Xayrixoh izlagan odam

0
55
marta koʻrilgan.

1

Toʻgʻri, bu dizayni jihatdan koʻrimsiz, muqovasi ancha badhazm – qop-qora tusdagi kitob, atrofidagi turfa bezaklar bilan oʻquvchini rom etishi kutilgan kitoblar orasida koʻzga tashlanmasligi tayin. Faqat nomi va zahar sochishga shay turgan kapchabosh ilon tasviri bilan sarguzasht asarlar ishqibozlari nazarini tortishi mumkin – “Ilonlar komida”.

Turfa sarguzashtlarga boy asarlar allaqachon meʼdamga tegib boʻlgani bois ancha paytgacha ushbu kitobni xarid qilish fikridan yiroqda yurganim ham rost. Faqat muqovadagi nimanidir vaʼda qilayotgan “Nobel mukofoti sovrindorlari kutubxonasi” bitigi tufayli kitob doʻkonlariga yoʻlim tushganida uni bir karra qoʻlimga olib varaqlab qoʻyardim. Garchi buyuk rus adibi, 1970 yil katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan antisovet ruhdagi romanlari uchun mazkur mukofotga sazovor boʻlgan Soljenitsin taʼbiri bilan aytganda “Jahon adabiyoti metri” sanalgan L.N.Tolstoy bu sovrin haqida “qandaydir kerosin sotuvchi adabiyot mukofotini taklif etadimi, bu qanday gap boʻldi?”, deb kinoya qilgan, garchi bu mukofot oʻtgan asr jahon badiiyatining buyuk siymolari, syurrealizm oqimi asoschisi Tomas Vulf, modern adabiyot yetakchilari Frans Kafka, Jeyms Joys, Marsel Prust, beqiyos shoir Federiko Garsia Lorka kabi mashhur nomlarni chetlab oʻtgan boʻlsa-da, uning sohibi nomiga erishgan ijodkor oʻquvchi diqqatini tortmasdan qolmasligi ayon haqiqat, negaki aksarimizda bu mukofot faqat va faqat kuchlilarga beriladi degan tushuncha allaqachon shakllanib ulgurgan. Shu bois internetdan foydalanib, roman muallifi haqida maʼlumotlar toʻplashga urindim. Va bundan oltmish olti yil muqaddam adabiyot sohasidagi eng nufuzli mukofot sohibiga aylangan adib hayoti va ijodi haqida quyidagilarni bilib oldim:

Farang adibi Fransua Moriak 1885 yilning 11 oktyabrida Bordo shahrida tijoratchi er-xotin – Jan Pol va Margarita Moriaklar oilasida tavallud topgan. Tabiatan tortinchoq, oʻzini omadsizlar va baxtsizlar toifasidan deb bilgan boʻlgʻusi adib yetti yoshidan maktabda, keyin kollejda va nihoyat Bordo universitetida tahsil oladi. 1908 yil oʻzining ilk – “Bogʻlangan qoʻllar” deb nomlangan sheʼriy toʻplamini nashr ettiradi. 85 yil umr koʻrgan adib barakali ijod qiladi. “Zanjirlar jabridan tugʻilgan goʻdak”, “Moxovga taqdim qilingan boʻsa”, “Olov daryosi”, “Volida”, “Ishq sahrosi”, “Tereza Dekeyra”, “Ilonlar komida”, “Munofiq”, “Qora daftar”, “Xudoyiga atalgan qoʻzichoq”, “Oʻtmish hosilasi” romanlari, boshqa oʻnlab qissa, esse, dramalar uning qalamiga mansub. Moriak ilk bor 1946 yilda Nobel mukofotiga tavsiya etilgan edi. Oradan olti yil oʻtib “oʻz romanlarida inson hayoti dramasini chuqur maʼnaviy zehn va badiiy mahorat bilan ochib berganligi uchun” ushbu nomga munosib deb topildi. U yuksak mukofotga loyiq koʻrilgan yettinchi fransuz ijodkori boʻldi. Fransua Moriak 1970 yil 1 sentyabr kuni Parij shahrida vafot etadi.

Fransua Moriak ijodi haqida tadqiqotchi Anri Peyr bitgan quyidagi fikr ulkan adib asarlariga berilgan munosib baho desak xato boʻlmaydi: “1930 yildan to 1945 yilgacha fransuz adabiyoti ixlosmandlari Moriakni yigirmanchi asr fransuz adabiyotida Marsel Prustdan keyingi ikkinchi shaxs deya baholab keldi, ammo 1945 yildan keyin unga boʻlgan qiziqish biroz pasaydi”.

Barcha sohalardagi kabi adabiyot ham taraqqiy yoʻlidan borayotgani, yangi nomlar kashf etilayotgani bois, ehtimol Moriak ijodiga qiziqish birmuncha soʻngani haqiqatga yaqindir, ammo oʻz botini qobigʻida yashayotgan inson obrazining mazkur adibga xos talqini haqiqiy badiiyat muxlislari qalbida hamon saqlanib qolayotgani ham isbot talab qilmaydigan aksiomadir.

                                                                        2

Fransua Moriak “Ilonlar komida” romanida oʻquvchini inson botinidagi oʻzga birov anglashi qiyin boʻlgan labirintlar aro sayohatga chorlaydi. Asar bosh qahramonning turmush oʻrtogʻiga faqat oʻzi vafot etganidan soʻng yetib borishini koʻzlagan maktubi koʻrinishida yozilgan. Ilk bob mutolaasidanoq uning qariyb yarim asr birga yashagan ayoliga nisbatan qalbida urchigan adovat uchqunlarining guvohi boʻlasiz. Bu adovat goh oʻzaro rashk, goh nafrat, goh bir-biroviga qalban begonalik koʻrinishida rivojlanib boraveradi. Fikrimizning dalili sifatida asar ilk bobining, ilk satrlarini aynan keltirib oʻtishning oʻzi kifoya:

“Ushbu xatni poʻlat sandiqdagi qimmatli hujjatlar ustida koʻrib, hayron boʻlarsan. Balki bu xatni oʻlimimdan keyin senga berib qoʻyish sharti bilan notariusga topshirganim yoki koʻzdan panaroq joyga yashirganim maʼqulroqmidi? Chunki badanim sovishga ulgurmasdanoq bolalar yozuv stolini ochib yarim asr davomida xayolimda qayta-qayta pishitgan intiqom xatini topib olishlari mumkin. Lekin tashvish tortma, koʻngling xotirjam boʻlsin. Bankdan qaytgach, yoʻlakda turiboq qimmatli hujjatlarning oʻz joyida turganidan xabar topib, gʻoyat shodlanishingni va yuzingdan chimmatni koʻtarmasdanoq bolalarga: “Qimmatli hujjatlar oʻz joyida turgan ekan”, deb qichqirishingni eshitgandek boʻlayapman”.

Maktub muallifi tub maʼnosi bilan aytganda nafaqat jamiyat, balki uning moʻjaz boʻlagi boʻlgan oilada ham yolgʻizlanib qolgan kishi. Uning maqsad-muddaosi yagona – boyishga qoʻyilgan hirs, yillar oʻtib esa oʻz vorislarini ushbu boylikdan mahrum etish, shu yoʻl bilan bir umr oʻziga begona boʻlgan turmush oʻrtogʻi va farzandlaridan intiqom olish onlariga guvoh boʻlish istagi. Tabiiyki, mutolaa jarayonida bosh qahramon dilida bu istak nimadan paydo boʻlgan, uning bosh koʻtarish jarayoni qanday yuzaga kelgan, shakllangan hamda qatʼiy qarorga aylangan degan savol Sizni sira tark etmaydi. Garchi ushbu savolning yechimiga bosh qahramonning istigʻforidan javob topgandek boʻlsangiz ham oilaviy muhit bosh mezon emasligiga dilingizda shubha oʻrmalaydi: “Janjallashishga boʻlgan ishtiyoq oilamizga meros qolgan. Onamning tez-tez hikoya qilib berishicha, otam oʻz ota-onasi bilan urushib qolgan, ular esa oʻttiz yil davomida oʻz qizlari bilan yuz koʻrmas boʻlib yashashgan va shunday olamdan oʻtishgan ekan (undan marsellik, biz bilan bordi-keldi qilmaydigan ammavachchalar qolgan)”.

Bosh qahramon, ancha-muncha shov-shuvli ishlarda yengib chiqqan advokat garchi oilaviy janjallarning nimadan kelib chiqqaniga aql yetkazmagan boʻlsa-da, bir umr oʻz ota-onasini haq deb bilgan, balogʻat yoshiga yetganidan soʻng ham uzoqlashib ketgan ammavachchalaridan begonaligicha qolgan. Bundan koʻrinib turibdiki, inson hech qachon oʻz qobigʻidan, tarbiya topgan muhitidan ayro tusholmas ekan. Ammo begonaga aylangan qarindoshlar bilan yuz koʻrishmaslik boshqa narsa, oʻz oilasi, pusht-kamaridan boʻlgan farzandlar bilan bir umr, bir xonadonda yashab, yuz koʻrishishdan qochib yashash mutlaqo boshqa narsa. Aslida buning iloji ham yoʻq. Axir bir xonadonda, yagona osmon ostida istiqomat qilar ekansan, istaysanmi, yoʻqmi, yaqin-begonalar bilan istalgan daqiqada yuzma-yuz qolishing tabiiy. Eng achinarlisi shundaki, ularning bir-birlarini koʻrarga koʻzlari yoʻq va ayni paytda uylaridan bosh ham olib ketisholmaydi.

Maktub jarayonida uning muallifi oʻtgan umriga boshdan-oyoq, sabr-bardosh bilan nazar tashlaydi va oʻzini oilasidagilar bilan begonalashtirgan omillarni kashf etishga intiladi. Qiziq, u baxt qasriga ilk qadam tashlagan navqironlik yillari turmush oʻrtogʻining ilgari Rodolf degan yigit bilan unashtirilgani, lekin bu unashtiruv nikoh qurishgacha borib yetmagani haqidagi hikoyasiga deyarli eʼtibor qaratmaydi. Vaqt oʻtib esa oʻsha Rodolf bilan kechirgan kunlari haqidagi xotiralar ayolini oʻzidan begonalashtirgani toʻgʻrisida shubhaga bora boshlaydi. Qahramonimizning oʻzi ham musichai   beozor emas, u ham vaqtida oilasiga xiyonat qilgan, uning hayotida ham oʻz ayolidan izlab topmagani, muhabbat quvonchlarini tortiq etgan beva matematik ayol bor. Hatto undan oʻgʻil farzand ham koʻrgan. Shu bois garchi anchadan buyon xastalik toʻshagida yotgan boʻlsa-da, oʻziga xayrixoh topish ilinjida noqonuniy oʻgʻli – Robertni izlab u onasi bilan yashayotgan shaharga yoʻl oladi. Agar oʻzi uchun har narsadan voz kechishga tayyor jazmani va undan tugʻilgan farzandidan oʻz oilasida yetishmayotgan mehrni topsa butun boyligini ularga xatlab berib, xotini Iza, farzandlari Gubert va Jenevyevadan batamom intiqom olish niyati uni bu safarga chorlaydi. Afsuski, Robert u istaganidek uddaburon emas, aksincha qoʻrqoq va landavur boʻlib chiqadi. Buning ustiga onasi va qoʻrqoq Robert oʻz tinchliklarini oʻylab toʻngʻich farzandi, badfeʼl Gubert bilan xufyona til biriktirishganini   sezib qoladi. Endi uning oʻz istaklarini roʻyobga chiqarish uchun kifoya qiladigan umri qolmagan, kasallik uni qadamba-qadam taʼqib etar, bir haftalik besamar daydishdan soʻng nomiga kelgan pochta xat-xabarlarni titkilar ekan, farzandlari bilan oʻziga nisbatan ittifoq tuzib olgan turmush oʻrtogʻining toʻsatdan vafot etganligi toʻgʻrisidagi telegrammaga koʻzi tushadi.

Asar voqealarining eng kulminatsion nuqtasi ham shu nogahoniy oʻlimga borib taqaladi. Taʼziya bilan bogʻliq marosimlardan soʻng bizning advokatimiz bor mol-dunyosini farzandlariga taqsimlab berib, oʻziga turmush oʻrtogʻi bilan umrlarining eng sara ilk onlari oʻtgan uyni olib qoladi. Xotinining soʻnggi damlari guvohi boʻlganlar uning oʻlimidan oldin qandaydir qalin daftarni oʻtga tashlagani haqida qilgan hikoyalarini eslab, oʻchoq ostidagi kulni titkilaydi va oʻsha daftardan tasodif tufayli omon qolgan ayrim parchalarni topadi. Maʼlum boʻlishicha, Iza ham eridan yashirincha oʻz kechinmalarini qogʻozga tushirib borgan, undan begonalashib qolayotgani sabablarini oʻzicha tahlil qilgan, bir umr unga talpinib yashagan va umrining qaysidir qismida uni hatto keksa eridan erta beva qolgan opasi Marinettadan kuchli ehtiros bilan rashk qilgan ekan.

Umrining soʻnggi onlarini tazarru bilan oʻtkazgan asar qahramoni turmush oʻrtogʻining xotirasi bilan yashagan kunlari qalb bedorligini, umri davomida istagan, izlagan xayrixohlikni bir muddat ichkilikka mukkasidan ketgan, subutsiz eri oʻziga oilada inson emas, ortiqcha buyum sifatida qarashgani uchun tark etgan nabirasi Janinidan topgandek boʻlganini, umuman, oʻtkinchi umrni anglashilmovchilik tufayli bir-biriga nafrat nazari   bilan hayf ketkazgan oila fojiasini toʻliq anglayman desangiz, yaxshisi asarni oʻzingiz mutolaa qiling.

 

Abdunabi ABDIYEV

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.