Vijdon oldidagi javobgarlik

0
500
marta koʻrilgan.

Undan qochib boʻladimi?

Inson jinoyatga qoʻl urdi… Jinoyat xoh faqat oʻz manfaati uchun xizmat qilsin, xoh u odamzodni halokatdan asrab qolsin, bu ahamiyatsiz. Muhimi, ogʻir jinoyat – qotillik yuz berdi. Hech kim buni sezmadi, siz ayblovdan qutulib ham qoldingiz, oʻgʻirlangan narsalar ham bexavotir joyda. Qisqasi, jinoyat qildingiz-u, jazodan ozod qoldingiz.

Lekin Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” asari qahramoni Raskolnikovga nima boʻldi? Nega u bunchalar abgor holda? Uning ich-etini nima tinmay kemiradi? Qanday tuygʻuki, tunlari uxlashga, kunlari koʻz ochishga yoʻl qoʻymaydi? Inson qalbida joylashgan eng oliy va qochib boʻlmas tuygʻu – vijdon emasmikin bu?

Axir, qahramonimiz bir kun tush koʻrgandi: beshafqat insonlar otlarga beayov azob berib daryo-daryo qon toʻkkandilar. Shunda qoʻrquvdan uygʻonib ketgan Raskolnikov bu ishni aslo qila olmasligini tushungandi-ku! Ammo nogoh Lizavetadan Alyona Ivanovnaning kechki payt uyda yolgʻiz qolishini eshitdi-yu, bu soʻzlar uni kampirnikiga qanday yetaklaganini oʻzi ham sezmay koldi…

Shu tariqa jinoyat ham sodir etildi. Nima uchun? Raskolnikovning kelajagi atigi uch ming pul bilan baholansa-yu, biroq bu pulni topish uchun jinoyatdan oʻzga yoʻl topilmasa?! Kampirda esa oʻzi uchun keraksiz mablagʻ va qimmatbaho buyumlar qalashib yotsa… Adolatsizlik emasmi bu? Bari izga tushib ketar, deb oʻylardi qahramonimiz. Biroq muqarrar jazo – vijdon azobi haqda oʻylab koʻrolmadi…

Ha, bu kitob mening vijdon haqidagi tushunchalarimni yanada boyitdi. Bu azoblardan qutulishning yagona yoʻli – tavba qilib, aybini oʻtab chiqish edi. Raskolnikov aybiga iqror boʻlgach, oʻquvchining ham yelkasidan togʻ agʻdarildi.

Asar boshidanoq goʻyo oʻzini jinoyatga yolgʻiz guvoh yoki sherik sifatida koʻrayotgan kitobxon ham uning bu qaroridan koʻngli tinchiydi. Qalbiga esa bir narsa taskin beradi – qahramonimiz yolgʻiz emas. Yonida darddoshi, kelajakka umid chirogʻi Sonya bor. Asar soʻnggida ular albatta baxtli boʻlishiga ishonasiz.

Asar boshqa insonlar taqdiridan ham soʻzlaydi. Xususan, Dunya va Razumixinning birga baxtga erishuvi, Katerina Ivanovnaning achinarli qismati, Svidrigaylovning ichki dardlari, Medvedevning qaygʻuli fojiasi… Oʻylaysan, zamon shunchalik abgormidi, Katerina Ivanovnadek oqila ayol koʻchada farzandlari bilan sharmarka chalib chaqa yigʻishga majbur boʻlsa? Sonya-chi? Dunyoning bor sinovlari shu nozikkina jussaga ogʻirlik qilmasmikin? Lujin. Shu kabi kimsalar tufayli zamon shundaymidi yoki?.. U Sonyaga nohaq tuhmat qilib oʻgʻirlikda ayblaganda asl yuzi ochildi. Svidgiraylovning esa shuncha bemaʼniliklariga guvoh boʻlamiz-u, baribir sevgisi chinligiga ishonamiz, oʻlimiga achinamiz. Qisqasi, jinoyat va unga berilajak jazo oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar, ikkilanish, azoblar va hukm haqida soʻylovchi asar kitobxon qalbini larzaga solmay qoʻymaydi.

 

Nodirabegim IBROHIMOVA

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.