Xilʼatin to aylamish…

0
460
marta koʻrilgan.

Xilʼatin to aylamish jonon qizil, sorigʻ, yashil,

Shuʼlai ohim chiqar har yon qizil, sorigʻ, yashil.

 

Gulshan etdim ishq sahrosin samumi ohdin,

Kim esar ul dasht aro har yon qizil sorigʻ, yashil.

 

Shishadek koʻnglimdadir gulzori husning yodidan,

Tobadonning aksidek alvon qizil, sorigʻ, yashil.

 

Orazu xoling bila xatting xayolidan erur,

Koʻzlarimning oldida davron qizil, sorigʻ, yashil.

 

Laʼlgun may tutqil oltin jom birlan sabzada,

Kim bulardin yaxshi yoʻq imkon qizil, sorigʻ, yashil.

 

Faqr aro beranglik dushvor erur behad, va lek

Xirqada tikmak erur oson qizil, sorigʻ, yashil. –

 

Ey Navoiy, oltinu shingarfu zangor istama,

Boʻldi nazming rangidin devon qizil, sorigʻ, yashil.

 

 

* * *

When my beauty decks herself in red, yellow and green

My sighs go flying like sparks of red, yellow and green

 

I have cultivated the desert of love so the hot breath of my sighs

Has turned the barrenness into a flowering red, yellow and green.

 

When I recall your grace, the mirror of your soul reflects

As from the strained glass mosaic of my window the colors red, yellow and green…

 

The very thought of your face, of the dark shadow above the lip,

Makes the world sparkle a bright red, yellow and green.

 

Pour red wine into a golden goblet in Spring,

For where else are combined in such a harmony the colours red, yellow and green.

 

The poor can hardly afford clothing even of a single shade,

Still they can easily sew into their robs stripes of red, yellow and green.

 

I say, Navoiy, seek no longer for brilliant gold, scarlet and green colors,

For the flowers of your poetry have tinged this divan red, yellow and green.

 

L. Kmetyuk, Q. Maʼmurovlar

tarjimalari

 

 

GʻAZALNING TAHLILI

 

Ulugʻ mutafakkir shoir Alisher Navoiyning ushbu mashhur gʻazalini L. Kmetyuk, Q. Maʼmurovlar ingliz tiliga tarjima qilganlar. Biz quyida tarjima bilan asliyatni qiyosiy tahlil etishga harakat qilamiz. Gʻazalning 1-bayti ingliz tiliga quyidagi keltirilgan:

 

When my beauty decks herself in red, yellow and green,

My sighs go flying like sparks of red, yellow and green.

 

(Soʻzma-soʻz tarjimasi: “Qachonki mening goʻzalim oʻzini qizil, sariq yashilga bezasa, nafasim ham qizil, sariq, yashil rangli uchqunlar kabi uchadi”)

 

Ushbu misralarda asliyatdagi badiiy tasvir aniq uzatilgan. Ammo Gʻarb kitobxoniga baytdan zavqlanish uchun yana nimadir yetishmaydi. Nazarimizda, bu – Navoiy mahoratidan taʼsirlanish hissi yoʻq. U bayt zamiridagi kuchli dardni idrok eta olmaydi. Navoiy baytlarida koʻplab sanʼatlar qorishiq keladi. Ularni sharhlab ketish Navoiy mahorati, buyukligining targʻiboti sifatida juda dolzarbdir. Yuqoridagi baytga izoh sifatida bir necha sanʼatlarning ishlatilganligi koʻrsatib berilsa, maqsadga muvofiq boʻlgan boʻlardi. Navoiy aytmoqchi, uning mahbubasi qizil, sariq, yashil rangli libosda koʻrinsa, bundan ishqi oʻrtangan oshiqning ohi qizil, sariq va yashil tusda osmonga boʻralab koʻtariladi. Shoir ohi misoli gulxandan koʻtarilayotgan shuʼladek. Maʼlumingizkim, gulxan shuʼlasi turli ranglarda jilolanadi. Bu yerda shoir qalb otashining shunday kuchli ekanligini ifodalamoqdaki, undan koʻtarilgan oh-figʻon bamisoli gulxan ustida tovlanayotgan shuʼlaga mengzaladi. Bu tashbeh sanʼatidir.

Shoir boʻgʻzidan nafasning olovlanib chiqishi shu darajada gʻayritabiiyki, tasavvurga sigʻmaydi. Bu mubolagʻa “gʻuluv” sanʼatiga misoldir. Shu bilan birga, shoirning fikrini aniq-ravshan his etish imkonini beradi. Shunday ekan, Navoiy gʻazali tarjimasi yonida muayyan izohlar berilsa, shoirning mahorati, gʻazal gʻoyasi oʻquvchiga ravshan boʻladi. Izohlar ustida ishlash tarjimon uchun oʻz xatolarini koʻrish imkoniyati hamdir. Buni quyidagi misol vositasida koʻrsatish mumkin:

 

2-bayt:

I have cultivated the desert of love so the hot breath of my sighs

Has turned the barrenness into a flowering red, yellow and green.

 

(Soʻzma-soʻz tarjimasi: “Men ishq sahrosini obodonlashtirdim, shunday ekan, mening qaynoq nafasimdan, yalangʻochlik (yaʼni choʻl) gullab-yashnayotgan qizil, sariq, yashilga aylandi.”)

Bu baytning asliyatida ham gʻuluv sanʼati ishlatilmoqda. Inglizcha tarjimada “Men ishq sahrosiga ishlov berdim, shunday ekan, mening qaynoq nafasimdan yalanglik gullab yashnayotgan qizil, sariq, yashillikka aylanadi” deyilishi oʻquvchida Navoiy baytini teskari tushunishga xizmat qiladi. Aslida Navoiy “Mening ohim shu darajada kuchliki, u samum (garmsel) misolidir. Sahroda garmsel shunday chang-toʻzon koʻtaradiki, uning girdobida qolgan odam ulkan chang oqimining quyosh shuʼlalari taʼsirida turli ranglarda jilolanishini koʻradi, goʻyo butun sahro uning nazarida turli ranglar bilan qoplangandek tuyuladi”, – demoqchi boʻladi. Bu oʻxshatish Navoiyning yuksak badiiy mahoratiga dalildir. Bundan tashqari, Navoiy baytlari maqtaʼdan oldin keluvchi shohbaytgacha izchil rivojlanib boradi. Tarjimada ana shu izchillik koʻzga tashlanmaydi. Birinchi baytdagi oh bilan ikkinchi baytdagi garmselning bogʻliqlik darajasi ifodasi, his-hayajonning yana bir pardaga koʻtarilganligi sezilmay qolgan. Tarjimada bayt maʼnosi siyqalashtirilib: “Sahroga ishlov berib, uni gullab-yashnagan vohaga aylantirilgani” bayon etilgan. Samum, yaʼni garmsel obrazi tarjimada butunlay tushib qolgan. Baytda ishlatilgan gʻuluv sanʼati tabligʻ sanʼatiga aylanib qolgan. Tabligʻ esa mubolagʻaning eng quyi, zaif darajasi boʻlib, ishonsa boʻladigan turidir. Oshiqning sahroga ishlov berishini va uni gulzorga aylantirishini tasavvur qilish mumkin, garchi u ishq sahrosini nazarda tutgan boʻlsa ham. Bundan shunday xulosa qilsa boʻladiki, tarjimon mumtoz badiiyat sirlari, Sharq badiiy sanʼatlari borasida tegishli maʼlumotga ega boʻlishi lozim.

3-bayt:

When I recall your grace, the mirror of your soul reflects

As from the strained glass mosaic of my window the colors red, yellow and green…

 

(Soʻzma-soʻz tarjimasi: “Qachonki seni yodga olsam, qalbing koʻzgusida aks paydo boʻladikim, derazamning oynasida tarang tortilgan mozaikaga oʻxshab qizil, sariq, yashil…”)

Asliyatdagi bayt mazmunidan anglashilishicha, oshiq maʼshuqasining beqiyos goʻzalligiga shunchalar maftunki, uni eslaganda tobadon, yaʼni oʻrta asrlarda Sharq oʻlkalarida deraza oʻrnini oʻtagan tuynuk shishasidan qorongʻu uyga tushayotgan quyosh nurlari turli ranglarda jilolangani misol qalbiga oqib kirayotgan husn tasavvuri turfa ranglarda tovlanadi. Shisha va tobadon, koʻngil va tobadon aksi zohir boʻlgan makon, gulzor va alvon – rang-baranglik, husn va qizil, sarigʻ, yashil ranglar bir-biriga mutanosib ravishda tashbihi malfuf sanʼatini namoyon etadi.

Tarjimadan quyidagicha maʼno anglashiladi: “Qachonki men sening husningni yodga olsam, sening ruhing aksi koʻrinar, xuddi derazaning rangli oynalaridan tushayotgan qizil, sariq va yashil ranglar aksi kabi”.

Tarjimon baytning maʼnosini oʻz tilida tushunarli yetkazib berish maqsadida munosib ifoda shaklini tanlagan. Nur rang-barangligini yanada aniq chizib berish maqsadida gʻarbliklar arxitekturasida maʼlum boʻlgan “mozaikali deraza”dan foydalanadi. Tarjimonning ijodiy yondashuvini maʼqullash mumkindir. U holda bayt mazmuniga putur yetkazmasdan “koʻngil shishasi va tobadon” mutanosibligi adekvatligini taʼminlash haqida oʻylab koʻrish kerak edi. Oʻshanda sharqona tashbeh sanʼati ingliz tilida qayta yaratilgan boʻlar edi.

 

4-bayt:

The very thought of your face, of the dark shadow above the lip,

Makes the world sparkle a bright red, yellow and green.

 

(Soʻzma-soʻz tarjimasi: “Yuzing haqida kuchli xayolning oʻzi – bu labing tepasidagi qora soya boʻlib, butun dunyoni qizil sariq va yashil nurga toʻldiradi.”)

Asliyatda yor goʻzalligi va oshiq behalovatligi vasfi shu bayt bilan nihoyasiga yetadi. Tarjima maʼno va ruhiyat jihatidan aniq adekvatlik kasb etgan. Baytda tilga olingan Sharq goʻzali vasfining asosiy komponentlardan biri – “xat”, yaʼni yor labi ustidagi “chiziq” (nozik qora moʻy) ni dark shadow – soyaga qiyoslab tarjimon oʻz tilida munosib badiiy muqobil topa olgan. Baytda tilga olingan Sharq goʻzali vasfining asosiy komponentlardan biri – “xol” obrazi tarjimada tushib qolgan. Buning sababi tarjimonning ushbu nozik tasvir obʼyektiga ahamiyat bermaganida yoxud uni ingliz tilida qayta yaratish muammo boʻlganida boʻlishi mumkin. Toʻrtinchi baytda Navoiy konkret insoniy belgilarda zaminiy goʻzal – suratini chizadi. Bundan gʻazal faqat zohiriy ishq tavsifiga bagʻishlangan deb oʻylash yuzakilik boʻladi. Keyingi baytlarda zohiriy maʼno bilan birga botiniy, yaʼni tasavvufiy talqinga imkoniyat yaratiladi:

 

5-bayt:

Pour red wine into a golden goblet in Spring,

For where else are combined in such a harmony the colours red, yellow and green.

 

(Soʻzma-soʻz tarjimasi: “Bahor faslida och qizil rangdagi sharob oltin qadahda; yana qayerda qizil, sariq, yashil ranglarning bu qadar uygʻunlashgan boʻlishi mumkin.”)

Asliyatda turfa shuʼlalar ila lim toʻla koʻngilning murodi esa vahdat mayi. Kishi hali yosh (sabza) ekan, oltin (asl) jomda laʼlgun may – haqiqiy ishq va eʼtiqod sharobini ichsa, ne xush? Borliqning turfa xilligi, sir-sinoatiga oshno boʻlishning bundan yaxshiroq imkoni boʻlurmi?

Asliyatdagi sabzada soʻzi, tarjimada in Spring, yaʼni bahorda deb oʻgirilgan. Albatta, sabza soʻzining koʻplab maʼnolari mavjud, u “yashillik”, “bahor”, “yasharish” maʼnolarini ham beradi, ammo gʻazalda yoshlik nazarda tutilgan. Bu soʻz in Spring tarzida keltirilganda ingliz oʻquvchisi undan murod yoshlik ekanligini anglashi uchun izoh lozim boʻladi.

Badiiy sanʼatlar toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlmaslik koʻp holatlarda, tarjima maʼnosining buzilishiga olib keladi. Masalan, quyidagi

 

Faqr aro beranglik dushvor erur behad, va lek,

Hirqada tikmak erur oson qizil, sorigʻ, yashil. –

 

bayti tarjimasidan anglashilgan maʼno juda gʻarib:

 

The poor can hardly afford clothing even of a single shade,

Still they can easily sew into their robs stripes of red, yellow and green.

 

(Soʻzma-soʻz tarjimasi: “Kambagʻallar yolgʻiz oʻzlarinigina kiyim bilan zoʻrgʻa taʼminlaydilar, shuning uchun ular xirqa, yaʼni chakmonlariga qizil, sariq va yashil yamoqlarni osonlik bilan tikadilar.”)

Asliyatda muqobala, yaʼni qarshilantirish sanʼati qoʻllangan boʻlib, bu sanʼat bir-biriga zid tushunchalar orqali muayyan gʻoyani taʼkidlash, taʼsirchan ifodalash maqsadida ishlatiladi. Tarjimon “faqr”dagi “beranglik” va xirqadagi “rang-baranglik” tushunchalari orqali ishlatilgan muqobala sanʼatiga eʼtibor bermagani uchun bayt maʼnosini joʻnlashtirib yuborgan. Natijada, tarjimada Navoiyga xos chuqur falsafiy hikmatga ega shohbayt oddiy mulohazaga va maʼnosiz misralarga aylanib qolgan. Faqr (faqirlik) soʻfiylik martabasidagi bir maqomdir. Abdurahmon Jomiy faqrni ikki turga boʻladi: rasmiy va haqiqiy. Rasmiy faqir deb mol-dunyoga ega boʻlmaslik va faqir yashashlikka aytiladi. Haqiqiy faqir esa har qancha davlati boʻlsa ham, har qanday sharoitda ham mol-dunyoga berilmaslikka va nihoyatda oddiy yashashga intiladi. Baʼzi shayxlar xalqni Haq yoʻliga ergashtirish uchun faqir suratida targʻibot ishlarini olib borganlar. Ular boy boʻlsalar ham dunyo hoyu havaslariga loqayd qaraganlar (beranglik shunga ishora). Inson nafs iskanjasidan xalos boʻlar ekan, Ilohiy mohiyatni chuqurroq idrok eta boshlaydi. Zohirdagi faqr alomati boʻlmish turli yamoqli libos botinan faqirga aylanganlik dalolati emas, deydi Navoiy. Bu oʻrinda tarjimon “faqr” soʻzini “poor” deb emas “fakir” deb bersa boʻlardi. Ingliz tiliga dastlab transliteratsiya qilib kelingan bu Sharq realiyasi endilikda inglizcha izohli lugʻatlarda – “fakir – Moslem holy beggar[1]”(qalandar yoki darvesh maʼnosidagi musulmon muqaddas tilanchisi) tarzida uchramoqda. Demak, faqir soʻzining leksik maʼnosi ingliz kitobxoniga tanish. Tarjimada faqir soʻzining tasavvufiy maʼnosi va baytdagi mazmuni, yaʼni Navoiy haqiqiy faqir boʻlib yashash mushkul ekanligi, ammo chakmondagi rang-barang yamoqlar orqali faqirlikka daʼvo qilish oson ekanligiga ishora qilayotganligi va riyokorlikni qoralayotgani qisqa izohda tushuntirib ketilsa, baytning botiniy mazmuni ingliz oʻquvchisiga ayon boʻlgan boʻlardi.

Yettinchi bayt – maqtaʼning inglizcha tarjimasi:

 

I say, Navoiy, seek no longer for brilliant gold, scarlet and green colors,

For the flowers of your poetry have tinged this divan red, yellow and green.

 

(Soʻzma-soʻz tarjimasi: “Ey Navoiy, oltin qizil va yashil ranglarni qidirma, sening sheʼriyating gullaridan bu devoning qizil, sariq va yashilga boʻyaldi.”)

Navoiy gʻazallari tarjimalarini kuzatar ekanmiz, mutarjimlar, asosan, shoirning falsafiy mazmundagi ichki va tashqi maʼnolarga eʼtibor qaratgan, sharqona sheʼriy sanʼatlarni oʻzida mujassam etgan gʻazallar tarjimalarida biroz oqsayotganliklarining guvohi boʻlamiz.

 

Gulnoza ODILOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

 


[1] Webster’s New world dictionary / Simon and Schuster – USA.: William Collins publishers – 1977. – P.57; http://www.macmillandictionary.com/fakir.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.