U hayotni yaxshi ko‘rardi

0
40
marta ko‘rilgan.

Darvoqe, hayotni yaxshi ko‘rmagan odam yozuvchi bo‘la oladimi? Yana deng Shukur Xolmirzayevdek yozuvchi. Bu haqda adibning o‘zi shunday degandi: “Men hayotni yaxshi ko‘rardim… Vassalom! Boricha, butun tovlanishlari, hatto fojialari bilan…”

Shukur Xolmirzayev biz mayda-chuyda deb bilgan narsalardan ham go‘zallik topardi va ko‘ngli yayrab ketardi: “Bir mahal deng, bir-birini quvlab ikkita oppoq kapalak keldi. Shundog‘ oyog‘im ostida enishdi. Qiyg‘os gullagan ziralar ustida pildirab ucha boshlashdi. Voy, shunday chiroyli, shunday chiroyli”. (“Quyosh-ku falakda kezib yuribdi” hikoyasidan).

Adib voqealarni oddiy kuzatuvchi sifatida tasvirlamaydi, balki ishtirokchiga aylanadi. Shu asnosda har bir tasvirga, manzaralarga, qahramonlar siymosiga qalbini, butun borlig‘ini baxsh etdi. Shu uchun ham asarlarini kitobxonlar qo‘lidan qo‘ygisi kelmaydi. Takror-takror o‘qiyveradi, o‘qiyveradi, aslo to‘ymaydi.

“… zim-ziyo tunning ham o‘ziga xos go‘zalligi bo‘ladi-da. Yulduzlar yaqin, boyqush sayraydi, har qadamingda jir degan tun qushi uchib o‘tadi. Eshakkina beparvo. Oy chiqqan mahallarda archazorlar negadir tinch bo‘ladi. Ulkan-ulkan archalar soyaga o‘xshab turadi. Eshakning tuyoq tovushi yiroq-yiroqlardan baayni aks-sado beradi…”

Naqadar go‘zal, naqadar tanish manzaralar. Xuddi shunday qorong‘i kechada siz ham yurgansiz, shunday tovushlarni eshitgansiz.

Yozuvchi asarlari qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, qon-qonimizga singib ketgan milliy ruh bilan sug‘orilgan. Hammasi qadrli, yurakka yaqin: “… Uychaning oldida esa bilasizmi nima, o‘rmak… o‘rmak tikilgan. Bir ayol katta taroq bilan gursillatib urib, kalavani qatimlar orasidan, u yoq-bu yoqqa otib sholcha to‘qiyapti”.

Yosh kitobxonlarga bag‘ishlab yozilgan “Uchinchi hamroh”, “Qush tili”, “To‘p o‘yini”, “Qorbobo keladi”, “Ko‘kboy”, “Olma yemadim”, “Zov ostida adashuv” hikoyalari ajoyib so‘zlar bilan chizilgan go‘zal suratga o‘xshaydi. Ular kishi ruhini, qalbini asir qilib oladi. Surxon shevasida gapirayotgan qahramon yoningizda o‘tirgandek, uning nafas olishlarini eshitayotgandek bo‘lasiz va tabiiylikdan hayratga tushasiz.

“… – Berman ke, ulim, berman ke! – dedi otam. Bunday vaqtda borishim kerak. Enam ham yelkamga qoqdi. Otam yoniga o‘tqazib: – Sher ulim – dedi”. (O‘zbekning soddasi” hikoyasidan).

Mana shu qisqa parchadan hikoya qahramonlarining kayfiyati yaxshiligini, voqealar yaxshilik tomon borayotganini sezish mumkin.

“Olma yemadim” hikoyasi halollik haqida. Yumush bilan eshak minib kelayotgan bir guruh bolalar yo‘llarida uchragan bog‘dan olma o‘g‘irlamoqchi bo‘ladi. Qahramonimiz o‘g‘irlik qilishdan bosh tortadi. Yaqin do‘sti Mo‘min ismli bola olib chiqqan olmasidan tutadi: “U xurjunini eshagiga ortar ekan, bir pallasini ochdi: – Ol, paxtasb.

– Yemayman, bu o‘g‘irlik, – dedim. Paxtasb – olmaning bir turi – kichkina, sarg‘ish bo‘ladi. Lekin juda mazali”.

Ammo havo nihoyatda issiqligi tufayli qahramonimiz chanqab qoladi va hamrohi uzatgan olmani tishlayotgan paytida bolalar ko‘rib qolib, uning ustidan kuladi. U esa olmani yemay tuflab tashlaydi.

“… – Qanday bo‘larkan? – dedi Habibullo.

– Yemayman, yemayman! – dedim.

– Ko‘rdik, yemaganingizni.

– Yemadim.

– Ha, ha o‘g‘irlikni yeding-ku?

Men quloq solmadim. Eshagimni haydab ketdim. Dovonga chiqib oldim, endi alam qildi. Nega chidamadim. Hech kimdan so‘ramay olingan olmani og‘zimga soldim. Chidash mumkin ekan-ku? Demak, kishi to‘g‘ri yashay oladi…”

“Zov ostida adashuv” hikoyasi qahramoni – 6-7 yoshlardagi bola tog‘ o‘rmonida adashib bir kecha yolg‘iz qolib ketadi. Bola aql bilan ish tutib xatarlarni yengadi. “… bir to‘da yovvoyi cho‘chqalarga duch keldim, chetda turgan kichikroq bir cho‘chqa “huq” etib ovoz chiqardi-da, suzmoqchi bo‘lgan novvosdek boshini egib olib menga yugurdi. Men hangu mang bo‘lib qoldim va jon holatda yonboshimdagi xarsangga tirmashdim… Cho‘chqa xarsangga chiqa olmadi, u to‘g‘riga yuradigan hayvon. Unga to‘g‘ri kelgan kishining holiga voy, oppoq tishlari bilan yorib tashlaydi”.

Hikoya qahramoni dahshatli joydan omon-eson chiqib shunday xulosaga keladi: “Agar ilgariroq tabiat sirlariga qiziqmagan, hayvonlar, atrofimizni o‘rab turgan sharoit haqida hech narsa bilmaganimda, kim biladi, men u yerdan qanday qilib chiqolardim? Har holda qiziquvchanlik bo‘lgani yaxshi ekan, do‘stlar!”

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev asarlari o‘zi aytganidek hayotga bo‘lgan ulkan muhabbat hosilalaridir. Hayotni sevgan odam, insonlarga befarq bo‘lmaydi, ularni ham sevadi, hech kimga yomonlikni, nohaqlikni ravo ko‘rmaydi.

 

Bo‘ston RAHMONOVA

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.