Xalq o‘lanlarida poetik takror

0
50
marta ko‘rilgan.

Annotatsiya: Maqola o‘zbek xalq lirikasida keng qo‘llanilgan badiiy vositalardan biri – anadiplosisning poetik takror tiplaridan biri sifatidagi o‘ziga xos xususiyatlarini yoritishga bag‘ishlangan. Unda o‘lan janriga mansub folklor asarlari tahlili asosida birinchi misra oxiridagi leksik birlik yoki so‘z birikmasining keyingi misra boshida takrorlanishi hodisasi anadiplosisning badiiy kontekstdagi ko‘rinishlari va semantik funksiyalari tahlil qilingan.

Annotatsiya: V statye issleduyetsya shiroko ispolzuyemoye v uzbekskoy narodnoy poezii xudojestvennoye sredstvo anadiplosis v kachestve odnogo iz tipov poeticheskogo povtora i otmechayetsya yego svoyeobraziye. Rassmatrivayutsya vidi’ anadiplosisa na osnove analiza folklorni’x proizvedeniy pesennogo janra “ulan” v kontekste povtora leksicheskix yedinstv ili slovosochetaniy v konse pervoy i nachale sleduyush’ey strofi’, a takje semanticheskiye funksii dannogo yavleniya.

Annotation: The article is devoted to give information about peculiar facilities as one of type of poetry repetition of anadiplosis which is one of literal means used in Uzbek national lyric poetry. In this article semantic functions and forms in literary context of anadiplosis which is the mean of repetition of lexical unit or word combination which is in the end of the first couplet at the beginning of the next couplet on the basis of folklore works related to the genre Olan (type of song usually sings wedding) are analyzed.

Tayanch so‘zlar: anadiplosis, poetik takror, badiiy kontekst, o‘zbek folklori, o‘lan janri, anafora, epifora, badihago‘ylik, misra, poetik fonetika.

 

Ma’lumki, o‘zbek xalq lirikasiga mansub verbal komponentlarning shakllanishida so‘zlarning muayyan semantik maydon doirasidagi o‘rni, joylashuvi, takroriylik darajasi va o‘zaro mazmuniy munosabatga kirishuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, badiiy matnning muhim elementlaridan biri hisoblangan takror poetik kontekstning shakllanishini ta’minlab, “voqelikdan olingan hissiy taassurotning emotsional ta’sir kuchini oshirish”ga[1] xizmat qilishi bilan xarakterlanadi. Shuning uchun ham keyingi yillarda badiiy matnda, xususan, folklor asarlari kontekstidagi takrorlarning poetik stilistika komponentlaridan biri sifatidagi xossalarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Ayniqsa, xalq lirikasiga mansub asarlarning ommalashishida professionallik darajasiga ko‘tarilgan o‘lanchi, laparchi, go‘yanda va boshqa marosim qo‘shiqlarini aytuvchi folklor ijrochilarining individual poetik mahorati va o‘ziga xos uslubini aniqlashda takror poetikasini o‘rganish muhim xulosalar beradi. Binobarin, “individual uslub – nutqiy ifoda elementlarining turli xil shakllarini qo‘llashga ijodiy yondashuvning o‘ziga xos estetik tizimi”[2] hisoblanadi.

O‘zbek folklorining qadimiy janrlaridan biri hisoblangan o‘lan matnida badiiy strukturasidagi kompozitsion funksiyasiga ko‘ra poetik takrorlar quyidagi turlarga ajratiladi: a) anafora; b) epifora (katafora); v) simploka; g) anadiplosis; d) misra va qism takrori.

Poetik takrorning o‘ziga xos ko‘rinishi “anadiplosis” atamasi yunoncha “anadiplosis” – “qo‘shaloqlashtirish” so‘zidan olingan bo‘lib, misra oxiridagi so‘z yoki so‘zlar guruhining keyingi misra boshida takrorlanib kelishiga nisbatan qo‘llaniladi. Asosan, folklor asarlarining matniga xos bo‘lgan anadiplosis poetik vositasi badiiy kontekstdagi sintaktik birliklar va boshqa uslubiy vositalar bilan birlashib, matnning jozibadorligi, ta’sirchanligi va ohangdorligini oshirishga xizmat qiladi. M. Afzalov Namangan viloyatining Chortoq tumanida yashovchi 1922 yilda tug‘ilgan Rahmonali Haydarovdan 1950 yil 7 iyunda yozib olgan quyidagi o‘lanning birinchi misrasidagi “o‘ydim-o‘ydim” takror so‘zining ikkinchi misra boshida aynan qaytarilishi tasvirlanayotgan yaylov manzarasining emotsional ta’sir kuchini oshirgan:

Betakaylik keng yaylov o‘ydimo‘ydim,

O‘ydimo‘ydim yerlarga qadam qo‘ydim.

Cen ecimga tushganda, o‘lanchilar,

Ichib turgan choyimni yerga qo‘ydim.[3]

Ohangaron vodiysi o‘lanchiligida, ba’zan esa ayni hududda qadimdan shakllangan o‘lanchilik an’anasi ta’sirida Namangan viloyatining bu yerga yaqin joylaridagi o‘lanchilar repertuaridagi asarlar matnida birinchi misraning bir yoki ikki so‘zdan iborat bo‘lishi hodisasi kuzatiladi. Bunda odatda o‘n bir hijolik xalq she’ri shaklidagi ikkinchi misra birinchi misrani tashkil etgan so‘z yoki so‘z birikmasiga ohangdosh so‘z bilan boshlanishi an’anaga aylangan. To‘plangan materiallar tahlili shuni ko‘satadiki, o‘lanning bu shakldagi tuzilishga ega bo‘lgan matnlarida ham anadiplosis hodisasi uchrar ekan.

Anadiplosisning o‘ziga xosligi shundaki, unga ko‘ra bu badiiy vosita qo‘llanilgan matnlarda faqat bitta so‘z emas, balki yaxlit so‘z birikmasining takroran ishlatilishi holati ham mavjudligi qayd etilgan. Quyidagi o‘lanning birinchi misrasi oxiridagi “bir tup lola” birikmasi ikkinchi misra boshida qaytarilishi band avvalidagi poetik mazmunning to‘laqonli va mukammal chiqishini ta’minlagan bo‘lsa, ikkinchi misra so‘nggidagi “o‘rdak bola” birikmasining uchinchi misra avvalida takrorlanishi esa, o‘z navbatida, zanjirli anadiplosisni keltirib chiqargan:

Qoraqova qobog‘inda bir tup lola,

Bir tup lola taglarida o‘rdak bola.

O‘rdak bola cuvcabdi, tarvuz kerak,

Biz bilan aytishmoqqa boldiz kerak.

O‘zbek xalq o‘lanlari matnidagi shakllari aynan bir poetik kontekst semantik maydonida bir necha xil takror tiplarining yonma-yon qo‘llanilishi holati ham kuzatiladi. Masalan, quyidagi o‘lanning birinchi misrasida “o‘ramoling” so‘zining misra boshi va oxirida qo‘llanilishi, shuningdek, “o‘ng” va “o‘n” so‘zlarining uchinchi misra boshi va oxirida kelishi anaforik takrorning yorqin namunasi bo‘lsa, bu so‘zning dastlabki misra oxiri va ikkinchi qator boshida takroran ishlatilishi anadiplosisni yuzaga keltirgan:

O‘ramoling deganda, o‘ramoling,

O‘ramoling to‘ylarda o‘ramading.

O‘ng qo‘limni o‘roq kecdi, o‘n oy yotdim,

Arz-ahvoling qalay deb co‘ramading.

Qayd qilish joizki, ushbu o‘lan matnida “o‘” unlisi bilan boshlanadigan “o‘ramoling”, “o‘ramading”, “o‘ng”, “o‘n”, “o‘roq” so‘zlarining qo‘llanilishi natijasida poetik fonetikaning muhim unsurlaridan biri – alleteratsiya san’ati ham yuzaga kelib, misralararo ohangdorlik va musiqiy ritmning jozibali chiqishini ta’minlagan.

Anadiplosis hodisasining o‘zbek xalq o‘lanlari badiiy kontekstidagi ko‘rinishlari va semantik funksiyalariga doir izlanishlar shuni ko‘rsatdiki, poetik takrorning bu ko‘rinishi “Olti qizning ichida oting…” an’anaviy stilistik formulasi bilan boshlanuvchi o‘lan bandlarida ko‘proq uchrar ekan. Chunki mazkur poetik formula asosiga qurilgan o‘lanlarning birinchi misrasi qiz ismini ifodalovchi antroponimning qofiya o‘rnida keltirilishi bilan yakunlansa, mazkur ismning ikkinchi misra boshida takrorlanishi natijasida o‘lanchilar bu qiz ta’rif-tavsifi, u bilan bog‘liq orzu-niyatlari va uning ijrochilik mahorati bilan bog‘liq poetik mazmunni ifodalaydilar:

Olti qizning ichida oting Macton,

Macton decam, yuragim larzon urgan.

Chini bilan chaqircang, men borayin,

Yolg‘on bilan chaqircang, Jabbor urcin.

 

Olti qizning ichida oting Ziyrak,

Cen Ziyrakni olayin molim berib.

Cen Ziyrakni olganda molim berib,

O‘ng to‘shingda yotayin moyday erib.

Demak, anadiplosis badiiy vositasining o‘zbek xalq lirikasida keng qo‘llanilishi natijasida she’riy matnning ilk misrasidagi so‘z yoki so‘z birikmasining keyingi misra boshida takrorlanishi natijasida poetik ritm yuzaga keladi. Natijada, o‘ziga xos kompozitsion prinsipga asoslangan poetik konstruksiya hosil bo‘lib, takrorlanuvchi lug‘aviy birlik yoki sintaktik qurilma badihago‘ylik asnosida shakllanadigan matnning semantik yadrosi vazifasini bajaradi. An’anaga ko‘ra, folklor asarlariga xos she’r tipining o‘ziga xos indeksi vazifasini o‘taydigan bu xil takror tipi badihago‘ylikka asoslangan o‘lan janrining bevosita jonli ijrosi jarayonida yangi matnlarning shakllanishiga asos bo‘ladigan muhim badiiy vositalar sirasiga kiradi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Jirmunskiy V. M. Teoriya literaturi’. Poetika. Stilistika. – L.: Nauka, 1977. – S. 199.
  2. Vinogradov V. V. O yazi’ke xudojestvennoy literaturi’. – M.: GIXL, 1982. – S. 35.
  3. 3. Ro‘zimboyev S., Ro‘zmetov H. Folklor atamalari qisqacha lug‘ati. – Urganch, 2007. – B. 5.
  4. 4. O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti Folklor arxivi. Inv.№1101.
  5. 5. O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti Folklor arxivi. Inv.№1698/10. D. 1.

 

Shahodatbonu IMOMNAZAROVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1] Jirmunskiy V.M. Teoriya  literaturi’. Poetika. Stilistika. – L.: Nauka, 1977. – S.199.

[2] Vinogradov V.V. O yazi’ke xudojestvennoy literaturi’. – M.: GIXL, 1982. – S.35.

[3] O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti Folklor arxivi. Inv.№1101.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.