Vijdon tavbasi yoki mashhur yozuvchining hayotiy kechinmalari

0
288
marta koʻrilgan.

“ – Choʻlpon dedingizmi? Bunaqalar ismniyam topib qoʻyadi-ya? Buniki Mirzakalonmi?

– Ha, Mirzalarning kattakoni, degani. Oʻzi kichkinagina boʻlsa ham, daʼvosi kattaginaga oʻxshaydi…”

“Ozod inson haqida qoʻshiq” asaridagi qamoqxona nazoratchilari suhbatidan olingan ushbu kichkinagina parcha beixtiyor inson qalbini larzaga soladi.

Ha, chindan ham uning daʼvosi katta edi. U ozod inson boʻlishni, qalb istaklari toptalmasligini daʼvo qilardi. Chunki u Mirzakalon edi. Shuning uchun ham dardning kattasini koʻtarishga majbur edi…

“Fargʻona tong otguncha” romani va bir qator toʻplamlari orqali xalqimizning sevimli yozuvchisiga aylangan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, mohir tarjimon, adib Mirzakalon Ismoiliyni yaxshi taniymiz, ardoqlaymiz. Ammo uning hayotiy kechinmalarini bilishimiz, qalbini yanada yaqinroq anglashimiz uchun yozuvchi Tohir Malik qalamiga mansub “Ozod inson haqida qoʻshiq” kitobini oʻqishning oʻzi kifoya, deb oʻylayman. Chunki Mirzakalon Ismoiliy millatimizning boshqa ziyolilari, ijodkorlari singari oʻzbekning bagʻrikengligi, oriyati, gʻururini aks ettirishga, uning buyuk xalq ekani kelajak avlod onggiga yetib borishiga xizmat qilgan yozuvchi edi. U ham millat ruhini uygʻotishga harakat qilgan boshqa ijodkorlar singari davr qurboniga aylangan. Shaxsga sigʻinish davrining qatagʻonlari xalqimizning koʻplab maʼrifatparvar, yorqin siymolari qatori Mirzakalon Ismoiliyni ham oʻz domiga tortdi. U kuchga toʻlib ijod qilishi kerak boʻlgan yillarini qamoqxonalarning zax yertoʻlalarida oʻtkazdi. Shunday boʻlsa ham bir on boʻlsin ijoddan toʻxtamadi.

Mirzakalon Ismoiliy mahoratli yozuvchi edi. Biroq avvalo, uning kimgadir ota, kimgadir aka, kimgadir umr yoʻldosh ekanini unutmaslik kerak. U mana shu burchlarini unutmagan holda yashashga tirishdi va bunga erishdi, desak, mubolagʻa boʻlmas. Chunki u burchlarini ado etish uchun “Vijdon tavbasi” bayonnomalarini yozishga majbur boʻlgan. Faqat majburiyat uchunmi? Yoʻq. Bunga uning otalik mehri, akalik muhabbati, yorlik sadoqati sababchi boʻlgan. Bu yoʻlda u oʻziga nima boʻlsayam, faqat azizlari azob chekmasligi uchun qoʻlidan kelganini qildi.

Adib umrining oxirgi damlarida zaharlangan hayot lavhalarini oʻzi bilmagan holda koʻz oldidan birma-bir oʻtkazadi. Uning shuurida oʻtmish va buguni qorishib ketadi.

Oʻlim bilan olishayotgan vujudning koʻz oʻngida allaqachon yorugʻ dunyoni tark etgan qizalogʻi gavdalanadi.

– Dadajon, biz bilan uyga ketasizmi? – quloqlariga jaranglab uriladi bu sas.

U atrofga jovdiraydi.

– Dadajon, uyga ketmaymizmi?

Yana jovdiraydi va koʻradi. Oyzuhrasi jilmayib turibdi. U qizim deb oʻylagan Oyzuhra, aslida Oyzuhra emas, bu – bir umr yuragiga tosh boʻlib botgan armonning aksi, bu sas esa qiziga koʻrsatolmagan mehrning alamli faryodi edi.

– Dadajon, uyga ketmaymizmi?..

Yoʻq, anglamabdi, gapirayotgan Oyzuhrasi emas, Malikaxoni ekan. Uning ovozida ilinj va oʻtinch bor. Agar u tergovchining gapiga kirib, uning aytganlarini yozib bersa, unga talpinib turgan qizalogʻini “xalq dushmanining qizi”, deya barmogʻini niqtashmaydi. Ularning aytganlarini qilmasa, farzandlari chirqiraydi, bir umrga ozor chekib oʻtadi. Ularga umrbod xalq dushmanining farzandi, degan tamgʻa bosishadi. Ammo ustozlari, doʻstlariga xiyonat qilib, ularga tuhmat qilsa, oʻzi qilmagan gunohlariga iqror boʻlsa, bolalarini yana isnodga qoʻymaydimi? U ikkala holatdayam bolalarini koʻz oldiga keltiradi. Nima qilsa shu polaponlari chirqiramaydi? U qamoqxonaning zax va qoʻlansa hidi iskanjasida qarama-qarshi tuygʻular girdobida, zulmat changalida qolganida nazoratchining darchani qiya ochib, singlisi pishirib kelgan palovini maqtashi uni nechogʻlik gʻam-alam oʻpqoniga itarib tashlaganini his qilishimiz mumkin. U oʻziga atalgan palovdan totmay qolganigamas, tunlari shirin uyqusidan kechib, doʻppi tikib pul yiqqan, bolalarining rizqidan qiyib unga ovqat ilingan mushtipar singlisini oʻylab eziladi, koʻngli oʻksiydi. Munis singlisining ogʻirini yengil qilish oʻrniga unga musibat yetkazayotganidan iztirob chekadi.

Tun yarimlab qolganida qosh-kipriklarigacha sap-sariq tergovchi uni chaqirib: “Ertami-indinmi xotining ham qamalsa, bolalaring qayerda sargʻayishadi?” degan savolni qoʻyganda, ichida nimadir chirt uzilgan adibni koʻz oldingizga keltirib koʻring. Ha, tergovchi uning eng nozik tarafini topgandi. Tergovchining quroli shu, u shu qurol bilan Mirzakalonni soxta koʻrsatma berishga, tuhmat qilishga majburlaydi. Mirzakalon bir tarafdan tergovchining siquvi, bir tarafdan esa doʻstlarining xiyonat koʻchasiga kirganidan siqiladi. Oʻzi ham ularga oʻxshab qolishdan choʻchiydi. Ustozlarining pokiza nomlariga gard yuqtirishdan oʻzini olib qochadi. Ammo oʻz yaqinlari uchun butun umr gard yuqtirmagan vijdon amriga teskari yurishga majbur boʻladi. Chunki u ota edi. Ammo shunday boʻlsa ham u chin insoniyligini yoʻqotmadi. Butun mahoratini qoʻllab, bayonnomalar qatiga oʻz haqiqatini yashirib ketdi.

“Ozod inson haqida qoʻshiq” asari oʻquvchilar ommasi uchun sevimli yozuvchimiz haqidagi eng yaxshi kitob boʻlib qoladi.

 

Goʻzaloy MATYOQUBOVA

 

“Oila davrasida” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.