“Umrning har dami gʻanimat”

0
409
marta koʻrilgan.

Avar xalqining mashhur shoiri Rasul Hamzatovning “Mening Dogʻistonim” nomli kitobi “Agar sen oʻtmishga toʻpponchadan oʻq uzsang, kelajak seni toʻpga tutadi”, “Ertalab uyqudan turgan vaqtingda ilon chaqqanday oʻrningdan sakrab turma, avval tushlaringda nimalar koʻrganingni oʻyla” degan hikmatlarni keltirish bilan boshlanadi. Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon sheʼrlarining lirik qahramoni ham xalqimizning oʻtmishi, buguni, ertasi uchun qaygʻuruvchi, jamiyatdagi dolzarb masalalarga teran nigoh bilan boqib, kishilardagi baʼzi nuqsonu illatlarni nim tabassum bilan tanqid qilib, ularni tuzatishga bel bogʻlagan shaxs sifatida namoyon boʻladi.

Hozirda sheʼrni shakl va mazmun jihatidan muttasil yangilash uchun izlanishda boʻlgan shoir oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi, mumtoz adabiyotimiz va jahon adabiyoti anʼanalarini uygʻunlashtirib qator muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritmoqda. Ushbu muvaffaqiyatlar shoir asarlarida kishilar dilidagi gaplarning jonli, hayotiy, xalqona usulda ifodalanishida, chuqur falsafasida, bir qarashda oddiy koʻringan voqelikning tasvirda oʻzgacha maʼno kasb etishida, iztirobli hodisalarning nim tabassum bilan yoritilishida boʻlsa ajab emas.

Xalqimiz azaldan buyuk shaxslarni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Bugungi kunda dunyo ahli ularning jahon tamadduniga qoʻshgan beqiyos hissasini tan olmoqda. Buning yorqin dalilini Parijda sohibqiron Amir Temurga, Tokio, Moskva, Boku shaharlarida Alisher Navoiyga, Rigada Mirzo Ulugʻbekka, Bryusselda Ibn Sinoga, Qohirada Ahmad Fargʻoniyga muhtasham haykallar oʻrnatilganida koʻrishimiz mumkin. Anvar Obidjon sheʼrlarida ham xalqimizning ulugʻ siymolari faoliyati yetakchi oʻrin tutadi. “Ulugʻbekning oʻgʻli bilan vidolashuvi”, “Manguberdi falsafasi”, “Mashrab dor ostida”, “Abdulhamid Choʻlponning tushimda oʻqigan sheʼri”, “Fitrat”, “Qodiriyni eslab” kabi qator sheʼrlarida erk, ozodlik, jasorat, istiqbol, mehr-muhabbatni ulugʻlash gʻoyalari tarannum etiladi. Masalan, dor ostidagi Mashrab: “Koʻrib qolay bir marta yayrab kulgan xalqimni” (“Tanlangan sheʼrlar”. Toshkent, “Sharq”, 2006, B. 36) – deya orzu qilgan boʻlsa, Manguberdi: “Xalq boʻladi “Biz!” degan millat, “Men!” degan xalq Millat boʻladi” (B. 224) – deya birlikka, jasoratga chorlaydi.

Oʻz-oʻzini taftish qilish orqali jamiyatdagi dolzarb masalalarni yoritish, kishilardagi nuqsonlarni fosh etish shoir uslubi uchun xos jihatlardan. Quv nigorga bir koʻrishda oshiq boʻlib, dil izhorini aytishga botinolmay, chorasiz uyquga ketgan lirik qahramon holati yengil yumor bilan sugʻorilgan “Qoʻymas gʻurur kishani Qiz sari yoʻl olishga. Oxir Zoʻrlab meni tun Nikohladi Bolishga” (B. 26) satrlarida ifodalansa, boshqa sheʼrda bu dunyoni tark etgisi yoʻq, joni shirin tuyulayotgan lirik qahramon holati “Tark etardim hoziroq Beshafqat bu dunyoni… Netay, Yotga bergim yoʻq Bagʻrimdagi barnoni” (B. 26) tarzida tasvirlanadi. Yoki badiiy koʻchimlardan oksimoronni bir qadar eslatib yuboradigan quyidagi satrlarda lirik qahramon oʻzining holatini zebu zavar talab qilayotgan yoriga quyidagicha izhor etadi: “Qizgʻanchiq deb oʻylama, gulim, Bu soʻz menchun tengdir oʻlimga. Inon, juda ochiqdir qoʻlim, Hech narsa yoʻq faqat qoʻlimda” (B. 28). Ushbu satrlarda”ochiq qoʻl” bilan “Hech narsa yoʻq qoʻl”ning qarshilantirilishi oʻziga xos maʼnoni yuzaga chiqargan. Tasvir usuli kutilmagan xulosaga asoslangan quyidagi sheʼrda esa jamiyatning inson xohish-irodasiga zid qonunlari tanqid qilinadi: “Baliqchilik boʻydoqlar ishi! Suv parisin tutvolsa nogoh, Qila olmas qonuniy nikoh Uylangan kishi” (B. 28). Sovet davrining kishilar tafakkurini ham iskanjada tutib turish holati “Koʻzingni yum, quloqni berkit, aqlingni toʻmtoqla, tilni kalta qil… Endi yashayver!” satrlarida siqiq ifodalanadi.

Mashhur nemis mutafakkiri Iogann Volfgang Gyotening “Oʻrmon shohi” nomli sheʼrida otasi tomonidan otda oʻrmon ichidan tabibga olib ketilayotgan betob bolaning oʻlim oldidagi holati ota va goʻdak dialogi orqali oʻta taʼsirli ifodalangan. Anvar Obidjonning “Kasal bola” sheʼrida oʻlim oldidagi bola holati uning monologi orqali yoritiladi. Ushbu monolog eri tashlab ketgan yolgʻiz ayol – onaning cheksiz iztiroblarini his etishimizga yordam beradi. Soʻnggi banddagi bola qiyofasi jonli, taʼsirchan chizgisi bilan oʻquvchini larzaga soladi: “Yoʻ, yoʻ… qoʻrqmang, oʻlmayman, Koʻp deysiz-ku havasim… Ix-x!.. Tugmamni yechvoring… Qisilyapti nafasim… Oy-y… jonim…” (B. 34).

Oʻzbek mumtoz adabiyotining Anvar Obidjon ijodiga taʼsiri haqida ham koʻp gapirish mumkin. Masalan, Boburning “Bori elga yaxshiliq qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq Kim, degaylar, dahr aro qoldi falondin yaxshiliq” (Bobur. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1976. – B. 60) misralarining ijodiy taʼsiri shoirning “Yaxshilik qil, shoiro, gar u yomonlik qilsa ham Ki, yomonlik qilgan odamga jazodir yaxshilik” (B. 306) satrlarida yaqqol koʻzga tashlanadi. Shuningdek, Anvar Obidjon qahramoni, Boburnikidan farqli oʻlaroq, muhit va zamondan, ishongan kishilari va yaqinlaridan jabr koʻrib, ulardan ilik yuvgan shaxs emas, olamning omonligi yaxshilikda ekanini, yomonlikdan yomonlik yuzaga kelishini, uning ming xato va kulfatligini, unda shayton surati namoyonligini teran anglagan, yaxshilik yomonlik qilgan odamga jazo ekanligini his etgan shaxs sifatida namoyon boʻladi.

Shakl va mazmunni yangilash borasidagi Anvar Obidjonning izlanishlari “Ignabarg sheʼrlar” deb nomlangan bir qatorli sheʼrlarida ham koʻzga tashlanadi. Ularda tuygʻu va ohangdorlikdan koʻra matn ostiga singgan maʼno yetakchilik qilishini koʻramiz. Masalan, bir “ignabarg”da qoʻyning “ortiqcha kamtarligi” bois oson soʻyishlarini aytish orqali barcha narsaga koʻnikuvchan qoʻymijoz shaxslar fojiasi yoritilsa, oʻz dinini unutgan kimsalar qiyofasi “Ilon?! Qoʻrqma, Gulya, bu tasbeh…” (B. 216) tarzida ifodalanadi. Qon-qoniga mustabidlik singib ketgan kimsa qiyofasi “Sen maqtashga majbursan meni!!!” tarzida, koʻplab odamlarning boshiga yetgan shaxs tanazzuli “Miltiq nega oʻzini otdi?” satrida, onasining holidan bexabar, mehrdan yiroq shaxslar qiyofasi “Ona… ona… Juda tanish nom…” tarzida fosh etiladi.

Anvar Obidjonning “Uchchanoqlar”ida inson va zamon muammolari, Vatanning yagonaligi, unga boʻlgan mehr va sadoqat ulugʻlanadi. Maʼnaviy illatlar: mehrsizlik va sotqinlik, amalparastlik va ittifoqsizlik, jurʼatsizlik va ochkoʻzlik oʻziga xos usulda tanqid ostiga olinadi. Masalan, doʻst deb bilganidan kelgan dushmanlik xavfliroq ekanligi “Chandiqlar koʻp tanimda: Yelkamdagi gʻanimdan, Koʻksimdagi doʻstniki” (B. 54) satrlarida ifodalansa, yomonlikning kelajak uchun ham xatarli ekani”Boʻlmasaydi oʻch, hasad, Tobutdagi bu jasad Hali farzand koʻrardi” (B. 166) tarzida yoritiladi.

Shoir “Tentaklar oʻyini” sheʼrida dunyoning ogʻriqli muammosi – zambaraklar hanuz oʻlan aytib, miltiqlar bedavolikni madh etayotgani, Afrika Afrika bilan olishib, osiyolik osiyolikni soʻyayotganligi, Ovroʻpaning bolqonlarida, odam suyaklari tolqonlarida nashavand askarlar raqs tushayotganligini iztirob bilan tasvirlaydi. “Raqs tushar Keksa-yu ayolni tuyib, ogʻzidan qon purkab chinqirar goʻdak… Bularning barini oʻyinga yoʻyib, Pul tikib, tomosha qilar bir tentak” (B. 344) tarzida dunyoning taqdiri tentaklar qoʻliga tushsa, mislsiz fojialar kelib chiqishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Xullas, hozirda adabiyotning koʻplab janrlarida muvaffaqiyat bilan qalam tebratayotgan Anvar Obidjonning “Nazm birla boʻlib oshno jabr sahrosidan oʻtdim, Nazmga sigʻmasa dardim, nasr sahrosidan oʻtdim. Qilay deb bogʻ sitam chekdim – yurakdan unganin ekdim, Koʻchat ushlab yigirmanchi asr sahrosidan oʻtdim” (B. 236) degan eʼtirofi bejiz emas. Bugungi kunda u mustaqil yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlaridan ilhomlanib ijod qilmoqda. “Hayotning har lahzasi goʻzal, Umrning har dami gʻanimat”, deya adabiyotimizni betakror asarlar bilan boyitmoqda.

 

Akbarali SABIRDINOV,

filologiya fanlari doktori (FarDU)

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.