Xolid Said hayoti va faoliyati: “Oʻtgan kunlar” ozar tilida

0
242
marta koʻrilgan.

Oʻzbek adabiyotshunosligida Xolid Said Xoʻjayev haqida ustoz N. Karimovning “Abdulla Qodiriy va Xolid Said” maqolasi bu sohadagi ilk maqolalardan boʻldi.[1] Maqolada olim Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romanini ozar tiliga Xolid Said tomonidan ilk bor tarjima etilishi, ularning oʻzaro munosabatlari, Hayoli va Hayo taxalluslari bilan sheʼr yozgan ijodkorning hayoti va ijodiy faoliyatiga toʻxtaladi.

Xolid Said XX asr turkiy xalqlar adabiy hayotida ulkan ishlar qilgan boʻlishiga qaramasdan, uning ilmiy-ijodiy merosi hamon oʻzbek olimlarining nazaridan chetda qolib kelmoqda. Biz mazkur maʼlumotlarni toʻldirish, uning aslida qanday shaxs ekanligi haqidagi maʼlumotlarni boyitish maqsadida turkiyalik, ozarbayjonlik olimlarning ishlariga suyandik. Turkiyalik olimlar Mustafo Toker va Ufuk Dengiz Ashchi hamkorlikda Anqarada 2006 yilda Xolid Said Xoʻjayevning “Yangi alifbo yoʻllarida eski xotira va tuygʻularim” kitobini qayta nashr qilishdi.[2] Mazkur kitob nashriga “Xolid Xoʻjayevning hayoti va asarlari” maqolasi ilova etilgan, unda shunday deyiladi: “Ahamiyatli olim boʻlishiga qaramasdan, Turkiyada, hatto bir umr yashagan yurti Ozarbayjonda ham shu kunga qadar hech tanilmagan, tadqiqotchilarning nazaridan chetda qolgan, yozilgan boʻlsa-da, juda oz, batafsil yoritilmagan Xolid Said Xoʻjayev, asli Oʻzbek turkdir”.[3]

“Xolid Said Xoʻjayev 1888 yil Toshkent viloyati Baytqoʻrgʻonda tugʻilgan. Maktab taʼlimini shu qishloqda olgach, Toshkent madrasasida olti yil tahsil oladi. Madrasada arab va fors tillarini oʻrganadi. 1914–1918 yillari Istanbulda Adabiyot fakultetini tugallaydi. 1918 yilda tahsilni tugatib, ona yurtiga qaytib keladi. Bu paytda Turkistonda oktyabr toʻntarishi voqealari boʻlayotgan davr edi. Shuning uchun Xolid Said Ozarbayjonga qaytib keladi, maktabda oʻqituvchilik qiladi. Ammo bu yerda ham ichki ixtiloflar tufayli yana Toshkentga qaytib keladi. 1920–22 yillar orasida Toshkentda oʻqituvchilik va mudirlik lavozimlarida ishlaydi. Sogʻligʻi toʻgʻri kelmaganligi uchun, 1922 yil oktyabrda Bokuga qaytib keladi. U 1922–1926 yillar orasida Balaxani muhandislik fakultetida va Gusar texnik taʼlim maktabida oʻqituvchilik qiladi; Bokudagi samarqandlik harbiy askarlar yotoqli maktabida va Oʻzbekiston Konsul mehmonxonasida mudir lavozimida ishlaydi.

1926–1934 yillar orasida Ozarbayjon Yetuk oʻqituvchilar tayyorlash institutida, Ozarbayjon Davlat universitetida va boshqa oʻquv tashkilotlarida; Ozarbayjon Til va adabiyot fakultetida arab, fors tili oʻqituvchisi boʻlib ishlaydi. 1934 yil sentyabr oyidan professor Vali Hulufluning yoʻllanmasi bilan Ozarbayjon Fanlar Akademiyasining tilshunoslik boʻlimiga ishga qabul qilinadi va 3 iyul 1937 yilda hibs etilgunga qadar shu yerda ishlaydi.

Xolid Saidga quyidagi siyosiy ayblar qoʻyiladi: 1916 yildan beri panturkizm faoliyati bilan shugʻullangan, 1925 yilda Ozarbayjonga kelgach, Aziz Gubaydullinning panturkist tashkilotiga kirgan; ayniqsa, yosh oʻquvchilar orasida zararli gʻoyalar tarqatgan; Vali Huluflu, Gulom Bagʻirov, Zifeld, Jabbar Mammadzoda, Hanifi Zeynallilar bilan panturkistik aloqada boʻlgan; 1918 yilda Istanbul universitetidan bir guruh talabalar bilan Nuri Poshoning qoʻmondonligi ostida faoliyat olib borgan, “josusligi”ni boʻyniga olishga majbur etiladi.

Xoʻjayev 1937 yil 13 oktyabrda Bokuda qatl etildi.

Xolid Saidning turmush oʻrtogʻi Sora Rizo qizi ham “siyosiy mahbus”ning rafiqasi sifatida 14 yilga Sibirga surgun qilinadi. Sora xonim Surgundan soʻng, 1955 yil 16 aprelda turmush oʻrtogʻining oqlanishini talab qiladi. 1956 yil 16 mayda Xolid Said Xoʻjayev ishi qaytadan koʻrilib, uning vafotidan roppa-rossa 20 yil oʻtib oqlanadi”.[4]

Xolid Said 1926 yilda Bokuda tashkil etilgan “I. Turkologlar qurultoyi”da katta rol oʻynaydi. Olim bu qurultoyda alifbo, adabiy til masalalari haqida dadil fikrlar bildiradi. Xolid Saidning manbalarda koʻrsatilgan kitoblari: “Usmonli, oʻzbek, qozoq tillarining qiyosiy sintaksisi” (Boku, 1926), “Yangi alifbo yoʻllarida eski xotira va tuygʻularim” (Boku, 1929), “Muxtasar uslubiyot” (A. Tagʻizoda bilan hammualliflikda, Boku, 1933,1934), “Ozarbayjon maktablari uchun rus tili” (Boku, 1934), “Oʻtgan kunlar” (Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romanining ozarbayjon turkchasiga tarjimasi, Boku, 1928,1929), “Uslubiyot nazariyasi” (yoʻqolgan), “Turk tillarining tarixiy grammatikasi” (yoʻqolgan), “Devoni lugʻatit turk” (tarjima, yoʻqolgan), “Chigʻatoy adabiyotidan muhoziralar” (nomaʼlum), “Turkiston tarixining qisqa tarixi” (nomaʼlum), “Turk adabiyoti nazariyasi” (nomaʼlum), “Eron tillarining grammatikasi” (nomaʼlum), “Oʻrxun obidalarining tarjimasi” (nomaʼlum).

Turkiya-Ozarbayjon-Tataristonda mashhur boʻlib ketgan dastlab 1929 yilda nashr etilgan Xolid Saidning “Yangi alifbo yoʻllarida eski xotira va tuygʻularim” kitobiga Boku universiteti Sharq fakulteti professori Aziz Gubaydullin qisqa kirish soʻzi yozgan: “Xolid Saidning kitobxonlarga taqdim etayotgan bu asari koʻp jihatdan ahamiyatlidir. Bu sayohatnoma ikki jihatdan ahamiyatga molik. Birinchisi, yangi alifbo yoʻlidagi buyuk madaniy va inqilobiy harakatning ilk davrini koʻrsatishi bilan turk-tatar xalqi tarixining muhim sahifasidir. Ikkinchisi, bu asar adabiyotimizda davrimiz turk-tatar ziyolilarining ruhiyati va ahvolini koʻrsatishga harakat qilgan ilk asardir.

“Ozarbayjon Turk adabiyotida sayohatnoma janrida yozilgan asar yoʻq edi” – desak yanglishmaymiz. Shu bois, asarni Ozar-Turk adabiyotining ilk sayohatnoma asari, deya qabul etish mumkin. Asar, badiiy jihatdan ham ahamiyatli. Yangi alifbo asoschilaridan boʻlgan Xolid Said, bu madaniy harakatdan ilhomlanib asarda goʻzal manzaralar, badiiy tasvirlar va tarixiy maʼlumotlar yozgan. Bu tasvirlarning ichida, yangi alifboning asosiy tashkilotchisi Samad ogʻaning ruhiyati, faoliyatini tasvirlagan qismlar ayniqsa, muhim”.[5]

Xuddi shunga oʻxshash taʼrifni ozar adabiyotshunosi Ali Shomil Husayn oʻgʻli ham bildiradi: “Harf inqilobi haqida qimmatli maʼlumot beruvchi asarlardan biri Xolid Said Xoʻjayevning 1929 yilda Bokuda nashr etilgan “Yangi alifbo yoʻllarida eski xotiralarim va tuygʻularim” nomli kitobidir. Bu asarni, harf inqilobining ilk tarixi, deb atasak toʻgʻri boʻladi. Kundalik shaklida yozilgan bu kitob, muhim gaplarni bugungi kun oʻquvchisiga yetkazadi. Kitobda harf inqilobining amalga oshishini qoʻllaganlar Ozarbayjon, Qrim, Tatariston, Orenburg, Oʻzbekiston va boshqa joylarga qilingan sayohatlardan va shu mavzuga aloqador insonlar bilan oʻzaro muloqotlardan bahs etadi”.[6] Olim Xolid Said Xoʻjayevning 1934 yil 26 aprelda oʻz qoʻli bilan rus tilida yozgan tarjimai holini Ozarbayjon Fanlar akademiyasi arxivida №39 inventar raqam bilan saqlanayotgani haqida xabar beradi va oʻz maqolasiga ilova etgan[7]. Ali Shomil Xolid Saidni “Harf inqilobining solnomachisi”, deb taʼriflaydi.

Xullas, oʻzbek adabiyotshunoslari Xolid Saidni Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romanining ozarbayjondagi ilk tarjimoni sifatidagina bilishar edi. Vaholanki, uning turkiy xalqlar hayotida “harf inqilobchisi” sifatida nom qozonganidan bexabar edik. Bugungi kunda Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Milliy kutubxonasida saqlanayotgan Xolid Said tarjimasidagi Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romani nodir kitoblar fondida saqlanmoqda.

1928 yilda Ozarbayjonda nashr boʻlgan “Oʻtgan kunlar” romaniga tarjimon Xolid Said kirish soʻzi yozadi: “Yangi Oʻzbekiston jumhuriyati Turkiston oʻlkasining eng boy qismida tashkil etilgan. Bu yerdagi xalq inqilobgacha Chor Rossiyasi, Rossiya kapitalistlari zulmi ostida ezilgan, oʻz huquqlaridan mahrum etilgan holda yashashar edi. Oddiy mehnatkashlar, mahalliy aholi eski xonliklar davrida ilmdan, madaniyatdan qay holda mahrum etilgan boʻlsalar, Chorlik davrida ham xuddi shu ahvolda yashadi. Inqilobgacha Turkiston xalqining (tom maʼnoda) matbuoti yoʻq edi. Bori ham chor hukumatining tashviqotchisi edi. Oʻzbek adabiyoti tarixida birinchi boʻlib hayotiy, tarixiy roman – oʻzbek ijtimoiy hayotini, oʻzbek xalqining maishiy hayotini oʻzida aks ettirgan bir asar yozildi va bu bilan oʻzbek adabiyotida yangi davr boshlandi. Asarning muallifi Oʻzbekistonning mahoratli yozuvchilaridan boʻlgan Abdulla Qodiriy (Julqunboy) zamonasining odamlaridandir, oldinroq proletar mafkurasini xushlamagandi, proletar hayotiga ishtirok etmagan ziyolilardan edi. U madrasada oʻqigan, bir necha vaqt prikazchik vazifasida savdo ishlari bilan shugʻullangan, inqilobdan soʻng “Mushtum” jurnalida “Toshpoʻlat tajang”, “Kalvak mahzum” taxalluslari bilan tanilgan. Yangi milliy ruhdagi ziyolilar qatorida turadi. “Oʻtgan kunlar”ning qiymati xonlar davridagi qonli fojialar, xunrezliklar, ichki ixtiloflarni aks ettiradi. Muallif bu asarda oʻtgan unutilgan kunlarni koʻz oldimizda jonlantiradi. Asar nafis oʻzbek adabiyotining birinchi romanlaridan sanaladi: asarda bir tarafdan oʻzbek hayoti, xotin-qizlarning hayoti, ularning nozik tabiati, sadoqati, goʻzal odatlari tasvir etilarkan, ikkinchi tarafdan kishilarning zulm ostida qul kabi umr kechirishi, oilaviy mojarolar nafis tarzda koʻrsatiladi. Romanning zaif jihatlari ham bor. Ozarbayjonchaga oʻgirish jarayonida shunday oʻrinlar qisqartirildi, oʻtkir qalam bilan yozilgan roman holiga keltirish uchun harakat qilindi… Asarning uslubi oʻzbeklarning butun sajiyasini oʻzida aks ettirgan. Uslub chiroyli,… qahramon eng ogʻir daqiqalarda ham oʻzini yoʻqotmaydi, qonli toʻqnashuvlardan soʻng ham oʻzini sovuqqon tutadi. Qahramon oʻzbek xalqining butun sajiyasini oʻzida mujassam etgan bir oʻzbekdir. Asar realist, baʼzi joylarda naturalistchasiga yozilgan. Shunga asosan, “realizm unsurlari oʻzbek adabiyotiga shu asar orqali kirib keldi”, deyish mumkin. Abdulla Qodiriy oʻzbeklarning Mirza Fatalisidir. Bu roman Oʻzbekistonda har bir xat-savodli vatandosh tomonidan sevila-sevila oʻqilmoqda. Oʻzbekiston nashriyotlarida uch marta chop etildi. Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlariga bir-birlarining yashash tarzlari bilan tanishtirish uchun bu asar nashri lozim koʻrindi. Oʻzbekiston shoʻrolar bayrogʻi ostida madaniy taraqqiyotda ilgarilab ketgan.

“Oʻtgan kunlar” romani tatar tiliga Mustafo Nuʼmon tarjimasida 1959 yilda, turk tiliga Ahsan Botur tarjimasida 1993 yilda, nemis tiliga 1968 yilda Arnold Shpext tomonidan oʻgirildi. Kuzatayotganimizdek, ozar tiliga “Oʻtgan kunlar”ning Xolid Said tomonidan tarjima etilishi boshqa turkiy tillar va nemis tiliga oʻgirmadan 30-60 yil oldin sodir boʻldi. “Oʻtgan kunlar”ning roman yozilganidan ikki yil oʻtib, 1928 yilda ozar tiliga zudlik bilan tarjima etilishi, nima boʻlganda ham, oʻta tezlashgan jarayon edi. Buning sabablaridan biri esa taqdir taqozosi bilan Ozarbayjonga borib, yashab qolgan Xolid Saidning “oʻzbek” ekanligi bilan izohlansa, ikkinchi tarafdan, Abdulla Qodiriy ijodiga mutarjimning ulkan muhabbati deb tushunish mumkin. Xolid Saiddan soʻng, “Oʻtgan kunlar” romani ozar yozuvchisi Isʼhoq Ibrohimov tomonidan qaytadan tarjima etilib, Bokuda uch marta nashr etildi.

Turkiyada Xolid Said hayoti va ijodi boʻyicha Atalay Besim, Temur Koʻja oʻgʻli, Mustafo Toker, Ufuk Dengiz Ashchi, Fatih Erbay, Aycha Ergunlarning ilmiy maqola va taqrizlari eʼlon etilgan.[8] Oʻzbek adabiyotshunosligida esa Xolid Said adabiy shaxsiyati hamon yetarlicha oʻrganilmay turibdi. Vaholanki, Qodiriy va Xolid Said munosabatlarini, xususan, Ozarbayjondagi Qodiriy ijodining ilk targʻibotchisi sifatida Bokuda ikki marta nashr etilgan “Oʻtgan kunlar” romanining ozarcha va asliyat variantlarini qiyosiy planda oʻrganish, qolaversa, olimning tilshunoslik sohasidagi tadqiqot va esse-xotira kitoblarini oʻzbekchalashtirish galda turgan vazifalardan biridir.

Oʻzbek adabiyotining ozarbayjondagi faol targʻibotchilaridan yana biri Almaz Ulvi Qosim qizi Binnatovadir. Almaz xonim 1960 yil Ozarbayjonda Goʻycha mahallasining Kasaman kentida ziyoli-muallim oilasida tugʻiladi. U ilk taʼlimni kentda oladi, oliy taʼlim tahsilni esa 1978–1984 yillarda Boku Davlat universitetida davom ettiradi, ayni paytda ikki yillik fors tili shoʻbasini ham tugallaydi. 1990 yili shahid shoir Ulvi Bunyodzodaning xotira muzeyiga asos solgan. Hozirgi kunda muzeyning faxriy direktori. 1995 yilda “Demokratiya va milliy mustaqillik davrida kurash motivining sheʼriyatda aks etishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 2010 yilda “XX asr ozarbayjon adabiyotshunosligida oʻzbek klassiklarining mahorati” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Bundan tashqari, Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Milliy munosabatlar institutining yetakchi ilmiy xodimi. Almaz Ulvi 20 ga yaqin ilmiy, publitsistik kitoblar muallifi. Uning “Ozarbayjon-oʻzbek (chigʻatoy) adabiy aloqalari” ilmiy monografiyasi davrlar, siymolar, janrlar va tamoyillar masalalarini oʻrganishga bagʻishlangan.[9] Mazkur kitobning 3-bobi “Realist chigʻatoy oʻzbek nasri” faslida olima Abdulla Qodiriy biografiyasi, roman va hikoyalari, hajviy sheʼrlari haqida qisqacha maʼlumot berib, “Oʻtgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarining ozar tiliga tarjima etilish tarixiga ham toʻxtalib oʻtadi. Shuningdek, tadqiqotchi A. Qodiriyning “Obid ketmon”, “Gʻirvonli Mallaboy” asarlariga ham alohida toʻxtaladi. Ammo chuqur tahlillarga kirishmaydi. Almaz Ulvining Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi boʻyicha “Goʻzal realist oʻzbek shoiri (Abdulla Qodiriy)”, “Goʻzal realist oʻzbek nosiri (Abdulla Qodiriy)”, “Abdulla Qodiriy ijodi zamondosh oʻzbek adabiyotshunoslar talqinida” (Bahodir Karimning qodiriyshunoslik sohasidagi tadqiqot va kitoblariga taqriz) maqolalari nashr etilgan.

Olima “Oʻtgan kunlar” romanini shunday baholaydi: “Abdulla Qodiriy tarixiy mavzuga murojaat etarkan, uning mahorati shundaki, u oʻz xalqi tuzumini, mehnatkashligini, qahramonlik tarixini, xalqining oʻz ozodligi va mustaqilligi yoʻlida kurashini ochiq koʻrsatishga erishgan, mavjud davrda muammolarni hal etish oʻta mushkul boʻlganligini kitobxonga goʻzal tarzda yetkazgan”[10].

Ozarbayjon-oʻzbek adabiy aloqalarining ming yillik tarixi bor. Bu tarix ichida olimlar, tarjimonlar, yozuvchi-shoirlar har biri alohida oʻringa ega. Xususan, ozarbayjonlik oʻzbekshunoslar Hamid Arasli, Xalil Rizo, Abboszoda Husayn, Aziza Jafarzoda, Yoqut Dilbozi, Oydin Abilov, Gʻulomhusayn Aliyev, Panoh Xalilov, Mirza Ibrohimov, Yashar Qosimov, Mirzaogʻa Qulizoda, Gʻulom Mammadali, Ahad Muxtor, Jannat Nagʻiyeva, Ozod Nabiyev kabi yigirmaga yaqin olimlarni sanash mumkin. Ammo soʻnggi yillarda bu sohada eng “koʻp” va “xoʻp” yozgan, Ozarbayjonda oʻzbek adabiyotini faol targʻib etayotgan olima Almaz Ulvidir. Xususan, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodining ozarbayjonlik olimlar ishlarida oʻrganilishini tadrijiy, mavzuiy tadqiq etish navbatda turgan ishlarimizdan.

 

Marhabo QOʻChQOROVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

 


[1] Karimov N. Abdulla Qodiriy va Xolid Said // Poetik tafakkur va talqin muammolari. Toshkent: TDPU Rizograf, 2014. – B. 35-45.

[2] Halid Said Hocayev. Yeni alifba yollarında eski hatıra ve duygularım. Ankara: Türk dili kurumu. 2006. 131 s.

[3] Oʻsha asar.  S.7.

[4] Halid Said Hocayev. Yeni elifba yollarında eski hatıra ve duygularım. Ankara: Türk dili kurumu. 2006.  S. VII -VIII.

[5] Aziz Gubaydullin takdimi / Halid Said Hocayev. Yeni elifbf yollarında eski hatıra ve duygularım . Ankara: Türk dili kurumu. 2006.  S. 2.

[6] Ali Şamil Hüseyinoğlu. Harf  inkılabının salnamecisi – Halid Said Hocayev // I. Uluslararsı Kitle iletişim Araşlarında Türkçenin kullanımı bilgi şöleninin bildirileri: 2011. S. 675-686. 

[7] Ali Şamil Hüseyinoğlu. Harf  inkılabının salnamecisi – Halid Said Hocayev // I. Uluslararsı Kitle iletişim Araşlarında Türkçenin kullanımı bilgi şöleninin bildirileri: 2011. S. 675-686. 

[8] Atalay Besim.  Dıvanü Lüğatit Türk Tercümesi. Ankara.

[9] Almaz Ülvi. Azərbaycan – özbek (ciğatay) ədəbi əlaqələri. Baki – Qartal. 2008. 328 s.

[10] Oʻsha asar. 193.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.