Yangi talqinlar

0
608
marta koʻrilgan.

Omon Muxtor romanlari oʻzining yangicha mazmun va tasviri bilan ajralib turmoqda va keyingi davr romanchiligida turli bahslarga sabab boʻlmoqda. Uning “Ming bir qiyofa” romanida tasvirlangan voqealar uzoq oʻtmishdan tortib to qiyomat qoyim boʻladigan davrgacha boʻlgan ulkan davr va jarayonni oʻz ichiga qamrab olgan boʻlib, u qahramon tilidan hikoya qilinadi. Mana shu oʻtgan, hozirgi va kelasi zamonlarni oʻz ichiga olgan juda katta davr birgina inson qismatida bir butun holda jamlangan tarzda badiiy aks ettiriladi va bizning zamondoshimiz boʻlgan bu kishining gʻoyat chigal taqdiridan nusxa olinadi.

Adibning “Ming bir qiyofa” asaridagi birinchi hikoya “Tutqun” deb nomlangan. Asar mazmuni sarlavhadan ham maʼlum boʻlganidek, qahramonning tutqun boʻlishini tasvirlash bilan boshlanadi. Bu hikoyani oʻqish jarayonida yangi talqinni uchratamiz. Unda insonga tanish boʻlmagan, oddiy voqeadek boʻlib koʻrinuvchi holatlar talqini anchayin ishonarsiz ifodalangan. Asar qahramoni yarim tunda mast holda notanish mashinaga oʻtiradi. Qarasa, mashina shofyorsiz boshqarilayapti. Buning ustiga mashina nomaʼlum tomonga qarab ketayapti. Qahramon anchayin sarxush-boʻlishiga qaramasdan, shularni bilib turib ongli ravishda mushohada ham qilib boradi. Lekin boʻlayotgan voqealarga befarq qaraydi. Nima boʻlsa boʻlar, menga nima, qabilida ish tutib, hatto oʻz taqdiriga ham beeʼtibor boʻladi.

Xoʻsh oʻylab koʻraylik, shunday boʻlishi mumkinmi? Qahramon, yozuvchi aytganidek, u darajada andi ham emas, u taniqli shoir, keyingi voqealar davomida biz buning guvohi ham boʻlamiz.

Adib tasvirlagan qahramon Abdulla Hakim taniqli ijodkor, u boshqa hech narsa bilan emas, shu mashinaning shofyorsiz boshqarilayotganligi bilan qiziqadi. Yozuvchining topib aytgan yangi gapi ham ana shunda koʻrinadi. Yaʼni, odamni oʻgʻirlashning, yana ham aniqrogʻi odamning oʻzligidan olislarga olib ketilishining yangi usuli haqida soʻz borayotganga oʻxshaydi. Bunday olib qaraganda, fan-texnika rivojlangan davrda yerdan turib oydagi fazoviy kemani bemalol boshqarayotgan inson mashinani ham shofyorsiz boshqarishi mumkin-ku! Qolaversa, bu kelajakda amalga oshishi mumkin boʻlgan xayoliy toʻqima hamdir.

Jamiyatda har xil maqsad va maslak yoʻlida yashayotgan turli toifaga mansub kishilar borki, ular orasida boylik va martabaga ega boʻlish uchun, oʻz istaklarini amalga oshirish yoʻlida hech narsadan tap tortmaydiganlar ham uchrab turadi. Bundaylar oʻz rejalarini amalga oshirishda inson hayotiga xavf solishdan ham qaytmaydilar. Bunday toʻdalarning ashaddiy dushmani haqiqatparvar va halol kishilardir.

Asarda tasvirlangan qarimsiq koʻsa, qosh-kiprigi rangsiz, sochi ustarada qirilgan kimsa choʻtir, gʻilay kishi obrazlari hayotda kelajak uchun yaxshi nom qoldirmay, qingʻir-qiyshiq ishlari bilan koʻpchilikning nafratiga sababchi boʻlgan toʻdalarning timsoli sifatida badiiy talqin qilingan. Ularga qarshi kurashuvchilarning timsoliy qiyofasi esa Burxon Sharif va Abdulla Hakim obrazlarida mujassamlashtirilgan. Inson dunyoga bir marta keladi, ana shu berilgan imkoniyatdan har kim oʻzicha foydalanadi. Deylik, birovlar oʻzining ezgu ishlari bilan yaxshi nom qoldirib, inson degan sharafli nomga ega boʻlsa, baʼzilar yovuzliklari bilan odamzotga isnod keltirishadi. Asarda ana shu muammoga ham eʼtibor berilgan. Xususan, Abdulla Hakim oʻzga bir shaxsga qiyofadosh, yaʼni oʻxshash boʻlgani uchun uning oʻrniga vahshiylarcha oʻldirib yuboriladi. Aslida esa uning hech qanday aybi ham, zarracha gunohi ham yuq edi. U oʻzining ana shu qisqa hayoti davomida biror marta ham yolgʻon gapirmagan, kishining haqiga koʻz olaytirmagan, xiyonat koʻchasidan yurmagan, oʻgʻirlik nimaligini bilmagan, begona ayollarga hirs bilan qaramagan pokiza odam edi. Bunday olib qaraganda, musicha-yu beozor va begunoh shoir. Yozuvchi uni har qanday illatlardan xoli qilib tasvirlagan.

U bu dunyoda yakka-yu yolgʻiz, uy-joysiz, qorni toʻyib ovqat yemay, usti ham yupun holda yashagan. Buning ustiga muhabbat borasida ham omadi chopgan emas. U bu yorugʻ dunyoda rohatdan koʻra azob-uqubatni koʻp koʻrgan.

Yozuvchi bu dunyoda koʻp takrorlanadigan jannatiy odamning qiyomat kunidagi azob uqubatlarini, ahvolini tasvirlaydi. Birovning, yaʼni Burxon Sharifning nomi bilan oʻldirilgan va dafn etilgan Abdulla Hakim u dunyoda oʻzi uchun javob beradi. Yaʼni bu dunyodan birov uchun narigi dunyoga rixlat qilgan boʻlsa-da, u dunyoda oʻzi uchun hisob beradi. Natijada doʻzax azobini koʻrib, ogʻir jazoga mubtalo etiladi. Soʻngra jannatga, yashil vodiyga oʻtadi.

Uning gunohi bu dunyodalik vaqtida aroq ichganligi va muhabbatda omadi yurishmaganligi bois tushkun kayfiyatda tirik murdadek yashaganligi, unga berilgan imkoniyatlardan foydalanmay dunyo zavq va shavqini unutganligi, oʻziga va atrofidagilarga nisbatan befarq boʻlganligi, qalaversa yolgʻiz oʻzi umrguzaronlik qilib yolgʻiz yashab yurganligi, oʻzligini anglay olmaganligi uchun jazolanadi.

Kitobxonda yozuvchi bu bilan nima demoqchi degan haqli savol tugʻiladi. Bizningcha, adib inson Ollohga shukr qilishni ham bilishi kerak, demoqchi. Olloh sinovlariga chidash bilan birgalikda inson oʻtgan vaqti uchun emas, kelgusida keladigan daqiqa tashvishida ham yashashi kerak. Zero umrning har bir daqiqasi gʻanimat, shu bois adib asarida bu dunyoning oʻzi gʻanimatligini oʻquvchiga eslatib qoʻyishni oʻz oldiga maqsad qilganga oʻxshaydi.

Hikoyada tasvirlanishicha, safardan qaytib kelgan Burxon Sharif Abdulla Xakimning qabriga yodgorlik oʻrnatadi. Oʻzi uchun jon bergan bu begunoh kishining ruhi oldida abadul-abad qarzdor ekanligini oʻylab, uning nomini abadiylashtirish choralarini izlaydi.

Asardagi ikkinchi hikoya mana shu niyatning amalga oshmay qolganligini tasvirlovchi lavha bilan boshlanadi. Yozuvchi bu hikoyasiga “Olisdagi odam” deb sarlavha qoʻygan. Lekin bu hikoyada tasvirlangan voqealar avvalgi hikoyadagi syujet tizimining bevosita davomi emas, yaʼni har ikki hikoya voqealari bir-birini toʻldirmaydi. Asarda butunlay yangi tasvir hukmronlik qiladi. Asarning oʻq chizigʻi ham boshqa yoʻnalish boʻylab boradi. Bunda Sadirjon va uning sevgilisi Gulxumor taqdiri bilan zamon ruhining mushtarak bir uygʻunligining badiiy ifodasini koʻramiz. Sadirjon shifokor va oshiq. Asarning boshidan oxirigacha u shundayligicha qoladi. Oʻzi va oʻzgalar hayoti hamda qismati uchun hech narsa qilmaydi. Tasvirdagi voqealar uning xotirasi orqali roʻyobga chiqadi. Gulxumor esa shoʻro siyosatining illatlarini ayovsiz fosh etuvchi obraz. U “Tarix madaniyat”deb nomlangan bir tashkilotda ishlaydi. Shoʻrolar xukumati siyosati davrida milliy qadriyatlar, urf-odatlar, milliy anʼana va maʼnaviy boyliklar imkon darajasida yoʻq qilinishiga mahkum etilgan edi. Bunga asosan machitlar, madrasalar, avliyolar qabri, ziyoratgoh joylarning buzilishi, ota – bobolarimiz suv ichgan muqaddas chashmalaru, zilol suvli quduqlarning yoʻq qilinishi uchun savodsiz va manqurt kishilar qanday xizmat qilganligi, qanchalik “jonbozlik” kursatganligi Gulxumor obrazi orqali yorqin badiiy boʻyoqlarda tasvirlangan. Garchi bu mavzu yangilik boʻlmasa-da, yozuvchi yangi badiiy shakl va yangi poetik talqinda bu mavzuni oʻziga xos tarzda yoritadiki, adib mahoratini namoyish etadigan oʻrinlar koʻp uchraydi. Asarda bugungi kunda jamiyatdan uzilib qolgan, uzoq; sahroda joylashgan toʻqqiz qavatli marmar bino faoliyatini davom ettirayotganligi tasvirlangan boʻlsa-da, oʻsha toʻqqiz qavatli bino ichidagilar oʻzlarini bamisoli jamiyatning fidoyilari qilib koʻrsatadilar. Aslida esa ularning zamoni allaqachonlar oʻtib ketganligini adib ochiq-oydin koʻrsatib bergan. Chunki bu bino shahardan bir kunda yoʻq boʻlib qolgan. Lekin shahar markazidagi shunday mahobatli bir binoning birdaniga yoʻq boʻlib qolganligi Sadirjondan boshqaga bilingani yuq. Chunki bu binoda faoliyat koʻrsatayotganlarning bugungi jamiyat hayotida oʻrni yoʻq edi, Sadirjonning iztiroblari bu bino va unda faoliyat kursatayotgan tashkilotning gʻoyib bulganligi uchun emas, balki sevgilisi Gulxumordan ajralib qollganligi uchun yuragini kemirayotgan ayriliqning isyoni edi. Oradan ancha vaqt oʻtgach, asarda tasvirlangan voqealar silsilasida yana Burxon Sharif paydo boʻladi. Gulxumorning qoʻliga Abdulla Hakimning sheʼrlar daftari tushib qolgan edi. Ana shu daftardagi sheʼrlarni yodlab yurgan Sadirjonga Burxon Sharif yordam qoʻlini choʻzadi. Natijada sevgilisining vasliga yetishdan umidini uzayozgan Sadirjon u bilan diydorlashadi. Ammo Vatan, yurt, millat, eʼtiqod, muhabbat va sadoqat kabi insoniy tuygʻulardan tamomila mosuvo boʻlgan bu qiz yigitning dardu alamlari va iztiroblaridan koʻra oʻzi uchun muqaddas deb bilgani – oʻsha toʻqqiz qavatli binodagi tor muhit qobigʻini yorib chiqolmaydi. Yozuvchi mana shunday obrazni tasvirlash orqali oʻz millati dardidan koʻra oʻz shaxsiy manfaatlarini ustun qoʻygan manqurt kimsalarni fosh etish bilan birga bugungi kun oʻquvchisini ham maʼnaviy komillikka va ogohlikka chaqiradi.

Uchinchi hikoya esa oʻz navbatida Burxon Sharif bilan Sadirjonlarning Abdulla Hakim qismati va ijodini yodga olishlari tasviri bilan boshlanadi. U chinakam ijodkor, haqiqiy isteʼdod sohibi ekanligi tan olinadi. Endi Burxon Sharif asardagi birinchi hikoyada bergan vaʼdasining ustidan chiqishi uchun fursat kelganligini kitobxon sezadi. Lekin asar oxirida ogʻir betob boʻlib qolgan Burxon Sharif oʻzining ayblarini boʻyniga oladi. Insonning hamisha bir yelkasida Rahmon yursa, ikkinchi kiftida Shayton yuradi deb naql qiladilar. Burxon Sharif ham Xudoning bir bandasi, boshqa odamlarga oʻxshab u ham xato qilishi, gunoh qilishi turgan gap. Uning qalbi ham xudbinliklardan xoli emas. Shu bois Abdulla Hakimning sevgilisi bilan birga yashagan Burxon Sharif marhumdan oʻz xotinini qizgʻanib, oʻzi uchun jonini ham ayamagan kishining qabri ustida bergan vadasini bajarmaydi. Yaʼni nomini abadiylashtirmaydi. Natijada uzoq yillar unutilgan kishini oʻz oʻlimi oldidan eslab, qilgan ishlarining notoʻgʻriligini oʻylab, vijdon azoblarida qiynalib, oʻz xatolarini garchi kechroq boʻlsa-da, anglab yetib, oʻzining afsuslanayotganligini Sadirjonga bildiradi. Ana shu bilan oʻzini bir oz boʻlsa-da, vijdoni oldida poklab ham oladi.

Asarda keltirilgan Abdulla Hakim daftaridan koʻchirmadek kiritilgan Afandi latifalari, Nasriddin Afandi haqidagi sheʼrlar, rivoyatlar romanga yopishmagan. Kitobxonning tishiga tegib, uni zeriktiradi. Qolaversa, Abdulla Hakim hayotda chindan yashab oʻtgan tarixiy shaxs ham emas. Mabodo u tarixiy shaxs boʻlganida ham oʻzining asarda tasvirlangan badiiy obrazining talqiniga koʻra oʻquvchiga estetik taʼsir koʻrsatishi kerak. Keltirilgan Afandi latifalari ham xalq ogʻzaki ijodiyotining durdonalari sirasiga kiradi. Adib xalq orasida keng tarqalgan bunday latifalarni aynan olmasdan, balki tasvirlanayotgan voqelikni talqinini yanada kengaytirish yoki personajlar obrazining toʻlaqonli mazmun kasb etishida oʻrni bilan istifoda etganida yaxshi boʻlar edi. Romanning uchinchi hikoyat qismi ancha soxta va boʻsh chiqqanligining sabablaridan biri ham ana shunda deb oʻylaymiz. Qolaversa, bunday tasvir uslubi hamda xalq ogʻzaki ijodiyotiga boʻlgan bunday munosabat yozuvchini oʻz badiiy niyatidan maʼlum maʼnoda chalgʻitganga oʻxshaydi.

Omon Muxtor asarlaridagi oʻziga xos tasviriy, falsafiy yangilanishlar adibning oʻziga xos badiiy uslubini oydinlashtiradi.

 

Shoira Doniyorova,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.