Ulugʻ shoirning oliynasab homiysi

0
242
marta koʻrilgan.

Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga

 

Navoiyshunoslikda Alisher Navoiy va temuriy hukmdor Abulqosim Bobur (1422–1457 yillarda yashab oʻtgan) bilan bogʻliq munosabatlar deyarli tadqiq etilmagan. Vaholanki Navoiy hayotida, undagi betakror isteʼdodning shakllanishida Abulqosim Bobur ham muhim rol oʻynagani ayni haqiqatdir.

Xurosonda Abulqosim Bobur hukmdorligi davri (1449–1457)da Navoiyning otasi Gʻiyosiddin Kichkina podshohning yaqin kishilaridan boʻlgan. “(Gʻiyosiddin Bahodir)… chigʻatoy ulusi ulugʻlaridan va sulton Abulqosim Bobur bahodir hukmronligi davrida sultonning yaqin kishisi boʻlib, mamlakatni idora qilish va davlatga kafillik uning inon-ixtiyorida edi. Benihoyat faolligidan hamma vaqt oʻgʻliga (Navoiyga) fazilat oʻrgatdi, tamom himmatini saodatmand farzandini ilm-hunar bezaklari bilan ziynatlash hamda hidoyat nurlari bilan ravshan qilishga sarf qildi”, deb yozadi Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirat ush-shuaro” asarida. Sulton Abulqosim Bobur yosh Navoiyni qadrlar, undan marhamatini ayamas, doim qoʻllab-quvvatlardi. Uning puxta ilm egallashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan edi.

Som Mirzo Alisher yoshlik ayyomini Bobur Mirzo xizmatida oʻtkazgani va qobiliyati jihatidan podshohga yoqib, uning tutingan farzandi sifatida tanilgani haqida yozadi. Binobarin, oʻn yoshidan, yaʼni 1450 yoki 1451 yillarda podshoh saroyiga xizmatga kirgani Navoiy isteʼdodi tan olinishining ifodasi edi. Chunonchi, Davlatshoh Samarqandiy ham “Sulton Abulqosim Bobur ulugʻ amirga taʼbining muloyimligi, ziyrakligi uchun ofarinlar oʻqir edi, baʼzi paytlarda ulugʻ amir bitgan turkiycha yoki forsiycha sheʼrlarni mutolaa qilar va xayrli duolari bilan qoʻllab-quvvatlardi…”, deydi. Albatta, musulmonchilikda ota farzandi haqiga xayrli duolar qilishidan kelib chiqsak, haqiqatan Som Mirzo taʼkidlaganidek, Abulqosim Bobur boshqalarga oʻxshamagan, farishtasiyrat bu yigitni farzandlari qatorida koʻrgan va undan oʻz pand-nasihatlarini, yordamini ayamagan. Podshoh bor-yoʻgʻi 36 yil yashab (otasi Boysungʻur Mirzo ham 36 yil umr koʻrgan), 8 yil hukmdorlik qilgan boʻlsa-da, ammo yosh Alisher hayoti va ijodida oʻchmas iz qoldirdi. Tarixchi Davlatshoh Samarqandiy taʼbiri bilan aytganda, Navoiy ham “magʻfiratli podshoh zamonida, uning hashamati va himmati bilan hammavaqt fazilat orttirishga intildi, fazl egalarining suhbatini topdi, karamli taʼbi va oʻtkir zehni sheʼr aytish, oʻtmish tarixni oʻrganishga qaratildi. Yoshlik paytidayoq ikki til egasi; turkiyda sohibi fan, forsiyda fazl egasi boʻldi…”

Mirxond “Ravzat us-safo”da ayni mavzuda quyidagilarni keltiradi: “Ul hazrat Sulton Husayn Mirzo Abulqosim Bobur bilan hamsuhbat boʻlgan kezlari amir Alisher ham ul oliy darajali podshohning mulozamatini ixtiyor qildi. Mirzo Bobur tangri taoloning rahmatiga yetishgandan keyin hoqon Mansur Sulton Husayn muqaddas Mashhad shahridan Marvga keldi. Ul sof koʻngillik amir shu viloyatda toʻxtab, fazl kasb etish va ilm orttirish bilan mashgʻul boʻldi…”

Xondamirning “Habib us-siyar” asarida ham Alisher Navoiy Abulqosim Boburning yaqin suhbatdoshi boʻlgani qayd etiladi. Darvoqe, Navoiy Abulqosim Boburning oʻgʻli Shoh Mahmuddan 5 yosh katta edi. 1457 yilda Abulqosim Bobur vafot etib, Sulton Mahmud Mashhadda hukmdor deb eʼlon qilinganida, Navoiy uning yonida edi. Sulton Mahmud Hirot sari yurishda amakisi Alouddavla Mirzoning oʻgʻli Muhammad Ibrohimdan yengiladi. 1459 yilda esa Kobul hukmdori Amir Boboga qarshi jangda 14 yoshida halok boʻladi.

Abulqosim Bobur yosh Alisherning sheʼrlari, suhbatlari va maslahatlari shaydosi edi. Podshoh safarlarda Navoiyni oʻzi bilan birga olib yurgani haqida maʼlumotlar bor.

Bundan tashqari, oʻsha paytda Navoiy Xurosonda mashhur shoir sifatida tanilgandi. Bu haqda uning oʻzi “chun ul avqotda faqirning nazmlari Xurosonda shuhrat tutub erdi”, deya yozadi. Xurosonda shoirning shuhrat topishida sheʼriyat ixlosmandi Abulqosim Boburning ham munosib hissasi bor.

Navoiy Abulqosim Bobur haqida “Majolis un-nafois”da quyidagicha yozadi:

“Bobur Mirzo – darveshvash va foniysifat va karim ul-axloq kishi erdi. Himmati oldida oltinning dagʻi kumushning tosh va tufroqcha hisobi yoʻq edi. Tasavvuf risolalaridan “Lamaʼot” bila “Gulshani roz”gʻa koʻp mashʼuf erdi. Taʼbi dagʻi nazmga muloyim erdi”.

Podshoh Abulqosim Bobur forscha va turkiycha sheʼrlar ham yozgan. Mana, uning bir bayti:

Necha yuzing koʻrib hayron oʻlayin,

Ilohi, men senga qurbon oʻlayin.

Xoʻsh, nega Navoiy “Majolis un-nafois”da Husayn Boyqaro singari Abulqosim Boburni ham darveshvash, yaʼni darvesh kabi deb ataydi? Xoʻsh, shohlar darveshi boʻlgan sultonda darveshlikning qaysi belgilari mujassam boʻlishi kerak? Navoiyning koʻrsatishicha, bulardan biri haqni tanish, ilmga tashnalik, hayotda esa xokisor boʻlib, oʻzini faqirona tutishdir. Goʻzal axloq sohibi Bobur Mirzo taxtda oʻtirsa-da, oxiratini oʻylagan, toj kiysa-da, unga mahliyo boʻlmagan, shohlik rutbasida darveshday halol va halim, marhamatli, adolatparvar temuriyzoda boʻlgan.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Abulqosim Bobur atrofiga shoirlarni toʻplab, mushoiralar oʻtkazishni xush koʻrgan. Yosh Navoiy esa saroy shoiri sifatida Abulqosim Bobur huzuridagi adabiy majlislarning faol qatnashchilaridan biri boʻlgan, bu yigʻinlarda shoir tomonidan oʻqilgan sheʼrlar podshoh va anjuman ahli eʼtiborini tortgan. Bu esa, oʻz navbatida, yosh shoirning turkiy sheʼriyat olamidagi shuhratini oshirishga xizmat qilgan.

Navoiy “Majolis un-nafois”da Abulqosim Bobur taʼrifu tavsifiga katta oʻrin ajratgani ham bejiz emas. Shu asarda qayd qilinishicha, Mavlono Muhammad Muammoiy, Vali Qalandar, Hofiz Sharbatiy hamda Mavlono Muhammad Amin singari koʻplab shoirlar ham Navoiy qatorida Abulqosim Bobur anjumanlarining faol ishtirokchilaridan boʻlishgan. “Majolis un-nafois”da Abulqosim Bobur saroyidagi majlis ishtirokchilari, shoirlar, davr fozillari, ziyolilar toʻgʻrisida keng yoritilgani Navoiyning ushbu mushoiralarda muntazam qatnashganini bildiradi. Qolaversa, bularni oʻqib, Abulqosim Bobur saroyi chinakam ilm-maʼrifat va madaniyat maskani boʻlgani, ulugʻ shoir isteʼdodi shu maskan taʼsirida barkamol rivoj topganiga amin boʻlish mumkin. Muxtasar qilib aytganda, Abulqosim Boburning Navoiy hayotida tutgan oʻrni ustozlari Abdurahmon Jomiy, Sayid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammadlarnikidan kam emas.

 

Sherxon QORAYEV

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.