Yuksak fazilatlar sohibi

0
798
marta koʻrilgan.

Nomi tarixda oʻtgan yuzlab, minglab hukmdorlar qatorida sanaladigan shohlardan biri Zahiriddin Muhammad Boburdir. Uni dunyo olimlari Yuliy Sezarga, “Boburnoma”ni esa Sezarning “Estaliklar”iga qiyoslaydilar, hatto Bobur va “Boburnoma”ni Sezar va uning asaridan ustun qoʻyadilar. Hindistonning birinchi bosh vaziri Javoharlaʼl Neru “Dunyo tarixiga nazar” kitobida: “Bobur shu paytgacha oʻtgan madaniyatli va jozibador insonlar orasida eng yetuklaridan biri edi…”, deb yozgandi. “Boburnoma”ning mukammal nusxalaridan birini koʻchirgan kotib esa Boburning yaxshiliklarini aytib va yozib tugatish mahol ekanligini taʼkidlab, bu insonda mujassam boʻlgan sakkiz fazilatni sanaydi. Bular – Boburning hamisha yuksak muvaffaqiyatlarga erishishi, himmati baland ekanligi, viloyat olish, viloyat saqlashdagi ustunligi, obodonchilikka – farovon turmushga intilishi, xalqqa turmush kengchiligini istashi, lashkarning koʻnglini ola bilishi va adolatpeshaligidir.

Taqdir inʼomi bilan Boburning oʻzi haqida, oʻz aʼmoli haqida, oʻzi yashagan zamonu makonlar haqida, davr kishilari va zamonning royishi haqida maʼlumot beruvchi “Boburnoma” yaratilib, bizgacha yetib keldi.

“Boburnoma”, avvalo, Boburning oʻzi haqida soʻzlaydi. Otasidan ayrilgan kuni murgʻak koʻnglida kechganlarini yuragining tubiga koʻmib, birdan ulgʻaygan onlaridan, sheʼrga doʻngan armon toʻla hayotidan soʻzlaydi.

“…Fargʻona viloyatiga oʻn ikki yoshda podshoh boʻldim”, deb boshlaydi kitobni Bobur. Shu kundan qalbi gul Boburning boshi toshlarga urildi – u taqdir sinovlari ichida sarson-sargardon yurdi: goh yengdi, goh yengildi, topganlarini yoʻqotdi, izlaganini topdi va oxir-oqibat mungli bir haqiqatni anglab yetgach: “Jonimdin oʻzga yori vafodor topmadim, Koʻnglumdin oʻzga mahrami asror topmadim”, deya yozgʻirdi.

“Boburnoma” mamlakatlar haqida soʻzlaydi. Bobur ilojsiz tashlab ketgan, yuragidagi armonlardan bino boʻlgan yurtlar haqida soʻzlaydi: Andijon, Samarqand, Kobul, Hindiston. Ularni Boburning taqdir yoʻllari bir-biriga tutashtirdi.

“Tole yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi”, deb hasrat qilgan shoir tolesiz kunlariga esh boʻlib yashadi – kurashdi, dunyodagi katta hukmdorlar ham amalga oshirolmaydigan ishlarga qoʻl urdi, ularni uddaladi…

Bobosi Amir Temur saltanatidek ulkan davlat qurishni orzu qilgan Bobur Samarqandga kirib borishga jurʼat qildi, shuhrat topdi, qamalda ham qolib, lashkari bilan birga koʻp azoblarni tortdi, keyinroq turli tadbirlarni qoʻllab yana Samarqandga intildi, shaharni egalladi. Shunday boʻlsa-da, xatolaridan oʻz xulosalariga keldi: “Har ishnikim ayladim, xatoligʻ boʻldi…”

Shoirtabiat bu shoh boshqa hukmdorlardan farqli oʻlaroq koʻproq koʻngliga quloq tutdi. Sheʼrlarida esa gʻussadan qonga toʻlgan koʻnglining hasratlarini yashirmadi:

 

Mening koʻnglimki gulning

gʻunchasidek tax-batax qondur,

Agar yuz ming bahor oʻlsa ochilmogʻi

ne imkondur.

 

Mazkur bayt, aslida, Boburning ishqiy mavzudagi gʻazalidan. Bir qarashda u faqat yor hajrida bitilgandek. Albatta, baytdagi bu mazmunni inkor qilib boʻlmaydi. Ammo undagi iztirobning kuchi shoirning butun hayotiga daxldor. Bir yonda armon bilan yonib eslagani – Andijon, bir yonda oʻz ixtiyori bilan tashlab ketgani – Samarqand, boshqa bir yonda Shayboniyxon qoʻliga tushgan opasi – Xonzodabegimning taqdiri, yaqinlarining xiyonati, ishonganlarining sustkashligi, yana bir yonda esa ahmadtanballar…

Oldinda katta yoʻl. Ogʻir va mashaqqatli yoʻl. Or va nomus yoʻli. Katta orzularga erishish imkoni yoʻli. Faqat bu yoʻldan yurishni uddalash kerak. Oldinda – Afgʻoniston, Hindiston… Shoir ishq haqida yozadimi, yorning visolu hijroni haqidami, oʻz hayotini, taqdirini – boshidan kechirgan iztiroblarini ulardan ajratib qoʻyolmaydi. Muhabbat va nafrat, borlik va yoʻqlik, tiriklik va oʻlim, jamiyat hayoti, inson taqdiri, shoir shaxsining butunligi – bularning hammasi ishq iztiroblariga ham uygʻunlashib ketadi, tasvirga koʻchadi. Chunki oshiq boʻlgan shoir shaxs sifatida oʻzining boshqa kechinmalarini unutib yubormaydi. Oʻz tuygʻularini bir oʻzanga birlashtiradi, sheʼrlari quvvatini kuchaytiradi.

Bobur kayhoniy andozada fikrlaydigan katta shaxs edi. Uning shaxs sifatidagi butunligi “Boburnoma” sahifalariga ham muhrlangan. Har bir harakati, aʼmoli, soʻzlari, siyosati atrofidagilarga ibrat edi. Hatto oʻlim bilan necha bor yuzma-yuz kelgan boʻlsa, har safar uni oxirigacha his qilishga jurʼat va kuch topishi, unga tayyorligini namoyish qila olishi yonidagi yigitlarga, lashkarga juda katta madad berardi… Bir safar yigitlari bilan Kobul sari otlangan Bobur qattiq boʻronga duch keladi. Qor shunchalar qalinlashadiki, oxir-oqibat yoʻl yopiladi. Shunda yigitlar beligacha, koʻksigacha qorga botib, qor tepib, yoʻl ochadilar. Bobur bu voqeani shunday eslagan edi: “…Ana shu kuni qattiq boʻron koʻtarilib, qor yogʻardi. Barcha oʻlim vahimasiga tushdi… Gʻorga yetganda, qor quyuni tezlashdi. Ushbu gʻor qoshida toʻxtadik… Koʻplar ot ustida tong ottirdi, gʻor torroq koʻrindi. Men gʻorning ogʻzida kurak olib, qor kuradim, qorni koʻksimgacha qazidim, sira yerga yetmasdi. Shamoldan biroz pana boʻldi, oʻsha yerda oʻtirdim. Har qancha: “Gʻorga kiring”, deyishsa ham kirmadim. Barcha el qoru boʻronda, men esa issiq joyda istirohatda oʻtiramanmi, deb oʻyladim. Munda barcha el tashvish va mashaqqatda, men u yerda uyquyu farogʻatda boʻlaymi?! Bu muruvvat va hamjihatlikdan yiroq ishdir. Men ham har tashvish boʻlsa koʻrayin, har nechuk el toqat qilib tursa, turayin. Bir forsiy maqol bor: “Doʻstlar bilan birga topilgan oʻlim – toʻydir…”(Tabdil matndan olindi).

Umri har qancha mashaqqatlarga toʻla boʻlmasin, Bobur hayotni sevardi. Shu bois ham:

 

Boʻlmadim umrumda bir dam

xotiri xurram bila,

Gar iliktin kelsa bir damni

kechurmang gʻam bila, –

 

kabi misralari bilan oʻzgalarni hayotni sevishga, umrning qadriga yetishga chorlar edi. Bobur Hindistonda vatan qurdi. Bogʻ-rogʻlar yaratdi. Dastlab kirib borganida koʻngliga mahzunlik solgan, gʻarib koʻringan yerlarni obod qildi… Lekin Andijonni, Samarqandni – ota yurtni, ona vatanni unutmadi, uni mudom sogʻindi. Navoiyni oʻqidi…

Ikki buyuk shaxs Alisher Navoiy va Bobur taqdirini sheʼriyat tutashtirdi. Yurt gʻami, mamlakat obodligi, el farovonligi yoʻlidagi orzular birlashtirdi. Hazrat Navoiy Husayn Boyqaro saroyida amirlik qilib, el gʻami bilan yonib yashagan boʻlsa, Amir Temurdek ulkan saltanat qurishni istab, umri yurtgirlik bilan oʻtgan Bobur gʻurbatda vatan qurdi.

Ijodni endi boshlagan damlari Navoiyga maktub bitgan Bobur oʻz asarida hazratni qayta-qayta eslaydi. Hirotga safar qilib borganida Navoiy yashagan uyda yigirma kun umrguzaronlik qilgan chogʻlari xotiridan kechgan oʻylari, shoir barpo etgan bogʻu rogʻlar, masjidu madrasalar, ariq-hovuzlarni koʻrib, obod yurt barpo etishga moyil koʻnglida ulugʻ rejalar tugʻildi. Axir, keyinroq Hindistonda Boburning saʼy-harakati bilan qad koʻtargan imoratlar, yashnoq bogʻ va gulzorlarning tarhi dastlab Hirotda koʻngilga tugilmaganmidi? Bobosidek ulkan saltanat qurish orzusida yongan Boburning qalbidagi choʻgʻni Navoiyning amallari olovlantirmadimi? Bobur Navoiyni oʻziga ustoz deb bilardi. U “Boburnoma”ning yuzga yaqin oʻrnida Navoiyni eslaydi. Kitobning dastlabki sahifalariyoq Navoiyni yodga olib, Andijon xalqi tilining adabiy tilga toʻgʻri kelishi haqida gapirib, Navoiy Hirotda shu tilda yozib, nashʼu namo topgani haqida gapiradi. Bobur Navoiydan taʼsirlanib, uning gʻazallariga naziralar bogʻladi, ustoz shoirga hamohang ruboiylar yozdi.

Yurtidan ketib, sargardon yurgan, Hindistonga kirib borgan damlar shoir koʻnglidan kechgan tuygʻularni Boburning oʻzidek his qilish osonmas. Biroq uning birgina gʻazali yoxud toʻrt misrali ruboiysi koʻnglidagi hasrat, iztirobni hammaga oshkor etadi. Baʼzan bir kishiga qaratilgandek tuyulgan misralarda ham shoirning intim tuygʻulari emas, balki butun umri davomida ortmoqlab oʻtgan katta dard bor:

 

Bobur, necha bu dahr meni zor aylar,

Sabrimni kamu, gʻamimni bisyor aylar.

To dahrdurur, budir aning rasmiki,

Oyrib kishini azizidin, xor aylar.

 

Oʻzigacha Hindistonga kirib borib, u yerda saltanat qurgan hukmdorlar haqida Bobur shunday deydi:

“…Hazrati Risolat (paygʻambarimiz Muhammad s. a. v.) zamonidan shu kungacha Hindistonga biz tarafdan faqat uch kishigina hokim boʻlib, oʻz saltanatini oʻrnatgan. Ulardan biri – Sulton Mahmud Gʻoziy boʻlib, u va uning avlodi saltanat taxtida uzoq muddat oʻtirdilar. Ikkinchisi – Sulton Shihobiddin Gʻuriy edi. Uning oʻzi, qullari va unga tobe boʻlgan kishilar bu mamlakatda koʻp yillar podsholik qildilar. Uchinchisi – menman, lekin mening ishim u podshohlarning ishiga oʻxshamaydi”.

Nega bu shohlarning shuhrati Boburchalik boʻlmadi? Buning sabablari koʻp. Eng muhimi, Bobur ulardan farqli oʻlaroq, Hindistonda vatan qurdi. Ona vatanidan koʻnglini uzolmay, u yerga qaytolmasligini anglab tursa-da, koʻnglidagi niyati soʻnmadi, oʻzi qaytolmasa, farzandlari qaytishini oʻylab yaratdi bu vatanni. Andijonda, Samarqandda, Kobulda, Hirotda koʻzlarining tubiga yashirgan, koʻnglida asrab-avaylagan orzularini Hindiston zamini uzra sochdi. Bogʻlar yaratdi, gulzorlar barpo etdi. Bir faslga yo bir yilga yaraydigan qamish uylar va boshqa omonat kulbalar oʻrniga baland imoratlar soldi, ariqlar torttirib, hovuzlar qazitdi, obodonchilik ishlarini olib bordi. Eng muhimi, elning koʻngliga yoʻl topdi, elning mehrini qozondi.

Zahiriddin Muhammad Bobur qalbi goʻzal, kechirimli donishmand edi. “Boburnoma”ning mazmuni buni yana bir bor isbotlaydi. Turli mamlakatlar, kentlar va ularning tabiati, odamlarining hayoti tasvirida nuktadon olim qiyofasida namoyon boʻlgan shoh va shoir, ayni paytda, oʻz maqsadiga erishish uchun farmonlar chiqaradi, qoʻshindagi yigitlarni ruhlantiradi, gʻalabaga daʼvat etadi. Uning qalbidagi judolik iztiroblari, sogʻinch va hasrat ham “Boburnoma” misralari zimniga singib ketgan. Biroq shular bilan birga Bobur hayotsevar, nekbin inson edi. Sogʻinch, hasrat va nekbinlikning uygʻunlashuvi Boburning katta shaxs sifatidagi qiyofasini namoyish qiladi.

Bobur sheʼrlari bugun ham har qanday kitobxonning qalbiga kirib bora oladi. Ularda soxta lutf, ortiqcha jimjimadorlik, eng muhimi, riyo yoʻq. Shoir faqat koʻnglida kechirganini, boshidan oʻtkazganini yozdi. Yozganda ham koʻnglining tub-tubida asrab, jamlab, jonu jahoniga aylantirib, keyin yozdi. Boburning oʻzi qayd etishicha, koʻp vaqtgacha biror gʻazalini bir yozishda oxirigacha tugatolgan emas. Chunki u hamisha yoʻlda, jangda – ot ustida boʻldi. Bir bayt yoki ikki bayt koʻngilga tugilgach, bu tugun shoir boshidan kechirayotgan boshqa voqealarga ham bogʻlanib ketgandan soʻng yechildi. Bunda esa ularning maʼno koʻlamdorligi, taʼsir quvvati ortdi, kuchaydi, shu bois sheʼrdagi dard-hasrat kitobxon dardiga aylanishi oson kechadi.

Bugun shoirning hayot yoʻli va asarlari dunyo miqyosida sevib oʻrganilishi sheʼrlaridagi rost tuygʻularning goʻzal ifodasi, ayniqsa, oʻta murakkab hayot yoʻlini aks ettirgan “Boburnoma”dek oʻlmas asaridagi realistik tasvirlarning koʻngilga yaqinligi bilan bogʻliqdir.

“Boburnoma” mohiyatan vatan haqidagi, uni sevish va qadrlashga bagʻishlangan goʻzal asardir. Shu bois, sharqshunos olim A. Samoylovich eʼtirof etganidek, Bobur asarlarini oʻrganish, tarjima qilish va nashr etish burch, sharaf va baxtdir.

 

Karomat MULLAXOʻJAYEVA,

filologiya fanlari nomzodi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.