, “amirimizga tasanno” kabi xitoblar yangraydi) Ustod! Gapning rosti, avvalida Buxoroga kelishga koʻngil unchalik roʻyxushlik bermagan edi. Sizning daʼvatlaringiz va tadbirlaringiz bizga ishonch baxsh etdi. Endi koʻryapmizki, yanglishmagan ekanmiz!

Abu Abdulloh: Amirim! Buxoroday ulugʻ va qutlugʻ zaminga Olloh nazar solgandir. Shul bois ul faxrli va sharif shahardir. Zarafshon daryosi ming yillardan beri bu zaminga zarlarni tashiyverib, tuproqni oltinga aylantirgandir. Turkistonday muborak yerlardan elu yurt kelib bu yurtni yanada obod aylaganlar. Yerimiz ham, elimiz ham bir-biriga shu qadar munosib tushganki, bunda faqat gullab-yashnamoq munosibdir. Faqat soʻnggi paytlarda boshimizga yaxshi shoh nasib etmayotgan edi. Sizning tashrifingiz ila Buxoro yanada yashnagay, inshoolloh!

Ismoil: Inshoolloh! Biz ham shul niyatda bu ogʻir masʼuliyatni zimmamizga olishga jurʼat etdik. Oʻzingiz ustodlik qilib tursangiz Ollohning inoyati ila Buxoroni tinch-totuvlikda boshqarurmiz.

Abu Abdulloh: Inshoolloh, inshoolloh!

Ismoil: Inshoolloh!

Abu Abdulloh: Amirim! Endi bizning rasm-rusumlarga biroz toqat qilursiz. Sizni bir buxorocha kiyintirib, oʻzimizniki qilib olaylik.

 

(Hamma kuladi)

 

Ismoil: To taxtga chiqqunimizcha inon-ixtiyorimiz sizda. Buxorogaki olib keldingizlar, endi bu yogʻi ham buxorocha boʻladi-da.

 

(Kulishadilar. Amir Ismoilga zar chopon, boshiga toj kiygizib, ustidan oltin va kumush tangalar sochadilar)

 

Abu Abdulloh: Omin! Iloho amirimizning umrlari uzun, taxtlari baland boʻlsin! Amirimiz keldilar, Buxoroga balo aslo kelmasin! Ollohu akbar!

 

(Barcha omin qiladi, amir Ismoil taxtga chiqadi, “muborak”, “qulluq” marosimi oʻtadi)

 

Ismoil: Buxoro taxti bizga nasib etibdur, iloho, unga munosib boʻlish ham nasib etsun!

Abu Abdulloh: Inshoolloh nasib etur, amirim! (Choshnagirga yuzlanib) Choshnagir! Amirimiz uchun tayyorlangan Buxoroning mashhur qatigʻini olib kelingiz! (Ismoilga yuzlanib) Amirim! Har bir yurtga borganda ob-havosiga koʻnikmoq uchun oʻsha yurtning qatigʻidan ichilur. Ammo Buxoroning bir mashhur qatigʻi borki, uni Zarmitan qatigʻi derlar, ichsangiz batamom buxorolikka aylanursiz. Sizga oʻz qoʻlim bilan tutqazay.

 

(Choshnagir chinni kosada qatiq olib kiradi)

 

(Abu Abdulloh kosani olib toʻnkaradi, qatiq toʻkilmaydi, amir hayratda)

 

Ismoil: Ajabo! Qatiq toʻla kosa agʻdarilsa toʻkilmaydi? Bunda qanday sir bor?

Abu Abdulloh: Barcha sir uning tarkibidadur. Uni ichib koʻrmoq ila sinoatini bilmoq mumkindir. Bu ham Olloh moʻjizalaridan, amirim!

 

(Amir Ismoil kosani olib toʻnkarib koʻradi va “ajabo”, “ajabo” deb ichadi)

 

Ismoil: Tanimiz shu qadar bahra topmoqdaki, buxoroliklarning bu qadar kuch-quvvatga ega boʻlish sirlarini endi bilgandaymiz.

 

(Choshnagir kosani olib chiqadi)

 

Abu Abdulloh: Bunday neʼmatlar Buxoroda juda serobdir. Ular taningizni kuch-quvvatga toʻldirur. Ruhingizni quvvatlantirmoq uchun esa Buxoro sanʼatidan, fozilu fuzalolari fazlidan, shoiru shuarolari nazmidan bahramand boʻlmogʻingiz lozim.

Ismoil: Biz bunga juda orzumandmiz! (Soqchiboshi kirib Ismoilga taʼzim qiladi) Ne gap?

Soqchiboshi: Amirim! Isyonchi Romtin va Barkad oʻrtasida bir toʻda qaroqchi yoʻltoʻsarlar paydo boʻlib, Buxoroga hamla qilishga hozirlanmoqdalar, degan xabar oldik.

Ismoil: Buxoroga hamla qilishmoqchi? (Taxtdan tushib soqchiboshiga yaqin keladi) Ularning soni qancha ekan?

Soqchiboshi: Toʻrt ming kishi, amirim.

Ismoil: Toʻrt ming kishi?! Bu oz kuch emas. Ular kimlardan tashkil topgan, qurollari qanaqa?

Soqchiboshi: Ular qishloqlardagi bebosh va bezorilardan jam boʻlganlar. Qurol-yaroqlari aytarlik emas, qilichu bolta-pichoqdan iborat.

Ismoil: Yovga bepisand qarash ulkan talofat olib keladi. Amr etamiz! Hoziroq qoʻshin jamlanib, qaroqchilar mahv etilsin! Yoʻltoʻsarlar boshliqlari qatl aylansin. Ularga yoʻl koʻrsatib turgan rahnamolari qoʻllari bogʻlanib Samarqandga joʻnatilsin. Jazoni oʻsha yerda olurlar. Adashib toʻdaga tushib qolganlar afv etilsin.

Soqchiboshi: Amringizni bajo aylaymiz, amirim!

 

(Soqchiboshi chiqadi)

 

Ismoil: Ustod Abu Abdulloh! Qancha orzumand boʻlmaylik, Buxoro sanʼati va adab ahllari suhbatidan bahramandlikni kechiktirmoq zarurga oʻxshaydi.

Abu Abdulloh: Nachora, amirim, to yurt tinch boʻlmas ekan, koʻngilga shodu hurramlik tatimaydi.

 

Sahna qorongʻilashadi

 

Uchinchi koʻrinish

 

Dargoh – amir saroyi. Ismoil Somoniy, Abu Abdulloh va bosh munshiy. Bosh munshiy qoʻlida qogʻoz va dovot bilan yozuv kursisida oʻtiribdi.

 

Ismoil: Yozing! (Yurib turib aytadi) “Ulugʻ ogʻamiz Nasr ibn Ahmad ibn Asad as-Somoniyga. Olloh taolodan taxtlarini yanada sarbaland aylashini tilab maʼlum etamizki, panohlari soyasida Buxoroda tinchlik va osoyishtalik qaror toptirish yoʻlida saʼy-harakatdamiz. Husayn ibn Tohirni Jayhun yoqasida ikki ming kishilik qoʻshini bilan tor-mor ayladik. Endi u bizning yerlarga kelishga jurʼat eta olmaydi, degan umiddamiz. Buxoroda raʼiyat tinchligini oʻylab ogʻamizdan bir madad zarur, deya ilinjdamiz. Buxoroning bir guruh oliy amirlari va boyonlarini huzuringizga yoʻlladikkim, Buxoroda barqarorlik yuzaga kelguncha ularni oʻz huzuringizda saqlasangiz. Shahrimizda tinchlik qaror topgach, ularni soʻrattirib olib, hojatlarini ravo eturmiz, huquqlarini rioya qilurmiz.

Bizning bu tadbir ogʻamizga maʼqul tushar, degan umidda beadad hamdu sanolar ila birodari Abu Ibrohim Ismoil ibn Ahmad as-Somoniy”.

 

(Bosh munshiy taʼzim qilib chiqadi)

 

Abu Abdulloh: Oqilona tadbir boʻldi, amirim!

Ismoil: Bu tadbir sizning va bizning dilimizda kechgani bois ham oqibati xayrli boʻlishiga ishonurman.

Abu Abdulloh: Mening ham sira shubham yoʻq.

 

(Inoqi kalon Abu Muhammad Buxorxudot va Abu Hotam Yasoriyni

boshlab kiradi)

 

Buxorxudot: Assalomu alaykum!

Yasoriy: Assalomu alaykum!

Ismoil: Vaalaykum assalom! Ahvollaringiz qanday? Mol-mulklar, ekin-tikinlarga xavf-xatar yetayotgani yoʻqmi?

Buxorxudot: Xudoga shukur, yurtda tinchlik barqaror boʻla boshladi.

Yasoriy: Ayrim yongan uy-joylar, toptalgan ekin-tikinlarni hisobga olmasa, uncha ziyon koʻrmadik. Ammo bu ziyonlarni toʻlashni talab etgan taqdirimizda ham amirlikda mablagʻ topilarmikin?

Buxorxudot: Amirimiz bizni bul maqsadda chaqirmagan boʻlsalar kerak.

Ismoil: Toʻgʻri topdingiz. Biz sizlarni boshqa maqsadda chorlatgan edik. Modomiki, molu mulklaringiz zarar koʻrmagan va bexavotir ekan, sizlarga bir masʼuliyatli vazifani yuklamoqchimiz.

Yasoriy: Masʼuliyatlari bosh ustiga!

Ismoil: Sizlar Buxoroning eng ulugʻ boylari sanalasiz. Maʼlumingizkim, biz har yili ogʻamiz amir Nasrga besh yuz ming dirham xiroj toʻlab turishimiz lozim. Ammo urush talofatlari bois buncha mablagʻni hozir yigʻib berish ilojsiz. Shul sabab Samarqandga borib, ogʻamiz huzurida amirlik nomidan uzr soʻrasangiz. Buxoroning boobroʻ va badavlat kishilaridan boʻlganlaringiz sabab sizlarning soʻzlaringiz ishonchli boʻlur.

Buxorxudot: Amringizga boʻysunamiz.

Yasoriy: Biz ham amringizni ado etmoqqa tayyormiz.

Ismoil: Oʻzlaringiz ila Buxoro ulugʻlaridan ham oling.

Buxorxudot: Tayyorgarlik uchun bir necha kun muhlat bersangiz.

Ismoil: Ruxsat. Sizlarga oq yoʻl!

 

(Inoqi kalon Buxorxudot va Yasoriyni boshlab chiqadi. Eshik ogʻasi kirib

taʼzim qiladi)

 

Eshik ogʻasi: Amirim! Devonbegi kalon huzuringizga kirmoqqa izn soʻraydi.

 

(Eshik ogʻasi chiqib, devonbegi kalon kiradi)

 

Devonbegi: Assalomu alaykum, amirim! Buxoroni yovlar hujumidan himoya etish maqsadida podshoh Xotun davrida uzundan-uzun devor urilgan. Uni Kanpir devor yoxud Kanpirak deb ataydilar. Har yili xazinaning bir qismi shu devorni taʼmirlashga ketur. Yogʻin-sochin boshlanmay turib hashar tashkil etmoq, jadallik ila ishga kirishmoq zarur. Xazinadan mablagʻ ajratishga farmon bersangiz.

Ismoil: Hatto Chin devori ham kuchli yov yoʻlini toʻsa olmas. Shunday emasmi, ustod?

Abu Abdulloh: Shunday, amirim!

Ismoil: Mamlakat zaif boʻlsa, hech qanday devoru qalʼalar ham dosh bera olmaydi. Amr eturmiz! Bu yildan eʼtiboran “Kanpir devor”ni taʼmirlash ishlari toʻxtatilib, unga sarf boʻladigan mablagʻlar elu yurt farovonligi va madrasayu xonaqolar qurilishiga sarflansin! To tirik ekanman, Buxoroning devori men boʻlaman!

 

Sahna qorongʻilashadi

 

Toʻrtinchi koʻrinish

 

Buxoro va Samarqand oraligʻidagi Vozbadin qishlogʻi. Amir Ismoil yolgʻiz. Faromush holda bezovta yurib soʻzlar.

 

Ismoil: Oʻ, taqdiri azal! Men xavfsirab yurgan payt ham keldi. Ogʻa-ini oramizdagi ixtilof oxir-oqibat bizni roʻbaroʻy ayladi. Bir ona qornidan talashib tushgan ikki oʻgʻlon jangda masalani hal etsa-ya? Qanday koʻrgilik bu? Tarix mening yuzimga qora chaplashga haqli. Chunki men kichikman. Nima boʻlganda ham ogʻamga boʻyin egmogʻim lozim edi… Ammo bu beshafqat umr ekan-da. Eh, ustod Abu Abdulloh hayot boʻlganlarida oqilona yoʻl koʻrsatgan boʻlur edilar.

 

(Simo kiradi)

 

Ismoil: Simo! Doʻsti qiyomat! Soʻzlang, ahvol qanday?

Simo: Qoʻlimiz baland kelyapti. Qullardan va mavoliylardan yigʻdirib kelgan lashkaringiz shijoati, tagʻin iningiz Isʼhoq ibn Ahmadning Farobdan oʻz vaqtida qaytib kelgani bois kuch bizda ustunlik qilyapti. Xudo xohlasa, zafar quchajakmiz!

Ismoil: Ollohga shukur!

Simo: Buxoro gʻoziylaridan chiqqan ikki ming kishi, qishloqlardan yigʻilgan lashkar ham daʼvatingizga munosib jang qilmoqdalar.

 

(Harbiy boshliq boʻlmish naqib kiradi)

 

Naqib: Amirim!

Ismoil: Soʻylang, naqib, tezroq soʻylang!

Naqib: Fargʻona lashkari yengildi. Abul Ashʼas qochdi.

Ismoil: Simo! Tezda jang maydoniga kiring. Ogʻam Nasrga koʻz-quloq boʻling. Yana biror kor-hol boʻlib, unga zarar yetmasin. Tezda yetib boring!

Simo: Xoʻp boʻladi, amirim!

 

(Simo chiqadi)

 

Ismoil: Sizga ham ruxsat, naqib, siz ham yordamga shoshiling.

 

(Naqib chiqadi)

 

E, Olloh! Bizning bu qilmishlarimizni afv et! Aslo boshqa zamonlarga, boshqa avlodlarga koʻrsatma! Eh, u yonda samarqandu fargʻonaliklar, bu yonda esa buxoroyu xorazmliklar, u yonda tugʻishgan ogʻam, bu yonda men. Naqadar ayanchli hol bu. Bu hol menga ayni gʻalaba qozonayotganda taʼsir etayotgani ham ajablanarli. Jang oqibatlarini oʻz koʻzim bilan koʻrmogʻim zarur.

 

(Bir tomonda Ismoil chiqib, boshqa tomondan esa qoʻlida yostiq tutib, aftodaholda amir Nasr ibn Ahmad va Simo kirib kelishadi. Amir Nasr yostiqni yerga tashlab yonboshlaydi)

 

Simo: Amirimga hozir xabar yetkururman, sal hordiq chiqarib turing.

 

(Amir qoʻli bilan “boraver” ishorasini qiladi. Simo chiqadi)

 

Amir Nasr: O, Ismoil! Bir paytlar otamizning quli boʻlgan shu bolani sipohsolari qilib olibdi. Jangga esa qullarni, yana ozod qullar – mavoliylarni solibdur. Ularga qurol berib boʻlurmi? Ertaga saroyga bostirib kirib, oʻzini taxtdan agʻdarishmasa edi.

 

(Ismoil, Simo va boshqa xodimlar kiradi)

 

Ismoil: Assalomu alaykum, ogʻa! (Kelib ogʻasi yonboshlagan yostiqni oʻpadi) Yo amir! Xudoning hukmi shu ekanki, meni sizga qarshi qoʻydi.

Nasr: Men bu qilgan ishlaringga ajablanaman. Oʻz amiringga boʻysunmading?

Ismoil: Ey amir! Siz fazilatda mendan ulugʻroqsiz, mening bu katta gunohimdan oʻtib, afv etasiz, deb umid qilaman.

Nasr: Avvallari sening koʻzlaringda isyon koʻrar edim. Buxoroga amir etib tayinlaganimda ham isyon etmasmi, degan xavotirda edim. Mana, oqibati. Buxoro molidan har yili besh yuz ming dirham yuborib turishni senga vazifa qilib qoʻygan edim-ku! Nega bajarmading?

Ismoil: Ey, amir! Buxoro endi qaddini tiklay boshladi. Yovlar hujumidan kuygan, xarobaga aylantirilgan shaharni tiklash, talangan, zabun holga tushgan xalqni oyoqqa turgʻazish qaygʻusida boʻlib buyurgan vazifangizni bajarolmay keldik. Buni afv etasiz, deb kutgan edik. Modomiki, jang yuz bergan ekan, u bizning ogʻa-iniligimizga zarracha ziyon yetkazmagay.

Nasr: Eh, inim, inim. (Oʻrnidan turib Ismoilga yaqin keladi) Sen bolaligingda ham mehribon, ishonuvchan bola eding. Hali ham bolaliging qolmabdi.

Ismoil: Esingizdami, yozning oydin-uzun kechalarida bogʻda yonma-yon yotib xayol surar edik. Ulugʻ saltanat tuzish orzusi bilan yashardik.

Nasr: Ha-ha, xuddi hozirgidek esimda. Sen podshoh boʻlsang, butun elatlarni birlashtirib, islom dini gullab-yashnaydigan, eli farovon mamlakat barpo etishdan soʻzlarding. Soʻylay-soʻylay, oxiri, jimgina uxlab qolarding. Oʻshandagi holating shunchalar maʼsum, shunchalar begʻubor ediki… Bugun esa… eh… (Koʻziga yosh oladi)

Ismoil: Amirim! Siz ham xuddi shunday fikru oʻyda, orzu-niyatda edingiz. Fikrimiz bir yerdan chiqqaniga shodlanar, olamda bizdan inoq ogʻa-ini yoʻqdek edi…

Nasr: Ammo ichimda, mana shu tanamning qayeridadir tafovut borligini sezardim. Men akaman, men avval amir boʻlaman, men avvalroq bu orzularga erishaman… men, men, mana shu men bugun meni mensiz ettirib turibdi-ku. Yoʻqsa, seni inim deb ayashim, ahvolingni bila turib bu qadar taʼqib etmasligim, choʻlma-choʻl quvmasligim darkor edi-ku. Bu toʻkilgan qonlar-chi? Ularning uvoli oxir-oqibat yoqamdan tutmagaymi?

Ismoil: Ey, amir! Oʻzingizni bu qadar xoʻrlashingiz ham nojoiz.

Nasr: Hozir iqror boʻlib turibmanki, sen haqsan, inim Ismoil. Umrimning qancha qolgan-qolmaganini bilmayman, ammo olamdan koʻz yumar chogʻimda seni Movarounnahr yerlariga amir etib tayinlayman. Oʻgʻillarimga ham senga boʻysunishni vasiyat qilib qoldiraman. Buni aslo unutma, Ismoil. Endi esa meni Samarqandga kuzatib qoʻysinlar.

Ismoil: Simo! Abdulloh ibn Muslim ila navkar olib ogʻamizni kuzatib borursizlar.

Simo: Xoʻp boʻladi, amirim!

 

(Ismoil va Nasr koʻzga yosh olib xayrlashadilar)

 

Nasr: Olloh qayta koʻrishmoqni nasib etmagan boʻlsa, alvido, inim. Soʻzlarimni aslo unutma! Sening yoʻling haq yoʻl, Ismoil! Bu yoʻldan aslo qaytma! Alvido!

Ismoil: Xayr, ogʻa! Xayr deng ogʻa! Xayr…

 

Parda

 

IKKINCHI PARDA

 

Beshinchi koʻrinish

 

(Amir Somoniy taxtda oʻtiribdi. Eshik ogʻasi kirib taʼzim qiladi)

 

Eshik ogʻasi: Amirim! Xuroson amiri Amir ibn Laysdan elchi kelib, huzuringizga kirmoqqa izn soʻraydir.

Ismoil: Ruxsat.

(Elchi kirib taʼzim qiladi)

 

Elchi: Assalomu alaykum! Xurosonning ulugʻ amiri, musulmonlarning pushti panohi Amir ibn Lays aʼlohazratdan sizga maktub yetkazish bizning zimmamizga yuklatilgan.

 

(Elchi maktubini kichik inoq olib munshiyga beradi, munshiy ovoz chiqarib oʻqiydi)

 

Munshiy: “Amiral moʻminin Amir ibn Lays billohdan amiral moʻmininning gʻulomi Abu Ibrohim Ismoil as-Somoniyga. Amr eturmizki, bizga boʻysunsin. Soʻngra biz quyidagi vaʼdalarni berurmiz…”

 

(Ismoil qoʻlini koʻtarib oʻqishni toʻxtatadi)

 

Ismoil: Elchiga yana qanday xabarlarni yetkazish amr etilgan?

Elchi: Balx amiri va Guzgoniyon amirlari allaqachon Amir ibn Laysga boʻyinsundilar.

Ismoil: Sizning xojangiz shu qadar nodonmi, meni ular qatorida sanabdi. Ular mening qullarim-ku. Mening sizlarga javobim – shamshir! Men bilan xojang oʻrtasida urushdan boshqa narsa yoʻq. Qaytib borib unga ayting! Urush asbobini sozlasin! Ijozat.

 

(Elchi norizo ahvolda chiqadi)

Simo: Amirim, Xuroson lashkarlari bizning qoʻshindan bir necha barobar ortiq.

Ismoil: Xalq ulkan ummondir. Undan qudratli kuch yolgʻiz Ollohdir. Boyu kambagʻalga qurol-yaroq berurmiz. Jarchilarga buyuringiz. Bor ovozda xalqqa yetkazsinlar. Desinlarkim: “Xuroson amiri Amir ibn Lays Movarounnahrni egallash, odamlarni oʻldirish, mol-mulklarini talash, bolalarimiz va ayollarimizni qul qilib olib ketish uchun kelmoqda. Jangga shaylaning!” Iymonim komilki, unga javoban Movarounnahrdagi jami xalq “asirlikdan koʻra sharafli oʻlim afzal”, deya jangga chiqur. Dabir Fazl Marvaziysiz, qanday maslahat berursiz?

Fazl Marvaziy: Amirim! Avvalo, saffaridlar kimligiga eʼtibor qilmoq lozim. Ular asli Seyistondan chiqqan misgarlar – aka-uka Yaqub va Amir ibn Laysdur. Gʻoziylardan askarlar yigʻib Xurosonni tohiriylardan tortib oldilar. Endi bizga koʻz olaytirmoqdalar. Ammo ular Movarounnahrni egallamaguncha kuch-qudratlari kuchaymasligi ayon. Yaqub ibn Lays jasur lashkarboshi edi. Amir ibn Laysning zaif yerlari koʻp. U oshkora holda kuchlarini birin-ketin Omuyaga, Jayhun daryosi boʻyiga yigʻmoqda. Maqsadi ayon.

Ismoil: Vazir Ismat Marvaziy?

Ismat Marvaziy: Amirim! Favqulodda harakat qilmoq lozim. Amir ibn Lays barcha kuchlarini bir yerga jamlashiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Vaqt gʻanimat.

Ismoil: Sipohsolar Simo?

Simo: Vazir va dabirning gaplari haq, amirim!

Ismoil: Maʼqul. Jangga shaylaning!

 

Sahna qorongʻilashadi

 

IKKINCHI PARDA

Oltinchi koʻrinish

 

Balxga yaqin joy. Ochiq maydonda Amir ibn Lays uxlab yotibdi. Ikki xizmatchi kirib keladi. Amir boyligini olmoqchi ekanligini bir-birlariga imo-ishora qilib tushuntirishadi. 1-xizmatchi qamchisi bilan Amir ibn Laysning burniga turtadi. Amir choʻchib uygʻonadi.

 

Amir ibn Lays: Kimsizlar? Bir keksa kishidan nima istaysizlar?

1-xizmatkor: Koʻrinishingdan boy-badavlat kishiga oʻxshaysan, kimsan oʻzing?

Amir ibn Lays: Meni oʻldirmanglar.

2-xizmatkor: Nimang bor?

Amir ibn Lays: Har biri yetmish ming dirham qiymatidagi bir necha marvaridim bor. Mana, olinglar. Mana, uzugimni ham beraman, olinglar. Koʻzi qizil yoqutdan.

1-xizmatkor: (Uzukni koʻrib tanib qoladi) Axir, bu Amir ibn Lays-ku!

2-xizmatkor: Xuroson amiri Amir ibn Lays, bir qoshiq qonimdan keching.

 

(Xizmatkorlar kelib amirning etagini oʻpadilar.

Atrofdan gʻala-gʻovur ovozlar kela boshlaydi)

 

Amir ibn Lays: (xizmatkorlar sarosimaga tushib qolganini koʻrib) Mening otimni minib qoching.

 

(1-xizmatkor sekin qochadi, gʻala-gʻovur qilib odamlar kiradi va amirning etigini yechib oladilar. Soʻng birdan hamma tum-taraqay qochadi. 2-xizmatkor amirni mahkam ushlab oladi. Mulozimlari ila Ismoil Somoniy kiradi)

 

Ismoil: Amir ibn Lays? Sizga nima boʻldi? Qanday ahvolga tushib qoldingiz? (Amir holiga qarab kuladi)

Amir ibn Lays: Ha, endi meni Amir desalar, xuddi ustimdan kulib gapirayotganday tuyulmoqda.

Ismoil: Sizga Amir deya ism berilgan. Bu nomga sodiq qoling, amir!

Amir ibn Lays: Ismi jismiga monand kelmaydirgan oʻgʻlon yo bu dunyodan koʻz yummogʻi, yo oʻz ismini oʻzgartirib, xilvatnishin yashamogʻi lozim.

Ismoil: Shukur qiling, amir. Bu jangu jadallar, zafar, magʻlubiyat – barchasi taqdir ishidir. Sizning birodaringiz Yaqub ibn Lays oʻrnak boʻlarlik darajada botir edi. Ammo kuch qayerdaligini bilmoq va unga tayanmoq lozim. Faqat ogʻangiz xalifa bilan boʻlgan jangda zanjilar sardori Ali ibn Muhammad Burqaning koʻmagidan voz kechishi bois magʻlub boʻldi. Bunga sabab, birodaringiz qullikni saqlash tarafdori edi. Tagʻin Olloh taolo inon-ixtiyoriga qarshi borib, quyoshga sajda qilmoq lozim, deb bilardi.

Amir ibn Lays: Endi bu gaplarning hech foydasi yoʻq. Men ogʻam Yaqub ibn Lays asos solgan saffaridlar sulolasiga, butun misgarlar shaʼniga dogʻ tushirdim. Endi jazoga loyiqman.

Ismoil: Sizga jazoni xalifa amiral moʻminin Muʼtazid belgilaydi. Bizni saroparda (oʻtovga ishora qiladi) ichida izzat-ikromlar kutmoqda. Ammo meni sizday amir qanday qilib asir tushgani hayron qoldirmoqda.

Amir ibn Lays: Bu ham bir koʻrgilik ekan, amir. Jangda yengilib qochib ketayotgan edim, otim charchab qoldi. Otdan tushib uxladim, uygʻonganimda boshimda ikkita xizmatkor turganini koʻrdim. Biri qochib ketdi, biri esa meni tutib berdi. Menda qirq ming dirham bor edi, urush vaqtida mendan tortib oldilar. Ellik farsang masofaga chopib bora oladigan ot ustida edim. Otning oyoqlari ariqqa tushib ketdi, otdan yiqilib, jonimdan umid uzdim. Haligi ikki kishi meni oʻldirishga qasd qilganlarida oʻzim bilan turgan kishiga “Mening otimga minib qoch”, dedim. U otga minib oldi, qarasam, ot xuddi bulutdek yuguryapti. Angladimki, bu mening davlatim ketganidan ekan. Ayb otda emas ekan.

Ismoil: Taqdirdan qochib boʻlmas. (Xizmatkorga qarab) Amirning boyliklarini qaytarib bering.

 

(Xizmatkor marvaridlarni qaytarib beradi)

 

Amir ibn Lays: Sizning oliyjanobligingiz haqida koʻp eshitganman, hozir ham tan berib turibman. Men ham sizga bir yaxshilik qilmoqchiman. Men Balxda oʻn xarvor – oʻn eshakka yuk boʻluvchi oltin berkitganman. Buyuring, uni olib kelsinlar. Ularga ega boʻlishga bugun siz sazovorroqsiz.

Ismoil: Tashakkur. Ammo ul oltinlarni oʻzingizga berurmiz. Bizdan qanday tilagingiz bor? Ayting.

Amir ibn Lays: Mening taqdirim sizga ham, oʻzimga ham ayon. Xalifa Muʼtazid meni baribir omon qoʻymaydi. U sizdan meni soʻrattirib olib, sizni Xuroson amiri etib tayinlaydi. Bu – oyday ravshan. Mening taqdirim endi uning qoʻlida. Iltimosim shulki, mening farzandlarimni yaxshi qarasinlar. Agar meni Bagʻdodga xalifa huzuriga olib ketsalar, yoʻlda yaxshi muomalada boʻlsinlar.

Ismoil: Bu istagingizni bajo aylarmiz.

Amir ibn Lays: Siz Xudo yorlaqagan, men esa Xudo qargʻagan Amirman, amir…

 

Parda

 

IKKINCHI PARDA

 

Yettinchi koʻrinish

 

Buxoro yaqinidagi Zarmon qishlogʻi. Bogʻdagi ulkan daraxt ostida, soʻrida bemor holda Ismoil Somoniy yotibdi. Atrofda mulozimlar. Ismoilning boshi ustida Simo. Tong yorishib kelayotganidan xabar berib qushlar sayramoqda.

 

Ismoil: Xazon fasli. Barglar asta-sekin daraxtlarni tark etmoqda. Umr ham misoli bir yaproq. Chirt etadi-yu, uziladi-ketadi. Qushlar esa sayrayveradi, sayrayveradi. Nima deb sayrarkin ular, doʻstim? Hadisi sharifni olib men xush koʻradigan rivoyatni oʻqing. Uni shu damda yana tinglagim kelyapti.

Simo: Xoʻp boʻladi, amirim! (Kitobni olib, kerakli joyni topib oʻqiydi) Bismillahir-rohmanir rohim. Salmoni Forsiydan bir hadis rivoyat qilingan. Salmonning aytishicha, paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom shunday deganlar: Jabroil alayhissalom aytganki, kun chiqish tomonda bir joy bor, uni Xuroson, deydilar. Uning uchta shahrini qiyomat kuni yoqut va marjonlar bilan ziynatlab keltiradilar. Ulardan nur chiqib turadi. U shaharlarning tevaragida farishtalar koʻp boʻlib, ular tasbih, hamd va takbir aytadilar. Kelinni kuyov uyiga olib borgandek, u shaharlarni eʼzoz va ikrom bilan mahshargohga olib keladilar. Bu shaharlarning har biridan yetmish mingdan bayroq, har bir bayroq tagida yetmish mingdan shahid yotgan boʻladi va har bir shahidning shafoati bilan yetmish ming kishi azobdan qutuladi.

Qiyomat kuni u shaharlarning har tarafi: oʻng va soʻli, oldi va orqasi oʻn kunlik yoʻl boʻlib, bularning hammasida shahidlar turadi.

Hazrati paygʻambarimiz soʻrabdilar:

– Ey Jabroil! U shaharlarning nomlarini menga ayting!

Jabroil alayhissalom:

– Shaharlarning birini arab tilida Qosimiy, forschada Yashkard deydilar. Ikkinchisini arabchada Samaron, forschada Samarqand, deydilar. Uchinchisini arabchada Foxira, forschada Buxoro, deydilar, – deb javob beribdilar.

Shunda paygʻambarimiz soʻrabdilar:

– Ey Jabroil! Nega Foxira deb ataydilar?

Jabroil debdilar:

– Shuning uchunki, qiyomat kuni Buxoro shahri oʻzida shahidlarining koʻpligi bilan faxr qiladi.

Shunda paygʻambarimiz xitob qilibdilar:

– Ey Xudo! Foxiraga barakat bergin! Uning xalqlari dillarini taqvo bilan pok etgin! Ishlarini pokiza qilgin va ularni mening ummatimga marhamatli qilgin!

Ana shu maʼni tufayli Buxoro ahlining rahmdilligi, iymoni butunligi va pokligiga kun chiqish va kun botish guvohlik beradi.

Ismoil: Kun chiqish va kun botish guvohlik beradi. Simo! Bu naqadar ulugʻ inoyat. Shunday zaminda yashaganimiz uchun ham Ollohga beadad shukurlar aytmogʻimiz lozim. Turishimga yordam berib yuboring.

Simo: Urinib qolasiz, amirim!

Ismoil: Tong yorishyapti, Simo! Hozir quyosh chiqadi. Quyosh chiqish oldi bunday yotmoq yarashmaydi. (Ismoil Simo yordamida turib sahnaga yaqin keladi) Zarmon qishlogʻi Joʻyi Moʻliyonning eng muborak joyidir. Dunyoda bunday goʻzal yerni koʻrmaganman. (Atrofga alanglaydi) Esingizdami, Simo! Bir paytlar shunday joylarga yetishishni orzu etib yurardim.

Simo: Xuddi kechagiday yodimda. Siz menga qarab: “Qaniydi bir vaqt kelsa-yu, Xudoyi taolo biror sabab tugʻdirib bu yerlarni sizlar uchun sotib olsam va menga umr bersa, bu yerlar sizlarniki boʻlganini koʻrsam”, derdingiz.

Ismoil: Chunki bu yerlar Buxoroning barcha yerlaridan qiymatliroq, yaxshiroq va xushhavoroqdir.

Simo: Siz tufayli bu jannatmakon joy mendek mavoliylarga – ozod qullarga vaqf qilib berildi va Joʻyi mavoliyon, deb ataldi.

Ismoil: Koʻpchilik xalq uni Joʻyi moʻliyon, deb atamoqda. Naqadar goʻzal nom. Joʻyi moʻliyon boʻylarida oʻtirish zavqi menga kuch-quvvat baxsh etur. (Oʻyga tolib) Ajab taqdir ekan, doʻsti aziz Simo. Ota-bobolarimiz Balxdan. Men esa Fargʻonada tugʻildim. Samarqandda voyaga yetdim. Umrning qolgan qismi Buxoroi sharifda kechdi. Buxoro taqdirini oʻylayman. Men unga munosib farzandday xizmat eta oldimmi?

Simo: Taqdiringizdan aslo nolimang. Siz tufayli Buxoro poytaxtga aylandi. Tinch-totuvlik barqaror topdi. Buxoro siz sabab ravnaq topdi.

Ismoil: Tashakkur, doʻstim! Iltifotingiz uchun tashakkur! Men Buxoro devoriman deb aytishga jazm etgandim. Shunday boʻla olgan boʻlsam, armonim yoʻq. Buxoro, Buxoro! Naqadar sehrli nom! Eshitganim bor. Buxoro nomi sugʻdcha – Tangri jamoliday yurt, degan maʼnoni anglatar ekan.

Simo: Shunday, amirim! Bu – ulugʻ, sharafli nom!

Ismoil: Qarang, quyosh chiqmoqda, quyosh! Bu – Buxoro quyoshi! Olloh jamoliday yurtni yoritgali quyosh chiqmoqda! Meni quyoshga boshlang, Simo, quyoshga!

 

ChORSHAʼM

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

 


[1] Qisqartirib berilmoqda.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.