Voqelikka kinoyaviy munosabat

0
636
marta koʻrilgan.

Yozuvchi Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor” romani haqidagi adabiy bahslarni koʻzdan kechirib, aytish mumkinki, munaqqid va kitobxonlar uchun muallif nuqtai nazarini aniqlash eng muhim masalaga aylangan. Zotan, badiiy asarning konseptual yaxlitligini taʼminlashda muallif obrazining ifodasi muhim rol oʻynaydi. Adabiyotshunos olim Mixail Baxtin badiiy asardagi birlamchi va ikkilamchi muallifni ajratib koʻrsatadi. Shunga koʻra, “Lolazor”dagi roman ijokori – oʻz soʻzi bilan ishtirok etmaydigan birlamchi muallif va oʻz soʻzi bilan qatnashayotgan muallif tafakkuri, dunyoqarashiga xos xususiyatlar ifodachisi oʻlaroq namoyon boʻladigan ikkilamchi muallif obrazini farqlaymiz. Bu oʻrinda ikkilamchi muallif obrazi haqida fikr yuritamiz.

Ikkilamchi muallif obrazini ifoda etishda adibning “Galatepaga qaytish”, “Isteʼfo” qissalari bilan “Lolazor” romanida jiddiy farq koʻzga tashlanadi. “Galatepaga qaytish”dagi Gʻaybarov koʻp jihatdan ikkilamchi muallif obrazi vazifalarini “oʻzlashtirgan”. Muallif oʻz dunyoqarashi, ijtimoiy-axloqiy qarashlari va hayotiy pozitsiyasini koʻp jihatdan Toshpoʻlat Gʻaybarov orqali aks ettiradi. Ayni paytda Gʻaybarov bilan biografik muallif orasiga tenglik alomati qoʻyib boʻlmaydi. “Isteʼfo” qissasiga ham Toshpoʻlat Gʻaybarov muallifning ijtimoiy-maʼnaviy qarashlariga muvofiq qahramon sifatida kiritilgan. “Isteʼfo”da Gʻaybarov ikkinchi darajali personaj holida koʻrinadi, bu esa ikkilamchi muallif obrazini aks ettiruvchi obraz ishtiroki qisqargan demakdir. Toshpoʻlat Gʻaybarovni biz “Lolazor” romanida ham uchratamiz, biroq uning ishtiroki hatto epizodik obraznikidan ham kichikroq, Saidqul Mardon uni bor-yoʻgʻi bir marta eslab oʻtadi, xolos. “Galatepaga qaytish”, “Isteʼfo” va “Lolazor” asarlarini oʻzaro qiyoslasak, qiziq bir teskarilik kuzatiladi: asardan asarga muallifning voqelikka kinoyaviy munosabati kuchayib boradi, ayni paytda muallif ongi, tafakkurini, ijtimoiy-maʼnaviy pozitsiyasini aks ettiradigan qahramon ishtiroki tobora kamayib boradi. Suqrotga xos kinoyaviy pozitsiyani esga oladigan boʻlsak, muallif ayni donishmand kabi savol qoʻyganu endi faqat boshqalarning javobini tinglayotgandek. Murod Muhammad Doʻst asardan asarga oʻtgan sari oʻzining soʻziga, “ovoz”iga ega ikkilamchi muallif ishtirokini qisqartirish evaziga oʻzini chetga oladiki, natijada yozuvchining voqelikka kinoyaviy munosabatini ifoda etishning kompozitsion usullari salmogʻi orta boradi. Romandagi dialogizm ana shunday usul sifatida koʻrinadi.

Kino sanʼatida “kameo” degan tushuncha bor. Film rejissyori, mashhur shaxslar yoki taniqli aktyorlarning filmda epizodik, oʻta kichik bir rolni ijro etishi kameo deyiladi. Muhammad Doʻst “Isteʼfo” va “Lolazor” asarlarida mohiyatan kameoga oʻxshash usulni qoʻllaydi. “Isteʼfo” qissasida Murod degan kichkinagina obraz bor[1]. “Lolazor”da bu usul nisbatan kengroq qoʻllangan. Romanda biografik muallifning hayotiy qarashlari, ijtimoiy-maʼnaviy nuqtai nazariga yaqin turadigan uchta obraz bor, bular – Toshpoʻlat Gʻaybarov, Koʻklamov va muharrir yigit Sayfiddin. Bu safga yana qisman “Mahmadana”ni ham kiritish mumkin. Ushbu obrazlar ikkilamchi muallif obrazini toʻlaligicha aks ettirolmaydi, lekin Yaxshiboyev va Saidqul Mardon mikrodialogi, yaʼni qahramon ongidagi dialogda muallif ishtirokining hayotiy asoslarini koʻrsatish, asoslash vazifasini bajaradi.

Nazar Yaxshiboyev va Saidqul Mardon obrazini yaratar ekan, Murod Muhammad Doʻst nafaqat bu ikki ijtimoiy tipning hayotiy ildizlariga tayanadi, balki shu ikki toifa kishilar bilan oʻzining shaxsiy muomala-muloqotlari, ehtimolki, oʻz ongida ular bilan sodir boʻlgan bahslarga ham tayanadi. Tasavvur qilish mumkinki, muallif oʻzidan katta avlodning ikki xil tipiga mansub kishilar bilan muloqot davomida bir holatga – Mixail Baxtin “oʻgirilib qarash”[2] deb atagan hodisaga koʻp marta duch kelgan. Ularning hayotiy pozitsiyasi, kechirgan umri, ijtimoiy-maʼnaviy tanlovi haqida suhbatdosh, deylik, keyingi avlod vakili qanday fikrda boʻlishi, qanday hukm-xulosaga kelishi ularni nihoyatda qiziqtirgan. Buni hayotda koʻp bor kuzatgan Muhammad Doʻst “Lolazor”da Yaxshiboyev va Saidqul Mardon “oʻzga”ning (ayniqsa, muallif mansub avlod vakillarining) fikriga, “bu odam men haqimda nima deb oʻylayapti?”, degan hadikda “oʻgirilib qarash”lariga juda keng oʻrin bergan.

“Lolazor” romanidagi “Bemor” va “Qissanavis” boblarida aks etgan dialog muallif ongida har ikki tip bilan roʻy bergan dialogning boshqa qutbdan (Yaxshiboyev, Saidqul Mardon tomonidan) berilgan talqinidir. Boshqacha aytganda, romanda nafaqat qahramonlar, balki muallif bilan qahramonlar oʻrtasidagi dialog ham aks etgan. Muallif va Yaxshiboyev, muallif va Saidqul Mardon dialogining romandagi ifodasi koʻp jihatdan “Yaxshiboyev – Saidqul Mardon“dialogiga bogʻliq boʻlib, avval shu haqda fikr yuritamiz[3].

“Yaxshiboyev – Saidqul Mardon” dialogi kompozitsion sathda – “Bemor” va “Qissanavis” boblarining oʻzaro dialogi shaklida berilgan, biroq qahramonlar ongidagi dialog – mikrodialog shaklida berilmagan, yaʼni roman badiiy vaqti davomida Saidqul Mardon oʻz ongida Yaxshiboyev bilan, Yaxshiboyev esa Saidqul Mardon bilan dialogga kirishmaydi. “Roman badiiy vaqti davomida” deb taʼkidlashimizning sababi shundaki, Yaxshiboyev ongida qachonlardir Saidqul Mardon bilan dialog yuz bergan. Bu dialog izlarini biz uning Saidqul Mardonnikiga ilk bor kelgan paytidagi suhbat davomida his qilamiz: “Keyin aytmoqchimanki, siz meni ancha joʻn tushunarkansiz. Tushunchangiz joʻn emas, yoʻq, siz xiyla zukko odamsiz, lekin mening oʻzimni joʻn deb oʻylaganingiz yomon”. Bu paytda Yaxshiboyev ongida Saidqul Mardon bilan dialog roʻy berayotgandiki[4], uning Saidqul Mardonnikiga kelishi ham ana shu ichki bahslarning natijasi edi. Yaxshiboyev Saidqul Mardonga – halolligi va yoʻriqqa tushmagani uchun havas qiladigan odamiga oʻzini tushuntirishni xohlaydi.

Munaqqid va tadqiqotchilar eʼtiboridan chetda qolib kelayotgan bir tasvir bor, bu Yaxshiboyevning Saidqul Mardon haqida yozgan qissasidir. Biz qissaning mazmunidan bexabarmiz, lekin butun roman matniga tayangan holda ushbu qissaga qahramonlarni tushunishdagi ahamiyatidan kelib chiqib, baho berishimiz mumkin. Saidqul Mardon Yaxshiboyev kechmishini yozish davomida oʻziga Yaxshiboyev koʻzi bilan qarashga, u va oʻzi haqidagi qarashlarini oʻzgartirishga majbur boʻladi. Yaxshiboyev ham qissani yozar ekan, tasavvuridagi Saidqul Mardon voqelikdagi Saidqul Mardondan farq qilishi maʼlum boʻlib qoladi. Natijada, Saidqul Mardon Yaxshiboyevni dialog subʼyekti sifatida qiziqtirmay qoʻyadi, shuning uchun ham u qissani oxiriga yetkazolmaydi. Shunga koʻra, “Bemor” boblari zamon va makonida Saidqul Mardon Yaxshiboyev uchun dialog subʼyekti emas, kinoya obʼyekti darajasiga tushib qoladiki, Yaxshiboyev uni bor-yoʻgʻi uch marta, shundayam kinoya bilan eslaydi, xolos. Sababi Yaxshiboyev ongidagi “Yaxshiboyev – Saidqul Mardon” dialogi qahramon uchun allaqachon qimmatini yoʻqotib boʻlgan.

Saidqul Mardon esa oʻz ongida Yaxshiboyev bilan dialogga kirishishdan ongli-ongsiz ravishda oʻzini olib qochadi. “Qissanavis” boblarida Saidqul Mardon Yaxshiboyevni dialogning predmeti darajasida qoldirishga, matnni u bilan bahs shaklida emas, u haqdagi xotiralar shaklida qurishga intiladi. Biroq Yaxshiboyev shaxsi haqida yaqindan bilgan sari, uning hayotini yashab koʻrgan sari Yaxshiboyev u uchun predmet darajasidan chiqib, bahsga kirishadigan subʼyekt (“oʻzga”) darajasiga chiqib boraveradi. Bu hol Saidqul Mardonni boshqa bir “oʻzga” tomon oʻgirilishga, muallif mansub avlod nigohida oʻz hayotiy pozitsiyasining maqbulligini tasdiqlab olish istagiga sabab boʻladi. Buning yorqin misoli sifatida Saidqul Mardonning muharrir yigit Sayfiddin bilan suhbatini eslash kifoya: “Yoshimga yarashmasa ham, yugurib borib bilagidan tutdim… Ukamiz ovozimdagi yalinchoqlikni sezdimi, birdan xijolat chekdi”. Sayfiddin Saidqul Mardonni u kutganidek qabul qilmaydi, uning qarashlarini Yaxshiboyevnikidan afzalroq deb bilmaydi. Sayfiddin va doʻstlari Saidqul Mardon kutayotganidan xabari boʻlgan holda unikiga kelmasliklarida shunday maʼno bor, Saidqul Mardon ularni shaxs sifatida qiziqtirmaydi. Buni Saidqul Mardonning oʻzi ham his qiladi, his qilgani barobarida ular nazarida oʻzining darajasini tasdiqlab olish ehtiyoji ham kuchayib boraveradi.

Yaxshiboyev obrazida ham keyingi avlod fikriga “oʻgirilib qarash”larga koʻp bor duch kelamiz. Uning Koʻklamovga munosabatida oshkora havas bor: “Sodda edik, Xudo haqqi sodda edik, bamisoli manavi koʻklam nafasini ufurib turgan begunoh yigitchaday!..”. Yana Yaxshiboyevning muallif mansub avlod bilan ichki dialogiga “Mahmadana” bilan qisqa suhbat davomida oʻylaganlari yaxshi misol boʻla oladi: “…hattoki sen, men oʻzim pisand qilmaydigan pandavaqi bir bola, hattoki sen ham meni chalgʻitasan. Mening xudbinligim shundaki, hattoki senga ham yoqqim keladi. Mahmadana bolam, <…> senlar minbarlarni tang qilgan paytlaringda, ogʻizlaringdan chiqadigan almoyi-aljoyi gaplarda, changalzor-selvalarning tumtaroq taʼriflarida – men oʻzim, Nazar Yaxshiboyevich Yaxshiboyev, boshqa oqsoqollardan farqli oʻlaroq, gardsiz, gʻuborsiz qolishni istayman. Oʻshanda sen mening nomimni dastak qilib ogʻizdan koʻpik sochasanki, ana, Nazar Yaxshiboyevichday keksa va moʻtabar odam ham changalzor-selvalarni oʻqib tushundi, yaxshi ekan deb aytdi, xoʻsh, qolganlar nega buni tan olmaydi, qolganlar nega nodonlik qiladi?” Ushbu parchada uchta nuqtai nazar aks etyapti: birinchisi, Yaxshiboyevning “Mahmadana”ga munosabati; ikkinchisi “Mahmadana”ning Yaxshiboyevga munosabati (“Nazar Yaxshiboyevichday keksa va moʻtabar odam ham…”); uchinchisi, muallifning Yaxshiboyev va “Mahmadana”ga munosabati. Bu oʻrinda “Mahmadana”ga munosabatda muallif kinoyasi qahramonning kinoyaviy nuqtai nazari bilan birlashib ketadi. Yaxshiboyevning Koʻklamovga havas bilan qarashi, ayni paytda “Mahmadana” kabi yoshlarga nisbatan kinoyaviy nuqtai nazari keyingi avlod vakillari orasidagi tiplarga ishora qiladi. Avlod vakili sifatida ikkilamchi muallif Yaxshiboyevga qoʻshilib “Mahmadana”ning ustidan kuladi. Yaʼni, “Mahmadana”ga munosabatda ikkilamchi muallif (“Mahmadana”ga tengdosh avlod vakili) Yaxshiboyev bilan bir maqomda, bitta pogʻonada turibdi. Bu yerda yana bir nuqtai nazar mavjudki, u badiiy vositalar bilan ifodalanmagan, nafaqat “Mahmadana”dan, balki Yaxshiboyev va ikkilamchi muallifdan ham bir pogʻona balanddagi muallifdir.

Romanda Toshpoʻlat Gʻaybarov ishtiroki epizodik obraznikidan ham kichikroq ekanini aytib oʻtdik. “Birinchi manzara”da Oshno eski tanishi Oqsoqolning oʻgʻli Toshpoʻlat Gʻaybarovni huzuriga chaqirtirgani aytiladi: “Lekin Raim Gʻaybarovning oʻgʻli Toshpoʻlat oʻlguday oʻjar yigit edi – bormaydi. Martabasi kichikroq Elomonov soʻroqlatganda bormagan odam, endi undan kattarogʻiga boramanmi, deb aytadi”. Bu tafsilotni keltirayotgan Saidqul Mardonda oʻz hayotiy qarashi Toshpoʻlat Gʻaybarovnikiga yaqin ekanini taʼkidlash istagi yoʻq emas. Biroq asar davomida Saidqul Mardon bilan Toshpoʻlat Gʻaybarov birbirini shaxsan tanimasligi, bevosita muloqotda boʻlmasliklarining oʻziyoq mazkur ikki obraz oʻrtasida umumiylik, yaqinlik yoʻqligini anglatadi. Yaʼni, shaxsiyati va xarakteri oʻrtasida muvozanatni saqlagan Gʻaybarov bilan umumiyligini taʼkidlash istagi Saidqul Mardonda bor, lekin muallif Toshpoʻlat Gʻaybarovni nafaqat Yaxshiboyev davrasidan, balki Saidqul Mardondan ham “uzoqlashtiradi”.

Keltirilgan misollardan koʻrinib turibdiki, keyingi avlod vakillariga oʻz dunyoqarashiga ega inson sifatida taqdim etish istagi har ikki qahramon – Nazar Yaxshiboyev va Saidqul Mardon uchun ham xos. Faqat Yaxshiboyevning muallif mansub avlod bilan ichki dialogida Saidqul Mardondan farqli bir jihat bor. Yaxshiboyev ongida “oʻzga” sifatida koʻrinayotgan muallif mansub avlod vakillarini unga baho beradigan, hukm qiladigan darajada qoldirmaydi, oʻzi haqidagi haqiqatni ulardan avvalroq anglaydi, eʼtirof etadi. Bu bilan u oʻz ongidagi har qanday “oʻzga” maqomidagi odamdan bir pogʻona balandga koʻtariladi. Oʻzi mansub avlodda ham, keyingi avlodda ham hukm chiqarishga haqli odam yoʻqligiga boʻlgan ishonch uning barcha-barchaga kinoyaviy munosabatini psixologik jihatdan asoslab turadi.

Romanda Saidqul Mardonning voqelikka munosabati, asosan, elegizm xususiyatiga ega. Shu bilan birga uning munosabati kinoyadan butunlay xoli emas. Sayfiddin bilan suhbatda: “Oʻzlaridan soʻrasak, Sayfiddinjon, deb achitdim, Yaxshiboyevni bunchalar iqingiz suymas ekan, nega “Saylanma”siga muharrir boʻldingiz?”, deydi. “Anqara” kuyovga munosabatida, birga tushgan suratini koʻtarib Oshnoning huzuriga chiqqan yozuvchi doʻst haqidagi oʻrinlarda Saidqul Mardon kinoya maqomida turadi. Biroq u kinoyaviy maqomda izchil emas, buning uchun unda shaxslik yetishmaydi, uning shaxsi xarakteriga qaraganda ojizroq. Zotan, kinoyaviy maqom insondagi shaxsga xos ibtidodan darak beradi. Boshqacha aytganda, u oʻzi uchun, oʻz shaxsi uchun yasab olgan qolipdan tashqariga chiqmay yashab oʻtgan inson. Bu holni Saidqul Mardon yaxshi his qiladi, lekin uning kinoyasi yoʻriqqa tushgan Yaxshiboyevning oʻz-oʻziga kinoyasidan farqli boʻlib, u oʻzi yaratgan qolipdan chiqmay yashagani uchun elegiyaviy kayfiyatga beriladi. Bunga Saidqul Mardonning Toʻpori xoʻjaligidagi doʻmbiraning ovozini yaxshi koʻradigan, erkini sogʻingan Graf laqabli otga qarab oʻylaganlari yaqqol misol boʻladi: “Gʻalati boʻlib ketdim… Xudo kechirsin-u, lekin qarshimdagi tulpor nazarimda kichrayib qolganday boʻldi. Yoʻq, gapim erishroq chiqdi, aniqrogʻi, uni ham oʻzimday yetim ekan, deb xayol qildim. <…> Oʻzimni shu otga mengzadim, deb aytsam, toʻgʻriroq boʻlardi, lekin battar kulgiga qolishdan choʻchiyman”. Graf tabladan olib chiqilganida Saidqul Mardonning yodiga tushgan doston misralari ham qahramonning oʻziga ishora qiladigan majoziy maʼno tashiydi: “Soqibulbul naycha qoʻyib qarasa, Gʻirkoʻkning qirq qulochlik qanoti qirq buklanib yotgan ekan…” (215-bet). Butun asar kompozitsiyasida aks etgan dialogizm orqali muallif (qahramonning oʻzi ham) nima uchun Saidqul Mardon hayotiy nuqtai nazarini Yaxshiboyevnikidan afzal hisoblamasligi, Yaxshiboyev bilan qiyoslab uning foydasiga xulosa chiqarmasligi sababi oydinlashadi: har ikki qahramon ham yoʻriqda yashab oʻtgan insonlardir, farq shuki, Yaxshiboyevning yoʻriqqa tushishi Oshno bilan bogʻliq, Saidqul Mardonniki esa uning oʻzi uchun yasab olgan qoliplardan iborat. Qissanavis bir oʻrinda oʻzi haqida shunday yozadi: “Ammo koʻngilning tub-tubida keng yozmoq istagan qanotlaring aslida choʻltoqligini payqab turganing yomon, sen tushgan yoʻlning uchiyu sen axtargan manzilning shundoqqina sharpasi sezilib qolgani yomon”. Shuning uchun ham u “qirq qulochlik qanoti qirq buklanib yotgan” Grafda oʻzini koʻradi, imkonlarini yuzaga chiqarolmay umr kechirganiga ich-ichidan afsuslanadi.

Saidqul Mardonga ikkilamchi muallif munosabati ham qahramonning oʻzi tomonidan aytilgan gaplar orqali aniqlashadi: “Sezamanki, azbaroyi rahmlari kelganidan, azbaroyi jonlari achiganidan eslashyapti”. Ikkilamchi muallif Saidqul Mardonga munosabatda uzil-kesil kinoyaviy maqomga oʻtolmaydi, unda bu tipga nisbatan achinish kuchliroq. Romanda oʻz soʻzi bilan qatnashmayotgan birlamchi muallif esa Saidqul Mardonga kinoyaviy nuqtai nazardan baho beradi. Roman qurilishida aks etgan “Yaxshiboyev – Saidqul Mardon” muloqoti orqali maqbul hayotiy maqomda yashab oʻtganiga oʻzini ham, oʻzgani ham ishontirish istagidagi Saidqul Mardon Yaxshiboyev kabi kinoyaviy inkor qilinadi. Shuningdek, Saidqul Mardonni Yaxshiboyevdan afzal hisoblashi mumkin boʻlgan kitobxonlar ommasi ham borki, bu hol muallifni bilib turib bilmaslikka olib tasvirlashga, Saidqul Mardonga nisbatan kinoyaviy munosabatni romanning dialogik qurilishi ortiga yashirishiga sabab boʻlgan.

Aytilganlardan “Lolazor” romanida voqelik ikkita (“Bemor”, “Qissanavis”) emas, uchta nigoh orqali aks ettirilgan, degan xulosa kelib chiqadi. Faqat “uchinchi nigoh” Nazar Yaxshiboyev va Saidqul Mardon mikrodialoglaridagi “oʻzga” orqali aks etadi. Shuningdek, romandagi “Manzaralar” boblari “uchinchi nigoh”ning yanada kengroq oʻrin egallashi uchun imkon yaratgan. Garchi mazkur boblar ham qissanavisga tegishli ekani aytilsa-da, mohiyatan uslubda katta farq seziladi. Bu farq, eng avvalo, voqelikni Saidqul Mardonga xos boʻlmagan kinoyaviy nuqtai nazardan tasvirlashda koʻrinadi. “Manzaralar” bobiga oʻtishdan avval Saidqul Mardon “Nedir boshqa ohang kerakday” deb yozadiki, “boshqa ohang”da soʻzlash aslida muallifning oʻzi uchun zarur edi. Qisqasi, qahramonlar ongi orqali tasvirlashda uchta subʼyekt ongiga tayangan muallif rivoya strukturasini ayni subʼyektlarga mos ravishda uch qismga: “Bemor”, “Qissanavis” va “Manzaralar” boblariga ajratadi.

“Galatepaga qaytish” qissasida “Samad – Gʻaybarov – Shoir” uchligida muallif koʻp jihatdan Gʻaybarov orqali oʻz nuqtai nazarini aks ettirgan boʻlsa, “Lolazor”da bu hol murakkabroq koʻrinishga ega. “Yaxshiboyev – muallif – Saidqul Mardon” dialogida aks etgan ikkilamchi muallif kompozitsion sathda Yaxshiboyev, Saidqul Mardon bilan birgalikda birlamchi muallifning kinoyasi obʼyektiga aylanadi. Yaʼni muallif oʻzi mansub avlod vakillarini ham asarda namuna boʻladigan hayotiy pozitsiyadagi kishilar sifatida taqdim etishga intilmaydi. Boshqacha aytganda, muallif koʻp jihatdan Koʻklamov, Sayfiddin va Gʻaybarov mansub avlodga umid koʻzi bilan qaraydi, biroq hali ular Yaxshiboyev va Saidqul Mardonnikidan farqli, maqbul hayotiy maqomda ekanini isbotlashga ulgurganicha yoʻq. Yaxshiboyevning hayotini yashab koʻrish muallif va u mansub avlod uchun bir sinov boʻlib, avlod bu sinovdan oʻta oladimi, muallif umidlarini oqlaydimi, degan masala ochiq qoldiriladi. Negaki, Yaxshiboyev atrofidagi manfaat uchun har narsaga tayyor shotirlar va Saidqul Mardonning roman oxiridagi: “Yagona istagim shuki, loaqal, uch-toʻrtta eldoshu tildosh ukalarim, hali lafzi ham, boʻgʻzi ham bulgʻanmagan uch-toʻrt kishi, oʻz eʼtiqodlariga mening istiholamni ham esh etsa…” degan soʻzlari uzil-kesil xulosa chiqarishga imkon bermaydi.

 

REZYUMYe

 

Maqolada Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor” romanidagi dialogizmning voqelikka kinoyaviy munosabatni ifoda etishdagi roli oʻrganilgan. Kompozitsion dialogizmdagi elegizm va kinoyaviy nuqtai nazarning sabablari koʻrsatilgan.

 

V statye issleduyetsya rol dialogizma v viʼrajenii ironicheskogo otnosheniya k deystvitelnosti v romane M. Muxammada Dosta “Polyana, usiʼpannaya tyulpanami”. Viʼyavleniʼ prichiniʼ elegizma i ironicheskoy tochki zreniya v kompozitsionnom dialogizme.

 

The article studied the role of dialogism in the expression of ironical attitude towards reality in the novel M. Muhammada Dosta “Field of Tulips”. The reasons elegizma and ironic point of view in the composite dialogism.

 

Mashhura SHERALIYEVA

 

“Sharq yulduzi”, 2017–1

 


[1] Qissada oʻgʻliga zarur kitobni topish uchun Elomonov eskicha xat biladigan Toshpoʻlat Gʻaybarov bilan gaplashishi kerak boʻladi, biroq u Gʻaybarovning qayerda yashashini bilmaydi. Shunda Binafshaxon aytadiki: “Muroddan soʻraysiz. Gʻaybarov bilan osh-qatiq deyishadi. Ikkoviyam asli tayinsiz odamlar. Yangamiz shoirligini tashlasa, qoʻy soʻyaman, deb aytgan kim – oʻsha Murod ukangiz-da! Oʻzi yozolmaydi, yozganni koʻrolmaydi”. Binafshaxonning oʻzi bu gaplarni jiddiy aytayotgan boʻlsa-da, ushbu parchadagi kinoya ochiq-oshkor sezilib turibdi. Bu oʻrinda muallif oʻziga tegishli kinoyani personaj (Binafshaxon) tilidan beryapti, ayni paytda kinoya subʼyekti aslida oʻzi (Murod) ekanini ham taʼkidlayapti.

[2] Baxtin M.M. Problemiʼ tvorchestva Dostoyevskogo. Kiyev, 1994.// http://www.vehi.net/dostoevsky/bahtin/

[3] “Yaxshiboyev – Saidqul Mardon” dialogi aslida biografik muallif ongida roʻy beradi, bu mohiyatan ikki xil ijtimoiy tipni qiyoslab koʻrayotgan, ijtimoiy-maʼnaviy tanlov qarshisida turgan inson ongidagi dialogdir. Romanda ushbu dialog muallifning bevosita ishtirokisiz – “Bemor” va “Qissanavis” boblarining oʻzaro dialogi koʻrinishida aks ettirilgan.

[4] Yaxshiboyev ongidagi bu davrga tegishli “Yaxshiboyev – Saidqul Mardon” dialogi romanda aks etmaydi, chunki bu davr voqealari Saidqul Mardon xotiralari – “Qissanavis” boblarida tasvirlangan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.