Zulfiya lirikasida tuyg‘ular realizmi

0
172
marta ko‘rilgan.

Annotatsiya

Maqolada lirik qahramonning kechinmalari tabiati va Zulfiyaning estetik qarashlari tekshiriladi, badiiy-tasviriy vositalar va badiiy detalning ko‘p qirralilik xususiyati ochiladi. Zulfiya estetik idrokining lirikani rivojlantirishdagi ahamiyati o‘rganiladi.

Annotatsiya

V statye issleduyetsya priroda perejivaniy liricheskoy geroini i esteticheskiye vzglyadi’ Zulfii, otmechayetsya mnogofunksionalnost kompleksa xudojestvenno-izobrazitelni’x sredstv, xudojestvennoy detali. Esteticheskiye vzglyadi’ Zulfii rassmatrivayutsya kak impuls v razvitii liriki.

Annotation

This article is researched the nature of lyrical hero‘s difficulties and estethic views, multifunctionality of complex artistic-descriptional factors, details of poetess Zulfia. Artistic views of Zulfia considered to be the important development of lyrics.

Tayanch so‘zlar: Poeziya, estetik tanlov, lirika, musiqa, hissiy idrok, peyzaj tasviri, ruhiyat, kechinma, optimistik kayfiyat, hijron vahmi.

 

Buyuk rus munaqqidi V. G. Belinskiy shunday yozadi: “Poeziyadan maqsad nima? Tabiat estetik tuyg‘u ato qilgan kishilar uchun bu masala juda muhim va ayni paytda juda mushkul tuyuladi. Poeziya o‘zidan tashqari bo‘lgan hech bir maqsadni ko‘zlamaydi. Bilimdagi haqiqatdek, harakatdagi ezgulikning o‘zi maqsaddir”.[1] Haqiqatan ham, “harakatdagi estetika” nazmning xarakterini belgilaydi. Unda jamiki fazilatlar, ba’zan kamchiliklar botiniy suvratni, ijodkor tiynatini, hayot haqidagi eng maqbul qirralarni yaxlitlashtiradi.

Shoira Zulfiyaning “Hijron kunlarida” turkumidagi ko‘pchilik she’rlarida ijodkor qalbidagi xilma-xil ziddiyatlarni, keskin to‘qnashuvlarni, ba’zan o‘z-o‘zi bilan olishgan monologik nutqlarni kuzatish mumkin. Ularda sub’yektiv kechinma umumestetik ruhdan oziqlangani, badiiy tafakkur hayotiy tajribadan o‘sib chiqqanligi asosiga qurilgan aql bilan his qilinib, ko‘ngil bilan inkishof etilgan jihatlar ham borki, bular hech birimizning e’tiborimizdan chetda qolmaydi. Darvoqe, “akademik I. K. Konrad Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostonini o‘qib chiqib, ajoyib simfonik musiqa tinglaganday bo‘ldim, degan edi”.[2] Shoira Zulfiya ijodiga mazkur ibratomuz mushohadani muqoyasa qilsak, masala mohiyati yanada oydinlasha boradi. Ya’ni “ajoyib simfonik musiqa”ga o‘xshash “Sensiz” she’rida qalbning hijrondan o‘rtangan intim tashnaligi poetik yaxlitlikda maromiga yetkazib ifodalanadi:

Mana bir umrni yashadim sensiz,

Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib.

Tobuting boshida cho‘kkanimda tiz,

Farzandlar ko‘tardi qo‘limdan tutib.

Doimiy kuzatishlar, asl tuyg‘ular poetik matn tabiatini yanada mukammalroq aks etishiga zamin hozirlagan. Aslida, lirikada kechinma uch o‘lchamli matn tarkibidan iborat: kuzatish, tahlil, baholash. Hissiy idrok ongli ravishda talqin rang-barangligini yuzaga keltiradi. Negaki, teran mushohadaga boy lirik kechinmalar natijada bitta nuqtada o‘z tajassumini topadi. Bular poetik axborotning ijodkor shaxsiyatiga nechog‘li daxldorligi, shu voqelikning tadrijiy shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan “tuyg‘ular realizmi” haqqoniy manzarasining inkishof qilinishida qabarib ko‘rinadi. Ijodkor mushohada markaziga yuragidagi orzu-umidlarini qo‘yadi. Bir qarashda estetik qadriyat negizida shaxsiy-intim kechinmalar aks etayotgandek taassurot uyg‘onadi, lekin mohiyatiga nazar tashlansa, insoniyat qismatiga daxldor, hamma uchun qadrli va ibratli voqelikni o‘ziga xos tarzda dunyoga kelishini teranroq anglash mumkin. Shoira Zulfiyaning juda ko‘plab she’rlarida bu masalaning real ifodasini kuzatish mumkin.

Shoira Zulfiya estetik olamini poetik yo‘sinda yanada o‘zgacha va betakror yuzaga chiqishida tabiat tasviri – peyzajning o‘rni beqiyos. Chunki intim lirika markazida tabiat hodisalari bilan ruhiyatning erkin parvozi ifodasi birinchi planda tasvirlanadi. Antiteza ba’zan mushtarak tushunchalar zamirida qalb va yurak harorati ziddiyatlarini, tabiiy jarayonning ajralmas halqasini tashkil etadi. Bahor motivi bir-biridan keskin ziddiyatli mulohazalarni poetik butunlikda aks ettiradi. Bahor – taqdir kuzatuvchisi bo‘lsa, qish uning mavhum idrok fasli. Xuddi tun va kun birikmasidek yaxlit manzara biri-ikkinchisining yuzaga chiqish sababiyati tarzida namoyon bo‘ladi:

Qirlarga ilk chiqqan qo‘ychivonlardan,

Qayda shoir, deya ayladi so‘roq.

Barida sukunat ma’yuslik ko‘rib,

Horib-charchab keldi, toqatlari toq…[3]

“Bahor keldi seni so‘roqlab” deb nomlangan mazkur xotira she’rida yuqorida ta’kidlanganidek, bahor faslining fusunkor qiyofasi lirik qahramon ko‘nglida kechayotgan hislarga madad bo‘lish barobarida, jamiki mavjud hodisa, predmetlardan “ma’shuq” haqidagi sirlarni ochishga kalit vazifasini o‘tamoqda. Bahor – poetik obraz bo‘lib, shoira jonlantirish usuli bilan yaxlit kechinmani idrok qilishga erishgan. Nazmning sirli tabiati ham, aslida, jonsiz narsalarga jon ato etishdir. Shoira Zulfiya o‘zligida “hol tili bilan tillashgandek”. Bunda til tashqi faoliyat munosabati bilan emas, botinan his, sezgi, kechinma, ruhning fazoviy parvozi bilan munozaraga kirishadi:

Qani o‘sha kuychi, xayolchan yigit?

Nechun ko‘zingda yosh, turib qolding lol.

Nechun qora libos, sochlaringda oq,

Nechun bu ko‘klamda sen parishonhol?[4]

Shoira atrofidagi odamlarga emas, tabiatning bir bo‘lagi, fasllar nazokati bahorga yukunadi. Bahor ikki oshiqning xayolan visolga yaqinlashtirish maskani. Unda “tole va baxt” simfoniyasi o‘z ovozi bilan yangray boshlaydi. Lirik matn poetikasiga daxldor shakliy unsurlar, voqelik yaxlitligi ma’lum qoliplarda tajassum topadi. Poetik qiymati o‘ziga xos yaxlitlik kasb etgan mazkur she’rni shoira Zulfiya ijodining mo‘jaz javohiri, deya ta’kidlash o‘rinlidir.

Shoira Zulfiyaning estetik idroki ba’zan qanchalar jo‘shqin bo‘lsa, ba’zida o‘ta tushkun, biri-ikkinchisisiz yashay olmaydigan predmetlardan tarkib topganki, uning haroratini his qilmoq uchun shoira qalb dunyosiga yaqinlashmoq joiz. Chunki lirik matn tabiatida kechinma yotadi. U hayotiy mushohadaning nechog‘li samimiy, haqqoniy, ta’sirli, ohangdorlik kasb etishi bilan ma’lum ma’noda tutashib ketadi. Shoira she’rlarini yagona bir sistem olam, yaxlit bir badiiy borliq deb qaraydigan bo‘lsak, tabiiy jarayonga jonlantirish har zamonda qo‘llaniladigan hodisa emas, u butun borliqni jonli tarzda tasavvur qilganligining shohidi bo‘lamiz.

Mashhur psixoanalitik Zigmund Freyd insonning tana a’zolaridagi xastalikni she’r orqali ham davolash mumkin ekanligini alohida ta’kidlab o‘tadi. She’rning ruhiy parvozi ham inson irodasining qanchalik matonatli va chidamliligi bilan ham belgilanadi. Ruhiy chidam har qanday og‘riqlarni, iztiroblarni yengib o‘tishga qodir. Tafakkurning bepoyon parvozlari fazoviy bo‘shliqlarni zabt etadi, unga maqsad nazari bilan erishiladi. Deylik, shoira Zulfiya optimistik kayfiyat bilan she’rlar yozmaganida edi, bunday tavsiflarni yevropalik olimlar nazariyasi orqali ta’riflagan bo‘lar edik. U o‘ziga madad so‘ragan kuchdan ilhomlanadi. Har lahzada Yaratganning istagiga qarshi chiqmaydi. Faqat “she’riy asarlarida” ayriliqning, hijronning diliga jo qilgan manzarasini, taqdir hukmi, deya musavvirona chizishga erishadi. Obrazli tafakkur negizida qalb kechinmalari yanada reallasha boradi. Bunday qarashlar psixolog Otto Rank talqinida ham kuzatiladi: “San’atkor madaniy hayotimizga dushman bo‘lgan yovuz instinktlarimizni tinchlantirib, ularni ezgulik yo‘liga burib yuboradi. U bizni ham ichki zulmdan qutqarib, ham ko‘nglimizni shod etadi”. Haqiqatan ham, san’atning bosh maqsadi insoniyatga ezgulikdan saboq berish, yovuzlik ustidan tantana qilishdir.

Umuman, lirikada o‘quvchi ko‘nglini poklaydigan “najotbaxsh ma’no” o‘z tajassumini topadi. Shoira Zulfiyaning muhabbat haqidagi manzumalarida hijron vahmi “qizil ip”dek o‘tadi. Uni bir ko‘zgu deb olib qarasak, teran najotbaxsh ma’nolarni ilg‘ab olamiz. Visol tushunchasi shunchaki maishiy mazmun kasb etmay, ilohiy tuyg‘ular bilan yaxlitlashadi. Bu mutanosiblik san’atdan olingan haqiqiy estetik zavqdir.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

Belinskiy V. G. Adabiy orzular. – T.: “Adabiyot va san’at” nashriyo ti. 1977.109-bet.

Akramov B. She’riyat gavhari. – T.: “Adabiyot va san’at” nashriyoti. 1979.58-bet.

Qayumov L. Zulfiya. – T.: “Adabiyot va san’at” nashriyoti. 1975.143-bet.

Zulfiya. Tong bilan shom aro. – T.: “Sharq”. 2005.19-20-betlar.

 

Go‘zal UMUROVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

 


[1] Belinskiy V.G. Adabiy orzular. –T.: “Adabiyot va san’at” nashriyoti. 1977. 109-bet.

[2] Akramov B. She’riyat gavhari. –T.: “Adabiyot va san’at” nashriyoti. 1979. 58-bet.

[3] Zulfiya. Tong bilan shom aro. –T.: “ShARQ”. 2005. 19-bet.

[4] O‘sha asar, 20-bet.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.