Uzilmas tor

0
259
marta koʻrilgan.

Qolgan borliq umring nazmingda qolmish,

Qoʻldan qoʻlga oʻtgay

Sozlaring seni.

(Shoirning oʻz sheʼridan)

 

Ijodda eng yaxshi maktab – yaxshi yozuvchi yoki shoirning ijodi. Shu maʼnoda, men Toʻra Sulaymon sheʼriyatidan katta zavq va ilhom oldim. Bugun shu haqda Sizga ikki ogʻiz soʻz aytmoqchiman.

Oqin kuylayapti. Yurakdan kuylayapti. Uning xonishlariga qushlarning chugʻurlari, jilgʻalarning shildirashi, yaproqlarning shiviri joʻr boʻlyapti. Qoʻshiqlar sarin tong nasimi qanotida togʻlardan, bogʻlardan oshib boryapti. Oqin koʻngil torlarini doʻmbiraday chertib-chertib nola qiladi:

 

Dastlab tong chogʻinda koʻrgandim seni,

Soʻng Tangri togʻinda koʻrgandim seni.

Qizlar yonogʻinda koʻrgandim seni,

Qayta ketmas boʻlib keldingmi, bahor?

 

Toʻra Sulaymonning yurakka yaqin bitiklarini oʻqir ekanman, chumchuqlar erkin-erkin parvoz qilayotgan dala, olis-olis burchaklarida parqu bulutlar suzib yurgan tip-tiniq osmon namoyon boʻladi, avji saratonda gʻir-gʻir esayotgan shabada koʻksimni mayin-mayin siypalab oʻtadi goʻyo. Yuragim orziqadi, hayot goʻzalligini, ezgulik nafasini his qilaman.

Shoir asarlarida millatga boʻlgan buyuk muhabbat, uning qismatiga qismatdoshlik hissi yaqqol sezilib turadi:

 

Bobomning orzulari amalga oshmas boʻlsa,

Yurgan yoʻlimda oʻlan, qoʻshiq qalashmas boʻlsa,

Qoʻshiqlarim bogʻlardan, togʻlardan oshmas boʻlsa,

El-yurt baxtini kuylash menga yarashmas boʻlsa,

Koʻnglimda armon yotar

Tura bilmas nor misol.

 

Shoirning “Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidagi baxshiyona hikoyalarida ham, “Yovqochdi”, “Guljahon” kabi dostonlarida ham xalqqa mehr, elga sadoqat singari umrboqiy mavzular xalqona yoʻsinda oʻz ifodasini topgan.

Muhabbat sheʼriyatning eng qadimiy, eng goʻzal mavzusi, ezgulikka undovchi tuygʻu. Mavlono Fuzuliy taʼbiri bilan aytganda, ishq – misni oltinga aylantiruvchi eksir. U haqda koʻp va xoʻb yozilgan. Adabiyot xazinasiga oʻlmas durdona boʻlib qoʻshilgan asarlarning aksariyati shu mavzuda. Toʻra Sulaymon sheʼriyatida ham muhabbat taronalari oʻziga xos ohangda kuylangan:

 

Izlay-izlay horib boʻldim, sensiz yolgʻiz, gʻarib boʻldim,

Endi bosgan izlaringni toʻrt tomondin topolmasman.

Toliqib ham tolib boʻldim, qirqqa kirmay qarib boʻldim,

Layli-nahor seni izlab yer-osmondin topolmasman.

 

… Vaqt gʻildiragi aylanaveradi, aylanaveradi. Soniyalar, kunlar, fasllar, yillar almashaveradi. “Bizlar boʻlmasak ham, hamon boʻlgʻusi”… Tarix – xotirasi sust oʻquvchi. Eng muhim voqealarnigina eslab qoladi. Qolgan mayda narsalar suv qumlikka singganday izsiz ketadi. Adabiyotda ham shunday. Odamlar yuragidan mustahkam oʻrin egallagan asargina adabiyot dunyosidan oʻziga munosib joy topa oladi. Menimcha, Toʻra Sulaymon sheʼriyati xuddi ana shu joyni – minglab, millionlab qalblarni zabt etib boʻlgan.

… Oqin kuylayapti. Avj pardada kuylayapti. Toki inson yuragi tirik, qalb koʻzi uygʻoq ekan, shoir kuylashdan tinmaydi:

 

Dovrugʻlari boʻlib elga ovoza,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim…

 

Orif Tolib

 

2006

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.