Xokkuning ilk tarjimoni

0
351
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston xalq shoiri Rauf Parfi zamonaviy oʻzbek sheʼriyatini bir qator sheʼriy shakllar va janrlar bilan boyitgan shoir. Xokku, tanka, rondo, rondel kabi jahon poeziyasi janrlarining milliy sheʼriyatimizga kirib kelishi, bevosita, shoir nomi bilan bogʻliq. “Xokkular” nomi ostida chop etilgan ilk uchliklari 1963 yilda yozilgan. 1961 yilda tarjima qilingan xokkular esa yapon sheʼriyati bilan juda erta qiziqqanini koʻrsatadi. Qizigʻi shundaki, bu tarjimalar bugunga qadar eʼlon qilinmagan. Ular Sulhida Yolgʻiz qoʻlida saqlanayotgan daftarlarning biridan oʻrin olgan. Shoirning 50-60-yillardagi ijodini jamlagan yigirmata (hozircha topilganlari) daftar saqlanib qolgan. Xokkular oʻrin olgan daftar ularning yettinchisi hisoblanib, 57 varaq (114 bet)dan iborat. Daftar rus shoiri Ivan Savvich Nikitin sheʼrlari tarjimasi bilan ochiladi. 12-betdan shoirning oʻz sheʼrlari boshlangan. “Taʼqib etsa va sochsa gʻazab…” misrasi bilan boshlanuvchi ikkinchi sheʼri tagida “25.07.61” (13-bet), daftardagi soʻnggi sheʼr hisoblangan “Mayli, yomgʻir quysin asabiy…” manzumasi ostida esa “27.11.1961” (109-bet) sanalari qoʻyilgan. Demak 7-daftardagi sheʼrlar 1961 yilning taxminan 25 iyulidan 27 noyabri oraligʻida yozilgan. Bu, ayni paytda, daftar tutilgan paytni ham anglatadi. Daftarda Rauf Parfi qalamiga mansub deyarli har bitta sheʼrning yozilish sanasi koʻrsatilgan, ammo xokkular tarjimasi ostida sana yoʻq. Buni aniqlashning birgina yoʻli bor: ulardan oldingi va keyingi sheʼrlar sanasiga eʼtiborni qaratish. Xokkulardan oldingi “Magʻrur-magʻrur sen tashla odim…” deb boshlanuvchi sheʼr 22.11.1961 da, keyingi “Mayli, yomgʻir quysin asabiy…” sheʼri esa 27.11.1961 sanasida yozilgan. Demak, bundan maʼlum boʻladiki, xokkular juda qisqa vaqtda – 1961 yilning 22–27 noyabr kunlarida tarjima qilingan. Bu paytda tarjimon 2-kurs talabasi boʻlgan. Aynan shu paytda ularga “Badiiy tarjima nazariyasi va praktikasi” fani oʻtilgan. Shoirning saboqdoshi Nazira Qozoqboyevaning quyidagi xotirasi esa Rauf Parfining tarjimonlik faoliyati bilan bogʻliq tasavvurimizni yanada kengaytiradi: “Muxbirlik boʻlimi talabalariga tarjima nazariyasidan asosan ustoz Gʻaybulla Salomov dars oʻtardilar. Bu fan bizning eng sevimli ixtisoslik fanimiz edi. Amaliy mashgʻulotlar davomida domla talabalarni ikki guruhga ajratib, ikki xil topshiriq berardilar: sheʼriy matn tarjimasi va nasriy matn tarjimasi. Sheʼriy matn tarjimasini koʻproq Raufga yuklardilar va uning tarjimalaridan behad quvonganlari bugungiday koʻz oldimda”. Darhaqiqat, Rauf Parfi oʻqishga kirgunga qadar tarjimon sifatida bir qadar shakllanib ulgurgan edi. Chunki uning tarjimonlik faoliyati 1956 yildan boshlangan. Yosh shoir xokkularga qadar toʻqson bitta (hozircha bizga maʼlumlari) sheʼr tarjima qilgan. Ular jahon sheʼriyatining Gyote, Pushkin, Lermontov, Kolsov, Fet, Tyutchev, Mitskevich, Heyne, Pol Verlen, Bryusov, Blok, Eminesku kabi yirik vakillari qalamiga mansub. Bularning barchasi Rauf Parfining Gʻaybulla Salomov darslariga qadar ham tarjimada ancha-muncha tajriba toʻplaganini koʻrsatadi.

Xokkularni oʻzbek tiliga oʻgirishga qoʻl urgan Rauf Parfi yapon sheʼriyati bilan yetarlicha tanish boʻlgan. Daftarning 96-sahifasida “Uchlik” sarlavhasi ostida kelgan bir betlik maʼlumot shunga guvohlik beradi:

 

UCHLIK

 

Yapon poeziyasida xokku deb ataluvchi sheʼrning bir turi boʻlib, qisqaligi va goʻzalligi bilan oʻziga xosdir. Xokkuda tabiat va tabiat orqali inson kayfiyati aks ettiriladi. Xokku uch misradan tashkil topgan qofiyasiz sheʼrdir. Birinchi misra besh boʻgʻin, ikkinchi misra yetti boʻgʻin, uchinchi misra besh boʻgʻin – hammasi oʻn yetti boʻgʻin boʻlib, bu shakl qatʼiy emas.

Xokku yozish katta mazmunni oz soʻz bilan ifoda etish sanʼatidir.

Xokku tasviriy sanʼatga yaqindir. Rassomlar xokkuda tasvirlangan ifodani rasmda aks ettirishi yoki shoir rassom chizgan suratga qarab xokku yozishi mumkin. Shamol, bulbul navosi, kakku ovozi, umuman, har bir tovushning oʻz maʼnosi bor va bu har xil kayfiyat va hissiyot uygʻotadi. Eʼtiborsiz oʻqilgan uchlik oʻzining asl maʼnosidan mahrumdir.

Vera Markova tomonidan sanʼatkorona tarjima etilgan quyidagi uchliklarni oʻzbek tilida maʼnoni saqlagan holda berishga harakat qilindi.

Tarjimon

 

Muxtasar bu maʼlumot, xokkuga oid deyarli barcha jihatlarni qamrab olgan.

Mumtoz sheʼriyatimizni tasavvuf falsafasidan ajratib boʻlmaganidek, yapon sheʼriyatini ham dzen taʼlimotidan ayri holda anglash mumkin emas. Ayniqsa, yozilish jarayoni dzenchilarning ibodat paytidagi holatlari bilan chambarchas bogʻliq. Yasunari Kavabataning quyidagi soʻzlari bu holatni his etishimizga bir qadar yordam beradi: “Dzen maktabida sigʻinadigan tasvir yoʻq… Bu yerlarda doim koʻzlarni yumib olib, dunyodan toʻla-toʻkis uzilmaguncha jim, qimirlamay oʻtiriladi. Shunda “men” yoʻqolib, “hech nima” holati yuzaga keladi… Bu – boʻshliq. Undagi hamma narsa toʻsiqlar va cheklovlar ortida boʻladi. Boʻshliq haqiqiy boʻshliqqa aylanadi. Bu – ruhning cheksiz Olami! Dzenda ham ustozlar bor, ular shogirdlariga mondo (savol-javob) usuli bilan saboq beradilar, qadimiy dzen bitiklarini oʻrgatadilar, biroq shogird oʻz fikrlariga oʻzi hokim boʻlib qolaveradi va u dilning gʻayriixtiyoriy holatiga oʻz kuchi bilan erishadi. Bu oʻrinda mantiqdan koʻra ichki hissiyot, birovdan olgan bilimdan koʻra ichdan uygʻonish holati muhim”. Shuningdek, Kavabataning ushbu Nobel maʼruzasida Saygyo (1118–1190) ijod psixologiyasi bilan bogʻliq quyidagi soʻzlari ham keltirilgan: “Men ham gullarni, kakku qush, qor va Oyni, umuman, turli timsollarni kuylayman… Gullar haqida gapirganingda, koʻrib turganing haqiqatda ham gul ekanini oʻylamaysan. Xuddi shunga oʻxshab, Oyni kuylab turib, u rostdan ham oy, deb oʻylamaysan. Oʻrni keladi, ilhom keladi, sheʼr yoziladi. Qizil kamalak paydo boʻlib, boʻm-boʻsh osmonga rang kirgandek tuyuladi. Quyosh charaqlaydi, osmon munavvar boʻladi… Biz ham osmonga oʻxshab qalbimizda turli narsalarni turli ranglarga boʻyab chiqamiz, lekin hech qanaqa iz qoldirmaymiz”. Demak, uning birinchi bosqichida ijodkor “ruhning cheksiz Olami”ga koʻtarilmogʻi, ikkinchisida unda “ichdan uygʻonish” yuz bermogʻi, va nihoyat, qizil kamalak paydo boʻlib, boʻm-boʻsh osmonga rang kirgani va quyosh charaqlab, osmon munavvar boʻlganidek, shoirning qalbi nurga yoʻgʻrilmogʻi, unda kamalakning rang-barang nurlari kabi pokiza tuygʻular jilvalanmogʻi lozim. Undagi gul, kakku, Oy, endi timsollar, ruhiy olam haqiqatini anglatuvchi timsollardir. Yapon poetikasida sheʼrning yaratilishi bilan bogʻliq yana baʼzi shartlar bor. Unda butunning boʻlagidan fojia yasash emas, boʻlakni koʻrib butunni tasavvur qilish va yaratish kayfiyatini hosil qilish va ana shu kayfiyat bilan sheʼr yaratish talab qilinadi. Yaponcha “Gullar yoʻli”ning mashhur ustasi Ikenoba Senno (1532–1554) taʼlimotiga koʻra: “Bir hovuch suv yoki daraxt shoxchasi odamning tasavvurida togʻlarning ulugʻvorligi va daryolarning oqishi manzaralarini hosil qiladi”, “Singan vazada ham, qurigan shoxda ham gullar bor va ular kishi dilini ravshan qilish quvvatiga ega”. Dzen ustozi Dogen esa: “Ruhiy tiniqishga yoʻl bambuklarning shitir-shitirida emasmi? Qalbning barq urishi sakuraning gullashidan emasmi?” deydi. Demak, bulardan maʼlumki, yapon sheʼriyatining vazifasi “dilni ravshan qilish”, “ruhiy tiniqish”, “qalbning barq urishi”ga xizmat qilish ekan. Rauf Parfi – milliy adabiyotimizdagi mana shunday sheʼriyat bilan birinchilardan oshno boʻlgan va boshqalarni ham oshno etgan shoir. Uning: “Xokku yozish katta mazmunni oz soʻz bilan ifoda etish sanʼatidir”, deyishi ham xokku qonuniyatini yaxshigina oʻzlashtirganidan dalolat beradi. Tarjimon xokkular tarjimasida ham “oz soʻz bilan katta mazmunni” sanʼatkorona ifoda etishga harakat qilgan. Quyidagi Esa Syoxakudan qilingan birgina uchlikka eʼtibor bering:

 

Yulduzlar koʻkda:

Oh, na-da katta!

Oh, na-da yuksak!

 

Har uchala misra bir vaznda (3+2) kelishi (1); ikkinchi va uchinchi misralardagi bir xil intonatsiya (2); soʻnggi boʻgʻinida urgʻu olgan “Oh, na-da” soʻzlarining vertikal takrori (3); misralar soʻnggidagi “koʻkda”, “katta”, “yuksak” soʻzlarining birinchi boʻgʻinlari bir xil vaznda (undosh+unli+undosh) kelishi (4); “koʻk-” va “yoʻq-” boʻgʻinlaridagi hamda “na-da” va “katta” soʻzlaridagi oʻzaro ohangdoshlik (5); yana aynan oʻsha soʻzlarning ikkinchi boʻgʻin ikkinchi tovushi sifatida bitta unli – “a”ning takrorlanishi (6); aynan shu “a”ning matndagi “na-da” va “katta” soʻzlarida ikki martadan kelishi (7) xokku ohangiga boshqacha joziba baxsh etgan.

Rauf Parfi shundan keyin xokkular tarjimasiga qaytib qoʻl urmasa-da, boshqalarni bu ishga qiziqtirish va daʼvat qilishdan charchamadi. Shoira Farida Afroʻzning quyidagi xotirasi shunday fikrga kelishimizga asos boʻladi: “Bir kuni Rauf aka uchliklardan iborat boʻlgan yapon xaykularining ruscha tarjimasini qoʻlimga tutqazdilar va, siz shuni tarjima qiling, dedilar. Men kitobni u yoq-bu yoqlariga koʻz yugurtirib chiqdim. Menga yoqmadi, juda joʻn va tayinsizdek tuyuldi. Birozdan keyin Rauf aka “Xoʻsh”, deb kirib keldilar xonamizga. “Yoqmadi, shu ham sheʼriyatmi?!” dedim.”Yoʻq, aslo shoshmang, ichiga kiring”, dedilar. Biroz ranjigandek boʻlib, tezgina chiqib ketdilar.

Men bu uchliklarni qayta-qayta, qayta-qayta oʻqiy boshladim. Rauf aka aytganidek, ichiga kirdim va oʻsha yerda yashay boshladim. Oʻz-oʻzidan tarjimalar quyulib keldi. Yetmish uchta uchlikni tarjima qildim”.

Bugun ona tilimizda yapon xokkularining bir qancha tarjimalari yaratilgan. Shoir Xurshid Davron tarjimasidagi “Dengiz yaproqlari” va Jabbor Eshonqul tomonidan oʻgirilgan “Shabnamda oy aksi” nomidagi toʻplamlar yapon sheʼriyati ixlosmandlariga tayyorlangan zoʻr tuhfa hisoblanadi. Xurshid Davron ham, Jabbor Eshonqul ham Rauf Parfi tarjimalaridan xabarlari yoʻq edi, albatta. Shunga qaramasdan, takror tarjima qilingan xokkular anchagina. Ularni qiyosiy tadqiq etish alohida masala. Shunga qaramay, rus tilidan oʻgirgan uch oʻzbek tarjimonining birgina uchlik tarjimasiga eʼtiboringizni qaratsak. Bu Matsuo Basyo qalamiga mansub. Rus tiliga Vera Markova quyidagicha tarjima qilgan:

 

O, prosnis, prosnis!

Stan tovarishʼem moim,

Spyashʼiy motiʼlek!

 

Rauf Parfi:

 

Oh, uygʻon, uygʻon!

Hamdard oʻrtogʻim boʻl sen,

Uyqudagi parvona!

Xurshid Davron:

Oh, tez uygʻon, uygʻongin!

Sen mening doʻstim boʻlgin,

Uxlab yotgan parvona!

Jabbor Eshonqul:

Uygʻon, tezroq uygʻongin.

Qiyomatlik doʻstim boʻl,

Uxlab yotgan parvona.

 

shaklida oʻzbek tiliga oʻgirganlar. Har bir tarjimonning oʻz uslubi va malakasi bor. Shu bilan birga, xokkudagi poetik tuygʻuni his qilish qobiliyati va soʻz tanlash mahoratlari ham oʻzlariga xos. Harholda, xokkular tarjimasiga qoʻl urganda Rauf Parfi 21 yoshli talaba edi.

Daftardagi tarjima xokkular faqatgina qoralama nusxada. Nashr etilganligi haqidagi maʼlumotga duch kelmadik. Ularning hozircha biz uchratgan yagona manbasi ham shu. Aynan shuning uchun ham ushbu tarjimalardan bir turkumini bor holicha nashrga tayyorlab, adabiy jamoatchilikka taqdim etishni lozim topdik.

 

Rezyume

 

Maqolada shoir Rauf Parfining yapon mumtoz sheʼriyatiga oid baʼzi qarashlari va uning yapon xokkularidan qilgan tarjimalari xususida soʻz boradi.

 

V statye analiziruyutsya perevodiʼ yaponskogo xokku, osushʼestvlenniʼe poetom Raufom Parfi, a takje rassmatrivayutsya nekotoriʼe vzglyadiʼ poeta na klassicheskuyu yaponskuyu poeziyu.

 

The article analyzes the translation of Japanese haiku poet Rauf Parfi implemented, and discusses some of the views of the poet in the classical Japanese poetry.

 

Olim OLTINBEK,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.