Zulfiya siymosi

0
2445
marta koʻrilgan.

Ayni zamonda, ayni soatda, ayni soniyada tugʻilgan goʻdakning shu zamon va soniyadagi butun dunyoning ishlariga daxldorligi boʻladi. Chunki odamzod bitta, tole va quyosh bitta. Ishonmasangiz, istagan vaqtda osmonga qarang: hammasi koʻrinib turibdi. Ichki koʻzlar barini toʻxtovsiz ilgʻaydi.

Har birimizning yorugʻ olamga kelishimizdan ketishimizgacha tasodifmikin? Tasodiflar qoʻshilib, birlashib qonuniyatga aylanmasmikin?

Shoira Zulfiyaning dunyoga kelishi, shoir va xalqaro miqyosdagi jamoat arbobi boʻlib yetilishi tasodifmikin?

Koʻhna Shoshning eng qadimgi hunarmandlar va ziyolilar oʻchogʻi – Oʻqchilar mahallasida katta fayziyob xonadonda qalin qora jingalak sochli qizaloq tugʻilganda sana 1915 yil 1 mart edi. Bunday jingalak qora sochli bola tugʻilganda atrofdagi barchaning yuzi yorishib, quvonchlaridan lablarini yigʻishtirolmay, barobar: “Qoʻzichoq tugʻildi!” – deydilar. Chaqaloqning onasi Xadicha aya biroz mashaqqat chekkan boʻlsa-da: “Voy, bolam nomi bilan tugʻildi, sochlarining qoʻngʻiroqlarini qarang… Zulfizar bu, Zulfizar!” – deb juda ohangdor qilib aytdi. Uning ismini Zulfiya qoʻydilar.

Birinchi jahon urushi avjga minib borardi. Bolqonda, Boltiq boʻylarida, Dnepr, Dnestr, Don tomonlarda, Yaqin Sharqda, Shomda, Afrikada dunyoni qayta boʻlish uchun qattol urush borardi. Yuz ellik milliondan ortiq odam uning komiga tortilgandi. Shoshning koʻhna Oʻqchi mahallasi garchi u qon daryo boʻlib oqqan yerlardan juda olisda edi, lekin biri-biridan dahshatli xabarlar kelib turardi. Ular oʻsha paytlarning jasoratli “Turon”, “Taraqqiy”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Fargʻona”, “Oyina” degan gazeta-jurnallarida bosilardi. Behbudiy kabi ulugʻ taraqqiyparvarlar voqea joylaridan oʻz koʻrgan-kechirganlarini bayon qilardilar, avomning koʻzlarini ochishga intilardilar. Zulfiya tugʻilganda oʻlkada ijtimoiy fikr shakllanish pallasiga kirgandi. Zulfiya tavallud topgan katta qoʻrgʻon xonadonda zamon voqealari qizgʻin muhokama qilinardi, gazetalar oʻqilardi, karvonlar qabul qilinardi, zero bu xonadon ustaxonasida tayyorlangan temir-choʻyan-poʻlat-tunuka mahsulotlar oʻzining sifati, pishiqligi, uzoq xizmat qilishi bilan dovrugʻ qozongandi. Juda katta temirchilik ustaxonasida ish doim qizgʻin edi. Ishga yaroqli barcha xesh-aqrabolar, mahallalik shogirdlar bunda sidqidildan xizmat qilishardi. Zulfiyaning qulogʻiga Xadicha aya aytgan jonuzor allalar bilan birga ustaxonaning daranglagan chaqmoq sadolari ham toʻxtamay kirgan. Shuning uchun “oʻt”, “chaqmoq”, “alanga” va barcha oʻt bilan bogʻliq obrazlar, tashbehlar uning uchun tugʻma va tabiiy. Mashhur Amerika tilshunosi Noam Chomskiy “Til va tafakkur” (“Yaziʼk i miʼshleniye”, M:. – 1972) kitobida tilshunoslikda yangi gʻoyalarni ilgari surarkan, ular bilan birga yangidan-yangi terminlar va ilmiy tushunchalarni ham qoʻllaydi. Ular, chunonchi, “vrojdennaya umstvennaya struktura”, “vrojdennaya ideya”, “ovladeniye znaniyem i povedeniyem” ( “tugʻma aqliy tuzilma”, “tugʻma gʻoya”, “bilim va xulqni egallash”) singari kishini til falsafasi bilan bogʻliq tarzda juda qattiq oʻylatadi. Bularning tagiga yetib borish oson boʻlmasa ham, ular oʻz ilmiy jozibasiga ega. Zulfiyada shunday tugʻma aqliy tuzilma tushunchasi bilan aniq izohlanadigan badiiy hodisalar, tugʻma xususiyatga ega obrazlar va fikrlash tarzi oz emas. Falsafada ratsionalizm va syurratsionalizm yoʻnalishining otasi fransuz faylasufi Bashlyar biron sanʼatkor oʻz ijodida maʼlum bir stixiyali obrazlarga muntazam va koʻp murojaat etayotgan boʻlsa, bu uning yuragida kompleks harakat qilayotganligini bildiradi. Shu kompleks topilsa, badiiy asarni yaxshi tushunish mumkin. Asar shu kompleks orqali yaxlitlik kasb etadi. Agar kompleks boʻlmasa, oʻzakdan mahrum asar gʻayrishuurga yetib bormaydi va sovuq uydirma, soxta boʻlib tuyuladi. Bashlyar tabiat asosidagi toʻrt unsur – suv, oʻt, havo, tuproqni tasavvur gormonlari, deb ataydi. Ushbu stixiyalar ongda oʻz dinamik harakatiga ega. Ular obrazlar toʻdalari (uyurlari)ni harakatga soladi. Ular borliqni intim tarzda oʻzlashtirish va oʻzgartirishga yordam beradi, katta sintezni yuzaga chiqaradi va tasavvurni muntazam tusga kiritadi. Shoirona yagonalik va xayol quvvati shulardan hosil boʻladi. Zulfiya nur toʻla, uchqun toʻla muhitda dunyoga keldi va shular bagʻrida oʻsdi, xayollari shulardan quvvatlandi. U shu muhitning tugʻma gʻoyalariga bagʻirdosh edi. Shuning uchun uning tashbehlari nur, uchqun, oʻt-olov, chaqmoq… zamirida tugʻiladi. Zulfiyaning sheʼriy energetik komplekslari shular. Istagan sheʼringizda bular badiiy oqim maqomida. Hayot va ijodda shaxsning oʻrniga juda katta ahamiyat berib qaragan personalistlar sharoitni yengib chiqish, sharoit taqozo etgan shartlarni yengib oʻtish sanʼat shaxsiyatining eng yuksak faolligidir (Nedonsel), deyishadi. Zero, Zulfiyaning faolligi – sheʼriyat va, oʻz navbatida, sheʼriyatning faolligi – shaxsiyat. Uning sheʼriyatining har qatorida sheʼr yaratuvchi qiyofa turadi, har qatorda qiyofa shakllanadi va bu qiyofa har damda hayotiy butunlik sari harakatlanadi. Butunlik sari harakat Zulfiya ijodiyotining insoniy, badiiy falsafasidir. Butunlikni, yaʼni odamning oʻzini toʻla odamday his qilishi va toʻla odamday ish qilishini falsafa deyish mumkinmi? Toʻrt tomondan hayot chegaralanganda butunlik hissi boʻladimi? Butunlik moddiy, butunlik jismoniy, butunlik ruhoniy, Zulfiya sheʼriyatida bular gʻoyalar kompleksiga aylanib ulgurgan. Shaxs gʻoyasi ijod gʻoyasi bilan chambarchas bogʻlangan. Ijod gʻoyasi Zulfiya borligʻining asosi: “Sheʼr boʻlib el ichra yuraman men chaqnoq”. Butunlikka toʻsiq boʻluvchi, uni parchalovchi kuchlar ham mudom mavjud va bular sheʼriyatning mangu ziddiyatlarini yuzaga chiqaradi. Yigirmanchi yillarning boshi va birinchi yarmida xotin-qizlar bilim yurti (dorilmuallimot) deb atalgan ilk oʻquv dargohlarida oz sonli qizlar qatorida bilim olgan mashhur Oydin Sobirovalar (yozuvchi, shoira, jamoat arbobi Oydin) davrida oʻzbek xotin-qizlari zulmatdagi mazlumalar deb atalar va ularning sotsialistik baxtiyorlikka intilayotgani va hatto erishgani har qadamda qattiq taʼkidlanardi. Oydin Sobirova erkiga erishgan xotin-qizlar timsoli kabi taqdim, targʻib va tashviq qilinardi. Oydin Sobirova ham shu ijtimoiy teatr sahnasidagi rolni toʻla qabul qilib oʻzlashtirgan, uni muvaffaqiyat bilan oʻynar va bu oʻziga ham juda yarashar va yoqardi. Zulfiya 1931 yilda xotin-qizlar bilim yurtiga oʻqishga kirganda, (bilim yurti ularning Oʻqchi mahallasida joylashgan edi), bilim yurtini bitirgach va to qirqinchi yillarning yarmigacha, asosan, Oydin Sobirovaning taʼsirida boʻldi va unga shogird ekanligidan faxrlanardi. Lekin oʻttizinchi yillarda endi yigirmanchi yillardan farqli oʻlaroq, Zulfiya kabi yangroq qizlar zulmatdan chiqqan, mazlumalik paranjilari, paranji-chachvon ichidagi qoloqliklardan qutulgan, baxtiyor nurli kelajak sari dadil odim otayotgan hisoblanardilar. Zulfiya shu davr ijodini eslashni yoqtirmaydi, balki sotsialistik erk ichida yangi tusdagi erksizlik zanjirlari qoʻyilganligini u oʻta zukkolik bilan fahmlab qolgan edi. Oʻsha davrdagi fikrlovchi shaxsiyatlarning juda koʻp ziddiyatlari, asosan, shundan – yangi mafkuraning munofiqliklaridan kelib chiqardi. Va qanchalab asl jonajon ayollar bunaqa taraqqiyotni qabul qilishni istamaganliklari uchun jazo koloniyalariga tortildilar, taqdirlari mahv etildi. Zulfiya Oydin Sobirova izidan borib nashriyotda ishladi, akademiya aspiranturasida oʻqidi. 1932 yilda Zulfiyaning taqdirida burilish boshlandi. U Hamid Olimjon, Uygʻun, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Muzayyana Alaviya bilan yaqindan tanishdi, ilk sheʼrlari bilan yozuvchilar davralariga kirdi. Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Uygʻun adabiyotda hayqiriq solgan yillar edi. Ularga ergashdi. Ular tiyrak va oʻta tuygʻun qizchaning intilishlarini bajonidil qoʻllab-quvvatladilar. Zulfiyaning zakovati kuchli edi. Qoʻllov uning tugʻma talantini ochdi. 1914–1915 yillar Turon-Turkiston diyorlari uchun uzoq davom etgan umidsizlik, tushkunlik, kelajakni koʻrolmaslik va bulardan oʻzini batamom ojiz sezish vaqtlari tugab, bir zamonlar mislsiz ulugʻ ishlarni roʻyobga chiqargan diyor endi jahon urushi zamonida yana ijtimoiy burilish yasashga qodirdek koʻrinardi. Zulfiya shunday mamlakat hayotida yangilanish boshlanadigan damda dunyoga keldi. Bu tugʻilishda azal sirli maʼrifatning yana ham sirliroq intilishlari zuhur etmagan deb kim aytoladi? Behbudiy, Almaiy, Avloniy, Qodiriy, Choʻlpon, Munavvarqori, Tavallo, Xislatning oʻtli faryodlari bu tugʻilishda inʼikos etmagan deb kim ishontiroladi? Bu – mistika yoki metafizika emas, bu tarix va xalq oʻziga kerakli farid zotlarni ayni oʻz paytida kechikmay yaratishiga yana bir dalildir. Xalqning asablari bunday tarixiy onlarda tarang tortilmasa, Zulfiya singari xotin-qizlar taqdirida yangi xalqa, yangi tole anjumani boshlanarmidi? Nega esa u sochlari timqora jingalak zulfizar qiz boʻlib tugʻildi? Azamat oʻgʻillar izidan Isroil degrezning ulugʻ xonadonida orzuli qiz boʻlib tugʻildi. Oydan, kundan tugʻilgandek boʻlib tugʻildi. Nega qizcha 1932 yili chiqqan ilk kitobchasini “Hayot varaqlari” deb atadi? Rus tilidan kirgan emasmi bu fikrlash yoʻsini? Til bilish orqali koʻngil koʻzi bilan birga fikrlash koʻzi ham keng ochildimi? Oʻzini ilk mashqlari bilan birga ayni hayot bilan chambarchas bogʻladimi? Keskin realistik yoʻl tanladimi? U keyinroq yozgan qisqagina tarjima holida hayot varaqlarining maʼnosini tushuntirib oʻtganday boʻldi: “… asl ustozim – hayotning oʻzi edi”, dedi. Hayot esa kunlar, haftalar, oylar, yillar, fasllardan iborat va har bir damu soatning oʻz varagʻi bor edi uning nazarida. Va u butun ijodiy hayoti davomida bu varaqlar obraziga doim murojaat qilib turdi. Hatto soʻnggi “Xotiram siniqlari” asari ham qay bir tarzda varaqlar bilan chambarchas bogʻlanadi-da, Zulfiya ijodiyotiga mundarija tomondan bir butunlik bagʻishlaydi. Ushbu varaqlar hammadan ortiqroq muallim, ibrat va zakoning koni edi. U degrezning qizi ilk sheʼrlarini, balki “Hayot koʻrasi” deb ataganda maʼnoliroq boʻlarmidi? Yaʼni hayot choʻgʻlari alangalanadigan degrez koʻrasi, rus tilida buni gornilo degan shoirona soʻz bilan yuritishadi. “Doim olov isi kelardi otamdan. Otam poʻlat quyuvchi edilar. Men otamning choʻgʻday poʻlatni istagan shaklga sola olganlarini, undan turli buyumlar yasaganlarini, bundan rosa hayratga tushganlarimni ham kechagiday eslayman… otam… uning qoʻlida jilmayib turgandek qizgʻish choʻgʻ…” Axir, boʻlajak shoira otasining hech qachon oʻchmaydigan koʻrasidan toblanib chiqmadimi, koʻzlari poʻlat eritadigan choʻgʻlarning alangasidan yulduzday porlamadimi va oʻzi yigirma toʻrt yosh, aqli esa ming yosh Hamidni maftun qilib qoʻymadimi? Zulfiyaning yarqiroq yulduzi yer yuziga kelib tushguncha degrezlarning necha-necha avlodlari hayot otashgohiga kelib ketmadi? Oʻqchilar, degrezlar, choʻyan quyuvchilarning avlodlari mashhur edilar koʻhna Shoshu Iroq diyorida! Uzoq koʻz ilgʻamas tarixdan mashhur koʻhna Shosh kamonchilari! Oybolta, kamon, shamshir, qozon ustalari! Yuz yil kapkir urilganda ham teshilmas, siyqalanmasdi ularning turmushbop, roʻzgʻorbop qozonlari! Temir gʻoʻlalari mumday erirdi va muloyim boʻlib qilichlarga doʻnardi! Toʻrt unsurdan biri choʻgʻ dunyo yaralishi va qurilishida hamisha faol qatnashadi. Suv va havodan choʻgʻning kuchi ortadi va toshlarni eritadi, Zulfiya bobosi mulla Muslim va otasi usta Isroilning koʻrasida lovullagan choʻgʻday edi. Uning jingalaklarida olam va tiriklikning sirlari oʻynardi. Uning Akmal Ikromov kadrlari qatorida yuksak lavozimlarda jon kuydirib ishlagan akasi Normat Isroilov suyukli singlisining ilk kitobchasini qoʻliga olib, shunday azamat burgutday yigit toʻliqib ketib yigʻlab yuborgan edi. “Toʻrt akam bor edi, biri biridan koʻrkam, kuchli, mard yigitchalar… yerga ursa, koʻkka sapchiydigan akalarim… Ajoyib doʻstlar edik… Baʼzan sheʼrlarimga oʻsha shaffof kunlarimning parchalari oqib kiradi. Lekin u bir tomchi xolos, balki bolaligim, uni bezagan yaqinlarim haqida kitob yozish baxti menga nasib etar…” (Hulkar Olimjonova shoira bu orzuli, armonli ishga toʻqsoninchi yillarning boshlarida qizgʻin kirishganliklari va ancha voqealarni qogʻozga tushirganliklarini aytadilar. Bu “Xotiram siniqlari” yozilayotgan paytlar edi, shoira nihoyat oʻzining uzoq orzu qilgan eng suyukli yozuviga oʻtirgandi. Ammo u shiddatdan ayrim parchalargina qoldi, shoira oʻzi tugʻilib voyaga yetgan ota-ona, ajdodlar xonadonining tafsilotlariga hayot ekan, juda oz toʻxtalgan edi: “Men esa hanuzgacha yozmaganman, lekin yozgim keladi”, degan edi shoira buyuk armon bilan, holbuki, “biz ajoyib doʻstlar edik”, deydi shoira. Ular hammalari qoʻngʻiroq sochli quvnoq va tiyrak qizcha Zulfiya singillarini gʻoyat sevishar, erkalatishar, doim unga madad berishardi, biz bu oʻrinda shoiraning tugʻishganlari – usta Isroil hamda chevar ayol Xadicha ayaning farzandlari haqida qisqacha maʼlumot keltirib oʻtishni zarur, deb bilamiz. Ismoil Isroilov. Ixtisosliklari veterinar vrach. Turli idoralar va viloyatlarda faol tashkilotchilik ishlarida faoliyat olib borgan. Olti farzandi bor. Taxminan 1898 yillarda tugʻilib 80 yoshlarida olamdan oʻtgan. Qodirjon Isroilov. Farzandi Minavar ayaning hikoya qilib berishlaricha, 1902 yilda tugʻilgan. Oliy taʼlim olgan va turli hukumat idoralarida ishlaganlar. Siyosiy jarayonlarning oʻzgarishlari bois keyinchalik ota kasbi degrezlikni davom ettirgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkent tramvay-trolleybus deposida xizmat qilgan. 1992 yili olamdan oʻtgan. Minavar, Qaynar, Bahodir, Gʻayrat, Ahmadjon, Karimjon singari farzandlari boʻlgan. Normat Isroilov. Tugʻilgan sanasi 1905 (taxminan). Moskvada oliy tahsil olgan. Yirik siyosiy-jamoat arbobi boʻlib yetishgan. Repressiya qurboni boʻlgan. Ahmadjon Isroilov. Moskvada tahsil olgan. Shamollab ogʻrib Toshkentda yosh vafot etgan. Buvinisa Isroilova. Chevar. Uyda doʻppi va koʻylaklar tikishardi. Oyoqlariga igna kirib, zaharlanib yosh qazo qilgan. Karim Isroilov. Pedagogika instituti talabasi. Noxush falokat natijasida yosh halok boʻlgan. Zulfiya Isroilova. 1915 yil 1 avgust. Ulugʻ shoira va jamoat arbobi. Usta Muslim boboning Isroil, Hamdam (adib Adham Hamdamning otasi), Fayzi (adib Ilyos Muslimning otasi), Rahmatjon, Huri, Joʻravoy singari farzandlari boʻlgan. Bizga bu muxtasar maʼlumotlarni olishda Minavar ayaning qizi kuyunchak xalq taʼlimi xodimi Gulchehra Shoumarova lutfan yordamlashdi. Gulchehra koʻp vaqtini Zulfiya opaning yonida oʻtkazar, shoiraga yaqindan koʻmaklashardi. Opa uni suyub sheʼr ham bagʻishlagandi. Bu sheʼrning qoʻlyozmasi saqlanib qolgan. Gulchehraning ijozati bilan uni birinchi marotaba bu yerda keltirib oʻtamiz:

 

Gulchehram, kiyiknig koʻzidek

Koʻzlaring koʻzimga mudom jo.

Qalbimni bilasan oʻzimdek,

Darkormas iltimos, iltijo.

 

Tilingdan toʻkilgan shakar soʻz

Mehringdan yayraydi dilginam.

Ilohim, surmali qora koʻz

Koʻzyoshin bilmasin, qizginam!

 

Dillarni xush etar isming bor,

Donolik, odobing – latofat.

Vaqt kelib boʻlajak senga yor

Yigit ham baxsh etsin saodat.

 

Oʻshanda koʻzlaring meningmas,

Sevganing qalbiga boʻlsin jo!

Oʻzing-la olib bor quvonch, baxt,

Kutmayin iltimos, iltijo!

 

1983 yilda yozilgan bu sheʼr 20 noyabr 1984 yilda Gulchehraga shoira tomonidan qoʻlyozmada taqdim etilgan.

Dunyo yaralishida choʻgʻning sifatlari koʻp. Bittasi shuki, u doim oʻz davrasiga tortadi. Jozibasi bilan jamlaydi. Yana bir siri: u chorlaydi, birlashtiradi: yer zimistonligida hayot davom etayotganligidan darak beradi. Ana endi shulardan keyin Zulfiyaning butun sheʼriyatida jamlash, birlashtirish, davraga chorlash gʻoyasi nihoyatda kuchli jaranglaganligini va bu yuqoriroqda aytganimiz tugʻma gʻoya ekanligini anglatadi. Loaqal mashhur “Mushoira”ni, loaqal “Quyoshli qalam”ni, loaqal “Xotiram siniqlari”ni eslaylik. Umuman, uning qaysi bir sheʼri va qaysi bir satri bu gʻoyalardan xoli! Sababini anglagandirsiz: bu, axir, oʻsha Isroil usta koʻrasidagi choʻgʻning shuʼlalari! Koʻradagi azaliy choʻgʻlardan emasmi bu:

 

Harorat ne oʻzi?

Harorat, harorat

ming yillar…

Bezovta etgan his emasmi harorat?

 

Zero, yurakdagi hislar koʻradagi choʻgʻlar kabi emasmi Zulfiya sheʼriyatida? Zulfiya taqdirida bir emas ikkita jahon urushi aks etadi. U keyinchalik faoliyatining xalqaro miqyosiga koʻra ozodlik va tenglik, adolatga intilgan xotin-qizlarning ovoziga aylandi. Uni Osiyo kengliklarida timsol deb qabul qildilar. Jom dashtlarida har bahorda lolalar chaman ochilsalar, bu besabab emas. Yer tugʻilganda bu yerlarga anvoyi lolalar urugʻini tashlagan, lolalar makon topgan, Zulfiya pedbilim dargohida oʻqib yurgan. (Matbuot maʼlumotlariga koʻra, 1918 yilning iyulida yangi shoʻro maktablari uchun muallimlar tayyorlaydigan pedagogik kurslar ochilgan. 1919 yildan ular olti oylik kurslarga aylangan. 1919 yilning fevralida turkiy tillar oʻqitiladigan pedkurs ochilib, unga Munavvarqori mudir tayinlangan. Ayni paytda, xotin-qizlar pedkursi ishga tushgan, keyin shu asosda pedbilim yurti tashkil boʻlgan. S. Jiyanxonov va M. Islomovaning kitobchasida yozilishicha, (“Qutlugʻ dargoh”, Toshkent – 2002) oʻquv rejalari va dasturlarini Munavvarqori tuzgan. 1920 yildan bular inprosga aylantirilgan. 1923 yilda inprosni oʻzbek tilida yettita xotin-qiz bitirib chiqqan. Saodat Shamsiyeva, Jahon Obidova singari ilgʻor talantli ayollar shu inprosni birinchi bitiruvchilardan boʻlganlar. 1930–1931 yilda taʼlim-tarbiya texnikumini 11 qiz va uch yigit bitirdi. Bu yerda Toshpoʻlat Normuhamedov (Talas), Oqil Sharafiddinov, Zufar Qodirov dars bergan, Zulfiya 1931–1932 yillarda shu pedbilim yurtida oʻqidi. Bilim yurtidan koʻp mashhur kishilar yetishib chiqdi. Adiblardan Uygʻun va Ramz Bobojon ham shu dargohda oʻqigandilar). Toshpoʻlat Saʼdiy va Muzayyana Alaviyadan Navoiyni oʻrganayotgan chogʻlaridayoq tiyrak qiz tuygʻunlik bilan oʻzini anglashga va bu orqali shaxsiyatini sheʼrda namoyon etishga jazm etgan edi. Zero, u bir soʻzli usta hunarmandning qizi – azmi uzoqlarni koʻzlagandi. Unda oʻzni namoyon etmoqlikning barcha yashovchan kurtaklari mavjud va jazm bilan oʻsishga intilardi. Soʻfizoda, Hamza, Choʻlpon, Avloniy, Oybek, Gʻafur Gʻulom kabi ulugʻ ijtimoiy ovoz shoirlari tinmay xotin-qizlarni ozodlik, faollikka chaqirardilar. Oʻzlikni namoyon etish zamonning oʻtli shiorlaridan edi. Baxtli damlarning qabariq yulduzlari kulib boqardi Zulfiyaga. “Bu yillarda mening hayotimga yana bir quvonch toʻlqini kirdi. Bu – Hamid Olimjon edi… Hamid Olimjon mening uchun talabchan ustoz, mehrli doʻst edi. Sheʼrlarimni ilk bor hayajondan titrab unga oʻqirdim. U ayovsiz tahrir etardi. Yillar oʻtdi, yillarning biri bilan qoʻshilib Hamid Olimjon ham oʻtdi… Soʻng hayotimga yoʻllar kirib keldi…”

 

Quyoshdan toʻkilganman

Ushlay olaman oʻtni –

 

deydi Zulfiya. Tugʻma gʻoyalarga hayratlanmay ilojing yoʻq. Bu gʻoyadan u soʻnggi damgacha voz kechmadi: “Sakson yil lovullab soʻnmagan oʻtman”, dedi u oxirida.

Zulfiya xayol bilan qalin doʻstlashgan va mudom xayol dunyosiga gʻarq edi. Savdo-sotiq, bozor dunyosi uni hech qachon qiziqtirmagan, qachon biron doʻkon ostonasiga qadam qoʻyganligini ham eslolmasdi.

Zulfiyani qiynagan, azoblarga qoʻygan narsa: u hech qachon oʻtmish yuklaridan qutulolmasdi, bu yuklarning zalvori doim yelkalarini ezib yotar va bir zum ham oʻz iskanjasidan boʻshatmasdi. Ota-onadan ayrilish, azamat akalarining dogʻi-hijroni, goʻzal singlisi Buvinisaning alamli oʻlimi, talaba ukasining hech kutilmagan halokati, ayniqsa, 1944 yilda suyukli umr hamdami Hamid Olimjonning falokatga uchragani hayotsevar ayolning qalbida hech oʻchmas chandiqlar qoldirdi. Bu chandiqlar vaqt oʻtib bitganday boʻlsa ham, tinimsiz ogʻrirdi. Nega deganda, Zulfiya ularning hammalarini behad sevardi, hayotini ularsiz tasavvur qilolmasdi. Ular ulkan sevgi va mehrga arziydigan odamlar edilar. Bu ayriliqlar azobini yanada kuchaytirardi. Zulfiyaning real hijron va ayriliq azoblari, dardlari haqida yozganlari allaqachonlar uning tarjimai holining intim doirasidan toshib chiqib ketgan va tor doiraga mutlaqo sigʻmay qolgan:

 

Hijronning, faryodning dudlarini toʻkdim,

Yuragim soʻkildi boʻlak va boʻlak…

Yigʻlab kelib, yigʻlab ketar odamzod

 Libosimday qora sheʼrlarni yozdim…

 

Hijron yurakdan chiqib sheʼrga koʻchib, ijtimoiy narsaga, ijtimoiy hodisaga aylandi. Urush va urushdan keyingi yillarda millionlab yurak-bagʻri dogʻli ayollarning nola-faryodlariga hamohanglik topdi. Zulfiya oʻz dardida ularning barchalarining dardlarini olovli soʻzlarda ifodalaganday boʻldi. Zulfiyaning oʻzi ham jumla-jahon dardli karvoniga qoʻshilib borayotib umuminsoniyat dardini kuylayotganini bildi, buni yurakdan tuydi, bu kuylar qalbining juda nozik chilvir torlariga mangu esh boʻlib qolganligini angladi. Shu anglamda ijtimoiy inson tugʻildi, ijtimoiy inson yuzaga chiqdi. Hatto butun insoniyatning dard-alamga limmo-lim sheʼr soʻzini hisobga olganda ham, favquloddaligi bilan ajralib turadigan ifodalar yurak qaʼrlaridan otilib chiqdi:

 

Hijroning qalbimda, sozing qoʻlimda,

Hayotni kuylayman, chekinar alam.

Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,

Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

 

Bunda hijrondan ham kattaroq, buyukroq bir narsa bor. Zulfiya katta yurak va katta aql egasi – shu narsani topgan va fikr qudugʻidan tortib olgan. Bu matonat, qatʼiyat, sadoqat, nazokat, adolat – hammasi bir boʻlib jamlangan, insonning borliq mazmuniga aylangan bir narsa. Uning nomi bor. Lekin bu nomni – bir soʻzni aytish, topib joyiga qoʻyish juda qiyin. Tinimsiz oʻylash, Zulfiya kabi tinimsiz xayol olamiga gʻarq boʻlishning natijasi kabi topiladi u yagona soʻz! Zulfiya bu favqulodda porloq soʻzlarni ayni oʻttiz yoshga toʻlganda, 1945 yilda yozgan. Bu soʻzlar ahd maqomiga koʻtarildi. Yuksak ahd-paymonday eshitildi va ahd-paymonday qabul qilindi. Keyin Zulfiya to toʻqsoninchi yillarning oʻrtalarigacha nima yozmasin, har bir satrining har bir soʻzida bu quyosh soʻzlar shuʼla sochib, har bir soʻzini yoritib, ichidan ham, tashqarisidan ham maʼnodor va mazmundor qilib turdi. Millionlab ayollarga dalda boʻldi bu soʻzlar! Yana millionlagan ayol zotiga kelajakda dalda boʻlajak! Zulfiyaning qaysi sheʼrini ochib qaramang, shu ohang, shu umidbaxsh matonat, toqat va iroda yangrab turadi. Shu ulugʻ soʻzlarni yozib, Zulfiya behad xayolchan boʻlib qoldi. Shunda uning lablariga nimtabassum qoʻndi. U oʻlmaydigan irodaning tabassumi edi. Dardlar tugʻyonlari koʻzyoshlari boʻlib quyulgan chogʻlarda ham uning labidan bu nimtabassum arimadi. Iroda agar odam shakliga kirsa, shunday tabassum qiladi. Uning behad xayol dunyosiga gʻarq boʻlganligining boisi shunda:

 

Ajinlar iz solgan keng peshonamni

Istiqbol hayotbaxsh qoʻli silasin.

Qatagʻon yillari yutgan jigarlar

Dogʻini tortmoqqa toqat tilasin!

Yillar,

Nodir onlar,

Sevgi,

Hijronim,

Dilimni zamzamlab, ketmagan uchib…

Bor boʻlsa beshmi, oʻn muxlis sheʼrxonim,

Yozmoq – baxt qalamim uchini oʻpib…

 

Bu satrlarni Zulfiya 1994 yilda yozdi. 45-yilda yozilgan yuksak ahdga bu satrlarni qiyos qilib Zulfiyaning inson va ijodkor sifatida kimligi va shaxsiyatining miqyosini anglaymiz. Nima uchun Tixonovday, Gʻafur Gʻulomday, Qaysin Quliyevday, Rasul Hamzatovday, Indira Gandiday, Mustay Karimday, Chingiz Aytmatovday buyuk insonlar uning missiyasini ardoqlaganliklariga tushunib yetamiz. Zulfiya yuqorida parcha keltirilgan sheʼrini “Iqrorga vaqt yetdi”, deb atagan edi. Uning iqrorlari oʻylovchi, anglovchi aqllarni larzaga soldi.

Zulfiya hayot poʻrtanalariga har damda duch kelib, soʻng ijtimoiy tayanch izladi. Oʻtganlar yodi va sheʼr unga shunday tayanch boʻldi. Hamid Olijon unga sheʼriyatning sir-asrorlarinigina emas, insoniy maʼrifat bilan ham oshno qildi. Zulfiya Hamid Olimjondan qatʼiyat va iroda bilan yashashni oʻrgandi. Zulfiyaning feʼl-atvorida, azal zuvalasida, qonida bu xususiyatlar bor edi, lekin Hamid Olimjon ohanrabosi bois bular Zulfiya jonida intizom tusiga kirdi. Bilim yurtida Zulfiyaning intizomiga havas qilishardi. Bu unga onasi Xadicha ayadan oʻtib kelayotgan tugʻma fazilat edi. Ammo fazilat Hamid Olimjon tufayli intizomli qatʼiyat va intizomli hodisa. U rang-barang shakllarga kiradi, qahramonlik darajasiga koʻtariladi. Men Zulfiya sheʼriyatida mayinlikni uchratmaganman. Menga Zulfiya sheʼriyati boshdan oyoq qirrador boʻlib tuyuladi. Bunda har bir soʻz, qofiya, ibora, jumla qirrador. Zulfiya chaqmoq tashbehiga tez-tez murojaat etadi. Nega? Chunki uning sheʼri intuitiv tarzda qirradorlikka intiladi. Chaqmoq qirrador. Olmos qirrador. Ildiz qirrador. Bular qirrador boʻlmasaydi, hayot degan narsani yaratmasdi. Zulfiya sheʼriyatida qirradorlik uning shaxsiyati bilan chambarchas bogʻliq holda tashqi ongdan koʻra ongosti hodisalari bilan koʻproq bogʻliq. Bu hatto Zulfiyaning badiiy tarjimalarida, Lesya Ukrainka, Pushkin, Nekrasovdan qilgan tarjimalarida ham badiiy poetik shakl sifatida koʻzga tashlanadi. Qayerdan bu qirradorlik? U poʻlat erituvchilar olis avlodlaridan, Muslim bobo, Isroil degrezdan oʻtib kelayotgan, tomirlarda oqayotgan tugʻma genetik bogʻlanish. Badiiy qirradorlik oxiri 90-yillarda yaratilgan sheʼrlar va ayniqsa, “Xotiram siniqlari”da oʻzini toʻla badiiyat bilan namoyon etdi. Mangu ogʻriqlar tilga kirdi. Ana endi shu qirrador qatʼiyat hayotning barcha katta-kichik voqea-hodisalarini tartib-nizomga kiritib izga soldi va toʻla hukmfarmo boʻldi. Bilim yurtida ne-ne nurga yoʻgʻrilgan xayollar quchogʻida yurgan oʻn yetti yashar qizcha “Hayot varaqlari”da shuni orzu qilmaganmidi, alpqomat akasi Normat kitobchada oltmish yil keyin keladigan voqealarni koʻrib koʻziga quvonch yoshlarini olmaganmidi? Intizomli qatʼiyat, qirrador intizom Zulfiya siymosida tom kamolga yetmadimi? Zulfiyaning intizomi ilhom yaratardi. Bu noyob, shukuhli, sheʼriyat parvozidagi intizom edi, u sheʼriyatda falsafaga, falsafiy gʻoyaga aylangandi.

Uning siymosida soʻz bilan ifodalanmagan, aytilmagan qimmatlar chamasi, aytilgan va ifodalanganlaridan beqiyos koʻproq. Uni oʻrtagan, qiynagan, ogʻir iztiroblar iskanjasiga solgan hollar – uni erkalagan, sharaflagan, ardoqlagan, sheʼriyat gultojini boshiga kiydirgan hollardan koʻproq edi.

Shodiyonada qaygʻu, qaygʻuda shodiyona omuxta edi. Va bunga oʻsha zamonada chora, davo, xalos yoʻq edi. U “birlik, birodarlik bor yerda yuksalish bor”, deb oʻtdi. Va oxirida: “Asl ustozim – hayotning oʻzi edi”, dedi va baxtiyor, begʻubor, injuday bolaligiga qaytdi. Yana oʻn yetti yoshdagi oʻz “hayot varaqlari”ga tugal sodiq qoldi. QABARIQ YULDUZ BOLALIGINING MUSAFFO OSMONIGA KOʻTARILDI.

 

Salom! – deyman xayol binafshasiga,

Sensiz koʻngil bogʻim qolardi gʻarib!

…Hech mast boʻlganmisiz sof nashʼasiga

Boshin xiyol egib tursa jilmayib?…

 

Ibrohim GʻAFUROV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.