Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200 yilligiga bagʻishlangan
bayram tomoshasi ssenariysi
MUQADDIMA
Sahnada qoʻlida usturlob tutgan Ahmad al-Fargʻoniy siymosi.
Al-Fargʻoniy
Assalom, Turon elim, Fargʻona yurtim, assalom!
Rubʼi maʼmur ichra tutgan nodir iqlimda maqom.
Ming ikki yuz yil osha bagʻringga keldim, ey vatan,
Hur elimga aytay endi oʻz hayotimdan kalom.
(Musiqa.)
Fargʻona toʻrtinchi iqlimda turur,
Ziroat, hunarda olamga mashhur.
Ilmu fani qadim, sanʼati qadim.
Fayz, barakot bergan Ollohi karim.
Suvi obi kavsar, bogʻlari rizvon,
Bu yurtda yashaydur jannatiy inson.
BIRINCHI QISM
Fargʻona bozori,
savdogar va hunarmandlar:
– Kep qoling uzangi, egar-jabduqqa,
– Kep qoling, kep qoling quti, sanduqqa.
– Kep qoling dutoru tanburu nayga,
– Bizdan koʻza olmay ketarsiz qayga?
– Shamdon bor,
– Bor oʻtkir ketmon, teshamiz,
– Jahon moʻjizasi rangin shishamiz.
Bozorga xitoy karvoni keladi.
Xitoyi karvon sardori:
– Biz mulki Xitoydan ipak korivon,
Marv, Shomu Rumoga boʻlurmiz ravon.
Savdogarmiz sotar, olar ishimiz,
Lekin tarixlarda qolar ishimiz.
Bizlar zamon kabi oquvchi daryo.
Maʼrifat rishtasi sharqu gʻarb aro.
Kitobdor
– Hey bola, oʻynama, kitobga tegma.
Ahmad
Sizda Batlimusning kitobi bormi?
Kitobdor
Sen bola qaydayu Batlimus qayda!
Tur, bor, yongʻoq oʻyna!
Ahmad
“Almajest” kerak!
Men Qubo, Margʻilon sahhoflaridan
Aflotun, Arastu, Suqrot, Uqlidus
Kitoblarin olib oʻqib chiqqanman.
(Bir kitobni qoʻlga olib)
Mana Batlimusning “Joʻgʻrofiya”si
Uni oʻqiganman. “Almajest” kerak.
Kitobdor
Vo ajab! Vo hayrat! Yetmish yil yashab,
Dunyo kezib kitob sotib bu kabi
Donishmand bolani koʻrgan emasman.
Isming nima, oʻgʻlim?
Ahmad
Ahmad.
Kitobdor
Yo Ahmad!
Shu yer, shu kuyoshga boʻlsinki qasam
Albatta sen buyuk olim boʻlursan!
Yillar oʻtdi, kezib Xoʻqandu Xoʻjand,
Axsi, Koson, Oʻzgan, Fargʻona aro
Men oʻqib chiqmagan kitob qolmadi,
Zamin iqlimida, samo burjida
Men oʻlchab chiqmagan hisob qolmadi.
Shuhratim Bagʻdodga yetdiyu bir kun
Saroyga chorladi meni shoh Maʼmun.
(Musiqa)
Al-Fargʻoniyni Bagʻdodga kuzatish.
Fargʻona noibi
Dengizning sadafi, gavhari bordir,
Har yurtning oʻz fazlu zevari bordir.
Lekin Olloh bizga aylagan tortiq
Ilmu maʼrifatdan davlat yoʻq ortiq.
Yurtimizda shundoq gavhar porlabdir.
Bu – Ahmad! Shoh Maʼmun uni chorlabdir.
Fargʻona boshiga qoʻnibdir Humo
Unga oq yoʻl tilang ahli ulamo!
Xush borsun, koʻrk boʻlsun “Baytul hikmat”ga
Endi navbat bazmu nozu neʼmatga.
(Bazm.)
Al-Fargʻoniy
Xayr, azizlarim, doʻstu yoronim,
Xayr, kindik qonim tomgan makonim.
Otam – qiblagohim, mehribon onam,
Ey ona vatanim, goʻzal Fargʻonam.
Nasib etsa yurtga qaytarman alhol,
Qaytmasam rozi boʻl, onajon, xush qol.
IKKINCHI QISM
Bagʻdod, Baytul hikmat
Xalifa Maʼmun
Olloh ismi ila, Rasuli akram
Zikri ila ibn Xorun ar-Rashid
Ibn al-Mahdi, Ibn al-Mansur
Abbosiy xalifa Maʼmun soʻzimiz.
Olloh rahmat qilgʻay qiblagohimiz
Tiklagan bu funun koshonasiga
Fayzu ziynat bermak bizning muddao.
Biz uni atadik “Baytul Hikma” deb.
Hikmat uyidur bul, maʼrifat uyi.
Bunda dinu imon, irq tafriqi yoʻq,
Jam boʻlgay Rumoyu Arabu Ajam.
Habash yonida Sanad Yahudiy…
Xalifa mulkimiz togʻdek xazina.
Lek ming xazinaga bergisiz boylik
Sizning ilmingizdur, Sizga tasanno.
Anjumanni boshlang, muhtaram ustod,
Muhammad al-Xorazmiy.
Muhammad al-Xorazmiy
Tashakkur, shohim.
Ushbu anjumanning boisi hosib
Ahmad al-Fargʻoniy tadqiqotidir.
Munajjim Batlimus “Almajest”iga
Uttiz kitob tahlil bitmish, asturlob
Ilmin kamoliga yetkazmish, yana
Sobitu sayyora ilmi bobida
Kashfiyotlar qilmish ulugʻ, bebaho.
Bukun yangi kitob boʻlibdir takdim
“Kitobi fi usuli ilman-nujum”.
Janob Al-Javhariy, ne soʻz aytursiz?
Al-Javhariy
Risola andoqkim, misoli yoʻkdir,
Ahli olam undan dars olsa arzir.
Al-Xorazmiy
Ahmad ibn Abdullo Marvaziy ne der?
Al-Marvaziy
Tasanno! Hammamiz tasanno deymiz.
Venetsiyalik olim
Tasanno aytajak ahli Ovrupo
Asrlar oʻtib ham Al-Fargʻoniyga!
Xalifa Maʼmun
Ahmadu Muhammad, yonimga keling,
Fargʻona Xorazm sor lochinlari!
Siz ham Al-Javhariy va Al-Marvaziy.
Sizdek buyuklarga beshik boʻlgan yurt
Buyuk Turkistonga ming bor tasanno!
(Bazm.)
UCHINCHI QISM
Bugungi Fargʻona
Al-Fargʻoniy
Umrim ilmu fanga baxshida boʻldi,
Tunlar shamdek yondim, kitoblar bitdim
Saraton quyoshi tigʻida kunlar
Sanjar sahrosida yer tanob etdim.
Bunyod boʻldi necha rasadxonalar
Shoh Maʼmun gʻayrati shijoati-la,
Ogʻir kunlarni ham koʻrdim, bir zamon
Menga tahdid qildi johil olomon.
Birgina gunohim, birgina aybim
Oy tutulishini oldindan aytdim.
Soʻzim rost chiqdiyu balo daf boʻldi:
Yaʼni oy tuzildi, Ahmad qutuldi.
Mezon bino etdim Nil daryosiga,
Miqyosul Nil boʻldi olamga mashhur.
Oʻkinchim, kitobu-xatimga qarab
Jahon balki oʻylar millatim arab.
Maʼrifat yoʻlida zardoblar yutdim,
Ona Fargʻonamni sogʻinib oʻtdim.
Asrlar kechdiyu ozod yurt bu chogʻ
Ruhimni shod etdi, alhamdulilloh.
(Fargʻonada toʻy-tantana.)
Mirzo Ulugʻbek
Buyuk sohibqiron boboga avlod
Mirzo Ulugʻbekdan taʼzim, ey ustod!
Yoshlikdan yod oldim bor kitobingiz,
Qoʻlimdan tushmadi usturlobingiz.
Jahoniy fan aro Sizdek buyuk kam
Bugun toʻynngizda yetti iqlimesam.
Ulamoi olam va, alalxusus,
Ptolomey, sharqda nomi Batlimus.
Ptolomey
Men keldim qadimiy Yunondan bugun
Buyuk Shogirdimni tabriklash uchun.
“Almagest” kitobim olamga mashhur,
Al-Fargʻoniy bitgan sharh menga manzur.
Nuqson ikki yil kam ikki ming yoshim,
Fargʻoniy qoshida egurman boshim.
Regiomontan
Men Regiomontan, olmon farzandi
Besh yuz yillik yoʻldan kelib turibman.
Ei buyuk ustozim Al-Faraganus,
Al-Fargʻonny, sizga shogirddan salom.
Kitobingiz oʻqib jadvallar tuzdim
Samoviy jadvallar.
Kolumb
Men Xristofor Kolumbman,
Amriqo sari suzganda
Al-Fargʻonny ilk bor tarxini tuzgan
Samoviy jadvallar qoʻlimda boʻlgan.
Ilmu fan beshigi Sharq ekan, bildim,
Bu aziz tuproqqa taʼzimlar qildim.
Dante
Rumo zaminidan shoir Dante – men,
Yoshim yetti yuzda. Al-Fargʻoniyga
Men ham muxlisdirman. Al-Fargʻoniy
Ismini sheʼrimda doston qilganman.
Ul zoti sharifga olqishlarim bor.
Sheʼriyat beshigi Sharq ekan, bildim,
Bu aziz tuproqqa taʼzimlar qildim.
Al-Fargʻoniy
Ey olis kelajak, ey hur avlodim,
Hayotim davomi, fozil zuryodim!
Koʻnglim orzusi bul obod chamanda,
Jismim Misrdayu jonim vatanda.
Ruhimni shod etgan sizga tashakkur,
“Bor boʻlsin abadiy ozod tafakkur.
1998-2001
Erkin VOHIDOV
“Umrim daryosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan