“Uliss” kitob javonimizda

0
438
marta koʻrilgan.

Birinchi jahon urushining insoniyat boshiga yogʻdirgan kulfat va talofatlari, “proletar inqilobi”ning gʻalabasi Yevropani parokandalikka olib keldi. Adabiyot va sanʼatda gegemon hisoblangan romantizm va realizm oqimlari maydondan chiqib ketdi. Oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida poeziyada syurrealizm (Giyom Apolliner va uning izdoshlari), prozada modernizm (Marsel Prust va boshqalar) oqimlari yetakchilikni qoʻlga oldilar. Prustdan keyin Yevropa modern adabiyotining shakl-shamoyilini, uslubiy yoʻnalishlarini F. Kafka, J. Joys, T. Mann, V. Vulf kabi romannavislar davom ettirib, takomillashtirdilar. Ular qalamiga mansub “Jarayon”, “Uliss”, “Doktor Faustus”, “Missis Dellouey” romanlari XX asr modernizm prozasining rivojiga katta taʼsir koʻrsatdi, turli modernistik oqimlarning yuzaga kelishiga zamin yaratdi.

Irlandiyalik yozuvchi Jeyms Joys (James Joyce, 1882–1941)ijodi, ayniqsa, uning “Uliss” (Ulysses, 1921) romani jahon adabiy jamoatchiligida katta shov-shuvga sabab boʻldi. Oʻtgan yillar davomida roman haqida koʻplab maqola va tadqiqotlar yaratilgan boʻlsa-da, adabiy tanqidchilikda u haqda hanuzgacha yakdil bir fikrga kelingani yoʻq, toʻgʻrisi, bir toʻxtamga kelish ham amri mahol. Sababi, muallifning oʻzi roman haqida “… shunchalik koʻp boshqotirma va topishmoqlarni yigʻdimki, asrlar boʻyi olimlar ularni yecha olmay bosh qotirsinlar, bu mening abadiy oʻlmas boʻlishimga kafolatdir”, deya yozgan edi.

Ha, Joys taʼkidlaganidek, “Uliss” romanining matni boshqotirmalardan iborat, “ingliz adabiy tilida yozilmagan, umuman yozilmagan… u faqat koʻrish va eshitishga moʻljallangan” (Semyuel Bekket) matndir. Shu bois asar yaratilgandan keyin fransuz va italyan tillariga toʻliq tarjima qilingan boʻlsa-da, Yevropadagi boshqa tillarga tarjima qilinmadi. Undan ayrim parchalarni rus va gruzin tarjimonlari oʻz tillariga oʻgirishga muvaffaq boʻldilar. Sotsrealizm qolipidagi sovet adabiyotshunosligi romanni “XX asrning eng maʼyus, pessimistik ruhdagi asarlardan biri – “Uliss” romanida oʻzining toʻliq ifodasini topgan Joysning nigilizmi (har qanday meʼyor, prinsip va qonunlarni inkor etish – M. X.) modernizm “evangeliye”siga aylandi (V. Ivasheva)”, deya subʼyektiv tarzda baholab, uni tarjima qilishga shoshilmadi. Faqat oʻtgan asrning 80-yillari oxirida adabiyot va sanʼatda roʻy bergan “qayta qurish”, demokratik oʻzgarishlar yuzaga kela boshlagan paytda M. Prust, J. Joys, F. Kafka ijodini oʻrganish, asarlarini tarjima qilishga kirishildi. Nihoyat, “Inostrannaya literatura” jurnalining 1989 yil sonlarida “Uliss” romanining ruscha tarjimasi bosildi. Tarjimonlar V. Xinkis va S. Xorujiyning uzoq yillar olib borgan mashaqqatli mehnatlari oʻz samarasini berdi. Oradan qariyb yigirma yil oʻtib, “Uliss” romanining oʻzbekcha tarjimasi yaratildi va “Jahon adabiyoti” jurnalining 2008 yil sonlarida bosildi.

Fursat kelganda, “Uliss” tarjimoni Ibrohim Gʻafurovning “Unutilmas Ozod Sharafiddinov oʻzbek kitobxoni Joysni orzulagan va Nitsshe, Markes va Joysni (“Zardoʻsht tavallosi”, “Buzrukning kuzi”, “Uliss”) tarjima qilishni bizning zimmamizga yuklagan edi”, degan soʻzlarini keltirib oʻtish oʻrinlidir. Ibrohim Gʻafurov ustoz Ozod Sharafiddinov yuklagan uch vazifaning uddasidan chiqdi, uch asar tarjimasini oʻzbek kitobxoniga tortiq qildi. Darvoqe, tarjima haqida matbuotda ijobiy fikrlar bildirildi, shuningdek, ayrim mulohazalar ham aytib oʻtildi. Bugun “Uliss” romanining soʻzboshi (professor. Akmal Saidov), soʻngsoʻz va izohlar bilan taʼminlangan, chiroyli jildli tarjimasi kitob javonimizdan oʻrin oldi*.

“Uliss”dek qomusiy xarakterga ega yirik asar tarjimasi haqida atroflicha fikr yuritish, uni toʻgʻri baholash bir maqola hajmiga sigʻmaydi. Qolaversa, tarjimani toʻliq tahlil qilish yirik monografik tadqiqotni talab etadi. Biz ushbu taqrizimizda Joys uslubi bilan bogʻliq ayrim holatlarning tarjimada qay tarzda berilishi xususida fikr yuritmoqchimiz.

“Uliss”ning aksariyat qismi impressionistik ruhdagi stenogramma shaklida yozilgan boʻlib, bu asosan matnda “ong oqimi”ni aks ettirish niyatida qoʻllanilgan. Romandan olingan quyidagi parchaga eʼtibor qarataylik: “Ostonada u (Blum – M. X.) shimining orqa choʻntagini urib koʻrdi, tashqi eshikning kaliti turibdimikin? Yoʻq-ku. Anavi yechib qoldirgan shimda, shekilli. Uni olish kerak. Kartoshkamiz bor. Javon gʻichirlayapti. Uni (Mollini – M. X.) uygʻotib yubormay. Hozirgina toʻshakda u yoqdan-bu yoqqa agʻdarildi. U nihoyatda ehtiyotkorlik bilan eshikni yopdi. Uni ostonagacha taqab qoʻymadi. Tashqaridan yopiqqa oʻxshab koʻrinadi. To kelgunimcha hech narsa qilmaydi” (“Uliss sarguzashtlari”, 87-bet).

Joys sharhlovchilari muallifning ushbu uslub vositasida oʻtmish adabiyotidan foydalanib, misollar axtarishni oʻziga xos oʻyinga, ermakka aylantirgan, degan fikrga boradilar. Joys oʻz uslubi va yozuv texnikasini fransuz adibi E. Dyujarden (Édouard Dujardin, 1861–1949) ning “Lavr yaproqlari kesildi” (Les lauriers sont coupés”, 1888) romani taʼsirida kashf qilganini inkor etmaydi. Aslida esa koʻchirma gapni birinchi shaxs nomidan hikoya qilish orqali hayotni tasvirlashga uringan yozuvchiga ichki monologning u yoki bu shakliga murojaat qilishiga toʻgʻri kelgan. Joys romanda ushbu uslubdan keng foydalangani uchun ham (“Uliss”ning oxirgi 18 epizodi bundan mustasno – M. X.) matn diqqat-eʼtiborimizni oʻziga jalb etadi. Ayni paytda, muallif ushbu uslubni qoʻllashga harakat qilgan boshqa yozuvchilardan alohida ajralib turadi.

Bu yerda ikki jihatga eʼtiborimizni qaratmogʻimiz lozim. Birinchidan, stenogramma uslubidan foydalanish Joysning fikr doirasini cheklab qoʻymaydi, aniqrogʻi, u tasvirlayotgan manzarani jimjimador hoshiyaga solmaydi, aytmoqchi boʻlganini bitta konkret personaj bilan chegaralamaydi. Buni biz yuqorida keltirilgan misolda ham kuzatishimiz mumkin. Yozuvchi hayotni faqat Blum koʻzlari orqali koʻrsatishga harakat qilmaydi. Blum taassurotlaridan voqelikni obʼyektiv tasvirlash va ushbu tasvirni boyitish uchun foydalanadi desak toʻgʻriroq boʻladi. Shuning uchun uchinchi shaxs orqali ifodalangan obʼyektiv fikr (“Ostonada u shimining orqa choʻntagini urib koʻrdi, tashqi eshikning kaliti turibdimikin?”) aytilmagan monolog (“Anavi yechib qoldirgan shimda”) bilan ketma-ket keladi. Ikkinchidan, ruhiy jarayonni batafsil qayd etishdan yorqin taassurotni tugʻdirishga boʻlgan harakat Joys uslubida “ilmiy” emas, balki impressionistik xarakterga ega. Joys boshqa yozuvchilardan farqli oʻlaroq, aytilmagan fikrlar uchun aniq soʻzni yoxud muqobilini topishga harakat qiladi va buning uddasidan chiqadi. Masalan, yuqoridagi parchadan olingan “Kartoshka shu yerda” jumlasi bu maqsadga xizmat qilishi mumkin. Qahramon hayolida oqib oʻtgan: “Choʻntagimda kartoshkadek teshik bor” qabilidagi fikr shunday bir shaklda ifodalanganki, oʻzining gʻayrioddiyligi bilan ruhiy jarayonning illyuziyasini yaratadi. Lekin Joysda uning haqiqiy maʼno-mazmuni qoʻshimcha fikr, ahamiyatsiz ovoz sifatida xizmat qilgani va qilayotganida mujassam boʻlgan. Blum kirish eshigida kalitni axtarganida ham (umuman olganda, kalit “Uliss”da muhim ramziy maʼnoga ega – M. X.), oʻz turmush oʻrtogʻi bilan boʻlgan oʻrtadagi murakkab munosabatlarni taʼriflashda ham bu shakl takrorlanadi. Deyarli besh yuz sahifadan soʻng oʻqiymiz (izoh: Blum fohishaxonaga borib, u yerdagi ayol Zoedan kartoshkani qaytarib berishni soʻraydi):

“Blum: S ney svyazana pamyat. Ya xotel biʼ imet yeyo.

Stiven: Imet ili ne imet, vot v chyom vopros.

Zoe: Vot ona (podnimayet oborku kombinatsii, obnajaya lyajku, i viʼtaskivayet kortofelinu iz-pod chulka). Tot, kto pryachet, znayet, gde nayti”.

Tarjimada:

“Blum: Uni koʻrib eslab yuraman. Yonimda yursa deyman.

Stiven: Boʻlsin boʻlmasin, shudir masala.

Zoya: Ol ana. (Etagini koʻtarib, sonlarini ochadi, paypogʻining yoqasiga oʻrab qoʻyilgan kartoshkani olib uzatadi.) Kim yashirsa, oʻsha topadi”.

Dialogning oʻzbekcha tarjimasi biroz erkin tarzda berilgani shundoqqina sezilib turibdi. Blum aslida: “Xotiram u bilan bogʻliq. U menda boʻlsa deyman” demoqchi. Stiven esa kinoyaviy ohangda Hamlet monologidagi “To be, or not to be: that is the question” (“Tirik qolmoq yo oʻlmoq. Shudir masala!” – M. Shayhzoda tarjimasi) jumlasiga taqlidan: “Boʻlsin boʻlmasin, shudir masala”, deya luqma tashlaydi.

Ushbu kichik epizod qaysidir jihatdan Joys metodini yaqqol namoyon qiladi, qanchalik u rang-barang tagmaʼnodan foydalanganini koʻrsatadi. Birinchidan, bu epizod farsga oʻxshab ketishi, fahshga toʻlaligi, siyqasi chiqqanligi, koʻp maʼnoga egaligi bilan ajralib turadi va, eng muhimi, muallif unga katta ahamiyat qaratganligidan dalolat beradi.

“Uni koʻrib eslab yuraman (S ney svyazana pamyat)” aslida, siyqasi chiqqan ibora, qolipga aylangan jumla boʻlib, ayni paytda koʻp maʼno ham anglatadi. Oʻquvchi ongida hech narsaga arzimaydigan sentimentallik, yurakni ezuvchi hissiyotga berilganlik, obʼyektiv voqelik, real vaziyatdan uzoqlashtiruvchi vaqtichogʻlikning alomatlari uygʻonadi – biroz oʻtib Zoe kankan raqsiga tushadi. Bir qator ichki assotsiatsiyalar vositasida fohishaxonaning ruhiy iqlimi tiklanadi. Blum – ushbu soʻzning mavhum maʼnosida mustahkam odam emas. U ortiq darajada hissiyotga berilgan, koʻngli boʻsh, tez taʼsirlanuvchan, yigʻloqi kishi. “Yonimda yursa deyman. (Ya xotel biʼ imet yeyo)” jumlasi nafaqat kartoshkaga, balki turmush oʻrtogʻiga ham taalluqli. Stiven Hamletga taqlid qilgani esa takror aytilgan “… boʻlsin boʻlmasin” (Imet ili ne imet) soʻzlarida diqqatimizni ushlab qolishga va u bildirgan assotsiatsiyalarga toʻxtalishga undaydi. Tagmaʼnoda Hamlet monologining butun teranligi, sermaʼnoligi oqib oʻtarkan, biz shu zahotiyoq fikr va harakat oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik, murakkab aloqaga (“Makbet”dagi ledi Makbet soʻzlari: “Tvoyo “xochu” slabey “ne smeyu” (Yu. Korneev tarjimasi) – “Istaysanu betlamaydi lekin yuraging?” (J. Kamol tarjimasi), shu bilan birga, tabiatdagi ikki jins oʻrtasidagi munosabatlarda mavjud kuchli hissiyot va shaxsiy mulkka qarashdek oppozitsiyaga eʼtibor beramiz. Mazkur assotsiativ uslubda qoʻpollik va balandparvozlik yoʻq.

“Uliss”ning oxirgi 18 epizodi (“Uliss sarguzashtlari”, 768–831 bet) mutlaqo boshqa xarakterga ega. Unda muallif, tinish belgilardan voz kecharkan, haqiqiy “ong oqimi”ni asliday tiklashga, aniq koʻrsatib berishga harakat qiladi. Oqayotgan fikrlar uchinchi shaxs nomidan berilgan fikrlar bilan boʻlinmaydi. Ular ongi uyqu elitgunicha, bir-biriga urilib, toʻqnashib ohista oqib boraveradi. Shuni ham yodda tutish kerakki, ushbu epizodda uchinchi shaxs nomidan berilgan birorta mulohaza, izoh yoʻqligi Joys tanlab olgan ongning oʻziga xos momenti tufayli oq qogʻozga tushirish imkonini beradi. Molli Blum fikrlari tinish belgilariga ehtiyoj sezmaydi, chunki u xobgohda, oʻz toʻshagida yotibdi va uning tarafidan birorta harakat bajarilmaydi. Fikr va harakatlarning gʻayriixtiyoriy “qorishma”si, bir-biriga ulanib (qoʻshilib) ketishini yetkazish aniq izohlanishga ehtiyoj sezmaydi.

Xulosa qilib aytganda, “Uliss”ning rus va oʻzbek tillaridagi tarjimalarini qiyosiy tahlil qilarkanmiz, asliyat matnidagi shu jihatlarga alohida eʼtibor berishimiz lozim. Ibrohim Gʻafurov tarjimasi asliyat va ruscha tarjimalarga shu jihatdan mos keladi. Sababi, tarjimon “Uliss”ga qoʻl urishdan avval katta tajriba orttirgan, Mopassan, Dostoyevskiy, Heminguey, Nitsshe, Markes kabi jahon adabiyoti salaflarini oʻzbek tilida soʻzlatgan mohir soʻz ustasidir. Undan “Uliss”ni asliyatga aynan monand tarjima qilishni talab qilish, ayrim soʻz va iboralarni tarjimada notoʻgʻri beribsiz, deya tanqid qilish adolatdan emas. Hatto ingliz tilini mukammal oʻrgangan tarjimon ham Ibrohim Gʻafurov tarjimasidan ustunroq tarjima yaratolmaydi. Ibrohim Gʻafurovning oʻzbek tarjimachiligi rivojiga qoʻshgan hissasi uni “Uliss”dek dunyo adabiyotining shohasari bilan boyitdi, oʻzbek kitobxoniga uni tortiq qildi.

Soʻzimizning soʻngida Ibrohim Gʻafurov “Mangu latofat” kitobida “Umrda shunday bir palla keladi: donishmandlik pallasi. Aql chirogʻi ravshan tortib, ravshan yonib, ravshan, ishonchli ziyo taratadigan palladir”, deb yozarkan, biz ham uning aql chirogʻi yanada ravshan tortib, hamisha kitobxon ahliga ziyo taratib turishiga tilakdoshmiz.

 

Muhammadjon XOLBEKOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Yoshlik”, 2017–12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.