Vatan mehri, sheʼr sehri

0
1220
marta koʻrilgan.

Istiqlol davrida shakllangan shoirlar haqida soʻz ketganda, Iqbol Mirzo nomi, albatta, birinchilar qatori tilga olinadi. Bu holatga uning hali qirq yoshni qoralamasdanoq Oʻzbekiston Xalq shoiri unvoniga sazovor boʻlgani, yoxud ancha yillardan beri koʻzga namoyon davlat va jamoat arbobi sifatida tanilgani, sheʼrlariga bastalangan qoʻshiqlar mashhur xonanda va hofizlar tomonidan paydar-pay ijro etilayotgani emas, balki bunga sabab – ajoyib hayotiy, sodda, xalqchil, yurakda yangi iliq hislar uygʻotadigan dilbar sheʼrlari, deb oʻylayman.

Bu fazilatlar, avvalo, shoirning ijodiy shaxsiga, dunyoqarashi va eʼtiqodi butunligiga bogʻliq. Adabiyotimiz bisotida texnik jihatdan puxta, mazmun-maʼnosi ham joyida, oʻqilishi ravon, dolzarb mavzularda yozgan sheʼrlar ham borki, oʻquvchi qanchalik urinmasin, uni koʻngil mulkiga aylantirolmaydi. Bu – tabiiy. Negaki, kishining oʻzi amal qilmagan ishga boshqalarni daʼvat etishi, bilmagan narsasini boshqalarga oʻrgatmoqchi boʻlishi, sevmasdan muhabbat izhor etishi taʼsirsiz va befoyda boʻlgani kabi koʻngildan chiqmagan sheʼr ham koʻngil mulkiga aylanishi qiyin. Shunday shoirlar borki, hasad va riyoning tirik timsoli boʻlaturib, nasihatnamo sheʼrlari bilan matbuot va kitoblarning sahifalarini toʻldiradilar; fahsh va fosiqlikda shaytonga dars berib, oʻz nafsoniy istaklarini “ishqnoma”lari ifoda etishga ishqivoz nazmbozlarimiz ham har zamonda koʻzga tashlanib, dilni gʻashlantirib turadi; oʻz amali yo mavqeidan foydalanib, yollanma tanqidchilaru tilyogʻlama maddohlari bilan ijodini ommalashtirishdan charchamaydigan ayrim “ulugʻ”lar adabiyot maydonida topmagan obroʻlarini rasmiy minbarlardan qidirish bilan ovoralar… Isteʼdodsiz shuhratparastlarning turi bundan-da koʻp boʻlsa hamki, ularning umumiy fojiasi bor: bundaylarning biror satr sheʼrini xalq bilmaydi… Iqbol Mirzoning koʻp satrlari, ibratli iboralari (“Seni bugun koʻrmasam, boʻlmas”, “Aytgil, doʻstim, nima qildik Vatan uchun?!”, “Koʻngil” degan soʻzga qofiya “singil”, “Seni qanday sevishimni bilsang edi”) xalq orasida tarqalib, maqol yo tamsil sifatida keng qoʻllanilishi bu shoirning naqadar xalqchil boʻlayotganini koʻrsatadi.

Iqbol Mirzo – qoʻshiqchi shoir. Uning sheʼrlariga bastalangan qoʻshiqlar har kuni toʻy va hashamlar, turli tadbir va tantanalar, radio va televideniye orqali deyarli har soatda yangrab turadi, desak, mubolagʻa boʻlmas. Kezi kelganda, shuni aytish kerakki, baʼzida qoʻshiqchi shoir iborasini “yallachi eʼjodkor” maʼnosida notoʻgʻri tushunib, sheʼrlari qoʻshiqqa aylangan yaxshi shoirlarga ham “ikkinchi darajali rutba”sini munosib koʻrishadi. Holbuki, sheʼrlari musiqaga esh boʻlgan, xush navo va xush ovozga munosib, ruhiyatning ozigʻiga aylanishga qodir mavzun kalom yarata olish – chinakam ijodkorning baxti. Bebaho milliy musiqa merosimizga nazar tashlasak, eng buyuk qoʻshiqchi shoirlarimiz hazrat Navoiy, Mirzo Bobur, Boborahim Mashrab, Fuzuliy, Maxtumquli… lar ekanligiga guvoh boʻlamiz. Qoʻshiq jamiyatning barcha qatlamlari – yoshu qari, olimu omi, shoiru shofir, oshiqu orif… barcha-barcha uchun nondek aziz, maʼnaviy yoʻldosh, ruhiy madaddir. Inson oʻz quvonchu qaygʻusi, hasrat va iztiroblari, orzu va armonlari, eʼtiqod va muhabbatini qoʻshiqlardan izlaydi, oʻz holati va kayfiyatiga munosib qoʻshiq topilganda esa, bu topildiqdan hosil boʻladigan ruhiy sururni boshqa hech narsa bilan almashtirmaydi. Qoʻshiqning ajoyib bir xususiyati borki, u yolgʻizlikda yoki ikki-uch kishi orasida tugʻilib, millionlarning tuygʻusini birlashtiradi. Adabiyot yoki musiqaning boshqa janrlari kitobxonga yoki tinglovchiga yetib borguncha, qoʻshiq butun mamlakatni aylanib chiqqan boʻladi. Shu uchun boʻlsa kerak, inson eng muqaddas tuygʻusini qoʻshiqqa solgisi keladi. Shu uchun boʻlsa kerak, inson alla ohangida ulgʻayadi, visol va hijronini yor-yorlaru oʻlanlar orqali izhor etadi, boqiy dunyoga ketganda ham marsiyalar bilan kuzatiladi…

Iqbol Mirzoning qoʻshiqqa aylangan sheʼrlarining salmoqli qismida nafis insoniy tuygʻular yangroq fuqarolik ruhi bilan ajoyib tarzda omuxtalashgan. Ayniqsa, shoirga shuhrat keltirgan, mustaqil Vatanimiz haqida yaratilgan eng ajoyib qoʻshiqlardan biri sifatida eʼtirof etilgan “Aytgil, doʻstim, nima qildik Vatan uchun” sheʼrining dastlabki satrlaridayoq Vatan va vatandoshlarga boʻlgan muhabbat va samimiyat jasorat va iftixor bilan birgalashib, oʻquvchi qalbida ham pokiza tuygʻularni junbushga keltiradi, yangi marralarni fath etishga yoʻnaltiradi:

Boshing egib, taʼzim ayla,

shukrona ayt,

Seni guldek erkalagan

chaman uchun.

Osmonlarda yurgan boʻlsang,

tuproqqa qayt,

Aytgil, doʻstim, nima qildik

Vatan uchun?!

Mustaqillikni masʼuliyat emas, imtiyoz oʻlaroq qabul qilgan, oʻz xalqining ushbu muqaddas va ogʻir yoʻlda butun aql-idroki, kuch-gʻayrati bilan maqsadga intilayotganini nazar-pisand qilmaydiganlar, ogʻir mehnat orqali erishilayotgan erkin va farovon hayot, ne-ne azoblar bilan saqlab kelinayotgan tinchlik va barqarorlik samaralaridan foydalana turib, oʻzgalar nogʻorasiga oʻynaydiganlar, hamma narsaga oson va mehnatsiz erishish istagida yashaydigan maʼnaviy qashshoq yalqov va xudbinlar, havoyi istaklari amalga oshmaganidan barchani yoppasiga rad etishga odatlangan nigilistlar hamma davru zamonda topiladi. Bundaylarning faoliyatsizlikka asoslangan faoliyati, olijanoblik niqobi ostidagi oliftagarchiligi, hurfikrlilik bahonasidagi begonaparastliklariga oʻzbeklarga xos bagʻrikenglik bilan javob qaytararkan, shoir “doʻstim” soʻzini qoʻllaydi. Bu ham shunchaki kinoya yo kesatiq emas. Boshqacha fikrlaydigan, voqelikni biz xohlagancha emas, balki oʻz tabiati va dunyoqarashiga mos qabul qilishga haqli bir toifa borki, qanchalik aybu qusurlari borligidan qatʼi nazar, ular ham bizning vatandoshlarimiz, shu tuproqning farzandlari. Odamlarni oq-qora yo yaxshi-yomonga ajratmagan holda oqni-oq, qorani-qora deya olish, birovning shaxsiyati va hamiyatiga tegmasdan, koʻngillarga haqiqat koʻzgusini tuta bilish, jaholat, ayirmachilik, qoʻrquv va nohaqliklardan asrab maʼrifat, adolat, haqiqatning munavvar sarmanzillariga hidoyat etish ziyolining birlamchi vazifalaridan hisoblanadi.

Iqbol Mirzo Vatan haqida sheʼr yozganida fayzli bogʻ-rogʻlar, shonli oʻtmish, purviqor binolar, buyuk ajdodlar…ni qatorlashtirib, sheʼr tizishdan saqlanadigan shoirlardan. Uning uchun saraton payti boshiga oq durra tangʻib, ketmoni bilan qaqroq choʻlni chamanga aylantirgan dehqonlar, qish chillasidagi izgʻirinlarga parvo qilmasdan, el chorvasini boqib yurgan choʻpon-choʻliqlar, duogoʻy onalar kabi qoʻllari osmonga qadar koʻtarilgan kuzak paytidagi sarvu sanavbarlar, yozning chillasida begona koʻzdan hayo qilib koʻylak bilan choʻmiladigan qishloqi qizlar, sevgisini arzon soʻzlarga alishtirmaydigan, bir umr muhabbatini yuragining tub-tubida yashirishni nomus mezoni deb bilgan mard yigitlar – Vatanning timsoli. Iqbol Mirzo sevgan va kuylagan, sizu bizning Vatanimizning timsoli. Sodda, mard, chapani, andishali, bagʻrikeng xalq haqida ana shunday sodda, samimiy, ohanjamalikdan xoli soʻzlar bilan sheʼr bitish yarashiqli:

Oʻzbekiston, onajonim, yolgʻizim,

Bobolarim kaftidagi yulduzim,

Jannatlardan suvlar

ichgan ildizim,

Jannat makonim mening,

Oʻzbekiston,

Jon ichra jonim mening,

Oʻzbekiston!

Sheʼrga taʼrif berilarkan, unga uchta narsani asos qilib koʻrsatishadi: ohang, qofiya va taxayyul. Iqbol Mirzoning sheʼrlarida ushbu uchta asosga qoʻshimcha tarzda ishq va muhabbat toʻrtinchi javhariy unsur sifatida qatnashgan. Shoir qaysi mavzuda qalam tebratmasin, koʻnglidagi muhabbat kimyosi soʻziga taft berib turadi, unga sirli joziba baxsh etadi. Iqbolning sevgi bobida yozgan sheʼrlari kitobiy (muhabbat mavzusidagi asarlarning oʻqishidan yasalgan sheʼrlar), xitobiy (soxta oh-vohlardan iborat uydirmalar), xayoliy (oʻzi yashamagan, koʻnglida kechmagan ishqi ilohiy vasfidagi urinishlar), havoyi (erkak yo ayol yozganini farqlab boʻlmaydigan diydiyolar) “sevginoma”lardan keskin farq qiladi. Iqbol Mirzo oʻzi yashagan, oʻspirinlik davridagi ilk tuygʻular, askarlikka ketgani sabab erta uzatilgan qalligʻidan hijronda qolishlar, paxta terimi paytida zarurat tufayli vujudga kelgan yaqinlik sharofati bilan tugʻilgan kechmishlar, gʻurur va andisha sabab tilga koʻchmasdan, koʻngillarda koʻmilgan sevgi haqida yozadi. Uning talqinidagi ishq ahli junun vodiysiga mubtalo, husn sharobidan sarmast, tuproqdek beozor, maysadan-da xokisor, suvdek sokin, sharobdek joʻshqin, bagʻri yarim zotlar. Mavlono Jaloliddin Rumiy aytganlaridek, oshiqlar yoʻli millat va mazhabni pisand etmas:

Oshiq ahli yo telba, yo mast kelgan,

Suvdan sokin, maysadan ham past kelgan,

Men bilganlar bari dilshikast kelgan,

Koʻngil soʻrab koʻrmaganman sogʻlardan.

Iqbol Mirzo sheʼriyati – hayotiy, erksevar, samimiy sheʼriyat. Bu sheʼrlarni oʻqiganingizda beixtiyor rizo va shukronalik, qanoat va matonat, sobirlik va sobitlik haqida oʻylay boshlaysiz, qalbingiz nekbin tuygʻulardan ravshanlashadi. Bu sheʼrlarning hammasini ham maromiga yetgan, har tomonlama mukammal, degan daʼvodan yiroqmiz. Iqbol Mirzoning asosiy fazilati – yildan-yilga, sheʼrdan sheʼrga oʻsish, yuksalishga intilish bor. Ana shu intilish va izlanishlar bardavom va xayrli boʻlishini chin koʻngildan tilab qolamiz.

 

Olimjon DAVLATOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.