Zulmatdagi nur

0
1131
marta koʻrilgan.

XX asr gʻarb modern yozuvchilari orasida Frans Kafka yetakchi oʻrin egallaydi. Uning ijodini oʻrganish masalasi soʻnggi yillarda, jahon adabiyotshunosligi ilmida eng murakkab va shu bilan birga eng qiziqarli vazifalardan biri boʻlib kelmoqda. Kafka oʻzi kim? Uni qaysi maktab yoki oqimga mansub deb hisoblash mumkin? Uning adabiyotga qoʻshgan hissasi nimadan iborat boʻldi? Shu va shu kabi savollar oʻz yechimini kutib turibdi. Hanuzgacha adabiy tanqichilikda haqiqatga yaqin boʻlgan yakdil fikr yoʻq.

Oʻtgan asrning oʻrtalarida chexiyalik faylasuf Karel Kozik oʻzining “Gashek va Kafka” nomli maqolasida ushbu vaziyatni xolisona taʼriflarkan: “Kafkani talqin qilish maqsadida har xil metodlardan, psixoanalizdan tortib to strukturaviy tahlilgacha, sotsiologik va antropologik tadqiqotlardan tortib badiiy asarni ilohiyot, din, falsafa nuqtai nazaridan koʻrib chiqishgacha, uning Kyerkegor va Dostoyevskiy bilan munosabatini aniqlashgacha boʻlgan muammolar tahlil etilgan. Xullas, tadqiqotchilar jamiki mavjud imkoniyatlardan batamom foydalanib boʻlishgan”, degan fikrni bildirgan edi. Bu soʻzlar, nazarimizda, adib ijodini koʻr-koʻrona maqtab, koʻklarga koʻtargan tadqiqotchilarga qarata kinoya tarzda aytilgan boʻlsa ajabmas. Aslida, Kafka ijodini istalgan yoʻnalishda talqin va tadqiq qilish mumkin. Va bu oʻzini toʻliq oqlaydi, negaki u yoki bu shoh asarni turli asnoda tahlil qilishga odatlangan adabiy tanqidchilik tutgan yoʻlga mos tushadi. Biz ham ushbu anʼanaga amal qilgan holda isteʼdodli adib yaratgan asarlarning ayrimlari haqida fikr yuritmoqchimiz.

Frans Kafka ijodi bilan chambarchas bogʻliq modernizm adabiyot, sanʼat va estetika nazariyasida burjua jamiyatining ilgʻor tafakkur rivoji bilan chambarchas bogʻlangan boʻlib, klassitsizm anʼanalarini tubdan oʻzgartirish orqali namoyon boʻlgan edi. Shu tariqa u burjua ijtimoiy munosabatlarini oʻzida aks ettirgani holda klassik anʼanalarga molik boʻlgan realizm sanʼati aqidalariga roʻyi-rost qarshi chiqdi.

Bizningcha, “Evrilish” novellasi adib ijodida muhim oʻrin tutuvchi mashhur asarlaridan biri. Asarning ilk jumlasidayoq Kafka qiyofasi namoyon boʻladi: “Beorom uyqudan soʻng tong saharda uygʻongan Gregor Zamza oʻzi yotgan toʻshagida bahaybat hasharotga aylanganini sezdi”.

Bu jumla kitobxonni dovdiratib qoʻyishi turgan gap. Kafka yaratgan fantastik obraz oʻzining namoyishkorona va chalgʻituvchi “xunuk nafosat”i, badburush qiyofali bahaybat hasharot haqidagi taassurot evaziga kishining gʻashini keltiradi. Shunday evrilish yuz berdi deb tasavvur qilaylik-da, hikoyani oʻqiyotganimizda buning “haqiqat”ligiga koʻnikaylik. Oʻshandagina Kafka tasvirlagani real mazmundagi hikoyaga aylanadi. Buni nima bilan izohlashimiz mumkin? Avvalo shuni aytish kerakki, novellada dastlabki voqea, yaʼni kishining hasharotga aylanishidan boshqa favqulodda hech qanday hodisa yuz bermaydi. Adib Gregor Zamza evrilishidan soʻng u va uning oilasida boshlangan tirikchilik tashvishlari, kelishmovchilik, noqulay holatlar haqida hikoya qilishga oʻtadi. Bu esa mutlaqo odatdan tashqari, muallifning jarangsiz, nursiz tili ishtirokida davom etib, kitobxon novelladagi voqeaning haqiqatga toʻgʻri kelmasligi, aql bovar qilmasligini asta-sekin unuta boradi. Bu holatning Kafka hayotidagi baʼzi bir jihatlariga oʻxshash tuyulishini sinchkov tanqidchi darhol anglab oladi.

Sababi, Kafka taʼbi nozik, ortiqcha gapni koʻtarolmaydigan, salga xafa boʻlaveradigan odam boʻlgan, shuning uchun ham tashqi olam, aniqroq qilib aytganda, eshikdan boshlanadigan dunyo unga doimo begona va qoʻrqinchli boʻlib koʻringan. Koʻchaga chiqish, hatto biron-bir ehtiyoj yuzasidan eshikdan tashqariga chiqish zarurati uni jilovlab boʻlmas darajada vahimaga solgan.

Biroq, nur bor joyda soya bor deganlaridek, har bir erkak hayotini ayol zoti nurga toʻldiradi. Kafka hayotida ham ayollar boʻlgan. Qizigʻi shundaki, ayollar uning maʼyusona chehrasiga, mungli ovoziga, oʻlimga mahkum his-tuygʻulariga maftun boʻlishgan.

Kafka 1920 yil (oʻlimidan sal oldin) Milena Yesenskaya ismli ayol bilan tanishadi va uni sevib qoladi. Taniqli jurnalist boʻlgan Milena Yesenskaya ilk bor Kafka asarlarini chex tiliga tarjima qildi. U uch yil mobaynida adib hayotining mazmuniga aylandi. Kafka hayot paytida uning yuksak isteʼdodini tan olgan, yozuvchining yonida turgan kam sonli odamlardan biri edi. Oʻz navbatida Kafka ham Milenaning jurnalistlik faoliyatini munosib baholagan. Biroq hayotda Kafka oʻz taqdirini Yesenskaya bilan bir umr bogʻlashga jurʼat topolmadi.

Milena Yesenskaya Maks Brodga yoʻllagan maktublaridan birida shunday yozadi: “Uning na tayinli turarjoyi, na boshpanasi bor. U xuddi kiyimda yurgan odamlar orasida goʻyo yalangʻochdek. Frans yolgʻiz yashashga ham qodir emas. Frans endi hech ham tuzalmaydi. U yaqin orada bu dunyoni tark etadi”.

Ha, hayotda Yesenskaya va Kafka boshqa-boshqa xarakterdagi odamlar edi. Xushchaqchaq, serharakat, ochiq koʻngil Milena va xoʻmraygan, hafahol qiyofali, hech kimga ishonmaydigan Fransni birga koʻrganlar hayron qolishardi. Shunga qaramasdan, Milena Frans injiqliklarini koʻtaroldi, qoʻlidan kelgunicha unga yordam berdi. Milenada hayotga boʻlgan ishonch va shijoat shu qadar kuchli ediki, istar-istamas Frans ham unga ergashardi, unga joʻr boʻlib hayot shodliklaridan qisman bahramand boʻlardi. Kafka butun qalbini Milenaga bagʻishladi, balki u faqat Milena bilan birga boʻlgan davrida dilidagi gaplarni aytishga jurʼat etolgandir. Bu bir faraz.

Darvoqe, Kafka Milena bilan birga boʻlgan onlarini hayotidagi eng yaxshi kunlar deb hisoblagan va Milenaga yozgan hatlarida bunga oʻzi ham ikror boʻladi. Kafkaning Milena Yesenskaya bilan ishqiy kechinmalari, alamli tasavvurlari uning oʻsha paytda yozilgan “Qasr” romani syujetida oʻz aksini topadi. Roman qahramonlaridan biri Frida obrazi aynan Milenaning prototipi, Klamm esa uning badavlat bankir erini eslatadi.

1921 yil Kafka oʻz kundaliklari va ayrim romanlari (“Qasr” va “Amerika”) ning qoʻlyozmalarini Milenaga topshiradi. Ular, ancha vaqt oʻtib, Kafka vafotidan soʻng, dunyo yuzini koʻrdi. Eng achinarlisi, muallif hatto 1918 yilda yozilgan “Jarayon” romanining ham nashrini koʻrolmay olamdan oʻtib ketdi. Roman 1925 yilda chop etildi.

Tashqi olam qarshisida himoyasiz boʻlgan, hayotning zohiriy tomonlariga moslasha olmagan Kafka qattiq azob changalida yashadi. Bu esa unda hayot oldida, odamlar oldida aybdorlik hissini uygʻotardi. Kafka oʻz otasi orzu-havasini roʻyobga chiqara olmaganidan ham xijolatda yashadi. Savdo firmasini boshqargan otasi German Kafka oʻgʻlining kelajakda taniqli huquqshunos yoki savdo ishining davomchisi boʻladi, deb ishongan edi. Ming afsus, bunday boʻlib chiqmadi. Qatʼiyatli ota oldidagi aybdorlik hissi Kafkani butun hayoti davomida taʼqibga oldi, qoʻyib yubormadi. Bundan iztirob chekkan adib 1919 yil “Otamga xat”ini yozadi, biroq uni otasiga yoʻllashga oʻzida kuch topa olmaydi. Bu xat 1966 yilga kelib Maks Brod tomonidan nashr qilindi. Taʼkidlash lozimki, otasi bilan boʻlgan murakkab munosabatlari Kafka hayoti va ijodining yashirin qirralarini ochib berdi.

Shu maʼnoda Kafkaning “Evrilish” novellasi koʻp jihatdan avtobiografik xarakterga egadir. Rus adabiyotshunosi A. Karelskiy ushbu novellani muallifning oʻz “otasi va oilasi oldidagi aybdorlik kompleksining ulkan metafora”si, deb atagan edi. Uning fikriga qoʻshilmasdan ilojimiz yoʻq.

Yuqorida taʼkidlaganimiz, novella bosh qahramoni Gregor Zamza dastlab kitobxon koʻz oʻngida nochor (roʻdapo!) odamdek koʻrinish beradi. Oilani sharmanda qilgan Gregor ilojsiz holatga tushib qoladi, ahvoli juda tang. Shu bois ham, u oʻzining evrilishidan vahimaga tushmaydi. Dastlabki talmovsirashdan qutulib, Gregor oʻzining yangi ahvoli, aniqrogʻi qiyofasiga moslashishga harakat qiladi. Oilasi ham sodir boʻlgan voqeadan ilk hayajonni bosib, qanday boʻlmasin bunga koʻnikishga harakat qiladi. Bahaybat qoʻngʻizga aylangan oʻgʻilning oʻlimi esa oila aʼzolari tomonidan yengil nafas-la qabul qilinadi, ularning bir tashvishdan qutulgani oshkora namoyon etiladi.

Asarda aybdorlik hissi va jazo berish gʻoyasi ikkinchi planga, oʻziga xos tagmaʼnoga singdirib yuborilgan. Birinchi oʻringa esa gʻam-hasratga toʻla allegoriya (majoz) chiqadi: uyqudan uygʻongan odam oʻzining tom maʼnoda hayotdagi yolgʻizligini his etadi. Bu gʻariblik hatto tashqi tomondan, tong payti odamlarnikiga oʻxshamay qolgan qiyofada ham oʻz ifodasini topganini kuzatamiz. Shu tariqa oʻz qahramonining maʼnaviy, ruhiy, qolaversa aqliy yakkalanib qolganini muallif uning qiyofasini aql bovar qilmas darajadagi noxush metamorfoza orqali tasvirlaydi.

Endi Kafka ijodining markaziy muammosi – insonning begonalashib ketishi, oʻz qobigʻiga oʻralashib atrof muhitdan uzoqlashishi masalasiga eʼtiborimizni qaratadigan boʻlsak, yozuvchi fikricha, odamoviga aylanish, yovvoyilashish – bu inson borligʻining bemaʼniligi va bemaqsadligining umumiy, qolaversa bashariy muammosiga aylanib borayotganligidir.

Agar Gregor Zamza (“Evrilish”), “Akademiya uchun hisobot”dagi maymun va “Uya”dagi kemiruvchi hayvon taqdirlarini oʻzaro qiyoslasak, ushbu asarlarning asosiy gʻoyasi – inson hayotining bemaʼniligini tan olish va odamning odam qiyofasidan chiqib ketishi, odamsimon mahluqqa aylanishi muqarrarligi gʻoyasi ekanligini anglab yetamiz.

Kafkada begonalashib ketish, odam qiyofasini yoʻqotish zamon va makonga taalluqsiz, oʻziga xos abstraksiyadir. Bu gʻoya esa kishi va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar tabiatidan mantiqiy ravishda kelib chiqadi.

Kapitalizmda ijtimoiy munosabatlar tizimini ham, shaxs ongining ahvolini ham kuzatgan Kafka ushbu tizimda odam va shaxs oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tushuna olmadi. Milena Yesenskayaning yozishicha: “Uning uchun hayot boshqa odamlar tasavvurida nimani anglatayotganidan keskin farq qilardi, jumladan pul, birja, sarroflik doʻkoni, yozuv mashinkasi Kafkaga gʻayritabiiy koʻrinardi”.

Bu narsa balki Kafka tasavvurida kapitalistik munosabatlar asosida qurilgan jamiyatning tub mohiyati – moddiy dunyoga sajda qilish, ishlab chiqarishning kapitalistik usulidagi mehnat mahsuliga aylanayotgani ijtimoyi belgi (mol-dunyo) sirini topganini anglatganmikin? Aksincha, Kafka “dunyodagi vaziyat” va “ruhiy holat” oʻrtasidagi ijtimoiy munosabatlarni mavhum tarzda tushungan. Aynan “Jarayon” romanida ushbu munosabatlar haddan ortiq mavhumlashtirilganligini kuzatamiz. “Evrilish”, “Akademiya uchun hisobot” va “Uya” novellalarida Kafkaning “dunyodagi vaziyat” borasidagi tasavvurlari ham oʻta mavhum. Ushbu tasavvurlar aslida bitta qolipga joylashtirilgan: gʻaribi benavo odam – adovatli dunyo koʻrinishida talqin qilinadi. Begonalashib ketish, yovvoyi mahluqqa aylanishning mazmuni muallifning dunyoni his etishiga hamohang boʻlib, dunyo bilan “sulh tuzish” yoki “koʻnikib ketish”ga qobiliyati yoʻq, buning udasidan chiqa olmaydigan shaxsning abadiy yolgʻizligi, notavonligi, ojizligidandir. Bu aslida peshonaga bitilgan begonalik, yetti yot boʻlib ketishning mavhum gʻoyasi. Yotsirash, odamovilik, yakkalanib qolish, tushkunlikka tushish hollarini hech bir vaziyatda bartaraf qilib boʻlmaydi.

Shaxsning fojiali yolgʻizligi oldini olib boʻlmaslik Kafka ijodining asosiy mavzusiga aylandi, chunki u butun borliqni qurshab olgan tajovuzkorona muhitni, oʻzini oʻrab turgan ogʻir sharoitni chuqur his etgan, oʻziga juda yaqin olgan, behisob mol-dunyo toʻplash va nafs balosiga yoʻliqish insonga toʻgʻri kelmasligini teran anglagan.

Taqdir Kafkaga badxohlik qildi. Uning butun oilasi fashistlarning konsentratsion lagerlarida dom-daraksiz yoʻqolib ketdi, ijodi esa burjua jamiyatining tilsiz qurboniga aylandi. Kafka hayot boʻlganida bu ogʻir judolikka bardosh berolmagan, mudhish muhitda yashay olmagan boʻlarmidi. Adib vafotidan soʻng, adabiy tanqidchilik tahqirona tarzda uni koʻklarga koʻtardi, muqaddas but-sanamga aylantirdi. Rus munaqqidi Lev Kopelev taʼkidlaganidek: “Kafka ijodi zamonaviy subʼyektivizm taraqqiyotining oxirgi meʼyori, oxirgi chegarasining ifodasiga aylandi. Bu chegara ortida esa sanʼat yoʻq, umuman hech narsa yoʻq…”, edi.

Voqea-hodisalar, obrazlar, fikrlar, odamlarning xatti-harakatlari Kafka asarlarida aksariyat hollarda bir-biriga bogʻlanmagan, xuddi alahsiragan uyqudan keyin dahshatga tushish holatidek, ruhiy kasal kishi alogʻ-chalogʻ fikr va tasavvurlarining parchalaridek mantiqsiz koʻrinadi.

Kafkaning “jaholatparast targʻibotchilari”, “nodon madhiyachilari” uning ijodidagi tushkunlik kayfiyatni, umidsiz ruhda yangraydigan ohanglarni, zaif jihatlarini boʻrttirib koʻrsatishga harakat qiladi. Obʼyektiv reallikka, inson ongiga, tafakkuriga ishonmaslik, umuman Insonga boʻlgan ishonchsizlik deb qabul qilinishi, talqin etilishi mumkin boʻlgan narsalarnigina taʼkidlaydilar. Kafka nafaqat gʻayritabiiy hodisalarga moyillik, aqlga sigʻmaydigan voqealarni tasvirlash, mantiqqa zid fikr-mulohazalar yuritish bilan band boʻldi, balki ijtimoiy illatlarni ham ayovsiz tanqid ostiga oldi. Inson va insoniyat boshiga tushgan kulfatlarga hamdard boʻlib, ushbu balo-ofatlarni haqqoniy tarzda, bir-birini taqozo etishda va oʻzaro aloqada emas, balki chuqur uyqu, xayolda yoki alahlaganda koʻringan narsalar, sirli va gʻalati sarob orqali tasvirlashni afzal koʻrgan edi. Aynan shundan Kafka yaratgan asarlarni tushunishning murakkabligi, talqin qilishdagi ziddiyatlar kelib chiqadi. Bu esa, oʻz oʻrnida, Kafkani modernist ijodkor deb atashga izn beradi, uning tafakkuri. Uning xayoloti zulmatdagi nurdek yorugʻ va teran edi.

Maʼlumki, hayoti poyoniga yetayotganini his qilgan Kafka barcha qoʻlyozmalarini yoʻq qilib tashlashni vasiyat qilgan, nashr qilingan kam sonli hikoyalarini esa qayta nashr qilishlarini taqiqlab qoʻygan. Aslida bu oʻlim oʻz ogʻushiga olgan adibning qoʻrsligi yoki telbaligi degani emas. Maktub va kundaliklarida Kafka oʻzi yozganidan qanoat hosil qilmaganligi, ijodidan qoniqmaganligi, oʻz ijodiga ishonchsizlik hissiyoti kuchayib borganini tushunish mumkin. Kafka “oʻzining mashaqqatli, dardga toʻla ijod mahsuli boʻlgan gʻalati mevalarini uzarkan, har biridagi adabiyot ildizlarini yulib tashlaydi, poydevorini buzadi, yaqqol koʻrinib turgan voqelikning badiiy inʼikosi, tasviriy va ifodaviy imkoniyatlarini barbod qilayotganini” oʻzi ham teran his etgan, anglagan albatta. Kafka “yaxshi modernist boʻlishi mumkin, biroq asl modernizm boʻlolmaslik” ning yorqin namunasidir.

Xullas, realizmga qarshi chiqqan modernizm XX asr adabiyotida bir qolipda fikr yurgizish, siyqasi chiqqan iboralarni qoʻllash, eski anʼanalarga ergashish xislatlarini maydondan surib tashladi va u Kafka, Prust, Joys kabi yorqin qalamkashlarni dunyoga tortiq qildi.

 

Muhammadjon XOLBEKOV,

filologiya fanlari doktori,

professor

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.