Xalqona tafakkur tarovati

0
196
marta koʻrilgan.

Hozirgi oʻzbek sheʼriyatining keyingi yigirma besh yildagi muhim xususiyatlaridan biri – falsafiy mushohadakorlikning kuchayishi, inson va hayot munosabatlari yangicha kashfining kengayishi boʻldi. Badiiy tafakkur takomilidagi bu sifatiy evrilishga munosib hissa qoʻshgan shoirlardan biri Matnazar Abdulhakimdir (1948–2010). Shoir, tarjimon va publitsist ijodkor merosi badiiy va ilmiy tafakkurning oʻziga xos namunalariga aylandi. Poetik va ilmiy-publitsistik ijodning bu qirralari bir-birini toʻldirdi, boyitdi: Tarjimonlik – “qayta yaratish sanʼati” shoirlik sir-asrorlarini chuqurroq bilishga, tadqiqotchilik – nazariy qarashlarni mustahkamlashga koʻmaklashdi. Binobarin, ajoyib ijodkor (Ozod Sharafiddinov), isteʼdodli shoir (Abdulla Oripov), tiniq tuygʻular kuychisi (Oʻtkir Rahmat) sifatida eʼtirof etilgan Matnazar Abdulhakim ijodiy merosining asosini sheʼriyat tashkil etadi. Aruz va barmoq vaznlarida, turfa mavzu va janrlarda yozilgan asarlarda shoirning teran nigohi, ohorli ifoda tarzi bor. Bu nigoh markazida zamon va shaxs muammosi, ezgu fikr va oʻzlik talqini turadi. Zero, shoirning falsafiy-intellektual qarashlari milliy sheʼriyatimiz ijtimoiy-estetik mazmunini boyitishga, umumbashariy mohiyatining chuqurlashishiga xizmat qilmoqda. Bu tasodifiy emas. Shoir badiiy idrok, narsa va hodisalar bagʻridagi yashirin qatlamlaridan yangi maʼno topish isteʼdodi tufayli anʼanaviy mavzulardagi sheʼrlarida ham yangicha talqin, topilma fikr, kutilmagan poetik vositalar uchraydi. Bular: gʻazal, toʻrtlik, turkum va dostonlarida janr talabiga koʻra turli daraja va miqyoslarda boʻlib, umumiy mazmun ifodasiga xizmat qiladi. Falsafiy fikrlashga, har bir asarni ibratli maʼno, obrazli tasvir bilan ziynatlashga intilish Matnazar Abdulhakimga xos asosiy jihatdir. Bu hol uning barcha asarlarida, xususan, “Oydinlik”, “Javzo tashrifi”, “Koʻprik” nomli toʻplamlarida yanada qamrovli va rang-barangdir. Shoir tarjimonligi bois Forobiy, Pahlavon Mahmud, Bedil, Kubro kabi buyuk mutafakkirlar donishmandligidan bahramand boʻlish bilan birga, XX asr milliy adabiyotimiz va ustozlar tajribasidan ham fayz, ilhom oldi. Jumladan, Maqsud Shayxzodaning umr mazmuni, Asqad Muxtorning ijod qadri, Erkin Vohidovning shaxs maʼnaviyati haqidagi falsafiy qarashlariga hamohang boʻldi. Odam va Olam toʻgʻrisidagi betakror fikrlari bilan badiiy ijod va falsafiy tafakkur sinteziga sezilarli taʼsir koʻrsatdi.

Shoir sheʼriyatida zamon va umr mohiyati muammolaridan bahs etish salmoqli oʻrin tutadi. Bu jihatdan muallif voqelik va shaxs munosabatini butun murakkabliklari, musbat va manfiy jihatlarini yaxlitlikda koʻradi, obrazli ifoda va ramziy tasvir orqali muayyan xulosalar chiqarishga erishadi. Bu jarayonda shoirning badiiy niyati, tafakkur qamrovi, estetik baholash darajasi oydinlashadi. Shoir tasavvurida: “dunyo – odamlarni tinmasdan elovchi elak”:

 

U tinimsiz chayqalib turar,

Chayqalishi azob – zulmdir.

Bu elakning ustida hayot,

Bu elakning osti oʻlimdir.

 

Toʻrtlikdagi har bir soʻz va tushuncha falsafiy-majoziy maʼnoni mujassamlashtirishga qaratilgan. Elak bu – harakatdagi olam, hayot sinovi ramzi. Uning chayqalishi esa odamlarni yaxshi-yomonga ajratuvchi jarayon. Elakda olam tuzilishining ikki qirrasi – yer usti (tiriklik) va yer osti (oʻlim) nazarda tutilgan boʻlib, keyingi baytda taʼkidlanganidek, elanish chogʻida “qor kabi unlar” elak ustida, “kepaklar” esa ostida qoladi. Bu oʻrinda “un” va “kepak” timsollarida olijanob va salbiy shaxslarning turli taqdirlari talqini orqali shoir koʻzlagan ijtimoiy-estetik niyat – ezgulik gʻoyasi ishonarli va taʼsirchan ifodalangan.

Matnazar Abdulhakim soʻzni uygʻotgan, uning sehrli olamiga dadil kira olgan, sheʼrga aylangan soʻzning “ilohiy neʼmat” (Ogahiy) ekanini toʻla anglagan shoir. Zero, u oʻzini “soʻz qoshida hayronu lol” his qilar ekan, “soʻzsiz hayotni roʻyo, sarob, ozor”, deb biladi va:

 

Bizlar soʻzni sotib qoʻymasak basdir,

Soʻz bizni sotmaydi hech qachon

 

– deya ijodkorning soʻz qoʻllashdagi masʼuliyatini, badiiy kalomning beqiyos ahamiyatini alohida taʼkidlaydi. Bu oʻrinda “soʻz” tushunchasi poetiklashib, sadoqatli shaxs obraziga aylangan, chunki sotqinlik, xiyonat qilmaslik insonga xos xislatlardir.

Matnazar Abdulhakim ijodida poetik fikr va tiniq tuygʻu uygʻunligining ustuvorligi soʻzga shunday teran munosabat, cheksiz mehr bilan izohlanadi. Bu hol ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-maʼnaviy, ishqiy yoʻnalishdagi barcha sheʼrlarida maʼno salmogʻini oshirishga, emotsionallikni kuchaytirishga imkon beradi. Bu jarayonda original fikr taʼsirchan badiiy-tasviriy vositalar bilan omuxtalikda oʻziga xoslik kasb etadi, oʻquvchi ongi va hissiyotiga iliqlik bagʻishlaydi. Zero, shoir sheʼriyatida anʼanaviy ibora va mavzularning yangicha talqini shundan dalolatdir. Jumladan, “ruh”, “osmon”, “umr”, “ishq”, “tuproq”, “yurak”, “baxt”, “haqiqat”, “nur”, “zulm” kabi soʻzlarning ijtimoiy-estetik vazifasi kengaygan sari ular majoziy mazmun kasb etib, badiiy obrazga aylana boradi. “Hayotning soʻngsiz, betimsol yoʻlida ming oʻlib, ming tirilib chopgan” shoir fikricha, hayot falsafasi mohiyati jamiyatdagi abadiy qarama-qarshi qutblar, kishilar ruhiyati va munosabatlaridagi zid xislatlar birligidan iborat.

Muallif bu fikrni shunchaki qayd etmay, majoziy obraz va tasvirda ifodalaydi:

 

Judolasha olmaydi ular,

Boʻlisha olmas lekin hamnafas.

Biri uchun biri tuzoqdir,

Biri uchun bittasi qafas.

 

Birinchi baytda ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi murosasozlikka ishora qilinsa, keyingi baytda ular kurashidagi vositalar “tuzoq” va “qafas” majoziy soʻzlari orqali badiiylashadi. Sheʼrda yaxshilik va yomonlik inson ruhiyatining juft pallasiga qiyoslanar ekan, ulardan “Biri koʻtarilgan vaqtda, Asta tushib ketadi biri” misralaridagi muvozanatsizlik holati real voqelikdagi turli-tuman jarayonlar, inson xarakteridagi turfa qirralar xususidagi umumlashma fikrdir.

Matnazar Abdulhakim ijodida inson talqini nihoyatda keng va zalvorlidir. U insonni havoyi ideal emas, murakkab xarakterli, kuchli va ojiz xilqat sifatida tasvirlaydi: yuksakligini eʼzozlaydi, tubanligini qoralaydi, lekin undan voz kechmaydi, balki poklik va xolislikni shaxs kamolotining asosiy mezonlaridan deb biladi va tasvirda shunga alohida urgʻu beradi. Bunda shoir lirik “men” kechinmalaridan foydalanib, mavjud qarashlarga yangi fikrlar qoʻsha oladi. Quyidagi toʻrtlik shundaylardan biri:

 

Mislsiz ayb etdim qoshingda,

Buzib qoʻyib yurak ahdini.

Muyassar qil endi boshimga,

Qattiq jazo tortmoq baxtini.

 

Odatda, ahdiga vafo qilmagan shaxs bahonalar topib oʻzini oqlashga yoki kechirim soʻrashga intiladi. Shoir lirik qahramoni esa kutilmagan yoʻl tutadi, uzrxohlik oʻrniga oʻziga munosib jazo soʻraydi. Chunki u ahdini buzishni “ogʻir gunoh”, uni afv etishni esa “ayovsiz zulm” deb biladi. Aybdor uchun kechirishdan koʻra zulmdan ham qattiq jazoning baxt ekani muallifning badiiy topilmasidir. Keyingi toʻrtlikda qahramon iqrorining mohiyati, ruhiy kayfiyati yanada oydinlashadi, ijtimoiy maʼno boʻrtib turadi: “tiz choʻkishga gʻururi yoʻl qoʻymagan, kuchi yetmagan” shaxs qalbida oʻz-oʻzini anglash, adolat va insoniylik tuygʻusi qatʼiy hukm ohangida jaranglaydi:

 

Kechirilmoq kabi dahshatli

Jazo yoʻqdir endi men uchun.

 

Matnazar Abdulhakim narsa va hodisalar zamiridagi pinhona, boshqalar ilgʻamagan jihatlarni teran his qilib, badiiy sayqallagan holda, mohirona kashf etgan sanʼatkor shoir edi. Uning betakror isteʼdodi xalqona tafakkur yogʻdusidan ragʻbat va tarovat olish bilan birga, uni individual aforizmlar, purhikmat fikrlar bilan boyitdi, badiiy ifodalarga falsafiy mushohadalarni singdira oldi. Shoir ayrim asarlarida xalq maqollaridagi donishmandlikka monand fikr aytishga, baʼzi soʻzlarni qisman oʻzgartgan holda mohiyatni saqlashga erishadi. Uning:

 

Bu odamni hayvon deb soʻkmang,

Hayvonlarni qilmang haqorat, –

 

bayti beixtiyor “odam bordir odamlarning naqshidir, odam bordir hayvon undan yaxshidir” aforizmini yodga soladi. Koʻrinadiki, har ikkala badiiy matnda ham “odam va hayvon” soʻzlari tayanch tushunchalar boʻlib, ulardagi ifoda shakli farqlansa-da, mazmun umuminsoniylik gʻoyasidir. Aqliy va hissiy idrokning sinkretik hosilasi boʻlgan xalqona qarashlar shoirning shaxsiy kuzatishlari va hayot saboqlaridan tugʻilgan umumlashgan ibratli xulosalaridir. Ularda Vatan, inson qadri, qanoat, axloqiy poklik, saxovat, ezgulik, sadoqat kabi olijanob fazilatlar ulugʻlanadi: “Suyanib yashaymiz hassaga emas, Oʻzimiz qutqarib qolgan Vatanga”, “Asrlar dastidan nuramas togʻlar, Togʻlar loqaydlikdan yemiriladi”, “Teng yeganni teng koʻrar Xudo”, “Kunduz tunning hushyorligidir, Gʻaflatidir kunduzning oqshom”, “Dushman boʻlmas donoga dono, Dushman boʻlar ahmoqqa ahmoq”, “Bilki, baxting nozik bir mehmon, Qiyin kelib, oson ketadi”, “Boʻy egmakni majnuntoldan, boʻy choʻzmoqni terakdan oʻrgan”, “Gulning hidi jinni qilsa, tikani aqlingni kiritadi”, “Yolgʻon gap – choʻntakda tillo, haqiqat – yurakda qoʻrgʻoshin” va boshqalar.

Umuman, Matnazar Abdulhakim ijodiy merosidagi farahbaxsh va donishmandlikka oshufta satrlar tobora yangilanib, falsafiy tafakkur bilan toʻyinib borayotgan sheʼriyatimizning nurli sahifalaridan biri sifatida eʼtirofga molikdir.

 

Hamdam ABDULLAYEV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.