“Xiva roʻyosi” haqida

0
262
marta koʻrilgan.

Quyosh nurlarini berkitib boʻlmaganidek,

haqiqatning chirogʻini ham soʻndirib boʻlmas.

Az-ZAMAXSHARIY

 

1995 yil avgustining boshlarida Xiva shahrida xizmat safarida edim. Bomdod namozini mashhur Olloqulixon qurdirgan karvonsaroy qarshisidagi masjidda jamoaga qoʻshilib oʻqidim. Duoi fotihadan soʻng oʻtirgan joyimda masjidning ichini bir chekkadan koʻzdan kechira boshladim. Koʻhna binoning qurilish uslubi negadir koʻproq ovropacha imoratlarni eslatardi: devorlari oʻta qalin boʻlib, xonaqo ichiga bir necha yuz kishi sigʻsa-da, birorta ustun oʻrnatilmagan va ulkan qadimiy qandil ilib qoʻyilgan edi. Namozxonlar tarqalgandan soʻng tashqariga chiqib, masjidning tashqi qismiga razm soldim. Binoning oldida baland ayvon, toʻrtta qaramon daraxtidan qilingan jimjimador oʻymakor naqshlar bilan bezatilgan ustun oʻrnatilgan. Masjidning biqinida shaharning koʻrkiga koʻrk qoʻshib serviqor minora boʻy choʻzib turibdi. Masjid peshtoqidagi yozuvni oʻqiyman: “Said Niyoz sholikor” jome masjidi, 1835 yili qurilgan…” Mening har bir narsani diqqat bilan kuzatayotganimni sezgan masjid imom-xatibi Rahmatulla maʼnoli boqib, biror savolingiz bormi, degandek boʻldi.

– “Said Niyoz sholikor” masjidi deb atalishining boisi nimada?

– Said Niyoz degan bir ulugʻ zotning, Olloh u kishini oʻz rahmatiga olgan boʻlsin, mablagʻiga qurilgan ekan.

– Ismidagi sholikor qoʻshimchasi-chi?

– Naql qilishlaricha, u kishi dehqonlardan sholi olib, guruch qilib sotarkan. Savdogarchilik qilarkan. Taxminan 1830 yillarda boʻlsa kerak, Orenburgdan boshqa mollar bilan birga qora saqich ham olib kelgan. Oʻshanda Xivadan Orenburgga tuya karvonlari qirq ikki kun deganda yetib borarkan. Saqich yaxlit qopda boʻlib, maydalab sotilarkan. Bir qopdagi saqichning ichidan oltin chiqibdi. Darrov oltinlarni berkitib, Orenburgga noma yoʻllabdi: “Ey, birodari aziz, menga saqich, deb berganingiz oltin ekan, buni qaytarib olishingizni iltimos qilaman”. U yerdan esa: “Men Siz muhtaramga, Ollohning shohidligi va hamrohlaringiz guvohligida saqich sotganman, hech qanaqa oltindan xabarim yoʻq, shuning uchun meni maʼzur tutasiz…”, degan javob kelibdi. Shundan soʻng Said Niyoz Olloqulixonga(1825-1842 yillar xon boʻlgan) uchrabdi.

– Oxiratim kuyib ketmasa, deb qoʻrqaman. Menga saqich deb sotganlari oltin boʻlib chiqdi, shuni xonlik xazinasiga qabul qilishga ijozat berib, meni nihoyatda ogʻir tashvishdan xalos etsangiz, – deb arz aytibdi.

Xon shu yerda hozir boʻlgan Muhammad Yusuf mehtarga (1803-1839 yillar mehtar, yaʼni bosh vazir boʻlib, Avazbiy, Eltuzar, Muhammad Rahim I va Olloqulixonlar davrida xonlikning iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotida katta mavqega ega boʻlgan) savol nazari bilan qarabdi. Mehtar, xazinachiga javob ber, deganday boʻlibdi. Xazinachi, bir qopdagi oltinga, bir Said Niyozga qarab olib:

– Meni kechirasiz-ku, xon oliy janoblari, bu oltin qanday yoʻl bilan topilgani bizga qorongʻu boʻlsa, keling, bir xalta oltin deb xonlik xazinasini bulgʻamaylik, – deb javob beribdi.

Shundan soʻng Said Niyoz koʻzda yoshi bilan qopni koʻtarib chiqib ketibdi. Uch kundan soʻng xon uni chaqirtirib: “Mening uyqumda shu narsa ayon boʻldiki, bu oltinlar sen uchun halol ekan, agar xohlasang masjid qurishing mumkin, yana oʻzing bilasan”, – debdi, Shunday qilib ana shu masjid bitib qolgan ekan.

– Sadagʻang ketay, inbu mechit qurilishinda dim koʻp odam qatnashgʻan, – deb ulab ketdi mutavalli Sovur ota.

Xonning maxsus farmoni chiqqan. Qurilish boʻladigan maydonda olti xonadon yashayotgan ekan. Said Niyoz joy egalari bilan uchrashib, ularni rozi qilib, joyini sotib olmoqchi boʻlgan. Ulardan biri yolgʻiz turadigan Bekajon momo ekan.

– Ona, uyingizni narxini aytsangiz, men sizni rozi qilsam, – degan Said Niyoz.

– Bolajonim, dunyo turguncha turgaysan, zavol koʻrmagaysan, baxting yotmagay. Menga bir chaqang kerakmidi, faqat bandalikni bajo keltirgach, meni shu yerga dafn etsang bas, – deb javob bergan kampir (Said Niyoz va Bekajon momo masjid ichiga dafn etilgan). Uy egalaridan biri mashhur Yalmanboy ekan, u Said Niyozning: ”Joyingizni narxini ayting”, – degan savoliga: – Yoshulli, oʻzingni mendan ham boy deb sanaysanmi? Ertaga kelsang joyni boʻshatib qoʻygan boʻlaman, oltiningni masjidga ishlat, degan ekan.

Qurilish boshlanishida tumonat odam yigʻilibdi. Shunda oqsoqollardan biri xaloyiqqa murojaat qilibdi:

– Kim oʻn ikki yoshdan namozga oʻtgan boʻlib, farz amallarini biror marta ham qazo qilmagan boʻlsa, birinchi gʻishtni qoʻyib bersin.

Buni qarangki, Said Niyozdan boshqa hech kimsa oʻtolmagan ekan.

Mezbonlar hikoyasi menga shu qadar taʼsir qildiki, hanuzgacha unutolmayman. Nosoz tuzum davrida bizga gʻarazli maqsadda oʻtmishdagi xonlar va boylar oltin-javohir deb bir-birlarining koʻzlarini oʻyishgan, oʻldirishgan, ularda hech qanday muqaddas narsaning oʻzi yoʻq edi, deb bizni ishontirmoqchi boʻlib kelishganidan oʻkindim. Balki bu rivoyat odamlar tomonidan toʻqilgan afsonadir, lekin aytuvchilar uni shunday ishonch bilan hikoya qilib berardilarki, u hech yolgʻonga oʻxshamasdi.

Shu voqeani eshitgandan soʻng mening tinchim yoʻqoldi. Toshkentga qaytib kelganimdan boshlab, bir necha kun Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaga qatnab, Xiva tarixi, ayniqsa, Olloqulixon davriga tegishli adabiyotlar bilan tanishdim. Ularning aksariyati XIX asrda, rus tilida yozilgan boʻlib, ularda oʻsha davrdagi mustamlakachilik, shovinistik ruh yaqqol sezilib turardi.

Adabiyotlar ham har xil saviya va maqsadda yozilgan boʻlib, ularda ichki madaniyati oʻzlaridan ancha boy, qadim-qadimdan umum-bashariyatning madaniy hayotining har tomonlama rivojiga oʻta salmoqli hissa qoʻsha olgan ota-bobolarimizni uyalmay-netmay “yarim yovvoyi” deb yozishadi. Lekin oʻqiganlarimdan oʻzim uchun jumboq boʻlib kelgan koʻp savollarga javob topganday boʻldim. Oʻtmishdoshlarimizning davlat tuzilishi (1825 yildayoq Xivada Oliy Kengash tuzilgan boʻlib, barcha masalalar ahamiyati va salmogʻiga qarab aholining turli tabaqa vakillari ishtirokida koʻrilarkan), xalq xoʻjaligining yuritilishi, dehqonchilik va sunʼiy sugʻorish inshootlarining barpo etilishi, goʻzallikda tengi yoʻq shaharlarning qurilishi, adabiyot va sanʼatda betakror ijod qilinganligi koʻksimni togʻ qildi. Qizigʻi shundaki, bularning hammasini oʻsha bizni bosib olgan xalqning vakillari yozib qoldirgan adabiyotlardan bilib oldim.

Xiva tarixi bilan qiziqib yurganligimni kutubxonaning deyarli barcha xodimlari tez kunda bilib olishdi va qoʻllaridan kelganicha meni qiziqtirgan mavzuga tegishli kitob, jurnal yoki gazeta topib berishdi.”Savdogar Abrosimovning Xivaga qilgan safari toʻgʻrisida hikoyasi ” ning topilishi ham shunday boʻldi. Bu – safar xotiralari boʻlib, 1873 yilda Rossiya Akademiyasining Sankt-Peterburgda nashr etilgan “Yejegodnik”(Yilnoma) da chop etilgan ekan.

Yanglishmasam, shanba kuni edi. Ertalab kutubxonaga kirib kelganimda, kutubxonachi qizlardan biri:

– Mana buni bir koʻrmaysizmi? – deb qoʻlimga tutqazdi.

Turgan joyimda ikki-uch varagʻini oʻqib qoʻydim. Yoʻl taassurotlari XIX asrning oʻrtalarida chop etilgan boʻlsa-da, tili oʻta ravon va tushunarli edi.

Maʼlum boʻlishicha, muallif yigirma yoshlarda boʻlib, oʻzbek va qirgʻiz (oʻsha paytlarda Rossiyada qozoqlarni qirgʻiz deb atashgan) tillarini yaxshi bilgan.

Muallif oʻzining yoshi va Rossiyaning Orengburg guberniyasidan ekanligini yozsa-da, oʻzining ismi, qaysi yili safar qilgani va Xivaning qaysi xoni bilan muloqotda boʻlganligini yozmaydi. Hikoya 1873 yilda chop etilgan boʻlsa-da, unda bayon etilgan baʼzi voqealarga qarab, dastlab bu tojirning safari 1840-1842 yillarga toʻgʻri kelsa kerak, degan xulosaga keldim. Bunga dalil sifatida Abrosimov xon bilan qilgan suhbatlaridan birida, u: “Eshitishimcha, rus asirlarini ozod qilib yuborganim uchun podshoh (Nikolay I demoqchi) menga emas, nimagadir Angliyaga minnatdorchilik bildiribdi”, – deydi.

S.V Jukovskiy 1915 yilda chop etilgan kitobida “1840 yilning yozida Xiva elchisi Otaniyoz Xoʻja 418 asir bilan, ularning ichida zobit Aitov ham bor edi, Orenburgga yetib keldi, ularning ketlaridan vatanlariga qaytishni ixtiyor etgan 5 rus fuqarosi va 2 qalmoq yangi elchi boshchiligida tuzilgan maxsus karvon bilan joʻnatildi”, deb yozsa, atoqli olim B.Mannonov (Tarix soxtakorlari, Toshkent, “Fan”, 1983 yil): “Angliyalik kapitan Richmond Shekspirning Xivaga kelgan vaqti ana shu asirlarining oʻz yurtiga joʻnatiladigan paytiga toʻgʻri keladi. U bu yerda oʻz zimmasiga topshirilgan maʼlum vazifalarni bajargach, Rossiya orqali qaytish niyatini bildiradi. Xon unga ozod qilingan asirlar karvoniga qoʻshilib, Xiva vakillari qatorida Orenburgga yetib olishga ruxsat beradi. Bu tasodifdan hovliqib qolgan Shekspir oʻzini Xivadagi rus asirlarini ozod qilgan yakkayu yagona qahramon sifatida reklama qilishga tushib ketadi”, – deb yozadi.

Bundan tashqari, Abrasimov oʻz hikoyasida rossiyalik savdogar Z. toʻgʻrisida yozadi. M.Ivaninning yozishicha (“Opisaniya zimnego poxoda v Xivu v 1839-1840”,SPB, 1874), Olloqulixon davrida savdogar Zaychikov 60 ming soʻmlik mol yuborgan.

Abrosimov yosh boʻlishiga qaramay, safar chogʻidagi har bir narsa va voqeani oʻta sinchkovlik bilan oʻrganib, oʻquvchi uchun qiziqarli va tushunarli sodda xalq tilida hikoya qiladi. Bu hikoyada oʻsha davrdagi ijtimoiy va siyosiy hayot, turk qavmiga mansub oʻzbek, qozoq va turkmanlarning urf-odatlari, yashash tarzlari, hayvonot dunyosi va boshqa narsalar toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlar berilgan.

Abrosimov xotiralari yana shunisi bilan qimmatliki, u koʻrgan narsalarini boricha qalamga oladi. U yoʻlma-yoʻl va Xivada uchratgan, u bilan muloqotda boʻlgan odamlar haqida, ularning millati va eʼtiqodidan qatʼiy nazar, katta mehr bilan yozadi.

 

Omonulloh MUTAL

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.