“Xamsa”ning yangi talqini

0
264
marta koʻrilgan.

Mumtoz badiiy asarlar barcha zamonlarda koʻpchilikning diqqat-eʼtiborini oʻziga jalb etib kelgan. Ularga munosabat ham turlicha boʻlgan. Har bir davr muayyan mumtoz asarni oʻz zamonining mezonlaridan kelib chiqqan holda talqin qilgan va baholagan. Ularga turli sharhlar bitilgan, lugʻatlar tuzilgan. Keyingi asrlarda ham bu anʼana davom etgan. Chunonchi, Bedil gʻazallarini, ruboiylarini sharhlovchi bedilxonlar paydo boʻlgani, Soʻfi Olloyorning “Sabot ul-ojizin” asarini sharhlash uchun maxsus asar bitilgani fikrimizga dalildir.

Ulugʻ mutafakkir shoir Alisher Navoiyning “Xamsa” asari mumtoz asarlarning shunday betakror namunasidir. Bu shoh asarga u yaratilgan XV asrdan boshlab to hozirgacha qiziqish soʻnmagan, uni talqin qilish, sharhlash davom etib kelmoqda. XX asrda Navoiy “Xamsa”siga bagʻishlangan koʻplab ilmiy-tadqiqotlar yaratildi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, Navoiyning bu shoh asarini yangicha ilmiy qarashlar asosida tadqiq qilishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinovning “Alisher Navoiy “Xamsa”si talqini manbalari(XV–XX asr boshi)” (“Tamaddun” nashriyoti, 2018) nomli monografiyasi ana shunday yangicha yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqotlardan biridir. Ushbu tadqiqotda muallif Navoiyning “Xamsa” asarini adabiyotshunosligimizda ilk bora adabiy germenevtika metodologiyasi asosida tadqiq qilgan.

Matn talqini nazariyasi va amaliyoti bilan bogʻliq germenevtika – talqin etish sanʼatidir. Badiiy matn talqini bilan shugʻullanuvchi germenevtika esa adabiy germenevtika deb ataladi. U qadimiy matnlarning asl maʼnosini ochish yoʻllariga doir taʼlimot boʻlib, oʻzgarishga uchrab yetib kelgan adabiyot namunalari mazmunini tiklashga qaratilgandir. Germenevtika fanining falsafa va adabiyotshunoslik bilan bogʻliq bir necha jihatlari dunyo falsafa ilmi va filologiyasida oʻrganilgan. Oʻzbek tilidagi adabiyotlar ichida mazkur istiloh va taʼlimotga doir dastlabki maʼlumot keyingi davrda yaratilgan adabiy-tanqidiy tadqiqot, falsafa fani boʻyicha qoʻllanmalarda uchraydi. A. Erkinov toʻgʻri taʼkidlaganidek, germenevtika – talqin nazariyasi va taʼlimotini oʻzbek adabiyotiga keng tatbiq etish davri kelgan. Aslida, har bir adabiyotshunos olim oʻz tadqiqotida asar matni talqini bilan shugʻullanadi, qaysidir darajada germenevtika bilan munosabatga kirishadi. Biroq olimlarimiz talqin masalasida muayyan ishlarni amalga oshirgan boʻlsalar-da, bu falsafiy taʼlimot fanimiz uchun nisbatan yangilikdir. Germenevtika taʼlimot sifatida Yevropada shakllangan, biroq oʻzimizda matn talqinining oʻndan ortiq yoʻnalishlari, jumladan, tafsir, ilmi hoshiya, sharh bitish, miniatyura… kabi talqin bilan bevosita bogʻliq mustaqil sohalari avvaldan mavjud boʻlgan. Germenevtikani oʻzbek mumtoz adabiyotiga doir manbalarga tatbiq etish, uni zamonaviy oʻzbek adabiyotshunosligiga olib kirish lozim. “Alisher Navoiy “Xamsa”si talqini manbalari(XV–XX asr boshi)” tadqiqoti ana shu maqsadda yaratilgan. Monografiyaning kirish qismida muallif masalaning mohiyati haqida quyidagicha yozadi: “Navoiyshunoslik XX asrga kelib fan sifatida oʻzbek adabiyotshunosligining muhim tarkibiy qismiga aylandi. Biroq hanuz navoiyshunoslikning XV–XX asrlar oraligʻidagi tarixi, shu davrning Navoiy ijodiga yondashuv prinsiplari maxsus oʻrganilmagan. Toʻgʻri, sovet tuzumi davrida navoiyshunoslik ilmida muayyan ishlar qilindi. Lekin navoiyshunos olim A. Hayitmetov taʼkidlaganidek, “… aksariyat hollarda, Navoiy ijodi siyosiylashtirib talqin etib kelindi… Yaqin oʻtmishdagi tadqiqotlarda hukmron mafkura belgilab bergan metodologiya taʼsiri aniq sezilib turadi. Biroq oʻsha davr navoiyshunosligida qoʻlga kiritilgan yutuqlardan koʻz yummasligimiz darkor”. Navoiyshunoslik tarixini yaratish va Navoiy “Xamsa”sining bugungi talqiniga oid xususiyatlarni tadqiq qilishda Navoiy davridan hozirgacha boʻlgan manbalarni oʻrganish muhim vazifa sanaladi. A. Erkinov tadqiqoti ana shu muhim vazifani amalga oshirish niyatida yaratilgan. Muallif tadqiqot obʼyekti sifatida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Qoʻlyozmalar fondidagi Navoiy “Xamsa”sining 57 qoʻlyozma nusxasini oʻz ishiga jalb etib, atroflicha tadqiq qilgan. Kitobning birinchi bobi “Alisher Navoiy “Xamsa”si talqinining muammolari” deb nomlanib, toʻrt faslni oʻz ichiga oladi. “Badiiy matn talqini muammolari”, “Islom mintaqa adabiyotida talqin masalasi”, “Navoiy “Xamsa”si talqini muammo va manbalari”, “Masalaning qoʻyilishi” deb nomlangan fasllarda tadqiqotning nazariy asoslari, manbalari, metodologiyasi kabi masalalar batafsil yoritib berilgan. Muallif toʻgʻri taʼkidlaganidek, Navoiy “Xamsa”siga u yozilgan davrda va keyingi davrlarda yaxlit asar sifatida qaralgan. Salaflarimiz ushbu beshlikni oʻziga xos yoʻnalishda, bugungidan farqli tarzda talqin qilganlar. A. Erkinov talqin jarayonini ikki bosqich – XV asrdan to XX asr boshigacha, XX asr boshidan bugungacha boʻlgan bosqichlarga ajratadi. Avvalgi bosqich Chor Rossiyasining Turkistonni bosib olishidan oldingi davr boʻlib, unda asosan sharqona tafakkur ustun boʻlgan. Lekin 1920–1930 yillardan boshlab olimlarimiz tafakkurida Gʻarb taʼsiri kuchaygan. Monografiyada bu jarayon misollar yordamida yoritib berilgan.

“Navoiy “Xamsa”sida avtointerpretatsiya masalasi va manbalari” bobida Navoiyning xamsanavislik anʼanasiga munosabati va oʻz “Xamsa”sini yozish jarayonidagi adabiy-estetik qarashlari yoritilgan. Abdurahmon Jomiy bilan Alisher Navoiy oʻz “Xamsa”larini birin-ketin yozadilar. Lekin Jomiy xamsanavislik anʼanasi endi eskirdi, deb Xusrav va Shirin, Layli va Majnun mavzularini qalamga olmaydi. Asosiy eʼtiborni “Yusuf va Zulayxo” kabi falsafiy-didaktik dostonlarga qaratadi. Afsonagoʻylik qilib oʻtirishni oʻziga ep koʻrmaydi. Lekin Navoiy bu masalaga oʻzgacha yondashadi. Kitobda bu tafovut qiziqarli misollar bilan koʻrsatib berilgan.

“Navoiy “Xamsa”sining badiiy, ilmiy va tarixiy asarlardagi talqini manbalari” bobida Navoiy “Xamsa”si badiiy asarlar, jumladan, Abdurahmon Jomiyning “Xiradnomai Iskandariy”, Xojaning “Maqsad ul-atvor”, Nishotiyning “Husn va Dil” dostonlarida qanday talqin etilgani oʻrganib chiqilgan. Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, Som Mirzoning “Tuhfai Somiy”, Faxriy Hirotiyning “Latoyifnoma” tazkiralaridagi mavzuga oid maʼlumotlarga ham munosabat bildirilgan. Navoiy zamondoshlarining memuar asarlari, masalan, Husayn Boyqaroning “Risolai Husayniy”, Abulvoseʼ Nizomiyning “Maqomoti Mavlaviy Jomiy”, Xondamirning “Makorim ul-axloq”idagi talqinlar, keyingi asrlarda yozilgan Abdulmoʻminxonning “Tom ut-tavorix”, Mir Said Sharif Roqimning “Tarixi Roqimiy” kabi asarlaridagi fikrlar, qaydlarga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Kitobning “Navoiy “Xamsa”sining qoʻlyozmalardagi talqini manbalari” deb nomlangan toʻrtinchi bobi alohida eʼtiborga loyiq. Mazkur bobda “Xamsa” asrlar davomida qoʻlyozmadan qoʻlyozmaga koʻchirilganda undagi dostonlar nomi oʻzgarishga uchragani, bunda Nizomiy “Xamsa”sidagi dostonlar nomi baʼzan Navoiy dostonlariga berilgani va boshqa nomlar bilan talqin etilgani koʻrsatib oʻtilgan. Ushbu jihat, muallif taʼkidlaganidek, oʻtmishda badiiy asarlarning nomlanishida, bugungidan farqli oʻlaroq, qatʼiyat boʻlmaganini koʻrsatish bilan birga dostonlarga boʻlgan munosabat – talqinni ham anglatadi. Qoʻlyozmadan nusxa koʻchirish jarayonida asarning talqin etilishiga undagi tarkibning oʻzgartirilishi, dostonlardan oʻziga kerakli qismlarni koʻchirib olish ham misol boʻla oladi. Ushbu bobda badiiy asar uchun tuzilgan lugʻatlarning asarni talqin etishdagi oʻrni alohida tadqiq qilingan.

Soʻnggi beshinchi bob “Navoiy “Xamsa”sining badiiy talqini manbalari” deb ataladi. Unda badiiy kirish va xotimalar, “Xamsa” dostonlarining xalq kitoblaridagi talqini (nasriy bayonlar), “Xamsa”ga ishlangan miniatyuralar, tarjimalardagi talqin masalalari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Umuman olganda, A. Erkinovning “Alisher Navoiy “Xamsa”si talqini manbalari (XV–XX asr boshi)” nomli monografiyasi keyingi yillarda yaratilgan navoiyshunoslikka oid yirik tadqiqotlardan biridir. Toʻgʻri, tadqiqotning ayrim oʻrinlarida takroriy fikrlar ham uchrab turadi. Lekin bunday juzʼiy nuqsonlar ilmiy asar qimmatini pasaytira olmaydi. Oʻylaymizki, bundan keyin shunday yangi yoʻnalishda tadqiqotlar yaratilishida bu kitob muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Abdulatif Turdialiyev,

filologiya fanlari nomzodi. Qoʻqon

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.