Yuksak tuygʻular talqini

0
543
marta koʻrilgan.

Botinidagi ijodiy qudrati ila nafaqat nazmda, balki nasrda ham nazokat ila qalam tebratishga qodirligini isbotlagan, tilining shiradorligi, tuygʻularning samimiyligi, ifodasining taʼsirchanligi, vatan haqidagi sheʼrlarining sehrlovchi kuchga egaligi va ayni damda rangin tuygʻular bilan ajralib turuvchi, sheʼriyatning turli janrlarida muvaffaqiyatli ijod qilib kelayotgan Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjonning yaqinda “Noshir” nashriyotida “Diydor aziz” nomli kitobi bosildi. Omon Matjonning bu kitobiga tarixiy fojea, tarixiy qissa va shoirning soʻnggi yillarda yozilgan lirik-falsafiy sheʼrlari jamlangan. Garchand Omon Matjon avvallari ham epik koʻlamli asarlar yozgan boʻlsa-da, shoirning mazkur toʻplamga kirgan “Shayx Najmiddin Kubro” tarixiy fojeasi va “Dravaxonim” tarixiy qissasi oʻziga xos nasriy asarlari hisoblanadi.

Omon Matjon sheʼriyati inson qalbining ilohiy, sirli, sehrli va nozik tomonlariga, vatanga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbat va sadoqat, hayot jumboqlari-yu, mangu umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlar ifodasiga qaratilgan. Shoir ijodidagi sheʼriy qissa, doston-xronika, jiddiy publitsistik sheʼrlardan tortib, ishqiy lirik va hazil-mutoyiba, kechmish va tarixiy siymolar tasvirigacha boʻlgan asarlarida ramziy-majoziy obrazlar, tabiat va jonzotlar – daraxtlar va qushlar bilan bogʻliq tashbeh, timsollar tili bilan soʻz aytish, fikrni ifodalashga moyillik kuchli, bu ijodkor uslubining oʻziga xos badiiy kuchidan dalolat. O. Matjon ijodida Shayx Najmiddin Kub-ro, Jaloliddin Manguberdi, Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Navoiy, Bobur, Pahlavon Mahmud, Yassaviy, Boqirgʻoniy, Zamahshariy kabi ulugʻ tarixiy shaxslarning nomlari koʻp tilga olinadi.

Mustaqillikdan keyin shoir ijodi vatanni ulugʻlovchi, vatanni madh etuvchi, istiqlolni sharaflovchi, el-yurtning goʻzal goʻshalarini taʼrif va tavsiflovchi shukronalik ruhida yozilgan sheʼrlar bilan yanada boyidi. Istiqlolni oʻzining soʻnmas quyoshi deya bilguvchi shoir shunday misralar bitdi:

 

… Oʻzbekiston, zoʻr tabarruk maʼvolar yurti,

Beruniylar, xorazmiylar, kubrolar yurti,

Yetti iqlim maftun boʻlgan navolar yurti,

Vatan birla millatga jon fidolar yurti!..

 

Ruhi uygʻoq shoir kengliklardagi erkin havolardan sheʼrlar toʻqidi. Vatanining togʻlari, qoyalari, poyonsiz oʻrmon-u, bezavol yashilliklaridan ilhom oldi. Ishqi ila dunyo kezgan olov shoirning nolalari bulbullarni ham lol ayladi:

 

Oʻt bilan sinadi koʻp Xudovandim,

Suvdan ham oʻtkardi bardoshu bandim.

Ishq uchun hozirlik ekan barchasi;

Ishq keldi, ham toʻlqin urdim, ham yondim!

 

Kimniki suyishsa, undan oʻrganishadi. Tuygʻu, kechinma va dardlar uygʻun kelgan asarmi, sheʼrmi yoki bir ogʻiz gap – ijodkorni ilhomlantiradi, boshqa tilda boʻlsa tarjimaga undaydi. O. Matjon yetuk tarjimonligi u qilgan tarjimalarda koʻrinadi. Toʻplamga kiritilgan tarjimalarida ham chuqur falsafiy maʼnolar yashirin.

Toʻplamdagi “Dravaxonim” qissasida Xorazmshoh malikasi Toʻrabekaxonim hayotidan oʻziga xos ibratli bir voqea hikoya qilingan. Shoir aytganidek:

 

Toʻrabek xonimning dunyosiga zid,

Necha Sulton Sanjar kelib ketadi.

 

Garchi Jayhun boʻgʻilgan boʻlsa-da, or-nomusini bir koʻza suvga sotmagan ayol jasorati tahsinga loyiq.

Asar tarixiy voqeaga asoslangan boʻlsa-da, chinakam badiiy asar darajasiga koʻtarilgan. Muallif qissada faqat faktlarni keltirmasdan, hislar, voqealarning dramatik bayonida paydo boʻluvchi tuygʻularni ham nafis bir tarzda bergani oʻquvchi ongi va tuygʻulariga kuchli taʼsir qiladi.

Vatan ozodligi, erki, xalqining erkin va farovon hayot kechirishi uchun jonini fido qilgan, eng soʻnggi damda ham dadil turib dushman koʻziga qoʻrqmasdan tik boqib “Yo hayot, yo mamot” deya kurashgan, yirik tasavvuf olimi, xalq qahramoni va otashnafas shoir, islom ahkomlari va tasavvuf talablarini xalq oʻrtasida nazariy jihatdan targʻib-tashviq qilish bilangina kifoyalanmay, oʻzining mardona xatti-harakati bilan uni amalda ham koʻrsatgan daho shaxs Shayx Najmiddin Kubro hayoti ne bir qalam ahlini toʻlqinlantirmagan deysiz. Omon Matjonning “Shayx Najmiddin Kubro” tarixiy fojeasi tragik konflikt, tragik holat, tragik qahramon kabi janr xususiyatlari va talablariga toʻla javob beradi.

Aristotelning fikricha chinakam tragik asar kitobxonning dilida qaygʻu va achinish hislarini qoʻzgʻatib, “katarsis” holatini yuzaga keltiradi. Katarsis – iztirob chekib poklanish deganidir. Boshqa janrlardan koʻra tragik asar yozish murakkabroq hisoblanadi. Buning uchun ijodkor avvalo tragik qahramonni toʻgʻri tanlay bilishi kerak, oʻz-oʻzidan tragik qahramon fojea holatini idrok eta olishi, maʼnan va ruhan iztirob cheksa-da, ruhan sinmay maqsad sari intilishi shart. Fojea yukini koʻtara olishi uchun tragik qahramon shaxsi ulugʻvor boʻlishi lozim.

Asarda Xorazmshoh vorisi Oʻzloq Shoh tomonidan qilingan qotillik ichki (yaʼni, xalq orasida) tragik konfliktni yuzaga keltirsa, Turkon Xotun maslahatiga quloq tutib, Xorazmshohning elchilarni qatl qildirishidan tashqi tragik konflikt yuzaga keladi va asarning kulminatsiyasini boshlab beradi. Asarda Xorazmshoh tomonidan aytilgan: “Yaratganning oʻzi bir xalqni qargʻab urmoqchi boʻlsa, avvalo uning farzandlarini bir-biri bilan urushtirib qoʻyadi”, degan soʻzlari voqealar rivojiga belgi, ishora vazifasini oʻtaydi. Jaloliddinning “yoʻli ilojsizlik, yoʻlsizlik yoʻlida qolishi”, Shayx Najmiddin Kubroning koʻngil bezovtaligi va koʻrgan ramziy tushlari “ertangi” kun dahshatlariga ishora edi.

Odatda, tragik qahramon kurashuvchi kuch sanaladi. Dramada oʻzaro teng boʻlgan kuchlar kurash olib borsa, tragediyada tragik qahramon oʻzidan bir necha barobar ulkan kuchlar bilan kurashadi. Shayx Najmiddin Kubro ham butun bir Chingizxon qoʻshiniga qarshi turib, Vatan erki va ozodligi uchun kurashadi. Garchi bosh qahramon qarshisida tanlash imkoniyati mavjud boʻlsa-da, Shayx Najmiddin Kubro oʻz maqsadidan voz kechmaydi. Oʻlim muqarrarligini bilib tursa-da, eʼtiqodiga sodiq qolib, Vatan yoʻlida jon berishni sharaf deb biladi:

Oʻtmish xatolaridan saboq olib, yangi kuch bilan haqiqatga murojaat qilish oqil inson ishidir. Omon Matjonning “Amir Olimxonning soʻnggi iltimosi” sheʼrida shunday misralar bor:

 

Xalqim! Tilsiz bardosh ham umid bilan

Kimniki koʻtarsang taxti aʼloga,

Hali koʻzlari koʻr boʻlmasdan burun

Tavobga olib bor Amudaryoga!

 

Tarixdan ibrat va oʻrnak olib, milliy qadriyatlarni unutmasdan, biz uchun jon fido qilgan ajdodlar ruhini shod etish asl oʻzbek farzandining muqaddas vazifasidir.

Ijodkorni tushunish uchun uning dunyosi qonunlarini oʻrganish kerak boʻladi. Oʻylaymanki, kitob bilan tanishgan har bir oʻquvchi qalbida vatanga boʻlgan cheksiz mehr, uning oʻtmishidan ogʻrinish, kelajagiga ishonch va istiqloliga shukronalik tuygʻulari paydo boʻladi. “Shoirlik – haq deya yonish”, degan Omon Matjon qalbidagi olov koʻp moʻjizalar inʼom etishga qodir:

 

Men taqdir nonini injilmay tishlab,

Bor elning baxtidan shodon boʻlaman.

Suyukligim qalbida to sogʻinchki bor,

Men, demak, haliman, hamon boʻlaman.

 

 

Dono BEKCHANOVA,

Oʻzbekiston Milliy Universiteti magistranti

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.