Zafar Diyor

0
3325
marta koʻrilgan.

(1912–1946)

Butun hayoti va ijodini kichkintoylarga baxshida etgan Zafar Diyor bolalarning kitobxonligini oshirish maqsadida ularga murojaat qilib, shunday degan ekan:

– Ilm oʻrganish eng moʻtabar ishdir. Ilm odamning qadrini oshiradi, ilmli kishilar dunyoda eng izzatli, hurmatli boʻladilar. Ilm dunyoda odamlar uchun eng sevimli, eng shirin neʼmatdir. Shunday ekan, siz dunyoda rohatda yashashni istasangiz, hamma meni sevsin desangiz, bor kuchingiz bilan oʻqishga, ilm olishga gʻayrat qiling.

Bolalar! Oʻqing, darsga ixlos qoʻyib oʻqing, foydali kitoblardan foyda va lazzat olish uchun oʻqing. Kishining eng aziz, eng shirin va eng qimmatli vaqti yoshlik davridir. Shunday qimmatli yoshligingizni, aziz umringizni foydasiz ishlarga sarf qilmang, kitob oʻqing, faqat kitob oʻqing!

Zafar Diyor 1912 yilda Namangan viloyatining hozirgi Chust tumani, Samsoqtepa qishlogʻida kambagʻal dehqon oilasida tugʻil di. 1916 yilda Zafarlar oilasi Toshkent shahriga koʻchib keladi. Zafarning otasi dalada, onasi esa bosmaxonada mehnat qiladilar.

1927 yilda Zafar toʻliqsiz oʻrta maktabni bitiradi va Samarqanddagi Narimonov nomli pedagogika texnikumiga oʻqishga kiradi. Texnikumda oʻqib, koʻproq ilm-fan sirlaridan bahramand boʻlishga harakat qiladi. Uning dastlabki sheʼriy mashqlari bilim yurti devoriy gazetasi sahifalarida koʻrina boshlaydi.

Yigirmanchi yillarning oxiri va oʻttizinchi yillarning boshlarida uning yoshlar gazeta va jurnallarida ilk sheʼrlari chop etila boshlandi. Zafar Diyorning birinchi sheʼri yosh shoirlarning “Qurilish kuylari” degan toʻplamida bosilib chiqdi. Koʻp oʻtmay uning birinchi sheʼrlar toʻplami “Qoʻshiqlar” nomi bilan 1933 yilda nashr etildi.

Yosh shoir 1933 yilda bilim yurtini muvaffaqiyatli bitirgach, oʻqituvchi boʻlib ishlay boshladi. Bu hol uning maktab va bolalar hayoti bilan yaqindan tanishishida, yosh avlod hayoti haqida yozadigan asarlarining hayotiy, puxta boʻlishida ijobiy oʻrin tutadi.

1934 yilda Zafar Diyor Samarqanddan Toshkentga qaytadi va hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida adabiy xodim, keyinroq esa masʼul kotib boʻlib ishlay boshlaydi. Shu bilan birga, u hozirgi Toshkent davlat pedagogika universitetining til va adabiyot fakultetiga kirib, oʻqishni davom ettiradi. Oʻzbek hamda qardosh xalqlar yozuvchilarining asarlarini qunt bilan oʻqiydi, oʻrganadi.

Oʻsha yillari gazetada Zafar Diyor bilan birga ishlagan yozuvchi Hakim Nazir oʻz esdaliklarida shunday yozadi: “Men Zafarni oʻylasam uni nuqul shod-xurram bolalar qurshovida, quvnoq chehrasidan nur taralib, sertabassum lablaridan sheʼr durdonalari yogʻilayotganday koʻraman. Chindan ham, u bolalarga juda yaqin edi. Maktablar va bolalar uylarida, kutubxona va bogʻchalarda bot-bot boʻlar, yosh kitobxonlarga yangi-yangi sheʼrlarini bolalarcha muloyim, sodda, shirali ovoz bilan oʻqib berar, ayrim sheʼrlarini yoddan ifodali oʻqir, bolalarga ham sheʼr oʻqitib eshitardi. Shunda u oʻzining qaysi sheʼrlari bolalar koʻrigidan yaxshi oʻtganini, qaysi sheʼrni koʻproq sevib qolganlarini koʻrar, bolalarga yoqtirish uchun qanday sheʼrlar yozish lozimligini fahmlab olardi. “Biz bolalarga nuqul oʻrgatibgina qolmay, ulardan oʻrganib ham turishimiz kerak”, derdi.

Zafar Diyor 1935 yilda dastlabki mashhur asarlaridan biri boʻlgan “Mashinist” dostonini yaratdi. Dostondagi Ashur obrazi baxtiyor yoshlarning fazilatlarini umumlashtirishga bagʻishlangan.

Maktabda oʻqish Ashurni hunarli qilish bilan birga, uning ongi va tushunchasini ham oʻstiradi. U vatanga sadoqatli, har doim olgʻa intiluvchi ilgʻor yoshlardan biri boʻlib yetishadi. Shuning uchun doston qahramoni oʻz umrini Vatan yoʻliga tikishga tayyor turadi:

Sevinaman, hali yoshman, koʻp yashayman,

Bu oʻlkaning saodati – baxti uchun.

Yana oʻqib, yana kulib koʻp ishlayman,

Shu koʻplarning biri boʻlib, oʻlkam uchun,

Ha! Mamlakat, shunday vaʼda beray senga:

Butun umrim sening porloq hayotingga!

Asar yoshlarning ilm-fanga, kasb-hunarga, ona-Vatanga muhabbat va sadoqat ruhi bilan sugʻorilgan.

 

Zafar Diyorning oʻttizinchi yillar ijodi vatanparvarlik, baynalmilallik va mehnatsevarlik tuygʻularini aks ettiruvchi asarlarining koʻpligi bilan xarakterlidir. Bu xil asarlar yoshlar xarakterini shakllantirishda, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega.

Shoir ijodidagi muhim mavzulardan biri inson va tabiat munosabatidir. Bu jihatdan uning “Binafsha”, “Navbahor”, “Qushlar haqida qoʻshiq”, “Kapalak” singari sheʼrlari ahamiyatlidir.

Rang-barang gullarni, turli-tuman qushlarni sevgan shoir bolalar ruhiyatini chuqur tahlil etib, ularni ham ona tabiatni sevishga va parvarish qilishga ruhlantiradi. Shoir bolalarda qushlarga muhabbat hissini uygʻota oladigan quvnoq vazn, oʻynoqi misralar yaratadi. Shu maqsadda soʻzlarning xilma-xil takroridan, misralarni esa mayakovskiychasiga tizib, tasvirning ohangdorlik jarangini, kuchini yanada oshiradi:

Hoy qushlar,

qushlar,

qushlar,

Qanot qoqib kelinglar, saʼva,

mayna,

bulbullar.

Sizga termular koʻzlar…

Bizga ortiq yoqadi Quvnoq qoʻshiq-kuyingiz!

(“Qushlar haqida qoʻshiq”)

Shoir bolalarning tabiat hodisalariga, hasharot-u jonivorlarga, ayniqsa, kapalakka qiziqishini, muhabbatini kichkintoylarga xos soʻz va ohangda ifodalab, kichkintoyning hayotga diqqateʼtiborini oshiradi, kapalak obrazi orqali kitobxonda insoniy tuygʻularni shakllantirishga harakat qiladi:

Uch, ucha ber, ucha ber,

Goʻzal bogʻcham – gulshanda.

Sira ozor bermayman,

Sevgim, fikrim ham sanda.

Kapalakjon, kapalak,

Doʻst boʻlaylik ikkimiz,

Toʻxta, soʻzlayin andek!

(“Kapalak”)

Zafar Diyorning “Binafsha” sheʼrini yoddan bilmagan oʻquvchi boʻlmasa kerak. Sheʼr oʻzining ravon oʻqilishi, qofiyalarning jarangdorligi bilan oʻquvchini oʻziga tortadi:

Binafshaxon, binafsha,

Kulishlaring chiroyli.

Bogʻimizda ochilib,

Turishlaring chiroyli.

Shoirning “Mamlakat”, “Kazbek”, “Tilsiz oʻrtoq”, “Madriddan kelgan mehmon” kabi sheʼr va dostonlari shoir ijodining har taraflama yuksalishidan dalolat beruvchi liro-epik asarlardir.

Zafar Diyor bolalarning xatti-harakatlarini, orzu-intilishlarini yaxshi biladi. Shu jihatdan qaraydigan boʻlsak, uning “Kel, uchaylik shimolga” sheʼri gʻoyat oʻziga xosdir. Bunda shoir “Quyosh tushmaydigan” qutbni borib koʻrishni orzu qilgan bolaning lirik obrazini gavdalantiradi. Yosh bolaning murgʻak xayoli shimoliy qutbni borib koʻrishni, undagi hodisalar bilan tanishishni xohlaydi. Shoir lirik qahramonning ulugʻ maqsadlarga erishish uchun fan va texnika asoslarini amalda egallashi kerakligini chuqur anglaydi. Buni shoir modelcha yasash jarayonida kichik yoshdagi bolalarning ruhiyatiga mos, sodda holda tushuntiradi va ularda katta ishlarga – qahramonlikka havas uygʻotadi:

Yosh boʻlsam ham mayliga

Qanot bogʻlab uchayin.

Muz sahrosi Qutbning

Sirin men ham ochayin.

Hoy, suyukli modelcham,

Tayyormisan safarga?

Fikrim senda hamisha,

Kel, uchaylik Shimolga!

Shu narsa eʼtiborliki, sheʼrda Zafar Diyor bolalarning texnikaga intilishi va qiziqishlarini qizgʻin qoʻllab-quvvatlaydi, ulardagi oliy his-tuygʻularni oʻstirishga, vatanparvarlik hislarini tarkib toptirishga yordam beradi. Shoir bunday yuksak tuygʻularni badiiy sodda, taʼsirchan va mazmundor misralar bilan ifodalaydi:

Butun dunyo anglasin:

Bir modelist kepti, – deb,

Yangi avlod bayrogʻin

Qutb uzra tikdi, – deb.

Sheʼr bolalarning kelajakda orzu-umidlariga erishishlariga boʻlgan katta ishonch bilan tugaydi. Bu asar bolalarni ilm va hunarga muhabbat, tinmay olgʻa intilishga chaqiriq ruhida tarbiyalashi jihatidan katta ahamiyatga ega.

Zamondoshlarimizning yangi qoʻriq va boʻz yerlarni oʻzlashtirish, moʻl-koʻl hosil olish va qishloqlarni obodonlashtirish ishida olib borayotgan kurashlari “Yuksak togʻ, keng oʻtloq va mard oʻrtoq haqida qissa” dostonida ochib berilgan.

Zafar Diyor dostonda sahro-choʻllardagi shamolning vahimasi va uning ayanchli tasvirini chizib, yosh kitobxon diqqatini mehnatga jalb qiladi. Doston ertak shaklida, bolalarbop usulda yozilgan. Shoir sahrolarning “Qashqir kabi uvillovchi”, “Boyqush kabi huvlovchi” dahshatli shamollari odam – tabiat dushmani ekanini obrazli misralarda yoritadi. Shundan keyin shoir hayotni goʻzal, sahro-choʻllarni obod qilishda suvning qadrini juda yaxshi bilgan keng oʻtloqni jonlantirib soʻzlatadi va u yerlarda “gul hayot” qurish gʻoyasini olgʻa suradi. Keng oʻtloq yuksak togʻga murojaat qiladi:

Ne boʻlarmish bizning ham

Koʻksimizdan ketsa gʻam.

Bu gʻam suvsiz ketmaydi,

Suvsiz yara bitmaydi…

Men suvingdan kuch olsam,

Tentak yeldan oʻch olsam.

Uzoq yillar xoʻrlangan,

Qaqrab toshga aylangan

Koʻksim boʻlardi obod,

Boshlanardi gul hayot…

Talabimga yetkur, togʻ,

Ber suvingdan, jon oʻrtoq!

Yuksak togʻ ham chorasizlikdan oʻz dardini – suvni keng oʻtloqqa eltib berolmasligini oʻkinch va alam bilan soʻzlaydi.

Shoir endi bolalar fikrini boshqa narsaga – dunyoda ongga, qudratga ega boʻlgan inson va uning taʼrifiga buradi. Zafar Diyor insonning kuch-qudratini sodda, mazmunli, shirali, bolalar qalbiga tez yetadigan iboralarda ifodalagan:

Bu mardlik va mahorat,

Bu kuch-quvvat, jasorat

Insonlarga yoʻldoshdir,

Ularga xos qoʻldoshdir.

Butun borliq – tabiat

(Bu soʻzlarim haqiqat.)

Boʻysunajak insonga

Gul tutajak ul jonga.

Shoir insonning aql-zakovati, kuch-qudrati haqida fikrlar ekan mubolagʻaga zoʻr beradi, insonni, hatto tabiatni ham oʻziga boʻysundiruvchi kuch sifatida taʼrif etadi. Albatta, bu fikrlar turgʻunlik davrining oqibatidir. Negaki, “Sirdaryoning jilovlanishi” bugungi kunda xalqimizga qimmatga tushmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, tabiat insonlarning boshboshdoqlik xatti-harakatlari uchun shafqatsiz oʻch olmoqda. Bundan bu asar mutlaqo keraksiz yoki zararli asar ekan, degan xulosaga kelmaslik zarur. Asar kitobxonlarni mehnatsevarlikka, yaratuvchilikka, tabiat bilan inson munosabatida muhabbat tuygʻulari boʻlishi lozimligiga undaydi. Bu fikrini ifoda etishda shoir yangi usul – togʻ va oʻtloqlarni jonlantirish orqali erishadi:

Hoy, mard oʻrtoq, mard oʻrtoq,

Qara, qancha keng oʻtloq

Suvsizlikdan dili dogʻ,

Uning ohin oʻchirib,

Chamanzorga aylantir,

Mangulikka shodlantir.

Dostonda shu tariqa xalqimizning choʻl-biyobonlarni bogʻrogʻlarga aylantirish orzusi oʻzining badiiy ifodasini topgan.

Zafar Diyor dostonning gʻoyaviy-badiiy mukammalligi uchun qattiq ijodiy mehnat qilgan. Asarning tuzilishi xalq ertaklariga yaqinligi bilan ahamiyatlidir. Shoir asarning sehrli, romantik, yaʼni gʻoyat taʼsirchan, oʻqimishli boʻlishini taʼminlash uchun sodda, ajoyib badiiy-tasviriy vositalardan ustalik bilan foydalangan. Keng oʻtloq, choʻllarning suvga tashnaligi va uning orzusi haqidagi “Bitta toʻyib suv ichsak”, “Suv ber, menga suv bergin”, “Koʻksimdan soʻng gul tergin”; sahro va uning shamoli toʻgʻrisidagi “Eng gʻazabli, eng oʻchli, xarsangtoshday qotaman, misdek qizib yotaman”; davr kishilarining kuch-qudratiga oid “Chinordek zoʻr qomati, Goʻroʻgʻlidek savlati” kabi tasviriy vositalarga boy misralar fikrimizning isbotidir.

Bu asar yosh kitobxonlarni mehnat va tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalashi bilan muhimdir.

Zafar Diyorning koʻpgina asarlari mehnat mavzusiga bagʻishlangan. Ana shunday asarlaridan biri “Kichkina bogʻbon haqida doston”dir. Dostonda bolalar va yoshlar dov-daraxtlarni ekish, parvarish qilishga chaqirilib, mehnat zavqi va ahamiyati kuylanadi. Bu gʻoya Shotursun obrazi orqali ifodalanadi. Kichik qahramon otasi bilan birlashib mevali daraxtlarni parvarish qilishga, “Qoʻlda kichik ketmon” bilan bogʻlarni yashnatishga mehr qoʻyib, mehnatda oʻzini koʻrsatadi.

Zoʻr gʻayrat va katta ishtiyoq bilan ishga kirishgan Shotursunning oʻzi parvarish qilib yurgan bir tup olmasi barvaqt pishib, moʻl-koʻl hosil beradi. Bola bir yili yalqovlikka berilib, olmaga qaramay qoʻyadi. Shoirning mahorati shundaki, olmani jonlantirib, uning soʻzlari orqali bolalarga ibrat boʻladigan fikrni aytadi:

Bu yil esa, Shotursun,

Gʻayrating yoʻq unchalik,

Berilmassan deb edim

Yalqovlikka bunchalik.

Ahvolimni soʻrmading,

Oqlamading tanamni,

Qurt-qumursqa talaydi,

Ertadan kech mevamni.

Olmaning bunday ayanchli ahvoli Shotursunga qattiq taʼsir qiladi va u oʻz xato-kamchiliklarini toʻla anglaydi. Shoir oʻquvchida Shotursunga nisbatan mehr uygʻotadi, undan oʻrnak olishga chaqiradi.

Zafar Diyorning uchinchi toʻplami 1939 yilda “Sheʼrlar” nomi bilan bosilib chiqdi. Uning bu toʻplami mavzu jihatidan bolalarbopligi, qiziqarli mazmun va obrazli ifodalari bilan ajralib turadi. Bu esa Zafar Diyorning ijod sirlarini tobora mukammal egallab borayotganini, bolalar va yoshlar hayotini yaxshi oʻrganib, ular uchun puxta, barkamol asarlar yaratish yoʻlida tinmay ijodiy mehnat qilayotganini koʻrsatdi.

Toʻplamdagi “Amudaryo boʻyida” sheʼrida shoir oʻlka chegarachilarining lirik obrazini mahorat bilan chizgan. Sheʼrda bolalarni chegara soqchilarining hayoti, ularning masʼuliyatli va faxrli burchi bilan tanishtiradi.

“Qutb qoʻshigʻi” sheʼrida esa shoir olam yaralgandan buyon hech kim borib koʻrmagan qutbni egallagan bugungi kishilarning jasorat-u kuch-qudratini yusak muhabbat bilan kuylaydi.

Zafar Diyor koʻp sheʼrlarida vatanparvarlik, Vatanga muhabbat gʻoyalarini ilgari suradi. Bolalarni Vatanning munosib farzandlari boʻlib kamol topishga undaydi. Buning uchun ularga bilim manbayi boʻlgan kitobni sevib, fan asoslarini chuqur egallashlari zarurligini uqtiradi. Bu gʻoyani “Kitob, mening doʻstimsan” sheʼrida shunday tasvirlaydi:

Varaqlasam bir boshdan

Quvnab bahrim ochilur,

Oltin harf-soʻzlardan

Totli maʼno sochilur.

Shuning uchun deymanki:

Kitob, mening doʻstimsan!

Zafar Diyor kitobning mohiyatini bolalar ongiga oson singdirishda jonlantirish vositalaridan ustalik bilan foydalana olgan. Shoir kitobni bola tilidan shunday taʼriflaydi:

Har sahifang men uchun

Bir hikoyat soʻzlaydi,

Oʻqib, odam boʻlgin, – deb

Yaxshi niyat koʻzlaydi.

Shoir kitobni bolaning eng yaqin, mehribon doʻsti, gʻamxoʻr oʻrtogʻi deb koʻrsatgach, uni jon-dildan sevgan bolaning jonli qiyofasini chizadi:

Seni jondan sevaman,

Meni tilga oʻrgatding,

Hadya qilib ilm-fan,

Yorugʻ yoʻllar koʻrsatding.

Shoir kitobning mohiyatini bolalarga chuqurroq anglatishda, uni taʼsirchan qilib gavdalantirishda: “Baxtim kular kitobdan”, “Quvnab bahrim ochilur”, “Yosh oʻynoqi koʻzlarim shuur olar kitobdan” kabi istioralarni ishlatib, sheʼrning badiiy taʼsirchanligini yanada oshirgan.

Zafar Diyor ikkinchi jahon urushi yillarida hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida adabiy xodim boʻlib ishladi. Ayni chogʻda, u tinmay samarali ijod etdi. Shoirning “Gʻunchalar”, “Serquyosh oʻlka”, “Ona qoʻshigʻi”, “Bizning oila”, “Qahramon”, “Tankist”, “Ulugʻ bayram”, “Qurol bering menga ham”, “Qahramonning kelishi”, “Biz yashamoq istaymiz”, “Qoʻriqchilikda” singari jangovar sheʼrlari shu yillarda yaratilgan.

Zafar Diyor baxtli bolalarning goʻzal bogʻlardan, chamanzorlardan, rang-barang gullardan, bahordan olgan quvonchini “Bahor keldi”, “Orzu”, “Qaldirgʻoch”, “Qushlar haqida qoʻshiq”, “Binafsha” kabi sheʼrlarida sodda, ravon tilda, ohangdor, yengil qofiyali, oʻynoqi misralarda shoirona talqin etadi va ular qalbida hayotga mehr uygʻotadi.

Zafar Diyor bugungi oʻzbek bolalar dramaturgiyasi taraqqiyotiga ham barakali hissa qoʻshdi. U bolalar hayoti haqida “Baxtli yoshlik”, “Yosh vatanparvarlar”, “Omonat”, “Uch ogʻayni” kabi qator dramalar ham yozgan.

Oʻzbek bolalar nasrini rivojlantirishda Zafar Diyor ham oʻz hissasini qoʻshgan. Uning “Joʻnatish”, “Choʻpon qizi”, “Nojoʻyaliklar” kabi hikoyalari shular jumlasidandir.

Zafar Diyor bolalar adabiyotining hamma janrlarida qalam tebratdi. U bolalarning turmushi, talab-ehtiyojlari hamda orzutilaklarini, turmushini, ularning ruhiyatini puxta bilganligi uchun bolalarning yoshiga, ong tushunchasiga moslab, gʻoyaviy-badiiy jihatdan puxta asarlar yaratdi.

Shoir oʻzining qoʻshiq va sheʼrlarida hamda boshqa asarlarida yosh kitobxonlarni ulugʻ yurtimizning behisob boyliklari bilan faxrlanishga, kelgusida yaxshi hayot bunyod etishlari uchun astoydil kurashuvchi, ongli, madaniyatli, vatanparvar kishilar boʻlib yetishish uchun aʼlo baholar bilan oʻqishga chaqiradi. U yosh avlodni mehnatga muhabbat bilan qarashga, rostgoʻy va intizomli boʻlishga undadi, ularda vatanparvarlik, doʻstlik tuygʻularini oʻstirishga katta eʼtibor berdi. Uning asarlari davr bolalari va yoshlari uchun zavq bagʻishladi, ularni oʻqish-oʻrganish va kamol topish uchun kurashga ruhlantirdi.

Oʻzbek bolalar adabiyotining rivojlanishiga sheʼr va qoʻshiq, doston va ertaklari bilan juda katta hissa qoʻshgan Zafar Diyorning asarlarini bolalar hamon sevib oʻqiydilar va yuksak qadrlaydilar.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.