Viqor va hilm tajassumi

0
589
marta koʻrilgan.

Alisher Navoiy bir qitʼada hayot hikmati haqida bunday yozadi:

 

Viqor gavhariyu hilm maʼdani boʻlakoʻr,

Desangki, qilgʻay itoat sanga gado bila shoh.

Bu sheva togʻda zohirdururki, davrondin

Qachonki tafriqa yetti, ulusqa boʻldi panoh.

 

“Viqor gavhariyu hilm maʼdani” boʻlmoq oson emas. Biroq, hayot tarzi, xulqi, maʼrifiy darajasi ana shu hikmatga muvofiq keladigan zamondoshlarimiz ham bor. Qalbida el-yurt muhabbati va sadoqatini joylagan odamgina bunga erisha oladi. Taniqli adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov ana shunday baxtga noil boʻlganlardan. Bizningcha, buning sabablari koʻp. Avvalo, oilasiga fidoyi Mashhura ona uni hilm daryosiga choʻmiltirgan boʻlsa, Ikkinchi jahon urushi qirgʻinlaridan Ollohning irodasi bilan omon qolgan Abdulhakim ota viqor choʻqqisiga yetakladi. Bu – sabablarning eng asosiysi. Yana hikmatni anglashda Dehqonobod qirlarining sof havosiyu chiniqtiruvchi soʻqmoqlari ham katta hissa qoʻshgani shubhasiz. Yosh yurak soʻqmoqlarda oldinga talpinadi, bir choʻqqini zabt etgan sohibini yuqoriga boshlaydi. Togʻlar sohibiga hikmatlar soʻzlaydi: “Maqsading aniq, irodang mustahkam boʻlsa, koʻzlagan choʻqqingni, albatta, zabt etasan…” Viqor va hilm talabi, bir-biridan yuksalib boruvchi choʻqqilar sari bardavom yurish olim hayoti va faoliyatining mazmuniga aylandi.

Lekin ota va onadan oʻtgan fazilatlar hamma vaqt ham kutilgan darajada rivojlanavermasligi mumkin. Buning uchun keng qamrovli muhit tarbiyasi ham zarur. Uning faoliyatida Oʻzbekiston Milliy universitetidagi ilmiy dargohning roli ayniqsa, katta. Bu dargoh boʻlajak olimda talabalik yillaridayoq ilmiy ish bilan shugʻullanish layoqatini shakllantirdi, adabiyotshunosligimizning yirik allomalari izidan borib, uning taraqqiyotiga xizmat qilish yoʻlini tanitdi. Uchinchi kursdayoq Nurboy Jabborov mumtoz adabiyot sirlarini chuqurroq oʻrganish uchun ustoz akademik Aziz Qayumov huzuriga bordi. Faoliyatini Qoʻlyozmalar institutida katta laborantlikdan boshladi. Olimning serqirra faoliyatida bu ilm maskanining oʻrni alohida. Bu yerda u katta laborant, aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, doktorant sifatida ilmiy ish bilan shugʻullandi. Taʼbir joiz boʻlsa, qoʻlyozmalar changini yutishdan, ilm mashaqqati va zahmatidan halovat topa bildi.

1999 yilda professor Begali Qosimov Nurboy Jabborovni Oʻzbekiston Milliy universiteti Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti kafedrasiga ishga taklif qildi. Asosan milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti va matnshunoslik yoʻnalishlarida tadqiqot olib borgan olim keyinchalik oʻzbek mumtoz adabiyoti, yangi oʻzbek adabiyoti, adabiy tanqidchilik, adabiy aloqalar, islom falsafasi, hozirgi adabiy jarayon va boshqa sohalarni ham qamrab ola bildi. Hozirda uning ilmiy faoliyati matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, oʻzbek mumtoz va milliy uygʻonish adabiyoti, hozirgi adabiy jarayon muammolari, oʻzbek adabiyotining xalqaro miqyosdagi targʻibi va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash singari besh asosiy yoʻnalishda borayotganini kuzatish mumkin.

Asl olim har kuni dunyoga kelavermaydi. Qadimgi ulamolar chinakam olimni tarbiyalamoq uchun unda uch fazilat mujassam boʻlishini shart qilib qoʻyganlar. Birinchi shart, kishida tabʼi salim – tugʻma mukammal insoniy tabiat boʻlishi kerak. Bunda kishining barcha aʼzolari, xususan sezgi aʼzolari oʻz vazifasini aʼlo darajada bajarishi nazarda tutilgan. Koʻzning koʻrish, quloqning eshitish, tilning taʼm bilish va hokazo xususiyatlarning oliy darajada boʻlishi olamni toʻgʻri anglash va idrok etishda muhim deb hisoblangan. Bularning qatʼiy mezonlari ham bor: koʻz uchun – rassom nigohi, quloq uchun – musiqashunos tabʼi va hokazo.

Ikkinchi shart, mukammal idrok va tafakkur layoqati. Bunda sezgilar orqali anglash mumkin boʻlmagan holatni aql-idrok bilan tafakkur qila olish nazarda tutiladi. Faraz va fantaziya ham xuddi shu qobiliyatning hosilasi. Masalan, toʻlqinli suv ustidagi siniq shuʼlalardan quyosh, oy yoki mashʼalani yoxud uning holatini tasavvur qilish iqtidori zarur.

Uchinchi shart, muayyidi sodiq axbor – toʻgʻri xabarlarni quvvatlovchilik fazilati. Inson axborot qurshovida yashar ekan, ularning qaysi biri toʻgʻri, xolis yoki noxolis va shubha-gumonli ekanini ajrata olish, toʻgʻrisini quvvatlash layoqatiga ega boʻlmasa, olimlik fazilatidan benasib qoladi.

Serqirra olim faoliyatidan kelib chiqib matn tahriri borasidagi nazariy fikrlarga eʼtibor besak. “Matn tahriri” tushunchasining mohiyati rus olimlari V. M. Istrin va D. S. Lixachev taʼriflari orqali ancha keng ochib berilgan. Tahrir deb adabiy yodgorlikning shunday qayta ishlanishiga aytiladiki, bunda u qandaydir ijtimoiy voqelik talabiga koʻra yoki koʻpincha adabiy ehtiyojdan va kitobxonning taʼbidan kelib chiqib, til sofligiga erishish niyatida aniq maqsadga qaratilgan holda amalga oshiriladi.

Bir oʻrinda Nurboy Jabborov tahrirning “anglangan holda”, “muayyan maqsad bilan” amalga oshirilishi lozimligini taʼkidlaydi. Matn tahririda, olimning fikricha, ijtimoiy voqelik talabi hamda adabiy ehtiyoj katta rol oʻynaydi. Bu oʻrinda “adabiy ehtiyoj” ijod jarayonidagi tahrirni ham eʼtiborda tutadi. Bu esa asarni mukammallashtirish bilan bogʻliq muallif tahriridir. Matn tahririning bu turi, ayni ijod jarayoni bilan bogʻliq. Qanday maqsad bilan amalga oshirilgan boʻlmasin, asarni oʻrganish niyatidagi tadqiqotchi matnning muallif tahrir qilgan nusxasini tayanch manba sifatida olishga majbur. Matnning muallif ishtirokisiz amalga oshirilgan har qanday tahriri asar mohiyatiga zarar yetkazishi jihatidan maqsadga muvofiq emas.

Mavjud qarashlarga tayanib, olim tahrirni quyidagi turlarga ajratib koʻrsatadi: 1) gʻoyaviy tahrir; 2) uslubiy tahrir; 3) asardagi faktlarni boyitish, kengaytirishga qaratilgan tahrir; 4) bir necha turni oʻzida mujassam etgan qorishiq tahrir. Olim yozadi: “Matn tahririning bu kabi turlarini oʻzbek adabiyoti materiallariga ham tatbiq etish mumkin. Faqat shuni taʼkidlash kerakki, oʻzbek adabiyoti misolida bu hodisaga oʻziga xos yondashuv talab etiladi”.

Maʼlumki, oʻzbek matnshunosligi qanchalik katta muvaffaqiyatlarga erishgan boʻlmasin, ular faqat amaliy faoliyatning mahsuli sifatida koʻzga tashlanar edi. Hozir ham koʻpgina matnshunoslarimiz nashrlarda uchraydigan baʼzi imloviy nuqsonlarni masala qilib koʻtarishnigina fanning dolzarb muammosi darajasiga olib chiqmoqchi boʻladilar. Holbuki, bu oddiygina tekstologik oʻqish nazariyasi bilan tanish emaslik natijasidir. Nurboy Jabborov ana shunday amaliy masalalar yechimi uchun nazariy va metodologik tavsiyalarini taqdim etgan ilk matnshunos sifatida namoyon boʻldi.

Olim matnshunos sifatida ilmiy-amaliy faoliyat bilan ham shugʻullanadi. Mulla Olim Maxdum Hojining “Tarixi Turkiston”, xalq dostoni “Bobo Ravshan”, Abu Homid Gʻazzoliyning “Daqoyiq ul-axbor”, Furqatning “Qavoidi Chin va umuroti siyosiy”, Isʼhoqxon toʻra Ibratning “Tanlangan asarlar”i, Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiyning “Zubdat ut-tavorix” asari kabi manbalar aynan Nurboy Jabborov tomonidan nashrga tayyorlanib, matnshunoslikka doir ilmiy izohlar, koʻrsatkichlar berilgan. Ayniqsa, “Zubdat ut-tavorix”ning nashri matnshunoslikning barcha talablariga mos kelishi bilan soha uchun namuna rolini oʻtay oladi.

2015 yili chop etilgan “Zamon, mezon, sheʼriyat” nomli kitobi olimning nafaqat mumtoz va milliy uygʻonish adabiyotining bilimdoni, balki hozirgi adabiy jarayonning ham nuktadon tadqiqotchisi ekanini koʻrsatdi. Kitobda olim oʻzi asl deb bilgan sheʼriy asarlarni, ulardagi yutuq va kamchiliklarni tahlil qilgan. Unda istiqlol va milliy sheʼriyat biri ikkinchisini taqozo etuvchi, oʻzaro taʼsir etuvchi, millat hayotida alohida ahamiyatga molik hodisalar sifatida talqin qilinadi. Mustaqillik yillarida milliy sheʼriyatimiz taraqqiysi qanday tendensiyalarga asoslanayotgani, sheʼriyatimiz rivojining oʻziga xos tamoyillari, sheʼriy asarlarni bugun qay mezonlarga tayanib baholash lozimligi masalalariga eʼtibor qaratiladi, oʻziga xos ilmiy xulosalarga kelinadi.

Olim bisotida Navoiy, Bobur, Munis, Ogahiy, Furqat, Muqimiy, Feruz, Avloniy, Behbudiy, Qodiriy, Choʻlpon, Tavallo, Oybek, Abdulla Qahhor, Zulfiya, Abdulla Oripov kabi ijodkorlarning, Aziz Qayumov, Subutoy Dolimov, Gʻulom Karimov, Ibrohim Gʻafurov va boshqa koʻplab olimlarning kitoblariga doir tadqiqotlar roʻyxati oʻrin olgan. Ularning har biri maʼnaviy estetik va badiiy namunalar sifatida qalb qoʻri bilan tadqiq qilinadi.

Nurboy Jabborovning “Maʼnaviyat” nashriyotida chop etilgan “Maʼrifat nadir”, “Adabiyot va milliy maʼnaviyat” kabi kitoblarida uzoq tarixga ega xalqimizning azaliy qadriyatlarini asrab-avaylash va yanada rivojlantirish, ular bilan faxrlanish, mamlakat maʼnaviy taraqqiyotini taʼminlovchi omillarga tayanish, keksalarni eʼzozlash, yoshlar tarbiyasida ogoh boʻlish hamda bu borada davlat va hukumatning gʻamxoʻrligi eʼtirofi, adib va adabiyotshunoslarning jamiyatda tutgan oʻrni kabi masalalar oʻziga xos yondashuv asosida tadqiq qilingan. Ushbu kitoblar fikrlarning teran ilmiy va mantiqiy asosga ega ekanligi, adabiy va hayotiy faktlar tahlilidan ohorli umumlashmalar chiqarilgani, muallif uslubining ravon va oʻziga xosligi bilan alohida ajralib turadi.

Olimning mashhur shoirimiz Furqat haqidadagi tadqiqotlari ilmiy-nazariy jihatdan oʻziga xos qiymatga ega. Furqatshunoslik bu tadqiqotlar natijasida bir qadar yangi darajaga koʻtarildi. Maʼlumki, shoir hayoti va ijodini oʻrganishda birlamchi manba, bu – shoir asarlari. Nurboy Jabborov Furqat asarlarini arab alifbosida oʻqib, daqiq kuzatishlar qildi. Furqat hayoti va ijodiga oid qator yangiliklarni ilmiy jamoatchilikka taqdim eta oldi. Furqat haqida mustamlakachilik davridagi shakllangan ilmiy jihatdan asossiz fikrlarni notoʻgʻriligini isbotlabgina qolmasdan, shoirning haqiqiy qiyofasini, eʼtiqodiy qarashlarini, asarlarining badiiy qiymatini koʻrsatib berdi. Olimning darajasi, uning ilmiy layoqati qay darajadaligi ilmiy ishlarida, maqolalarida oʻz aksini topadi. Bu jihatdan Nurboy Jabborov adabiyotshunoslikdagi dolzarb muammolarga oʻz vaqtida eʼtibor qarata bildi. Mumtoz adabiyotimiz xususida bildirgan fikrlari uning soʻz sanʼati bilimdoni ekanidan, badiiy asarni nozik his etishidan darak berib turibdi.

 

Nafas ShODMON

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.