Yangilangan soʻz

0
193
marta koʻrilgan.

Poetik matn tarkibidagi har bir soʻz muayyan badiiy maʼnoga ega. Adabiyotdagi boshqa janrlarga nisbatan soʻzning poetik maʼno olishi sheʼriy asarda toʻlaqonli amalga oshadi. Ayni paytda, butun sheʼriyatga tegishli anʼanaviy poetik soʻzlar guruhini ajratib koʻrsatish mumkin. Lekin bu anʼanaviylik muayyan shoir ijodida individual mazmun kasb etadi. Shu asnoda, u yoki bu ijodkorning maʼlum bir poetik obrazni nisbatan faol qoʻllashi oydinlashadi. Bu oʻrinda takrorlar kelmaydi. Ijodkorning individual mahorati soʻzning maʼno qatlamlarini yangidan ocha borishida koʻrinadi. Turli avlodga mansub shoirlar sheʼriyati oʻzaro taqqoslansa, har bir davrga xos faol poetik soʻz, obrazli ifodalar uchrashishi tabiiy. Shavkat Rahmon sheʼrlarida bu xil poetik obrazlar ancha. Ularning aksariyati shoir ijodida anʼanaviylik kasb etgan.

Shavkat Rahmon sheʼriyatida faol qoʻllaniluvchi quyosh obrazi nafaqat tabiat tasviri uchun vosita, balki u ramziy maʼnolarga ham ega. Shoir “Yaxshi niyat” sheʼrida shunday yozadi:

 

Kelajak bor hali bagʻrida

yuz mingta quyoshi porlagan.

Ishonma hech qachon, ishonma

qoʻlida quroli borlarga.

 

Bu oʻrinda, quyosh shoir orzu qilgan porloq kelajakning metaforik obraziga aylangan. Quyosh tabiatdagidek bitta emas, yuz mingta. Ana shu yuz mingtalikning oʻzi oʻquvchi ongida oʻzgacha assotsatsiya uygʻotadi. Matnda quyoshning porlashi yorugʻ kunlarning poetik ifodasi boʻlib kelmoqda. Quyosh obrazining maʼno qirralari sheʼrdan-sheʼrga ochila boradi. “Odam uzoq yashar” deb boshlanuvchi sheʼrda quyosh obrazi tashbeh boʻlib keladi:

 

…agar doʻsti boʻlsa har qutlugʻ sahar

bahaybat quyoshday uygʻonadigan.

 

Sheʼrning umumpoetik mazmuni “qutlugʻ sahar”, “doʻst”, “bahaybat quyoshday”, “uygʻonadigan” soʻzlari asosida yuzaga chiqadi. Keltirilgan soʻzlar ichida quyosh va sahar faol poetik obrazlar sirasiga kiradi, misra mazmuni aynan shu obrazlarga tayanadi. Quyoshning tabiiy belgi-xususiyatlari metaforik maʼnoning yuzaga chiqishiga koʻmaklashadi. Uning yorugʻligi, harorati, tiriklikka quvvat, kuch, hayot manbalaridan biri ekanligi doʻstning qanday fazilatlarga egaligini aniqlashtiradi. Quyosh juda ulkan – bahaybat va u uygʻotgan sahar, albatta, qutlugʻ keladi. Sheʼrning lirik qahramoni ana shunday ulugʻ doʻstni orzu qilmoqda. Ulugʻ doʻst esa yuz ming quyosh obrazida ifodalangan porloq kelajak fuqarosidir. Bu oʻrinda alohida-alohida mazmunga ega sheʼrlar oʻz holida mustaqil asar boʻlsa-da, ularni yagona gʻoya birlashtiradi. Shoir sheʼrlaridagi anʼanaviy obrazlarga bir-birini toʻldiruvchi poetik mazmun yuklangan.

Shavkat Rahmon sheʼriyatida anʼanaviy poetik obrazlar ijtimoiy maʼno olganligi bilan xarakterlanadi. Ijtimoiy mazmundagi sheʼrlar koʻpincha publitsistikaga yaqin baholanadi. Sheʼriyatning publitsistikaga moyilligi mavzu va gʻoyaning ijtimoiylashuvi natijasida yuzaga keladi. Sheʼrning ijtimoiy mavzuga tegishliligi uning qusuri emas. Aksincha, ijtimoiy asossiz asar muallaq qoladi. Muhimi, mavzuning qanday yoritilganida, asarning badiiy yuksak darajada, asl sanʼat mezonlariga uygʻun ifoda topishida. Yana bir jihat – ijtimoiylikning umuminsoniy muammolarga daxldorligida koʻrinadi. Shoirning “Qoʻshiq” sheʼrida publitsistik ruh ustuvor.

 

Mehru muhabbatga,

sogʻinchga toʻliq

qoʻshiqlar uchadi togʻlardan oshib –

adashgan dunyoni chaqirar qizlar,

larzaga tushadi togʻlarning toshi.

 

Sheʼrda qoʻshiqning togʻlardan oshib, toshlarni larzaga keltirishi shunchaki qayd emas. Tosh obraziga yuklangan poetik maʼno shoir ijodining boshqa namunalaridagi ayni obraz semantikasiga qiyos etilsa, yanada aniq koʻrinadi. Bu oʻrinda: “Yana savol”, “Gullayotgan tosh” deb boshlanuvchi sheʼrlari alohida diqqatga sazovor. “Yana savol” sheʼriga nazar solaylik:

 

Oyogʻimga

botmon toshlarni

bolalikdan bogʻlab qoʻydi kim?

Endi xalos boʻlmoqqa yetmas

yovuzlardan asragan umrim.

Xudo bergan soniyalarni

xarob qildi qaysi gʻalamis?

Agarda shu toshlar boʻlmasa,

uchar edik samolarda biz.

 

Tosh – yuk, lirik qahramon – bolakaydan oyogʻiga bu toshlarni kim bogʻlaganini hayron boʻlib soʻraydi. Xudo bergan qimmatli soniyalarni qaysi gʻalamis xarob qilganligini bilgisi keladi. Tosh obrazi orqali ifodalanayotgan poetik maʼno “agarda tosh boʻlmasa, “uchar edik samolarda biz” misrasi vositasida aniqlashadi. Yuqorida keltirilgan “Qoʻshiq” sheʼrida aytilgan, toshlarning larzaga kelishi bilan bogʻliq tasvir zamirida lirik qahramonning ogʻir yukdan forigʻ boʻlishi bayon qilinadi.

Shoirning “Gullayotgan tosh” sheʼrida tosh obraziga yuklagan poetik maʼnosi yanada mukammallashib, teranlashib, tadrijiylikning oʻziga xos yuksak darajasiga yetganligini anglaymiz. Aslida, tosh obrazi folklor va adabiyotda qadimdan kelayotgan anʼanaviy obrazlardan biridir. Badiiy obraz tabiatini tadqiq qilgan Dilshod Rajabov tosh obrazining ushbu jihatlariga alohida eʼtibor qaratib, adabiyotshunos Ibrohim Haqqulovning “(tuproq singari tosh ham Ahmad Yassaviy hikmatlaridagi ramziy obrazlardan) tosh obrazining umumturk adabiyotiga kirib kelishi va maʼlum mavqega erishganligining oʻziga xos diniy-axloqiy, falsafiy mifologik asoslari bor”, degan fikrlariga tayanib, Shavkat Rahmonning “Gullayotgan tosh” sheʼrini tahlil etgan. Tadqiqotchi Dilshod Rajabov tosh obrazi xususida toʻxtalib, “sheʼrning boshidan-oxirigacha birgina badiiy obraz gullash uchun qulay fursat kutayotgan tosh obrazi hukmronlik qiladi. Bu tosh haqiqat. Bu tosh ulugʻ bobokalonimiz Temur haqidagi, Dukchi eshon haqidagi, asr boshidagi buyuk toʻntarish haqidagi, bizning “bosmachi” avlodlarimiz haqidagi badargʻa qilingan haqiqat. Shuning uchun minglab kaltabinlar, bu haqiqatlarni “tun”ga, “tosh”ga aylantirgan nokaslar gurzisini doʻlaytirib toshning gullamasligini istaydilar. Shuning uchun u shoirni oʻtkir koʻzlariga tobora shubhaliday koʻrinadi, uni yanada qiziqtiradi. Bu tosh esa gullash mumkin boʻlgan asrni kutib yotibdi.

 

Balkim tosh hoziroq

gullayotgandir,

ming rangli jiloda yashnab, oʻzgarib,

balki bu gullarni koʻrmayotgandir

hattoki shoirning oʻtkir koʻzlari.

 

Saksoninchi yillarda bunday qora toshning siri – “gulli” jozibasi haqida gapirish oson emasdi. Lirik qahramon orzusida oʻsha “gullayotgan tosh”ni koʻrish niyati ustun. Tosh bu oʻrinda ramziylik kasb etadi”, deb yozgan. Har qanday sheʼr agar u chinakam sanʼatga daxldor boʻlsa, bir qancha talqinlarga imkon beradi. Chunki, oʻquvchi oʻz koʻngli, dunyoqarashi, tabiati va bilim tajribalaridan kelib chiqib sheʼrni qabul qiladi va sharhlaydi. “Gullayotgan tosh” ham xuddi shunday serqatlam mazmunga ega. Dilshod Rajabov sheʼrdagi tosh ramzining maʼnosini haqiqat deb anglab, talqin etgan boʻlsa, uni xato deb aytish nooʻrin. Lekin biz “gullayotgan tosh”ni shoirning boshqa sheʼrlaridagi tosh obrazi ifodalagan maʼnolar qamrovida olib, soʻngra talqin etish maqsadga muvofiq deb oʻylaymiz. Chunki Shavkat Rahmon sheʼriyatidagi anʼanaviy xarakter olgan poetik obrazlar oʻziga xos umumiy mazmunga ega va bu maʼnolar koʻlami sheʼrdan-sheʼrga aniqlashib biri ikkinchisini toʻldirib keladi.

Shavkat Rahmon sheʼriyatida faol qoʻllaniluvchi poetik obrazlardan yana biri sukunatdir. Shoir sukunatga sifatlar beradi. “Manzara” sheʼrida shunday yozilgan:

 

Oq sukunat

porlar saharda,

kun nurida yonib, yaraqlab,

chopib kirar sovuq shaharga

yalangoyoq yashil daraxtlar.

 

Otayotgan tong, sovuq shahar manzarasi, tonggi oq sukunatni kun nuriga burkanib, yashil kiyib kelayotgan daraxtlar buzmoqda. Yanada aniqroq aytilsa, bahorning tabiatda oʻz hukmini yurgizayotgani shoir diqqatini tortgan. Sheʼrning poetik maʼno qatlamlari shu bilangina chegaralanib qolmaydi. Shoir sheʼriyatida ustuvor koʻrinish olgan gʻoyaga tayanib qaralsa, oq sukunat qoʻynidan kun nurida yogʻdulanib, sovuq shaharga harorat olib kelgan yashil daraxtlar obrazi zamiridagi maʼno Vatan muhabbati, yurt gʻururiga toʻyinib, uning ozod boʻlishi istagida yolqinlanayotgan yangi avlodning ramziy ifodasiga aylanganligini anglaymiz.

 

Yoʻllar qadim…

tutlar qarigan…

suvlar simob kabi yaltirar.

Sukunatning teran qaʼrida

uygʻonmoqda saslar qaltirab.

 

Qari tutlar guvoh, qadim yoʻllarda izlari qolgan, simobdek yaltirab tinch oqayotgan suvda akslanib, vaqt charxpalagida aylanayotgan armonning sasi uzoq choʻzilgan sukunatni buzib, ovoz bermoqda. Ovoz esa, avvalo, shoir qalbida aks-sado uygʻotadi. Sukunatning sasi va uning turli belgi, nishonalari shoir sheʼriyatida alohida eʼtiborni tortadi. Shu sababli ham Shavkat Rahmon sheʼriyatida sukunat oddiy emas; u – “ulkan sukut”, “qorongʻu sukut”, “joduli sukut”. Sukunatning sifatlari jamlanib, umumiy bir maxrajga keladi. Bir qaraganda, ularning maʼnosi bir-birini inkor etayotgandek koʻrinadi, lekin umumiy maxrajda sukunatning tub mazmuni umumiylik kasb etadi. Sukunat shoir sheʼriyatida uzoq kutilgan, orzudagi ulkan portlash oldidagi tin olingan holat, voqelik, jarayonlarning turfa koʻrinishlarini ifodalaydi.

Shavkat Rahmon sheʼriyatida yuqorida qayd etilgan anʼanaviy obrazlar boshqa shoirlar ijodida ham qoʻllangan boʻlishiga qaramay, ular oʻziga xos tarzda poetik maʼnolar olganligi ayon. Shoirning estetik olami, ideallari u yaratgan asarlarning mavzu-mazmuni qatorida poetik ifoda shakllarida ham namoyon boʻladi.

 

Raʼno MULLAXOʻJAYEVA,

tadqiqotchi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.