“Yurtkezar”ni oʻqib…

0
38
marta koʻrilgan.

Vazmin ohang taraladi

Abdulla ULUGʻOV, adabiyotshunos:

– “Yurtkezar”da yosh qalamkash qoʻshiq kuylaydi. Hikoyadagi soʻzlar qatidan jarangdor, salobatli va vazmin ohang taraladi. Qipchoq shevasiga xos bu ohang shu tilda soʻzlashuvchilarga hammadan koʻproq xush yoqadi. “Yurtkezar”ning: “Meni yosh bola koʻrdi, deb yomon ochuvi chiqadi, shunda. Senday xalpani, deb soʻkadi. Soʻng qoʻshni qishloqdagi Moʻmin xalpaga boradi. U darrov kitob varaqlay ketadi. Amakimning rang-roʻyiga qarab, yuragingiz tushibdi, hozir joyiga solamiz, deb koʻkragiga tepib (gʻalati-ku… nahotki, tepsa… – A.U.) qoʻyadi va yana tayinlaydiki, albatta, oʻzingizni xaloslang, butunlay kushoyish topasiz, deydi” kabi oʻrinlari boshqalarni ham qiziqtirib qoʻyadi.

Muallif oʻziga yaxshi tanish voqelikni mavzu qilib olgan va uni zavq-shavq bilan ehtirosga toʻlib yoritolgan. Shu bois u hech bir oʻrinda boʻgʻilib zoʻriqmagan. Soʻzlar uning koʻngliga  ohangday quyilib kelgan. “Yurtkezar” xalq tilining jozibador ohanglari, uning ixcham, puxta va pishiq ifoda tarzida bitilgan. Yosh qalamkash voqelikni sodda va loʻnda jumlalarda ifoda qilolgan. “Yurtkezar”dagi: “Dalalar oshib boryapmiz. Kun koʻtarilgan sayin olovday qizdiradi. Koʻm-koʻk yoʻngʻichqazor bijirlaydi, bosh tortgan gullari ummon kabi sollanadi. Xush boʻyi dimoqni qitiqlaydi, kayfiyatni koʻtaradi. Oq, sariq tusdagi kapalaklar shodlanib oʻynaydi. Bedanalar biri qoʻyib, biri sayraydi. Gohi-gohida olovday porillab tustovuq koʻtariladi, boʻynini choʻzgancha uchadi va yana yoʻngʻichqazor bagʻriga (“qoʻyniga” deyilsa, yaxshiroq boʻlarmidi – A.U.) gʻarq boʻladi. Bir xillari havoni zirillatib, osmonga sapchiydi-da, allatovur qilib qichqiradi. Ana shundaylari boshqalariga nisbatan kattaroq, semizroq va yana olisroqqa uchadi. Shunda amakim, bunisi xoʻrozi ekan, deb gʻudranadi” kabi oʻrinlar tasavvurda dashtu dalalar kengliklaridagi qaynoq hayotni jonlantiradi.

 Yozuvchining sinchkovligi va kuzatganlarini sodda, aniq, taʼsirchan ifodalashi kishini quvontiradi. “Yurtkezar”ning birgina mana shu: “Yerga shudring ingan. Otning abzali ham olachalpoq nam. Bobo ufqqa qaragancha, hozir moʻjiza koʻrasizlar, dedi. Qontalash ufq asta-sekin kengayayotir. Quyosh oltinday yaraqlab, bosh koʻtarmoqda. Avval gardishi, soʻng boʻy-basti koʻrina boshladi. U sekin, lekin bir zaylda koʻtarilmoqda. Shu payt harakatdan toʻxtaganday, osilib qolganday tuyuldi. Chindan ham u qotib qoldi. Sal chekindi va yana yuksakka talpindi. Zamin uni qoʻyvormayapti. Odamni vahm bosdi. Endi nima boʻladi? Quyosh silkina-silkina, oxiri yer qobigʻidan chiqib ketdi. Soʻng, butun olam nurga toʻldi. – Quyosh har tongda shunday azoblanadi, – dedi chol. – Bu holni boshqa joyda kuzatolmaysiz” parchasini dalil qilib, adabiyot ixlosmandlarini bu maydonga yana bir iqtidorli ijodkor kirib kelayotgani bilan qutlasa boʻladi. Soʻzlashuv tilining jilolari adabiy til meʼyorlariga moslangan mazkur hikoya ichiga yirik janrdagi asarlarga asos boʻlgulik material unsurlari joylangan. Unda muallif bor bisotini toʻkib solgan: mullatoʻrgʻay, olashaqshaq, ilon, ot, boʻri haqida maʼlumot berib, “Uchi-quyrugʻi yoʻq, hech adogʻiga yetib boʻlmaydigan Boysun”ni taʼriflagan, yoʻlda koʻrgan, eshitganlarini miriqib bayon etgan. Ayni tafsilotlar esa qiziqarli ekzotika sifatida “Yurtkezar”ga zeb bergan.

 

Muhabbat haqidagi mahzun qoʻshiq

Jamila ERGASHYeVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi:

– “Yurtkezar” – elning dardiga malham boʻlib yurt kezib yurguvchi oqkoʻngil tabibning navbatdagi bemorini izlab qilgan safari haqidagi moʻjazgina bir hikoya. U tabib amakisiga safarda yoʻldosh boʻlgan jiyan tilidan hikoya qilinadi. Jahongashta tabib olamni ham, odamni ham chuqur idrok qiladi, bemorga olib boruvchi Katta Machay qishlogʻi yoʻlidagi tabiat manzaralarining oʻziga xos ifodalari, tabibni ilondan qutqargan qushlar haqidagi lavha, bemor ayoli uchun yalinib-yolvorib, tabibni boshlab ketayotgan keksa kishini Boysunning ulkan  xazina ekanligi haqidagi fikrlarini eshitiboq, “Bu odam olim odamga oʻxshaydi”, deya kecha uyida durustroq mehmon qilmaganidan xijolat boʻlganligi ana shu nozik idrokni izohlashga xizmat qiladi.

Tabib amakiga hamrohlik qilib borayotgan roviy oʻsprinning tevarak-atrof haqidagi mufassal tasviri oʻquvchini har qancha mahliyo qilmasin, hikoyani oʻqish jarayonida koʻngilda bir mungli, lekin yorugʻ muhabbat qoʻshigʻi uning qalbiga sizib kiradi. Tabib koʻp yillar avval shu oʻrtadagi bir amaldorning xonadoniga kelib, qizini koʻrganini, qizning qalbida yashash istagi yoʻqligiga guvoh boʻlganini hikoya qilib beradi. Manzilga yetgach, suyagi chiqib, payi choʻzilgan bemor kampirni davolash jarayonida uning ziyolinamo gap-soʻzlari, cholu kampirning yolgʻiz turmushlari sinchi tabib bilan birga oʻquvchini ham beixtiyor hushyor torttiradi.

Muolajadan keyingi ziyofat, izzat-ikromdan soʻng kuzatgani chiqqan mezbon hikoyaning va oʻquvchining koʻnglidagi tugunni yechib yuboradi: kampir ishq yoʻlida ota yurtdan shu yerlarga kelib qolgan chechen qizi edi. Ular institutda birga oʻqishgan, ne-ne tavallolar bilan ota-onasining roziligini olib, qishlogʻiga olib kelgan. Qiz bir umr institutning geolog olimasi sifatida shu togʻli qishloqda tadqiqot olib borgan. Yor ishqi bilan begona yurtlarda umrini oʻtkazgan poshikasta eriga “Oʻlsam, yurtimga, otamning poyiga eltib koʻmasiz”, der ekan. “Siz kasaliga davo topolmagan oʻsha qiz mening yagona qizim edi. Toshkentda oʻqidi. Asli chechen boʻlgan samarqandlik kursdoshidan koʻp sovchi keldi. Qaytardim. Oʻzimning Boysunimga beraman, dedim. Ikkisigayam buyurmadi. Oʻldi-yu, ketdi. Qaynotam aytgich edi, qiz bolani birinchi va qoʻymay soʻraganga ber, shunisi chinbaxt, qolgani badbaxt”.

Roberto Arltning bir gapi bor: “Roman ochkolar bilan yutsa, hikoya nokautlar bilan gʻolib keladi”. “Yurtkezar” hikoyasi mana shunday mahzun nokaut bilan xotimalanadi.

Hikoyada muallif eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan kichik kamchiliklar ham yoʻq emas. Baʼzi oʻrinlarda qaytariqlar mavjud. Ammo bular hammasi tuzatsa boʻladigan kamchiliklardir. Muhimi, muallifning dardi va oʻz aytar soʻzi bor.

 

Bir chimdim

Farrux JABBOROV,

OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tayanch doktoranti:

– “Yoshlik” juda jumboqli topshiriq berdi: hikoya muallifi koʻrsatilmagan, tezda tanishib chiqib, tanimagan ijodkorimga ikki ogʻiz munosabat bildirishim kerak. Soʻz holigʻa emas, soʻzchi holigʻa boqib oʻqishga, garchi bunday mutolaa oldindan qandaydir tasavvur, yoʻl-yoʻriq, ruhiy bosim bersa-da, shunga koʻnikib qolganmiz. Koʻz oʻngingda soqolli-soqolsiz, shlyapali-shlyapasiz, chol yoki yigit va yo juvon adib(a) tursa, yozganlarini muallifiga moslab qabul qilishing oson kecharkan. Mashhurlardan hikmat izlaysan, hali nomi chiqmaganlardan illat qidirasan, sal mensimayroq koʻz yugurtirasan…

Hikoyadan olgan birinchi taassurotim – nomaʼlum qalamkash gazetda uncha-muncha yil ishlab, qalamini rosa qayraganini sezdim. Tergab, tergilab yozarkan. Qatʼiy qoliplari bor. Gaplari kalta-kulta, ortiqcha choʻzilib ketmagan. Chandon axborot tiqishtirib, oʻquvchining boshini qotirmaydi. Kim, nima, qayerda, qachon, qanday, nega – jurnalistikaning shu olti boqiy savoliga javob bersa, bas. Biroq siyrak tasvirlari ham yagona ustqurmaga kelib ulanmagandek tuyuladi.

Nomaʼlum muallif, ehtimol, kunda-kunora maqola-saqolani boplab tashlar, lekin hikoya-mikoyani onda-sonda yozadi. Buni matni aytib turibdi: qalam egasi badiiy ijodda bir qarashda tajribalidek, chuqurroq nazar tashlaganda esa tajribasizdek taassurot qoldiradi. Muntazamlikka erishsanglar, masala oʻz-oʻzidan hal boʻladi-qoladi, deya bizga ustozlar koʻp uqtirgan.

Mutolaa asnosida “hafta tugal yotdim”, “ochuvi chiqadi”, “gallaydi” kabi soʻz va iboralarga duch kelib, bolalikdagi qadrdoningni koʻrganday quvonasan. Lekin barmoq bilan sanarli doʻsti-yoringning yoni-yogʻi “…deb atashardi”, “mana, koʻrib turganingizdek” singari siyqa, shilqim, kunda-shunda ogʻaynichalishlarga toʻlib-toshgani xomush torttiradi odamni.

Asarda tasvirlangan makonu manzillardan tusmollash mumkinki, boʻysira yozuvchimiz Denov tegarasida unib-oʻsgan. Shukur Xolmirzayev adabiyotga olib kirgan muhitdan yangi hikoyalar aytmoqqa chogʻlangan. Uzoq yoʻlda oʻtarchilarning qoʻnogʻi toʻgʻrisida yozganda bu, ayniqsa, seziladi.

“Shitir-shitir ovoz keldi, gugurt chaqildi va tosh­dan terilgan boshpana yoridi, devorda cholning ulkan gavdasi akslandi”. Hikoyaning boshqa joylari haqida bir nima deyishim qiyin. Lekin aynan shu voqelikni qalamkash bolaligida oʻz koʻzi bilan koʻrganiga ishonaman.

Muallif tabiatan kuzatuvchilikka moyil, voqeaning bevosita ishtirokchisi emas, balki chetdagi odam – tomoshagoʻy, muhokamachi boʻlishni yoqtiradigan yigit chiqar. Yozuvchi feʼl-atvorining nuqsi asarlariga ham urishi bor gap. Ijodkor oʻzining ichimdantop, odamovi xarakteri tufayli hikoyadagi tirik odamlar dardi dunyosidan oʻquvchiga bir chimdim dard yuqtirolmaydi.

Gapimiz oxirida bir chimdib aytadigan boʻlsak, adabiyot ostonasida ancha taraddudlanib, boshlovchilik pillapoyasida koʻp depsinib qolgan – oʻttizning ustidagi kechikayotgan avlodning bu “nomaʼlum” vakiliga ham, boshqa “namoyanda”lariga ham bir chimdim nimadir yetishmaydi. Xoʻsh, oʻsha nimadir nima?! Bilganimda, oʻzimni isloh qilishdan boshlardim…

 

 

“Yoshlik”, 2018/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.