Hey, kim bor?

0
215
marta koʻrilgan.

Uilyam SAROYAN

  

Chekka bir qasabaning kichik turmasi. Kameradagi yigit qoshiq bilan polni ohista taqillatadi. Bir muddat goʻyo telegrafda nenidir uzatayotgandek ovoz beradi, oʻrnidan turib, kamera boʻylab yura boshlaydi. Kamera oʻrtasida dafʼatan toʻxtab, jim qotadi. Aftidan yarador boshini avaylab ushlab koʻradi. Atrofga alanglaydi, keyin baqiradi.

 

Yigit. Hey kim bor? Kim bor?!

Sukut.

Hey, javob ber, kimdir bormi?

Uzoq sukut.

Hey, kim bor?!

 

Bir qizning gʻoyat ohangdor va nozik ovozi eshitiladi.

 

Ovoz. He-yey!

Yigit. Keyti, bu senmisan?

Ovoz. Yoʻq. Men Emiliman.

Yigit. Kim deysan? (Sabrsiz ohangda) Hey, eshityapsanmi?

Ovoz. Emili!

Yigit. Qanaqa Emili? Men hech qanday Emilini tanimayman. Bundan uch yil burun Salinasda Semning qahvaxonasida uchratganim… oʻsha qiz emasmisan?

Ovoz. Yoʻq, men bu yerda oshpaz oʻrnidaman. Oshpazman. Salinasda hech qachon boʻlmaganman. Men uning qayerda ekanini ham bilmayman, hatto.

Yigit. Oshpazman, degin.

Ovoz. Ha.

Yigit. Sen nima tayyorlaysan oʻzi… biror yegulikmi?

Ovoz. Nimani buyurishsa, shuni tayyorlayman. (Sukut) Zerikdingmi u yerda?

Yigit. Boʻriday uvillasam deyman. Boʻkirishimni eshityapsanmi? Hey, kim bor?!

Ovoz. Kimni chaqiryapsan?

Yigit. Kimni ham chaqirardim, umuman. Hammani eslashga harakat qildim, kimga xat yozsam ekan, deb, yoʻq, hech kimni eslay olmadim.

Ovoz. Keyti-chi?

Yigit. Hech qanday Keytini bilmayman.

Ovoz. “Sen Keyti emasmisan?” deb oʻzing soʻrading-ku.

Yigit. Chiroyli ism-da Keyti. Bu ism menga juda-juda yoqadi. Ammo bunday ismli qizni hech qachon uchratmadim.

Ovoz. Men bilaman bunday ismli qizni.

Yigit. Nahotki?! Oʻzi qanday u qiz? Baland boʻylimi, kichkinami?

Ovoz. Kichkina.

Yigit. Hey, eshityapsanmi? Oʻzing qanaqa qizsan?

Ovoz. Qaydan bilay men?

Yigit. Hech kim senga aytmaganmi? Biror kimsa gapirmaganmi bu xususda?

Ovoz. Nima xususida?

Yigit. Oʻzing bilasan-ku? Gapirmaganmi?

Ovoz. Yoʻq, gapirmagan.

Yigit. Voh, galvarslar-e, nahot shunchalik boʻlsalar-a? Ovozingdan bilib turibman – sen ketvorgan qizsan.

Ovoz. Balki shundaydir, balki unchalik emasdir.

Yigit. Men ham hech qachon yanglishmaganman.

Ovoz. Ja, koʻrinib turibdi. Shuning uchun ham turmada oʻtiribsan.

Yigit. Endi, bu – yanglishmovchilik.

Ovoz. Aytishlaricha, birovni zoʻrlaganmishsan.

Yigit. Boʻlmagʻur gap, uydirma bu!

Ovoz. Boʻlmagʻur gap, ammo xuddi boʻlgandek.

Yigit. Tentaklar.

Ovoz. Ha, omading kelibdi… Qoʻrqyapsanmi?

Yigit. Xudo haqqi, judayam (Dafʼatan) Hey, kim bor?!…

Ovoz. Nega hadeb baqiraverasan?

Yigit. Siqilib ketdim. Boʻriday uvlagim kelyapti. (Choʻzib) He-yey, javob ber, kim bor?..

 

Yon atrofdagi panjara eshik oldida qiz paydo boʻladi. Odmi koʻylakda, soddagina bir qiz.

 

Qiz. Men ham juda zerikdim, juda.

Yigit. (Aylanib unga boqarkan) Nahotki? Aldamayapsanmi? Zerikarlimi senga ham bu gʻaddor muhit?

Qiz. Mening ham boʻriday uvlagim kelyapti.

Yigit. Kimni sogʻinib zerikyapsan?

Qiz. Bilmayman.

Yigit. Men ham bilmayman. Mana bunday kavakka tiqib qoʻyganlaridan keyin tanish qizlaringni hamda tanishga ulgurmagan qizlaringni eslasang, yana-da zerikarli boʻlarkan.

Qiz. Tushunarli, nimasini aytasan.

Yigit. Oh, naqadar ayanchli! (Sukut) Sen goʻzal qizsan, bilsanmi oʻzing?

Qiz. Valdirama!

Yigit. Yoʻq, valdirayotganim yoʻq. Goʻzalsan, hatto ahmoqqa ham koʻrinib turibdi. Sen, ehtimol, bu yorugʻ dunyoda eng goʻzal qizsan.

Qiz. Men mutlaqo unaqa emasman, sen buni yaxshi bilib turibsan.

Yigit. Yoʻq, sen shundaysan. Men sendan chiroylirogʻini hali shuncha dunyo kezib koʻrganim yoʻq. Texasda omadim yurishib ketishini bilardim.

Qiz. Omad? Sen axir turmadasan. Bu yerda senga tishlarini qayrab turganlarning hisobi yoʻq.

Yigit. Boʻlmagan gap. Chiqib ketaman!

Qiz. Kim biladi, deysan.

Yigit. Yoʻq, hammasi yaxshi boʻlib ketadi. Bugundan boshlab.

Qiz. Nega endi bugundan boshlab?

Yigit. Yaʼni, seni koʻrgandan boshlab. Endi men nimaning qadriga yetishim kerakligini bilaman. Shu paytgacha hammasiga tupurardim, unaqasiga ham, bunaqasiga ham. Charchadim. (Sukut) Biror ishning kalavasini topolmasdan charchadim, sira qoʻlga kiritolmadim. Hozir esa charchoqni ham unutib qoʻydim. (Kutilmaganda) Hey, kimdir bormi, eshitmayapsanmi?

Qiz. E-e, yana kimni chaqiryapsan?

Yigit. Seni.

Qiz. Men shu yerdaman-ku.

Yigit. Bilaman. (Baqirdi) Hey, eshityapsanmi?

Qiz. Hey, eshityapman!

Yigit. A-ha, senmisan, malagim! (Sukut) Men senga uylansam deyman. Men sen bilan ketishni xohlayman. Men seni San-Fransiskoga oʻzim bilan olib ketaman. Men endi tirildim. Shunday pul ishlay-ki! Ularni ehtiyot qilib sarflashni oʻrganaman. Pulimiz gʻaram-gʻaram boʻladi.

Qiz. Yoʻgʻ-e?

Yigit. Ha-da. Isming nima edi?

Qiz. Emili.

Yigit. Buni bilaman. Davomi?

Qiz. Xudo haqqi rost. Meni shunday atashadi. Emili Smit.

Yigit. Sen bu dunyodagi eng gʻaroyib qizsan, bilasanmi?

Qiz. Nima uchun?

Yigit. Nima uchunligini bilmaymanu, lekin shundaysan, vassalom. Qayerda tugʻilgansan?

Qiz. Matodorda, Texasda.

Yigit. Matodoring qayerda?

Qiz. Shu yerning oʻzida.

Yigit. Ie, bu yer Matodormi?

Qiz. Ha, bu yer Matodor. Seni Vilingdan olib kelishdi.

Yigit. Qiziq, men Vilingda edimmi?

Qiz. Nima, sen qaysi shahardaligingni bilmaganmiding?

Yigit. Hamma shaharlar bir goʻr. Hech farqi yoʻq bir-biridan. Viling bu yerdan uzoqmi?

Qiz. Oʻn oltimi, oʻn yettimi mil narida. Qayerga olib ketayotganlarini bilmasmiding?

Yigit. Hushdan ketib, taxta boʻlib qolsam, qanday qilib bilayin. Kimdir boshimga qoʻrgʻoshin quvur bilanmi yoki shunga oʻxshash narsa bilanmi tushirganini ilgʻayman. Nima uchun shunday qildiykin-a?

Qiz. Zoʻrlaganing uchun. Ular shunaqa deyishdi.

Yigit. Qip-qizil boʻhton! (Sarosimalanib, oʻziga-oʻzi) U mendan pul talab qildi.

Qiz. Pul?

Yigit. Ha-da. Omadsizligimni sindiraman, deb bir shalaq qasabadan boshqasiga sarson-sargardon yugursang-yelsang, biror mehribon uchrarmikan deb qaqshasang-u, mana senga. U ayol pul talab qilsa. Men unga ham hayot zerikarli ekan, deb oʻylabman.

Qiz. Ehtimol, chindan ham shundaydir?

Yigit. U shunchaki, u ayol anaqalardan…

Qiz. Shu voqea boʻlmasaydi, men sen bilan uchrashmas edim.

Yigit. Kim biladi deysan, balki, bu taraflarga yoʻlim tushardi, balki, shaharning qayeridadir seni uchratardim. Men seni darrov tanib olardim!

Qiz. Yoʻgʻ-e!

Yigit. Gap tamom, vassalom, bir qarashda tanib olardim.

Qiz. Xoʻp, keyin-chi?

Yigit. Keyin nima boʻlardi, sen meniki boʻlarding.

Qiz. Rostanmi?

Yigit. Xudo haqqi, ha, meniki boʻlarding!

Qiz. Sen bu gaplarni turmada oʻtirganing uchungina gapiryapsan.

Yigit. Mutlaqo undaymas. Bas, narsalaringni yigʻishtirib, meni kut. Biz bu yerdan toʻppa-toʻgʻri San-Fransiskoga qochamiz.

Qiz. Sen shunchaki yolgʻizsan, shundan bari narsa zerikarli tuyulyapti senga.

Yigit. Men uchun hayot doim zerikarli, butun umrim zerikarli oʻtdi, bu dardga darmon yoʻq. Lekin biz birga boʻlsak, sen va men shunday yashaymizki, ortigʻi ortiq. Sen menga omad keltirasan. Men bilaman.

Qiz. Nima uchun sen hamisha omadni quvib yashashing kerak?

Yigit. Men bolalikdan qimorbozman. Mehnat-pehnat deganini bilmayman. Men yo omadni kutishim kerak yoki… umuman hech narsaga yaramayman. Oxirgi yillarda omad menga kulib boqmadi. Ikki yil u devordan bu devorga boshimni urdim. Boʻlmadi. Omadsizlikni koʻr, shu razil Vilingga tushib qolibman. Omadsizlik oʻzimning koʻlankamdek doim taʼqib qiladi meni. Shuning uchun ham bu yerdaman, shuning uchun ham kallamni yorishlariga oz qoldi. Aniq, bu oʻsha dayus cholning qoʻli.

Qiz. Oʻsha xotinning otasimi?

Yigit. Yoʻq, eri. Agar shunaqa qichima ayol mening xotinim boʻlganda, allaqachon jarga irgʻitvorgan boʻlardim.

Qiz. Agar men sen bilan birga boʻlsam, ishlaring yurishib ketadi, deb oʻylaysanmi?

Yigit. Boʻlmasam-chi, albatta! Koʻcha-koʻylarda itday sanqib, birovlarga anqayishning nimasi yaxshi? Doim yoningda kimingdir boʻlsa, qish sovugʻida, hammayoq gullab-yashnagan bahorda, issiq yozda, bemalol choʻmilishing mumkin, qanday yaxshi: yilning toʻrt faslida, yomgʻirda, hamma vaqt, to oʻlguncha odamning yonida yuradigan kimidir boʻlishi kerak. Uzoq yillar qadrlay oladigan odaming boʻlsa, yomonligingni bilib tursa-da, seni, baribir, sevadigan odaming boʻlsa. Bilaman, men yaxshi odam emasman, lekin nima qilay, ilojim qancha, qoʻlimdan nimayam kelardi. Agar sen men bilan birga ketsang, men yaxshi odam boʻlardim. Tentaklikni yigʻishtirardim. Bilasan-ku, yoningda puling bormi, endi sen tentak boʻlolmaysan, endi sen sipo bir odamsan, chunki endi sening nomingdan puling gapiradi. Menda jaraq-jaraq pul, sen esa dunyoda eng goʻzal, eng dono qiz boʻlasan. Biz ikkimiz San-Fransisko boʻylab qoʻltiqlashib, magʻrur sayr qilib yuramiz. Hamma bizga angrayib qaraydi.

Qiz. Nahotki angrayib qarashsa?

Yigit. Boʻlmasam-chi! Men kiyinib olishga ulgursam boʻldi, qoʻltigʻingdan olaman-da, Keyti, koʻrasan oʻzing ularning angrayishlarini. Chindan-da qarasa qaragudek.

Qiz. Keyti?!

Yigit. Ha, endi bu ism seniki. Sen Keyti deb ataydiganim birinchi qiz boʻlding. Bu ismni sen uchun asrab keldim. Yoqadimi?

Qiz. Yoqadi.

Yigit. Men qachondan buyon bu yerdaman?

Qiz. Oʻtgan kechadan beri. Ertalabgacha oʻrningdan qimirlamading.

Yigit. Soat necha? Toʻqqiz boʻlgandir?

Qiz. Oʻn.

Yigit. Bu sassiq kameraning kaliti senda bormi?

Qiz. Yoʻq. Kalitni menga ishonishmaydi.

Yigit. Lekin sen topib kelishing mumkinmi uni?

Qiz. Yoʻq.

Yigit. Harakat qilib koʻrsang-chi!?

Qiz. Meni kalitga yaqin yoʻlatishmaydi. Agar turmaga aristonlar kelsa, faqat pishiriq tayyorlayman, supuraman, shunga oʻxshash yumushlar.

Yigit. Gap bunday, men bu yerdan chiqib ketishim kerak. Bu doʻkonning egasini taniysanmi?

Qiz. Taniyman, lekin seni qoʻyib yubormaydi. Aytishlaricha, seni boshqa shaharga oʻtkazishar ekan.

Yigit. Nega endi?

Qiz. Qoʻrqishadi.

Yigit. Nega qoʻrqadilar, nimadan?

Qiz. Tunda bu yerga Vilingdan odamlar kelib, turmaga bostirib kirishlaridan qoʻrqishadi.

Yigit. Ana xolos! Nima kerak oʻzi ularga?

Qiz. Nima kerakligini goʻyo bilmaysan-a?

Yigit. Ha-a, bilaman.

Qiz. Qoʻrqyapsanmi?

Yigit. Albatta, qoʻrqyapman… Eng dahshatlisi – nimadan qoʻrqayotganingni bilmaslik! Agar odamlar tentak boʻlmasa, bahslashishing mumkin. Tentaklar bilan bahslashib boʻlmaydi, ular faqat oʻzlarinikini ushlab oladilar. Bu yerdan ketishimga yordam ber!

Qiz. Qanday qilib?

Yigit. Kalit kimda boʻlsa, oʻshani top, u bilan suhbatlashishni xohlayotganimni ayt.

Qiz. U uyga ketgan. Hammalari ketgan.

Yigit. Bundan chiqdi, bu yerda bir oʻzim ekanman-da.

Qiz. Shunday… agar meni hisobga olmasa.

Yigit. Nega bunday? Nima uchun? Nahotki bu yerda hech kim qolmasa?

Qiz. Kechasi hamma uyiga ketadi. Men ham u yoq-bu yoqni yigʻishtirib, ketishim kerak edi. Bugun tutilib qoldim.

Yigit. Nega?

Qiz. Sen bilan gaplashay dedim.

Yigit. Nima haqda?

Qiz. Bilmadim… Oqshom senga qarab turdim. Sen tushingda gapirding. Men senga yoqib qolganimni angladim. Sen oʻzingga kelganingdan keyin ham meni yoqtirib qolishingni sira oʻylamagan edim.

Yigit. Nahotki? Nega?

Qiz. Bilmadim.

Yigit. Sen chindan-da malaksan.

Qiz. Hech kim men bilan gaplashmagan. Bari shahar yigitlari… ular… (Jim boʻladi)

Yigit. Nima ular? (Sukut) Ular nima, axir? Gapir, gapir.

Qiz. Ustimdan kulishadi.

Yigit. Sening ustingdan-a?! Galvarslar! Eh, nimani tushunardi ular! Bor, yigʻishtirib ortingga qayt. Men seni San-Fransiskoga olib ketaman. Yoshing nechada?

Qiz. Oʻ, men allaqachon katta qizman.

Yigit. Yoshing nechada, faqat aldama.

Qiz. Oʻn yettida.

Yigit. Mayli, ota-onangni olib kel. Ketish oldidan nikohdan oʻtamiz.

Qiz. Ular meni qoʻyib yubormaydilar.

Yigit. Nima uchun?

Qiz. Bilmayman. Lekin qoʻyib yuborishmaydi, aniq qoʻyib yuborishmaydi.

Yigit. Otangga ayt, oʻjarlik qilmasin. Tushundingmi? U fermer emasmi?

Qiz. Yoʻq, hech kimmas. Uni qayerdadir mayib qilganlari uchun nafaqa toʻlaydilar. Uning yonboshi ogʻriydi. Bilmadim, u yerda nima joylashgan.

Yigit. Mugʻombir u, bildingmi? Ammo seni bu yerdan baribir olib ketaman.

Qiz. Ishlagan pulimni ham yulib oladi.

Yigit. Haqqi yoʻq!

Qiz. Bilaman, lekin u tortib-yulib oladi.

Yigit. (Oʻzicha) Shundayin qasabada tugʻilganingni qara, yana ustiga ustak goʻrsoʻxta otangdan oʻrgildim!

Qiz. Baʼzida unga rahmim keladi.

Yigit. Rahming kelmay qoʻyaqolsin. (Barmogʻini maʼnodor koʻtaradi) Otang bilan bir narsa qilib kelishib olarman. Ikki-uchta ilmiliq soʻz topaman uning uchun.

Qiz. Koʻrinib turibdi.

Yigit. (Dafʼatan) Hey, kimdir bormi?!. Eh, agar sen anavi kalitli merovni olib kelib, meni bu yerdan chiqarib yuborganingda edi…

Qiz. Axir qoʻlimdan kelmaydi-ku!

Yigit. Nima uchun?

Qiz. Men bilan bu yerda hisoblashishmaydi. Hammasi boʻlib oladiganim – kuniga ellik sent, baʼzi kunlar oʻn ikki soatlab ishlayman. Men bilan hisoblashishmaydi

Yigit. Qancha toʻlashadi deding?

Qiz. Ellik sent.

Yigit. (Atrofga olazarak qarab) Eshityapsizmi?! Senga bir boqishlari uchun haq toʻlashlari kerak. Sen nafas olayotgan havodan nafas olayotganlari uchun toʻlashlari kerak. Tushunmayman! Tushunmayman, nahotki buning oxiri boʻlmasa! Bu yerdan qutqar meni, Keyti. Men qoʻrqyapman.

Qiz. Nima qilishimni bilmayman. Darvozani sindira olarman, balki.

Yigit. Kuching yetmaydi. Toʻqmoq yoʻqmi bu yerda? Yoki shunga oʻxshagan biror narsa bormi?

Qiz. Faqat supurgi bor. Supurgini ham qulflab qoʻyishgandir.

Yigit. Borib qara-chi, biror narsa topilmasmikin?

Qiz. Xoʻp. (Ketadi)

Yigit. Hey, kimdir bormi?! Hey, kim bor?! (Sukut) Hey, eshityapsanmi? (Sukut) Turmaga oʻtqazdingmi meni?! (Nafrat bilan) A-a? Odamni zoʻrlashmi?! Dunyoda nimaiki ezgulik boʻlsa, borini zoʻrlayotganlar, ezib-toptayotganlar – ular! (Dafʼatan) Hey, kimdir bormi! Kim bor!..

Qiz. (Qaytarkan) Hech yerda hech narsa yoʻq. Hammasini qulflab ketishgan.

Yigit. Ehtimol, sigaret bordir?

Qiz. Hamma gʻaladonlarni, hamma jovonlarni qulflab ketishgan. Hammasini.

Yigit. Juda chekkim kelyapti!

Qiz. Biror joydan biror quti topsam boʻlar. Menimcha, dorixona hali ochiq boʻlsa kerak. Bu yerdan bir mil narida.

Yigit. Bir mil?.. Buncha uzoq qolishni istamayman.

Qiz. Yugurib borib, yugurib qaytishim mumkin.

Yigit. Yer yuzida eng ajoyib qizsan sen!

Qiz. Qanaqasidan olayin?

Yigit. Qanaqasi boʻlsa ham mayli – “Chesterdoild”, “Kemel” yoki “Lakki Strayk”, har qanaqasiyam boʻlaveradi!

Qiz. Hozir. (Yugurishga shaylanadi)

Yigit. Pul-chi, pul?

Qiz. Menda biroz bor. Chorak dollar yashirib qoʻygandim. Butun yoʻl boʻylab yuguraman. (Ketish uchun qayriladi)

Yigit. Toʻxta!

Qiz. (Unga yaqinlashadi) Nima gap?

Yigit. Qoʻlingni ber. (Qizning qoʻllarini ushlab, unga kulib qaraydi. Keyin lablariga bosadi.) Oʻlgudek qoʻrqaman.

Qiz. Men ham.

Yigit. Bu Xudo urgan qasabaga ortiq hech kim kelmaydi va seni topolmaydi, deb qoʻrqaman. Atrofingdagi hamma narsaga koʻnikasan, hammasi bilan kelishib ketasan, deb qoʻrqaman. Hech qachon sen San-Fransiskoga borolmaysan, senga angrayib qarashlarini koʻrolmaysan, deb qoʻrqaman.

Qiz. Ha, toʻpponchani otamdan olaman. Qayerda saqlashini bilaman.

Yigit. Ol! Sigaretga tupur!.. Bor kuching bilan yugur!

 

Qiz qochib ketadi. Yigit kamera oʻrtasida uzoq muddat jim qoladi.

 

Qiz. (Ortiga qaytib, yigʻlamsirab.) Qoʻrqyapman. Ortiq seni koʻrolmayman, deb qoʻrqyapman. Qaytib kelganimda sen bu yerda boʻlmasang, men…

Yigit. Hey, eshityapsanmi!

Qiz. Shahar boʻm-boʻsh. Bir tirik jon yoʻq, faqat shamol hasratli uvullaydi. Men shu yerda qolaman. Seni olib ketishlariga yoʻl qoʻymayman.

Yigit. Eshit, Keyti. Mening aytganimni qil. Toʻpponchani ol-da, orqaga qayt. Ehtimol, bu tun ular kelmaslar. Ehtimol, umuman kelmaslar. Men toʻpponchani yashiraman, meni chiqarib yuborishgach, qayerdan olgan boʻlsang, yana joyiga qoʻyasan. Keyin biz ketamiz, boʻl endi, shoshil.

Qiz. Xoʻp. (Sukut) Men senga bir narsa demoqchi edim…

Yigit. Qani, ayt…

Qiz. (Nozli) Agar kelganimda sen bu yerda boʻlmasang, toʻpponcha bor, ularni nima qilishni oʻzim bilaman!

Yigit. Otishni bilasanmi?

Qiz. Bilaman.

Yigit. Dovdirama. (Boshmogʻini yechadi, uning ichidan pul oladi.) Tentak boʻlma, eshityapsanmi? Mana bu pul. Sakson dollar. Uni olgin-da, San-Fransiskoga joʻna. Tevarakka qarab, biroz odambashara birortasini top, eshityapsanmi? Kelganingda men bu yerda boʻlmasam, toʻpponchani tashla, toʻgʻri San-Fransiskoga bor, menga vaʼda ber. Birorta inson topilib qolar.

Qiz. Men hech kimni axtarmayman.

Yigit. (Tez, iztirob bilan) Mening aytganimni qil! Men seni San-Fransiskoda kutaman. Boshmogʻimning u poyida ham nimadir bor. Men seni San-Fransiskoda topib olaman.

Qiz. (Ikkilanib) San-Fransiskoda?

Yigit. Ha, San-Fransiskoda. Bu shahar juda bizbop-da.

Qiz. Men doim katta shaharga ketishni xohlardim. Lekin qanday qilib bir oʻzim yolgʻiz bora olaman?

Yigit. Lekin endi sen yolgʻiz emassan, eshityapsanmi?

Qiz. U qanday shahar oʻzi, biroz gapirib ber.

Yigit. (Tez, avval, hatto sabrsizlik bilan, soʻngra ohista-ohista, kulimsirab eslay boshlaydi. U sokin hikoya qilarkan, qiz yigit tomon yaqinlashib boradi.) Avvalo, u Tinch okeani sohilida, qayoqqa qarama – okean. Namxush tuman va chagʻalaylar. Ingichka yoʻlaklar goh balandga, goh pastga shoʻngʻiyotgandek koʻrinadi. Har kecha tumanlar ichidan sirenalarning uvlashi taraladi. Lekin biz ularning ingrogʻini eshitmaymiz.

Qiz. U yerda, San-Fransiskoda odamlar boshqachami?

Yigit. Hamma yerda odamlar bir xil. Qachondir, kimnidir sevib qolsalar, oʻzgacha boʻlib qoladilar. Faqat sevgi insonlarni oʻzgartira oladi. San-Fransiskoda esa sevishganlar koʻp. Bori shu.

Qiz. Hech qayerda seni hech kim menchalik seva olmaydi.

Yigit. (Atrofga shivirlab.) Bu soʻzlarni eshitarkan, inson oʻlimga ham tayyor boʻladi. Oʻlayotib, baribir, oʻzini baxtiyor hisoblay oladi. Endi shoshilishing kerak. Unutma, agar sen qaytib kelganingda, meni bu yerda topolmasang, bilginki, men seni San-Fransiskoda izlab yurgan boʻlaman.

 

Qiz yigitga termuladi, soʻng taraddudlanadi, keyin qayrilib chiqib ketadi. Yigit uning ortidan tahlikali tabassum bilan qarab qoladi. Dafʼatan oʻtiradi va qoʻllari bilan yuzlarini toʻsadi. Yiroqdan avtomobillarning shovqini eshitiladi. Yigit sergaklanib tinglaydi, mashina eshiklari taraqlab yopiladi. Yogʻoch darvozaga kalit solingani eshitiladi. Yoʻlakda qadam tovushlari. Vazmin, ehtiyotkor va bir vaqtning oʻzida gʻoyat surbet erkak kiradi.

 

Erkak. Men turma boshligʻi emasman.

Yigit. Xoʻsh, xoʻsh? U holda kimsiz?

Erkak. Men erman.

Yigit. Kimning erisiz?

Erkak. Kimning eri ekanimni oʻzing bilasan.

Yigit. Buni qarang-a! (Erkakka sinchkovlik bilan tikiladi.) Oʻtgan kecha mening boshimga urgan siz emasmisiz?

Erkak. Xuddi oʻziman.

Yigit. (Rosmana alam bilan) Odamlarning boshiga urishga qaysi shayton sizga izn berdi?

Erkak. Xoʻsh, senga-chi? Qaysi shaytonning ishini qilding, it!

Yigit. (Boshini ushlarkan.) Siz boshimni yaraladingiz. Odamlarning boshiga urishga haqqingiz yoʻq.

Erkak. (Qattiq gʻazab bilan) Javob ber. Qaysi shaytonning ishini qilding?

Yigit. Hey, quloq soling, panjara ortida boʻlganim uchungina baqiraverasizmi menga? Erman, deysiz, kimning eri ekaningizni bilasizmi?

Erkak. (Toʻpponchasini oladi) Qani, oʻchir ovozingni!..

Yigit. Hay, mayli otavering… (Xotirjam) Butun bir marosimni buzasiz… Oshnolaringiz nima deydi? Ularning feʼliga uncha ham toʻgʻri kelmas, deyman. Oʻlgan odamni tepgandan ne rohat? (Erkak toʻpponchasini yashiradi.) Nima qilishingizni menga aytgani kelgansiz. Men gapirmasam ham boʻladi. Nima qilmoqchiligingizni bilaman. Gazetalarni oʻqib turaman. Bunaqa fitnali ishlar qanday uyushtirilishidan xabardorman. Butun bir olomon bir kishiga tashlanadi va ur-sur qiladi. Yoki shunday emasmi? Kiyimlarini yirtib-yulqib, soʻng tepa boshlaydilar. Yoki shunday emasmi? Ayollar va bolalar atrofda toʻplanib, moʻltirab tomosha qiladilar. Xoʻsh, unday emasmi? Menga qarang, siz bu marosimni boshlashdan avval ichimdagi baʼzi gaplarni bir toʻkib solay. Siz dahshatli ravishda haqoratlangansiz. Qandaydir bir begona sizning pokiza, begunoh, oqila xotiningizni masxara qilish uchun shahringizga kelibdi. Siz uning adabini berib qoʻyishingiz kerak, albatta. Siz oilaning muqaddas oʻchogʻini muhofaza qilasiz, axir. (Dafʼatan) Hey, siz, eshiting! Men uni sizning xotiningiz ekanini mutlaqo bilmaganman, men u ayol kimningdir xotini ekanini bilmaganman…

Erkak. Yolgʻon!

Yigit. Yolgʻon gapirgan paytlarim boʻlgan, lekin hozir emas. Eshitasizmi, nima ish oʻtganini aytib bersam?

(Erkak javob bermaydi.)

Mayli, butun haqiqatni sizga aytib beraman, menga Xudoning oʻzi guvoh. Men u bilan barda tanishdim. U mening yonimga kelib oʻtirdi. Boʻsh joylar ogʻzini ochib yotsa-da, u baribir, mening yonimga kelib oʻtirdi. Kimdir radiolaga tanga tashladi. “Nyu-San-Antonio” – bir erkakning tovushini tinglayapman. Ayol bu qoʻshiq haqida hikoya qilardi, men boʻlsam bufetchi bilan gaplashyapti, deb oʻylabman. Yoʻq, qarasam, bufetchi unga javob bermayapti. Shunday qilib men javob berdim, mana shunday tanishdik. Mutlaqo unaqa narsa xayolimga ham kelgani yoʻq. Birga ochiq havoga chiqdik. Eshitgan birinchi soʻzim “Men shu yerda yashayman”, degani boʻldi.

Erkak. Yolgʻon gapiryapsan, it.

Yigit. Axir haqiqatni bilishni istaysiz-ku.

(Erkak javob bermaydi.)

Hay mayli. Shunday, u meni uyga taklif qildi. Balki, uning xayoli boshqa boʻlgan. Balki, boʻlmagan. Menga nima! Menga baribir. Balki, uning koʻngli bir narsa tusar, balki, boshqa narsadir. Kirsam kiribman-da, deb oʻyladim.

Erkak. Yolgʻon! Itning yolgʻon gapirishini qara!

Yigit. Men haqiqatni aytyapman. Ehtimol, xotiningiz doʻstlari bilan shu yerdadir? Chaqiring. Mening unga ham, sizga ham adovatim yoʻq. Chaqiring, oʻzingiz soʻroqlang. (Sukut) Siz uni sevasizmi?

(Erkak javob bermaydi.)

Ha-a, ishlar chatoq…

Erkak. Nima deyapsan?

Yigit. Fahmimcha, bu holat birinchi marta boʻlganga oʻxshamaydi.

Erkak. (Shoshilib.) E-e, oʻchir ovozingni!

Yigit. Hey, siz nomusli er, oʻzingiz ham bilasiz. Doim bilgansiz, faqat oshnolaringizdan qoʻrqasiz. Boʻlgan gap shu. U mendan pul talab qildi. Mana unga nima kerak edi. Agar unga pul berganimda, bu yerda oʻtirmagan boʻlardim.

Erkak. (Ogʻir) Qancha talab qildi?

Yigit. Qancha, deb soʻramadim ham. Men, shunchaki bu ayol bilan tanishib yanglishganimni bildirmadim. U, agar pul bermasam, janjal koʻtarishini aytdi. Pachakilashib oʻtirishni yomon koʻraman, uning ustiga doʻq-poʻpisaniyam yoqtirmayman. Chapparasta qilib soʻkdim. Bir vaqt qarasam, xuddi soʻyilgan choʻchqaday boʻkirib, uydan tashqariga otildi. (Sukut) Endi borib ayting, boshqa turmaga oʻtkazsinlar, siz esa uyingizga borib kerakli narsalaringizni oling-da, tashlang bu xotinni. Siz yaxshi odamsiz. Faqat oshnolaringizdan qoʻrqasiz, xolos.

 

Erkak yana toʻpponchasini oladi. Dahshat talvasasida. Yigit tomon bir qadam tashlaydi va uch bora oʻq uzib, tashqariga otiladi.

 

Yigit. Hey, kim bor? (Choʻkkalab qoladi.)

Qiz yugurib keladi, unga qarab hayratdan talmovsiraydi.

Qiz. Koʻcha tomon toʻla olomon – erkaklar, ayollar bolalari bilan. Aylanib oʻtishga toʻgʻri keldi, derazadan tushdim. Toʻpponchani topolmadim. Hamma yoqni titib chiqdim, baribir topilmadi. Senga nima boʻldi?!

Yigit. Hech narsa… hech narsa… hammasi joyida… menga qara, Keyti! Bu yerdan tez ket. Qanday kelgan boʻlsang, shunday tez ket – yugur! Bor kuching bilan yugur, butun kecha yugur. Boshqa shaharga qoch, u yerdan poyezdga oʻtir. Eshityapsanmi?

Qiz. Nima boʻldi senga?

Yigit. Ket, bu yerdan ket! Qaysi poyezd boʻlsa-da, oʻtirib ket. San-Fransiskoga keyin borasan!

Qiz. (Faryodini yutib) Men sensiz hech qayerga bormayman.

Yigit. Mening ilojim yoʻq. Bu yerda nimadir boʻldi… (Qizga qaraydi.) Men seni San-Fransiskoda topib olaman, Keyti, chunki men seni sevaman. Boshmogʻimning narigisida sen uchun pul bor. Agar puling boʻlsa, har narsaga qodir boʻlasan. (Yuztuban yiqiladi.)

 

Qiz uning yonida turib unsiz yigʻlaydi, keyin chekkaga oʻtadi. Dafʼatan yigʻidan toʻxtaydi. Tinglay boshlaydi. Olomon shovqini. Ikki oʻrtogʻi bilan erkak kirib keladi. Ular qizni payqamaydilar.

 

Erkak. Mana u, itning bolasi!

Ikkinchisi. (Keskin) Bas! Eshikni och, Garri!

 

Uchinchi erkak kameraning panjara eshigini lang ochib yuboradi.

 

Ayol. (Shoshib kiradi.) Qani u? Men koʻrmoqchiman. U oʻldimi? (Jasadga qaraydi, shu vaqt erkaklar mayitni agʻdaradilar.) Bu oʻsha. (Sukut) Ha, bu xuddi oʻsha.

Erkak. (Ayolga nafrat bilan qaraydi, keyin sekin jasadga nazar tashlaydi.) Bas endi. Tugatish kerak.

U ch i n ch i s i. Toʻgʻri aytasan, Jorj. Yordam bervor, Garri.

 

Jasadni koʻtaradilar.

 

Qiz. (Shiddatli hayqiriq bilan.) Shu yerda qoldiring uni!

Erkak. Bunisi nima balo?

Ikkinchisi. Sen nima qilyapsan bu yerda? Nega hamma bilan koʻchada emassan?

Qiz. Uni shu yerda qoldiring! Yoʻqol! (Ularga tashlanadi.)

Ayol. Qarang-a!.. Sen oʻzi nima balo qilmoqchisan?

Qiz. Qoʻyvoring! Uni olib ketishga haqqingiz yoʻq.

Ayol. Tavba! Nima deyapti bu sharmanda?! (Qizning yuzlariga uradi, yerga otadi.) Bu shallaqini qarang-a.

Jasadni olib chiqadilar.

Qiz. (Endi yigʻlamasdan, sekin oʻrnidan turadi, atrofga alanglaydi va toʻgʻriga qarab shivirlaydi.) Hey, kim bor?! Kim bor???

 

Rus tilidan Rauf PARFI tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.