Vaqt falsafasi yoxud sirli hodisaning poetik talqini

0
2025
marta koʻrilgan.

Vaqt hodisasi bir yoʻla bir necha – fizika, matematika, astronomiya va boshqa fanlarda oʻrganiladi. Vaqt ishtirok etmagan jarayonning oʻzi yoʻq. Badiiy adabiyot otligʻ yaratiqning ham zaruriy ingrediyenti, oʻta nozik, koʻz ilgʻamas, ammo hamisha har yerda hoziru nozir masalligʻi vaqtdir. “Tarix, bu – vaqt doirasida kechadigan jarayonlarni oʻrganish boʻlib, lekin vaqt nima ekanini hech kim bilmaydi”, deb yozadi mashhur olim L. Gumilev.

Vaqt kabi yuzaki qaraganda joʻn, zamiriga boqilsa oʻta tilsim va mavhum narsani (uni narsa deb ham, narsa emas ham deb boʻlmaydi) poetik mavzu qilib olish, uni munosib tarzda yuksak poetik mezonlarda ochib berish uchun bu ishga qoʻl urgan ijodkor bir vaqtning oʻzida ham ulugʻ shoir, ham faylasuf boʻlmogʻi, yaʼni mavhum fikrdan sheʼr yaratmogʻi, fikr qaʼridagi jozibani kashf etmogʻi kerak.

Buyuk donishmand Arastu oʻzining “Fizika” asarida vaqt haqida toʻxtalar ekan, masalani “vaqt mavjud narsalar sirasiga kiradimi yoki nomavjud narsalar sirasiga, soʻng uning tabiati qanaqa” tarzida qoʻyadi. Binobarin, vaqt fizikaviy aniq yoki poetik hissiy shaklda oʻrganilmasin, hamisha sirli hodisa boʻlib qolaveradi.

“Vaqt” sheʼri yaratilishidan sal oʻtiboq, 1946 yili (sheʼrga 19.09.45 sanasi qoʻyilgan) “Hozirgi oʻzbek adabiyotidagi tizma soʻzning choʻqqisi” (A. Qahhor) deya baholangan. Sheʼrning yozilishiga turtki boʻlgan voqea sarlavha ostida aniq qayd etilib, “Menga soat taqdim etgan jiyanim Hamidulla Husan oʻgʻliga bagʻishlangan” deb yozib qoʻyilgan. Bu shunchaki oddiy bagʻishlov boʻlmay, uni semiotik ochqich, deb baholash mumkin. Bagʻishlovda boshqa tafsilot yoʻq. Lekin tarjimon Aleksandr Naumov shoir tilidan yozib olgan “Yoʻl tugamaydi” (“Put ne konchayetsya”) sarlavhali suhbatida Gʻafur Gʻulomning qator asarlari, jumladan, “Vaqt” sheʼri haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Unda aytilishicha, shoirga zobit jiyani taqdim etgan soat oddiy, yaʼni doʻkondan xarid qilingan yangi soat emas, balki trofey soat boʻlgan. Soat azal-azaldan vaqt oʻlchagich asbob, lekin trofey soatning boshqa qoʻshimcha belgisi ham bor, u tutilgan, dushmandan oʻlja tarzda olingan buyum. Buni qayd etish muhim.

Shoir ushbu suhbatda ham hassos ijodkor, ham teran adabiyotshunos sifatida “Vaqt”ning tugʻilishidagi ikki jihatni aniq qayd etadi.

Birinchi jihat. Shoir sovgʻa haqida gapirib, deydi: “Uni oldimu sal ijirgʻandim, soatni koʻriboq oʻyladim, uni qandaydir nemis, fashist taqqan, buning ustiga u halok boʻlgan… Shunday qilib, soat 45-yil mayigacha qaydadir yotdi. Bayram tantanalari avji qizigan payt tasodifan oldimdan chiqdi. Ongimda aniq shakllangan fikr boʻlmasa-da, men uni endi taqishim mumkin, deb oʻyladim. Bir toʻyda qadah soʻzi aytar ekanman, dedim: “Mening bilagimdagi trofey soat bejizga emas, ilgari u dushman uchun vaqtni oʻlchasa, endi u bizning vaqtni koʻrsatmoqda!”

Bizning vaqt… Lekin bu oʻta umumiy ramz boʻlib, u hamma narsani oʻziga sigʻdirardi. Sheʼr zaruriyati ongda pishib yetilgandi; lekin Vaqt obrazi xuddi bepoyon suv sathidek edi: men bir sohilda turar, ikkinchi sohilni esa koʻra olmasdim…”. (Qarang: Biografiya zamiʼsla. Besediʼ s masterami uzbekskiy literaturiʼ, zapisanniʼe Aleksandrom Naumoviʼm. – T., 1974.28–29-betlar. Mazkur kitobga Gʻ. Gʻulomdan tashqari Oybek, Uygʻun, A. Qahhor va Zulfiya bilan qilingan suhbatlar, aniqrogʻi, ularning oʻzi va ijodi haqidagi monologlari kirgan. Bu moʻjaz kitob XX asr oʻzbek adabiyotini oʻrganishda muhim manba, deyish mumkin. Uni toʻligʻicha oʻzbek tiliga oʻgirish zarur. Zero, yirik adiblarimiz yaratgan asarlarni ularning oʻz nigohi orqali oʻrganish yoqimli).

Ikkinchi jihat. Yana allomaning soʻzlari: “Bir kuni, chala-yarim uyqusiz tundan keyin tongda shahar aylanishga chiqdim, koʻchada sayr qilib yurib, nashriyot eshigiga kelib qolibman. Adabiy tahririyatda ikki kishi bor edi – muharrir doʻstlarimdan biri va musahhih qiz. Men beixtiyor salomlashdim, beixtiyor savolga javob berdim; qiz menga yonlab turardi, men uning uzun mayin kipriklariga boqdim. Ular xuddi tungi kapalak qanotiday koʻtarilib-tushardi… Men yana qaradim: kapalak yana qanotlarini yozdi. Koʻzini pirpiratdi… va men ushbu oniy lahzani arang ilgʻay oldim. Mana sizga mangulikning ikkinchi chegarasi, ibtidolar ibtidosi! Ayni shu emasmi lahzaning jonli obrazi… koʻz ochib-yumgulik lahza? Va ilk kalit band, meni uzoq qiynagan, uni topish amrimahol moʻjiza, xuddi havodan moddiy nimarsa hosil qilishday tuyulgan tansiq band toʻsatdan oʻz oyogʻi bilan keldi va xuddi bayramda otiladigan mushak kabi mening tasavvurim osmonida portladi”.

Ushbu soʻzlar noyob dalillar boʻlib, ularni shoirdan yozib olgan A. Naumovdan minnatdor boʻlishimiz lozim. Bunda alloma oʻzi yaratgan muazzam sheʼrning kurtaklanish onlarini, taʼbir joiz boʻlsa, badiiy embrionini koʻrsatmoqda. Masala yechimining ilmiy aniq kalitini bermoqda. Faqat bu kalitni sheʼrning dil qulfiga solib, nazokat bilan burash qoladi, xolos.

Shoirning tasavvur osmonida portlagan ilk bandga nazar solsak, koʻramizki, sheʼr ikki hodisa qiyosidan boshlanadi: “Gʻuncha ochilguncha oʻtgan fursatni Kapalak umriga qiyos etgulik…”. Yuqorida keltirilgan suhbatdan bilamizki, alloma hodisaning ikkinchi sohilini bejiz izlamagan. Agar qiyoslanuvchi nuqta, maxraj – lahza topilmasa, umuman, “Vaqt” sheʼri uchun qiyos prinsipi yetakchi prinsip sifatida kashf etilmasa, sheʼr tugʻilmagan boʻlardi. “Qiyosga sigʻmas taqqos” (T. Adashboyev) deyilganidek, yalpi qiyos “Vaqt” sheʼrining struktur yaxlitligini taʼminlaydi, uning badiiy-struktur qiyofasini tayin etadi. Sheʼrda dominant soʻz va dominant tushuncha – lahza. Unda qadam-baqadam lahza va unga maʼnodosh soʻzlar – fursat, nafas, dam, on, sekund uzoq vaqtga (mangulik, cheksizlik qadar) baqamti qoʻyilib, lahzaning qadr-qimmati (“Bir onning bahosin oʻlchamoq uchun, Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz”) quyma misralarda taʼkidlana boradi.

Lahza uchun qoʻyilgan haykalni lahzaga qoʻyilgan haykal deb ham talqin qilish mumkin. Lahzaga haykal qoʻyish uni toʻxtatishga urinish, hech boʻlmasa, shunga ilinj demakdir. Ushbu nuqtada “Vaqt” sheʼri Gyotening “Faust” tragediyasi bilan fikr-gʻoya jihatidan kesishadi. Faustning Mefistofel, iblis bilan tuzgan shartnomasi aynan lahzaga oid edi:

Agar men bir onni ulugʻlar boʻlsam,

“Toʻxta, ey soniya!” – deb aytsam agar,

Sening tutquningman, mayli, oʻsha dam.

“Vaqt” sheʼrida “Umrdan oʻtajak har lahza uchun” haykal qoʻyishga daʼvat etiladi. Bu insonni tinimsiz ijodga, yaratishga, lahzani boʻysundirishga undash demakdir. Binobarin, inson yaratgan buyuk maʼnaviy obidalar ushbu “eng oliy lahzada” dunyoga kelgan va oʻtkinchi, chopagʻon vaqtga qoʻyilgan sobit haykallar emasmi?

Sheʼrning ichki olamiga yanada chuqurroq kirishga imkon beradigan bir holat bor. Bu asar yaratilgan paytda hokimi mutlaq boʻlgan, shu bois sheʼrga suqilib kirgan Stalin nomi bilan bogʻliq.

“Vaqt” sheʼrining ilk nusxasida bu nom ikki marta uchraydi. Jami oʻn besh band, oltmish misradan iborat sheʼrning dastlab 7-bandida, soʻng 14-bandida. Keyingi oʻrinda bir oz nojoʻya ishlatilgandek tuyuladi: “Har lahza Stalin umridek uzun…”. Shuning uchun shoir bu nom oʻrniga bandga va sheʼrga uzukka koʻz qoʻygandek yarashgan “zamonlar” soʻzini qoʻyib, asar potensiyasidagi asl maʼnoni goʻyo qayta tiklaydi.

7-banddagi uchinchi misra keyinchalik ancha evrilishlarga uchraydi. Dastlab misra “Tirik Stalinning nafasdoshimiz” boʻlgan, soʻng uni shoirning oʻzi “Barhayot Leninning avlodlarimiz” deya oʻzgartirgan. Istiqlol davrida chop etilgan “Tanlangan asarlar”da (2003) misra “Oʻzbekning barhayot avlodlarimiz” shaklini olgan. Shoir tavalludining 100 yilligi munosabati bilan bosilgan, “Vaqt” sheʼri oʻrin olgan bukletda misra “Barhayot Navoiy avlodlarimiz” tarzida berilgan. Diqqat qilinsa, keyingi oʻzgartirishlarda muallif izidan borilgan. Lekin, bizningcha, bu oʻrinlarda ilk nusxada mavjud boʻlgan va sheʼrning maʼno-mazmun mehvaridan mustahkam joy olgan bir maʼno qurbon qilingan. Buni anglash uchun bandni toʻliq keltiramiz:

Bebaho damlarning tirik joni biz,

Har oni oʻtmishning yuz yiliga teng.

Tirik Stalinning nafasdoshimiz,

Nafaski, mazmuni fazolardan keng.

Endi ilk nusxadagi bandning badiiy falsafiy maʼnosini chaqishga urinib koʻraylik.

Damlar bebaho, avval aytilganidek, “Bir onning bahosin oʻlchamoq uchun, Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz”, bu maʼlum. Lekin bu bandda maʼnoning yangi oʻrami yuz koʻrsatmoqda. Yaʼni damga jon bagʻishlovchi, uni tiriltiruvchi biz, yaʼni inson. Tirik vaqt, oniy lahza oʻtmishning, oʻtib ketgan vaqtning yuz yiliga teng. Yuz yil bu yerda koʻplikni bildiruvchi bir belgi, xolos, uni oʻtmish tomon cheksizlik qadar choʻzish mumkin. Lekin bu uncha muhim emas, muhimi – bizdan, nafas olayotgan vaqtimizda kechayotgan vaqt, hozir – lahza oʻtib ketgan, oʻtmishga aylangan lak-lak vaqtdan behad qimmat. Ayni shu lahzada, band boshidagi “dam” soʻzi (“Bebaho damlarning…”) mutlaqo bejiz emasligi, bu soʻz faqat fursat, lahza yoki vaqtni anglatib qolmay, nafas, tin maʼnolarini ham anglatishi, shu tufayli uchinchi va toʻrtinchi misradagi “nafasdosh” va “nafas” soʻzlari yuqoridagi “dam” bilan topishishi maʼlum boʻladi. Nafasdosh, yaʼni hamnafas bir xil va bir paytda nafas oluvchini anglatib, hozir – lahzada nafas olayotgan, yaʼni barcha tirik odamlar qaysi bir olamiy nuqtada qondosh va qarindoshdir. Shuning uchun “Tirik Stalinning nafasdoshimiz” misrasidagi nom deyarli ahamiyatga ega emas. Misrada tayanch soʻz-tushunchalar “tirik” va “nafasdosh”dir. Bizga qolsa, misrani “Tirik buyuklarning nafasdoshimiz” tarzida oʻzgartirishni, sheʼrning yangi nashrlarida aynan shunday yozishni taklif qilgan boʻlardik. Bir paytlar “Tong, Toshkent va Gʻafur Gʻulom” (“OʻzAS”, 2000 yil 5 may) sarlavhali maqolamda sheʼrdagi “sovet” soʻzini “bashar”ga almashtirgan va soʻng deyilgan edi: “Bunda men haqiqatga zid bordim yoki tarixiylikni buzdim, deb hisoblamayman, aksincha, haqiqat qaror topdi, deyman. Bu kabi oʻzgartirishlar bir qonuniyat mavjudligidan darak beradi: tagi baquvvat, asli butun sheʼrlar, ular qanday zamonda yaratilgan boʻlmasin, xuddi tirik organizm kabi yangi sharoitda ham yashovchanlik iqtidorini namoyish etadi. Badiiy butunlik shunday mustahkam imorat ekanki, u juzʼiy taʼmirdan lat yemaydigina emas, hatto kuchayar ham ekan. Bunday asarlar asl tiklanish zamonini kutib yotar, balki”. Bu fikr “Vaqt”ga ham taalluqli.

Buyuk fizik, nisbiylik nazariyasi ijodkori A. Eynshteynga bagʻishlangan kitobda yozilishicha, “Nisbiylik nazariyasi fazo va vaqt orasidagi bogʻliqlikni ochib berdi” (Aleksandrov A. D. O filosofskom soderjanii teorii otnositelnosti. – M., 1979.120,133-betlar). Yana shu yerda yozilishicha, “Olamning eng oddiy unsuri, bu – voqea deb atalmish narsa. U xuddi zum oʻchib-yonadigan chiroqning oniy chaqnashi monand “xol-xol” hodisaga oʻxshaydi”. Nisbiylik nazariyasida olamning fazo – vaqt strukturasi haqida gap ketganda unga shunday taʼrif beriladi: “Fazo – vaqt olamdagi barcha hodisalar toʻplami boʻlib, bunda bir hodisaning ikkinchi hodisaga taʼsir etish nisbati alohida eʼtiborga ega”.

Voqea-hodisalar xol-xol boʻlib roʻy beraveradi, betoʻxtov oʻtaveradi. Vaqt kechaveradi. “Vaqt” sheʼrida aytilganidek,

Zamona soati zang urar mudom,

Minglab hodisalar minutlarga qayd.

Qahramon tugʻildi, shahar olindi,

Bir gigant qurildi sharafli bu payt.

Ilk nashrda birinchi misradagi koʻchimsiz aniq “Kreml kuranti” oʻrniga qoʻyilgan keng qamrovli metaforik jumla “zamona soati” (buni “vaqt soati” tarzida ham talqin qilish mumkin) sheʼrning yalpi ruhiga mos. Biz bu oʻrinda juzʼiy taʼmirchining badiiy didiga tahsin aytamiz.

Shoir ijodidagi zamonasozlik haqida gapirib, baʼzan “Vaqt” sheʼrini ham shu oqimga qoʻshib yuborishadi. Zamonasozlik zamonga, davr talabiga qarab ish tutishni, ijod qilishni anglatsa, unda “Vaqt” sheʼri bunday zamonasozlikdan ancha yuqori turadi. Umuman, bu kabi asarlarga oddiy mezon bilan yondashib ham, bunday mezonlarni “Vaqt” kabi sheʼrlarga qoʻllab ham boʻlmaydi. Sheʼrni zamonasoz asarlar sirasiga kiritganlarni unda joriy zamonaga oid voqea-hodisa va shaxslar tilga olinishi chalgʻitgan boʻlishi mumkin. Lekin siz ijodkor oʻrniga oʻzingizni qoʻyib koʻring, vaqt haqida yozib, oʻsha vaqtdagi, zamonadagi hodisalarni tilga olmaslik mumkinmi? Vaqt faqat vaqtdan ulgi oladi, boshqa hech bir narsadan emas. Shu bois zamonasozlik bilan zamonaviylikni farqlash lozim. “Vaqt”ga yuksak zamonaviylik, yaʼni zamon bilan, oʻzi nafas olayotgan on, lahza bilan birgalik, hamnafaslik xos. Zero, muayyan badiiy darajaga erishgan asar hamma davrlar uchun zamonaviy, barcha davrlarga zamondosh. “Vaqt” sheʼriga kelsak, u uzluksiz, mutlaq vaqt haqida, zamona esa shu vaqtning bir parchasi, abadiyat nigohidan qaralsa, u mutlaq vaqtning bir lahzasi, xolos. Shu bois “Vaqt” sheʼrini zamonasoz asarlar sirasiga kiritish uning mohiyatini anglamaslikdan boshqa narsa emas. Zero, “Vaqt” zohiran sodda, botinan tushunilishi qiyin sheʼrlardan. Misralar sirtdan oddiy boʻlib koʻrinadi, ularning bilquvva maʼnosi birdan anglashilmaydi. Maʼno anglanmaguncha ongda poetik obraz shakllanmaydi. Bir tur sheʼrlarda avval obraz yaqqol koʻzga tashlanib, obraz bilan maʼno deyarli bir paytda namoyon boʻlsa, “Vaqt”da avval soʻz va misradagi maʼnoni chaqish lozim boʻladi, shundan keyingina obrazli tasavvur ishlay boshlaydi. “Vaqt” sheʼri chalgʻituvchi soddalikni bosib oʻtib, zamirda zil maʼnolar yashiringan misralarni anglashga uringan, shunday urinishdan zavq tuya oladigan intellektual kitobxon mulkidir.

Qahramon adibimiz Said Ahmad “Vaqt”ning tugʻilishi (Bir sheʼr tarixi)” xotira-maqolasida yozishicha, oxirgi band uning daʼvati bilan bitilgan. Nima boʻlganda ham, mazkur band butun sheʼr kabi ilhomning yuksak onlarida tugʻilgan, undagi har bir soʻz oʻz oʻrnida qoim. Bunday paytda soʻz quyilib keladi, bunday soʻz qaʼridan hech kutilmagan maʼnolar gʻimir-gʻimir qilib chiqib kelaveradi. Bunda maʼno avtonomiyasi deyish mumkin boʻlgan hodisaga duch kelamiz. Maʼno muallif ixtiyoridan tashqari harakat qilayotgandek tuyuladi goʻyo.

Hayot sharobidan bir qultum yutay,

Damlar gʻanimatdir umrzoq soqiy.

Quyosh-ku falakda kezib yuribdi,

Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.

Said Ahmad yuqorida tilga olingan maqolada yozadi: “Shu bilan tongotar paytda Gʻafur Gʻulom nomini juda uzoq ellarga olib borgan sheʼrga nuqta qoʻyildi. Bu sheʼr ulkan shoirning falsafiy qudratini, soʻz sanʼatkorligini, hayot hodisalarini nihoyatda chuqur bilishini namoyish qilgan edi”.

Soʻnggi band nafaqat sheʼrni yakunlaydi, u sheʼrni, sheʼrdagi yaxlit poetik mazmunni yangi orbitaga, samoviy yuksaklikka olib chiqadi. Yakka umr oʻtkinchiligi, foniyligini koinot boqiyligi bilan muvozanatlaydi. Bu tabiiy va qonuniy yechim edi. Aflotun “Timey” asarida vaqtni “abadiyatning harakatdagi monandi” deb ataydi. Chunki abadiyatda ham hayot bor, faqat bundagi hayot sobit va butun. “Vaqt” sheʼri lahza bilan abadiyat orasiga koʻprik qoʻyib, abadiyat bekatida sobit qoladi.

Yirik sharqshunos olim Ye. Bertels oʻzining mashhur “Navoiy va Attor” maqolasida sufizmning bosh gʻoyasi “individual “men”ning kosmik “men”ga qorishib ketishidir”, deb taʼkidlaydi. Har qanday ijodkor, agar u chinakam katta shaxs boʻlsa, hech qachon individual “men” doirasida qolmay, muqarrar kosmik “men” masnadiga koʻtariladi.

Yuqorida tilga olingan Said Ahmad maqolasida “Vaqt”ning soʻnggi bandi haqidagi gap oʻziga xos yoʻriq boʻla oladi: “Gʻafur aka oʻylanib turdi-da, darrov ruchkani oldi.

– Gʻafur Gʻulomniki boshqacha boʻladi. Gʻafur Gʻulomniki Gʻafurovskiy boʻladi.

U shunday deb yozishga tushib ketdi”.

Avval aytilgan “Vaqt”ni struktur butunlik sifatida tutib turgan qiyos prinsipi soʻnggi bandda ham bor kuchi bilan ishlaydi. “Bir qultum” – lahzaning boshqa bir shakli, “nafas”ning sharobga bogʻliq ekvivalenti. Nafas olinadi – chiqariladi. Sharob esa yutiladi, qultum holida. Bir qultum ham bir lahzadir. Lahza yana gʻanimat damlar sifatida “umrzoq soqiy” bilan qiyoslanmoqda. Oʻta nozik ishora bilan “gʻanimat” “umrzoq”qa, “damlar” mangulikning hoziru nozir vakili “soqiy”ga qarshilantirilmoqda. Lekin ikki holatning – gʻanimat dam bilan umrzoq soqiy muvozanati yarim, ammo toʻliq tasalli emas. Shuning uchun mangulikka sobit timsol kerak, mana u: “Quyosh-ku falakda kezib yuribdi…”. Quyosh emasmi, manguligimiz kafolati. Chindanam, “Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy”. Yana bir sezgi bor shu yerda. Quyosh aniq, shoyon hodisa boʻlishi bilan birga u yanada yuksakroq xilqatga ishorat qilayotgandek… Zero, hozirgi falakiyot ilmi isbotlaganidek, quyosh ham mangu emas. Har bir yaratiq kabi u ham bir kun kelib soʻnadi.

Xullas, “gʻuncha” bilan ochilgan sheʼriy maydon “falak” bilan, koinot qadar kengaygan fazo bilan yakunlanmoqda.

Shoir yashagan, xususan, “Vaqt” sheʼri yaratilgan payt gʻoyat murakkab, sharqona-oʻzbekona fikr cheklangan, fikr-mulohaza markscha-lenincha dahriy aqidalar bilan tangʻib tashlangan davr edi. Shoir ushbu aqidalar chizigʻidan tashqariga chiqish xavfli ekanini bilar, lekin shu doira ichida turib ham “Vaqt” kabi mumtoz sheʼrni yaratolgan edi. Shu oʻrinda taniqli adib Omon Muxtorning quyidagi soʻzlari ayni muddao: “Hali aytganimiz, minbardagi (yalovbardor) shoir sifatida tanilgan Gʻafur aka aslida faylasuf, mutafakkir edi. Davr imkon bersa, u faqat falsafiy, umuminsoniy sheʼrlar yozardi. Zotan, XX asr oʻzbek sheʼriyatida Gʻafur akaga yetkazib, “eng kichik zarradan Yupitergacha…”, deya keng nafasda soʻzlagan boshqa shoir uchramaydi”.

Yuqorida vaqtning sirliligi, uning asl mohiyatini hech kim bilmasligi aytildi. Haqiqatan ham shunday, chunki vaqt Alloh taolo izmidagi sir-sinoatdir. Vaqt haqida shunchalik mukammal sheʼr yozgan shoir shu haqiqatni bilmasmidi? Bilardi. Lekin sheʼr bitilgan paytda bunday gapni aytib boʻlmasligini ham bilardi. Shoirning qizi Olmos opa oʻz esdaliklarida ul zotning doʻst-nadimlari (eʼtiborlisi shundaki, ularning barchasi eskicha taʼlim olgan, madrasa koʻrgan milliy ziyolilar) yarim tunda allaqaysi radiotoʻlqinlardan Qurʼon tilovatlarini tinglab, yigʻlab oʻtirishganini koʻrgani haqida yozgan. Bu totalitar davrda yashagan maʼrifatli oʻzbek ziyolisi ikkiyoqlama, avra-astar hayot kechirganidan dalolat. U qobiqda, avrada shoʻro gʻoyalarini qabul qilgani holda astarda, ichda asriy zotiy oʻzakdan voz kechmagan, aniqrogʻi, voz kecholmagan.

Maqolani ikki kichik xulosa bilan yakunlasak: birinchidan, shoir ijodi, nazm va nasrda vaqt badiiy konsepsiya maqomiga ega; ikkinchidan, “Vaqt” sheʼrida vaqt falsafasi lahza falsafasi tarzda namoyon boʻladi. Binobarin, lahza falsafasi yalpi vaqt falsafasining xususiy koʻrinishi deyish mumkin.

 

Suvon Meli

 

“Ijod olami”, 2017–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.