Imom Buxoriy

0
313
marta koʻrilgan.

Tarixiy sheʼriy drama[1]

 

Asar Hazrat Imom Buxoriyning Nishopurga kelishi, xalq uni yuksak hurmat-ehtirom ila kutib olishi bilan boshlanadi. Biroq oʻz nufuzining pasayishidan choʻchigan mahalliy ulamolar xalq oldidagi ilmiy savol-javoblarda uni shakkoklikda ayblaydilar. Bu shaharda tuhmat, boʻhton ostida yashab boʻlmasligini sezgan Hazrat ona shahri – Buxoro sari yoʻl oladi.

 

Uchinchi koʻrinish

 

Bepoyon sahro. Tun. Osmonda yulduzlar charaqlab turibdi. Falakning bir chetida hilol qiyshayib yotibdi. Yonayotgan gulxan atrofida savdogarlar, musofirlar va boshqa yoʻlovchilar davra qurishgan. Oʻrtada nuroniy bir qiyofada Buxoriy oʻtiribdi.

 

Birinchi savdogar

(Buxoriyga)

 

Hazrat imom, gʻalati xalq biz ahli tujjor,

Na-da issiq, na-da sovuq qilgay bizga kor.

Qaysi elda nima tanqis, qayda nima moʻl,

Sezadirmiz, biladirmiz misoli besh qoʻl.

Aqchamiz moʻl, ammo yoʻqdir tayin goʻshamiz,

Uch kun yotsak zerikamiz, yoʻlga tushamiz.

 

Ikkinchi savdogar

 

Ishimizda rost moʻljaldan koʻpdir tavakkal,

Bitta safar goho etar taqdirimiz hal.

Ming shukurkim, xavf-xatar ham yetib ortadi,

Har pastqamda qaroqchilar pusib yotadi.

Qaroqchi ham har xil boʻlar: birida qurol,

Biri esa farmon bilan shiladi halol.

 

Uchinchi savdogar

 

Goho yarim mol-mulkimiz xonlarga tortiq,

Goho koʻrgan foydamizdan ziyonlar ortiq.

Bir oʻlkada qappayadi boʻm-boʻsh hamyonlar,

Bir oʻlkada yoʻling poylar mumsik aʼyonlar;

Tuyalar ham tortolmaydi boju xirojin,

Goh qingʻirlik ham qilamiz topib ilojin.

 

Birinchi savdogar

 

Xoʻsh, mana siz shuncha elu yurtlarni kezib,

Qani, nima orttirdingiz?..

 

Buxoriy

 

Turibman sezib,

Manim uchun taassuf bor xayolingizda,

Jinday taʼna, jinday oʻkinch – savolingizda.

Koʻrdingizkim, hech vaqom yoʻq, na qanor, na qop,

Xurjunimda boru yoʻgʻi oʻn-oʻn besh kitob.

Siznikiga oʻxshab ketar mening kasbim ham,

Men ham boylik uchun umrin tikkan bir odam.

Xuddi sizdek el-yurt kezmoq men uchun ham xos,

Sizdek menga bu kasb Rasulullohdan meros.

Men ham kutib oʻtirmayman – issiqdir, qordir…

Sizning kasbdan lekin jinday farqi ham bordir.

Men mulkimni tuyalarda yurmayman ortib,

Oʻgʻri urmas, qaroqchilar ololmas tortib.

Kimki mening bu mulkimga tikar boʻlsa koʻz,

Boshim yetar osmonlarga, chekmayman afsus.

Bizning kasbda tavakkalga aslo oʻrin yoʻq,

Ming bor oʻlchab bir kesaman, kesaman aniq.

Bu mulkimdan hech kim xiroj olabilmaydi,

Olsa – toʻliq olar, yoʻlda qolabilmaydi.

Kimdir barin olabilsa, bir fazli shulkim,

Ikki karra ortib ketar mening bu mulkim.

Bu kasbning ham baʼzi nozik jihatlari bor,

Sal qingʻirlik qilib qoʻysang, ming tavbang bekor.

Bu – shunday kasb…

 

Ikkinchi savdogar

 

Soʻyladingiz ajoyib chiston,

Xoʻsh, bu kasbning oti nedir?

 

Buxoriy

 

Bu – ilmu urfon!

Bu dunyoning chekib jafo, mehnatlarini,

Hadis yigʻdim – Rasululloh sunnatlarini.

 

Uchinchi savdogar

 

Juda savob, foydali ish qilibsiz, qoyil.

Qancha fursat ketdi shunga?

 

Buxoriy

 

Qariyb qirq yil.

 

Birinchi savdogar

(hayratda)

 

Yoʻgʻ-e, nahot?!

 

Ikkinchi savdogar

(hayratda)

 

Butun boshli bir umr demak?!

 

Buxoriy

 

Xuddi shundoq!

 

Uchinchi savdogar

 

Xoʻsh, bu ishda kim berdi koʻmak?

 

 

Buxoriy

 

Bu nozik ish, birovga topshirib boʻlmaydi,

Yolgʻiz oʻzing eplamasang, koʻngling toʻlmaydi.

 

Birinchi savdogar

 

Xoʻsh, qachondan boshlagansiz hadis yigʻmoqni?

 

Buxoriy

 

Endigina ajratganda qoradan oqni.

 

(xayolchan)

Oh, esimda… Oʻn oltiga qoʻyganda qadam,

Ahmad akam hamda muhtarama volidam –

Haj niyati, shukronalar aytib Ollohga,

Buxorodan safar qildik Makkatullohga.

Hajdan keyin ular Buxoroga qaytishdi,

Xoʻshlashishdi… Asli menga vido aytishdi…

 

Ikkinchi savdogar

 

Soʻng?

 

Buxoriy

 

Soʻng Makkada, Madinayi munavvarada,

Misr, Basra, Kufa, Bagʻdod, Shom, Jazirada,

Dehqon har yil kutganidek bogʻidan hosil,

Mashgʻul boʻldim hadis yigʻmoq bilan muttasil.

 

Uchinchi savdogar

 

Qay usulda yigʻardingiz ularni, ustod?

 

Buxoriy

 

Hofizamga yozar edim – olar edim yod.

 

Birinchi savdogar

 

Qanchalar bor siz yod bilgan hadis hammasi?

 

Buxoriy

 

Yod bilganim olti yuz minglardir chamasi…

 

(Uchala savdogar ham hayratdan oʻzlarini orqaga tashlashadi.)

Ikkinchi savdogar

 

(koʻzi ola-kula boʻlib)

 

Olti yuz ming?!

 

Uchinchi savdogar

 

(soqolini tutamlab)

 

Yoʻgʻ-e?!

 

Birinchi savdogar

 

(qoʻlini koʻksiga qoʻyib)

Bizdan kulmangiz, taqsir.

 

Buxoriy

 

Moʻminlarning yolgʻon gapi gunohi kabir.

 

Ikkinchi savdogar

 

Tasavvurga sigʻmaydi-da! Koʻp buyuk adad.

 

Uchinchi savdogar

 

Bandasining imkonidan xorijdir behad.

 

Birinchi savdogar

 

Olti yuz ming hadis yodlash narida tursin,

Shu sanoqni sanash uchun – uxlamay tun-kun,

Yemay-ichmay, turmay-yurmay, rostlamay nafas,

Sanayversang, moʻljalimcha, oʻn kun ham yetmas.

 

Buxoriy

 

Odamzodga Olloh bergan imkonlar cheksiz,

Biz-chi, uning mingdan birin anglamay, essiz,

Choʻbin otga ortamizu olib ketamiz,

Qaro yerda gʻazna kabi qolib ketamiz…

Siz soʻrdingiz, men borini aytdim roʻyirost,

Nechun endi bu shubhayu bundoq eʼtiroz?

Zotan, shundoq hadis borkim: Tangri nazdida –

Toʻgʻri soʻzdan yoʻqdir ortiq biror sadaqa.

 

Ikkinchi savdogar

 

Afu eting, tujjorlar sal boʻlgay gumonchi.

 

Buxoriy

 

Eʼtiqod-chi, diyonat-chi, dinu iymon-chi?

 

Uchinchi savdogar

 

Ha, bilamiz, shubha, gumon oʻzi bir gunoh,

Din-iymonda sobitdurmiz, alhamdilulloh!

Roʻza tutib, namozini oʻqib yuribmiz,

Ming shukurkim, bir roʻzgʻorni eplab turibmiz.

 

Buxoriy

 

Gap eplashning oʻzidamas, qandoq eplashda,

Harom-harish qorishmasmi dunyo toʻplashda.

Hadis borkim, keladiki shundoq zamonlar,

Unda rizq-roʻz topayotgan jami insonlar –

Halolmi bu, harommi bu – farqlamas zinhor…

 

 

(oʻyga choʻmib)

Oʻsha kunlar uzoqmikan, yo Parvardigor?!

 

Birinchi savdogar

 

Qayda, axir, halollik deb atalgan sarhad?

Mana, siz bir dunyo hadis toʻplabon, Hazrat,

Koʻnglingizdan kechganmi hech shunday bir xayol:

Toʻgʻrimikan uning bari, haqiqiy, halol?

 

Buxoriy

 

(ogʻir oʻyga botib)

 

Ha, bu juda ogʻir savdo, roviylar koʻpdir,

Qay oʻlkaga bormaginkim, ular toʻp-toʻpdir.

Har taʼmagir, din gʻanimi, nokasu nodon

Rasululloh nomlaridan lof urgay hamon.

Qaysi biri sultonlarga yoqmoqlik uchun,

Qaysi biri shuhrat gulin taqmoqlik uchun,

Kimdir birov – molu dunyo orttirmak kori,

Yana biri xiyonatkor – dinning gʻaddori.

Dinimizning gʻanimi ham koʻp erur hadsiz,

Oʻshalar ham toʻqiydilar ming-minglab hadis.

Qaysi biri yolgʻon erur, qaysi biri chin,

Chin boʻlsa gar, ul hadisning chinligi nechun –

Oʻshalarni saralashga ketdi bu umr,

Biroq zinhor pushmonim yoʻq, shukur, ming shukur!

 

Ikkinchi savdogar

 

Tomchilardan yigʻibdirsiz buyuk bir dengiz,

Ayting, Hazrat, qandoq kechdi maishatingiz?

 

Buxoriy

 

Rosti, oson kechgani yoʻq men bosgan yoʻllar,

Goh boshimga sellar yogʻdi, gohida doʻllar.

Malomatning tigʻlaridan hamon koʻksim chok,

Goh betimga loy chapladi nomardu nopok.

Goh doʻstlarim, ustozlarim ketdi arazlab,

Goh koʻnglimga paykon sanchdi hasad, gʻarazlar.

Qayga bormay, bir oqilu yuz nodon koʻrdim,

Hikmat bilan jaholatni yonma-yon koʻrdim.

Qirq yildirkim, qorin gʻamin yemadim, hayhot,

Bir parcha non, bir qultum suv – men uchun hayot.

Goh koʻzimga dard ilashdi, koʻrolmay qoldim,

Gohida tan zaiflashdi, yurolmay qoldim.

Hech kimsaga shikoyatu shikva aytmadim,

Oʻlimlardan qaytdim, ammo yoʻldan qaytmadim.

 

Shu payt birdan otlar dupuri, shovqin-suron eshitiladi. Qora kiyingan, qilich koʻtargan bir necha qaroqchi gulxan yoniga bostirib keladi. Gulxan atrofidagilar oʻrinlaridan turib ketishadi. Ularning har birini bir qaroqchi qoʻllarini orqaga qayirib ushlaydi. Qaroqchiboshi ularning har biri oldiga borib, razm solib chiqadi.

Qaroqchiboshi

 

Xoʻsh, tanlangiz zudlik bilan: mol kerakmi, jon?

 

Birinchi savdogar

(ovsarlarcha)

 

Menga qolsa, ikkisi ham boʻlmasdi yomon!

 

Qaroqchiboshi

 

Men uchun ham!.. Lekin joning chaqaga qimmat!

 

Birinchi savdogar

 

Undoq boʻlsa, koʻrsatsinlar oʻzlari himmat.

 

Ikkinchi savdogar

 

Boyagina gap boʻlgandi siz haqingizda.

 

Qaroqchiboshi

(taajjub bilan)

 

Men haqimda?!

 

Uchinchi savdogar

 

Ha, ha, yaʼni, kasb-koringizdan…

 

Qaroqchiboshi

(tahdid bilan)

 

Xoʻsh, kasbimga nima boʻpti?

 

Birinchi savdogar

 

(tasdiq bilan)

Shuni aytingiz!..

Oʻlponchilar orasida eng odili – siz!

 

(Qaroqchiboshi qahqaha otib kuladi.)

Qaroqchiboshi

(qiziqsinib)

 

Qani ayt-chi, mening qandoq odilligim bor?

 

Birinchi savdogar

 

Har holda, siz sahrolarda yotib och-nahor,

Yoʻl poylaysiz, joy tanlaysiz, zahmat chekasiz.

Lozim boʻlsa…

 

(tomoshabinlarga qarab)

Tuf, tuf, shayton!..

 

(Qaroqchiboshiga yuzlanib)

Lozim boʻlsa qonlar toʻkasiz!

 

Qaroqchiboshi

 

Boshqalar-chi?

 

Ikkinchi savdogar

 

(boshini sarak-sarak qilib)

O, ulardan saqlasin Olloh!

Bilmagaylar – savob nima, nimadir gunoh.

 

Uchinchi savdogar

 

Siz-ku molni undirasiz ancha halollab,

Xoʻsh, ular-chi, oʻz molimiz…

 

(Qoʻli bilan koʻrsatmoqchi boʻladi. Lekin qoʻllari orqaga qayrilgani esiga tushib, ortga oʻgiriladi va siltanib, ortdagi qaroqchiga)

Qoʻyib yubor!..

 

(Siltanib qoʻlini chiqarib oladi va ikki kaftini

oldinga choʻzganicha)

Oʻz molimiz shundoq qoʻshqoʻllab tutqizamiz…

 

Birinchi savdogar

 

Iljaygancha, rahmatlar, deymiz.

 

Ikkinchi savdogar

 

Taʼzim qilib, tagʻin nima xizmatlar, deymiz.

 

(Qaroqchiboshi tagʻin qahqaha urib kuladi.)

 

Qaroqchiboshi

 

Faqat molmas, farosat ham yigʻibsiz, balli!

 

(sheriklariga)

Boʻshatinglar!

 

(Ular savdogarlar qoʻlini boʻshatishadi.)

Tujjor shundoq boʻlsa, aqalli!

 

Uchinchi savdogar

 

Koʻp tashakkur!..

 

Birinchi savdogar

 

Oling doim, oldirmang faqat!

 

Ikkinchi savdogar

 

Rizq-roʻzingiz, kasbingizga bersin barakot!

 

Qaroqchiboshi

(Buxoriyga yaqinlashib)

 

Tujjorlarga oʻxshamaydi sening qiyofang.

Xoʻsh, sen kimsan?

 

Buxoriy

(mahzun)

 

Men gʻurbatdan qutulib arang,

Vataniga qaytayotgan qismatning zori.

 

Qaroqchiboshi

 

Isming bordir?

 

Buxoriy

 

Muhammad Ismoil Buxoriy!

 

Qaroqchiboshi

 

(birdan hayratga tushib, ortga chekinib)

Yolgʻon! Nishopurda hozir ul Hazrat!

 

Buxoriy

 

Endi esa Buxoroga yoʻlladi qismat.

 

Birinchi savdogar

(tasdiq bilan)

 

Ha, oʻzlari!

 

Ikkinchi savdogar

 

Olib chiqdik biz Nishopurdan!

 

Qaroqchiboshi

 

Afu eting! Sahv oʻtmishdir mendek gʻofildan!

 

Buxoriy

 

Meni qaydan taniysan, sen?

 

Qaroqchiboshi

 

Tangrim, bu ne soʻz?!

Oqib tushsin sizday zotni tanimagan koʻz!

Hadis ilmin eng sarbaland aʼlomi-ku, siz,

Hazrat, axir, imomlarning imomi-ku, siz.

 

Buxoriy

 

Men sahroda gulu rayhon ilk bor koʻrishim,

Tajovuzda ilmu urfon?! Ilk bor koʻrishim.

 

Qaroqchiboshi

(gʻamgin)

 

Ajablanmang… Buxorodir mening ham yurtim.

Xat chiqardim. Savod oldim. Madrasa koʻrdim.

Fiqhu hadis ilmini men oʻrgandim toza,

Yosh ersam-da, shahar ichra tushdi ovozam.

Baxtmi edi, baxtsizlikmi, bilmam, haytovur,

Buxoroning amiriga boʻldim mushovir.

Va saroyda tushib qoldim ajab savdoga,

Duch keldim men oliy hasad, yuksak igʻvoga.

Hech gap ekan diyonatu iymon degani,

Shunda koʻrdim soʻl koʻzning sogʻ koʻzni yeganin.

Yoqmas edi daʼvatlarim hech bir aʼyonga,

Oxir meni chiqardilar telba insonga.

Men amirdan adolatni kutardim hali…

Lek zindonband qildi meni amir Zuhaliy.

 

Buxoriy

 

Xoʻsh, keyin-chi?

 

Qaroqchiboshi

 

Soʻng zindonda qalbimni ochdim,

Uch-toʻrtta hammaslak bilan u yerdan qochdim.

Zolimlarga qarshi kurash deb bogʻladik bel,

Qoʻshin yigʻdik, qurol yigʻdik yurib elma-el.

Lashkar tortdik shahar sari, qattiq jang qildik,

Afsus, omad yuz oʻgirdi, bizlar yengildik.

 

Uchinchi savdogar

 

Hay, attang-a! Qolibdi-da yanchilmay ilon?

 

Birinchi savdogar

 

Undan keyin?

 

Qaroqchiboshi

(uh tortib)

 

Qolgan-qutgan yigitlar bilan

Hayyo-huyt deb chiqib keldik ushbu diyorga.

 

Buxoriy

 

Endi “saboq bermakdasiz” ahli tujjorga!

 

Qaroqchiboshi

 

Hazrat, kulmang, ayblamangkim bizni beasos,

Yonib yotur alamzada yurakda qasos.

Yangi qoʻshin, yangi qurol toʻplaymiz tagʻin,

Oʻrnatamiz Buxoroda adolat tugʻin.

Bilasizkim, buning uchun zarur sarmoya.

 

Buxoriy

 

Dahshatli bir maslakdir bu, vahshiy bir gʻoya.

Razolatga qarshi yana yangi razolat,

Jinoyatga qarshi undan battar jinoyat?!

Yovuzlikni yengib boʻlmas bu niyat bilan,

Jihod lozim urfon bilan, maʼrifat bilan.

 

Qaroqchiboshi

 

Siz-ku hikmat yigʻdingiz jon chekib jahonda,

Lekin buni kim qadrlar bizning zamonda?

Bir tomonda avom xalqdir, tuproqdan ham past,

Bir tomonda boyu boyon ishrat bilan mast.

Bir tomonda toshib turar qamchilardan qon,

Bir tomonda talangan el chekadi afgʻon.

Qozilari qoʻlingga koʻz tikib turadi,

Nizom soyin oʻz chorbogʻi tomon buradi…

 

Buxoriy

 

Odamizod ming koʻchaga kirib chiqadi,

Goh nimadir olib, goho berib chiqadi.

Kengga kengdir ushbu dunyo, torlarga tordir,

Ming yillarning pandi bordir, oʻgiti bordir.

Qobilining qonin Hobil toʻkkan dunyo bu,

Mol-dunyosi bilan Qorun choʻkkan dunyo bu.

Ibrohimni gulxanlarga otgan dunyodir,

Nuh atalmish toʻfonlari botgan dunyodir.

Razolatga, jaholatga botsa, nihoyat,

Olloh ilmi bandasiga boʻlgan hidoyat.

Adashibon bashar yum-yum toʻkkanida yosh,

Ilmu urfon eshigiga urib kelgan bosh.

Bandasining Rabbisiga qaytar kuni bor,

Hammasiga bir kun hisob aytar kuni bor.

 

(osmonga qoʻl choʻzib)

Bundan buyon adashtirma qulingni, yo Rab,

Hadislarni men toʻpladim xuddi shu sabab.

Qurʼondan soʻng turguvchi ul bir kitob boʻldi,

Hidoyatga boshlaguvchi oftob boʻldi.

Hech kim Rasul sunnatini qilolmas inkor,

Mahshargacha uning nuri soʻnmagay zinhor.

 

Birinchi savdogar

 

(Buxoriyning etagini oʻpib, koʻziga surtadi.)

Hazrat imom, afu eting biz badgumonni,

Tanimabmiz tavoflarga loyiq insonni.

 

(Ikkinchi va uchinchi savdogarlar ham uning

etagini oʻpib koʻzlariga surtishadi.)

Buxoriy

 

Zotan, banda bir-birini tanishi shartmas,

Ertami-kech oʻz Ollohin tanib olsa bas.

Rasulin ham…

 

Ikkinchi savdogar

 

Odamzodga mening bor shubham,

Qiyomatga qadar qolgay u sirli, mubham.

Ham ezgulik, ham yovuzlik qalbidadir jo,

Mudrab yotar yuragida Iblis va Daho.

Har ikkisi payt poylaydi, kutadi imkon,

Qay birining davri kelsa, koʻtarar isyon –

Yer bagʻrida urugʻ yangligʻ…

 

Uchinchi savdogar

 

Ha, xuddi shundoq!

Chunki uning iylangani nur ila tuproq.

Odamzodni falaklarga daʼvat etsa nur,

Tuproq uni oʻz qaʼriga – tubanga tortur.

 

Buxoriy

 

Shul boisdan bandasiga berilgan iymon,

Ishq berilgan, koʻngil degan nuri jovidon.

Yuragini tark etmasa ishqiy harorat,

Iymonini tutar boʻlsa solim-salomat,

Har qandayin yovuzlikni yengib oʻtar u,

Iblis emas, Daholikning qoʻlin tutar u.

 

Qaroqchiboshi

 

Buning uchun jamiyatdan chekinmak lozim,

Tuban dunyo aʼmolidan bekinmak lozim.

Kar boʻlsinkim, eshitmasin boʻhton, igʻvoni,

Koʻr boʻlsinkim, koʻrolmasin chirkin savdoni.

Yoʻqsa dunyo oqimlari boshiga yetar,

Daryodagi tosh singari dumalab ketar.

 

Buxoriy

 

Yoʻq, uzlatdan najot yoʻqdir bashariyatga,

Tarki dunyo boshlab bormas oliy niyatga.

Barcha oʻzin xilvatlarga urib ketsa jim,

Bashariyat rizqu roʻzin yetkazadi kim?

Poklik – iymon, irodatga bogʻliqdir, illo,

Tojlarda ham, balchiqda ham tillodir – tillo!

Uzlat aro inson oʻzin poklashi mumkin,

Biroq, mening nazarimda, ul inson – xudbin.

El ichinda, yurt ichinda kezmasang kushod,

Poklamasang, poklanmasang, nechun bu hayot?!

Nafsi balo orqasidan ergashmayin, bas,

Diyonatning koʻzi boʻlib boqmogʻi lozim.

Daryodagi tosh singari dumalab emas,

Har bir inson daryo boʻlib oqmogʻi lozim!

 

Qaroqchiboshi

 

Oʻz-oʻzidan diyonatga kirmas har badkor,

Uni zoʻrlab diyonatga kiritmoq darkor.

Jarohatlar bitmas pandu yo mantiq bilan,

Koʻr koʻzlarni ochmoq kerak faqat tigʻ bilan.

Kuch-qudratda bu basharning dini, iymoni,

Faqat qilich intizomga solgay dunyoni.

Inshoolloh, bir kuni men qozonsam nusrat,

Siz haqmisiz yoki menmi – koʻrsatgay fursat.

Endi esa yaxshi qoling!

 

(sheriklariga)

 

Otlarga endi!

 

Qaroqchilar chiqib ketishadi. Otlarning dupuri

asta-sekin pasayib boradi. Buxoriy va savdogarlar

birpas sukutda qolishadi.

Birinchi savdogar

 

Adolatli yigit ekan, jasur va tanti!

 

Buxoriy

 

Yuragida qonlar toʻkmak asʼasasi bor,

Koʻzlarida hokimiyat vasvasasi bor.

Qashqirlarga homiy, jallodga muxlis,

Shaytonni yengishga shaylangan iblis!..

 

Samo boʻzarib, tong otib kela boshlaydi.

Ikkinchi savdogar

 

Hazrat, zinhor dilgir boʻlmang… Tun bedor oʻtdi.

Safarga ham otlanmakning fursati yetdi.

 

Buxoriy

 

(oʻziga kelib)

 

Ha, darvoqe, ketmoq kerak, yoʻl olis, zotan,

 

(sekin ortiga boqib)

 

Umr ortda qolib ketdi…

 

(oldinga qoʻl choʻzib)

 

Oldinda – Vatan.

Yuzlarimga urilmoqda Turon shamoli,

Taxayyulim koʻzgusida Olloh jamoli.

Qani, ketdik!..

 

Toʻrtinchi koʻrinish

 

Buxoro. Amir Xolid az-Zuhaliy saroyi. Saroy dabdaba bilan bezatilgan. Taxtda Amir oʻtiribdi, uning bir tomonida vazir Jaʼfar va muarrix Gʻunjor, ikkinchi tomonida Haris ibn Abul Varqo va Muhtasib qoʻl qovushtirib turishibdi.

Amir Zuhaliy

 

Buxoroning shon-sharafi – bizning ham sharaf.

Shaharlarni baholashar xalqiga qarab.

Mezon erur iqlimiyu imoratlari,

Xazinasi, el hunari, tijoratlari.

Shahrimizda bu omillar barchasi bordir,

Biroq hali qilinajak ishlar bisyordir.

Uning shaʼnin nafaqatkim Xuroson aro,

Yoymogʻimiz kerakdurkim keng jahon aro.

Sizlar bunga nima deysiz?

 

Gʻunjor

 

(taʼzim bilan)

 

Izn bersalar…

Tarixlardan kelur shundoq muqaddas xabar.

Salmon Forsiy bir hadisda eturkim taʼrif,

Qiyomatda Xurosondan uch shahri sharif

Nur taratib turar emish ziynatlar aro –

Biri – Yashkard, soʻng Samarqand, biri – Buxoro.

Jabroyilning oʻzi oʻtib bundoq guvohga,

Paygʻom bermish Muhammadun-Rasulullohga!

Bul mashvarat uchun sizga tashakkur, Amir,

Yurt ravnaqin oʻylamaklik – koʻp savob, axir.

Tagʻin bordir bul ravnaqning muhim mezoni.

 

Amir Zuhaliy

 

Siz tarixni xoʻp ajoyib bilursiz, Gʻunjor,

Demak, yana biz bilmagan muhim mezon bor!

Ne ekan ul?

 

Gʻunjor

 

Shul oʻlkaning ilmu urfoni!

 

Varqo

 

Haqqast rostdur. Ilmu urfon borasida ham

Koʻp tadbirlar koʻrmakdalar Amiri olam.

Qutaybaning zamonida boʻlsa bir masjid,

Hozir yuzlab masjidlar bor, oʻzingiz shohid.

 

Muhtasib

 

Fikringizga qoʻshilaman, muhtaram Varqo,

Qurilmoqda yangi rabot, yangi xonaqo.

Qozixona ishlaridan mamnun fuqaro,

Xurosonda shariatning faxri Buxoro.

 

Jaʼfar

 

Ha, Muhtasib, bu gaplarning rostdir hammasi…

Biz mavzudan jinday chalgʻib ketdik, chamasi,

Ilmu urfon borasida soʻz ochdi Gʻunjor,

Muarrixning takliflarin eshitmoq darkor.

 

(Amirga taʼzim qiladi.)

 

Amir Zuhaliy

 

(Gʻunjorga)

Xoʻsh, Muarrix ne deydilar?

 

Gʻunjor

 

(taʼzim bilan)

 

Maʼlumingizkim,

Shahrimizda nashʼu namo topmish koʻp olim.

Lekin bir zot keldilarkim, soʻz indallosi,

Jahon aro ul hazratning yoʻqdir qiyosi.

Buxoriydir! Tangri yozmish yurt iqboliga,

Butun shahar koʻchib chiqdi istiqboliga.

Bamisoli izlab keldi bemorin tabib,

Daryo oqib keldi guyo oʻzanin topib.

 

Muhtasib

(kinoya bilan)

Tabib keldi?! Juda ogʻir ekan-da bemor?

 

Varqo

 

(oʻsha ohangda)

 

Daryo keldi?! Demak, endi toshqin xavfi bor?

 

Jaʼfar

 

(Muhtasib va Varqoga)

Amirimning tashvishlari – Buxoro shaʼni,

Sizning bundoq kinoyadan ne maqsad, yaʼni?

 

Amir Zuhaliy

 

(Jaʼfarga)

Imom hozir ne ish bilan mashgʻuldir, Jaʼfar?

 

Jaʼfar

 

Saboq berar madrasada, kitoblar bitar.

 

Amir Zuhaliy

 

Kitoblar deng? Xoʻsh, qandayin kitoblari bor?

 

Jaʼfar

 

Mendan koʻra buni yaxshi biladi Gʻunjor.

 

(Amir savolomuz Gʻunjorga qaraydi.)

Gʻunjor

 

Hazrat hadis borasinda mumtoz, benazir,

“Al-jomiʼ as-sahih”larin etmishlar hozir.

Umrlarin fido aylab, kezib yurt, olam,

Eng ishonchli hadislarni aylamishlar jam.

 

Varqo

 

Eng ishonchli hadis deysiz, aslida, biroq,

Bu hadislar sahihligi sal shubhaliroq.

Bizga yetgan xabarlardan shu narsa ayon,

Basraliklar bildirmishlar Imomga gumon.

 

Jaʼfar

 

Zotan, gʻavvos ummonlardan olib chiqar dur,

Lekin unga oʻzga kaslar egalik qilur.

 

Amir Zuhaliy

 

Basraliklar nega gumon etmishlar, ajab?

 

Varqo

(taʼzim bilan)

 

Elda yurar Imom jinday shakkok degan gap.

Aytisharkim, shakkokligin payqamoq mushkul,

Sirli imo-ishoratlar aylar emish ul.

Anglayvermas bul maʼnoni har qanday gʻofil,

Har soʻzida ming bir iyhom, ming bir tagʻofil.

 

Gʻunjor

 

Bu boʻhtonu igʻvolarga hasaddir bois,

Hali jahon koʻrmagandir bundoq muhaddis.

Roviylardan biri shundoq qilmishkim bayon:

Bir tush koʻrdim, Rasululloh boʻlmish namoyon.

Sal norozi qiyofada tikilib, alhol,

Soʻngra menga aylamishlar shundoq bir savol:

Shofeiydan tobakay dars berursiz, biroq

Nega mening kitobimdan bermaysiz saboq?

Bul dashnomdan dovdiradim, oʻzni yoʻqotdim,

Nurlar aro shamday erib zoʻrgʻa soʻz qotdim:

“Yo Rasulim, sizning kitobingiz qaysidur?”

Dedilarkim: “Muhammad al-Buxoriy zotning

“Al-jomiʼ as-sahih” nomligʻ asari erur”.

 

Muhtasib

 

Balki ilmi boʻlsa bordir Imomning, Gʻunjor,

Biroq ilmi boshqa, dili boshqalar bisyor.

Nishopurda cheklanmayin ilm-urfon ila,

Xaloyiqning yuragiga solib gʻulgʻula,

Hatto ahli ulamoni mensimasdan to –

Ul zot oliy mansablarni etganmish daʼvo!

 

Amir Zuhaliy

 

Nahot oliy mansablarni?..

 

Varqo

 

(taʼzim qilib)

 

Shundoq, hazratim!

Kelgan xabar rost boʻlsa gar Hijoz, Basradin,

Ul har yurtda shogird yigʻmish mansablar dovlab,

Avval ular avom xalqning koʻnglini ovlab,

Soʻng Imomni etarmishlar shu yurtga daʼvat,

Xalq chiqarmish unga peshvoz behad, beadad.

 

Jaʼfar

 

Togʻ qanchalar yuksak boʻlsa, boʻlsa purviqor,

Uning boshi uzra yogʻur shunchalar koʻp qor.

Yumronlarni choʻchitgaydir burgut parvozi,

Shabparaklar quyoshdan bir umr norozi.

Gulxanga hech yaqin kelaolmas boʻrilar,

Lekin zulmat ogʻushida yanib irillar.

 

Muhtasib

 

Vazir aʼzam! Bundoq keskin tashbehlar nechun?

Yel boʻlmasa silkinmagay daraxtning uchi.

Din va davlat yumushlari nozik va masʼul,

Shoshqinlikni, ehtirosni yoqtirmaydi ul.

Idrok lozim…

 

Varqo

 

Balli, lozim sovuq tafakkur!

Eslaydirsiz, Amirimiz saroyga bir qur

Yosh mudarris chorlab, berib masʼul vazifa,

Ishondilar! Oʻshal manfur mudarris esa

Qoʻshin toʻplab, qonlar toʻkib koʻz tikdi taxtga,

Olloh oʻzi jazo berdi oʻshal badbaxtga.

 

Muhtasib

 

Endi esa sahrolarda boʻri kabi och –

Oʻtgan-ketgan karvonlarni aylarmish taroj.

Shohlik kelmas, axir, qaroqchining qoʻlidan,

Oʻz chodirin chopgay botir chiqsa loʻlidan.

 

Gʻunjor

 

Buxoriyga lavozimdan ketmayotir gap,

Undan oqil maslahatlar olmoqlik – matlab.

Kim choʻchisa Buxoriydan, koʻngli boʻlsin toʻq,

Hazrat yurtga mansab izlab kelganlari yoʻq.

Yonginangda daryo oqib yotsayu bekor,

Undan bogʻlar yaratmasang, ne foydasi bor?!

Imom kitob bitmishlarkim aʼlodan-aʼlo –

Tarix, axloq borasinda to hamon yakto.

Amirimiz aylasalar bir ezgu-niyat –

Imom bersa naslimizga saboq, tarbiyat.

 

Amir Zuhaliy

 

Maʼqul taklif. Ammo chorlab saroyga avval,

Sinab koʻrgach, masalani soʻng etaylik hal.

Eshitganmiz Buxoriyning taʼrifin, biroq,

Yuz bor eshitgandan bir bor koʻrgan yaxshiroq.

Varqo bilan Muhtasibga berib vakolat,

Joʻnataylik, zero Imom Buxoriy hazrat

Tabarruk zot, ul kishiga ehtirom lozim,

Yarashmagay biz yuborsak oddiy mulozim.

 

(Varqo bilan Muhtasib taʼzim qilishadi.)

Jaʼfar

 

Kam boʻlmangiz, olampanoh!

 

Gʻunjor

 

Maʼqul bu, albat!

 

Amir Zuhaliy

 

Bilasizkim, menda ham bor ilmga ragʻbat.

Buxoriyga yetkazinglar mening dedigim,

Olib kelsin hadis ila tarix bitigin.

Biz saroydan Imom uchun ajrataylik joy,

Tor hujrada yotgandirlar tutab, hoynahoy.

Oʻqisinlar kelib bunda bir-bir, bobma-bob,

Bilaylikkim, Imom bitmish qandayin kitob.

Saroydagi farzandlaru qavmu qarindosh –

Barchasiga saboq bersin Imom boʻlib bosh…

 

(Jaʼfar bilan Gʻunjorga)

 

Vazir aʼzam, Gʻunjor, endi sizlarga ruxsat.

 

(Ular taʼzim ila chiqib ketishadi.)

(Varqo va Muhtasibga)

Hali Imom borasinda soʻz ketgan mahal,

Shakkokligi bor dedingiz. Mansabu amal

Hirsi baland deb aytdingiz. Va lekin alʼon

Buni eldan tutmogʻingiz shart erur pinhon.

Chunki elning orasida uning nufuzi

Juda yuksak. Ijobatga oʻtgay har soʻzi.

Boz ustiga, boʻlib oʻtgan gʻalayonlardan

Yurt notinchdir. Hushyor turmoq lozimdir har dam.

Huzuriga borarkansiz sizlar Imomning,

Amirimiz homiysi, deng, dinning, iymonning.

Inshoolloh, Imom bois, yurtda bizning ham

Nufuzimiz boʻlgʻusidir sobit, mustahkam.

Nazokatli boʻling. Tilga bermang ixtiyor!

Endi boring, azizlarim, omad boʻlsin yor!

 

(Varqo va Muhtasib taʼzim qilib, eshik oldiga

kelisharkan, bir-biriga)

Varqo

 

Buxoriyga saroy sari yoʻl ochib bersak,

Nufuzimiz ancha pastlab ketadi, beshak.

Shahrimizda Gʻunjor kabi muxlisi bisyor,

Saroyda ham Jaʼfar yangligʻ homiylari bor.

Biz shunday yoʻl tutaylikkim, yagona matlab –

Kirolmasin Imom saroy ostonin hatlab.

 

Muhtasib

 

Gap Amirning amrimas, ish bitkazmaklikda,

Bu amrni qay yoʻsinda yetkazmaklikda.

Oyoq bilan emas doim, faqihi aʼzam,

Til bilan ham yurib koʻrsa boʻladi baʼzan.

 

(Chiqib ketishadi.)

Amir Zuhaliy

 

Koʻp ogʻirdir bu muammo. Buxoro xalqi,

Imom desa, sevinchdan bir tushadi qalqib.

Moʻjazgina bir insonda ne xislat ayon,

Na mol-dunyo, na saltanat, na hukmu farmon –

Hech biri yoʻq. Oʻngib ketgan bir sidra ust-bosh,

Tor bir hujra. Nechun unga ergashur avbosh?

Hechqisi yoʻq, saroyimga kelarkan ul zot,

Ilmu urfon homiysi deb chiqaraman ot.

Bajarilgay men chiqargan farmonu ahkom,

El jilovin qoʻllarimda tutgayman mahkam.

Mabodo men saroyda u bilan murosa

Qilolmasam, topajakman oʻzga xulosa.

Yoʻq, hech qachon saroy ilmu urfonga emas,

Ilmu urfon saroyga bosh egmogʻi shart. Bas,

Baskim, dunyo koʻzlariga surib turgan zot –

Kelib surgay poyimni oʻz koʻziga, hayhot!..

 

Beshinchi koʻrinish

 

Buxorodagi Jomeʼ masjidining saboqxonasi. Mehrobda bir qancha kitoblar terib qoʻyilgan. Toʻrda lavh va unda ochib qoʻyilgan kitob. Pastga oddiygina paloslar

toʻshalgan. Imom Buxoriy xayol surganicha u yoqdan-bu yoqqa borib kelmoqda.

 

Buxoriy

 

Olimlarni men bitta yurt yo bir elatga

Emas zinhor, balki butun bashariyatga

Daxldor deb bilar edim. Tajriba esa

Koʻrsatdikim, xato ekan ushbu xulosa.

Olimlarning faqat ilmi bashariy ekan,

Oʻzlari-chi, daydib yurar beyurt, bevatan.

Qaysi yurtga bormasin u, johillar shu on

Toʻplanishib, boshlagaylar tuhmat va boʻhton.

Zotan, ilmu urfon uchun umrin tikkan zot

Na mol-dunyo, na mansabni mensigay, hayhot!

Molu dunyo shundayin bir shirin ogʻukim,

Ajdaho oʻz qurbonini yutgan kabi jim –

Oʻz komiga tortib borar. Bechora qurbon

Ajalni ham yengaman, der mol-dunyo bilan.

Mansab esa shundoq yolgʻon shuʼlakim nurposh,

Undan koʻzlar tinib ketar, gangib qolar bosh.

Men osmonga ustunman, der mansabdor inson,

Yoʻqsa, qulab tushajak, der zaminga osmon.

Saltanatning havosidir eng ogʻir havo,

Koʻzlarini toʻydirmagay molu mulk, maʼvo.

Yer yuzini zabt etsa ham, topmayin toʻzim,

Yo yer qaʼri, yo falakka boshlagay hujum.

Xayoliga sigʻmagaydir vujudning mahvi,

Oʻlimni ham atagay u tarixning sahvi.

Mol-dunyo ham, saltanat ham garchi ilmsiz

Yashay olmas, lekin uni choʻktirgali tiz

Qaytmagay hech hiyla, boʻhton, zoʻravonlikdan,

Ilm ahliga shafeʼ yoʻqdir bu nodonlikdan.

Mansabiga, dunyosiga qoʻymadim koʻngil,

Izlaganim ilm boʻldi kezib elma-el.

Soʻraganim urfon boʻldi dunyoga boqib,

Qayga borsam, etdi meni jaholat taʼqib.

Gul izladim, qoʻllarimga tutdilar tikan.

Olimlarning faqat ilmi bashariy ekan,

Oʻzlariga yot ellarda yoʻq ekan najot –

Deya qaytdim Vatan sari chiqarib qanot.

E voh!.. Endi Vatanda ham, turibman sezib,

Atrofimda qora sharpa yuribdi kezib.

Dilga oʻzing ato etgil bir bardosh qoyim,

Endi mening borar joyim yoʻqdir, Xudoyim!..

 

(Chuqur xayolga toladi. Shu payt Termiziy kirib

keladi.)

Termiziy

Assalom, ey ustoz, menga bermangiz iyzo,

Bir yumush deb hayalladim…

 

Buxoriy

Kel, Abu Iso,

Ilmdan ham qanday zarur yumush ekan ul?

 

Termiziy

Soʻrmang, aslo! Aytsam, siz ham boʻlgaysiz malul.

 

Buxoriy

Abu Iso! Diling toza, koʻngling qorday oq,

Hech kimsaga ozor berging kelmaydi, biroq

Men dunyoda koʻrdim qancha taʼna, malomat,

Yuragimga choʻkdi ne-ne qaygʻu, malolat –

Kim, koʻzlarda yosh quridi, oqibat bu bosh –

Ming bir toshga tega-tega boʻlib qoldi tosh.

Men bu toshni endi ayab netaman, axir,

Aytavergin?!.

 

Termiziy

Xonaqohning qarshisida bir –

Izdihomga duch keldimkim, zoʻr baqir-chaqir,

Ham ulamo, ham fuzalo, ham boy, ham faqir –

Boʻlinibon ikki guruh, ikki qutbga,

Bir-birini tahqir etgan, yoqasin tutgan.

Sekin borib surishtirsam, men shul orada,

Ular nizo chiqarmishlar sizning borada.

 

Buxoriy

Sabab?

 

Termiziy

Bilmam, ustoz, biri sizni atar pok,

Ul bu guruh qichqiradur: – Buxoriy – shakkok!

 

Buxoriy

Yo alhazar! Qanday manfur dunyo oʻyini,

Bu yerga ham yetmish Nishopurning quyuni.

 

Termiziy

Shubhasizkim, bunda qay bir gʻaddor qoʻli bor.

 

Buxoriy

Oh!.. Bu qoʻl koʻp uzun ekan. Qutulmoq dushvor.

 

Termiziy

Ustoz, kichik bir nizo deb boʻlmangiz dilgir.

Bu – ushoq gap…

 

Buxoriy

Ushoq tosh koʻz chiqargay, axir.

 

Termiziy

Buxoroda hali, ustoz, dinu iymon bor,

Bosh mudarris, muhtasib bor, qozikalon bor.

Oʻshalar ham berar boʻlsa, bizlarga firib,

Arzimizni yetkazgaymiz Amirga kirib –

Borajakmiz adlu insof soʻrab devondan.

 

Buxoriy

Doʻl yerdanmas, Abu Iso, yogʻar osmondan!..

 

(Shu payt uch yosh talaba kirib kelishadi.)

Birinchi talaba

(Buxoriyga)

Men saboqdan ketar boʻldim.

 

Ikkinchi talaba

Ustozim, men ham.

 

Uchinchi talaba

Menga esa, oʻqiyvergin, dedilar otam.

 

Buxoriy

Koʻklam bogʻin xazon etmish bemahal sovuq,

Ulgurmishdir navniholni chirmab chirmovuq.

 

Termiziy

 

(Birinchi va ikkinchi talabaga)

Ustozingiz allomadir ulugʻ, benazir,

Nechun ketar boʻldingiz siz, boisi nadir?

 

Birinchi talaba

Shakkoklikdan qoʻrqamiz biz.

 

Ikkinchi talaba

Kuyarmish iymon.

 

Uchinchi talaba

Yolgʻon, ustoz, boʻhtonchilar tarqatgan yolgʻon.

 

Buxoriy

Qovurgaylar qirgʻovulni oʻz yogʻi bilan,

Chohga tushgay har kimsa oʻz oyogʻi bilan.

 

(ogʻir oʻyga choʻmib)

Ariq qazdim, har qadamda ayladilar band,

Gullar ekdim, alaflarni qildilar payvand!

Odamzodga men koʻrsatsam oʻz quyoshini,

Tuyaqushdek u qumlarga tiqdi boshini.

Odamzodni men chohlardan ayladim ogoh,

Menga esa har qadamda qazidilar choh.

 

(Birinchi va ikkinchi talabaga)

Mayli, boring! Anglagaysiz bir kun ulgʻayib –

Qay manzilda kimlar sizni aylagan mayib.

 

(Birinchi va ikkinchi talaba chiqib ketadi.

Buxoriy uchinchi talabani bagʻriga bosib)

Baxtli edim yaray olsam, sening koringga,

Ming tashakkur, ul padari buzrukvoringga.

Oʻgʻlim, mushkul yoʻl boshida turibsan garchand,

Buxorodan, mayli, faqat birgina farzand

Chiqsa edi – mendan keyin koʻtarguvchi tugʻ –

Qiyomatda yuzim Olloh oldida yorugʻ!

 

(Shu payt Varqo bilan Muhtasib kirib kelishadi.)

Varqo

Salom boʻlsin Buxoriygʻa!

 

(Termiziy va talabaga razm solib)

Buxoriylargʻa!

 

Buxoriy

Xush kelibsiz, Ollohimning uyiga, Varqo!

 

Muhtasib

Yoʻqlab keldik! Ilmingizga boshlab keldi roh!

 

Buxoriy

Biz gʻaribni yoʻqlaganniyoʻqlasin Olloh!

 

Varqo

(Termiziyga)

Abu Iso tuzukmilar?

 

Termiziy

 

(qoʻli koʻksida)

Ollohga shukur!

 

Muhtasib

(kinoyaomuz)

Uchta halqa – bir silsila! Nur ustiga nur!

 

Varqo

Amir sizga yubordilar duoyi salom!

 

Buxoriy

Bizlarning ham tildan duo tushmaydi mudom!

 

Muhtasib

Amirimiz amrini biz keltirdik sizga!

 

Buxoriy

Rizoyi Rab har bir amr bosh ustimizga!

 

Varqo

Ul hazratning sizga boʻlak hurmatlari bor,

Ilmu urfon oʻrganmakka ragʻbatlari bor.

 

Buxoriy

Bul niyatdan bosh koʻklarga yetmasin nechun,

Ezgulikning boʻlmagaydir ertayu kechi?!

 

Muhtasib

Hadis, tarix borasinda bitmishsiz kitob,

Ikkisini olib yuring, biz bilan shitob.

 

Buxoriy

Boisi ne?

 

Varqo

Unda sizga ajratmishlar joy,

Endi, Imom, yashaydirgan yeringiz – saroy.

 

Muhtasib

(istehzoli)

Amirimga kitobingiz oʻqib turasiz,

Qon-qarindosh, farzandlarga saboq berasiz.

 

Buxoriy

Axir, bunda mening ne-ne toliblarim bor,

Ularni tark aylamak koʻp dushvordir-dushvor.

 

Varqo

(kibr bilan)

Ilmu urfon yarashadir mardumi xosga,

Shart emasdir ilm oʻrganmak avomun-nosga.

 

Buxoriy

Ilmu urfon borasinda chekmang, bundoq darz,

Har moʻminu moʻminaga ilm oʻrganmak – farz.

 

Muhtasib

Imom, sizga yarashmaydir bundoq xitoblar,

Ne qilursiz, Amir etsa, qahru itoblar?

 

Buxoriy

(bir qadar asabiylashib)

Ilm olurlar u Chinda ham boʻlsa, gar borib,

Bormagay, hech eshikka ilm oʻzi yolborib.

 

Varqo

Demak, hatto amirlarning saroyiga ham.

 

Buxoriy

Boqmagay, ul mansabiga yo joyiga ham.

 

Varqo

Rab kalomin eslatayin bilsangiz-da gar,

Oyatkim: “Va amma-s-soila fa-la tanhar.”

Maʼnosidan ogohdirsiz, takror aytarman,

Yaʼni: “Biroq soʻrovchini quruq qaytarma.”

 

Buxoriy

Ha mening ham shundoq oyat tushdi yodima:

“Va iza royata toliban li fa-kun lahu xodiman.”

Nozil boʻlmish Olloh amrin maʼnisidir bul:

“Meni izlovchini koʻrsang, unga xodim boʻl.”

 

Muhtasib

Ravo ermas sizdan bundoq javob – ters, daqiq,

Aylagaylar ul zot sizning majlisni taqiq.

 

Buxoriy

(shiddat bilan)

Men ilmni saroylarda yurmam xor qilib,

U kimgaki lozim boʻlsa, oʻrgansin kelib.

Oʻz ilmimni hech kimsadan tutmayman pinhon,

Eshigimiz ochiq erur – gadomi, sulton –

Kelsin, ochiq chehra bilan, biz ochib quchoq,

Qudratimiz yetgan qadar beraylik saboq.

Zinhor saboq bermagayman xususiy, shaxsiy,

Tutmagaylar aslo ilmu urfonni maxfiy.

Majlislarim kimki taqiq aylasa agar,

Masʼuliyat oʻshal zotning boʻyniga tushar.

Va oqibat hisob-kitob aylarkan Olloh,

Qiyomatda soqit erur zimmamdan gunoh.

 

Varqo

Yetkazgaymiz bul gaplarni Amirga toʻliq.

 

Buxoriy

Ha, yetkazing. Menda bundan boʻlak javob yoʻq.

 

Muhtasib

Va Amirning amrini ham olib qaytgaymiz.

 

Buxoriy

Olloh amri neki boʻlsa, shuni kutgaymiz.

 

(Varqo va Muhtasib mamnun qiyofada kibr bilan chiqib ketishadi.)

 

Termiziy

Koʻnishingiz lozimmidi taklifga, ustoz,

Amirlarning amri – barhaq, dastlari daroz.

Istagiga yetmaguncha qoʻymagay ular,

Oʻz soʻzini sindirganni sindirmoq boʻlar.

 

Buxoriy

Bu umrimning bogʻlariga kirib keldi kuz,

Quyunlardan qoʻrqmoq endi men uchun nomus.

Qoʻrquv gʻolib – inson bir bor egilsa agar,

Burni yerga tekkunicha egilaverar.

Soʻngra uning yelkasiga chiqar-da shayton,

Oʻz istagan koʻylariga solgay begumon.

Bir egilgan inson qaytib koʻtarolmas bosh,

Koʻrolmagay – qayda osmon, qaylarda quyosh.

 

Termiziy

Boʻlsa agar saroy ichra siz kabi mumtoz,

Ilmimizga tegarmidi foydasi biroz?

 

Uchinchi talaba

Yoʻq-yoʻq, ustoz, aslo bora koʻrmang, u joyga,

Yoʻqsa, bizni yoʻlatmaslar zinhor saroyga.

Soʻngra bizga kim ham saboq berar edi, kim?

 

Buxoriy

 

(Talaba yelkasiga qoʻlini qoʻyib)

 

Koʻngling shabnam kabi toza. Ofarin, oʻgʻlim.

Koʻzlaringga qoʻngan emas riyo gʻubori,

Boshlaringga yoqqani yoʻq dunyoning qori.

 

(Termiziyga)

Abu Iso, bu nigohga qaragin bir zum,

Tark etgali qanday qiysin bularni koʻzim.

Bu nigohlar zol ochunga hayrat va savol,

Nihol ekib, oʻzim uni etmasman zavol.

 

Termiziy

Ustozim, men ilmu urfon gʻamini yeyman,

Bandaga goh murosa ham lozimmi, deyman?

Zirvalarga odamizod chiqa olmas tik,

Amir qahri oʻpqon erur, undan qoʻrqqulik!

 

Buxoriy

Bandasining bu dunyoda bitta vahmi bor,

Qoʻrqadigan bir zot borkim, ul Parvardigor!

Biru bordan qoʻrqmasa kim, qoʻrqsa bandadan,

Har ilinjga mute boʻlgay, ketgay yuztuban.

Nafsu taʼma ul shoʻrlikni ketgay yetaklab,

Qad koʻtarib yashay olmas, yurgay emaklab.

Najot soʻrab kelganlarni itdek talar ul,

Manfaatning tovonlarin borib yalar ul.

Ollohidan qoʻrqqan aslo qoʻrqmas bandadan,

Bilar, Olloh har ishidan voqifdir, zotan.

Har xoʻrligu har zoʻrlikdan yonadi joni,

Koʻngil ichra isyon qilur uning iymoni.

 

Shu payt bir toʻda qalandarlar bostirib kirishadi. Buxoriy, Termiziy va uchinchi talaba bir tomonda, qalandarlar bir tomonda.

 

Birinchi qalandar

(Buxoriyga)

Nechun kelding Buxoroga, ey kofir Imom?

 

Ikkinchi qalandar

Shundoq sharif shahrimizni aylading harom!

 

Uchinchi qalandar

Ulamoga taʼna etgan, yozgʻirgan iblis!

 

Toʻrtinchi qalandar

Xaloyiqni Haq yoʻlidan ozdirgan iblis!

 

Buxoriy

Ey siz, soʻyloq aso tutgan johil olomon,

Oʻzingiz ham kimlargadir aso begumon.

Qayerdadir sohibingiz gij-gijlab turar,

Egasidan ragʻbat olgan it battar hurar.

 

Birinchi qalandar

(Buxoriyni koʻrsatib)

 

Buni dorga osmoq kerak koʻzini yoshlab!

 

Ikkinchi qalandar

Soʻymoq kerak bu shakkokni tovondan boshlab!

 

Uchinchi qalandar

Boʻyniga tosh osib suvga gʻarq qilmoq kerak!

 

Toʻrtinchi qalandar

Toshboʻronlar qilib uni oʻldirmoq kerak!

 

Termiziy

(oldinga chiqib)

Shunday zotni shakkok, degan tillarga laʼnat!

Oʻz rohatin oʻylamasdan, etmasdan minnat,

Toqat aylab shum zamonning tahqirlariga,

Malomati, haqorati – bari-bariga

Bardosh berib, bu dunyoda toʻplasa ziyo,

Evaziga malomatlar aylasa dunyo.

Jaholatning aso tutgan soʻqir koʻzlari –

Men haqman, deb daʼvo qilsa, quyun singari

Yopirilsa maʼrifatning chamanlariga,

Qandoq chidash mumkin, axir, buning bariga?

Falak, bu ne bedodlikdir, bu nechuk tahqir,

Yo Rabbano?! Sening koʻzing ochiq-ku, axir!

 

(Shu payt Varqo va Muhtasib kirib kelishadi.)

Birinchi qalandar

(Buxoriyni koʻrsatib)

Iblis bilan, shayton bilan hamkorga oʻlim!

 

Ikkinchi qalandar

Shum niyatin pinhon tutgan makkorga oʻlim!

 

Uchinchi qalandar

Kufru gʻaraz yoʻlin tutgan badkorga oʻlim!

 

Toʻrtinchi qalandar

Dinimizni buzmoq boʻlgan gʻaddorga oʻlim!

 

Buxoriy

Ey siz, zulmat gʻorlarida qolib ketganlar,

Ey siz, nurdan, shuʼladan xun talab etganlar!

Qonsiragan koʻzingizda shum niyatlar jo,

Bilurmenkim, kelmakdadir qaydan bu fatvo?

 

Varqo

Imom, dilda shakkoksizu tilda botirsiz,

Tagʻin kimga bundoq shaʼma qilayotirsiz?

Qalandarlar – Olloh doʻsti, diyonat dasti,

Hech kimsaga gʻarazi yoʻq, hech kimga qasdi.

Qoʻrqmagaylar, haqiqatni ayturlar tikka,

Faqat toqat qilolmaslar iymonsizlikka.

Jihod aylab dinimizni tozalash – kori,

Ular – iymon tayanchidir, islom lashkari.

 

Buxoriy

Ha, zoʻr lashkar, koʻzlaridan koʻringay oshkor,

Falakka tigʻ, quyoshga qoʻl koʻtargan lashkar.

 

Muhtasib

Din sofligi uchun qon ham toʻkilgay bot-bot,

Paygʻambardan meros erur muborak jihod!

 

Buxoriy

O-o-h!.. Paygʻambar nomi bilan oqdi qancha qon,

Muslim qonin daryo-daryo toʻkdi musulmon?!

Ozor bermang, degan axir, Rasuli akram –

Tinchu totuv yashayotgan gʻayridinga ham.

Bu lashkar-chi, kunduzlardan tun talab qilur,

Nadomatkim, oʻz qavmidan xun talab qilur.

Bu lashkaru lashkarboshin niyati ayon –

Saltanatga jon-jahd bilan intilgan ilon!

 

Varqo

Tuhmat qilmang, Imom, bular gʻarazdan olis,

Maqsadlari ezgu erur, niyati xolis.

Balli dengkim, Haq yoʻlini tutmishlar mahkam,

Buxoroning iymoniga sobit istehkom.

Gapingizdan anqiyotgan fitna boʻyidir,

Bular kecha-kunduz Amir duogoʻyidir.

 

(Qalandarlarga)

Ollohimning doʻstlari, bas, sizlarga ruxsat!

 

(Qalandarlar zikr tusha boshlashadi.)

Birinchi qalandar

Buxoroning iymonimiz!

 

Barcha qalandarlar

Haq, doʻst, yo Olloh!

 

Ikkinchi qalandar

Haqqa fidodir jonimiz!

 

Barcha qalandarlar

Haq, doʻst, yo Olloh!

 

Uchinchi qalandar

Yoʻldan ozdirma, Rabbano!

 

Barcha qalandarlar

Haq, doʻst, yo Olloh!

 

Toʻrtinchi qalandar

Yoʻllaringning qurbonimiz!

 

Barcha qalandarlar

Haq, doʻst, yo Olloh!

 

(Qalandarlar, “Haq, doʻst, yo Olloh!”ni

takrorlab chiqib ketishadi.)

 

Muhtasib

Qalandarlar sizdan biroz ranjigan oʻxshar?

 

Buxoriy

 

(kinoya bilan)

Bir kimsadan ranjimagay, bus-butun lashkar.

 

Varqo

Olloh ajrin bergay, banda qilgay tavakkul.

 

Muhtasib

Keldik Amir nomlaridan biz boʻlib vakil.

 

Buxoriy

Fuqarodan itoatdur, egamiz boʻyin.

 

Varqo

Tinglang! Shundoq boʻldi sizga amri humoyun:

 

(amrni ochib oʻqiydi)

Maqsadimiz – yurtda etmoq totuvlik joriy,

Buxorodan darhol chiqib ketsin, Buxoriy!

 

Termiziy

Yo Rab?!

 

Talaba

Ustoz?!

 

Buxoriy

Yo Rabbano?! Yo Qodir egam,

Bir boshimga shuncha balo kam edimi, kam?!

Yoʻllaringdan chiqmasam-u, yoʻlim bermasang,

Oʻz yurtimda osoyishta oʻlim bermasang?!

 

Muhtasib

Biz – egilgan boshdurmizkim, oʻzga ne iloj?

 

Buxoriy

Ha, siz – boshsiz! Amir sizga kiydirilgan toj!

 

Varqo

Izoh lozim emasdurkim, Amir ishongay!

 

Buxoriy

Quvnang endi, paykoningiz tegdi nishonga!

 

(Varqo bilan Muhtasib soxta taʼzim ila chiqib

ketishadi.)

Vatan yolgʻiz ilinj edi, soʻnggi manzil, voy,

Farzandiga bermadi u bir qabrlik joy!

Ayurmishlar meni bundoq chamandan ham,

Ketar boʻldim Vatandan ham, Vatandan ham!

 

Termiziy

Ustoz, ketmang, biz gʻariblar koʻzini yoshlab!

 

Talaba

Yuring, sizni men borayin uyimga boshlab!

 

Buxoriy

Yoʻq, meni deb boshingizga yoqqay malomat,

Men tugadim. Endi sizlar boʻling salomat.

Abu Iso! Ushbu yurtda shogirdlar bisyor,

Sen ularni ogʻushingdan ajratma zinhor.

Men – ummonga yetgan daryo! Solsalar ham band,

Ortdan kelgan oqim etgay bu bandni parkand.

Ollohimdan yogʻar ekan obi rahmat to –

Daryolarga band sololmas bandasi aslo!

Kitoblarim senga meros, shogirdlar meros.

Vidolashmoq payti keldi… Men endi biroz

Nafas rostlay. Oʻylab koʻray borar makonim.

Qani, keling!

 

(Vidolashish uchun bagʻrini ochadi.)

Termiziy

(quchoqlashib)

Ustoz!

 

Talaba

(quchoqlashib, yigʻlab)

Ustoz!

 

Buxoriy

Yigʻlama, jonim.

Arzimagay, bu dunyosi ohu zoringga!

Tashakkur ayt, ul padari buzrukvoringga…

 

Termiziy va talaba vidolashib chiqib ketishadi. Buxoriy qattiq iztirob ichida oʻyga toladi. Shuʼlalar zaiflashadi. Shu payt sahnaning bir chetida oppoq libosli Ona qiyofasi namoyon boʻladi.

Buxoriy

(hayrat ichida)

Yo Rab! Oʻzingizmi, muhtarama volidam?!

 

Ona

Qabul boʻlsin! Hajdan omon qaytdingmi, bolam?

 

Buxoriy

Onajonim, qirq besh yilga choʻzildi bu haj!

 

Ona

Uzun hajdir bu dunyoda umr degan vaj.

 

Buxoriy

Yoʻlim juda ogʻir boʻldi, mushkul boʻldi ul,

Bilmasmankim, dargohida aylarmi qabul.

 

Ona

Oʻlchanmagay bu yoʻl umring, muddating bilan,

Dargohiga kelgaysan oʻz niyating bilan.

 

Buxoriy

Onajonim, niyatimni tutgan edim pok,

Biroq yana sokinlikni koʻp koʻrdi aflok.

 

Ona

Sochlaringga qoʻnmish qirov, koʻzlaringda gʻam,

Koʻpi ketib, ozi qoldi, sabr etgin, bolam.

 

Buxoriy

Sarson boʻlgan bu vujudning gunohi nima?

 

Ona

Bu dunyoda xor vujudning gʻamini yema.

Koʻp ajoyib sirlar borkim, anglarsan hali,

Mezon – inson vujudimas, ilmu amali.

Koʻpi ketib, ozi qoldi, chekmagin alam,

Yana biroz sabr et… sabr et… sabr etgil, bolam!..

 

(Ona gʻoyib boʻladi.)

Buxoriy

(Choʻchib, oʻziga keladi.)

Shuncha mehnat chekib, shuncha mashaqqat chekib,

Goh darddan bukilib, goh gʻamlardan ichikib,

Chok-chokidan soʻkilibon ketsa ham bandim,

Ey bor Xudoyo, zinhor qargʻanmagandim.

Yoʻllaringda och qolganda, tashna qolganda,

Jonimga ming jabru jafo burov solganda,

Garchi riyozatlar chekdim, yondim, oʻrtandim,

Ey bor Xudoyo, zinhor qargʻanmagandim.

Soʻnggi damda Vatanimdan etdilar judo,

Endi esa qargʻanaman, ey bor Xudoyo!

Kim qasd qilgan boʻlsa menga, tutsin uvolim,

Oʻzlariyu farzandlari, ahli ayoli –

Barchasiga, yolboraman, yuborgil jazo,

Ey Ollohim! Ey Yaratgan! Ey bor Xudoyo!..

 

Oltinchi koʻrinish

 

Xartang qishlogʻidagi bir hovli. Oqshom. Hovli supasida Buxoriy, hovli egasi Gʻolib Abiy Jabroyil va shu yerlik olim Xartangiy suhbatlashib oʻtirishibdi.

Xartangiy

Hazrat imom, sizdek zotlar – Ollohning nuri.

Xira tortsa inson ongi, bashar shuuri –

Yuz yildami, ming yildami – qodir Xudoyim –

Hidoyatga boshlasin, deb basharni, doim

Yogʻdirgay oʻz nurin, biroq boisi nadir,

Zaminda bu nuri iloh topmagay qadr?

 

Buxoriy

O, Xartangiy, koʻp oʻyladim bu haqda men ham,

Bisyor sirlar Yaratganning oʻzida mubham.

Garchi nursiz yashay olmas na gul, na tikan,

Lek dunyoda nurdan ojiz quvvat yoʻq ekan.

Mana oling tabiatning ofatlarini,

Suv balosin, oʻt balosin –  dahshatlarini.

Toshqin boʻlsa, shiddatiga berolmayin dosh,

Togʻlardan to dengiz qadar dumalaydi tosh.

Yo oʻt tushsa, hoʻl-quruq, deb ajratmagay ul,

Qancha bogʻlar sal fursatda yonib boʻlgay kul.

Zilzilalar dahshati-ku, bundan ham yomon,

Ne-ne sobit koshonalar lahzada vayron.

Biroq nurning bundoq yovuz shiddati yoʻqdir,

Ziyoni yoʻq, qabohati, ofati yoʻqdir.

Tor tuynukdan tushgan nurga boqing, lojaram,

Toʻsmoq mumkin uni piyoz poʻsti bilan ham.

Turib qolgay shu sarhadda shoʻrlik boylanib,

Oʻtolmagay hatto shamol kabi aylanib.

Nur – iymonning belgisidir, koʻngildagi mulk,

Shu bois ham unda zoʻrlik, zoʻravonlik yoʻq.

 

Gʻolib Jabroyil

Balli, ustoz! Biroq yashnab turgali bu nur –

Quyosh kabi jovidon bir homiy ham zarur.

Buxoroda saroyiga chorlamish Amir,

Rad etmasdan, huzuriga borsangiz, axir,

Boʻlmasmidi ham koʻngil tinch, ham qorningiz toʻq?

 

Buxoriy

Umr faqat qorin gʻamin yemoq emas, yoʻq,

Gʻolib, ilming oʻzgalarga oʻrgatmasang sen,

Xazinani yerga koʻmib qoʻymoq bilan teng.

Inson umri yonib turgan bir shamga monand,

Shuʼlasidan boʻlmogʻi shart barcha bahramand.

 

Xartangiy

Yoqib boʻlmas shamni shamollarda, hoynahoy,

Unga, axir, xilvat lozim, osoyishta joy.

 

Buxoriy

Iloj yoʻqdir shamollarga sabrdan boʻlak,

Osoyishta makon boʻlmas, qabrdan boʻlak.

U esa eng soʻnggi manzil, soʻnggi marhala,

Unga qadar yonmoq kerak, yoʻq oʻzga chora.

 

Gʻolib Jabroyil

Xoʻsh, mana siz Buxorodan chiqmishsiz ketib

Baykand sari. Biroq sizdan avvalroq yetib

Bormish qushdek uchib hasad, tuhmat va boʻhton,

Vovaylo, deb yoʻl olmishsiz tagʻin biz tomon.

Garchi bizlar sizni boshga koʻtargaymiz, bas,

Umr faqat safarlarda oʻtsa ham boʻlmas.

Nelarnidir orttirmoq shart kelgach hayotga,

Bola-baqra, uy-joy lozim odamizodga.

 

Buxoriy

Toʻgʻri, Gʻolib, umr oʻtkazsam sokin, farogʻat,

Yogʻmasmidi boshlarimga shuncha malomat?

Biroq meni bolalikdan bir oʻy, bir xayol

Tinch qoʻymasdi, oʻz-oʻzimga berardim savol:

Rab yoʻllamish odamzodga ne-ne paygʻomlar,

Hidoyatga daʼvat etmish qancha Paygʻambar.

Lekin nechun gʻolib kelib qonlarda shayton,

Haq yoʻlidan yuz oʻgirmish hamisha inson?

Va, nihoyat, javob topdim bu savolga mos,

Odamzodni etgay faqat maʼrifat xalos.

Zabt ayladi bu xulosa qalbni bir yoʻla,

Oʻz domiga tortib ketdi oʻsha gʻulgʻula.

Yuragimga bashar baxtin orzusi indi,

Va oʻz baxtim juda-juda kichik koʻrindi.

Toʻgʻrimidi, xatomidi bu yoʻlim, bilmam,

Ammo zinhor pushmonim yoʻq, koʻngil xotirjam.

 

Xartangiy

Ha, maʼrifat – muqaddas yoʻl, ulugʻ yoʻl, ammo

Qay zamonda qadr topmish shoʻrlik ulamo?

 

Buxoriy

E voh, doim topavermas bu qavm qadr,

Biroq bashar baxti uning zimmasidadir.

Ulamolar samodagi yulduzga oʻxshar,

Unga boqib oʻz yoʻlini belgilar bashar.

Botsa agar ushbu yulduz, zulmatda shoshib –

Odamizod oʻz yoʻlidan ketgay adashib.

 

(Shu payt Ibnus Subkiy kirib keladi.)

Ibnus Subkiy

Assalomu alaykum, ey ahli safo!

 

Gʻolib Jabroyil

Marhabolar! Ibnus Subkiy!

 

Xartangiy

Keling!

 

Buxoriy

Marhabo!

 

Gʻolib Jabroyil

Necha kunkim, taqsir, koʻzdan boʻldingiz gʻoyib?

 

Ibnus Subkiy

Samarqanddan xabar topib keldim gʻaroyib.

 

Gʻolib Jabroyil

Xoʻsh-xoʻsh?

 

Xartangiy

Eshitaylik, ne xabar ekan?

 

Ibnus Subkiy

Podishohi Xurosonning farmoni bilan

Buxoroning amiri ul Xolid Zuhaliy

Jazolanmish!

 

Xartangiy

Nechuk jazo?

 

Ibnus Subkiy

Farmoni oliy

Sharti ila eshakka ters mindirilib u

Shahar ichra qilinmishdir sazoyi!

 

Buxoriy

Yo-hu!

 

Ibnus Subkiy

Soʻng zindonband etilmishdir. Hamda shahardan

Ahli ayol, farzandlari boʻlmish badargʻa.

 

Xartangiy

(Buxoriyga)

Hazrat imom, mana, koʻring, ahyon-ahyonda

Adolat ham bor ekan-ku, axir, jahonda.

 

Ibnus Subkiy

Qolmamishdir bu jazodan tagʻin benasib –

Haris ibn Abil Varqo hamda Muhtasib!

 

Buxoriy

(qoʻllarini falakka choʻzib)

Yo Xudoyim! Nahot, yetding mening dodimga,

Jonim fido, Qodir degan sening otingga?!

Ikki bora men oʻzingga qilib munojot,

Tilangandim, ikki gal ham berganding najot!

Qargʻangandim umrim boʻyi men faqat bir bor,

Uni ham sen qabul etding, yo Parvardigor!

 

Xartangiy

Ha, Ollohning amri barhaq, marhamati keng,

Gadoni shoh, shohni qilar gado bilan teng!

 

(Shu payt Mulla Qosid kirib keladi.)

Mulla Qosid

Assalomu alaykum!

 

Gʻolib Jabroyil

(yoqinqiramay)

Ha, keling, Qosid!

 

Mulla Qosid

Keldik-keldik. Bizni el-yurt ayladi vosit.

 

Ibnus Subkiy

Qani-qani, eshitaylik, yurt peshvosidan,

Ulus sizni ne yumushga etmish vosita?

 

Mulla Qosid

Bugun peshin biz masjidda aytar edik vaʼz,

Hovlimizda sodir boʻldi bir nizo baʼdaz.

 

Gʻolib Jabroyil

Boisi ne?

 

Mulla Qosid

Faqat meni tutgaylar maʼzur.

Ushbu nizo…

 

(Buxoriyni koʻrsatib)

Hazratimga taalluq erur.

Buxorodan va Baykanddan kelmishkim xabar,

Hazrat kezib elma-elu shaharma-shahar,

Sepib yurgan emishlar shakkoklik urugʻin.

 

(Barcha qattiq hayratda)

 

Kentimizdan ketsinlar, deb xalq etdi zugʻum.

Harchand xalqqa tushuntirmak boʻldik garchi biz,

Bir oyoqda turib olgan, lekin qavmimiz.

 

(Buxoriy boshini changallab oladi.)

Xartangiy

 

(kinoya bilan)

Va qavmingiz bir yoqadan chiqarmishdir bosh.

 

Mulla Qosid

Bas kelolmay qoldim men ham. Junbishda avbosh.

 

Gʻolib Jabroyil

Mulla Qosid! Axir, mehmon Ollohdan ato,

Mehmonini siylagaydir gʻayridin hatto!

 

Mulla Qosid

Shundoqkuya, kentimizda ulus betoqat,

Men alanga chiqishidan qoʻrqaman faqat.

Choʻchitgaydir meni qonlar toʻkilmoq xavfi,

Men bir vosit… Yana bir bor etsinlar afu.

 

(Taʼzim qilib chiqib ketadi.)

Hamma chuqur sukutga choʻmadi. Buxoriy ogʻir bosh koʻtarib falakka boqadi.

Buxoriy

Uchib yurar bu shum xabar shamoldan oʻzgʻin,

Yo Rab! Sening osmoningni bosganmi quzgʻun?

Yuragimga oʻzing solding buyuk bir daryo,

Va daryodek menga qoʻnim bermading aslo.

Osmoningda ziyo sochgan sayyora qilding,

Sayyoradek umrim boʻyi ovvora qilding.

Daraxt boʻlgim keldi, har gal koʻchirding meni,

Quyuningda zarra qumdek uchirding meni.

Bir jonimga ming zulmu ming qiynovlar boʻldi,

Umrim faqat sinov boʻldi, sinovlar boʻldi.

 

Ibnus Subkiy

Mulla Qosid niyatiku, besh qoʻlday maʼlum,

Xaloyiqni qoʻzgʻagan ham shu niyati shum.

 

Xartangiy

Qaygʻurmangiz, Hazrat! Ertan biz yigʻib xalqni,

Anglatgaymiz siz haqda bor haqiqat, haqni.

Shum Qosiddan kam emasdir bizning ham nufuz.

 

Buxoriy

Yoʻq-yoʻq! Agar men ketmasam, tinchimas ulus.

Yongan oʻtdir, toshqin suvdir johilning jahli.

Meni daʼvat etgan edi Samarqand ahli,

Bergan nonu tuzingizga rozi boʻling, bas,

Xayr endi, darhol yoʻlga tushmasam boʻlmas.

 

Gʻolib Jabroyil, Xartangiy, Ibnus Subkiylar bilan quchoqlashib xayrlashadi va eshik sari yuradi. Ular uning ortidan ergashishadi. Uch-toʻrt qadam yurgach, gandiraklab ketadi va qulab tusha boshlaydi. Mezbonlar uni suyab qolishadi.

 

Gʻolib Jabroyil

Nima boʻldi sizga, Hazrat?!

 

Ibnus Subkiy

Suv keltir, Gʻolib!

 

(Gʻolib suvga yugurib ketadi.)

 

Xartangiy

(Buxoriyga)

Hozir oʻtib ketgay. Biroz qolmishsiz tolib.

 

Buxoriy

(holsiz)

Yoʻq! Ey iymon, soʻnggi damda endi solim tur.

Oʻtmas dard bu. Endi oʻtmoq mening galimdur.

 

Gʻolib Jabroyil idishda suv olib keladi. Buxoriyga bir-ikki qultum suv ichirishadi. U biroz oʻziga kelgandek boʻladi.

 

Dunyoni keng, deb oʻylagan ekanman bekor,

Bu dunyosi bir bandaga boʻlib qoldi tor.

Koʻpi ketib, ozi qoldi. Yo Qodir Egam!

Mana, ozi ham tugadi! Aziz volidam!

Yetkazingiz, afu etdim men gʻaddorlarni,

Hasadgoʻylar, boʻhtonchilar, riyokorlarni.

Kim yomonlik qilgan boʻlsa, yoddan oʻchirdim,

Yetkazingiz, zolimlarning zulmin kechirdim.

Ham-m-masini kechirdim men! Ey Qodir Egam!

Darigʻ tutma rahmatingni oʻshalardan ham!

Alvido, ey foniy dunyo! Ey achchiq hayot!

Assalom, ey abadiyat! Assalom, mamot!

Men tayyorman! Yuzim yorugʻ! Oʻzingda xayol!

Olar boʻlsang, bor Xudoyo, omonating ol!

Lo iloha illalloh! Muhammadun abduhu va

Rasuluhu!…

 

Hazrat Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hazratlari jon taslim etadilar. Xartangiy, Gʻolib Jabroyil, Ibnus Subkiy yuzlariga fotiha tortishadi…

 

 Usmon QOʻChQOR

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

 


[1] Jurnal varianti.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.